Hovlimizdagi bir tup oq tutning shoxlari uyimiz tomi bilan tutashib ketgan. Mahallamizdagi odamlar uni «oq tut» deyishsa ham, biz «enatut» deb ataymiz. Chunki buvim «bu tutni enatut deganlar, urush vaqtida ham, ocharchilikda ham kunimizga yaragan, rizqimizni butun qilgan» degan edilar-da!
Enatutning tanasi tirishib, ba’zi joylari yorilib g‘ovak bo‘lib ketgan edi. Bular enatutning keksaligidan dalolat bersa ham, ammo hanuz serhosil edi. Har donasi barmoqday-barmoqday keladigan tutning mazasini maqtaganim bilan so‘zim ado bo‘lmaydi. Men bu yil ikkinchi sinfga ko‘chdim. Yaxshi o‘quvchilar qatorida tilga olishardi. Lekin tut pishdi-yu, darsda ham uni o‘ylaydigan, kitobga kam qaraydigan bo‘lib qoldim. Maktabdan kela solib hovliga chopaman. Bir amallab enatutning shoxndagi «pakkam»ga chiqib olaman-da, onam «tush» deb dag‘dag‘a qilmagunicha o‘tiraveraman.
Tut pishig‘i kelib buvim aytmoqchi menga «xudo berdi». Pakkamga chiqib olgandan keyin qornim shishib ketguncha yeb tushmasam ko‘nglim tinchimaydi. Bundan boshqa marvartak tut, malla tut, charos tut, qizil tut, halim tut degan shirin tutlar ham bor-u, lekin menga o‘zimizning enatut mazaliroq tuyuladi.
Bu tut degan shirinu, lekin buvim aytmoqchi odamni juda bo‘shashtirib, uyquchi qilib qo‘yadi-da. Bir kuni saharlab buvim uyg‘ota boshladi. Qani endi turgim kelsa...
— Tur Nodirjon, turaqol bolam, menga yordamlashib yuborgin.
Turdim. Qarasam buvimning yuzlari g‘amgin, qo‘llarida ikkita chelak, hovli tomonga yurib boryaptilar.
— Turaqol endi, bolam, erta turgan odamning ruhi yengil tortadi...
Buvim shunaqa: jahllari chiqib tursayam gaplari juda shirin. Shunday paytda buvimga yana ham mehrim ortib ketadi. «Yashasin buvijonim!» deb bo‘ynilaridan quchib olgim keladi.
Buvim bilan izma-iz hovliga o‘tdim. Buvim bo‘lsa nuqul «esizgina, uvol bo‘pti-ya, qoqib olsak ham bo‘larkan-a?» deya afsuslanib boradi. Enatutga bir nima bo‘lganini sezdim. Men voqeani tut oldiga borgandagina bildim. Eh-e, marvariddek oppoq tutlar yer bilan bitta bo‘lib yotar, oyoq bosgani joy qolmagandi. Ichim shunaqa ham achishdiki, hatto xo‘rligim kelib ketdi. Nega xo‘rligim kelmasin, axir unga judayam o‘rganib qolgan edim-da. Sekin buvimdan so‘radim.
— Buvijon, kim to‘kib qo‘ydi, ozgina to‘ksa ham bo‘lardi-yu, a?
— E, bolam-a, odam shunday qilib to‘kib qo‘yarmidi, shamolning ishi bu. Nuqul pishganlarini to‘kib ketibdi, esizgina-ya...
— Buvi, endi nima qilamiz?
— Nima qilardik, pishirib olamiz-da. Buvimning bu gaplaridan kulgim qistasa-da, lekin jahllari chiqib turgani uchun kulmadim. Axir pishgan tutniyam pishirib bo‘larkanmi? Shunday xayolga borib yana so‘radim:
— O‘zi pishgan-u, buvi, nima qilamiz yana pishirib?
— Biz yana pishiramiz, endi qozonda qaynatib pishiramiz, bolam.
— Tezda pishadimi?
— Uncha tez emas. salkam bir sumalakning o‘tini ketadi bungayam.
— Voy-bo‘, bo‘lmasa pishirmay qo‘yaqolaylik, — dedim, chunki sumalakni kechqurundan ertalabgacha pishirishlarini bilar edim.
— Pishirmasak shuncha meva isrof bo‘ladi, qo‘zim, pishirib shinni qilib olamiz.
— Shinni deysizmi? — ajablanib so‘radim. Negaki, bunday taomni birinchi eshitishim edi.
— Ha, shinni. Anchadan beri qilmay qo‘yuvdik. Tansiq narsa...
— Shirin bo‘ladimi?
— Shirin deysan-qo‘yasanmi, hatto asaldanam shirin bo‘ladi...
Shu gapdan keyin tutlarni astoydil tera boshladim. Shamol to‘kib ketgan tut oz emas naq to‘rt chelak chiqsa bo‘ladimi? Buvim bilan uni rosa chayib suvini siqdik, keyin qozonga solib qaynata boshladik. «Asaldan ham shirin» shinni yeyish kechqurun nasib qildi. Unga non botirib yeyapmanu qani endi to‘ysam! Shinni suyulib, to‘q qizarib pishgan, shirasi tilda o‘ynardi. «Buvimga qoyil», deyman ichimda. Shunday shinnidan har kuni pishirsalaru, qanday mazza bo‘lardi-ya...
Bu voqeadan uch kun o‘tgach yana maktabdan keldimu, hovliga chopdim. Enatut shoxlaridagi mevalar yana oppoq bo‘lib pishib qolgan edi.
Pakkamga chiqib oldim. Nariroqda buvim ikki-uchta chiptani yerga yoyish bilan ovora bo‘lgani uchun meni sezmadi ham. Enatut ustidagi eski joyimda turganim ko‘yi goh u shoxni, goh bu shoxni qayirib olib ishtaha bilan anchagina tutni paqqos tushirdim. Qornim to‘ygach atrofni har kungiday kuzatishga tushdim. Ana mening boshqa tutlarim. Hovlimizning gir atrofi to‘la. Ularni ham yeymanu, lekin chakalak shoxlari ko‘pda, albatta yo biror joyimni shilib olaman, yo kiyimimni yirtaman. Bu ayblarim uchun oyimdan gap eshitaverib, e-he...
Bir payt xotinlarning g‘ovur-g‘uvurlarini eshitib pastga qaradim. Hovliga bir to‘da ayollar kirib, buvim ular bilan alohida-alohida hol-ahvol so‘rasha boshladilar.
— Voy, sadag‘ang ketaylar-ey, boshlaring tutga qorong‘i bo‘ldimi-ya? Qani kelaqollaring...
— Voy Sabo xola, o‘zimiz chiqmasak mundoq aytib chiqay ham demaysiz-a?
— Aylanay sendan, dardingni bilganim-da o‘zim yaxshilaridan terib chiqar edim-ku, xolang aylansin.
— Xolajon, shu deganiga bir tutga to‘yg‘azing, oppoq-momaqaymoqdek qiz tug‘ib bersin, o‘zim kelin qilaman...
— Mening g‘amimni qimay qo‘yaqol, yaxshisi o‘zing ozroq ye, yana bolang nimjon bo‘lib qolmasin...
Xotinlar bir gapirib o‘n kulishadi. Ularga boshimdan hushim uchib qarayman. O‘tgan yili ham shuncha xotinlar rosa tut yeb chiqib ketishgan edi. Birgina biz desam enatutni yaxshi ko‘radiganlar juda ko‘p ekan-ku? Ie, anavi yuzlari dog‘ xotin o‘rtog‘im Akmalning oyisi-ku! U ham tutni yaxshi ko‘rar ekan-da!..
Meni birinchi bo‘lib o‘sha xotin ko‘rib qoldi.
— Hoy Nodirjon, tepaga chiqvolib o‘tiraverasanmi, qoqmaysanmi axir! — dedi u baland ovozda.
Pastdan buvim ovoz berdilar:
— Nodirjon, shattaykansanu bolam, sekin qoqaqol, yerga chipta yozib qo‘yganman, ayalaringam bir to‘yib yeb olishsin.
Men tutni yengilgina silkitishim bilanoq, pishgan mevalar duv etib to‘kildi. Ayollar tut yegani o‘tirishdi. Men yana pakkamga o‘tirdim-da, ularni kuzata boshladim. Yosh kelinchak opalar hovuchlarini tutga to‘lg‘azib olishgach, chetroqqa chiqib yuzlariga ishqashar, bir-birlariga qarab hadeb kulishardi. Nima surtishyapti ekan?! E-ha, oyim ham dog‘larga dori bo‘ladi deb yuziga tut suvini surtardi. Bular ham bilishar ekan-da. Anovi besh-olti xotin esa boshini ko‘tarmay hadeb tut terib yeyar, xuddi... xuddi tovuqlar donlayotganga o‘xshardi. Kulgim qistadi, lekin tashimga chiqarmadim. Qiziq, tutni nega bunchalik yaxshi ko‘rishar ekan-a...
— Rahmat, xolajon, endi men chiqay, xamir qorib qo‘yuvdim, toshib, uy bilan bitta bo‘lib ketmasin, — bu ovoz qo‘shnimiz Salima opaniki, edi. Buvim uni «mayli boraqol, ko‘ngling tusab qolsa hech tortinmay kiraver», deb kuzatib qoldi.
Maktabimiz yonida turadigan Fazilat opa ham shoshib keta boshladi:
— O‘tirishimni qarang-a, xolajon, kuyovingiz bargga ketgan edi, kelib qolgandir, boraqolay, — deya u ham lapanglab keta boshladi.
Qolgan xotinlar ham birin-ketin chiqib ketishdi. «Qiziq xotinlarakan» degan o‘y xayolimdan o‘tdi-yu, eidi baralla kulib yubordim.
Buvim menga ajablanib qarab, «ha» dedi.
— Tepadan qarasangiz xuddi, tovuqlarga o‘xshasharkan...
Bir kuni o‘rtoqlarim Akmal bilan Rashidni tutxo‘rlikka boshlab keldim.
Darvozadan ichkariga kirdimu, enatut tomonda buvimning qattiq-qattiq gapirayotganlarini va «taxt-tuxt» etgan tovushni eshitdim. O‘rtoqlarimni olib hovliga o‘tdim. Qarasam, Fazilat opamning eri Asqar aka enatutni hech ayamasdan kesyalti. Buvim bo‘lsa unga tinmay zorlanardi:
— Voy, hoy, bolam, haliyam bo‘lsa bu shashtingdan qayt, qo‘y deyman, kesmagin jonim bolam.,.
Lekin Asqar aka buvimning bu zorlanishlariga quloq solmas, tobora yuqorilab, kesishda davom etardi.
— Hoy bolam, esingni yig‘, bu tutti uvoli tutadi, bilmasang ko‘r bo‘lasan, tush deyman, bo‘lmasa qarg‘ab yuboraman...
— Mayli, xix... qarg‘ayvering, menga baribir, xix... tushmayman... — u hansirar, to‘xtovsiz tutni kallaklardi, — ovora bo‘lmang, tushib bo‘ppan, xix...
U tinmay enatut tanasiga bolta urar, har bolta urganda xuddi bolta menga tegayotganday yuragim zirqirib, seskanib ketardim. Tutlar esa har zarbada duv-duv to‘kilardi. Pishganlariyam... g‘o‘rashalariyam...
Yo‘q, Asqar aka tushmadi. Tushmoqchi ham emas edi.
Buvim do‘q-po‘pisa bilan ish chiqmasligiga ko‘zi yetibmi, qiblaga qarab tiz cho‘kdi. Qo‘llarini fotihaga ochib, uni qarg‘ashga shaylandi.
Birdan Asqar aka to‘xtadi. Buvimga tikilib qoldi. Aftidan buvimning qarg‘ab yuborishini kutmagan edi.
— Bu-buvijon... jonim buvi, qarg‘amang... yalinam-an... — zorlandi Asqar aka.
— Tush pastga. — buyurdi buvim.
Buvimni hech bunday ahvolda ko‘rmagan edim. Fotihaga ochgan qo‘llari asabiy qaltirar, ko‘zlari esa ana shu qo‘llarga qadalgan edi. Agar Asqar aka enatut ustidan tushmasa buvimning qarg‘ab yuborishi aniq edi. Qarg‘aganda ham, juda yomon qarg‘ashga shaylangan edi...
— Yo‘q, buvijon, tusholmayman... qurtlarim och yotibdi... Qishloqda siznikidan bo‘lak tut qolmadi... Boshqa iloji yo‘q, buvijon... Yalinaman, qarg‘amang...
Endi Asqar aka yalinmoqda edi buvimga.
— Yo‘q, tushasan, omin... — buvimning bu dahshatli va keskin ovozidan hozir qarg‘ab yuborishi mumkin edi, lekin Asqar aka yo‘l bermadi.
— Buvijon, qarg‘amang, axir...
— Omin...
— Buvijon!..
Yo‘q, buvim qarg‘amadilar. Qarg‘ayolmadilar. Yer betini to‘ldirgan marvariddek tut donalariga ma’yus tikilgancha ancha o‘tirdilar. Keyin vazmin yurib uyga o‘tib ketdilar.
Asqar aka yapa ishga tushdi... Uyga o‘tdik. Buvim ostonada o‘tirgan ko‘yi qattiq o‘yga tolgan edilar. Xuddi shu topda buvim o‘ylayotgan narsalarni men ham his qila boshladim... Buni, buvimning o‘zi bizlarga so‘zlab bergan edi.
Urush... Oziq-ovqat tanqis, borga bor, yo‘qqa... E-he qancha odam nobud bo‘lib ketdi. Ko‘chada ham, birovlarning ostonasida ham, dalada ham... Kim tirikchilik vajidan shaharda yo‘qolib ketgan, kim o‘g‘irlik qilib qo‘lga tushgan... Bu xonadondagi hech bir narsa nazorat qilinmasdi. O‘zi shu ikki tupgina oq tutdan boshqa nima tiriklik bor edi bu hovlida. Ammo ular bu tutni birovlardan qizg‘anmadi. «Odamdan aziz bo‘ptimi, ko‘pga kelgan to‘y, nasib qilgani yeb, kunini o‘tgazganiga shukur», deyishdi... Ha, ko‘pni boqdi bu oq tut... Qishloqda og‘zi tegmagan kishi bo‘lmasa kerak bu tiriklikka...
Endi bo‘lsa...
Buvimning ko‘zlarida yosh yiltilladi. Bu yosh hozir tasavvurimdan kechgan, o‘zi aytib bergan o‘sha kunlar va o‘sha achchiq kunlarga hozirgina berilgan kuchli zarb ta’siridan edi...
Buvim bizga qaradilar:
— Nima qip turibsanlar. Nodirjon bolam, o‘rtoqlaringga tut terib bermaysanmi, axir. Mehmongayam shunaqa qaraydimi odam. Boringlar, bir to‘yib yeb olinglar, qolganini terib shinni qilib olamiz...
Buvim shunday deb o‘rnidan turdi-da, ikkita chelakni ko‘tarib hovliga yo‘l oldi. Biz ham ergashdik.
Bu vaqt Asqar aka tutni kesib bo‘lgan, enatutning qoq tanasigina so‘ppayib turar edi... Kesilgan shoxlar o‘rnida tomchilar paydo bo‘lgan, bu tomchilar menga enatutning kuz yoshlariday tuyulib ketdi...
— Buvi, nega qarg‘amadingiz? — botinib so‘radim zo‘rg‘a.
Buvim birdan tut terishdan to‘xtadi. Nimalariidir o‘ylab qoldi.
— Axir uyam jo‘jabirday jon, bolam, nima qildim qarg‘ab...
— Qarg‘aganingizda... kesmas edi...
Ha, men o‘sha paytda buvimning qarg‘ashini naqadar istagan edim. Axir qarg‘asa kesib ketmas edi-da... Endi men, o‘rtoqlarim qaysi tutni YEymiz. Men agar buvimning o‘rnida bo‘lganimda qarg‘ab yuborgan bo‘larmidim...
— Hah, bolam-e, unga qolsa kesarmidi-ya...
Buvimning bu gapiga negadir qattiq gapirib yubordim.
— O‘ziga kesib ketti-ku!..
Yo‘q, tushunmay bergan bu savolim javobsiz qoldi. Buvim bir chelakka, biz ikkinchi chelakka pishgan tutlarni tera boshladik...
Bu voqeadan ancha kun o‘tgach, biznikiga Fazilat opa kirib keldi, U to‘ppa-to‘g‘ri chorpoyada tizzalarini nimjon va burishiq qo‘llari bilan quchgancha mung‘ayib o‘tirgan buvimning oldiga bordi.
— Buvijon, sizga ko‘p rahmat. Pilla planimizni bajarib oldik. Kuyovingiz buvim oldida uyatliman, borolmayman, devdi, o‘zim kela qoldim. O‘ziyam sizzi tutiyiz bilan, zo‘rg‘a to‘yg‘azib oldik-da, rahmat...
Buvim bu gaplarni eshityaptimi-yo‘qmi, bilib bo‘lmasdi. Hatto Fazilat opani payqamaganday edi. Ko‘zlarini bir nuqtaga qadagancha o‘yga tolgan, ko‘zlarida esa o‘sha kungiday yosh yiltillardi.
— Tig‘ ko‘rmagan edi... boyaqish...