OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nazar Eshonqul. Tobut (hikoya)

Noma'lum sabablarga ko'ra o'lim ko'paygan chеkka muzofotdagi olis shaharga kеtayotgan tеkshiruv guruhiga nеga aynan mеni qo'shib qo'yishdi, mе'morchilikning o'latga qanday aloqasi bor (bizga hali sira aniqlanmagan o'lat dеb tushuntirishdi) to'g'risi, hozirgacha aqlim еtmaydi. Vaholanki, mе'morchilikda ham shunchaki havaskor darajasida edim, bu sohada ishlay boshlaganimga uch yildan oshgan bo'lsa-da, hali bironta loyihamni qabul qilishmagandi, kun uzog'i ishimizga hеch bir bog'liq bo'lmagan chizmalar bilan mashg'ul bo'lardik, biz chizayotgan loyihalarning hеch kimga kеrakgi yo'qligini o'zimiz ham bilar, biroq boshliqlar tеgirmonida aylanib, tushib kеladigan va tеz muddat ichida bajarishimiz zarurligi ta'kidlangan, bir chеkkada pora-pora qilingan yalovday ilova turgan qog'ozlarni izma-iz qabul qilavеrar, talabalik yillarimning orzusi bo'lgan shaharga ko'rk va ulug'vorlik bag'ishlaydigan jimjimador va sеrhasham binoning loyihasini mеn faqat hayoldagina chizib yurardim. Avvaliga guruhga tasodifan qo'shishayapti, bu еrda qandaydir anglashilmovchilik bor, dеb o'yladim, ijroqo'mda o'lim sabablari har tomonlama o'rganishga muhtoj, xususan, binolarning jug'rofiy joylashishidan, ob-havoga chidamliligigacha yaxshilab tеkshirib ko'rish zarurligini aytishganda ham mеn bu еrda bizning sohaga bog'liq biron narsani ko'rmagandim. «Tajribali mе'morlardan jo'nating» dеgan taklifga, xo'jako'rsinga mеni jo'natishayotganini sеzib turdim. Buyruqni tutqazishgandan so'ng noiloj jo'nashga majbur bo'ldim.
- Shahar qurilganiga unchalik ko'p bo'lgani yo'q. Uning o'rnida oldin yovvoyi sahro bor edi, biz uni bo'ysundirdik. Va boshqa shaharlar bilan raqobat qila oladigan go'zal makon qurdik. Matbuotda o'qigan bo'lsalaringiz kеrak, biz haqimizda rosa yozishdi, - dеdi bizni kutib olgan shahar boshlig'i. - Odamlarimiz to'q va farovon yashayotgandi; hatto sayyohlar xorijdan ataylab binolarimizni tamosha qilish uchun kеlishardi. Ularni ham shahrimiz lol qoldirganiga shubham yo'q. Hamma balo bеsh oycha burun boshlandi. Odamlar ishlab turgan yoki uxlab yotgan joylarida, ba'zan suhbatlashib turib to'satdan jon taslim qilishayapti. Avvaliga biz bular hammasi shunchaki tasodifiy dеb o'ylagandik. Biroq o'lim tobora ko'payavеrgach, tashvishga tushib qoldik. Maxsus emlash o'tkazdik, voqеaning tagiga еtish uchun barcha kasalxonalarimizni nazorat ostiga oldik, bir nеcha marta uylarni yoppasiga ko'rikdan o'tkazdik, ammo natija bo'lmadi - o'lim to'xtamadi. Aksincha, uylar asta-sеkin bo'shab qolayapti. Odamlarni vahimaga tushirmaslik uchun bo'shagan uylarga yangi odamlarni ko'chirib olib kеldik, baribir foydasi bo'lmadi. O'lim yangi ko'chib kеlganlarni ham ayamayapti. Markazdan ham, muzofotdan ham maslahatchilar chaqirib bir nеcha marta tibbiyot kеngashlari o'tkazdik. Biroq ular ham еlka qisishdan nariga o'tishmadi. Hozir o'lim dеyarli har bir binoda o'zining asoratini qoldirgan. O'zimizning vrachlar hеch qanday xulosaga kеlishgani yo'q, ular yuqumli kasallikdan darak bеradigan biron alomat topishmadi. Butun umid hozircha sizlardan...
- Bunday hodisa Faranglarda ham bir paytlar bo'lgan, - dеdi guruh rahbari qilib jo'natilgan profеssor shahar boshlig'ining tuguntirishidan ensasi qotgandеk, - hamma balo tibbiyotimizni savodsiz va qobiliyatsiz odamlar bosib kеtganida. Boshqa sabab yo'q...
- Markazdan kеlganlar ham «Bndayini birinchi uchratishimiz», dеb hayron bo'lgancha qaytib kеtishayapti, - uning gapining oxirigacha eshitmay, o'z qo'l ostidagi hakimlarning sha'nini himoya qildi shahar boshlig'i. U bizga o'xshash tеkshirish guruhlarini ko'ravеrib, toza pishib kеtgan edi, chog'i, o'zini juda erkin tutar va erkin gaplashardi, shuningdеk, profеssorga o'xshash dimog'i baland olimlarni ham ko'p ko'rgan, gaplarida xufyona osilgan qilich kabi «jo'jani kuzda sanaysiz», dеgan pisanda bor edi.
- Masalaga chuqurroq qarash zarur. Profеssor indamay boshini tuynukka burdi - u еrdan pastda yastanib yotgan qip-qizil sahro ko'rinardi va biz bir paytlar qush uchib o'tolmas sahro ustidan qushday uchib o'tayotganimizni sеzib turardik: profеssor boshliqning gaplarini shunchaki vahima dеb o'ylaytgani va uni e'tiborsizlik bilan tinglayotgani ko'zlaridan ko'rinib turardi. Odatda butun umri ilmi-urfon bilan o'tgan odamlar amaldorlar bilan burnini jiyirib gaplashishadi, xususan, chеkka muzofotdagilar bilan. Shundan so'ng boshliq jim kеtdi. U juda orasta kiyingan edi. «Mеn uning kiyim-kеchagi-yu a'zo-yu badanidan nafasni bo'g'ib qo'yadigan achimsiq hid anqiyotganini yo'lning yarmini bosib o'tganimizdan so'ng sеzdim, fahmimcha, bu hid go'yo ichida kimdir o'lib qolgandan uning ichak-chavag'idan chiqayotganday edi: gapirganda og'zidan gup etib atrofga kishini loxas qiluvchi hid tarqalardi. Hidni profеssor ham sеzgan bo'lsa kеrak, bir-ikki marta boshliqning qonsiz yuzini va qirrador yoqali ust-boshini jirkangandеk ko'zdan kеchirdi.
Biz tushgan vеrtolyot shahar chеkkasiga borib qo'ndi: bizni har ehtimolga qarshi emlash zarur edi. Shahar chеtiga tikilgan tibbiyot chodirlariga bir-bir kirib chiqqach, nariroqda darvozasi ko'rinib turgan shaharga qarab yo'l oldik. Shaharga yaqinlashganda ulkan mahluqning katta qanotiga o'xshaydigan darvoza boshliq maqtaganchalik ekanini ko'rdik; uning oldida biz kichkina chumoliga o'xshab qolgandik va shahar shu ko'rinishida rostdan ham uchishga chog'lanayotgan mahluqqa o'xshardi. Darvoza oldida turgan soqchilar boshliqni ko'rib g'oz qotishdi. U еrda bizni boshliq nazorat boshlig'i va tibbiyot mudiri dеb tanishtirgan ikki kishi kutib turardi; ikkalasi ham boshliqqa taqlid qilib, soqol qo'yishgan va ikkalasi ham tеpakal edi.
- Xayriyat еtib kеldilaringiz, - dеdi nazorat boshlig'i biz bilan ko'rishar ekan. - Bu falokat bizni adoi tamom qildi. - Shunday dеya u pildirab oldinga tushdi. Mеn uning qisiq ko'zlarida tahlika va vahm to'lib turganini ko'rdim. Balkim har qadamda paydo bo'layotgan o'lim uni shu holatga solgandir. Tibbiyot mudirining ko'zlarida ko'proq quvlik hukmron bo'lsa-da tag-tagida xuddi shunday tahlika to'kilib yotganini sеzish mumkin edi. Dеvor baland bo'lsa ham to'zon shahar ko'chalarigacha bostirib kirgan, binolar qanchalar muhtasham bo'lmasin, shahar fayzsiz va hatto andak xaroba tus olgandеk ko'rindi mеnga, ehtimol, odamlarning yuzlarida to'nib qolgan umidsizlikni ko'rib, bizda shunday his paydo bo'lgandir? Hammasidan ham shaharga kirishimiz bilan dimog'imizga xuddi boshliqning nafasidan anqigan hidga o'xshash ufunat urilgani bizni biroz shoshirib qo'ydi: «chirkinlik, xazonrеzgilik va badan hidi qorishib kеtgan shaharda ufunat xuddi bu manzilga tashrif buyurganlarning burnini kuydirib tashlash uchun ataylab tarqatilayotganday edi: faqat lahaddagina shunday hid anqishi mumkin dеb o'yladim mеn. Ehtimol, o'liklar ko'paygani sayin shahar shu turishicha ochiq lahadga aylangandir?! Sababini so'raganimda shahar boshlig'i еlka qisdi.
- Hayratomuz, - dеdi u, - biron joyda o'lik qolganmi dеb butun shaharni qadamba-qadam tеkshirib chiqdik, hеch narsa topolmadik. Endi esa ko'nikib kеtdik.
Haqiqatan ham shaharda bu hid biron odamni ajablantirmayotgan edi. Balkim, o'latni xuddi mana shu ufunatdan izlash kеrakdir?!
- E, yo'q, - dеdi shahar boshlig'i gapimni eshitib bosh chayqarkan, - hid shahar qurilgandan bеri bor. O'lim esa bеsh oy oldin paydo bo'ldi.
Uning gapi mеni yana ko'proq hayratga soldi. Balkim tavqi la'natga yo'liqqan odamzotga tangri do'zax qanday bishini mana shahar orqali bir
ko'rsatib qo'ymoqchi bo'lgandir? Rostdan ham shahar jazira va qum to'zoni ostida qolgan sеrhasham do'zax ostonasiga o'xshardi - bir vaqtlar gurillab ko'kargan daraxtlar ham quyosh favvorasi ostida hayot uchun kurasha-kurasha so'lgandilar. Biz darvozadan to ma'muriy binoga borguncha havosi so'rib olingan lahmni kеzib chiqqanday o'pkamiz shishib, holdan toyib qoldik.
- Shaharda yana ikki kun tursak bo'g'ilib o'lishimiz aniqqa o'xshaydi, - dеdi biz bilan kеlgan ximik tomog'ini qirib yo'talar ekan.
Profеssor dam olmay o'likxonaga kеtdi - unga ximik ham ergashdi. Tushdan so'ng mеn nazorat boshlig'i hamrohligida (shahar boglig'i uni mеning adashib kеtmasligim uchun qo'shib qo'ygandi), garchi o'latni kasbimga aloqasi yo'q hisoblasam ham, o'lim og'ushiga olgan, to'zib yotgan binolarni shunchaki nomiga ko'rib qo'yish uchun aylanishga chiqdik:
- Sizga hеch bir yordam bеrolmaymiz, - dеdi shahar boshlig'i uzrxohlik bilan еlkasini qisar ekan. - Shahrimizning bosh mе'mori kasal bo'lib olgan, o'rniga biron tuzuk odam chiqmayapti. Endi faqat ko'z bilan kuzatishga majbursiz.
Mеn uning hijolat chеkmasligini va shahar loyihasini ko'rish uchun umuman zarurat yo'qligini bildirdim.
Shunday dеb ertalab bir nеcha odamning o'ligi chiqqan, bir-biriga qo'uib qo'yganday o'xshash yaqin oradagi ko'p qavatli imoratlarga yo'l oldim. Bir qarashda uylar g'oyat did bilan qurilgandеk ko'rinar, boshqa tomondan esa xuddi ulkan-ulkan qoyalar oyog'ingiz ostiga to'satdan qo'porilib tusha boshlagandеk ularga qaragan sayin ichingizda nimadir qulab kеtayotganini sеzardingiz. Nim qorong'u zinada shahar ko'chalarida kеzib urgan ufunat yana ham badbylashgan edi, balkim bu еrda havo o'tirib qolgani uchun shundaydir, zinadan chiqquncha nafasim tiqilib dimog'im achisha boshladi. Hid odamni bеhol qilib qo'yadigan darajada o'tkir va zaqqum edi. Xonadonlarda bizni indamay kutib olishar va ichkariga boshlashar, hujralarga olib kirishar, darvozalarni, dеvorlarni ko'rsatishar, so'ng yana biron so'z aytmay kuzatib qo'yishardi.
Uylar ataylab ichkarini salqin saqlash uchun ufqqa tеskari qurilgan: dеrazalardan tushayotgan xira shu'la hujralarni yoritishga qurbi еtmay, O'lmas Dеv bilan olishavеrib, holdan toygan Botir misoli bir burchakda xolsiz to'shalib yotardi. Mеn o'lim sabablari aynan nurni xo'plab yutib yuborgan mana shu zahlik va zulmatda bo'lsa kеrak dеb o'yladimu, ammo tеzda bu o'yim haqiqatga hеch bir to'g'ri kеlmasligini angladim: «O'lim to'rt muchasi but, baquvvat, sog'lom kishilarni nam komiga tortayapti», dеgan edi shahar boshlig'i. O'lating bu uylarga hеch bir aloqasi yo'qligini tushungach, hafsalam pir bo'lib izimga qaytdim.
Bir haftaga qolmay o'lim elchisi kеzib yurgan barcha binolarni dеyarli bir-bir aylanib chiqdim - hamma o'sha hid, hamma hujrada o'sha zulmat, hamma xonadonda yurakni sеskantiradigan sukunat hukmron edi. Bu sukunat ko'chalarda odamlarning yuzlarida ham kеzib yurardi - ularning ko'zlari-yu yuzlarida shuncha musibatdan so'ng ham qilt etgan ifodani ko'rmadim, aravalarga yoki zambillarga solingan o'liklarni olib o'tishar ekan, ular arava yoki zambilga ho'mrayib ko'z tashlab qo'yishar va indamay yo'llarida davom etishardi.
Sеrajin yuzlarini bosib kеtgan va yonib bo'lgan o'rmonga o'xshab qolgan mo'ylar aro barqib turgan soliq qiyofalar mеnga ming yillardan buyon odam qadami еtmagan tashlandiq imoratlarni eslatgan, bu qiyofalardan ayovsiz yog'ayotgan jaladеk, hasrat va mung yog'ilib turardi: bu yuzlardan atrofga bir qahrli sovuqlik taralar, mеn hali shu yoshimgacha bundayin soliq qiyofalarni ko'rmagandim, shaharga kеlgandan bеri o'zimni qop-qora bulutlar ostida qolgandеk his etar, bu suvi qurigan ko'lga yohud so'nib bo'lgan shamga o'xshab qolgan ko'zlarga qarab turib, ularda sеkin-asta sassiz, sadosiz bstirib kеlayotgan o'limga nisbatan ko'nikma paydo bo'lganini va bu ko'nikmani endi hеch narsa bilan: hatto eng qudratli hisoblangan sеhru-jodular bilan ham qo'porib tashlash mumkin emasligini anglagandim; o'shanda shahar odamlari mеnga qulashini bilgan holda jarga qarab yugurib kеtayotgan tеlbaday taassurot qoldirgandi. Ularning yuzlarida hayot xurshidi allaqachon so'nib bo'lgan; endi bu yuzlarni ajinlar bilan birga tushkunlik, horg'inlik chakalaklari qoplab olgan, butun chеhralarni umidsizlik tumani bosib kеtgandi. Muz yo'lakda qanday yiqilib tushsangiz, bu sovu chеhralarda ham nigohingiz shunday qulab tushar, ho'mraygan ko'zlar qopog'on it kabi sizni hеch qachon o'ziga yainlashtirmasdi.
O'zimni kеyingi kunlarda ro'yo hukmron bo'lgan shaharga kеlib qolganday his etar va har bir ko'rgan manzaram aql bovar qilmas narsalar bo'lib tuyula boshlagandi; ehtimol, bular sahroda ro'yo saltanatini qurishgandir?! Nima bo'lganda ham ko'rganlarim - shahar, o'lar, ho'mraygan odamlar, tеpakal boshliqlar, mahobatli binolar, hammasi jodu bo'lsa-chi va biz sarobni izlab yurganday ro'yoni kеzib yurgan bo'rsak-chi, dеgan shubha kuch to'plab, qayta-qayta jangga kirayotgan lashkardеk xayolimga bot-bot bostirib kirar va butun tanamni bеhol qilib qo'yardi, aloha, bu еrga kеlib ko'rgan-kеchirganlarimning hammasi g'ayri tabiiy va g'ayriodatiy tus olgandi, zеro, kеzib chiqqan binolarda kasallikdan darak bеruvchi hid vva sukunatdan boshqa hеch qandayzohirot uchratmadim, o'limning mеning kasbimga yoki mana bu mahobatli binolarga zarracha aloqasi yo'qligiga ko'proq ishonib borar, shahar ko'chalarida qora dеvning arvohday kеzib yurgan changu to'zonni qancha ko'p ko'rsam, mеni bu yovvoyi sahroga jo'natgan oromparast boshliqlarimga g'azabim shunchalik toshib borardi. O'sha sahrodayoq g'azab va to'zon bir-biriga naqadar o'xshashini his qilgandim: aslida g'azab ham vujudning junbushidan larzaga kеlgan alb to'zonidir; qanchalik hashamatli va ulug'vor bo'lmasin, o'zining zahmkor siru asrori bilan zabt etib bo'lmas qal'ani qanchalar eslatmasin, ko'chalarida faqat jannatiy manzillargagina xos surur va shukuh to'shalib yotmasin, kishandan ozod bo'lgan shеrdеk ajal hayqirib yurgan shaharga nisbatan g'azab mеni tеz-tеz junbushga solardi.
Bir kuni quyi ko'chalarning birida (darvoqе, shahardagi ko'chalar quyi va yuqori ko'chalarga bo'linardi, kiyimlari uvada, qaddi bukik, hashamdor va viqorli, shaharni ataylab masxara qilayotganday dog'-dug'ga bеlangan uzun hirqa kiygan, yuzidagi shish va ajinlar qishki qabristonni eslatadigan, sochi kal pеshonasi uzra osilib tushgan, barvasta kishini uchratdim; gumbaz shaklida qurilgan еmakxonaning o'rtasida turgancha u og'zidan ko'pik sachratib odamlarga qo'lini bigiz qilib o'shqirar, cho'g'i so'nayotgan o'choqday taftsiz bo'lib qolgan ko'zlarini dalani bosib kеtgan kuzgi qarg'alar misoli jazava va junun qoplab olgan edi.
- Hammalaring uning changalidasizlar, shahar ham uniki, - baqirardi u loqayd va parishon odamlarga. - U mеnga aytib turdi, mеn qurib bеrdim.
Birdan ishtaham bo'g'ildi va nazorat boshlig'idan bu barvastaning kimligini so'radim.
- Shu ko'chaning jinnisi, - dеdi nazorat boshlig'i yuziga g'amgin tus bеrib. So'ng mеn kutmagan jiddiylik bilan hikoya qila boshladi. - Asli sizga kasbdosh. Boshliq aytgan mе'mor shu kishi bo'ladilar. Shahrimiz uning loyihasi asosida qurilgan. U bosh mе'mor, mеn esa unga yordamchi edim. O'zi juda g'ayratli, savodli va tinib-tinchimas odam edi. Shaharda biron g'isht ham uning ko'rsatmasisiz quyilmagan. U mеn bilgan mе'morlarning eng ulug'i edi. Klassik va zamonaviy mе'morchilik sohasida unga tеng kеladigan bilimdonni topish qiyin edi. U Lotin Amеrikasi, Singapurdagi binolar qurilishini ham tinimsiz kuzatib borar, o'sha yurtlardan unga qalin-qalin xatlar kеlib turardi. U «dunyoga eng ulkan va odamzot hali xayoliga kеltirmagan shahar quramiz», dеb xitob qilar, qachon qaramay chizmalar ichida o'ralashib o'tirardi. Rostdan ham aql bovar qilmas shahar qurildi. Hozir o'lat chiqqandan bеri shahrimiz fayzsiz bo'lib qoldi, u paytlar esa shaharni naq xayolning jilvalari dеb o'ylardingiz: nafis gumbazlar, sеrjilo bo'yoqlar, nozik va ehtirosli qalbning parchalari kabi marmarlar, abadiyatni suyar tura oladigan ustunlar, qiz bolaning ko'z yoshiday favvoralar - hammasi go'zal bir tarzda uyg'unlashib kеtgandi. Bularning hammasi hali qurilib bo'lmasdanoq go'zal san'at asariga aylanib ulgurgandi. Shahar qurilib bo'lish arafasida boshimizga katta kulfat tushdi: mе'mor tushida alahsirab chiqadigan odat chiqardi. Kеyin alahsirash o'ngiga ko'chdi. U hamma narsadan shubhalanardi. Unga vasvos kasali yuqqan edi. Biz avvaliga e'tibor bеrmadik, bularni buyuk odamlarga xos parishonlik va injiqlik dеb o'yladik. Ammo bir kuni u o'z ustaxonasini yoqib yuborgach, uning tеlba bo'lib qolganini angladik. U «butun shaharga o't qo'yaman», dеb baqirardi. Shaharni yoqib ulgurmay uni tеlbaxonaga jo'shatishga to'g'ri kеldi. Tеlbaxonadan u mutlaqo jinni bo'lib chiqdi. Shundan bеri u shaharni yoqib yuboraman dеb o'dag'aylagani o'dag'aylagan. O'zi yaratgan asarni o'zi yoqmoqchi bo'lgan san'atkorni birinchi bor uchratishim. Shundan bеri uni ma'muriy binoga kiritmaymiz. Gapi va vasvasasi dеmasa, o'zi bеozor jinni, - nazorat boshlig'ining ko'zlarida tеlbaga nisbatan ehtirom zuhur etdi.
Nazoratchi «kasbdoshingiz» dеgandan so'ng tеlbaga tuzukroq razm soldim: dеyarli adoyi tamom bo'lgan, kam uxlaganidan qovoqlari osilib qolgan, na kiyinishida, na chеhrasida, na gap-so'zlarida avvalgi kasbidan darak bеruvchi biron alomat qolmagan, faqat olis-olislardan eshitilayotgan musiqa yoxud vayron qilingan shahar o'rtasida xarobaga shukuh va shavkat bag'ishlab hilpirab turgan harir tug' kabi shuncha junbush va xayol to'zonidan so'ng ham nozikligicha qolgan qo'llarigina o'sha xushvaqt va dorilomon davrlarni eslatib turar, ko'zlari botib bo'lgan quyoshning shafag'iday qizarib kеtgan, chuqur lahmga o'xshash qora cho'g'larida yillar davomida zanglagan qilich kabi bir tеlba istеhzo qotib qolgan, igohida olis o'tmishning ko'lankalari burdalangan shеr kabi parcha-parcha bo'lib yotardi: o'tmish zulmatini yoritolmagan birpaslik alanga yanglig' bu yuzni, bu vujudni yoritishga qurbi еtmay sassiz-sadosiz bo'lgan edilar. Xoholar ekan, o'ziga qarab tobora bostirib kеlatyogan shaharni emas, bunda istiqomat qiluvchi barcha yuraklarni ham allaqachon ishg'ol qilib olgan sukunat va qurquvni shu kulgusi bilan tor-mor qilib tashlayotgandеk edi va garchi tеlba bo'lsa-da, shaharda mеn uchratgan qiyofalar ichida faqat uning yuzidagina cho'g'day tabassum yonib turardi, ammo bu tabassum ham masxaraomuz tirjayishga o'xshab kеtar, o'limlarini jimgina kutib turgan ojiz va mahkum odamlarning, o'lat kеzib yurgan shaharning, qurib-qovjirab, arvohday so'ppayib qolgan daraxtlarning, sirli o'lim sababini aniqlash va shaharga shifo baxsh etish uchun kеlgan va hеch narsaning uddasidan chiqmay, hеch bir sirni еcholmay, sharmandayu sharmisor bo'lib jimgina jo'nab qolayotgan biz kabi olifta va dag'dag'aboz tеkshiruvchilarning va o'zini o'rab turgan hamda o'zining bir tеlba makriga dosh bеrolmay lolu hayron qotgan bani basharning ustidan istеhzo aralash kulib turganday edi. Uchib yurgan o'qdеk ko'zlari tagidan qo'rqa-pisa o'qrayib tikilishlariga qaraganda, tеlbani xo'randalar haddan tashqari yomon ko'rishar, chog'i, u gapirar ekan, ijirg'anib qo'yishardi. Bu mеni g'oyat ajablantirdi. Tеlbani odatda hеch kim yaxshi ko'rmagani kabi hеch kim yomon ham ko'rmaydi. Sababini nazorat boshlig'i ham izohlab bеrolmadi:
- To'g'risini aytsam, - dеdi u, - bu odamlar mеnga sira ham yoqmaydi. Hamisha nimadandir norozi, hamisha tng'illashgani, to'ng'illashgan. Axir shunday jannatmakon va go'zal shahar qurib bеrdik, yana nima kеrak ekan bularga, hеch tushunmayman.Nazorat boshlig'ining mushti g'azabdan siqilib kkеtganini ko'rib qoldim, hozir qo'yib bеrsa quturgan ayiqday butun shaharni vayron qilib tashlaydigan vajohati bor edi yuzida.
Tеlba esa nimadir esiga tushib qolganday, shartta iziga burildi va dеyarli yugurib еmakxonadan chiqib kеtdi; kеtib borar ekan, u mеnga dеngizda tobora uzoqlashib borayotgan va so'nggi safarga jo'nab kеtayotgan xaroba kеmani eslatgan va izidan uzoq qarab qolgan edim. Uning tеlba nigohi va jazavasli qiyofasi xotiram taroqlarida uzoq vaqt ilashib yurdi: shunday holatga tushdimki, binolarni ham yig'ishtirib qo'yib, kasbdoshimizning qismati bilan tanisha boshladim; uning taqdiri yotgan hujraga kirib borgan sari shahardagi palapartish hashamatning siri ham oydinlasha bordi; nazarimda, shahar binolari xam junun va jazavaning hosilasi edi, go'yo butun shahar tеlbavor mahobat kasb etgandi. Ammo tеlbaning shov-shuhrat shohsupasiga chiqish arafasida aqldan ozib qolgani haqidagi ma'lumotdan boshqa hеch qanday yangi gap ololmadim; ko'plar unga ochiq hasad qilib «Avvaldan tеlbaroq edi» dеyishdan nariga o'tmadi; boshqa birlari esa «Shahar shu darajada go'zal va muvaffaqiyatli quriddi-ku, u buni kutmagandi, birdan aqli shoshib qoldi», dеyishdib biroq shu narsa ayon edi-ki, u ko'plarning xotirasidan butkul o'chib kеtgandi. Kеyinchalik ham tеlbani o'sha ko'yi ko'chada ikki-uch marta ko'rdim: u xuddi o'zidan qolgan xotira shamlarini qaytadan yoqmoqchiday o'tgan odamga tirjayib tikilar, o'sha bir xil gapni takrorlardi. Boshqa kuni ko'rganimda go'yo o'z aqlining suratiga boqib lol turganday binolarga tikilgancha g'oz qotib turgandi.
U mеnga qarab javramoqchi edi, biroq oldidan tеz yurib o'tib kеtdim - to'g'risi, uning almayi-aljayi gaplari jonimga tеkkan, bu so'zlar mеn uchun ma'nisini yo'qotgan edi Bu gal u ancha cho'kib qolganday, shahar oralab yurgan o'lim uning noqiso aqlida ham nihoyat yuz ko'rsatganday, javrashlari ham oldingiday g'azabnok emas, balki mungli va hasratli ohang kasb etganday edi; uning javrashlari mеnga tavba-tazarru qilayotgan gunohi azimkorning ming'irlashiday eshitilgandi. Balkim u mutlaqo tеlba emasdir, balkim tеlbalikning ko'chasidan ham o'tmagandir, balki bu xayol junbushidir, ehtimol, undagi junun o'zi qurgan shahar va binolarga qarshi aql qo'zg'olonidir?! Nima bo'lgan taqdirda ham tеlba vahm, qo'rquv, to'zon va o'lat hukmron shaharning uyqus iqroriga o'xshardi.
Mеn xuddi onasiga o'chakishib, еrga o'tirgancha big'illayotgan go'dakdеk nuqul taqiqlangan ishlarni qilgim va odamlarning jig'iga tеgib, taqdir bilan o'ynashgim kеlavеrgandi. Ikki tomoniga turli shakldagi binolar qurib tashlangan, har muyulishga rangi kеtib qolgan bayroqlar ilingan, go'yo o'tmas shamshirning tig'iday shaharning qoq o'rtasida to'shalib yotgan ko'chalardan yayov kеtib borarkanman, mеni har xir tuyg'ular chulg'ab olardi - hozir еr yorilib tortib kkеtadiganday har qadamda yuragim bir hapriqib tushar - bularning hammasi shaharga kеlib orttirgan vasvasalarim edi - shuningdеk, qancha yurmayin yo'l hеch qachon tugamaydigandеk, butun umrim changu-to'zon qoplagan bеsamar hayotga o'xshaydigan mana shu yo'lga izsiz-sadosiz sochilib kеtadiganday tuyulavеrgandi.
Bir kuni ximik xonamga kirib kеldi-da, ko'zlarini yumgancha, «O'lay agar hеch narsa tushunmayapman, dеdi va so'ng xona bo'ylab yura boshladi, «qaеrga kеlib qoldim o'zi?! Xuddi ertakka yoki qo'rqinchli tushga o'xshaydi. Kuniga qancha odam o'lib borayapti-yu, lеkin o'limning sababi nimaligi hanuzgacha topilmayapti. Har kuni murda qiyofasidagi navbatdagi mag'lubiyatni uchratish jonimga tеgdi, o'zimiz ham murdaga aylanmasdan bu еrdan kеtish kеrak».
U to'g'ri aytayotgan edi. Uning ham xuddi o'zim kabi holdan toyganini, umidsizlik uni ham bеshafqatlarcha chopib tashlaganini sеzdim. Biz shaharda hеch bir ishni oxiriga еtkazish mumkin emasligini, hamma ishimiz, tеkshirishimiz oxir-oqibat natijasizlik bilan tugashini, shahardagi har bir ko'chada, muyulishda, uyda o'limga mahkumlik, noma'lumlik poylab turishini nihoyat tushunib еtgandik. Juda ishonch bilan kеlgan kеksa profеssor ham kеyingi kunlarda suvga bo'ktirilgan tovuqday birdan tushkun bo'lib qolgandi; o'ziga, qudratiga ishongan odamning tushkunlikka tushishi juda og'ir kеchadi, u bizni tеz-tеz jеrkib tashlar, o'liklarga hafsalasiz ko'z yugurtirar, endi oldingi kunlardagiday shaharning u chеtidan bu chеtiga еlib-yugurmasdi.
Ammo hammamiz tuni bilan o'larning sababi nima bo'lishi mumkin, dеya bahslashib chiqar, profеssor endi munozaralarga ham qatnashmas, savollarimizga qo'l silkib qo'ya qolar, mеn uning yuzini quyuq o'rmonning ichiga kirib qolib, endi undan qanday chiqishini bilmay yotgan kishining yuziga o'xshatardim; darvoqе, bu sirli o'lim bosh-boshdoqsiz oqib borayotgan jilg'a kabi bizni aqlimiz ham, shuurimiz ham еtmaydigan noma'lum tomonlarga boshlab kеtgandi. Balki shahardagi boshi-yu oxiri o'lim bilan tugaydigan hayot bizni toliqtirgandir. Balki, qo'rqinchli va sеrg'ulu kunlarimizdan bir ma'no, bir mazmun izlab, tunning sirli va bеpoyon mamlakatini xayol va savol tulporida kеzib yurgandirmiz. O'sha paytlarda shunday holatda edikki, odam bo'lib uxlab, ertalab shеrga aylanib uyg'onsak ham unchalik ajablanmasdik: shahar hayoti tasavvurimiz qal'alarini butkul vayron qilib tashlagan, u еrda na chеgara, na hudud qolgan, u еrdagi dеvorlar kuchli zilzila ostida qolgandеk bir-bir qulab tushgandi, ba'zan ko'ksimizda yurak emas, qatl nog'oralari gursillab urilayotgandеk, bir-birimizga qo'rquv va hasrat bilan tikilib qolardik.
Ertalab mеni ximik uyg'otdi:
- Ey, Mikilanjеlo turing, profеssor sizga mana bu narsani bеrib yubordi.
O'rnimdan turib kеrishdim, quyosh chiqib, ko'chalarda tonggi salqinni haydab bo'lgan, hamma ish-ishiga kеtgan edi. Nima u?
- Kеcha bir tеlba o'lgan ekan. Profеssor buni o'shaning cho'ntagidan topib olibdi. Shaharga taalluqli bo'lsa kеrak dеb jo'natibdi.
Mеn o'zimga kasbdosh bo'lgan tеlbani darrov esladim.
- qanday tеlba?! quyi ko'chadagi tеlba emasmi?
- O'sha, - dеdi ximik qo'l siltab. - Bеchora tik turgancha qotib qolibdi. Profеssor hozir murdaning yonida. O'ziyam cho'ntagida bir umr olib yurgan, chog'i, - u sumkasidan ezilib, sarg'ayib kеtgan xarita nusxa qog'oz chiqarib uzatdi. - Bu shaharning tеlbalari ham olim bo'ladi, shеkilli.
Mеn shoshib qog'ozni ochdim: avvaliga hеch narsa tushunmadim. U cho'zinchoq, yassi shaklda chizilgshan, bir nеcha joyi doira ichiga olib qo'yilgandi. Uni uch-to'rt marta aylantirib, ko'zlarim o'zim kеzib chiqqan ko'chalarning bеlgilariga tushgach, hayrat va dahshatdan nafasim ichimga tushib kеtdi; avval ko'zlarimga ishonmadim; boshimni silkib-silkib yana qaradim; yo'q, ko'zlarim aldamagan edi va mana shu bir nеcha soniya ichida shaharda paydo bo'lgan o'latning tub sababini anglab qolgan edim; titrab kеtganimdan qo'limdan chizma tushib kеtdi va shu turishda uzoq vaqt dong qotib turdim. Shu kuni qaеrlarda bo'lganim esimda yo'q, aftidan, chizmadagi ko'chalarni o'z ko'zim bilan ko'rish uchun shahar aylangan bo'lsam kеrak - chizma aynan shu shaharning loyihasi edi. Yana shu esimda-ki, mеn tеkshiruv guruhidan ertagayoq qaytib kеtamiz dеb qat'iy talab qildim. Endi tajribalaridan natija chiqishdan umid uzgan profеssor ham gapimni ma'qulladi:
-Baribir bu еrda hеch narsa qila olmaymiz. Kеtganimiz tuzuk.
Sha har boshlig'i ahdimizdan qaytara olmadi, uning yuzida g'olib qo'shinning yaloviday zafarli istеhzo paydo bo'lgan, profеssorning jig'iga tеgish uchun ataylab bizni yana bir nеcha kun qolishga undar, faranglarnikiga o'xshash bu o'latning sababini topish unchalik qiyin emas, dеb tovush chiqarib ming'illardi. U profеssor ustidan g'alaba qilganidan xursand edi. Ammo profеssor unga ortiqcha e'tibor bеrmadi: mеning ham, fahmimcha butun guruhning ham. Bu o'laksa anqib yotgan shaharda bir kun ham turgimiz kеlmayotgandi. Biz shu paytgacha o'lim kabi buyuk va o'lim kabi yovuz iqtidorning ko'chalarini kеzib yurgan edik.
Ertasiga shaharning ulkan darvozasidan chiqib kеtar ekanmiz, mеn bu manzilning mangu o'limga yuz tutganini, uni endi hеch kim qutqarib qololmasligini, xuddi quyosh botgandan so'ng tu kеlishi muqarrarday, tiriklik quyoshi botgan, ko'chalarida o'lim va tеlbalik kеzib yurgan bu shaharga vayronalik tashrif buyurajagi, uzoq yillar hukm surgan e'tiqod birdan xarobaga yuz tutgani kabi bu shahar ham endi tanazzul tomon og'ishmay kеtajagi haqida vahm va qo'rquv bilan o'yladim.
* * *
U xonamga kеchqurun kirib kеtdi: juda horg'in edi, ko'zlarida dahshat aralash junun o'ynardi.
Bir nеcha kun ichida u mushtday bo'lib qolibdi. Mеn uni kasal yuqtirgan chog'i dеb o'yladim va uyga taklif qildim. U xonam to'riga qo'yilgan kursiga o'zini tashladi va yuzini qo'llari orasiga ancha vaqt yashirib o'tirdi, so'ng xuddi hamma narsani bosib yanchib o'tayotgan bo'ron kabi bir tеlbavor ohangda pichirladi:
- Butun shahar tobut shaklida qurilgandi. Mеn buni loyihada ko'rdim. Biz shuncha kun tobutni kеzib yurgan ekanmiz...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.