Yuragim ezilib ketdi, yordam ber…
Zamonaviy qo‘shiqdan
Kabutar uzoq uchadi. Osmonni yorgudek ko‘kka intiladi. Charx urib aylanadi. Atrofidagi to‘rt – beshta ta kabutarlar bilan noz-ishva qilib raqsga tushadi. Tepaga qarab bo‘ynim og‘rib qoladi. Ko‘zlarim toladi. Shu payt kabutarlardan pastroqda bir-birini quvgan qaldirg‘ochlar shiddat bilan uchib o‘tadi. Kabutarlar nogahon unga ergashadi… Uzoq chalingan hushtakning ovozi eshitiladi. Hushtak qayta-qayta chalinadi. Oppoq kabutarlar pastga sho‘ng‘iydi. Daraxt shoxida kukulayotgan musichaga g‘ayirligi keladi. Kabutarlar kabutarxonaning eshigi oldiga qo‘nib, birin – ketin kira boshlaydi… Qaldirg‘ochlar yana uchib o‘tadi. Musicha ko‘zlarini pirpiratgancha hamon kukulaydi….
* * *
Mehribonlik uyi. Bayram. Chanqayman. Kimdandir suv so‘rashga istihola qilaman. Ichkariga yo‘nalaman. Chap qo‘li o‘ralgan, bo‘yniga bint bilan osib qo‘yilgan (menimcha, qo‘li singan bo‘lsa kerak) qizcha yonimga keladi:
- Opa, meni o‘z onam olib ketadi, -deydi, judayam past ohangda. Yaxshi tushunmasdan "Ha" deb qo‘yaman. Suv ichgim keladi.
- Qaerdan suv ichsam bo‘ladi?, - deyman.
Gapirmaydi. Zal bo‘ylab yurib ketadi. Ortidan ergashaman. O‘girilib qarab-qarab qo‘yadi. Ko‘zlarim ko‘zlariga tushadi: yashil, yam-yashil, katta-katta. Burunchasi qirra. Yuzchalari oppoq, qoshlari va sochlari sarg‘ish. O‘zbekka o‘xshamaydi. Tashqaridan suxandon qizning bolalarga atab o‘qiyotgan she’ri eshitiladi. Xayol bilan to‘xtab qolgan qizchaga urilaman.
- Shoshmang, kutib turing, piyola olib chiqaman, - deydi.
- Kechirasan...-deyman o‘zimni aybdor his qilib. Ortimga qarasam jigarrang gilamga oyoq izlarimni qoldirib kelibman. Birov ko‘rsa koyiydi deb xijolat bo‘laman. Qizchaning qaysi eshikka kirganiga e’tibor bermayman. U o‘ng tomondagi ikkinchi eshikdan qo‘lida piyola bilan chiqib keladi. Suv ichish uchun zalning oxiriga boramiz. Menga suv olib bermoqchi bo‘ladi-yu, bir qo‘li bilan qiynaladi. Qo‘lidan piyolani olaman...
- Rahmat!
- Arzimaydi, - deydi o‘ziga xos g‘amgin ohangda.
Chanqog‘im bosiladi.
- Opa, meni onam olib ketadi-aa? – so‘raydi u. Qizchaning gapiga endi tushunaman. Yuragim zirqillaydi.
- Ha, onang, albatta, olib ketadi.
- O‘zimniki-aa?
- O‘zingniki,- deb yupataman!
Bayramni tomosha qilish uchun hovliga chiqaman. Qizcha ortimdan qarab turganini sezsam-da, qaramayman. Negaligini o‘zim ham bilmayman. Tashqarida kayfiyat yuqori. Hamma bolalarning yuzlari (!) kulgan. "Bir savolga bir javob, bir javobga bir sovg‘a" o‘yinini o‘tkazayotgan dugonam bir bolakayni chaqirib savol beradi:
- Ismingiz?
- ...Eshitmay qolaman.
- Agar sizda sehrli qalpoqcha bo‘lganda nima qilgan bo‘lardingiz?
- Hammaga yaxshilik qilardim. Jo‘ralarimni o‘zim bilan birga olib ketardim. Orqada o‘tirgan tarbiyachi qo‘lidagi ro‘molchasi bilan bolakayni urgan bo‘ladi. Hamma kuladi, qarsak chaladi. Bayram davom etadi. Sahnaga endi – endi e’tibor beraman. Atrofni kuzataman. Rango-rang sharlar, bayroqchalar. Qog‘ozdan maromiga yetkazib yasalgan qaldirg‘ochlar, gullar. Ikkinchi qavatning derazasiga ko‘zim tushadi. Boyagi qizcha. Tepadan turib bayramni tomosha qiladi. Bolalar zamonaviy qo‘shiqqa jo‘r bo‘ladi. Quloq tutaman.
- Yuragim ezilib ketdi, yordam ber, yordam ber....
Bolajonlarning hammasi , ha, ha, hammasi qo‘shiqning aynan shu qatorini jon-jahdi bilan baland ovozda kuylaydi:
- Yuragim ezilib ketdi, yordam ber, yordam ber....
Bular yurak ezilishi nimaligini tushunarmikan… Bir bola turib darvoza tomonga yo‘naladi. Tarbiyachi ko‘rib qolib to‘xtatadi:
- Qaerga?
- Onam kelayapti ekan...
- Kim aytdi?
- ...Bola so‘zsiz. Ortiga qaytadi. Yana ikkinchi qavatga qarayman. qizaloqni "kel" chaqirig‘ini qilib qo‘lim bilan imlayman. U parda ortiga yo‘qoladi. "Kelarmikan?" deb ko‘nglimga hadik oralaydi... Kimdir qo‘limdan ushlaydi. Qizaloq. Ha, u chindan ham chiroyli, istarasi issiq. Ammo bolalarcha beg‘uborlik yo‘q. Rostdan ham u chizilgan suratga o‘xshaydi. Suratning joni bo‘lmaydi. Chetroqqa, daraxtning tagiga qo‘yilgan chorpoyaga o‘tiramiz. Suhbatga kirishamiz.
- Yoshing nechchida?
- 2 yoshda, 9 sinfman deydi-da adashganini sezadi. Darrov xatosini to‘g‘irlaydi: 9 yosh, 2 sinfman. Pastga qaraydi.
- Bayram senga yoqyaptimi? Boshini sarak-sarak qilib yo‘q ishorasini qiladi.
- Opa, deydi, erkalanib birdan.
- Ha?
- Siz ham menga sovg‘a berasizmi?, - deb qulog‘imga pichirlaydi. Chorasiz qolaman. Jamoa bo‘lib hamaga sovg‘a olib kelibmiz-u, o‘zim… Xayolimga ham kelmabdi.
- Xo‘p, nima beray?
- Menda yo‘q narsa.
Sumkamni ochaman. Xilma-xil ruchkalarimni uzataman.
- Kerakmas, deydi. Yelpig‘ichimni beraman. Bosh irg‘aydi. Pinjimga tiqiladi. Daftar kitobdan boshqa hech narsa topolmayman.
- Muzqaymoq yeysanmi? U shundoqqina ko‘zlarimga qarab, yana "yo‘q" ishorasini qiladi.
- Xo‘p, nima beray? Jimlik cho‘kadi. qo‘li bilan "Mehribonlik uyi"dan uzoqroqda joylashgan do‘konni ko‘rsatib:
- O‘sha do‘konga borib kelay, -deydi yalingansimon.
- Nima qilasan?
- Muzqaymoq olaman.
- Yur, birga boramiz?
- Yo‘q, o‘zim boraman! Men u do‘konga boradigan yo‘lni bilaman!
Nima qilishni bilmay qolaman. Tarbiyachi opadan ruxsat olishga harakat qilaman. Tarbiyachi:
- Har yerning o‘z qonun-qoidasi bor, deb qizchani sudragancha ichkariga kirib ketadi. Sekin ortidan kiraman. Piyola olib chiqqan xonaning eshigi yoniga boraman. Qo‘shni xonada kir yuvayotgan ikki opa:
- Kimni izlayapsiz? Bu yerga kirish mumkin emas!, - deyishadi.
- Chanqadim, - deyman boshqa bahona yo‘qday. Zo‘rma-zo‘raki suv ichaman. qizchani topolmayman.
Tashvishlarimni o‘ylayman. O‘qituvchimdan ruxsat olib keta boshlayman. Qizchaning chiqishiga yo‘l bermaydigan darvoza meni shunday qo‘yib yubormoqchiday. To‘xtayman. O‘yga tolaman. Ko‘zlarimga nogahon yosh keladi. Kimdir uzoqdan opa deb chaqiradi. Qo‘lini mahkam yopib olgan qizcha keladi, qisimchasi ichida nimadir bor:
- Bu sizga, oching.
- Ko‘zmunchoq... Hayratlanaman. Lekin nega? U meni tushunganday:
- Ko‘z tegmasligi uchun, -deydi. Qo‘lidan ushlab yetaklayman. To‘xtatadi. Yonimizdagi qorovulga va tarbiyachiga qarab qo‘yadi. Darvoza yonida ekanligimiz esimga tushadi.
- Bu yerga yaqinda kelgan, - deb shipshiydi tarbiyachi.
- Tesha aka, (kattaroq bolalardan biri) boya kelganingizda, sizni ko‘rsatib, seni olib ketadi, degandi. Siz ketavering, o‘zimning onam keladi,- deb bir qo‘li bilan meni quchoqlaydi. Bolalar uni aldaganini sezaman. Ketmoqchiman-u, u haqida ko‘p narsa bilgim keladi. Quchoqlab yuzchasidan o‘paman. Qiziq, nega shu paytgacha uning ismini so‘ramadim.
- Isming nima?
- Amaliya!
- Rusmi, tatarmi?,- so‘rayman tarbiyachidan. Bo‘ynim sekin bo‘shaladi. Qo‘lcha pastga tushadi.
- O‘zbekman!,- qizcha o‘ksinadi. Titrab ketaman. U ortiga qaramay ichkariga yugurgancha kirib ketadi. Men undan bilib – bilmay mehrimni tortib olaman. Xo‘rsinaman. Ko‘zlarimga yosh qalqiydi. Ketaman....
Amaliyani har kun ko‘rgim keladi...
* * *
Kabutarlar kabutarxonaning u burchidan bu burchiga aylanib yuradi. Kabutarxona keng. Eshigi bor! Egasi bor!
Qaldirg‘ochlar osmonning u boshidan bu boshiga yetolmaydi. Na eshigi bor, na egasi.
* * *
- Qizim, qo‘lingga ko‘zmunchoq taqib yur, -deydi onam. O‘zimnikini emas, Amaliya bergan ko‘zmunchoqni taqaman. Uni yana eslayman. Iyul, avgust, sentabr, oktabr... 4 oy. Uzun yo‘lakdan xazonlarni bosib boraman. Qarshimdan bir ayol va yelkasiga papka osgan qizcha keladi. qarab-qarab indamay o‘tib ketaman. Qaerda ko‘rganimni eslolmayman. Birdan to‘xtayman. Ortga qarayman. Ancha uzoqdaman. U esa qilt etmay menga tikilib turadi. Nahotki, Amaliya?! O‘shandan keyin "Mehribonlik uyi"ga borganim yo‘q. Yuragim dov bermadi. Oyoqlarim qizcha tomonga yura boshlaydi. Ovozim yetgulik joydan "Amaliya" deb chaqiraman. U yugurib kelib bag‘rimga otiladi. Men uning mehr va erkka to‘lgan ko‘zlarini ko‘raman. Ayol qorachadan kelgan, ko‘zlari qisiqqina edi... Lekin... Uning onasi ekan...
"Yer yuzi" jurnali, 2014 yil iyul–avgust 4(8)-soni