OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nasiba Abdullayeva. Hashar (hikoya)

Chorbog‘da Yodgor jarchini tanimagan odam yo‘q. Kichik bir qishloqda hamma bir-birini taniydi-da dersiz. Yo‘q, uni avval ovozidan tanishadi. Guldurakdek ovozini eshitgan haybatidan ot hurkadigan odam bo‘lsa kerak deb o‘ylaydi, ammo u jikkakkina, serharakat chol. Kampiri Ro‘zixol momo undan ikkita keladi. Aytishlaricha, Ro‘zixol momo ham uni ovozini eshitib yaxshi ko‘rib qolgan ekan. Ovozi uni elga tanitdi, boqdi. Qishloqda to‘y bormi, janozami, hasharmi, kimni moli yo‘qolgan, hammasini jarchi birinchi biladi, kasbining taqozosi-da. Yuvvoshgina kulrang eshagini minib qishloq oralab “ Bugun falonchiboynikiga to‘yga-hoooo” yoki “tusi qora peshonasida oqi bor govmishni ko‘rgan bormi, hooo, aytganga suyunchisi bor”, deb baqirishi bilan hamma hushyor tortadi. Ayniqsa, bolalar uni yaxshi tanishadi. Ishining yurishib ketishi ham shularga bog‘liq. Chunki ular birinchi bo‘lib kimning molini qaerda ko‘rishganini aytishadi, to‘y yoki ma’rakani ota-onalariga yetkazishadi. Shuning uchun u “ishga chiqishidan” oldin cho‘ntagini turshak, mayiz, yong‘oqqa to‘ldiradi. Bolalar ham o‘rganib qolishgan, uning tovushini eshitishi bilan yugurib kelishadi. Yodgor jarchi ular bilan erinmay eshakdan tushib kattalardek qo‘l berib ko‘rishadi, so‘ramasidanoq bolalar ko‘rgan-bilganini aytishadi. Topildiq topilgach egasi belbog‘mi, kallapo‘shmi, tovuqmi, ataganini beradi. Hatto bir marta bir qo‘zi ham tashlab ketishgan. O‘shanda bunday bo‘lgan. Qishloqdagi Fayzi chopag‘onning uloqchi oti yo‘qolib qoldi. Ko‘plar unga xaridor edi, o‘g‘irlab ketishdi, deb o‘ylashdi. Chiqmagan jondan umid deb -Fayziboy Yodgor jarchining oldiga keldi:
— Bobo, ot topilsa bir qo‘zi sizniki, yon qishloqlardan ham surishtiring, ko‘rgan-bilgan bordir.
— Ha, ulim, umidingni uzma, — dalda berdi Yodgor jarchi.
Ertasi tomog‘i og‘rib turgan bo‘lsa-da bir tuxumni yutdiyu eshakka mindi. Suyunchisi uchun emas, Fayzining ahvoliga achinganidan jo‘nadi. Ot egasining ori-da, nima bo‘lsayam topilsin. O‘ziyam ikki kun qishloq oralab chaqirdi. “O‘zi qora ot, old oyoqlari oq, laqabi Kamar. Ko‘rgan bormi hooo, topganga suyunchisi bor hooo”. Ikkinchi kuni Qorabo‘yin qishlog‘idan o‘tayotib yana aytdi. Shunda bo‘yi baland, qorachadan kelgan, qalin qosh tolalari ko‘zining ustiga tushgan bir tojik yigit oldiga keldi.
— Amaki, bo‘ldi qiling, ot menikida. O‘g‘irlaganim yo‘q, bizning baytalning orqasidan ergashib kelibdi, qamab qo‘ydim. Egasiga ayting, olib ketsin.
 Yodgor jarchi xursand bo‘lib, eshagini yo‘rttirib ortiga qaytdi. Ertasi kechga tomon Fayzi chopag‘on va’da qilgan qo‘zini yilqiga o‘ngarib kelib darvoza qoqdi. Jarchi “yo‘q” desayam olmasangiz xafa bo‘laman dedi. Shungayam to‘rt-besh yil bo‘ldi. Hozir o‘sha qo‘zichoqdan to‘ragan qo‘ylar o‘ntaga yetib qoldi.
Yodgor jarchi eshagining to‘qimini yechayotib, xayol surib oshnasi, mahalla oqsoqoli Boboqul kelganini payqamay qoldi.
— Ha, Yodgor, eshagingga qarab, uloqqa chiqsam deb o‘ylayapsanmi? — hazillashdi u.
 — Kel, qani oqsoqol, — jarchi oshnasi tomon yura boshladi. Salom-alik qilgach hazillashdi, — to‘y-po‘yku qilayotganing yo‘q, bilaman, moling yo‘qolgan-ov, bo‘masa o‘zingdan bilib yo‘qlamaysan.
Yodgor jarchi oqsoqolning tashrifini o‘zicha shunday tusmolladi.
— Nafasingni shamol uchirsin, molimni topib bir narsalik bo‘lay deb o‘ylayapsanmi, xomtama bo‘ma, hasharga aytib chiqdim. Ertaga bir xizmat qilasan, yoshu qari hammani chaqirasan. Kechagi seldan keyin loyqa hovuzlarni to‘ldirib tashladi, shuni tozalaymiz, choyxona atrofiga besh-o‘n tup nihol qadaymiz. Bir kun o‘lsang, bolalar bu jarchi boboyam yurgan ekan-da, o‘kirib demasin. Eslasin-da seni ham...
Chollar kulishdi. So‘ngra oqsoqol davom etdi:
— Kenjangni ham olib chiq, hasharchilarga choy-poy tashib turadi, qani o‘zi, ko‘rinmaydi, — u yoq-buyoqqa alangladi oqsoqol.
— Qo‘ylarga o‘t o‘rayapti, — Yodgor chol shunday derkan, nos qovog‘ini olib kaftiga qoqdi.
— Mayli, men boray, omin! — yuziga fotiha tortdi oqsoqol.
— Ha, darrov qo‘zg‘alyapsan? — Yodgor jarchi jo‘rasini o‘tirishga undadi.
— Uydagi ketmon-petmonlarni qarayin, ertaga kerak bo‘ladi, o‘zing ham opchiq.
Yodgor jarchi jo‘rasini kuzatib kelib, hovlida timirskilanib yurgan kampirini chaqirdi.
— Tursuntosh, buyoqqa qara,
— Ha, oshnangiz darrov ketibdi?
— Erta hashar ekan shuni aytgani kepti. Kenjaga ayt ketmonlarni topib qo‘ysin.
Kenja deganlari chol-kampirning tanho qizi Tursuntoshning o‘g‘li. Bobo-momosi bilan yashaydi. Kampiri ikkalasi uch farzand ko‘rdi, ammo ikkitasi peshonalariga sig‘madi. Kampiri, ko‘p eslaydi, bachalarim bo‘limligina edi, ko‘zikkan, hali ham ikkisi ko‘z oldimda turibdi, deydi yig‘lab. Qizi Tursuntoshdan keyin boshqa farzand ko‘rishmadi. Xudoga shukur, hozir beshta nevara bor. Uch o‘g‘il, ikki qiz. Kuyovi bilan qizi kichik o‘g‘lini chol-kampirga berishdi. Ro‘zixol momo kenjani bir yasharligidan katta qilgan. Kenja, Kenja deyverib chol-kampir uning asl otini ham esidan chiqarib yuborishgan. Bir gal kampiri qizidan Kenjaning oti nima deb so‘raganda, Samariddinmi, Qamariddinmi degandi, esida qolmadi.
— Baribir aytishga tilim kelishmaydi, kichkina bo‘lgandan keyin o‘z oti o‘zi bilan Kenja-da, — dedi qiziga.
Ertasi Yodgor bobo sahar turib mol-holga qaradi, eshakka to‘qim urib yo‘lga tushdi. “Mahallaga hasharga hoooo, belkurak, ketmon bilan chiqinglar hoooo”, deya qishloqni bir aylandi. So‘ng uyga kelib choyini ichdi, qo‘ra devoriga suyab qo‘yilgan belkurak bilan ketmonni olib, tushlikka bo‘g‘irsoq qilib, choy bilan Kenjadan berib yubor deb kampiriga tayinladi-da ko‘chaga chiqdi.
 Mahalla choyxonasiga o‘n-o‘n besh chog‘li odam yig‘ilgan, Boboqul oqsoqol nima ish qilishni tushuntirayotgan ekan.
— Avval hovuzni tozalaymiz, keyin ko‘chat o‘tqazamiz, daraxtlarniyam oqlaysilar.
— Oqsoqol bobo, sizlar gurung berib tursalaring bo‘ldi, ish o‘zimizdan ortmaydi, — deyishdi yigitlar.
— Yodgorboy, — oqsoqol jo‘rasiga o‘girildi, — el oralab ko‘p yurasan, o‘zing endi bularni zeriktirmay turasan-da. Yana laqillab ishlarmanning beliniyam sovutib tashlama. Ish o‘zingga qoladi keyin.
— Men nimani aytaman, Boboqul, yoshlarga bizning gurunglar qiziq bo‘maydi.
— Bo‘lmasa o‘zingdan ko‘r, Yodgorboy, siringni ochaman endi, — kulib gap boshladi oqsoqol. Yodgor jarchi oshnasiga qarab chimirildi:
— Biz ham bir nimalarni bilamiz, men-ku bir baqiroq, sen oqsoqolsan, o‘zingga qiyin bo‘lmasin...
Gapga mahtal yosh-yalang ikki cholning gap-so‘zidan kula boshlashdi.
— Bilganingni qil. Sendan qo‘rqadigan joyim yo‘q. Ha, yigitlar, ham ish bo‘lsin, ham gurung. U vaqtlarda biz ham sizlarday bo‘z yigit edik. Ma’rifboy jo‘ramizning to‘yi kuni yuzta-yuzta olib uyga qaytdik. Saltanglashib ko‘chadan kelayotgandik. Salim bodi bor-ku, mulla Salim bobolaring, shul “Kelinglar jo‘ralar, kimning nima orzusi bor aytib, shu kecha duo qilaylik, orzularimiz amalga oshsin” deb qoldi. O‘zing piyon bo‘lsang, qolamasiga bodi bo‘lsang — duong qaergacha boradi deydigan odam yo‘q.
Oqsoqolning gapi shu yerga yetganda Yodgor jarchi piqillab kula boshladi va “gapiraver” degandek jo‘rasiga imo qildi. Oqsoqol davom etdi.
— Shunday qilib barimiz orzumizni aytib ketdik. Men “voenniy” bo‘lishni, Salim urushda yo‘qolgan otasining qabrini topishni orzu qilishini aytdi. Navbat Yodgorboyga keldi. “Jo‘ralar, men shu televizorda chiqadigan chiroyli diktir qiz bor-ku, shuning qo‘lidan bir piyola choy ichishni orzu qilaman” dedi. Bu pismiqda gap ko‘p ekan, kayfchilikda tilidan tutildi. Jo‘ralar barimiz o‘rtaga oldik, ertaga tandir kabob qilib berasan, bo‘lmasa xotiningga aytamiz, Ro‘zixol bu gapni eshitsa seni devordan oshirib otadi dedik. Yodgorboy rozi bo‘ldi, ertasi mazza qilib tandir yedik.
Hamma gurillab kulib yubordi.
— Yodgor bobo, orzu amalga oshdimi, — hazillashdi qo‘shnisi Shomirza.
 — Ho‘v, Mirza, ko‘zingga qara, oyog‘ingni chopib tashlaysan hozir. Birovning orzusi bilan nima ishing bor.
Tag‘in kulgi takrorlandi. Shu kuni hazil-huzil bilan ancha ish qilindi. Qarib, aksar shoxlari quriy boshlagan tutni ildizi bilan yigitlar qo‘porib olishdi. “Sumalakka ishlatamiz” deb kelishib ham olishdi.
Uyga kelgach, Kenja momosiga bu gapni yetkazgan bo‘lsa, ho‘ orzungizga deb qolsa kerak, xayolidan o‘tkazdi Yodgor jarchi. Ammo kampirining qosh-qovog‘i joyidaligini ko‘rib nevarasi hech nima aytmaganini bildi. Kechqurun uxlayotib negadir diktir qiz yodiga tushib ketdi, uyam qarib kampir bo‘lib qolgandir, qiziq, hozir ham chiroylimikin?! Yuz-ko‘ziyam esida qolmabdi.
Yodgor chol yomg‘irda namiqib hali qurimagan supa labiga o‘tirarkan, bugungi yigitlarning ham bir kun kelib keksayishini xayol qildi va beixtiyor titrab ketdi: hayot degani bir paslik mahalla hashariday gap ekan-da, asli. Qurib, qariganini kesishadi, qo‘porishadi. O‘rniga yangisini ekishadi.
Cholning ko‘z o‘ngida ag‘darilgan tut namoyon bo‘larkan, tomorqadan bebosh buzoqchani sudrab chiqib kelayotgan Kenjaga boqib o‘tirardi, ammo uni ko‘rmasdi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 22-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.