Biz Hisorakda yashaymiz.
Mening taxallusim — Baqqi Chol. Bilaman, orqavarotdan odamlar «Laqqi Chol» deydi. X. s. Indamayman, o‘zimni bilmaslikka solib yuraman. Arqonni uzun tashlab qo‘yganman, vaqti-soati yetganda tanobini tortaman. Mayli, g‘animlarim chuchvarani xom sanab yuraversin. Menga ham marhum ustoz Tog‘ay Murod yo‘lini berib, ishlarim yurishib ketsa: «G’animlarim bir kuydi, bir kuydi-e!» deb do‘ppimni osmonga otib rosa o‘ynayman, xumorimdan chiqaman. Yag‘iri chiqqan bitta do‘ppim bor. Uni ko‘cha-ko‘yga kiyib chiqib bo‘lmaydi. Chunki «do‘st boshga qaraydi» degan gap bor. Hozirgi zamonda «do‘st» qanaqa bo‘lishini o‘zingiz ko‘rib turibsiz: ishonch qozonib pinjingizga kirib oladiyu manfaatlar to‘qnashgan zahoti nishtarini sanchib yoki ko‘zingizni shamg‘alat qilib, piyolangizga zahar tomizib qochadi. Do‘ppim borligani birov biladi, birov bilmaydi: u iste’foga chiqqan sandalimning chetidi turadi, bemaza kitobni o‘kiy boshlasam beixtiyor hidlab-hidlab qo‘yaman. Foyda beradi, mutolaani oxiriga yetkazaman. «Terlagan boshning yog‘i yopishib, qasmoq bo‘lgan do‘ppini hidlashdek azob ham dunyoda bor-ku, uning oldida bemaza kitob nima bo‘pti?!» deb o‘zimga taskin beraman. Shunda bildim, taskin ham odamga kor qilar ekan. Do‘ppining sirtini emas, astarini hidlash kerak. Dimog‘ni yoradigan sassig‘i ichida bo‘ladi, ichidan chiqadi.
Mahalla nomini o‘zimiz qo‘ydik. Taklif Yovqur Bahodirdan chiqqan, boshqalarga ma’qul bo‘lgan. Ayniqsa, Rahim Baqqol bu taklifni qizg‘in qo‘llab quvvatladi; mahalla boshiga qo‘ndirib olgan butkasi yonidan o‘tgan odamni to‘xtatib: «Mahallamizga bundan boshqa nom yarashmaydi, tarixiy ildizi ham chuqur ekan. Ishonasizmi-yo‘g‘mi, «Boburnoma»da Hisor haqida maxsus gap bor, hisorliklar Boburjonni norozi qiladi. Xususan, «Xisravshoh adno kishilarg‘a qilg‘on insoniyatni bizga qilmadi... Shirim tag‘oyi nomardroq kishi edi», degan. Raz, mahalla nomini Hisorak deb ko‘ydikmi, buyog‘iga ogoh bo‘laylik; insoniyatni unutmaylik, nomardlik qilmaylik. Do‘st-dushman oddida yuzimiz yerga qaramasin, namunali mahalla bo‘lishimiz kerak. Ijodkor ahli doim el-yurtning ko‘z o‘ngida turadi... Gugurt, tuz, sigaret, tualet qog‘ozi, tish kavlagich uchun ham supermarketga yuguraversa, «ie, falonchi hojatxonada qog‘ozdan foydalanar ekan, tishini kavlar ekan?!» deb, odamlar gapni ko‘paytiradi. Budkani bekorga qo‘nqaytirib qo‘yganim yo‘q. Kelinglar, mayda-chuydalarni o‘zimdan xarid qilinglar. Shu bahonada o‘zimga ham besh-to‘rt so‘m qoladi, ro‘zg‘orimni tebrataman. Lekin menda insof bor, duo olsam bas, duo pulga sotilmaydi. Shunaqa gaplar, og‘ayni», deb diydiyo qiladi.
Rahim Baqqol chakana molini o‘tkazish maqsadida kitob titkilaydi. Bosim bilimdonligini ko‘zko‘zlaydi, ijod ahlining ensasini qotiradi. Goh adabiyotshunos, goh tujjor qiyofasiga kirib hunar ko‘rsatadi. «Jurnalda e’lon qilgan narsangizni o‘qidim, hamsoya, ma’qul bo‘ldi. Boplabsiz-u, otlarni aytmapsiz-da! Lekin kimlar nazarda tutilganini bildim», deb mug‘ombirona jilmayishni yaxshi ko‘radi. Go‘yo olamshumul maxfiy sirni biladi-yu, aytmaydi. Aytsa, osmon uzilib yerga tushadi...
Hisorak degani, menimcha, tepalik ma’nosini anglatadi. Biroq, etimologiyadan bexabar olomon Hisorakni «qo‘rg‘oncha» bo‘lsa kerak deb tusmol qiladi. Bizning nazarimizda ham shunisi to‘g‘riga o‘xshaydi. Ammo tepaliqdan nom-nishon yo‘q. Ehtimol, bir zamonlar do‘nglik bo‘lgan-u, vaqt shamoli uni yemirib yuborgandir. Bu haqda hech kim tayinli bir narsa deya olmaydi. Bizga qolsa, kallani ishlatgandan ko‘ra tusmol gaplarga ishongan ma’qul. Boshqa joylarda ham hisorak-ko‘rg‘oncha ko‘p uchraydi. Lekin bunaqasi bo‘lmasa kerak. Dastlab, Rahim Baqqol nima uchun shu nomni qizg‘in qo‘llab-quvvatladi ekan deb hayron bo‘ldik. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, mahallaga nom qo‘yib, tegishli idorada ro‘yxatdan o‘tkazish muhim ekan. Shunday kilinsa, sonda bor mahalla sanoqqa ham kiradi; maishiy xizmat shahobchalari tashkil etiladi, hokimiyat tizimidan ul-bul undirib olinadi va hokazo. Mana, Rahim Baqqol bemalol savdo to‘chkasini ochdi. Mayli, ochgani yaxshi. Lekin o‘zini adabiyotga, ijod olamiga daxldor bilib, she’riyatga soya solayotgani yomon bo‘ldi. O’zicha tankami-manka degan yangi janr yaratibdi, ikki qator she’ri og‘izga ham tushdi:
«Yigit cho‘ntagida bo‘lsa ul-buli,
Doim sayrab turar bulbuli».
Qalay!
Hisorakda yanvar oyining o‘rtalarida ham tizza bo‘yi qor bor edi.
Bir shoir tanishim bizga devordarmiyon ko‘shni bo‘lgan Bo‘rijar klinik-sanatoriyasida roppa-rosa o‘n kun muolaja olishi lozim edi.
Bo‘rijarning o‘ziga xos «hasbi hol»i bor. Taxminan, 120 — 130 yil muqaddam ulug‘ knyazlardan Sofokl Turkistonga ixroj qilinadi. Bilasiz, Rusiyada har kim ham bundoq rutbai shohonaga noil bo‘lavermasdi. Faqat zoti oliylari imperatorning aka-ukasi, amakivachchasi, erkak jinsidan bo‘lgan farzandlari «u.k.» oldqo‘shimchasi bilan sarafroz etilardi. Har bir u.k. toj-taxtga da’vogar bo‘lishi mumkin edi. Biroq, valiahdni shaxsan imperator tayinlardi, u yakto bo‘lardi, duta bo‘lishi mumkin emasdi. Ikkita qo‘chqorning boshi bitta qozonda (kotyolda) qaynamaydi. Ikkinchi Nikolay nogiron u. k. o‘g‘li — Alyoshani (olmon onasi uni «Aleks» derdi) taxt vorisi deb e’lon qiladi; voris nogiron bo‘lsa ham o‘zining pushti kamaridan bino bo‘lgan, boshqa u. k.lardan jontomiriga yaqinroq dilbandi har holda xiyonat ko‘chasiga kirmaydi, padarining betiga oyoq qo‘ymaydi. Anavilari esa xotin urug‘iga yon bosadi, ota urug‘ini kamsitadi. Shundoq ekan, ularni «Qishki saroy»dan chetlashtirgan ma’qul. Bundan tashqari, u. k.ning qo‘li egriroq ekan. Oldi olinmasa, gap-so‘z ko‘payadi, imperator xonadoniga dog‘ tushadi.
— Og‘am, Sofoklboy, qoloq o‘lkani yuksaltirib bergaysiz! — deb imperator ulug‘ knyazning yelkasiga qoqib Toshkentga jo‘natadi.
Podshohning amri vojib, ulug‘ knyaz Sofokl lom-mim demay uzoq muddatli komandirovkaga otlanadi. O’n sakkiz kun deganda Toshkentga yetib keladi, general-gubernator uni karnay-surnaylar bilan kutib oladi, xos xonaga joylashtiradi.
— Shahar tashqarisida dilkusho bog‘-hovlim bo‘lsa, umrimning qolgan qismini bilyard o‘ynab o‘tkazardim, — deb istak bildiradi u.k..
— O’-o‘, qandoq ajoyib, qandoq purma’no taklif! Bo‘ldi, bajaramiz! Geodeziya, geologiya, minerologiya, zilzilashunoslik mutaxassislari guruh-guruh bo‘lib to‘rt tomonga tarqaladi. Bog‘-hovli uchun munosib joy qidiriladi. Yoz oylari edi. Ko‘pni ko‘rgan mahalliy mallavoylardan bittasi «tender»ni yutib oladi, akademiklar rahbarlik qilayotgan guruhlar dog‘da qoladi. Gap shundaki, Donish Chol to‘rt kosa sutni to‘rt javonibga ko‘yib, sut yoniga soqchi tayinlaydi, o‘zi har kuni otda yurib posbonlardan xabar oladi. Kosalardagi sut birin-ketin achiydi. Bo‘rijar yoqasiga qo‘yilgan sut esa bir haftadan keyin ham sigirdan yangi sog‘ilgandek ko‘piklashib turaveradi.
— Bo‘ri ahmoq emas, qaerda bolalashni biladi; Bo‘rijar eng bahavo joy, bu yer tog‘dan esadigan shamolning yo‘lida ekan. Ulug‘ knyaz Bo‘rijarda barpo etilgan bog‘-hovlida istiqomat qilsa, manba’d afsuslanmaydi, — deydi Donish Chol.
Tilmochning gapini eshitgan ulug‘ knyaz yelkasidagi zarbof choponni Cholga yopadi:
— Yakshi, yakshi... babay gut, malades! — deydi. Yelkasiga qoqadi. — Turq-atvoring shoh Edipga o‘xshar ekan. Ishqilib, umring o‘xshamasin... Xo‘sh, babay, tila tilagingni, mendan nima istaysan? — deydi u. k.
— Otamdi oti Viktor boy, — deb yerga qaraydi Chol.
— Tuzuk. O’zimizdan ekansan-ku! — deb u. k. Cholning yelkasiga qoqadi.
— O’tgan yili qazo qildi...
— O’-o‘, chatoq bo‘pti-ku!.. Meros masalasida ishkal chiqdimi?
— Meros xatlangan, vasiyatnomani notarius tasdiqlagan. Lekin boshqa gap bor.
— Kanaqa gap ekan?
— Qo‘qonda Muqimiy degan shoir o‘tgan.
— Xo‘sh-xo‘sh?
— Bir paytlari Qo‘qon boyonlari Muqimiyni yollab otam xaqida hajviya yozdirishgan.
— Obbo, chatoq bo‘lgan ekan-ku!
— Shoir ham, otam ham olamdan o‘tib ketdi... Lekin... Ostroumov yaqinda Muqimiyning saylanmasini chop etadi.
— Baxayr. Shoirlarga, ayniqsa, marhum shoirlarga homiylik qilish kerak.
— Ha, to‘g‘ri.
— To‘g‘ri bo‘lsa, senga yana nima kerak?!
— Saylanmaga otam haqidagi hajviyalar ham kiritilibdi.
— Yaxshi. Muallif merosxo‘ri istasa, g‘ijimlab otib yuborilgan qoralamani ham chop etishi mumkin.
— Iltimosim, «Voqeai Viktor»dan ikki qatorginani tushurib qoldirilsa...
— Nima uchun?
— Mana, o‘zingiz eshiting:
Olib baski yetti yarim paxtani,
O’n ikki yarimga itardi sani.
— Zo‘r-ku! Buning nimasi yomon?!
— Bu gap paxtachi boylarga og‘ir botadi.
— Og‘ir botadimi? — deb qayta so‘raydi u. k.
— Og‘ir botadi.
— Og‘ir botsa, o‘sha joyni opqo‘yish kerak. Ikki katorini opko‘ysa, osmon uzilib tushmas. Bo‘pti, Ostroumovga o‘zim aytib qo‘yaman.
— Minnatdorman, — deydi Chol jilmayib.
U. k. miyig‘ida kulibgina qo‘yadi. Bekorga miyig‘ida kulmagan ekan: Ostroumovga aytib, o‘sha ikki kator joyini yo‘g‘on-yo‘g‘on qora harflarda yozdirib chiqaradi.
Keyinchalik oshkor bo‘ldiki, ulug‘ knyazning ismi sharifi Kostya ekan, Sofokl esa uning laqabi — «klichka»si ekan. Chamasi, u. k. boshqalarga ham laqab qo‘yib, Bo‘rijarni laqabxonaga aylantirib yuboradi.
Bo‘rijarda hashar boshlanadi. Jarlik tekislanadi, bo‘rilar quvib yuboriladi, hademay pishgan g‘ishtin boloxonali imorat tiklanadi. Bog‘-hovliga «Volchya yama» deb nom beriladi. Ulug‘ knyaz bilyard o‘ynab, ko‘nglini xushlab yurgan kezlarda (u kishda ham yashash uchun tancha, o‘choq qurdirib oladi) Peterburgda oq podshoh taxtdan ag‘dariladi. U. k. bir kechada g‘oyib bo‘ladi. «Volchya yama» dastlab «Gurgi jar» deb qayta nomlanadi, so‘ng bu nom «Gurgi surx» deb o‘zgartiriladi, peshtoqiga «Gurgi jarga xush omaded!» deb yozilgan alvon mato osib qo‘yiladi. Bir kuni bog‘-hovliga galife shim kiygan, beldagi tasmasiga nagan taqib olgan qizil komissar tashrif buyuradi. Qo‘lini peshonasiga soyabon qilib lavhani hijjalab o‘qiydi; bir chetda qunishib turgan oq ishtonli bog‘bondan:
— Go‘rgi surx nima degani? — deb so‘raydi.
— Qizil bo‘ri, — deydi bog‘bon.
— Ahmoq! — deb oyog‘ining ostiga tuflaydi komissar. — Hech jahonda bo‘rining ham qizili bo‘lar ekanmi!.. Eski nomi nimaydi?
— Bo‘rijar.
Komissar chakkasini qashlaydi, o‘ylanadi, uzoq o‘ylaydi va:
— Yo‘q, bo‘lmaydi... Bizga g‘oyaviy jihatdan to‘g‘ri kelmas ekan... Yaxshisi, Qiziljar bo‘la qolsin, — deydi. — O’zing ham, boboy, qizil ishton kiyib olgin.
Shu nom yetmish yil davomida o‘zgarmadi. Qizillar saltanati barham topgach, bir kechada peshtoqda «Bo‘rijar» degan lavha paydo bo‘ldi. Hozir eski bino omborxona vazifasini bajaradi, yonida ko‘p qavatli imorat qo‘r to‘kib turadi. Jarliqdan ham, bo‘rilardan ham nom-nishon qolmagan, atrof ko‘m-ko‘k archazor, rasmona o‘rmon. O’rmon qo‘ynida sihatgoh joylashgan.
Ajoyib kunlarning birida qorovulbegi Xon Xo‘ja kaminaga: «Sendan iltimos, oshna, qo‘lingdan keladi, to‘rt-besh varaq intermediya yozib bergin. Mavzuni Bo‘rijar direktori aytadi... Shifokorlarning ko‘rik-tanlovi bo‘ladi, shekilli. Badiiy qismida tomosha ko‘rsatiladi... Qulxo‘ja mendan iltimos qildi, men sendan iltimos qilyapman. U kerakli odam, tanish-bilishlar muolaja olaman desa, beochered joy hozirlab beradi», deb qoldi. Zarur ishim yo‘q edi, rozi bo‘ldim. Ertasi kuni Qulxo‘ja sim koqib meni sihatgohga taklif etdi. Bordim. U mavzuni belgilab-chegaralab berdi. Gap orasida:
— Klinik-sanatoriya nomini «Labiob» deb o‘zgartirsak, nima deysiz? - deb so‘radi.
— Nima keragi bor?
— Bo‘rijar degan nom mijozlarni cho‘chitadi.
— Yanglishmasam, Chorjo‘yning nomi ham Labiob — Lebab deb o‘zgartirilgan, — deb qoshlarimni chimirdim.
Kulxo‘ja baqrayib qoldi. Og‘zi, tomog‘i quridi, qult-qult yutindi. Xiyla fursatdan so‘ng:
— Masalaning siyosiy tomonini o‘ylamabman... Bizga to‘g‘ri kelmas ekan, — dedi past tovushda. — Aslida, Bo‘rijar ham yomon nom emas...
— Bo‘rilar o‘zi ov qiladigan hududni peshob to‘kib chegaralab oladi, derdi Shukur Xolmirzaev.
— Buni qarang-a! — dedi Kulxo‘ja talmovsirab. Shundan keyin bu mavzuga boshqa qaytilmadi.
Biz yana uch-to‘rt marta uchrashdik: intermediyaning xomaki nusxalarini muhokama qildik, tuzatishlar kiritdik, oxiri ixchamgina «sahna asari» paydo bo‘ldi. Men beixtiyor Bo‘rijarda rahbar bilan xodimlarning munosabatini kuzatdim.
— Siz Qulxo‘jami yoki Xo‘jaqulmi? Xodimlaringiz goh unday deyapti, goh bunday. Pasportingizda qanday yozilgan? — deb so‘radim.
— Biz asli oqsuyakmiz, xo‘jalardan. Sho‘ro zamonida dindorlarning kosasi oqarmasdi, yelkasiga oftob tegmasdi. Shu bois otam menga «Qulxo‘ja» deb ism qo‘ygan, «xo‘ja»ni orqa planga olgan, oldingi planga «qul»ni chiqargan. Xartugul, «qul» proletariat sinfiga mansub. Xudoga shukr, mana, endi dinimizga ham yo‘l ochilib qoldi, «xo‘jalardanman» degan odamni hech kim ta’qib qilmaydi.
— «Xo‘ja»ni oldingi planga chiqaribsiz-da!
— Shunday bo‘ldi, shunday! Xa-xa-xa... — deb birdan qahqaha otib yubordi u.
— Pasportni ham o‘zgartirdingizmi?
Qulxo‘ja kulgidan to‘xtab, qiyofasiga jiddiy tus berdi.
— Yo‘q, o‘zgartirmadim. Pasportni o‘zgartirsam, doktorlik guvohnomasini ham o‘zgartirishim kerak bo‘ladi. Ortiqcha yugur-yugurning nima keragi bor. To‘g‘rimi?
— To‘g‘ri, — dedim miyig‘imda kulib. — Agar dunyo teskari bo‘p ketsa bormi...
— Xudo saqlasin!
* * *
Musofir ukamiz G’iyosiddin Kichkina ko‘pdan buyon yurak xastaligidan nolib yurar, Bo‘rijarda bir kurs muolaja olsam otdek bo‘lib ketardim, deb ovoz chiqarib xayol surardi. Avvalo, Qulxo‘jaga intermediya yozib berishga rozilik bildirganimdayoq G’iyosiddinni o‘ylagan edim. Boz ustiga, uyoqtsa Mirzo To‘ra: «Aka, otamning shogirdlariga qanaqa yordam kerak bo‘lsa, ayting, qarab turmaymiz», deb holi-jonimga qo‘ymasdi. Intermediya poyoniga yetgach, darhol Gulistonga sim qoqdim: «Mirzajon, To‘ra Sulaymonning ruhi shod bo‘ladigan ko‘rinadi, suyunchi bering!» dedim. Mirzo to‘xtovsiz Toshkentga yetib keldi, sihatgohdan shartnoma nusxasini oldi, hademay Bo‘rijarning hisob raqamiga ikki yuz ellik ming so‘mni «haydab» berdi. Afsuski, «haydalish kuyi» pul haydalgandan keyin boshlandi.
Shartnoma bo‘yicha, G’iyosiddin Kichkina yangi yil arafasida «sihatgoh»ga kelolmadi; kurbon hayiti o‘rtaga tushib qoldi. Yangi yildan so‘ng sanatoriya gavjumlashib ketibdi. Bir oy ilgari kaminaga ishi tushgan chog‘ida kunda-kunaro: «Aka, keling, birga tushlik qilamiz... Akaxon, bir kelib keting, ujin qilamiz», deb shakarguftorlik qilib yuradigan Qulxo‘ja birdan to‘nini teskari kiyib oldi. «E-e, qanakasi bu! Axir, odamni ezib yubordilaring-ku!» deb telefonda siltab tashladi. «Xo‘jayin, bu menman — «akaxon»iningiz, — dedim nafasim ichimga tushib. Telefon go‘shagini ushlab turgan qo‘lim titray boshladi. — Axir, o‘zingiz aytgan edingiz, puli to‘langandan keyin...» «E-e, puli to‘langan bo‘lsa, aytilgan vaqtda kelsyn-da!» dedi xo‘jayin. Mulzam bo‘lib go‘shakni qo‘ydim. Kap-katta odamning tuyqus o‘zgarib qolishini kutmagan edim. «O’lsam ham mana shunday professor-shifokorning qo‘lida davolanmayman», deb qasam ichdim. Lekin ataylab Do‘mbiroboddan yotib davolanishga chog‘lanib kelgan G’iyosiddinga sir boy bermadim. Shubhasiz, ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushadi. Ustiga ustak, «ustoz» deb jomadonini ko‘tarishib kelgan boysunlik Azamat degan chaqqon yigitcha oldida «reytingi» pasayib ketishi mumkin.
— Og‘ayni, o‘zingiz aytilgan paytda kelmadingiz. Shu kunlarda hokimu to‘ralar yopirilib ketipti... Yaqin orada joy bo‘shamaydigan ko‘rinadi, — dedim labimni tishlab.
— Mayli, aka, bo‘shaganda kelarman, — dedi G’iyosiddin Kichkina siniq jilmayib.
— Menda bitta taklif bor, choyxona-palov damlasak qalay bo‘ladi? - deb qoldi Azamat. — Qibrayga chiqib xarajat qilib kelaman.
— Mayli, — dedim. — Bilaman, pul bersam olmaysiz, lekin sizga beradigan pulim ham yo‘q. Qibrayga chiqsangiz ikki quti «Pall Mall» olib qayting; qutisi qattig‘idan bo‘lsin, yuz so‘m qimmat yuradi.
— Xo‘p bo‘ladi, — deb Azamat o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
— Birga boramiz, — dedi G’iyosiddin. — Gurunglashib borib kelamiz.
— Mayli, birga boringlar. Meni bir-ikki soatlik yozadigan ishim bor, — dedim. — «Yakta afg‘oniy ast» degan hujjatli qissani boshlab qo‘yganman; qaytganlaringdan so‘ng muxtasar syujetini gapirib beraman.
— O’-o‘, nomi zo‘r-ku! — tseb kuldi G’iyosiddin. — Yangi narsaga o‘xshaydi.
— Albatta yangi-da, eski saqichni chaynamayman-ku!
Ularni ostonada kuzatib qoldim. Tashqari sovuq edi, chiqmadim.
Hisorakka ikkita darvozadan kirish mumkin: bittasi — mahallaning «xususiy mulki» bo‘lib, uni burnog‘i yili suvyuqmas Turkistoniy degan xorijlik sarmoyador «ehson» qilgan. Xashaki «oktyabryat»-yulduzchalarning soatbay islovatxonasiga aylanib qolgan «Ijod uyi» yonidan o‘ng tomonga burilgan yo‘lovchi tob tashlagan darvozaga duch keladiyu «Hotamtoy»ning ismi sharifi yozib qo‘yilmaganini ko‘rib ajablanadi, chunki Hisorakda darvoza qanotlariga egasining nomini yozish an’anaga aylangan. Istiqbolda Shukur Xolmirzaevning pastqamgina kulbasi namoyon bo‘ladi, Hisorakka kirib qolganingizni darhol sezasiz. Shukur akaning kulbasini kunchiqar tarafdan qo‘shqavatlik chala bitgan bino ezib turadi; Shavkat Rahmonning o‘n besh yildan buyon bitmay yotgan xokisorgina imorati yonida esa butun boshli «BelAZ» ham bemalol o‘tib ketadigan temir darvozali muhtasham koshona qad ko‘targan; ro‘parasida Shuhrat domlaning tomi ochiq yotgan ixchamgina uyi bor... Ikkinchi yo‘l — hovuzxona yoqalab o‘tadi: ikki chetdagi archalarni qalin qor bosib enkaytirib qo‘ygan, tor yo‘ldan ertalab Sayfi Saroyining «Matiz»i zo‘rg‘a qor kechib o‘tgan; haybatli chinorlar ostidan qaralsa osmon ko‘rinmaydi — ho‘l kor kuzda to‘kilmagan xazoniy yaproqlarga chippa-chip yopishib qolgan. Ko‘z oldingazda oppoq qorga burkangan bog‘ namoyon bo‘ladi; qarab ko‘zingiz quvonadi, dilingiz ravshan tortadi.
Hademay G’iyosiddin Kichkina bilan Azamat to‘rt-besh kishilik palov masallig‘ini xarid qilib qaytdi.
— Kechikmadikmi? — dedi G’iyosiddin kulimsirab. — Tushlik ham o‘tib ketdi.
— Qanaqa tushlik? — dedim jo‘rttaga.
— Axir, soat uch bo‘ldi, — dedi G’iyosiddin Kichkina televizor ustida turgan soatga ishora qilib. So‘ng, har ehtimolga qarshi, bilagidagi qo‘lsoatga ham ko‘z tashladi.
— Qiziq ekansiz-ku, ogayni, sizlar tomonda haligacha nonushta, tushlik, kechki ovqat degan «eskilik sarqitlari» saqlanib qolgan ekan-da!
— Sizlarda-chi?! — deb yubordi Azamat ko‘zlarini katta-katta ochib. Yelkamni qisib, qo‘llarimni ikki tomonga baralla yozib yubordim:
— Rahmatli Shukur akaning rahbarligi ostida biz eskilik sarqitlarini tag-tugi bilan bartaraf etganmiz! — dedim.
— Yo‘g‘-e! — dedi G’iyosiddin kalta paltosini yechishdan to‘xtab.
— Ha-da, duch kelsa, uch mahalgi ovqatni biryo‘la yutib olib, keyin kavsh qaytarib yuraveramiz.
— Shuning uchun Shukur akam umrining oxirida oshqozonining yarmini kestirib tashlagan ekan-da? — dedi Azamat. — Tejamkorlik bundan ortiq bo‘lmas, ofarin!
Hazil-huzul qilib oshxonaga o‘tdik: birov yog‘ni dog‘ qildi, birov sabzi-piyozni hozirladi, birov ko‘rsatma berib turdi. Xash-pash deguncha zirbak tayyor bo‘ldi, guruch kurmakdan tozalandi, ivitib qo‘yildi, tuz-namak rostlangach vag‘irlab qaynayotgan qozonga guruch solindi, suvini tortgach damladik. Turup to‘g‘raldi, dasturxon tuzaldi.
— Azamat, anavi zormandadan ozgina ketmaydimi? — deb televizor ostidagi pardadan ko‘rinib turgan shishalarga ishora qildim.
— Yo‘q, aka, men og‘zimga olmayman, — dedi Azamat ko‘lini ko‘ksiga qo‘yib.
— Ixtiyoringiz. Bo‘lmasa, hozir oshni buzaman, — deb oshxonaga chiqdim. Oshni buzib, go‘shtlarni kichikroq laganga ajratib qo‘ydim. So‘ng guruch-sabzini yaxshilab aralashtirdim. Olov past edi — tagi olmapti, yaxshi pishipti. — G’iyosiddin, go‘shtni opketing, maydalang. — O’rtasiga Marg‘inoniyning timsoli tushirilgan laganga uch-to‘rt kapkir osh solgan chog‘imda xovli tomondan birovning chaqirgan tovushi eshitildi. — Kim bo‘lsa ham yaxshi mehmon ekan, osh ustiga keldi, — dedim. Azamat oshxonaga kirib:
— Sizni birov so‘rayapti, — dedi.
— Taklif qiling, ichkariga kirsin, osh tayyor!
— Ichkariga kirmayapti, — deb G’iyosiddin Kichkina ham oshxonaga mo‘raladi.
— Kiraversin. Kim ekan?
— Yoshi kattaroq bir odam, — dedi G’iyosiddin. So‘ng qo‘lida go‘sht to‘g‘rayotgan pichog‘i bilan yo‘lakka chiqib: — Aka, kiring ichkariga! — dedi.
O’zim kapkirni ko‘tarib yo‘lakka chiqdimu mumtoz adabiyot shinavandasi bo‘lgan yangi hamsoyamiz Egamqul akaga ko‘zim tushdi.
— Ie, keling, aka, ichkariga kiring! — dedim quvonib. — Mana, shoir ukalar kelgan, suhbatlashasiz!
— Uzr, minba’d uzr! — deb Egamqul aka soxta salobat aralash qo‘llarini ko‘ksiga qo‘yib bosh chayqadi. — Bajonidil kirardim-u, lekin sira ilojim yo‘q.
— Tinchlikmi, aka? — dedim soxtakorlikdan g‘ijinib.
— Mashinam Hovuzxonaga yaqin joyda qorga botib qoldi. Iltimos, ukajon, borib chiqarishib yuborsangiz! — dedi Egamqul aka hamon qo‘llarini ko‘ksidan olmay.
— Bo‘pti... Lekin shu oshni sovutmasdan yeb olgunimizcha mashinangiz botgan joyida tura tursa nima qiladi? — dedim hazil aralash. — Bahorgacha tursa, qorlar erigach minib ketaverasiz.
— Yo‘-o‘q, ukajon, bo‘lmaydi, uyda mehmonlar bor.
— Mana, biz boramiz, — deb Azamat shoshilib kurtkasini kiydi.
— Men ham boraymi? — dedim. — Shartmi borishim?
— Bu yigitlar mehmonmi? — dedi Egamqul aka savolimni eshitmagandek. So‘ng: — Yaxshimisiz, yigitlar?
— Rahmat, aka.
— Agar belkurak bo‘lsa, olinglar, g‘ildirak ostini kavlash kerak, — dedi rahbarona ohangda Egamqul aka. — Uzr-da endi. — Kiyofasiga zo‘raki tabassum yugurtirdi.
— Mayli, hechqisi yo‘q, aka. Men ham boraymi? — deb qayta so‘radim.
— Yo‘-o‘q, men boraman, — deb G’iyosiddin Kichkina shahdam kalta paltosini kiydi.
— Mehmonlarni ishlatar ekanmiz-da, uzr, — dedi Egamqul aka irjayibgina.
— Xijolat bo‘lmang, aka, yosh kelsa — ishga deydilar, — dedi G’iyosiddin. Men oldi yopiq ayvondan belkurakni topib berdim.
— Hozir, birpasda qaytamiz, — deb ta’kidladi Egamqul aka. — Vsevo desit minut.
Uning ruscha, forscha so‘zlarni aralashtirib gapirishi doim ensamni qotirardi.
— Birga qaytib keling, osh tayyor, — deb qoldim.
Chamasi, Egamqul aka Hisorakka bog‘ oralab o‘tib kelmoqchi bo‘lgan. Bu yo‘ldan Sayfi Saroyidan boshqa odam mashinada yurmaydi. U ertalab ishga ketgan bo‘lsa, yana qor yog‘ib izlarni ko‘mib qo‘ygan, Egamqul akaning «Neksiya»si esa, tabiiyki, qorga botgan.
Bu odamga kimdir «Asror bobo» deb laqab qo‘ygan edi. Lekin laqabi o‘ziga sira yarashmasdi. Asror bobo qayda-yu, soxta salobat qayda!
Nafsilamrni aytganda, birovga laqab qo‘yadigan odam ahmoq bo‘lmaydi; kishining o‘ziga xos nozik bir nuqtasini topib, nishonga bexato uradi. Hisorakda qalamkash qavmi istiqomat qilsa-da, Egamqul akaga «Asror bobo» laqabi hadya etilgan dastlabki paytlarda ko‘pchilik Abdulla Qahhorning to‘qima qahramoni bilan bu kishi o‘rtasida o‘xshashlik borligini birov xayoliga ham keltirmadi. Aksincha, «ul qaydayu bul qayda!» deb labini burib, qoshini kerganlar bisyor topildi. Haqiqatan ham, biz bilgan, tasavvur qilgan Asror bobo hozir ham vodiy choyxonalarida onda-sonda uchrab turadigan quvgina, quvnoqqina, ayni choqda pokdamon, rasmona bobo bo‘lsa, Egamqul aka soqolining oqini kampiridan yashirish uchun har kuni ertalab iyagini ustarada qirtishlaydigan, «farz», «sunnat» kabi gaplarni «axloq kodeksi»ning yosh kamollarga mo‘ljallangan dasturilamal deb o‘ylaydigan, ularga rahbar xodimlar amal qilishi shart emas deb hisoblaydigan «komil inson» edi go‘yo. Asror bobo bor-yo‘g‘i mahalliy doirada ma’lum va mashhur bo‘lsa, Egamqul aka o‘z zamonasida «Birinchi» bilan gaplashib yurgan katta odam. Xullas, «ul qaydayu bul qayda!» degan gapda jon bor. Asror bobo tabiatida andak quvlik (kampiriga nisbatan) seziladi, lekin bu quvlik beg‘araz, beozor; quvnoqlik esa bachkana gulixandonni eslatadigan askiya emas, zavq-shavqdan tug‘iladigan hayotga chin muhabbat nishonasi yoki aksincha, hayotga chin muhabbatdan tug‘iladigan zavq-shavq nishonasidir. Egamqul aka xatti-harakati bilan quvlik qilayotganini go‘yo sezdirmaydi, lekin chinakam zavq-shavq nimaligini ham bilmaydi. U hayot zavqini ham, shavqini ham nomenklaturaga (mansabdan mansabga ko‘chib yuruvchilar ro‘yxati) kirgan paytidayoq pakqos esidan chiqarib yuborgan... Shunday bo‘lsa-da, ultarmalik Asror bobo bilan Egamqul aka o‘rtasida qandaydir o‘xshashlik bor. Afsuski, bu teskari o‘xshashlik bo‘lib chiqdi. Ya’ni, Egamqul aka, aslida, Asror boboning karikaturasi ekan. Egamqul akaning laqabiga juz’iy tuzatish kiritib, «Xosaki Asror bobo» deyilsa, to‘g‘riroq bo‘lardi. «Xosaki» so‘ziga «O’zbek tilining izohli lug‘ati»da «nasldor, zotdor» deb ta’rif berilgan. Bu ta’rif Egamqul akaga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tatbiq etilsa, unchalik yarashmaydi, o‘rniga tushmaydi, lekin ma’lumot ma’nosida qayd etib qo‘yilsa zarar ham qilmaydi.
Bu kishi ilgari surunkali amaldor bo‘lgan, keyinchalik nafaqa yoshiga yetgach nomenklaturadan tushib qolgan. Shu bois o‘zini «adolatsizlik qurboni» deb hisoblaydi. Oftobshuvoq kunlarning birida adolat tiklanishiga, ya’ni katta mansabga tayinlanishiga umidvor bo‘lib yuradi. Umidvorlik muddati xiyla cho‘zilib ketgani uchun har xil mashg‘ulotlar bilan o‘zini ovutadi; goh qarasangiz, mumtoz adabiyot muxlisiga aylanib qoladi, «adabiyotshunos» Rahim Baqqolning boshini qotirib, unga Navoiy g‘azallarini sharhlatib eshitadi; gohida o‘zi mutolaa qilgan yangi kitob to‘g‘risida bachkana mulohazalarini aytib miyani suyultiradi. Ora-orada: «Ishkilib, vaqtingizni olmayapmanmi?» deb g‘ashingizni keltiradi. Vaktingizni olayotganini bilib turib shunday savol beradi, basharingizga tikilib kulimsiraydi, sizni ham yolg‘ondakam shakarguftorlik qilishga majbur etadi. Mayli, amaldan urilib, ko‘ngli yarimta bo‘lib qolgan deb hech kim unga qattiq gapirmasdi. Egamqul akani befarosat, befahm deb bo‘lmaydi — hamma narsaga aqli yetadi. Ammo ba’zan xorijiy texnologiya asosida barpo etilgan hovuzini, saunasini ko‘zko‘zlash uchun ataylab uyiga taklif qilar, o‘g‘il-qizlariga atab shaharning so‘lim go‘shalarida qurdirayotgan dang‘illama imoratlarini ham tomosha qildirib qaytar edi-yu, beixtiyor bu kishining ziyrak-zukko zot ekaniga ko‘ngilda shubha uyg‘onardi. Bir so‘z bilan aytganda, eski zamondan qolgan «Hamma narsa inson uchun, insonning baxt-saodati uchun!» degan taomilni batamom xususiylashtirib olgan. Boshqalar ham inson, boshqalar ham baxtli-saodatli bo‘lishga hakli degan gapni xayoliga keltirmas, mabodo xayoliga keltirsa, minbarga chiqib olib, kuyib-pishib va’z aytayotgan voiz nutqining qoralamasi ko‘rinishidagina tasavvur etar edi.
Dastlab, Egamqul akani hurmat qilardim, kuyinchaklik bilan aytadigan gaplariga chippa-chin ishonardim. Hozir ham ko‘pni ko‘rgan inson sifatida hurmat qilaman, gaplarini indamay eshitaman. Biroq, o‘ylaymanki, uni Yovqur Bahodir bilan Rahim Baqqol mendan ko‘ra ko‘proq hurmat qiladi, unga ko‘proq ishonadi. Yovqur sipolik bilan o‘zini chetga tortadi, g‘ijinadi, vijdonan qiynaladi: «Basharasiga qarab tirjayib turishga majburman, ko‘ngli yarimta, dili og‘rimasin deyman. Agar ko‘ngli butun bo‘lsa, ya’ni amalda o‘tirgan bo‘lsa u biz bilan so‘rashmasdi, yonimizdan boshini qimirlatib o‘tib ketardi. Nima uchun ko‘ngliga qarashimiz kerak o‘zi?! Tupurdim-e, o‘shanday yarimta ko‘ngilga!» deb jig‘ibiyron bo‘lardi-yu, ammo yana ko‘ngilchaklik qilishni qo‘ymasdi. Bu masalada Rahim Baqqolga Xudo berdi: endi uning palag‘da gaplarini eshitadigan quloq topilgan, budkasi gavjumlashib qolgan edi; ular apoq-chapoq bo‘p ketdi. Zimdan kuzatilsa, o‘z qadrini biladigan «chahoryor» budkani chetlab, aylanma yo‘ldan yuradigan bo‘lganini payqash mumkin. Biroq Hisorakda aylanma yo‘l ham uzoq emasdi; bari bir adog‘dagi odam ko‘zga tashlanadi. Chunki to‘rt taraf beton bilan o‘ralgan, yo‘llar tutash, chorraha bittagina edi. Menga qolsa, budkada betma-bet o‘tirgan Rahim Bakqol bilan Egamqulning birini olib biriga ursang ham haqqing ketadi. R. Baqqolning pandavaqi ekani oyday ravshan, unga nisbatan Egamqul quvgina, qitmirgina. U Shayx Sa’diyning kalomi bilan, mumtoz iqtiboslar bilan o‘zini maqtayotgandek tuyuladi. Muomaladagi soxtakorlikni darhol sezaman. Sezmasam koshkiydi.
Oradan yarim soatdan mo‘lroq vaqt o‘tib G’iyosiddin Kichkina bilan Azamat qaytdi. Egamqul aka rahmat aytib, hovlisiga kirib ketipti. Mayli... Palovni olovga yaqinroq joyda saqlab turgan bo‘lsam ham, tovi ko‘tarilgan edi, endi bemalol qo‘l bilan oshalab yeyish mumkin. Hammamiz oshni qo‘l bilan yeyishga qaror qildik.
— Agar ikki kishi bo‘lmasak, mashinani chiqara olmasdik, — dedi G’iyosiddin bir-ikki osham olib. — Lekin Egam aka ajoyib odam ekan, Sa’diyning g‘azallarini forscha yoddan bilarkan, qoyil!
— Ma’rifatli inson shunaqa bo‘ladi, — deb kaftini yaladi Azamat. - Afsuski, o‘qigan, uqqan odamlar kam. Zamonaviy qahramon ham shunaqa bo‘lishi kerak.
— Ko‘pni ko‘rgan odam, o‘zining mustaqil karashlari bor, — deb men ham hamsoyani maqtagan bo‘ldim. — Mumtoz adabiyotdan xabardor odam ablah bo‘lmaydi.
— Olasiz-da, aka! Ablah bo‘lmaslik ham noyob fazilatmi?! — deb G’iyosiddin kafti bilan og‘zini yopib, orqasiga o‘girilib miriqib kuldi.
Xullas, osh ustida ham, oshdan keyin ham hammamiz Egamkul akaning insoniy fazilatlari to‘g‘risida safsata sotib o‘tirdik. Ha, aynan «safsata» sotdik. Chunki, afsuski...
O’sha kuni G’iyosiddin Kichkina bilan Azamat Toshkentga qaytdi. Jomadon biznikida qoldi. Bo‘rijar sihatgohida joy bo‘shasa, bari bir G’iyosiddin Kichkina keladi — pulini allaqachon Mirzo To‘ra to‘lab qo‘ygan.
Oradan o‘n-o‘n besh kun o‘tdi. Bir kuni terakzor yoqalab Hisorakka qaytayotsam, ro‘paramdan kelayotgan «Jiguli» yonimdan o‘tib to‘xtadi. Hayron bo‘ldim: odatda, na oldimdan, na orqamdan kelayotgan yengil mashinaga qarayman. Ataylab qaramayman, odatim shunaqa. Agar insofli tanish-bilishim bo‘lsa, o‘zi mashinasini to‘xtatib opketadi. Opketmasa aslo xafa bo‘lmayman, demak ishi zarur yoki ichi to‘la odam ekan deb o‘ylayman. Kimdir nomimni tutib chaqirdi. O’girilsam, ajab, sihatgoh xo‘jayini Qulxo‘ja orqa eshigini qiya ochib, bitta oyog‘ini yerga qo‘yib o‘tiribdi.
— Telefon nomeringizni ayting, — dedi u qo‘li bilan ishora qilib. Ro‘parasiga borar-bormasimdan mashinadan tushdi. So‘rashdik. Men muvaqqat telefon raqamimni aytdim, haydovchi daftarchasiga yozib oldi.
— Shoir xalqi injiq bo‘ladi-da, — deb nolib ko‘ydi Kulxo‘ja. — Aytilgan paytda kelganda-ku, siz ham, men ham ovora bo‘lmasdik.
— O’zining sarson bo‘lgani-chi! — dedim kulimsirab, yarash ohangida.
— Bo‘pti, o‘n-o‘n besh kundan so‘ng o‘zim telefon qilaman... — deb u yana orqa o‘rindikqa o‘tirdi. — Anovi kuni qattiq gapirdim, shekilli...
— O’zim bemahal sim qoqdim...
— Xo‘p, xayr...
Mashina jo‘nadi. Men ham o‘z yo‘limda davom etdim. Ichimdagi g‘ashlik birpasda tarqadi-ketdi. Aftidan, men o‘shanda Qulxo‘jani boshqalar «ezib yuborgan» paytda telefon qilib, lang‘illab turgan temirga suv sepgandek bo‘lgan ekanman.
Orqamdan mashina signali eshitildi. O’girilsam, boyagi mashina tisarilib kelyapti. To‘xtadim. «Jiguli» yonimga kelgach, orqa eshigi ochildi. Kulxo‘ja o‘ng oyog‘ini yerga qo‘yib:
— Yalang‘och maxsum ham Hisoraqda yashayaptimi? — deb so‘radi.
— Qaysi yalang‘och maxsum?
— Egamqulni aytyapman.
Piq etib kuldim.
— Nega kulasiz?
— O’zim, shunday, — dedim. — Siz uni taniysizmi?
— Taniyman. Bir joydanmiz... — U negadir yerga qarab xo‘rsindi. — Qiziq, obkomda ishlab yurgan kezlarida yashirincha namoz o‘qib yurardi, bizni ham musulmonchilik ahkomlariga zimdan da’vat etardi. Uning nazarida, kommunizmda yashayotgan odam jannatdan ham joy hozirlab qo‘yishi kerak edi. Noshukurchilik oqibatida kommunizmdan judo bo‘ldi, jannatdan ham darak yo‘q. Endi badantarbiya qilib uzoq umr ko‘rmoqchi. Qarg‘aga o‘xshab uzoq yashashdan kimga foyda, galvars! — deb bug‘doyzorni titkilayotgan qarg‘a galasiga ishora qildi. — Undan ko‘ra o‘zingga chiroyli go‘r qazdirib, ustiga maqbara qurdirib qo‘ymaysanmi!.. Endi bo‘lsa, shortik kiyib terakzor bo‘ylab yuguradi, pishshillamay o‘l! Shu ishni hovlisida qilsa ham bo‘ladi-ku, jun bosgan oyog‘ini reklama qilish shartmikan...
— Sog‘lom tanda sog‘ aql, deydilar.
— Qo‘ysangiz-chi, dedi Qulxo‘ja qo‘l siltab. — Sportsmenlar dunyoda eng kam umr ko‘radiganlar toifasiga kiradi. Umrni Xudo beradi, har qancha urinsa ham bandasi umrini uzaytira olmaydi... Xalq orasida shoirlar alkash bo‘ladi degan gap yuradi. Shu bois Egamqul sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilmoqchi bo‘lsa kerak.
— Qaydam.
— Aslida, bu ham reklamaning bitta ko‘rinishi, xolos. Yelkamni qisib kulimsiradim.
— Xuddi shunday. Siz uni bilmaysiz, — deb Qulxo‘ja mashina eshigini zarb bilan yopdi.
Mashina bu gal o‘rnidan shitob qo‘zg‘aldi.
Ana xolos!.. Shom chog‘ida G’iyosiddinning uyiga sim qoqib, o‘n-o‘n besh kundan keyin sanatoriyada joy bo‘shaydi, komandirovkaga ketib qolmang, deb ogohlantirdim.
* * *
Bir kuni shaharga ketayotsam Yovqur Bahodirning darvozasi ro‘parasida Shukurxona tomondan shortikchan sayr etib qaytayotgan Egamqul akani uchratib koldim. So‘rashdik, saaom-alik qildik. Egamqul asabiyroq ko‘rindi. Boshini yelkasi uzra o‘ng va chap tomonlarga aylantirgach:
— Terakzorda bitta tanishimni uchratib qoldim, — dedi.
— Kim ekan?
— Siz uni tanimasangiz kerak. Bo‘rijarda ishlaydi.
— Xo‘jaqul aka emasmi?
Egamqul menga hayratlanib tikilib qoldi. So‘ng:
— Siz uni qaydan taniysiz? — deb so‘radi.
— Hisorak bilan Bo‘rijar yonma-yon, ko‘cha-ko‘yda uchrashib turamiz, ba’zan xizmat mashinasida shaharga obketadi.
— Hm-m, — dedi Egamqul yerga qarab, negadir lunjlarini shishirdi. - Ahmaq! Otini boshqa qo‘yipti. Xo‘jaqul emish!.. Qulxo‘ja-ku!.. Xo‘jalarning quli bo‘lgandan ko‘ra, qullarning xo‘jasi bo‘lgan yaxshi emasmi?! Nima dedingiz?
— Ikki o‘n besh — bir o‘ttiz-ku, nima farqi bor? — dedim.
— Ie, nega farqi bo‘lmas ekan, yer bilan osmoncha farqi bor-ku!
— Shunaqami?
Egamqul aka iyagini tutamlab bir nuqtaga tikilib qoldi. Xiyla sukutdan so‘ng:
— Bilasizmi, Napoleon nima degan? — deb so‘radi.
— O’limi oldidan aytgan gaplarini so‘rayapsizmi?
— A yo‘-o‘q... — dedi u cho‘zib. — O’limi oldidan nima degan ekan? — dedi qiziqsinib. — Men eshitmagan ekanman.
Kulib yubordim: axir, bundan 186 yil muqaddam vafot etgan odamning vasiyatini eshitish uchun kamida 200 yashar chol bo‘lish kerak edi-da! Darhol lab-lunjimni yig‘ishtirib:
— Jahongir «Fransiya, armiya, Jozefina» deb jon bergan, — dedim.
— Muni qarang-a, o‘layotganda ham jazmanini esidan chiqarmagan ekan...
— Siz Napoleonning qaysi gapini nazarda tutgan edingaz? — deb so‘radim.
— Qo‘y qo‘mondon bo‘lgan sherlar galasidan Sher qo‘mondon bo‘lgan qo‘y poda afzal degan. Bu degani — xo‘jalarning quli bo‘lgandan ko‘ra, qullarning xo‘jasi bo‘lgan yaxshi demak. To‘g‘rimi?
— To‘g‘ri-yu, lekin Piri Turkiston o‘zini Qulxo‘ja deb ataydi.
— Yassaviy shunaqa deganmi?
— Ha, shunaqa degan.
— Eshitmagan ekanman... Mavridi kelsa, Rahim Baqqoldan so‘rab ko‘raman.
— So‘rab ko‘ring, — deb oldinga bir-ikki qadam tashladim.
— Yo‘l bo‘lsin, shahargami? — deb so‘radi.
— Ha, shaharga, hozir A’zamxon akamning xizmat mashinasi keladi. Tekinga opketadi.
— Yuring, o‘zim oborib qo‘yaman, pul olmayman. Qaerga borasiz? — deb so‘radi u kiyofasiga zo‘raki kulga yugurtirib.
— «Telefilm»da ishim bor.
— Shoshmang, «Telefilm» qaerda?
— «Paxtakor» metrosidan chiqilsa bas.
— Bo‘ldi, men sizni Amir Temur xiyoboniga tashlab o‘taman... Hozir mashinamni minib chiqaman, — deb Egamqul aka uyi tomon yo‘l oldi. Sal narida to‘xtab: — Yuring, birga gurunglashib bora qolaylik, — dedi.
Birga ketdik.
Egamkul aka temir darvozasini lang ochib, ichkarida turgan mashinasini o‘t oldirdi, motorini birpas kizdirdi. So‘ng birgalashib Toshkentga yo‘l oldik.
Terakzor yoqalab borib o‘ng tomonga burildik. Arganga yetgan paytimizda:
— Ishqilib, anavi kuni xafa bo‘lmadingizmi, mehmonlaringizga malol kelmadimi? — deb so‘rab qoldi tuyqus.
— Qaysi kuni? — dedim qoshlarimni chimirib. — Nimani aytyapsiz?
— Mashinam qorga botib qolgan kuni yordam berdilaring-ku!
Birdan unutilayozgan voqeani esladimu kulib yubordim:
— Ie, Egamqul aka, nima deyapsiz?! Nega xafa bo‘lishim kerak? Shu ham yordam bo‘ldiyu... — deb teskari qaradim.
— Rostini aytsam, men sizga vaqtimni yetarlicha v?delit qilolmayapman. Siz bilan miriqib suhbatlashgim keladi. Sizga havas qilaman, juda-juda xokisor insonsiz-da!
— Yo‘g‘-e, qo‘ysangiz-chi! — dedim ensam qotib.
— O’sha kuniyam, qarang, mehmonlaringizni menga yordam bergani jo‘natdingiz...
— Men jo‘natganim yo‘q, o‘zlari bordi. Nima, men ularga xo‘jayinmanmi?..
— Aslida, uyingizda mehmon borligini mutlaqo bilganim yo‘q edi, — dedi xuddi gapimni eshitmagandek.
— Ular bo‘lmaganda o‘zim yordamlashib yuborardim, Egamkul aka.
— Sizga haddim sig‘ib uyingizga chaqirib borgandim-da, ukajon.
— Bemalol, aka, bemalol, — dedim-u, «bu odam birovning gapini eshitmas ekan» deb ichimda g‘imirladim.
— Ko‘rmaysizmi, o‘sha kuni o‘g‘lim o‘rtoqlarini mehmonga chaqirib ko‘ygan, menga (sotkamga) ketma-ket telefon qilib: «Papa, qaerda yuribsiz, nega kechikyapsiz?!» deb so‘rab yotibdi deng. Men, mana, bog‘ oralab o‘tyapman, besh minutdan keyin, uch minutdan keyin uyda bo‘laman deb, o‘g‘limni chalg‘itib turdim... Mashinamda ziyofatga mo‘ljallangan mayda-chuydalar bor edi.
Do‘rmondagi aylanma yo‘lga burildik. Egamkul aka yo‘ldan ko‘zini uzmas, men bo‘lsam uning yuz-ko‘ziga ko‘zim tushishidan xijolat bo‘lib yo‘lovchilarni, poezd yo‘lidan narida yastanib yotgan dalalarni tomosha qilib borardim. O’zimcha Egamqul akaning xirsdek baquvvat o‘g‘lini, o‘ziga o‘xshagan xirsday-xirsday o‘rtoklarini ko‘z oldimga keltirdim: «Nichego sebe!..» Ochig‘ini aytsam, hamsoyaning o‘g‘lini bir-ikki marta uzokdan ko‘rganman: «Lasetti»ni minib, xo‘mrayib uyoq-buyoqqa o‘tib qolardi, to‘rt muchasi sog‘ edi; toparmon-tutarmon biznesmen, shekilli.
— Bilasizmi, ukajon, Shayx Sa’diy, sen Sharqda turib shunday ish qilginki, G’arbda yashayotgan odamlar xaqqingga duo aytib, seni olqishlasin, degan.
— Ya’ni, musulmon odamning ishiga g‘ayridinlar ham tan bersin, tahsin o‘qisin degan ma’noda shunday degan bo‘lsa kerak-da! — dedim.
— Ha, balli! Sharqda musulmonlar, G’arbda asosan nasroniylar yashagan. Bu o‘z-o‘zidan tushunarli, izohga hojat yo‘q, — dedi Egamqul aka yo‘ldan ko‘z uzmay.
Beixtiyor uning aft-angoriga tikildim: yuzlari jiddiy, qoshlari chimirilgan. Aftidan, u o‘zi aytayotgan gaplariga chippa-chin ishonardi... Ishonmasa kerak deb o‘yladim. Ishongan odam bunday qilmaydi; uyida ho‘kizday o‘g‘li ag‘anab yotsa-yu, qorga botib qolgan mashinasini yo‘lga chiqarish uchun kap-katta odam hamsoyasidan yordam so‘rab yalinib yursa-ya!..
Xo‘sh, ultarmalik Asror boboning eshakaravasi loyga botib qolsa nima qilardi? Mumtoz adabiyotdan mutlaqo bexabar chol o‘g‘lini uyiga berkitib qo‘yib, qo‘ni-qo‘shnilarini yordamga chorlarmidi?!
«Uyingni o‘g‘ri bossa, o‘g‘lingni sandiqqa solib qo‘yib, qo‘shnini yordamga chaqirmaysan. Hammaning ham farzandi o‘ziga aziz», degan edi Asrorqul.
— Asror bobo jinni ekan, — deb yubordim beixtiyor.
— Nima dedingiz? Yana bir qaytaring, yaxshi eshitmay qoldim, — dedi Egamqul aka boshini men tomonga qiyshaytirib.
— Abdulla Qahhorning «Asror bobo» hikoyasidagi cholni aytyapman, g‘irt jinni ekan! Uni jin chalgan...
Egamqul aka ilkis yuzimga tikilib olgach:
— Unchalik emasdir, — dedi ishonqiramay. — Yana kim biladi deysiz.
— Jinni bo‘lmagan taqdirda ham uni jin chalgan. Tegirmonboshida uxlab qolgan odamni albatta jin chalib ketadi.
— Farg‘onada ham shunaqa gap bormi? — dedi Egamkul aka ajablanib, yuziga soxta tabassum yo‘llab. — Bizda ham odamlar tegirmonboshida yotib-turishdan irim qiladi, tavba!.. Lekin Rahim Baqqol negadir Abdulla Qahhorni juda yomon ko‘radi. Odamzot qiziq ekan.
— Baqqolning hamma gaplariga ham ishonib bo‘lmaydi, Egamqul aka.
— Qo‘ysangiz-chi! U bilmagan narsasini gapirmaydi...
— To‘g‘ri, faqat bilganini gapiradi... Mulla ham bilganini o‘qiydi, - deb qo‘shib qo‘ydim ijirg‘anib.
Egamqul aka yana bir marta aftimga sinovchan tikilib oldi. Men qilt etmasdan yo‘lga qarab o‘tiraverdim. O’rtada gap-so‘z tamom bo‘ldi. Amir Temur xiyobonida mashinadan tushdim, lekin hamsoyaning soxta qiyofaei ko‘z oldimda muhrlanib qoldi. Jin ursin, endi kun bo‘yi mana shu bashara meni holi-jonimga qo‘ymaydi, lop etib ro‘paramdan chiqaveradi.
Birodarlar, rostdan ham, Asror boboni jin chalganmi? Yoki o‘zimizga bir balo bo‘lganmikan?..
* * *
Darvoqe, oradan roppa-rosa o‘n besh kun o‘tgach Bo‘rijar sanatoriyasining rahbari Qulxo‘ja kaminaga sim qoqib: «Joy bo‘shadi, hokimlar daf bo‘ldi, G’iyosiddin kelaversin», dedi. Bir oz ajablandim... So‘ng unchalik hayron bo‘lmaslik kerak deb o‘yladim. U puldor muassasaning rahbari, qo‘lida kam deganda yuz kishi ishlaydi, dargohiga tashrif buyuradigan kazo-kazolar og‘ziga mahtal bo‘lib turadi... Men-chi, shunchaki ko‘rik-tanlovlarga intermediya yozib yurgan yupqaqo‘l qalamkashman, xolos. Shakarguftorlik qiladigan paytlar allaqachon o‘tib ketgan, jo‘rajon. Eshak ham loydan o‘tgan. Endi o‘zing shakarguftorlik qilasan... Men shakarguftor deb yurganim Qulxo‘ja, aslida, Rum qaysariga o‘xshar ekan: «Keldim. Ko‘rdim. Yengdim» tarzida qisqa-lo‘nda hukm chiqaradi-qo‘yadi. Lekin, sanatoriya oshxonasida tushlik, kechki ovqat mahallari kaminaga aytib bergan latifalari, «odamiylik qissasi» hali-beri esimdan chiqmasa kerak...
Anglaganim shu bo‘ldiki, qulxo‘ja maxsus toifaga mansub odam: birovga ishi tushgan paytlarda so‘roq alomatidek gajak bo‘lib tursa, yumush bilan kelgan odam qarshisida undov belgisi holatiga kiradi-qo‘yadi. Quyidagilar — zinapoya, yuqoridagilar — mehrob. Zarurat tug‘ilsa, «xo‘ja»ni nari surib, «qul»ni beri suradi.
«Ultarmalik Asrorqul Haydar otaning qadrdon oshnasi bo‘ladi». Qulxo‘ja bilan Egamqul ilgari oshnachilik qilgan, qadrdon bo‘lgan. Ikkovi ham katta oxurdan yem yegan, faqat bittasi nari surilib, bittasi beri surilgan...
Ikki yorti — bir butun, deydilar. Qulxo‘ja bilan xosaki Asror bobo bitta olmaning ikki yuziga o‘xshardi. Ular bir-birini to‘ldiradi, boyitadi.
Shu oqshom G’iyosiddin Kichkinaga qo‘ng‘iroq qildim. U ertalab yetib keldi; men uni sanatoriyaga opkirib ishboshi Kristinaga tanishtirdim. Kristina G’iyosiddinni asosiy binodan qaqasroq bo‘lgan «dacha-mehmonxona»ga joylashtirdi. Bu «dacha» qalin archazor qo‘ynida ekan, toza havoga shu qadar to‘yinganki, hatto havoni oshamlab yeyish mumkin edi. Boz ustiga, Kristina ham ajoyib duragay qiz ekan. «Ismingiz aslida Xristina, hazratim Shayx San’on qissasida tasvirlagan «Tarso qiz» aynan o‘zingiz bo‘lsangiz kerak. Nima deysiz, Muslima?» deb so‘radim. «Men chala muslimaman», dedi Kristina. «Nima uchun?» «Chunki otam gurji, onam yunon qizi». «A-ha, gap buyoqda ekan-da! O’zim ham bu qiz hofizning so‘lim g‘azaliga bekorga o‘xshamasa kerak degandim-a! Qachon o‘qiganman, qaerda ko‘rganman deb boshim qotib turgan edi: endi topdim, atoqli gurji yozuvchisi Nodar Dumbadzening «Hellados» hikoyasining moddiylashgan ko‘rinishi ekansiz. O’sha hikoyani o‘qiganmisiz?
Nizom Komil tarjima qilgan, «Tafakkur»da bosilgan», dedim jo‘rttaga hayajonlanib. «Yo‘q, o‘qimaganman», dedi Kristina beparvo. Bu javobni eshitib hushimdan ketib kolyozdim. «Nahotki! — dedim ko‘zlarimni olaytirib. So‘ng najot kutgandek xona kunjidagi stulda qimtinib o‘tirgan G’iyosiddin Kichkinaga yuzlandim: — Siz-chi, G’iyosiddin, o‘qiganmisiz o‘sha hikoyani? Mazmunini Kristinaga gapirib bermaysizmi?!» G’iyosiddin Kichkina yerga qarab: «O’qimaganman, aka... «Tafakkur»ning o‘sha soni qo‘limga tushmagan», dedi. «O’rischasini o‘qish kerak edi! Uni qachon Nizom Komil tarjima qilar ekan deb kutib yurish shart emas-ku!» dedim fig‘onim chiqib... Xullas, kuppa-kunduzi ikkita «johil odam» bilan yuzma-yuz kelganimga goh ishonib, goh ishonmay dilkusho sanatoriyani tark etdim: «Toza havolar o‘zlariga siylov, afandilar! Menga Hisorak bo‘lsa bas. Bay-bay!..»
Zohiran quvnoq bo‘lsam ham, lekin ko‘nglim xira tortdi, ko‘nglimga g‘ubor qo‘ndirib qaytdim... Oradan bir hafta o‘tib «bo‘lgan voqea»ni qog‘ozga tushirdim. Qalay! Sezib turibman, Hisorak hangomalarining davomi borga o‘xshaydi. Yana qaydam.