Xat qisqa va zardali edi — “Oyto‘ldi enang og‘ir yotibdi. Joni uzilmasdan kel!”— bunaqa dag‘al jumlalarni faqat ammam yozdirishi mumkin, boshqa hech kim. Pashshaning qanotiday keladigan shu bir parcha qog‘ozda ham Oyto‘ldi enamga nisbatan bir umr tark etmagan ta’na-yu dashnomini, o‘zining azaliy munosabatini bildirish uchun “Oyto‘ldi enang” deya istehzo qilgani va bunday pichingu kinoyalar faqat ammamning qo‘lidan kelishini xatni o‘qigandayoq tushungan edim: asli menga yanga bo‘lgan, lekin keyinchalik dadam va onamning xohishi, sa’yi-harakati bilan faqat mening emas, o‘zining yuvoshligi, jonsarakligi, tilidan “jonim”, “jonim” tushmasligi, teng-to‘shlarimning hammasini “o‘zimning bolam” deb erkalashi tufayli barcha qishloq bolalarining ham tutingan onasiga aylangan, ular ulg‘ayib, hayotning tashvishlariga o‘ralashib qolib, o‘z jujuqlariga ham mehr berishga vaqtlari yetmay qolgach, Oyto‘ldi enamning qishloqdagi har bir norasidaga mehr berishga, ko‘nglini olishga, bironta bola og‘rib, yotib qolganini eshitsa, pishiriqlaru tabibchilikdan andak xabardor bo‘lgan otasidan o‘rgangan qaynatmalarni damlab, bir pasga bo‘lsa ham ko‘rib, erkalab kelishga har qanday mahal, har qanday faslda, izg‘irinu jazirada imkon topganidan hayratga tushgan, umr daftarlarining bir burjida hamisha uyining bir chetida ko‘cha to‘ldirib o‘ynayotgan bolalarga havas va orzumand tikilib o‘tiradigan, oldidan o‘tgan har bir bolani uyiga olib kirib, qand-qurslar bilan siylaydigan qiyofada saqlanib qolgan bu o‘ksik ko‘ngil sohibasiga nisbatan mehrlari yanayam oshgan, men tengilarning deyarli hammasining xotirasida qishloq ko‘chalarida yor-yor aytib uzatib kelishayotganda shamol olib qochib ketgan ro‘moli izidan yugurib yurganda bo‘yni-yu ko‘ksini bezab turgan zebu gardon jilosida yuzi xuddi to‘lin oyday yorishib ketgan kelinchak bo‘lib qolgan ayolga nisbatan boshqa hech kim har bir harfida jonu jahonni o‘rtaydigan iddao bilinib turgan bunday so‘zlarni yozishga jur’at etolmasdi. Ammam xat yozibdimi, demak, tutingan enamning ahvoli og‘irligi rost. Yo‘qsa, ammam to‘shakka mixlanib qolsa ham meni bezovta qilishni, tutingan enamni deb shaharga xabar yuborishlariga rozi bo‘lmasdi. Enam sho‘rlik qo‘lini sindirib olganda ham, keyin oyog‘ini ololmay bir qish o‘rnidan turolmaganda ham ammam barcha yaqinlarimizga bu haqda menga bir og‘iz bildirmaslikni tayinlagan edi. “Chivin chaqsa ham jiyanimni chaqirib, sarson qilmanglar, ishdan qoldirmanglar. Duxtur odamning vaqti yo‘qligini o‘zlaring ham bilasizlar. U esa duxturlarning kattasi” deb hammaga o‘z hukmini o‘tkazganini singlimdan eshitgandim. Ta’til payti qishloqqa borganimda bir yilda sahro jazirasida qovjiragan bo‘taday qurib-so‘ligan enamni ko‘rib, tafsilotini eshitganimdayoq ammam shu yo‘l bilan dunyoda jonidan ham yaxshi ko‘rgan va bir umr faqat dardi bilan yashagan akasi – tutingan otam uchun Oyto‘ldi enamdan o‘ch olayotganini va toki tirik ekan, bunday qasoslar va xo‘rlashlar, dashnomu ta’nalar davom etishini sezgandim. Ammam enamga nisbatan juda shafqatsiz va murosasiz edi. Enam bechora esa ammamni ko‘rsa, o‘zini qo‘yarga joy topolmay, kalavasini yo‘qotib qo‘yar, har qanday haqoratli gapini indamay boshini egib eshitar, tutingan otamdan ham ko‘ra ammamning tanbehidan cho‘chir, har bir so‘zini qonun, har bir ishorasini, har bir harakatini o‘ziga norozilik deb bilar, ko‘nglini olish uchun jonini berishga ham tayyor edi. Ammam, garchi enam o‘zining jamalakdosh tengdoshlaridan, bolalik so‘qmoqlarida birga o‘ynab o‘sgan dugonalaridan bo‘lsa ham bu uyda o‘zini xuddi qaynonalarday tutar, kira solib tagiga qalin, toza ko‘rpacha tashlashini namoyishkorona kutib turar, so‘ng agar amakim yo erkak kishi bo‘lmasa, xuddi bu uyning sohibasi va bekasiday uyning to‘riga chiqib o‘tirar, enam esa tik turgancha uning har bir imosiga mahtal turar, ammamning sansirab gapirishiga qaramay, “opajon” deb murojaat qilar, bu uyning xo‘jasi tabiatan o‘zi kabi yumshoq fe’l, yuvosh va kamgap bo‘lgan amakim – tutingan otam emas, butun qishloqda o‘zining tutgan yeridan kesishi, zaharli tili-yu, kim bo‘lishdan qat’iy nazar, odamning betiga tik qarab, shartta gapirishi, odamlarni yuzing-ko‘zing deb o‘tirmasligi bilan nom qozongan ammam edi. Ba’zida dadam, ammamni murosaga chaqirardi: “Huv, Bibi Oyna, kelinni bunchalik xo‘rlama. U uyning o‘z egasi bor. U uyga borib erlik qilma!” Shunday paytlari ammam birdan ko‘ziga yosh olardi: “Og‘ajon, men kuyib ketganimdan shunday qilaman. Akamning yuziga qarab, yuragim o‘rtab, jigarim quvrab qoladi. Akam bechora kunma-kun emas, soat sayin cho‘kib borayapti, tirnoqqa zor o‘tayapti. Bu erkatoy keliningiz esa tug‘ay demaydi! Akamni boshi egik ko‘rgan sayin keliningizni g‘ijimlab, ezg‘ilab tashlagim kelaveradi!” Bu vaj dadamga ta’sir qilar, indamay qolar, lekin baribir “Xudoning ishiga aralashma”, deb qo‘yardi. Bu gap ammamni yanada qo‘zg‘ab yuborardi: “Agar gap faqat xudoda bo‘lsa indamasdim, lekin hamma ayb Oyto‘ldining o‘zida. Bu qorabosgurning o‘zi qisir! Agar akam boshqaga uylanganda allaqachon bir to‘da bolali bo‘lib ketardi”. Dadam ham boshini egib, chuqur xo‘rsinardi. Mening nazarimda har qanday ish qo‘lidan keladigan, yo‘qni ham bor qila oladigan kuchga ega bo‘lgan dadam ham shunday paytlari ojiz va notavon qiyofaga kirar, ammamga boshqa hech narsa demasdi. Oyto‘ldi enamning mana shu uyga kelin bo‘lib tushgandan – ammamning tili bilan aytganda, “sichqon yilidan” buyon farzand ko‘rmayotgani uyimizda deyarli har kuni shu xil gap-so‘zlarga sabab bo‘lar va hamisha shunday xo‘rsiniqlar, ammamning hamisha tayyor turadigan ko‘z yoshlari-yu piqillashlar bilan yakun topardi.
Amakim bilan bir hovlida yashardik. Ularning uylari hovlining etagida edi. Ammo butun hovlining supur-sidiridan tortib, mollarga beriladigan yem-xashakkacha Oyto‘ldi enamning zimmasida edi. U o‘ziga ishonib topshirilgan xonadonni tirnoqqa zor qilayotgani uchun ham shunga mahkumday edi. Buni hech kim tovush chiqarib aytmas, biroq uning boshi ishdan chiqmayotganini bilib-ko‘rib tursa ham, bu yumushlarning yarmi bizning, bolalarining vazifamiz ekanini bilishsa ham na dadam, na onam bir og‘iz biron narsa demasdi. Go‘yo shu bilan ammamning enam haqidagi gaplarini tasdiqlashganday, qo‘llashganday bo‘lardi. Shunday paytlari dadam ham aslida Oyto‘ldi enam haqida ammam kabi o‘ylashini, faqat buni tovush chiqarib aytmasligini sezib qolardim. Men amakimning uyida bola yig‘isi eshitilmayotgani sababli ham yangam o‘zini bu xonadon oldida aybdor deb bilishini, aybdorligini ozgina bo‘lsa ham yengillatish, yumshatish uchun uydagi eng qora ishlarni, pana-pastqamda qo‘ni-qo‘shni ayollardan eshitganim “borib-turgan cho‘rilikni” ham zimmasiga olganini sezardim: bu ishlardan biron marta nolinmas, aksincha kuch-quvvat olayotganday, bu ishlar uning faqat ko‘ngli emas, qaddini ham bukib qo‘ygan dardu-anduhini yengillatayotganday tuyulardi. Men bu ayolning qachon turib, qachon uyg‘onishini shuncha yillar birga yashab hech qachon ko‘rmaganman: tunning qaysi mahali bo‘lishidan qat’iy nazar men uxlayotganda enam hali uyg‘oq bo‘lardi, ertalab tong saharda turgan paytlarim ham enam o‘choq boshida kuymanib yurardi: biz bolalarga xom sutning qaymog‘i, keyin qaynagan sutning tagida qolgan qasnog‘ini o‘z vaqtida tayyor qilib qo‘yar, keyin bizning uni talashib-tortishib yeyotganimizni ko‘rsa, ko‘zlari quvonchdan yonib ketar va yana boshqa ishlar bilan andarmon bo‘lardi. Men enamning charchaganini, bir pas bo‘lsa ham nafas rostlaganini deyarli ko‘rmasdim. Enam hamisha harakatda, hamisha nima bilandir ovora, nima bilandir mashg‘ul edi. Biroq uning hovlini til tegsa yalagudek supurib-sidirganlari ham, uy-ro‘zg‘or uchun ertayu kech jonini jabborga berishlari ham ammamning butun qishloqning har bir ko‘chasida, har xonadonida tug‘ kabi hilpirab turadigan tilini tiyolmasdi. Ammam har ikki kunning birida uning befarzandligini eslatib turardi: “Siz tug‘masni deb akamning armonda o‘tishini istamayman, agar tug‘masangiz, akamni boshqaga uylantiraman!” derdi. Aynan ammamning undovi bilan Katta O‘rada amakim va Oyto‘ldi yangam bormagan avliyo-yu, aziz joylar, tabibu folchilar qolmagandi. Lekin birontasidan naf bo‘lmadi, chog‘i. Ammamning tili tobora yechilib borar, endi bu tug‘ qo‘shni qishloqlarda, bizni, amakimni, dadamni bilgan barcha joyda hilpirardi. Agar Oyto‘ldi yangam hovli supurayotgan, biz suv sepib turganimizning ustiga kelib qolsa, shundan ham yangamni uzib oladigan sabab topardi: “Belingiz og‘rib tug‘magansiz-da, shunday sovuqda bolalarga suv sepdirayapsiz. Qo‘ying, bola shamollab qolmasin, o‘zingiz seping. Baribir shamollaydigan narsa yo‘q sizda!”, derdi. Yangam bir zum titrab ketar, lekin tezda o‘zini tutib olib, bir og‘iz gapirmay, qo‘limizdan suv idishni olib, o‘zi sepishga tushardi. Biz esa yumushdan qutulganimizdan xursand bo‘lib, ko‘chaga yugurardik. Ammam yangamni hamma joyda, ko‘chada, uyda, mehmonda, to‘yda, azada bir ohangda, bir xil muomala bilan ta’qib qilar, ammo yangam biron marta ammam ustidan na dadamga, na amakimga shikoyat qilgan emasdi. U menga hamisha o‘zining aybini bilgani uchun bu haqoratu xo‘rliklarga chidab yashayotganday, bizning avlod-ajdodimiz oldida aybdorday tuyulardi.
Aqlimni hali to‘la tanib-tanimagan yoshimda dadam bir kuni meni yoniga olib, hovli etagiga, bobom kenja o‘g‘limga deb qurgan amakimning uyiga olib bordi. Amakim va yangamni oldiga chaqirdi-da, menga “Endi, o‘g‘lim, siz bu uyning farzandisiz, bularni ota-ona deb chaqiring”, dedi sizlagancha. Dadam bolalarni “siz”ladimi, bo‘ldi, onam ham, boshqalar ham, hammamiz buning nima ekanini bilardik. “Sizlash” dadamning “Bu masala hal bo‘lgan, muhokama qilmanglar”, degani edi. Men xarxasha qildim, qanday qilib yangam menga ena bo‘ladi degan, o‘zimcha yig‘lagan bo‘lsam ham kerak. Yangamning aytishicha, mening yig‘i-sig‘imga dadam parvo qilmabdi. Onamga “Kiyim-kechak, lash-lushini olib kel, shu yerda yotib yursin”, deb chiqib ketibdi. Yig‘lay boshlaganimda Oyto‘ldi yangam, endi tutingan enam kelib, meni bag‘riga bosibdi, keyin o‘zi ham qo‘shilib yig‘labdi. Men uyimizga qarab chopibman. Onam ushlab qolib, “Seni dadang amakingga o‘g‘il qilib berdi, uch kungacha uyga borma, irimi shunday, yangang tug‘gandan keyin qaytarib olib ketamiz”, debdi. Bu gap menga ota-onangdan ajralding deganday ta’sir qilib, xuddi ulardan bir umr ayrilib qoladigandek dod solib yig‘labman, uyni boshimga ko‘taribman. Onam esa ovsiniga qarab, ko‘zida yosh bilan “Bu endi sizning o‘g‘lingiz, uyingizda bola yig‘isi muborak bo‘lsin, iloyo, o‘z bolangizning yig‘isi ham eshitilsin!”, debdi. Yangam, tutingan enam qand-qurs berib, meni avrashga tushibdi. Nima qilganini bilmayman, lekin Oyto‘ldi enam mening ko‘nglimni baribir topibdi: men uning quchog‘ida piqillagancha cho‘ntagim to‘la qand-qurs bilan uxlab qolibman. Bularning hammasini menga keyinchalik ammam aytib bergandi. “Bu qora bosgur, o‘zi tug‘magan bo‘lsa ham bolaning tilini biladi”, derdi ammam alam bilan. Tutingan enamning quchog‘ida o‘sha uxlab qolganim meni bir umr amakim, ya’ni tutingan otam va enamga bog‘lab qo‘ydi. O‘shanda dadam bu uyda boshqa farzand tug‘ilmasligini sezganmi yoki qariyalarning «Tug‘mas ayol bola parvarish qilib, bolaning isini olsa, tug‘ib ketadi”, degan irimi uchun meni amakimga o‘g‘il qilib berganmi, haligacha aniq bilmayman. Ko‘pincha kechalari onamni qo‘msab uyg‘onib ketib, “Uyga ketaman!” deb yig‘larkanman, enam meni ovutish uchun istagan narsamni olib berar, og‘zimdan chiqqanini muhayyo qilarkan. Ertasiga esa kechasi qilgan xarxasham evaziga uyimizda menga va’da qilingan o‘yinchoqlar, shirinliklar, konfetlar paydo bo‘lib qolardi. Aynan shuning uchun ham men akalarimga va tengdoshlarimga qaraganda ertaroq, o‘sha paytda bolalarning ko‘ziga o‘tday ko‘ringan yulduz to‘g‘ali kamar, katta o‘yinchoq mashina, keyinchalik qishloqning oldi bo‘lib velosiped minganman. Taltayib ketayotganim yaqinlarimga bilingan bo‘lsa kerak, ammam bu marta ham Oyto‘ldi enamni malomatlarga ko‘mib tashladi: “O‘zingiz-ku, tug‘maysiz, lekin birov tug‘gan bolani buzayapsiz. Buni ko‘p erkalatmang, ertaga boshingizga chiqib oladi, oldin o‘zingiz tug‘ing-da, keyin taltaytiring!”, dedi. Shundan keyin enam men aytgan narsalarni yashirib olib keladigan, yashirib yediradigan, yashirib o‘ynatadigan bo‘ldi. Men bu narsalarni ko‘chaga chiqib maqtangim kelganda: “Ammangiz ko‘rib qolsa, mening jonimni oladi. Ammangiz urishmasin desangiz, ko‘chaga chiqarmang, shu uyda o‘ynang!”, derdi. Enamning ammamdan cho‘chishlari, yurak hovuchlashlari mening ham bola xayolimga o‘tirib qolgandi: uzoq yillar, toki aqlimni tanigunimcha ammamdan hamisha cho‘chib, qo‘rqib, qorasini ko‘rsam, qochib qolib, uyga kelganda uni ko‘rmaslik uchun ichkariga kirib ketib, toki ammam ketmaguncha uydan chiqmay yurganman. Ba’zida to‘satdan kelib qolganda o‘zimni enamning bag‘riga urib, yig‘lab yuborarkanman. Keyinchalik bu holatimdan, ammamning olabo‘jiga ham, xayolimdagi qo‘rqinchli jonzotlarga ham hech qanday aloqasi yo‘qligini anglab, o‘zimning ustimdan kulib yurgan bo‘lsam ham, lekin enam bir umr ammamdan qo‘rqib, titrab-qaqshab, boshini egib yashadi.
Men endi amakimni “ota”, yangamni “ena” deyishga ko‘nikib, esimni tanib qolganimda yoz kunlaridan birida ammam dadamning oldiga yoqasi tik oq ko‘ylak kiygan yigitni boshlab keldi. Ular xonaga kirib, negadir biz bolalarni ko‘chaga chiqarib qo‘yib uzoq gaplashishdi. Keyin yigit ammam bilan birga qaytib chiqib, biz bilan iliq xayrlashib ketdi. Yigitning ochiqligi, shirinso‘zligi, “tog‘avachcha” deb murojaat qilishi, umuman, muomalasi, meni o‘ziga rom qilib qo‘ydi: uning iliq tabassum balqigan navqiron qiyofasi bir umr xotiramda o‘rnashib qoldi. Bu yigit ammamning ovsiniga katta o‘g‘il, ya’ni bizga uzoqroq qarindosh, jiyan ekanini ancha kunlardan keyin bildim. Uyimizda boshlangan mojarodan Jiyan bekorga kelmaganini tushundim. Ammamning ovsinining aytishicha, Jiyan Toshkentda bir mashhur duxturni tanir ekan, o‘sha duxtur tug‘maslarni ham bir ko‘rishda tug‘dirarkan, hech bo‘lmaganda, tug‘ish-tug‘masligini aytarkan. Xullas, naq avliyoning o‘zi ekan. Qancha befarzandlar sabab topib, uvali-juvali bo‘lib ketibdi. Duxtur xotinlarning qadam bosishiga sinchilik qilarkan, buning uchun er-xotin birga borib, birga ko‘rinishi, barcha tekshiruvlardan birga o‘tishi shart ekan. Faqat shu. Boshqa hech narsa kerak emas. Bu xabarni eshitib, Oyto‘ldi enam biroz dovdiradi. Biron tugal gap aytmay yana yumushlarga unnab ketdi. Ammam uni darhol chaqib oldi: “Ayb o‘zidaligini biladi-da, shuning uchun gezarib ketdi. Aybi fosh bo‘lib qolsa, bunday yayrab yurishiga qo‘yib bo‘pman! Duxtur menga o‘sha bir parcha qog‘ozini bersin, bir kun ham qo‘ymayman, qarindoshlariga olib borib ko‘rsataman, “Mana, isparapka, bizga o‘tkazgan matohlaring tug‘mas ekan!” deyman, shunda akamni boshqaga uylantirmasam, Bibi Oyna otimni boshqa qo‘yaman!” Ammam yangamning tug‘masligi haqidagi shapaloqday hujjatga ega bo‘lishni, keyin shu qog‘ozni ko‘rsatib, amakimning pushti sog‘lomligiga shubha qilayotganlarga, kerak bo‘lsa, butun dunyoga ko‘z-ko‘z qilib chiqishni, shu yo‘l bilan akajoni sha’niga nisbatan paydo bo‘lgan har xil gap-so‘zlarning oldini olishni va yana qishloqda obro‘-e’tiborlari baland bo‘lganligi sababli balki dadam ham aynan qat’iy bir xulosaga kelishi qiyin bo‘layotgan yangamning yaqinlariga ko‘rsatib, masalani shu birgina hujjat bilan bir pasda hal qilishni juda istardi. Dadam bosiq, vazmin kishi edi. Qolaversa, yangam Tersotaning eskicha an’analariga, eskicha munosabatlarga hali ham sodiq qolgan obro‘li xonadonidan edi. Dadam “quda bobo otliqlar bilan gaplashmasdi, lekin bizni o‘ziga teng bildi”, derdi ba’zida. Yangamning otasi bobom bilan nafaqat quda, balki yaqin oshna bo‘lib ham qolgandi: dadam bobom tufayli yangamning barcha qarindoshlarini o‘z jigariday ko‘rar, ammam qanchalik og‘zini to‘ldirib gapirmasin, dadamning oldida ko‘pam yechilib, olovlanib ketavermasdi. Dadamning aytishicha, umri egarchilik bilan o‘tgan, obro‘-e’tibori ham shunga yarasha kamsuqum bobom amakimning talabi bilan qarindosh bo‘laylik deb sovchi bo‘lib borganda, yangamning otasi qizimni so‘rab kelibsiz, jonimni so‘rasangiz ham berardim sizlarga, degan ekan. Buning sababi bizning ota-bobalarimiz bir umr egarchilik kasbidan ro‘zg‘or tebratib, shuning orqasidan rizq terib kelgani ekan. Quda bobo hunar egalarini, ayniqsa, hunarli sulolalarni juda hurmat qilarkan. Qanchalik obro‘-e’tiborlari baland bo‘lmasin, oddiy egarchi bobomni xuddi o‘z jigariday ko‘rgan ekan. Dadam bu voqealarni ba’zan xo‘rsinib, ba’zan mehri tovlanib xotirlardi: mana bir necha yildan beri bobom tufayli o‘ziga otaday bo‘lib qolgan odamning tug‘mas qiziga chidab kelar: go‘yo bir narsa deb qo‘ysa yoki yangam norozi bo‘lsa, xuddi go‘rda bobom bilan quda bobo shoxa ko‘tarib chiqib keladiganday bu masala qo‘zg‘alganda juda og‘rinar, xo‘rsingancha yechimni orqaga tashlardi.
Sezishimcha, keyingi paytda dadam ham bir qarorga kelib bo‘lganday edi. Shu sababli shaharlik duxturning daragi chiqqach, dadam amakimni shaharga borib, ko‘rinib kelishga unday boshladi. Bu taklif amakimga boshdanoq xush kelmadi. Dastlab oyoq tirab turib oldi. Ammo o‘jar, qaysar, akalari ichida gapi qaytmay o‘rgangan ammam amakimdan ham o‘tgan qaysar edi. Bir ishga ahd qildimi, oxiriga yetkazmasdan qo‘ymasdi. Ammam gapni ochiqchasiga ko‘ndalang qo‘ydi: “Otamning go‘rga kirganiga yetti yil bo‘lgan oshnasi deb yetmish yil chidamaymiz. Yetar shuncha yil sabr qilganimiz. Agar shu bilan ham qo‘zilamasa, bu tug‘mas xotindan ajralasiz, boshqaga uylantiramiz. Nima, boshingizga yostiq qilarmidingiz bu bepushtni?! Buning ko‘zini o‘ynatib, bir farzandli bo‘ling.”
Bunaqa gaplardan mutaassir bo‘lib, biri mingga aylangan amakimning gungu mulzam bo‘lib, boshini egib o‘tirganini ko‘rganda ammamning fig‘oni mo‘risidan qop-qora tutun chiqib ketardi: “Qanday odam edi-ya, akaginam! — derdi ko‘zlariga yosh olib, — Qorasi ko‘rinsa, itlar hurkardi, tovushini eshitsa, bo‘rilar qochib qolardi, qarashidan burgut behol bo‘lardi. Ot chopganda qirlar o‘pirilardi. Bu tug‘mas echki akamning boshini egdi-qo‘ydi. Boshini ko‘tarolmay, atrofga qaray olmay qoldi. Ko‘nglini yarim qildi.” Xullas, yig‘lab-siqtab, kerakli joyda do‘q urib, ammam yangam bilan amakimni o‘sha duxturga borishga baribir ko‘ndirdi. Nihoyat yangam bilan amakim shaharga otlanishdi. Ularni shaharda “talaba jiyan kutib oladi, o‘zining yotog‘idan joy gaplashgan, o‘sha yerda turib, duxturga qatnashadi, jiyan o‘qishni deyarli bitirgan, diplom berishlarini kutib yuribdi, g‘irt bekorchi, o‘sha duxturga o‘zi olib borib-kelib yuradi. Xullas, hech narsadan xavotir olish kerak emas. Hammasi hal bo‘lgan, hamma narsa gaplashilgan, faqat duxturga ko‘rinish qolgan, xolos”. Yangam va amakim ammamning talabi bilan bo‘lsa-da, shahar so‘rab ketishdi, lekin bu bilan ham ammamning jag‘i tinmadi: dadamning ham keyingi paytda amakimning taqdiridan qayg‘urib, boshi qotayotganidan foydalanib, ichidagini baralla gapira boshladi: “Agar ayb Oyto‘ldi-da bo‘lsa, haydataman, qarindoshlari kelib, tug‘mas jigarlarini yig‘ishtirib olib ketsin! O‘sha hujjat qo‘limga tegsin, hammaga ko‘rsataman uni. Ana shunda ularning ori bo‘lsa, kelib yig‘ishtirib ketishadi!” Hamma ammamning gapini quruq po‘pisa deb bildimi yoki yangamning yaqinlari haddan tashqari sabrlimidi yoxud ammam aytganday, tug‘mas ayolning ularga ham keragi yo‘qmidi, ichi achir kishisi qolmaganmidi, bilmadim, har qalay, bu gaplarga “Hoy, nima deyapsan, tilingni tiy!” deguvchi mardning o‘zi chiqmadi. Qolaversa, butun qishloq yangamdan farzand kutib, toqati toq bo‘lgan, shu sababli ammam nima desa, hukmi hoziq bo‘lib eshitilar, ayni paytda dadam yoki ammam chiqargan har qanday qarorni baribir adolatli deb hisoblardi. Ammam bundan yanada botirlanib, qat’iyat bilan gapira boshladi. Oxiri dadamni ham ko‘ndirdi. Agar tug‘masligi aniq bo‘lsa, unda amakimni boshqaga uylantiradi. “Mayli, agar bobomning va oshnasining ruhi chirqillamasligi uchun, agar o‘zi rozi bo‘lsa, ko‘chada qolmasin, amakim va quyonday har yili tug‘adigan xotinining xizmatini qilib yuraversin. Tug‘mas bo‘ldimi, u shunga loyiq. Bolaning ishtonlarini yuvib, shiptir hidlab yursin. Uning jazosi shu bo‘ladi”.
Endi yangam tug‘masligi aniq bo‘lsa, o‘sha duxtur yangamning tug‘masligini hujjat qilib, tasdiqlab bersa, unda amakimni boshqaga uylanishi endi butun Tersotaga ma’lum bo‘lib qoldi. Imi-jimida bo‘lajak nomzodlar ham tanlab bo‘lingandi.
Amakim va yangam qaytib kelishganda men maktabda edim. Uyga kelganimda dadam, ammam shu yerda, hamma xuddi bir fojea yuz berganday o‘tirishar, men shuncha kunlardan beri kutganday xush-xursandchilikdan asar ham yo‘q edi: Oyto‘ldi yangam bir chetda xuddi ayb ustida qo‘lga tushganday omonat o‘tirardi. Ular uyga kirganimni ham sezishmadi. Men ham vaziyat qaltisligini, hozir yangamga kelganimni bildirishimning mavridi emasligini his qildim. Sekin pechka ortiga o‘tib, yangam, tutingan enam meni ko‘rib qolarmikin, deb kutib turdim: shahardan osma sumka olib kelaman degandi. Yangamning va’dasida turishini bilardim. Ammo hozir buni so‘rash mavridi emasday edi. Ammamning “Ana, men aytmadimmi?!” degan iddao qotib qolgan, chimrilib olgan, yangam endi nima qilsalaring – ixtiyorlaring, deganday ko‘zlarini ko‘rpaning qurog‘iga tikib jim o‘tirar, amakim esa hamishagiday boshini eggan ko‘yi chuqur sukutga tolgandi. Men darrov nima gapligini tushundim. Demak, amakim va yangam ammam kutgan va bilgan, hammaga oldindan oshkora bo‘lgan xabar bilan kelishgan.
Dadam xuddi quloqlariga ishonmaganday so‘radi:
— O‘zi, o‘sha jiyan aytgan duxturga bordilaringmi? Boshqasi emasmi?
Amakimga so‘rab-surishtirishlar malol kelayotganday edi:
— Nima, biz yosh bolamidik, boshqasiga borib. Ismi-sharifi, manzili o‘sha ekan. Jiyanning o‘zi olib bordi.
— Xo‘sh, unda aniq shunday... ...shunday dedimi?
Dadam “Bola bo‘lmaydi dedimi” deyishdan cho‘chidimi, bu gapdan irim qildimi yoki amakimning ko‘ngliga tegishdan qo‘rqdimi, ichidagini, bor alamli savolini “shunday” degan so‘zga jamlab gapirdi. Amakim dadamning nima demoqchiligini sezdi, yangamga bir qarab olgach, bir pas sukutdan keyin baribir gapirdi.
— Duxturning o‘zi menga hech narsa degani yo‘q. Tekshiruv natijasini olamiz deb borsak, oldin jiyan kirib ketdi, keyin keliningizni chaqirishdi. Uchalasi uzoq gaplashdi. Kirsam, duxtur yo‘q, jiyanning oldida yig‘lab o‘tiribdi. Nima gap desam, Jiyan ham biron gap aytmadi, o‘zini olib qochdi. Bu esa yig‘lab “Ayb menda ekan, endi men tug‘mas ekanman”, dedi. O‘shandan beri yo‘l bo‘yi yig‘lab keldi. Bor gap shu.
Dadam endi yangamga qaradi.
— Oyto‘ldi, duxtur aniq shunday dedimi?
O‘zining og‘ir xayoliga, ehtimol, ammam aytganining ustidan chiqsa, amakimni boshqaga uylantirsa, taqdiri nima bo‘lishini tasavvur qilib, ezilib o‘tirgan yangam dadamning gapidan so‘ng, javobdan oldin chuqur xo‘rsindi. Umuman, yangam dadamni ayricha hurmat qilar, hech qachon tik qaragan emasdi. Bu marta ham boshini eggancha, ming bir xijolat, aybdor ohangda javob berdi.
— Ha...
Ammam yana tutaqdi.
— Qani o‘sha duxtur bergan qog‘ozlar. O‘zimizning duxturlarga ham bir ko‘rsataylik. Duxtur tilini duxtur biladi.
Amakim yangamga bir ko‘z tashlab oldi.
Yangam esa boshini eggancha bosh irg‘adi.
— Qog‘oz yo‘q. Jiyan... Jiyan ularni olib qoldi.
— Olib qoldi?! Jiyan qog‘ozni nima qiladi?
Yangam, aftidan, har qanday jazoga tayyor turardi. Shu sababli bu safar ammamga biroz qattiqroq ohangda javob berdi.
— U kishi... boshqa duxturlarga ham ko‘rsataman deb olib qoldi. Balki o‘sha ...duxtur yanglishgandir dedi...
Ammam birdan tutaqib ketdi.
— Yana qaysi duxturga ko‘rsatadi? Toshkentning eng zo‘r duxturiga ko‘ringan... Yo sen... siz duxturning qog‘ozini bizdan yashirib keldingizmi? Yashirib nima qilasiz, shundayligini duxtursiz ham o‘zimiz bilardik.
Ammam tizzasiga urib, diydiyo qilishga tushdi.
— Shuncha umr-a.. Shuncha yil-a.. Akamning shuncha yili havoga uchib ketdi..
Yangam bu gapga biron narsa deb e’tiroz bildirmadi. Indamadi. Buni ammam o‘zicha tushundi.
— Agar qog‘ozlarni berib kelib, bizni yana umidvor qilib, vaqtni cho‘zaman deb niyat qilgan bo‘lsangiz, adashasiz. Menga o‘sha duxturning gapi yetadi. Ana o‘zingiz aytayapsiz, duxtur hamma ayb senda, dedi deb. Yana nimani kutayapmiz, aka, o‘zi bo‘yniga olib o‘tiribdi. Tug‘maysan dedimi, bo‘ldi, ayb sizda ekan. Menga qarang, aka, endi men sabr qilolmayman. Og‘amning umri o‘tib borayapti. Uylantiramiz, tamom-vasalom!
Dadam chuqur o‘ylanib qoldi: bir qarorga kelishi qiyin bo‘ldi. Keyin Oyto‘ldi yangamga qarab olib, ko‘zlarini boshqa yoqqa oldi. “Balki, rostdanam duxtur adashgandir?! — dedi ikkilanib. Bu gap ammamga tutab turgan o‘choqqa tutantiriq tashlaganday ta’sir qildi: “Duxtur adashsa, aziz-avliyolar adashsa, tabiblar adashsa, kimga ishonasiz yana?! Ana, o‘zi aytayapti-ku, ayb menda ekan, duxtur shunday dedi, bu aniq deb. Yana siz nega ikkilanayapsiz, aka? Yana nima kerak?! Bo‘ldi, men Xaniyaga sovchi bo‘lib boraman! Gapim gap!” dedi. Bu paytda Oyto‘ldi yangam boshini egib turardi. Shu turishda ancha paytgacha boshini ko‘tarmadi. Uning yuzidan toshu shag‘allarga, xasu xashaklarga, ko‘chki-yu loyqalarga qo‘shilib bir qir sel oqib tushayotgandek tuyuldi menga. Yangam yig‘lardi. Sekin, unsiz yig‘lar, yig‘laganini ham bildirgisi kelmas, ammo ko‘z yoshlari yuzini yuvib o‘tar, qo‘lidagi ro‘molcha ham allaqachon shilqillab ho‘l bo‘lib qolgandi. Yangam sekin o‘rnidan turdi, bir pas tik turib qoldi, ammamga qaramadi ham, taqdirga tan bergan ohangda:
— Mayli, opa, agar shuni ma’qul ko‘rgan bo‘lsangiz, uylantiring, men roziman,– dedi va chiqib ketdi.
O‘rtaga bir pas sukunat cho‘kdi. Ammam shuncha qarg‘ansa ham, yer bilan bitta qilsa ham, bu uyda o‘rni ham, o‘zi ham yo‘q deb hisoblasa ham yangamning bunchalik tez rozi bo‘lishini kutmagan edi: biroz dovdirab qoldi.
Bir dadamga, bir amakimga qaradi. Yangam dadam uchun ham qaror chiqarib bo‘lgandi. Dadam o‘rnidan turdi. Eshikka yo‘naldi. Ammam o‘zini tutib turolmadi. “Nima deysiz, aka. Endi bir yoqlik qilaylik!”, dedi. Dadam ham yangam kabi bir zum tik turib qoldi. “Bilganingni qil. Ana, Oyto‘ldining o‘zi ham rozi bo‘layapti-ku! Yana senga nima kerak?!”, dedi alam va anduh aralash. Ammamga shu gap kerak edi: endi barcha mas’uliyatni bo‘yniga oldi, harakatida, yuzida qat’iyat paydo bo‘ldi. “Unda mening o‘zim ishni bitiraman. Kelasi oyda tushirib kelamiz. Ortiqcha xarajat, dov-doska kerak emas. Irim-sirimini qilamiz, xolos. Nikoh o‘qitsak bo‘ldi!”. Dadam bilganingni qil deganday eshikka qarab yurdi. Ostonaga yetganda amakimning xuddi sirli g‘or ichidan kelayotgan guldurakdek ovozi eshitildi. “Men boshqaga uylanmayman. Ovora bo‘lmanglar!”. Ammam amakimga yalt etib qaradi. Poyabzalini oyog‘iga ilayotgan dadam esa ortiga burildi, amakimga ko‘z tashladi. Ostonadan turib, “Xo‘sh, bunga nima deysan?!”, deganday ammamga nazar qildi. “Aka, nima deyapsiz? Befarzand o‘taman deyapsizmi?!”. Ammamning gapida murosa va madora ohangi bor edi. Amakim endi boshqa gaplarga o‘rin qoldirmay dedi: “Mayli, peshonamdan ko‘raman. Oyto‘ldi tug‘sa ham, tug‘masa ham, qo‘ymayman, boshqaga uylanmayman ham. Mening qo‘yadigan xotinim yo‘q!”. Dadam bilan ammam amakimning e’tirozini kutishgan edi, ammo bunchalik qat’iy ohangdagisini emas. Amakimning gapi faqat e’tiroz emas, hukm ham edi. Buni dadam ham, ammam ham yaxshi bilishardi. Amakim yuvosh odam bo‘lgani bilan bir fikrga kelsa, uni hech kim bu yo‘ldan qaytarolmasdi. Dadamning aytishicha, amakim yangamga ko‘ngil qo‘yib, shu qizdan boshqasiga uylanmayman deb oyoq tirab turib olganda, bobom u xonadon bizning tengimiz emas, ular boobro‘, zotli-zurriyodli, nasl-nasabli, bizni nazarlariga olisharmikin, deb ikkilanib yurgan, bir nechta qizlarni ko‘rsatishgan, amakim esa shu qizdan boshqasiga uylanmayman, deb oyoq tirab turib olgan, oqibatda bobom ming bir istihola bilan yangamning otasining oldiga sovchilikka borgan. Dadam hamisha o‘shanda shundan boshqasiga uylanmayman deb turib oldi-da, buning o‘jarligi qo‘zisa, o‘lsa ham fikridan qaytarib bo‘lmaydi, derdi. Hozir ham shunday bo‘ldi. Amakim yana o‘sha o‘jarligiga qaytgandi. Endi muhokamaga o‘rin qolmagandi. Buni dadam sezdi, sezdi-yu, qismat va bu o‘jarlik oldida ojizligini his qilib, indamay chiqib ketdi. Ammam dod-voy qildi, boshini aylantirib olgan deya yana yangamni ayblay boshladi. Shahardan kelguncha, akamning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirgan, va’dalar bergan, avragan, issiq-sovuq qilib olgan, dedi. Ammo endi bu gaplarning birontasi amakimga ta’sir qilmasdi. Aftidan, amakim bundan keyingi hayotini belgilab, ahd qilib, hammasini hisob-kitob qilib, barchasiga rozi bo‘lib bo‘lgandi.
Shundan so‘ng ammam qanchalik harakat qilmasin, amakim o‘z so‘zida turib oldi. Ammam o‘zini o‘jar, qaysar va fikridan qaytmaydigan deb hisoblardi. Biroq mening tutingan otam undan ham o‘jar chiqdi. Ammam yangamga, uning qarindoshlariga ko‘z-ko‘z qilish, amakimda ayb yo‘qligini tersotaliklarga va tersotalik bo‘lmaganlarga – har bir tanish-notanishga ko‘rsatish niyatida jiyanda qolib ketgan tashxis qog‘ozlarini olib kelish uchun ovsininikiga zir qatnab yurdi. Aksiga olganday bu paytda jiyan ham olis viloyatga ishga yuborilgan, ovsinining aytishicha, o‘g‘li ko‘ch-ko‘roni bilan o‘sha viloyatga ketgan, qog‘ozlar qaerda qolganini eslay olmas emish. Ammo tezda shaharga qaytsa, o‘sha duxturga o‘zi uchrashib, qaytadan yozdirib olarmish. Oqibatda ammam odamlarga ko‘z-ko‘z qilib, amakimning va yangamning tilini hujjat bilan ham qisiq qilish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan esa-da, amakim va yangamni ajratish uchun jon jahdi bilan harakat qildi: endi o‘sha qog‘ozning o‘rnini ammamning bir parcha tili bosardi, zotan ammamning tilidan o‘tadigan, undan ta’sirliroq va asosliroq boshqa hujjatning o‘zi yo‘q edi. Amakimni fikridan hech kim, hatto ammam yalinib-yolvorib, oraga tushishni iltimos qilgan yangamning aka-ukalari, opalari ham qaytarolmadi. Oyto‘ldi yangam ham bir necha marta uyiga ketib qoldi. Oylab yolg‘iz qolsa ham amakim bir o‘zi, bo‘ydoqday yashayverdi. Boshqaga uylanishdan bosh tortdi. Yangam ketgan kunlari ovqat ham yemay, uyga qamalib olardi. Hech kim bilan ko‘rishmasdi, hech kim bilan gaplashmasdi. Oxir-oqibat dadam ammamga “Yetar, bilganini qilsin. Baribir u aytganidan qolmaydi. Peshonasida borini ko‘rsin! Buyog‘i xudoning ishi. Uning karomati keng, mo‘‘jizasi ko‘p!”, dedi. Ammam yangamni uyiga jo‘natib yuborishiga qanchalik jon kuydirgan bo‘lsa, qaytarib kelishga yana shuncha jon kuydirishiga to‘g‘ri keldi. Nihoyat Oyto‘ldi yangam uyimizga qaytib keldi. Ammam ham ismini o‘zgartirib o‘tirmadi: uning bu gaplari yillarning zalvorli qadamlari, hayotning shiddatli evrilishlari, amakim bilan yangamning mo‘‘jiza kutib, qartayishlari orasida ko‘rinmay qoldi, o‘zining ham, odamlarning ham esidan chiqib ketdi.
Nima bo‘lgan taqdirda ham men esimni amakimning – tutingan otamning uyida tanidim. Bu uyda qolishim ham, meni iskab-hidlab parvarish qilishlar ham foyda bermadi: bu xonadonda farzand tug‘ilmadi. Amakim va enam bir-birlariga juda mehribon, bir-birlarini so‘zsiz tushunishar, ularning yurish-turishlari xuddi kukulab don terib yurgan bir juft musichani eslatardi menga. Bu ikki musicha uzoq yillar bir-biriga dalda bo‘lib, taqdir yuklarini birga ko‘tarib, anduhlarga birga dosh berib, birga yengib, umr so‘qmoqlaridan yelkama-elka suyanib o‘tishdi. Amakim biron ishni ham enamsiz qila olmasdi. Hatto ot egarlayotganda ham enam abzalni tortib turardi. Biron ish qilsa, yarmini enam qilardi. Ular hamisha birga, bir paytda turishar, bir paytda yotishar, bir paytda ovqatlanishar, birga dalaga chiqib ketishar, birga qaytishar, xuddi bir-birlariga ko‘zga ko‘rinmas arqon bilan bog‘lab qo‘yilganday edi. Tutingan enam o‘zini aybdor va gunohkor deb bilgani uchunmi, amakimni qo‘yarga joy topolmasdi, amakim har kuni yuvilgan, top-toza kiyimda ko‘chaga chiqardi, biron marta kiyimi g‘ijim yoki dog‘ tushgan bo‘lmasdi. Amakim enamning oldida yosh bolaga o‘xshab qolardi. Kiyimlari u yoqda tursin, amakimning paypog‘i-yu poyafzaligacha kiydirib qo‘yardi. Onam enamning bu fazilatlarini maqtaganda ammam darrov uzib olardi: “Befarzand, tug‘mas xotinga chidab kelayotgani uchun, kerak bo‘lsa, ovqatini ham yedirib qo‘yishi, oyog‘iga yiqilib, ta’zim qilib yurishi, har kuni tavof qilib turishi kerak!”, derdi hamma eshitadigan qilib. Nima bo‘lganda ham amakim va yangamning – tutingan enamning munosabatlari xuddi Xurram baxshi aytib yuradigan dostonday tildan tilga ko‘chib yurardi. Bu dostonning bosh qahramoni, shubhasiz, amakim edi. Ko‘ngil qo‘ygan ayoli tufayli bir umr befarzand o‘tishga ham rozi bo‘lgan, bilib turib, bepusht ayol bilan umrguzaronlik qilayotgan amakimga orqaravotdan tasannolar aytishar, bunday jo‘mardlik hammaning qo‘lidan kelmasligini ta’kidlashar, buning hammasi muhabbat tufayli deb hisoblashar, amakimning nomi endi muhabbat bog‘iga kirganlardan tortib, bu bog‘ni allaqachon vayron qilib, tark etganlargacha ma’lum va mashhur, ibrat va saboq edi: hatto maktablarda ham o‘qituvchilarimiz Farhodu Shirin, Layliyu Majnun, Tohiru Zuhra haqidagi dostonlarni yanada hayotiyroq qilib tushuntirish maqsadida, albatta, amakimni misol qilib ko‘rsatishar, amakim barcha yoshlarning muhabbat uchun o‘z rohat-farog‘atini, farzand ko‘rish, erkalash zavqini, umuman, hayotning bor ne’matlarini qurbon qilgan, muhabbatga hech narsani almashmagan o‘sha kitoblardagi ma’lum va mashhur sevishganlardan zarracha kam bo‘lmagan qahramonga aylangandi. Amakim faqat egarchi usta emas, muhabbat va ishq qahramoni sifatida ham tevarak atrofdagi qishloqlarda shuhrat qozongandi. Dadam va amakimni taniydigan, eshitgan va hamma biladigan bu ishq dostonida havas ham, hasad ham, achinish va shafqat ham, tasanno va nadomat ham bor edi. Ammamning ta’na-yu malomatlari, amakim taqdirini o‘ylab to‘kkan ko‘z yoshlari bu dostonning ta’sirli, yanada sirli hamda qiziqarli tus olishiga sabab bo‘lardi. Tersota u yoqda tursin, butun Katta O‘ra ovullarida bu dostonni va amakimni bilmaydigan, eshitmagan odamning o‘zi yo‘q edi.
Enam va amakim meni o‘z farzandlariday katta qilishdi. Men hech narsaga zoriqmay, hech narsadan kam bo‘lmay ulg‘aydim. Keyinchalik o‘qishga kirib, ta’til paytlarida qishloqqa borganimda, beixtiyor, dastlab o‘z onamning oldiga emas, yangam – enam yashayotgan uyga kirib borardim. Bundan boshi ko‘kka yetgan enam meni bag‘riga bosib yig‘lar, so‘ng menga o‘ziga ko‘nikishim qanchalik qiyin bo‘lganini, mening xarxashalarimni kulib-yayrab gapirib berardi. Enamning aytishicha, ba’zida yarim kechasi uyg‘onib ketarkanman, o‘z uyimni qo‘msab qolarkanman, keyin yig‘lagancha, bor ovoz bilan enamga ta’nalar qilarkanman: “Siz agar tug‘mas bo‘lmaganingizda, meni ular sizga bermasdi, hozir onamning quchog‘ida yotgan bo‘lardim, hammasiga siz sababchisiz! O‘zingizga bola tug‘ib olsangiz bo‘lmaydimi, meni bunchalik qiynaguncha?”. Bu gaplar enamning ko‘kayini o‘rtab yuborayotgan bo‘lsa-da, meni quchog‘iga olib, ovutishga tusharkan, ba’zan men bilan qo‘shilib yig‘larkan: “Gaping to‘g‘ri, bolajonim, hamma ayb menda, xudo meni shunday yaratgan. Bola tug‘ib, keyin o‘lsam ham mayli edi... Lekin xudo meni qisgan. Xudo meni jazolagan... Mayli, meni qarg‘a, meni ur, meni yer bilan bitta qil. Faqat yig‘lama... faqat ketib qolma. Yolg‘iz yupanchim sensan! Sensiz o‘lib qolaman. Biz faqat seni deb bu dunyoda umid bilan yashayapmiz”.
Men ham baribir ularning joniga oro kirolmadim, maktabni bitirib, shaharga o‘qishga ketdim. “Ketsang, o‘lib qolaman!” degan enam ham, tutingan otam ham negadir o‘qishimga qarshilik qilishmadi. Aksincha, amakim “O‘qi, bizga o‘xshagan omi bo‘lma! Umring dadang bilan menga o‘xshab egar yasab o‘tmasin!”, dedi. Yig‘ib qo‘ygan pullarini berdi. O‘qib yurganimda har oyda menga pul, keyin asosan enam aytib turib yozdirsa kerak, onalik mehri ufurib turgan xatlar jo‘natib turishardi. O‘qishim tugagach, taqdir taqozosi bilan shaharda ishlab qoldim. El-yurtda doktor degan nom qozondim. Enam va otam mening hayot yo‘limga to‘siq bo‘lishni istashmadi. Bu paytda ukalarim ularning qavatiga kirib qolgan, endi tutingan enam ular bilan ovora edi. Amakim qazo qilganda men chet elda malaka oshirardim. Ikki yillardan so‘ng kelganimda Oyto‘ldi enam ham, ammam ham ancha cho‘kib qolishgandi. Enam “Sizning o‘rniningizga ukalaringiz yig‘lab borishdi. Ular amakingizni “ota” deb yig‘lashdi, otangiz bu dunyodan bearmon ketdi. Endi mening tobutim izidan o‘zingiz hassa tutib boring!”, dedi ko‘z yoshlarini uzun yengi bilan artgancha. Men o‘sha daf’a hammasini tushundim: aslida dadam meni bir kun kelib ularning tobuti izidan “Otam” deb yig‘lab borishimni istagani uchun ham ularga o‘g‘il qilib bergandi. Men esa buning uddasidan chiqolmadim. Enam endi shuni eslatardi. Shuncha yillardan beri enamni birinchi marta quchib yig‘ladim. Saldan so‘ng ammam ko‘z yosh bilan kirib keldi. U endi ancha ulg‘aygan, yuz-ko‘zlarida donolik aks etgan edi. Mening kelganimdan quvonib ketib, oshxonada kuymanib yurgan enam eshitsin deb, ko‘z-yosh aralash diydiyo qilib oldi: “Enang oxiri akamning boshini yedi. Kun ko‘rmay o‘tdi akam sho‘rlik. Shu tug‘masni deb tirnoqqa zor o‘tdi”. Bu gaplarni enam eshitgan bo‘lishi kerak, chunki ammam atayin baland tovush bilan nolirdi. Lekin enam saldan keyin qo‘lida men yaxshi ko‘radigan manti bilan quvnab-yayrab kirib keldi. Xuddi hech narsa yuz bermaganday, xuddi ammamning gaplarini eshitmaganday, ammamga alohida iltifot qildi: “Opajon, oling, mana bunisi siz yoqtirgan ko‘pirtirilmagan xamirdan qilingan”, dedi. Lekin men enamning ko‘zlari ichida mung, iztirob, anduh paydo bo‘lganini, ammamning gaplarini ko‘nglining tubiga o‘tkazib yuborganini, o‘sha tub-tubda xuddi po‘rtanaday bir narsalar qaynab-vaqirlab, titrab yotganini ko‘rdim. ...
* * *
Men va’damda turdim. Oyto‘ldi yangam – tutingan enamning tobuti izidan yig‘lab bordim. Amakimga o‘rganib qolgan ekanmi, enam amakimdan keyin ikki yil ham yashamadi. Ehtimol, o‘zi yo‘q joyda dovdirab, kalavasining uchini yo‘qotib qo‘yadi deb amakimdan xavotir olgandir? Dorul baqoda ham o‘zisiz biron ishning boshini tutolmay, gangib qolishidan tashvishga tushgandir?! Nima bo‘lganda ham uni bir ichkin dard olib ketganini bildim Har qalay, menga ilhaq turgan ekan, ammamning xatini qo‘ltiqlab, yetib kelishim bilan ko‘zi menga tushib, kirtaygan ko‘zlari porlab ketdi, keyin qo‘llarini menga uzatdi, kaftimni bemajol siladi, shu silashi bilan nimadir demoqchi bo‘ldi, lekin bir so‘z demay jon berdi.
Ma’rakadan so‘ng ammam bir to‘da qog‘ozlarni oldimga tashladi.
— Mana bu qog‘ozlarni enangning sandig‘idan topdim. Hujjatlarga o‘xshaydi. Akam bechora uyni ham, topgan-tutganini ham sening nomingga o‘tkazgandi. Shu qog‘ozlar bo‘lsa kerak. Ma, ol. Xohlasang, ukalaringga ber. Xohlasang, o‘zing kelib yasha. Bu uyning chirog‘ini o‘chirma. Yangam bilan akam kun ko‘rishmadi. Ishqilib, oxiratlari obod bo‘lsin.
Men ammamga ajablanib qaradim. Ammam birinchi marta enamni – tirikligida o‘zi bir umr ta’na va haqorat qilgan, izzat-nafsini toptagan ayolni “yangam” deyayotgan edi. Vaholanki, enam toki qabrga kirguncha bir lahza ham tin oldirmadi, bir umr o‘zining malomatlari bilan ta’qib qilib yurdi. Mana, endi enam sho‘rlik, qabrga kirib tinchiydigan bo‘ldi. Ammam birdan g‘arib, behol ko‘rindi menga: yo‘q, enamga achingani tufayli emas, bir umr koyigan, tanbeh bergan, ertadan kechgacha malomat qilish uchun yashagan, malomat qilish qilish umrining mazmuniga aylangan ayolning endi bu dunyoda yo‘qligi sababli umrida ham mazmun qolmaganday, shuning uchun ham birdan qarib qolganday tuyuldi menga.
Qog‘ozlarga shunchaki ko‘z tashladim. Bular uy-joy, mulk menga o‘tkazilgani haqidagi vasiyatnoma va boshqa har xil hujjatlar edi. Bu hujjatlar ichida mening birinchi sinfga borganda tushgan suratlarimdan tortib, kundaliklarimgacha bor edi. Demak enam menga taalluqli har bir hujjatni, har bir qog‘ozni juda aziz narsaday avaylab-asrab yurgan. Bu holatdan mutaassir bo‘ldim. Ko‘nglim to‘lib ketdi. Hozir o‘kirib yuborsam kerak, deb o‘yladim. Biroq ammamning oldida yig‘lolmasdim. Hamisha ammamga enamga bo‘lgan hissiyotlarimni ochiq namoyon qilishdan o‘zimni tiyganman. Bo‘g‘zimga kelgan o‘kinch, armon, yig‘ini bosish uchun qog‘ozlarni sinchiklab o‘qishga tushdim. Birdan ko‘zim bu hujjatlarga aloqasi yo‘q boshqa bir qog‘ozga tushdi. Doktor bo‘lganim uchun bir qarashda bular tashxis qog‘ozlari ekanini angladim. Bu meni battar ajablantirdi. Ammam egalik qilishni istagan va hammaga ko‘rsatib, amakimning sha’nini himoya qilmoqchi bo‘lgan qog‘ozlar edi bu. Jiyan olib kelib berdimikin? Unda nega ammam bu haqda hech narsa bilmagan? Agar keltirib berganda ham bu qog‘ozlar yangamning emas, ovsini orqali ammamning qo‘liga tushardi. Demak, qog‘ozlar jiyanda qolmagan ekan-da. Shu fikr ta’sirida hamda kasbim qiziqishi bilan amakim va Oyto‘ldi enam ko‘rikdan o‘tgan o‘sha tashxis qog‘ozlarini birma-bir o‘qiy boshladim. Va birdan bir nechta xulosalarga ko‘zim tushib, qayta-qayta o‘qidim. Keyin yana o‘qidim. Yo‘q, keyinchalik ham bir necha marta nomini eshitgan, menda ham o‘zgacha hurmat va ehtirom uyg‘otgan, lekin tanishish imkoniga ega bo‘lmasdan bu dunyodan rixlat qilgan o‘sha mashhur doktor aniq qilib yozib qo‘ygandi. Bu tashxisga ko‘ra Oyto‘ldi enam emas, amakim farzandli bo‘lishi mumkin emasdi. Bu xulosa menga yashin urganday ta’sir qildi va amakimning, enamning hayoti ko‘z oldimdan lipillab o‘tdi. Oniy lahzalarda yorishgan xotira siniqlari ichida ammamning bir umr bigiz qilingan qo‘llari, butun qishloq yangamga yog‘dirgan dashnomlar, mening “siz tug‘mas bo‘lmaganingizda, men o‘z uyimda yashardim” deb qilgan xarxashalarim, tashxisdan o‘tib kelishgan kuni xuddi yangamning – enamning yuzidan sel kabi oqib tushgan ko‘z yoshlari – hammasi bor edi. Men endi hammasini tushungan va anglagan edim: yangam, mening tutingan enam bepusht yashash qismatini o‘ziniki deb bilgan, bilgani uchun ham tashxis qog‘ozlarini yashirib qo‘ygan, jiyandan ham bu sirni ochmaslikni so‘ragan, aynan shuning uchun jiyan biznikiga boshqa kelmay ketgan, yangam el-yurt oldida amakimning boshi egilmasligi, erkaklik g‘ururi toptalmasligi uchun bu sirni hammamizdan yashirgan, hech kimga bildirmay, barcha ta’na-yu haqoratlarni o‘z yelkasiga olib, ammamning va butun qishloqning bir umrlik xo‘rliklariga, malomatlariga chidab kelgan...