Boboyor “Armiyadan o‘ris xotin olib kelibdi”, degan gap u darvozadan kirmasdanoq qishloqqa tarqab ulgurdi. Birov hayron, birov ishonmagan. Qishloqning xotinlari Salima boybichchaga to‘zim tilashsa, oqsoqollar Shermurod mulloga achinib soqol silashadi.
Abdulla rais ham jo‘rasidan xabar olgani, ham askar to‘yning daragini bilgani kirdi. Hech nima bo‘lmaganday salom-alik qilgach, gapni uzoqdan boshladi.
– Dashtig‘ozda Choriboy nevarasining sunnat to‘yiga aytib ketdi, ko‘pkari ham berayotganmish, sizni ham chaqirdimi?
Mulla Shermurod boshini irg‘ab qo‘ydi.
– Bozor kuni Salim dallolnikida hashar ekan, kenjasiga imorat ko‘tarmoqchi, – qalin soqolini barmoqlari bilan taradi Abdulla rais.
Jo‘rasi bir nuqtaga termulib miq etmay o‘tiraverdi. Abdulla rais chidolmadi.
– E, bo‘ldi-da endi, baqrayib o‘tiraverma. Nevarang bir yoshlik qipti-da, balki bu poshikasta qishloq sharoitiga ko‘nikmay hafta o‘tar-o‘tmas jo‘nab qolar.
Shermurod xo‘rsindi.
– Bu bola meni yerga kirguday qildi. Ne-ne niyatlar bilan Qur’onni yodlatdim, qiroatni o‘rgatdim. Qudrat hojining betiga qanday qarayman endi. Nevarangni o‘zim kelin qilaman, Boboyor armiyadan kelsa to‘yni boshlaymiz deb qancha joylardan qoldirib edim.
– Jo‘ra, hozirgi yoshlarga bir nima deb bo‘ladimi, peshonasiga shu qiz yozilgandir-da. Hojini esa o‘ylama, o‘zim sekin tushuntiraman. Endi, qovog‘ingni och bunday. Askar to‘yni boshla, nevarang eson-omon kelganiga shukur qil. U qiz ham birovning jonday farzandi, bolasini uzoq yurtga yuborib o‘zlari qon yutib o‘tirgandir.
– E, detdomda o‘sgan, ota-onasining tayini yo‘q ekan, yur desa ergashib kelavergan, – dedi mulla tutoqib.
– Endi, ular o‘zi shundayroq-da, – jo‘rasini ovutgan bo‘ldi, rais. – Mayli, men turay, tuxum bosib o‘tiravermay mahalla-ko‘yga chiq.
Abdulla aka choponi barini silkitib o‘rnidan turdi.
Rais ketgach mulla kampiri Tunuq momoga:
– Anov xotinli boybachchani chaqir, gapim bor, – dedi.
Tunuq momo o‘g‘li Shomurodga im qoqdi.
– Otang Boboyorjonni so‘rayapti.
Otasining vajohatidan nimadir qarorga kelganini sezgan Shomurod:
– Ota, nevarangiz bir bolalik qipti, meniyam boshim qotgan, poshikastani bir o‘zini orqasiga qaytarib yuborsak qanday bo‘ladi? – dedi sekingina.
– E, chaqir ulingdi!
Boboyor bobosining boloxonasiga kirishdan oldin chuqur-chuqur nafas oldi.
Mulla nevarasining chayir gavdasi, kuchli muskullariga qarab yoshligi esiga tushib, biroz ko‘ngli yumshadi. Yoshlikda, ba’zan qilayotgan ishini aqli bilmaydi.
– Ha,chidolmadingmi, ketishingdan oldin aytsang uylantirib qo‘yardik, begona bir qizni benikoh uyga yetaklab kelishga uyalmadingmi?
– Unga qo‘limniyam tekkizganim yo‘q, ko‘ngil millat tanlamas ekan, nikohimizni o‘zingiz o‘qisangiz, bobojon, – dedi qizarib Boboyor.
Mullo bir oz jim o‘tirgach:
– Nikohingni o‘qiganim bo‘lsin, lekin mening ko‘zimga ro‘mol, lozimsiz ko‘rinmasin, – dedi.
Boboyor suyunib ketdi.
Hafta oxirida ovul-hamsoyani chaqirib askar to‘y bahona kichikroq to‘y berishdi, kelin-kuyovning nikohi o‘qildi.
Mullo ancha paytgacha Qudrat hojidan qochib yurdi. Oxiri Abdulla raisdan bo‘lar ish bo‘ldi, nevarasining ishi deb jo‘rachilikdan kechmayman, mendan qochmasin deb ayttirib yuborgach, choyxonaga chiqdi. Jo‘rasining ko‘zi-ko‘ziga tushgach “bizning aytganimiz har doim ham bo‘lavermas ekan”, dedi sekingina, Qudrat hojiga qo‘lini uzatib.
Shomurodning to‘ng‘ichi Shodiyorga tomorqaning to‘ridan imorat ko‘tarishgan. Boboyor harbiydan kelishi bilan uylab Shodiyorni ko‘chirishni o‘ylab turishgan edi. Ammo “bu chulchut ro‘zg‘orni eplaydimi-yo‘qmi, Shodiyorni hali ko‘chirmaymiz” deb turib oldi Salima boybichcha.
– Bilmasa, o‘rgat, qara, chaqqongina ekan, – Shomurod xotiniga norozi bo‘lib qaradi, – uyam kelining.
Salima uni qozon-tovoqqa yaqinlashtirgisi kelmadi. Ular harom-halolning farqiga bormaydi dedi eriga. Ammo ering sevdi, eling sevdi deganday o‘g‘lining ko‘ngliga qarab, sekin-asta unga yon bera boshladi. O‘ris kelinning ismi Sveta ekan. Boboyor o‘zbekchasiga Oydin bo‘ladi degach, Oydin deb chaqira boshlashdi. O‘ris kelin ochiqqina, pishir-kuydirga usta ekan. U nonushtaga har kun quymoq pishirib qo‘yadi. Tushlikka albatta biror tansiqqina taom tayyor. Shodiyorning xotini ham ovsinining tiliga tushunmasa-da bir pasda inoqlashib ketdi.
“Mama, mam” degan so‘zlari Salima boybichchaga ham yoqimli eshitila boshladi. Hech ro‘mol o‘rab ko‘rmagan bu antiqa kelinchak uni eplashni ham bilmasdi. Goh yerda, goh hovlidagi gullarning novdasiga ilashib qolgan ro‘molini qayinsinglisi Ro‘zigul topib kelar, u kulganicha qayta o‘rashga tushar edi.
Beshinchi sinfda o‘qiydigan Ro‘zigulga o‘ris chechasi yoqib qolgan edi. Maktabga ketgunicha sochini chiroyli turmak qilar, unga ruscha qo‘shiqlar o‘rgatardi.
Besh-olti oydan so‘ng Oydin ham binoyiday o‘zbekcha gapiradigan bo‘ldi. Boshida Oydin mulla bobodan o‘zini olib qochib yurdi. Uydagilarning boboga hurmati baland ekanligini ko‘rib oilada u “glavniy” ekanligini bilib oldi. Qaynonasi Salima boybichchadan ham vaqtliroq turib oftobani iliq suvga to‘ldirib qo‘yadigan bo‘ldi.
Oydin erta tongda bog‘dan chiroyli gullardan uzib keldi, bankadagi suvga solayotib, tongning totli havosidan to‘yib nafas olarkan, negadir qo‘shiq kuylagisi keldi. Hovlini supurayotib xirgoyi qila boshladi. Oftoba ko‘tarib tahorat olishga ketayotgan mulla bobo uning xirgoyisini eshitib bir pas turib qoldi. Abdulla raisning “uyam birovning jonday farzandi” degan gapi yodiga tushdi. Bechora, ota-onasiz o‘sgan, shuning uchun Boboyorga mehr qo‘yib ergashib kelgandir, deb unga ichi achiganday bo‘ldi.
O‘sha kuni nevarasini chaqirib, markazga oborib kelinni aylantirib kel, deb qoldi.
Boboyor xotini bilan tumanga tushdi, do‘kon aylandi, kinoga tushdi. Er-xotin sho‘x-shodon uyga qaytishdi. Salima boybichcha kelini ko‘hlikkina ekanligini payqadi.
Kelin yanayam ochilib ketdi. Opoqqina sabil, bo‘y-basti ham kelishgan, kiyim yarashadi. Sandiqdan xonatlas olib qizi Ro‘zigulga tutqazdi.
– Oydin chechang bilan Sharbat tikuvchiga olib bor, zamonaviy qilib tikib bersin, yengi uzungina bo‘lsin.
Tongda Salima boybichcha kelinining bog‘ oralab yurganini ko‘rdi.
– Ha, sahar mardon yana gul uzib yuribsanmi?
– Net mama, kisliy olma yegim keldi.
– Bog‘da qizil olmadan ko‘pi bormi, olaver.
– Net, mama, kisliy olma yo‘k, – dedi Oydin
– Nega yo‘q ekan, ana, – qip-qizil olmani uzib keliniga tutqazdi.
– Net, mama, kisliy – tuzli olma, – tushuntirishga harakat qilardi Oydin.
Tuzli olmasi qanaqa ekan. Salima boybichcha keliniga termulib turdi-da, keyin tushunib yetdi.
– Ibi, sho‘r olma yeging kelyaptimi, to‘xta, u bog‘ to‘ridagi hali shira kirmagan qarolidan bir nechtasini uzib keliniga tutqazdi.
– Mama, zo‘r, zo‘r.
Oydin maza qilib qarolini yeyotganini ko‘rib kulimsiradi.
– Ena, Oydin kelinning gumonasi borga o‘xshaydi, chevara ko‘rasiz, – dedi qaynonasiga og‘zi qulog‘ida Salima.
Shodiyorning xotini tushganiga ikki yil bo‘lsa-da, hali farzandi yo‘q. Salima boybichcha siqilib yurib edi, biroz ko‘ngli yorishdi. Ammo bu gapni qaynonasidan boshqa hech kimga aytmadi. Katta kelini Masturani olib do‘xtirga jo‘nadi. Ezilib yurgan bo‘lsa-da, Mastura sirtiga chiqarmas, do‘xtirga ko‘rinishdan ham uyalib yurgan edi. Sezdirmasa-da, qaynonasining ishidan xursand bo‘ldi.
Do‘xtir xotin keliningizning sog‘ligi joyida, biroz davolanishi kerak deganini eshitib Salima boybichchaning ko‘ngli ko‘tarildi, nimaga vaqtliroq kelmadik, dedi ichida. Tuman dorixonasidan do‘xtir aytgan dori-ukollarni oldi.
– Oydinning o‘zi ukol qilib qo‘yadi, do‘xtir deb yurmaysan, – dedi Masturaga. Oydin hamshiralikka o‘qigan ekan, qishloqdoshlarning ukolini qiladi, qanday dori ichish kerakligini aytadi. Tunuq momoga ham qon bosimi ko‘tarilganda kiyiko‘t choy damlab beradi. Momo ba’zan uzundan-uzoq duo qiladi. Biriga tushunib, birga tushunmasa-da, Oydin momo unga yaxshi gaplar aytayotganini sezadi. Salima boybichcha do‘xtir ham o‘zimizdan chiqdi, deydi faxrlanib.
Kuzga kelib Oydinning ko‘zi yoridi. Chaqaloq oppoqqina, bo‘limlikkina. Tunuq momo uni beshikka belab berdi. Oydin bolaning qo‘l-oyog‘i bog‘liq yotganiga rahmi kelib yechib olishga harakat qildi, ammo momo urushib berdi:
– Otasi ham mana shu beshikda katta bo‘lgan, ana bip-binoyidayligi uchun orqasidan dunyoning u burchidan ergashib kelding-ku. Buyam beshikda yotib qo‘chqorday jigit bo‘ladi hali.
Bola hadeb tagini ho‘l qilib bezovta bo‘lmasligini ko‘rib beshik qulayligiga tan berdi Oydin.
Shermurod mullo chevarasining qulog‘iga azon aytayotib otasining Yo‘ldosh jebachi degan polvon bobomiz o‘tgan degan gapi yodiga tushdi. Ajabmas, urug‘ surib bu ham polvon jigit bo‘lsa. Unga Yo‘ldosh deb ism qo‘ydi.
Chillasi chiqquncha chevarasiga Tunuq momo qaradi. Bir kuni tunda Oydin uyg‘onib ketdi. Tunuq momo beshik tebratib alla aytardi.
Quchog‘imni to‘ldirgan, allayo alla,
G‘amlarimni o‘ldirgan, allayo alla.
Otasining polvoni, allayo alla,
Enasining o‘g‘loni, allayo alla.
Goh yig‘i, goh o‘langa o‘xshash bu ajoyib qo‘shiqdan Oydinning qalbida tushuniksiz bir his paydo bo‘ldi. Allasiz o‘tgan bolaligi yodiga tushdi, yuragi to‘ldi, ko‘zidan duvillab yosh oqa boshladi. Ammo endi uning farzandi har kun alla eshitishini o‘ylab ko‘ngliga yorug‘ bir nur indi.
“Yoshlik” jurnali, 2014 yil, 11-son