OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nabi Jaloliddin. Ochiq qolgan ko‘zlar (hikoya)

U qattiq bir silkinib, yonboshiga ag‘darildi...
Men cho‘chib ketdim. Qo‘limdagi yarog‘imni tashlab, dovdirab borib, yelkasidan ko‘tardim. Tilimga so‘z kelmadi, gapirishni unutib qo‘ygandek edim. Ko‘zlarimga yosh to‘lgandi, ko‘zlarim achchig‘ini hech qachon his qilmagan yosh.
O’q uning ko‘ksiga tekkandi. U siltanib-siltanib zo‘rg‘a nafas olar, o‘qchib-o‘qchib yarim yo‘talardi. Og‘zidan ko‘pik aralash qon sachrardi. Ammo gapirolmasdi, qizargan ko‘zlari ag‘darilib-ag‘darilib ketardi.
Nigohim uning katta-katta ochilgan qizg‘ish ko‘zlariga qadaldi. Yo‘q, meni uning ko‘zlari tortaverdi, yutib yuborgudek tortdilar o‘ziga. Tikilganim sari ochko‘z qoracho‘g‘lari kengayaverdi. Men uning ko‘zlariga kira boshladim.
Keyin hamma yoq shafaqlashdi. Atrof xuddi qizg‘ish shishadek yaltiradi. Ko‘zlarim qamashdi, bir-ikki pirpiratdim-da, qizillikka bardosh berolmay yumib oldim, qattiq yumdim.
Ko‘zlarimni ochganimda shaffof olamda turardim. Ro‘paramda oppoq matoga burkangan bir ayol munglig‘-munglig‘ o‘tirardi. Boshi xam, yuzini ko‘ylagining keng yengi bilan yashirgan. Kimgadir o‘xshatdim bu ayolni. Bir qo‘lida aji-buji yozuvlar bitilgan qog‘oz, bu ayol menga tanishdek edi...
Men ketaverdim. Shaffof olamning shaffof yo‘li bo‘ylab ketaverdim... Ana, qulochi dunyoni yopgudek daraxt. Soyasini unutgan, faqat osmonga bo‘ylagan ulkan daraxt. Uning ostida bir to‘da yosh-yalang yigit-qiz qiy-chuv qilib irg‘ishlashadi, nimalarnidir bahslashishadi. Gaplarini esa tushunib bo‘lmaydi, bunaqa gaplarni men umuman bilmasdim, qachonlardir eshitgandimu endi unutgandim. Ulardan ayro tushgan, ikki o‘rim sochi belida to‘lg‘ongan chit ko‘ylakli qiz daraxtga suyanadi. Xomush nigohi uzoq-uzoqlarga — mening ortimda qolgan manzillarga tikiladi. Nafaqat ko‘nglim, ko‘zim, balki butun vujudim uning g‘amgin nigohi boyagi ayolning qo‘lidagi aji-buji yozuvli qog‘ozga qadalganini his etadi.
Men esa boraverdim...
Qarshimda atrofi chavra bilan to‘silgan keng hovli paydo bo‘ldi. Meva-cheva, dov-daraxt, mol-qo‘yga to‘la hovli. Qora to‘nli, qo‘llarini orqasiga qilgan mo‘ylovli kishi hovlini besaranjom kezadi. Qo‘ylar ma’raydi, hovlining qaeridadir dupillab mevalar to‘kiladi. Haligi odam esa hovlini kezaveradi. Goho chavra osha ortimda qolgan qulochi dunyoni quchgulik daraxtga bo‘ylab-bo‘ylab qo‘yadi. Ko‘zlaridagi daraxtning shoxlari  tebranadi, halovatsiz tebranadi...
Hovlidan qayrilib, bag‘ri shaffoflikka to‘lgan pastak uyga kiraman. Uy kitoblarga to‘la. Katta-kichik, eski-yangi kitoblar mudraydi. To‘rda bir cheti tishlangan o‘zbaki non osilib turibdi. Mening nigohim qadalishi bilan u tebranib ketadi, uzoq tebranadi.
Tomga chiqaman. Tomning bir tarafida quritib bog‘langan xashaklar uyumi. Bir yonda tom sinchining ustuniga «yalang‘och» beshik osib qo‘yilgan. Chang bosgan eshik. Unda qip-yalang‘och go‘dak tipirchilab yotibdi. Tinmay kuladi u. Ko‘zlari quyosh aksi tushgan suv kabi yaltiraydi... Birdan tomning osmon ko‘ringan tirqishiga ko‘zim tushdi. Tirqishdan qizg‘ish rang yog‘iladi. Tag‘in ko‘zlarim qamashdi. Qizillikka bardosh berolmay, pirpiratib-pirpiratib, ko‘zlarimni yumdim. Va shu lahzada «Nahotki bor ko‘rganim shu bo‘lsa?!», degan o‘y miyamga urildi. Urildiyu... Endi men ko‘zimni ochishni istardim, katta-katta ochishni xohlardim. Qo‘rqa-pisa ochdim ham. Olam hamon shafaq rangida edi. Bor kuchimni to‘plab, qizillikka tikildim. Yo‘q, bu mudhish qizg‘ishlik ichra nuqtadek o‘zga bir rang ham bor edi. Nigohim o‘sha yagona umid nuqtasiga qadaldi. Tikilganim sari kattarib boraverdi u. Va nihoyat, yerda yotgan yarog‘imni ko‘rdim. Men unimi yoxud o‘zga rangnimi, sog‘ingan edim...
Jismimdagi jamiki quvvatni yig‘ib, u tomon sakradim. Yana oyog‘im kipriklarga tegdi, buni aniq his etdim. Ular siltanib, meni irg‘itib tashladilar. Ucha-ucha hali o‘zim tuzukroq anglab yetmagan zaminga tushdim. Yarog‘imga suyanib o‘rnimdan turganimda yuqoridan tushgan bir tomchi iliq suvmi... yuzimga urildi...
U endi nafas olmasdi. Lablarining cheti qon. Ko‘zlari ochiqligicha qotib qolgan. Qoracho‘g‘lari torayib, chuqur-chuqur botib ketgandi. Men uning qaboqlarini uqalab, ko‘zlarini yopmoqchi bo‘ldim. Ammo ko‘zlari yopilmadi...
Osmonda sonsiz ko‘zlar uchaverdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.