OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Narzullo Botirov. Hayotning bir oqshomi (hikoya)

Ming to‘qqiz yuz sakson uchinchi yil. Avgust adoq­lagan kunlar. Havo tafti baland. Kech kirgan bo‘lsa ham atrofda g‘ir etgan shabada yo‘q. Osmonda hilol, xiragina bitta yulduz pirpirab turibdi. Hali talabalar yozgi ta’tildan qaytishmagan. O‘qishga bu yil kirganlar esa tanlovdan o‘tib, uylariga ketishgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, talabalar shaharchasida odam siyrak. Yotoqxonalar atrofida onda-sonda bir-ikkita yoshlar uchrab turadi. Gavjum shaharcha qayoqqadir ko‘chib ketgandek.
Farrux avtobusdan tushdiyu, universitet yotoq­xonasi tomon yurib ketdi. U hozir qishloqdoshi Gulnozani kuzatib qo‘yishi kerak. U Farrux o‘qiydigan universitet talabasi bo‘ldi.
Farrux maktabda o‘zlaridan uch sinf pastda o‘qiydigan Gulnozaga boshqacha ko‘z bilan qarar, uni yoqtirardi. Lekin ko‘nglidagi gapni qizga aytolmay yurdi. Qulay fursat kelishini poyladi. Mana, endigina o‘sha fursat yetib keldi. Bugun Gulnozani poezdga kuzatayotganida, unga ko‘nglini ochib, orzu-niyatlarini aytadi.
Farrux shosha-pisha soatiga qaradi. Poezd jo‘­nashiga hali bir soat bor. Ungacha Bahromdan zarur kitobni olishga ulguradi. Hozir u hujrasida bo‘lsa kerak. Yigit yotoqxona binosiga kirdi. Ildam odimlar bilan zinalardan ko‘tarildi, uzun, tor yo‘lak bo‘ylab yurdi.
– Yordam bering.
Nogoh qulog‘iga chalingan sasdan Farrux sergak tortdi. U yon-bu yoniga qaradi. Yo‘lakda hech kim yo‘q. Ikki tomondagi xonalarning eshiklari berk. Qiz bolaning yig‘lamsiragan ovozi tag‘in eshitilgandek bo‘ldi.
– Yordam bering! Kim bor?
Tovush shundoqqina biqinidagi eshik ortidan eshitildi.
– Kim bu? Nima gap? – deb so‘radi Farrux yaqin bo­rib.
– Jon aka, menga yordam bering! – yana ovoz keldi ichkaridan, – Eshik qulflanib qoldi. Ocholmayapman.
Farrux eshik oldida to‘xtadi. Ichkaridan qiz bolaning eshik qulfini kalit bilan burayotgani eshitildi. Qiz eshikni urar va o‘zicha qarg‘anardi.
– Qulf bo‘lmay qurib ketgur. Ochilsang o‘lasanmi? Samolyotga ham kech qolib ketdim. Kalit o‘lgur nuqul aylanib ketayapti.
 – Qanday qilib bu xonaga kirib qoldingiz? Nega endi chiqolmay o‘tiribsiz? – shoshilib so‘radi Farrux.
– Kecha akamning oldiga kelgandim. Ular meni bugun kechqurun samolyotga chiqarib qo‘yishlari kerak edi.
– Kecha akangizning oldiga kelgan bo‘lsangiz, bugun bu xonada nima qilib qulflanib o‘tiribsiz? Nega akangiz sizni samolyotga chiqarmasdan uyga qamab ketdi? – hayron bo‘lib so‘radi Farrux.
– Ertalab xona kalitini menga tashlab o‘rtoqlari bilan toqqa ketib qoldilar. Men Namanganga qaytishim kerak. Bir soatdan so‘ng samolyot uchadi.Eshikni ocholmay kuni bilan shu yerda qamalib o‘tiripman. Qancha harakat qilsam ham qulf o‘lgur hech ham ochilmayapti, – kuyinib, yig‘lamsirab gapirdi qiz.
– Akangiz qanday odam o‘zi? Singlisini kuzatmasdan, kayf-safo qilgani toqqa ketsa.
– Akam kayf-safo qilgani ketmadilar. Ular geologiya fakultetida o‘qiydilar. Kecha yozgi amaliyot boshlanibdi. Amaliyotni tog‘da o‘tkazishar ekan. Noiloj ketdilar.
– Ayb o‘zingizda ekan. Endi qamalib o‘tiravering, – dedi sal zarda bilan Farrux.
– Vay o‘lay, endi nima qilaman? Jon aka, ketmang! Xonadan chiqishimga yordam qiling!
Ichkaridan qizning burnini tez-tez tortib, yig‘­layotgani eshitildi.
– Qo‘rqmang, sizni bu ahvolda tashlab ketmayman, – dedi Farrux qizga rahmi kelib. – Kap-katta qiz, yana samolyotda uchadigan kishi ham yig‘laydimi? Qo‘ying, xafa bo‘lmang. Ikkovlashib bir amallab eshikni ochamiz, bo‘lmasa sindiramiz.
– Soatingiz necha bo‘ldi? – ichkaridan so‘radi qiz.
Farrux «uf» tortib soatiga qaradi. Soat sakkiz-ga yaqinlashayotgan edi. Gulnozaning poezdi jo‘nashiga ham kam vaqt qolayapti. U esa notanish qiz bilan ovora.
– Vay, soat allaqachon sakkiz bo‘lib qoldimi? Samolyotdan ham qolib ketamanmi? – dedi qiz eshikni jahl bilan itarib, kalitni burarkan. Kalit esa uning ustidan kulgandek sharaq-shuruq etib aylanar, qulf esa ochilmasdi. Farrux ham eshikni orqasidan itardi, tortdi. Qulf dastasini bosib ham, ko‘tarib ham ko‘rdi. Qiz kalitni eshik pastidagi tirqishdan Farruxga uzatdi. Farrux kalitni olib, qulfga solib burab ko‘rdi. Kalit buralar, ammo qulf ochilmas edi. Vaqt o‘tib borardi. Farrux ham ancha harakat qildi, ammo natija bo‘lmadi.
Farruxning xayoliga bu, boshqa kalit bo‘lsa kerak degan fikr keldi.
– Qarab ko‘ring-chi, bu boshqa kalit bo‘lmasin ta­g‘in, – dedi Farrux. – Nuqul aylanib ketayapti-yu, le­kin ochmayapti.
– Haqiqatdan ham shundaymi-ya? – dedi qiz ham hayajon aralash.
Ichkaridan qizning nimalarnidir qidirayot­gan­ligi, stol tortmasining ochilib yopilgani eshitildi. Nimadir taraqlab tushib ketdi. Qiz ancha qidirdi.
– Eh, kallam qursin, kalit bu yoqda ekan-ku! – dedi quvonch bilan qiz. – Mana, 222-xonaning kaliti! Deraza tokchasidagi kitob tagida ekan. Men adashib, boshqa kalit bilan eshikni ochmoqchi bo‘libman.
Farrux eshikka qaradi. Eshik ustiga "222-xona" deb yozilgan ko‘rsatgich o‘rnatilgan edi.
– Xayriyat, kalit topildi. Bo‘lmasa, eshikni sindirar edik. Keyin esa akangiz eshik uchun tovon ham to‘lar edi.
Qiz topgan kalitini qulfga solib buradi. Qulf bir marta “shirq” etdi. Qiz ikkinchi bor kalitni buradi. Qulf yana “shirq” etgan tovush chiqardi. Farrux sabri chidamay eshikni itardi. Eshik ham shuni kutib turganday ovozsiz ochildi.
– Mana, xayriyat sizni ham ozod qildik! – dedi Farrux yengil tortib va shoshilib soatiga qaradi. Soat roppa-rosa 830 ni ko‘rsatar edi.
Uning fikr-u xayoli vokzalda, Gulnozada edi. Soatni ko‘rdi-yu, qo‘ltig‘idan tarvuzi tushib ketgan kishidek bo‘shashib ketdi. Poezd Toshkentdan allaqachon Qarshi tomon jo‘nagan edi. U esa qandaydir bir notanish qizni deb, Gulnozani kuzatolmay qoldi. Gulnoza uni qancha kutgan. Aniqki, Farruxdan xafa ham bo‘lgan. Attang... Endi ertaga birinchi avtobus bilan Qarshiga jo‘naydi. Ishlari qolsa qolaversin. Avval Gulnoza bilan gaplashib olishi kerak. Avtobusdan tushiboq, ularnikiga boradi.
Farrux Gulnozani allanechuk sog‘inib ketdi. Uning qo‘llaridan ushlagisi, uning ovozini eshitgisi keldi. U Gulnozalarnikiga boriboq, unga barchasini aytadi, ko‘nglini to‘kib soladi. To‘ylari haqida, kelajak haqida gaplashadilar. Balki to‘yni ham boshlab yuborishar. Keyin ikkisi Toshkentga qaytadi. Birga o‘qishga qatnaydilar. Bir umrga u bilan birga bo‘ladi!
– Salom! Siz mening haloskorim bo‘ldingiz! –
Qizning sho‘x ovozi uni o‘ziga keltirdi. Farrux xayollari og‘ushidan chiqib qizga qaradi. Uning qarshisida sarg‘ish jingalak sochlari yelkasiga tushgan, ko‘kimtir ko‘zlari javdirab turgan, kipriklari uzun-uzun, uy ki­yi­midagi 17 yoshlar chamasidagi bir qiz turardi. Qiz­ning ko‘zlarida yaqinda yig‘laganligini ko‘rsatuvchi yosh izlari bo‘lsa-da, “tutqunlikdan” ozod bo‘lganidan – xona eshigi ochilganidan xursand bo‘lganidan baxtiyor charaqlardi. Farruxga bu qiz ilgari qaerdadir ko‘rgandek, tanish tuyuldi. Lekin jahli chiqib turgani uchun bu haqda o‘ylab o‘tirmadi.
– Eh, xaloskordan ham o‘rgildim, sizdan ham, – jahl aralash g‘o‘ldiradi Farrux. – Sizni deb hamma ishim rasvo bo‘ldi. Poezdga ham kech qoldim. Farrux alamidan qizning akasi sha’niga bir-ikki og‘iz achchiq gap aytmoqchi ham bo‘ldi-yu, lekin befoydaligini o‘ylab o‘zini tiydi.
– Vay, meni deb siz ham poezdga kech qoldingizmi? Qaerga ketmoqchi edingiz? – gunohkorona, yalinchoq ohang­da gapirdi qiz. – Meni kechiring, siz men tufayli ushlanib qoldingiz.
Qizning ko‘zlaridagi quvonch o‘rnini ma’yuslik egalladi. Uning bu holatidan Farrux xijolat tort­di. O‘zining qo‘polligidan uyaldi.
– Yo‘-o‘g‘, – g‘udrandi u, – bir do‘stimni poezdga ko‘­zatib qo‘yishim kerak edi.
– Poezd soat nechada jo‘naydi? – tortinib so‘­radi qiz va boshini bir yoniga egib Farruxga qaradi. Qizning jingalak sochlari yuziga, ko‘zlariga tushdi. U kipriklarini tez-tez yumib ochdi va ko‘zlariga tushgan sochlarini barmoqlari bilan tepaga ko‘tardi.
– Men kuzatishim kerak bo‘lgan poezd ham, sizning samolyotingizdek ketib bo‘ldi. Endi shoshadigan joyim yo‘q. Bir amallab yotog‘imga borib olsam bo‘ldi, – dedi Farrux.
Qiz Farruxni o‘tirishga taklif qildi. Farrux yana soatiga qaradi va Gulnozaning jo‘nab ketganiga to‘liq ishonch hosil qildi.
– Kun uzog‘i yuraverib, rosa charchadim, – dedi va stol yoniga qo‘yilgan stulga o‘tirdi.
Qizga qaradi. Uning sariq jingalak sochlarini kimgadir o‘xshatdi. Lekin eslayolmadi. Keyin esa xonaga nazar soldi. Xonada to‘rt temir karavot bo‘lib, har birining oldiga bittadan tumbochka qo‘yilgan. Eshikdan kiraverishda esa uch eshikli baland javon turardi. Polga xonaning butun bo‘yini olgan ingichka gilamcha to‘shalgan. Xona to‘rida turgan tumbochka tepasiga katta harflar bilan qo‘lda chiroyli qilib yozilgan dars jadvali ilib qo‘yilgan. Javon oldida, polda, yo‘l sumkasi. Deraza tokchasida elektr choynagi. Xona toza, yig‘ishtirilgan. Pollar yaqinda yuvilganligi bilinib, yaltirab turipti. Farrux xonani kuzatar ekan, xayoli yana Gulnozaga ketdi. Gulnoza hozir poezdda ketayapti. Qanday joylashdi ekan. Yuki ko‘p edi. Poezd­ga chiqishda qiynalmadimikan?
– Juda charchabsizmi deyman? – qizning so‘zi Farruxning xayolini bo‘ldi. – Men hozir choy qo‘yaman. Sizlar ham ko‘k choy ichasizlarmi? Bizning Namongonda ko‘k choy ichishadi. Yoki qora choy ichasizmi?
– Yo‘q, yo‘q. Tashvish qilmang. Men hozir ketaman, – ketishga chog‘landi Farrux.
– Bizning Namongonda mehmonni bunday jo‘na­tishmaydi.
– Qo‘ysangiz-chi, men mehmon emasman. Aytmoqchi, is­mingizni ham so‘ramapman? – savol berdi Farrux.
– Dildora, – dedi qiz. – Akam meni hamisha Dildor, deb chaqiradilar.
– Men esa Farrux. Meni hamma “Farrux” deb cha­qiradi.
Qiz tabassum bilan yigitga qaradi.
– Mening ustimdan kulayapsizmi?
– Yo‘q. Nega? Kulgili gapirmadingiz-ku.
Qiz yerga qaradi.
– Namangan shahridanmisiz? Namanganlik kurs­doshlarim bor.
– Ha, shaharning o‘zida turamiz. Parkning orqa­si­dagi ko‘chada yashaymiz. Namongonda bo‘lganmisiz? Juda chiroyli shahar. Ayniqsa parkimiz juda ham chiroyli.
– Yo‘q, bo‘lmaganman. Kursdoshlarim ko‘p taklif qi­lishdi. Borolmadim.
Qiz suv keltirib, elektr choynakda choy qo‘ydi. Javon tortmasidan konfet va quruq mevalar chiqardi.
– Siz endi qanday qilib uyingizga ketasiz? Samolyotdan kech qoldingiz. Kechasi avtobus bo‘lmasa kerak. – Farrux savol nazari bilan qizga qaradi.
– Ertalab soat 7 da samolyot uchadi. O‘shanga chi­qarman. Lekin uydagilar bugun meni kutishga aeroportga chiqishgan. Ertalab ularga kechqurungi reys bilan uchib borishimni aytgan edim. Dadamlar juda xavotir olishadi. Samolyotga kech qolganligimni bildirishim kerak, – qiz vahima aralash gapirdi.
– Uyda telefon bormi, qo‘ng‘iroq qilib aytsangiz? Yotoqxonaning orqasida shaharlararo telefon avtomati bor.
– ATS bormi? – xursand bo‘lib ketdi qiz. – Albatta, xabar berib qo‘yishim kerak.
– Xohlasangiz, hozir chiqib, qo‘ng‘iroq qiling.
– Yaxshi bo‘lar edi, – dedi qiz.
Elektr choynagi qaynaganligini bildirib “hush­tak” chalib qoldi. Dildora choyni damlab, stolga olib keldi. Choyni qaytardi.
– Samolyotda bir o‘zingiz uchishga qo‘rqmaysizmi? – hazil aralash so‘radi Farrux.
– Samolyotda birinchi uchishim emas. Bir necha marta Toshkentga kelib ketganman. Moskvaga ham borib keldim.
– Moskvaga? Moskvada nima qildingiz? – hay­rat­lanib so‘radi Farrux.
– Tanlovda qatnashdim?
– Qanday tanlovda?
– “Yosh yulduzlar” tanlovida.
– “Yulduz”misiz?! Qarang-a! Baxtim chopib “yosh yulduz” bilan tanishibman-da, – hazil qildi Farrux. – Poezddan kechga qolganimga arzir ekan.
Farrux shunday dedi-yu, Gulnozani kuzatolmay qolgani esiga tushib, quvonchi tatimadi. Shu qizni deb Gulnozani kuzatolmay qoldi. Endi bo‘lsa, charchab turganida uni ATSga ham olib borishi kerak.
– Yo‘q, – qiz boshini silkitib sho‘x kuldi.
– “Yulduz” emasman, ammo “yulduz” bo‘lish niyatim yo‘q emas. Hozircha yosh xonandaman.
Qiz Farruxga choy quyib uzatdi, o‘ziga ham quydi. Suhbat davomida Dildora bolaligidan qo‘shiq aytishga qiziqishini, Toshkent shahrida bir yil davomida konservatoriya qoshida mashhur vokal ustasi Pavel Mixaylovich Borisovdan dars olganligini va shu yil Toshkent davlat konservatoriyasining vokal bo‘limiga o‘qishga kirganligini aytdi.
Keyin ular ATSga borishdi. Namangan bilan bog‘­lanish nimagadir qiyinroq bo‘ldi. Qandaydir uzilish sababli Dildoraning uy bilan ulanishiga bir soatdan ko‘proq vaqt ketdi. Oxiri Dildora uyidagilari bilan bog‘lanib, ularga samolyotga qanday qilib kech qolganligi sababini va ertalab birinchi reys bilan uchib borishligini aytdi. Ular xonaga qaytib kelishganida tun yarmiga yaqinlashib qolgan edi.
Farrux ketishga chog‘landi.
– Men endi qaytsam. Yolg‘iz o‘zingiz qo‘rq­maysizmi?.
Dildora hech qachon kechasi bir o‘zi qolmagan edi. Yolg‘izlikdan qo‘rqardi. Shuning uchun ham Farruxning ketishini istamadi. Lekin notanish bir yigit bilan kechani bir xonada o‘tkazishni o‘ylab cho‘chidi. Farruxning savoliga nima deb javob berishni bilmay, ikkilanib qoldi. Buni tushungan Farrux stulga qaytib o‘tirdi. Ular ancha mahalgacha suhbatlashib o‘tirdilar. Qiz Farruxga o‘zining yaxshi ko‘rgan xonandalari haqida gapirib berdi. Ularning qo‘shiqlaridan xirgoyi qildi. Anna German sevimli qo‘shiqchisi ekanligini aytdi.
– Sizga Anna German yoqadimi? – so‘radi qiz.
– Juda ham, – dedi Farrux.
– U mening jonu dilim, – dedi qiz. – Men unga taq­lid qilishni yaxshi ko‘raman. Oyim bo‘lsalar, hech kimga taqlid qilma, o‘z uslubing bo‘lsin, deydilar. Men esa Anna Germanga o‘xshashni xohlayman. Shuning uchun ham sochlarimni unikidek qilib qirqtirganman. Qiz sochlarini ushlab qo‘ydi. – O‘xshaydi-ya...
Farrux shu paytgacha qizning sochlariga e’tibor qilmagan ekan, qizning bu gapidan keyin uning sochlariga zehn solib qaradi. Haqiqatdan ham qizning sochlari xuddi Anna Germanning sochlaridek sariq, yelkasiga tushgan, to‘lqinsimon edi. Ko‘zlari ham ko‘kimtir. U qizni birinchi ko‘rganida kimgadir o‘xshatgan edi. Endi esladi. Uni Anna Germanga o‘xshatgan ekan.
– Nega sochlaringiz sariq? Bo‘yadingizmi?
– Yo‘q. Hamma mendan shuni so‘raydi. Sochlarim o‘zi shunaqa. Oyim – pomirlik, tojik. Aytishlaricha pomirliklar Aleksandr Makedonskiy avlodlari emish. Dadam Dushanbeda o‘qiganlar. O‘sha yerda oyim bilan tanishganlar. Ularning ham sochi sariq, ko‘zlari ko‘k. Dadam, “Ko‘kko‘zginam”, deb erkalaydilar. Oyim ham bunga ko‘nikib qolganlar.
Farrux Dildoraning bunchalik soddaligiga ichida kulib qo‘ydi.
Keyin gap Anna German ustida ketdi. Farrux maktabda o‘qib yurgan chog‘larida artist bo‘lishni havas qilgan edi. U fortepiano maktabini tugatib, pianinoda kuylarni yaxshigina chalar, Botir Zokirov va boshqa o‘zbek estrada “yulduz”larining ashulalarini mashq qilardi. Keyinchalik esa jurnalistikaga qiziqishi ustun keldi. Ashula aytish bilan bo‘sh vaqtlarida shug‘ullandi. Do‘stlari davrasida bo‘l­ga­nida qo‘shiqlar aytib berib, ularning davrasini qizitardi. U jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirgach, san’atni sevgani uchun, san’at mavzusida yozishni tanladi va taniqli san’atkorlar, artistlar ijodi va hayotini o‘rgandi. Shuning uchun ham Anna German to‘g‘risidagi gaplar uni qiziqtirib qo‘ydi. Ular xonandaning hayoti, uning O‘zbekistonda, Xorazmning Urganch shahrida tug‘ilgani, hayotining oxirida og‘ir kasallikka chalingan bo‘lsa-da, sevgan kasbi ustida tinmay ishlagani, yangi qo‘shiqlar ijro etgani haqida gaplashdilar. Farrux qizdan Anna German ashulalaridan aytib berishini iltimos qildi. Dildora Farruxni yalintirib o‘tirmadi. Xonandaning “Beryoza” va “Nadejda” qo‘shiqlarini xirgoyi qildi. Qiz ayniqsa, «Nadejda» ashulasini shunday maroq bilan kuyladiki, Farruxning ko‘zlaridan yosh chiqib ketay dedi. Dildora Anna German bu qo‘shiqni o‘zining Moskvadagi oxirgi safari paytida aytganligini gapirib berdi. Keyin esa bu safar paytida Anna German va Lev Leщenkoning birgalikda aytgan «Exo lyubvi» qo‘shig‘ini qanchalik ustalik bilan kuylaganligi, qo‘shiqning yozilish tarixini gapirdi. Farruxga Anna German bilan bir qatorda Lev Leщenkoning ashulalari ham juda yoqar, uning ko‘p qo‘shiqlarini yoddan bilardi. Shuning uchun ham Dildora Anna German bilan Lev Leщenkoning birgalikda aytgan «Exo lyubvi» qo‘shig‘i haqida gapirganida uning butun vujudi titrab ketdi. Shu ashulani eshitgisi keldi, ayniqsa uni Dildora ijrosida eshitishni istadi.
– Anna German sizning qanday jonu dilingiz bo‘lsa, Lev Leщenko ham mening jonu dilim, – dedi Farrux hazil qilib. – Iltimos qilar edim, shu qo‘­shiq­ni aytib bersangiz.
– Bu duet-ku, – dedi qiz jilmayib. – Men hamma so‘zlarini bilaman-u, lekin bir o‘zim aytsam, unchalik durust chiqmaydi va tabiiyki sizga yoqmaydi. Men esa reytingimni tushirishni istamayman.
– Unda... Qani boshlang, men sizga qo‘shilaman, – dedi Farrux.
– Nima, siz Lev Leщenkomisiz? – Yarim hayra­to­muz, yarim hazil bilan gapirdi qiz.
– Siz Anna German bo‘lganingizda, men Lev Leщenko bo‘lsam nima qilipti?
Ikkalovi baravariga kulib yuborishdi.
– Bo‘pti, – dedi Dildora va qo‘shiqning kuyini eslab olish uchun uning musiqasini xirgoyi qildi va keyin qo‘shiqni mayin tovushda ayta boshladi. Farrux uning tovushini eshitib lol bo‘lib qoldi. U ashulaning so‘zlarini berilib tinglarkan, qo‘shiqning jo‘shqin ohanglarida osmonga uchib ketayotgandek sezardi o‘zi­ni. U qanday qilib qizga jo‘r bo‘lishni o‘ylardi. Ke­yin o‘zini qo‘lga oldi va qo‘shiqning o‘ziga tegishli misrasi kelganda hayajon bilan kuylay boshladi.
– “Mne do tebe, gde bы tы ne bыla,
Dotronutsya serdtsem ne trudno.
Opyat nas lyubov za soboy pozvala».
Qiz unga jo‘r bo‘ldi:
– “Mы exo, mы exo, mы dolgaya exo drug druga,
Mы pamyat, mы pamyat, mы zvezdnaya pamyat drug druga”.
Ular qo‘shiqni birgalikda: «Mы dolgaya exo drug druga» misralari bilan tugatdilar. Farruxning butun vujudi hayajonga to‘lgan edi. Qiz qo‘shiqni shunchalik mahorat bilan aytdiki, Farrux unga jo‘r bo‘lar ekan, qo‘shiq kuylari ichida erib ketdi. Go‘yoki qo‘shiq ohang­lari bilan yulduzlar olamiga borib qolgandek edi. Qo‘shiq tugagach, o‘rnidan irg‘ib turib, qizning qo‘llarini o‘pmoqchi, uning oldida tiz cho‘kmoqchi bo‘ldi. Lekin o‘zini tutdi. Uning ko‘zlari yonar, hayajondan yuzlari cho‘g‘dek lovillardi. U Dildoraga tashakkur bildirdi va uning katta iste’dod sohibasi ekanligini aytdi.
– Juda maqtab yubordingiz. Ko‘p maqtamang, qi­zarib ketaman, – dedi Dildora soddalik bilan.
Vaqt ham allamahal bo‘lib qoldi. Qizning ko‘z­larini uyqu elitdi. U karavotning chekkasiga boshini qo‘yganicha uyquga ketdi.
Farrux sekin turib, karavotdagi yengil ko‘rpani qizning yelkasiga yopib qo‘ydi. Qiz yengil nafas olib miriqib uxlar, uning ko‘zlari xiyol ochilgan, uzun mijjalari go‘yoki gapirayotgan vaqtida pirpirayotgandek ko‘rinardi. Yuzlariga tushgan mayin, jingalak sochlari nafasidan tebranar, bu ham unga joziba bag‘ishlardi.
Farruxning qalbida qizga nisbatan qandaydir tuyg‘u, mehr, o‘zi ilgari sezmagan-tushunmagan his jo‘sh urardi. Uning qarshisida inson zoti emas, go‘yoki bir samoviy xilqat uxlar edi. Farrux qizning sochlarini silamoqchi bo‘lib asta egildi. Qo‘llarini sekin uning sochlariga olib bordi. Lekin teginishga jur’at etmadi. Qizning qarshisida o‘tirib unga uzoq tikildi. Uning nafasini tingladi. Yurak tepishini ham sezayotgandek bo‘ldi. U qiz bilan birgalikda aytishgan duetning bir bandini o‘zi anglamagan holda ichida qaytarar, bu qo‘shiq uning butun vujudi va borlig‘ini qamrab olgan, o‘zi ham shu qo‘shiqqa aylanib, qo‘shiq olamida suzib yurardi.
U tushida Dildorani ko‘rdi. Katta, yorug‘ sahna. Dildora sahna o‘rtasida oq harir ko‘ylakda. Uning to‘lqinga monand sochlari yelkasi uzra oltindek tovlanar, o‘zidan nur taratardi. Qiz orkestr sadolari ostida Anna Germanning qandaydir qo‘shig‘ini kuylar, guyoki qo‘shiqni Farrux uchun aytayotgandek emish. Farrux unga intilar, lekin odamlar ko‘p, Dildora turgan yorug‘ sahna undan uzoqda, balandda emish. U juda ham ko‘p odamlar orasida bo‘lsa-da, Dildora uni ko‘rayotgan va aytayotgan qo‘shig‘ini unga yo‘llayotgan emish. U esa qo‘llarini uzatib, Dildorani qutlar, unga intilar, yuragi qo‘shiq ohangidan gupirardi. U Dildoradan “Sevgining aks-sadosi”ni aytishini so‘rar va o‘zi ham jo‘r bo‘lishini bildirar emish. Lekin Dildora boshqa qo‘shiqni kuylar va Farruxga qarab, boshi bilan “yo‘q” ishorasini qilib, jilmayar emish.
Ko‘ziga tushgan quyosh shu’lasi va derazadan kelayotgan musiqa tovushi Farruxning uyqusini buzdi. U cho‘chib uyg‘onib ketdi.
U ko‘zini quyosh shu’lasidan olib qochib, xonaga qaradi. Xona yig‘ishtirilgan. Qiz yotgan karavot bo‘sh. O‘zi esa yo‘q.
Stol ustida bir varaq qog‘ozga chiroyli harflar bilan:
“Farrux aka, sizga katta rahmat. Meni deb ancha aziyat chekdingiz. Uzr. Telefon raqamimni bilasiz. Qo‘ng‘iroq qilsangiz, xursand bo‘laman. Dildora.
P. S. Iltimos, xona kalitini pastdagi navbatchiga berib qo‘yarsiz”.
Farrux xatni o‘qib, soatiga qaradi. Dildora uchgan samolyot Namanganga allaqachon qo‘ngan. Qiz uyiga yetib olgan bo‘lishi kerak.
U xatni yana qaytadan o‘qidi. Keyin esa uni eh­tiyotlik bilan qatlab, ko‘ylagining cho‘ntagiga soldi. Tez yuvindi va qat’iyat bilan telefon stantsiyasi tomon yurdi.

“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 10-son

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.