Pardaxol momo hamsoyasi Qirmiz momo bilan gurunglashib o‘tirgan chog‘ o‘g‘li Juma shirakayf kirib keldi.
— O‘zimni enam, enajonim, — deya Pardaxol momoning pinjiga tiqildi u.
— Bolam, nima balo salom-alikni yeb qo‘ydingmi? Kap-katta erkak enamlab qopsan?
— E, assalomu-alaykum, Qirmiz momo, — deya qiya o‘girilib enasining dugonasi bilan so‘rasha ketdi Jumaboy. — Dimog‘ingiz chog‘mi, Mustafoqul bobom yaxshi yuribdilarmi? Bizning Chori jo‘ra ko‘rinmaydi?
— Jo‘rang toqqa ketgan, moldan xabar olgani. O‘zing yaxshimisan? Aroq ichib olgan ko‘rinasan-a.
Qirmiz momo yengi bilan burnini pana qildi.
— Har kuni ichib yuribmanmi, momo? Samatning magazinida "armeyskiy jo‘ram"ni ko‘rib qoldim. Ko‘p emas, yuz gramm quyib berdi.
Pardaxol momo o‘g‘lini koyiy ketdi.
— O‘lsin shu aroq, yuz gramm ichaverib Gulandom xodimning o‘g‘liga o‘xshab piyonista bo‘p qolsang, bola-chaqangni kim boqadi? Aroq o‘rniga chiroqqa moy olsang bo‘lmasmidi? Kun ora svet o‘chadi. Moy yetkazib bo‘lmayapti.
— Mayli, ena, men bir uxlab turay.
Jumaboy uyga kirib ketdi.
Qirmiz momo dugonasiga hamdard, aroqni chiqarganni qarg‘ay-qarg‘ay o‘rnidan turdi.
— Mayli, dugona, men boray. Nevaralarim izlab yurishgandir.
Pardaxol momo dugonasi bilan xayr-xo‘sh qildiyu xayoli qochdi. Qirmiz eshitdi, butun guzar eshitdi degani. Ertagayoq Jumaboy piyonista degan gap tarqatadi. Samatning oldiga borib ikki og‘iz gapirib kelmasa bo‘lmaydi.
Do‘kon mahallaning eng gavjum joyida. Odam ko‘p ekan. Samat momoni ko‘rib so‘rasha ketdi.
— Assalomu alaykum, momo. Suyaklar yengilmi, dimog‘ingiz chog‘mi? Keling, nima beray?
Pardahol momo koyindi.
— Bolam, sendan xafaman. Jumaboyga rosa aroq ichiribsan? Bir- ikki kosa ber edi, yuz gramm ham berasanmi? Ertaga piyanista bo‘lib qolsa, bola-chaqasini kim boqadi?
Samat kulib yubordi. Do‘kondagi odamlar ham kulib yubordi. Pardahol momo bularning ne sababdan xoxolashayotganini tushunmay jahl bilan iziga qaytdi.
Shu-shu Jumaboyni mahalladoshlari ko‘rsa bir kosa aroq ichib keting deb hazillashadigan bo‘lishdi.