OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nargis Qosimova. Qahrabo parchasi (hikoya)

Nilufar bexosdan uyg‘onib, qaerdaligini ancha vaqt tushunmay, bir muddat turli xil ranglarda tovlanayotgan shiftga tikilib yotdi. Kecha nima bo‘lganligini eslashga harchand urinmasin tarqoq, bir -biridan ikki musbat zaryad singari qarama-qarshi tomonga qochayotgan fikrlarini jamlay olmadi. Olis-olisdan bundan yetti yil ilgari ajrashib ketgan erining istehzo bilan tirjaygan basharasi ko‘rinib: «Mensiz bir o‘zing yashab ko‘r-chi, ko‘raman holing ne bo‘lar ekan? Tilanchilik qilasan, ikki bolang etagingga yopishib, chang kechib yurasan hali» degan so‘zlari yana bir bor jaranglaganday bo‘ldi. 
Nilufar boshini to‘lg‘ab go‘yoki, tirjaygan basharani ko‘z oldidan haydadi. Sakkiz yillik turmushi davomida haqorat-u, kaltakdan deyarli boshqa narsani ko‘rmay, ajrashib, endigina tinch yashayotganida bot-bot uni ta’qib etayotgan erining xunuk tirjaygan basharasi ba’zida unut bo‘layotgan xotiralarini yana esga solar, shunday paytlarda ayol Xudodan faqatgina o‘sha qora kunlarni yodiga solmaslikni so‘rar edi. Bashara uzoqlashib, qor pardasi ichida g‘oyib bo‘ldi, ammo tanasidagi horg‘inlik, boshining lo‘qillab og‘rishi yumgan ko‘zlarini yana qayta ochishga majbur etdi. Tashqaridan eshitilayotgan shovqin Nilufarni sergaklantirdi. Xuddi dengizning shovullashiga o‘xshaydi-ya! Bu yerda dengiz nima qiladi? Nilufar yana uxlashga harakat qildi. Bu hammasi qulog‘ining orqasida paydo bo‘lgan shishdan. Kechasiyu, kunduzi azob berib, endigina izga tushayotgan shirin hayotiga zahar soldi. Boshidagi la’nati og‘riq paydo bo‘lganidan buyon biror bir boshlagan ishini oxiriga yetkaza olmaydi. Ertalablari xuddi kechasi bilan ketmon chopgan odamga o‘xshab charchab, jiqqa terga botib uyg‘onadi.
Nilufar sekin o‘rnidan turib yonidagi karavotda yotgan o‘g‘lining ustini yopib qo‘ydi. Endigina sakkiz yoshga to‘lgan o‘g‘ilchasi sovqotib g‘ujanak bo‘lib olibdi. Boshqa karavotda yotgan qiziga termular ekan, boshida paydo bo‘lgan og‘riq bilan ko‘nglida paydo bo‘lgan xavotir yanada kuchaydi. Unga biror kori hol bo‘lsa, hali bu shafqatsiz hayot ta’mini tatib ko‘rmagan norasidalarining ahvoli nima kechadi? Yolg‘iz o‘zi yalab-yulqab katta qilayotgan farzandlari uchun uch joyda ishlaydi. Birovdan kam bo‘lmasin, o‘ksimasin deb istagan narsalarini olib berishga harakat qiladi. Shuncha yelib- yugurganiga yarasha Xudoyim unga yana ozgina umr, baxt bersa nima qilardi-ya?!
Nilufar yana o‘z o‘rniga cho‘zilar ekan, boya qulog‘iga chalingan shovqin yana takrorlandi. Qiziqib, deraza pardasini chetga surdi. Vo ajabo! Oy nuriga cho‘mgan borliqda bepoyon dengiz yastanib yotar, ketma-ket o‘rmalab kelayotgan to‘lqinlar qirg‘oqdagi toshlarga urilib, ularning ustida qolayotgan oq ko‘pik bir daqiqadan so‘ng jimirlab so‘nardi..
Nilufar tush ko‘rayapman shekilli deb o‘ylab, asta o‘zini chimchilab ko‘rdi. Yo‘q, bu tush emas edi. Demak, aqldan ozayapti. Axir u shahar chekkasidagi to‘rt qavatli uyda yashaydi. Kecha kechqurun ishdan qaytayotganida axlatga to‘lgan kichkina arig‘u ko‘p qavatli uylar oldida savlat to‘kib turgan azim qayrag‘ochlarning tagida oyoqlari qiyshayib, yog‘ochlari chirigan o‘rindiqdan boshqa hech narsa yo‘q edi. Bu dengiz qayoqdan paydo bo‘ldi. Doimo dengiz qirg‘og‘ida o‘zining katta uyi bo‘lishini orzu qilardi. Nahotki, orzusi ro‘yobga chiqayotgan bo‘lsa?!
Pishillab uxlab yotgan farzandlarini uyg‘otmaslik uchun ilgakda turgan charm kurtkasini tungi ko‘ylagi ustidan yelkasiga tashladi-da, asta tashqariga chiqdi. Tashqarida xaqiqatdan ham dengiz mavjlanardi. Oyog‘idagi kalishini yechib, suv yuvgan iliq qumga qadam bosgan Nilufar hamma narsani bir zumda unutdi. Achchiq hayotining bitmas-tuganmas tashvishlari, sog‘lig‘ining yomonlashgani – barchasi unut bo‘ldi. U baqirib kulgisi, ashula aytgisi, yosh qizaloqlarday yalang oyoqlarini yuvayotgan to‘lqinlar ichida yugurgisi kelardi. Sohil bo‘ylab ketar ekan, oy nurida yaltiragan allanarsa diqqatini tortdi. Engashib uni qo‘liga oldi. Qahrabo parchasi ekan. Bolaligida rahmatli buvisi o‘z sevgisiga yetisha olmagan go‘zal qizning suv parisiga aylanib, bir umr qirg‘oqda qolgan yori ishqida ko‘z yosh to‘kkanligi haqida ertak aytib bergandi. Suv parisining ko‘z yoshlari qahraboga aylanar, to‘lqinlar esa ularni qirg‘oqqa chiqarib tashlashar ekan. Bir kuni qahrabo parchasini topib olgan yigit zargarga olib borib undan uzukka ko‘z yasatibdi. Har doim uzukka qarasa, qahraboda sevgilisining aksini ko‘rar ekan…
Nilufar kaftidagi qahrabo parchasi oy nurida goh och sariq, goh qizg‘ish rangda tovlanishini tomosha qilar ekan, buvisini, buzilgan turmushini eslab og‘ir xo‘rsindi. Qahraboni avaylab ko‘ylagining etagiga artib, kurtkasining cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Oyoqlariga kelib urilgan yangi to‘lqin ayolni cho‘chitib yubordi. Axir, farzandlari uyda yolg‘iz qolishdi-ku, uyg‘onib qolishsa, qo‘rqib, yig‘lashsa-ya? Nilufar kalishini qidirib orqaga yugurar ekan, hozirgina o‘zi chiqqan uyini topa olmay xunobi oshdi. Kalishi qoldirgan joyda yotar, ammo ko‘p qavatli uylar, o‘zining mavzesi yo‘qolgan edi. Ularning o‘rnida bolaligi o‘tgan, tomi tunuka bilan qoplangan uyi qad ko‘tarib turardi. Dadasi vafot etganidan buyon yoqilmaydigan chiroq uning xonasini yoritib turganini ko‘rib, hovli tomon shoshildi. Darvoza ochiq, zinada mudrab yotgan kuchugi uni tanib, dumini likillatganicha oyoqlariga surkaldi.
– Tuzik, Tu-uzik, o‘zingmisan?
Nilufar kuchugini erkalab, sovuq burnidan o‘pib qo‘ydi. Otasi vafotidan so‘ng yolg‘iz ukasi xotinining «talabi» bilan hovlini ikkiga bo‘lib, o‘rtadan devor urgan, yetmish besh yoshga kirib, kelin olib qo‘lidan bir piyola ham choy ichmagan onasi va singlisidan ayri bo‘lib olgan edi. O’zi-chi, o‘zi. Boshqa shaharda nasibasini terib yuribdi. Onasi va singlisidan faqatgina telefon orqali xabar oladi. Hozir esa…o‘sha mash’um devor yo‘q, hammasi otasi hayot paytidagidek. 
Nilufar atrofga boqib har doim tunda qulflanadigan dahliz eshigini tortdi. Ochiq ekan. Dada-sining xonasiga kirar ekan, shiftgacha kitob terilgan javonlar, deraza yonidagi yozuv stoli oldida o‘tirgan dadasini ko‘rib qotib qoldi. Birdaniga sog‘inchdan, boshiga tushgan qiyinchiliklardan o‘pkasi to‘lib, ko‘zlari namlandi.
– Nega yolg‘iz kelding, bolalaring qani?
Dadasi qo‘lidagi ruchkani qog‘oz ustiga qo‘yib, qayrilib Nilufarga qaradi.
– Assalomu-alaykum, dada… Siz…
– Bolalaring yoniga qayt. Ularni yolg‘iz qoldirma, keyinroq gaplashamiz. Hali buning vaqti emas, o‘zim seni olib ketaman.
Dadasi yana qog‘oz ustiga engashib allanimalarnidir yozishga tutindi.
– Dada..
– Bora qol… Keyin gaplashamiz, mening bu uyda ancha ishim bor ekan, qaytmasam bo‘lmadi…
Nilufar quyilib kelgan ko‘z yoshini yengi bilan artdiyu, qo‘lini tushirganida qop-qora pod’ezdda, xonadonining eshigi oldida turganini ko‘rdi. Asta eshikni ochib uyga kirdi. Hammayoq suv quyganday jim-jit. Bolalari hamon uxlashardi. Sukunatni faqatgina oshxona devoriga osilgan soatning chiqillashi buzardi. Ustidagi kurtkasini yechib, allaqachon sovugan joyiga cho‘zilar ekan, xo‘rsinib ko‘zini yumdi.
… – E, Xudo, bolalar, tez turinglar, maktabga kechikasizlar.
Nilufar bolalarini gap bilan shoshirar ekan, ularga nonushta tayyorlab, shu orada o‘g‘lini ki-yintirishga, qizalog‘ining sochini o‘rib qo‘yishga ham ulgurdi. Kechga borib sekinlashgan vaqt aksiga olib ertalab yugurib ketadi. Soat to‘qqizda o‘zining universitetdagi darsi boshlanadi. Bir soat oldin uydan chiqmasa, ulgurmaydi. Farzandlarini kuzatib, xontaxta ustida sochilib yotgan ma’ruza matnlarini sumkasiga soldi. Tezda kiyinib, sochini taradi. Sumkani yelkasiga ilib, aksiga olib doimo shoshilganida yo‘qolib qoladigan kalitini qidira boshladi. Kurtkasining cho‘ntaklarini titar ekan, nihoyat kalitni topdi. Shoda kalitlarni olishi bilan, ular orasidan nimadir yerga tushib ketdi. Eshikni qulflab, tushgan tanga bo‘lsa kerak deya engashganicha qotib qoldi. Nilufarning oyoqlari ostida tunda sohil bo‘yidan topgan qahrabo parchasi yotardi.

 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.