OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nazarmat. Ta’zim (hikoya)

Men yaqinda tog‘dagi olis bir qishloqda bo‘ldim.
Qishloq markazidagi gulzorda mangu olov yonib turibdi. Gulxan yonida urushda halok bo‘lgan qishloq mardi-maydonlarining xotirasiga marmardan yodgorlik tiklangan.
Soqoli ko‘ksiga tushgan, yoshi yetmishlarga borgan bir mo‘ysafid olti-etti yashar nevarasini yetaklab, yodgorlik yoniga keldi. Boboning ham, nevaraning ham qo‘lida anvoyi gullar. Ular gullarni yodgorlik poyiga qo‘yib, ancha vaqt ko‘zlarini gulxandan uzmay, sukut saqlab turdilar. Men ham ular yonida turdim.
Tog‘ shamoli gulxan cho‘g‘ini o‘ynardi. Qariya boshini gulxandan ko‘tardi. Men bilan ko‘rishib, hol-ahvol surab, maydon yonidagi buloq bo‘yida savlat to‘kib turgan azim chinor tagidagi so‘riga boshladi.
Dasturxon yozildi. Nevara choy keltirdi. Otaning suhbatga mushtoq ekanligini sezdim. Choy asnosida dardu dilimiz ochilib ketdi. Ota qirq yoshida g‘alaba bilan uyiga qaytib kelganligini aytdi. Frontda zenitchi bo‘lib, fashist kalxatlarini qiyratgan ekan.
Yodgorlikka gul qo‘yilgan kun otaning ham, nevarasining ham tug‘ilgan kuni ekan. Ota o‘z tengqurlaridan ko‘p kishi ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganligini aytdi. So‘ng bunday dedi:
— Qani endi ular hayot bo‘lganlarida mana shu sizu biz soyasida dam olib o‘tirgan chinor tagida osh qilib, yetmish yilligimni nishonlayotgan bo‘lar edik.
— Boshqa tengqurlaringiz ham bordir, sovxoz ulug‘ yoshingizni esga olgandir, — dedim.
Ota menga xursand qaradi:
— Ulug‘ yoshimni yaxshi nishonladilar. Rahmat ularga! Ammo tengqurlarim bo‘lganda yanada boshqacharoq bo‘lardi. Bir ko‘rpada katta bo‘lgan ko‘pgina do‘stlarimdan ayrilganman. Ular xotirasiga shu yodgorlik tiklanib, gulxan yonib turibdi. Shuning uchun har kuni bu yerga bir marta ta’zimga kelaman.

1976 y.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.