OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ne’mat Arslon. 1151 raqamli tramvay (hikoya)

I

"Men tramvayman" degan fikr shunchaki xayoliga kelib qolgan o‘tkinchi mushohadalar hosilasi bo‘lib, dastlab Beshimning lablarida istehzoli, ammo yengil kulgu zohir etgan va lahza o‘tmay unitilgan-u, faqat xotiraning qaysidir puchmog‘ida omonatgina, hatto sahobaning o‘ziga ham sezdirmay o‘rnashib qolgan; agar hayot unsurlariga taqqoslaydigan bo‘lsak, donasi tugab, tashlab yuborishga mahrum etilgan gugurt qutisidek qadrsiz bir narsa bo‘lsa-da, oradan ko‘p o‘tmay o‘sha o‘zi yashirib olgan "xona"dan bo‘y cho‘zib, boshqa kuchli hamda hayotning boshqa ikir-chikirlariga qorishgan-u, eng zarur ashyo sifatida (kundalik ikir-chikir bo‘lgani uchun ham)  xotira  aslaha xonasida saqlanayotgan va har lahzada o‘zining mavjudligini bildirib qo‘yish uchun chinqirib-chinqirib ovoz berayotgan birinchi darajali fikrlar to‘dasiga qo‘rqa-pusa qarab qo‘yadigan bo‘ldi.
Beshim bekatda avtobus kutgancha shivalab yog‘ayotgan yomg‘irda ivishni maqsad qilib olgandek, o‘zini to‘sin panasiga tortmay yo‘l qarardi. Yomg‘irning muzdek tomchilari yuziga, bo‘yniga kelib qo‘nib, toliqqan va kun bo‘yi qilingan aqliy mehnatdan cho‘g‘ kabi qizib ketgan boshiga xush yoqar, buni butun vujudi ila his etgancha namiqib borayotgan asfaltdan ko‘z uzmay turardi.
"Dzing-dzing" etgan  tovush eshitildi. Bekatga kelib to‘xtagan tramvayni ko‘riboq xayolan uning qaysi yo‘ldan borishi va qaysi lahzalarni aylanib o‘tishini o‘yladi-da, vaqtdan qariyb yarim soat yutqizishini istamay, yo‘q, "avtobus kutaman" degan qarorga keldi. Ammo hali qarori dilida mustahkamlanib ulgurmay tramvay biqinidagi raqamga ko‘zi tushdi: "1551". Sonlarda ramziylik borday tuyuldi. Odamlar ochiq eshiklardan tushib kelishar, bekatdagi yo‘lovchilar avtobus kechikkanligi bois tramvayga o‘tirishga majbur bo‘lganidan ranjigan qiyofada ko‘rinishardi. Beshim ham ularga qo‘shilib tramvayga chiqdi. Bo‘sh o‘rindiqlar ko‘p bo‘lsa-da, yoshgina bir qiz o‘tirishga taklif qilganday nariroq surildi va ko‘z ilg‘ar-ilg‘amas harakatlar bilan yonidagi bo‘sh joyga imo qildi. Beshim uning yoniga — eshikdan kirish joyda — chap qo‘ldagi birinchi o‘rindiqqa o‘tirarkan, avval derazadan tashqariga qaradi. So‘ngra bekat maydonchasidan nigohini uzib hamrohiga nazar soldi: nigohi qizning turmaklangan sochini, oppoq va nozik bo‘ynini, turmakdan qochib uning yelkasiga ochilib tushgan bir o‘ram sochini silab o‘tib, yana o‘z makoniga, ya’ni Beshim ismli jismning ko‘z qorachug‘lariga qaytdi.
Tramvay o‘rnidan og‘ir qo‘zg‘aldi. G‘ildiraklar temir izlar ustida bir maromda taraqlay ketdilar. Beshim haydovchi o‘tirgan xonachaning temir devoriga, ochiq eshikchadan  ko‘rinib turgan, shu og‘ir ulovni boshqarish uchun xizmat qiladigan uskuna-murvatlarga, xonacha devorining bo‘yog‘i ko‘chib tushgan zax va qirralariga azbaroyi nimadir qilish ehtiyoji tug‘ilgani sababli zerikkan qiyofada qarab borardi. Eskirgan tramvay patorot topish arafasida turganday. Ro‘paradagi derazaning singan ko‘zi va unga birkitilgan faner yamoq, zanglagan boltning ichkariga tomon turtib chiqib turgan uchi... bularning hammasi Beshimga o‘zining qirqyamoq tuflisini eslatdi.
"Menga o‘xsharkan bechora" degan o‘y ko‘nglidan o‘tarkan, qizning nigohi qadalib turgan nuqtaga qaradi. Bu nuqta tomonlari yeyilib, shakli o‘zgarib yamalaverganidan makkajo‘xori so‘tasiday g‘adir-budir bo‘lib qolgan o‘zining tuflisi ekan. Beshimning oyoqlari beixtiyor harakatga keldi, tufli o‘tirg‘ich ostiga tomon bir qalqidi-yu, qaysarlik bilan o‘z o‘rniga, qizning oppoq va bejirim boshmoqchasi yoniga qaytdi.
"Yashirishning fodasi yo‘q, ko‘rdi, endi yashirish aksincha, uning ko‘nglidan kechgan taassurotni kuchaytiradi", xayolidan o‘tkazdi Beshim va qizning qo‘lidagi gulga qaradi. Bir dasta nastarin. Gulning binafsharang yaproqlaridan bahoriy toza xushbo‘y taralmoqda. Nastarin  va yomg‘ir... shamsiya tutgan ayollar, deraza, tom bo‘g‘otidan shovullab quyilayotgan suv — bularning hammasi qizning qo‘lidagi gulga va savsani ko‘ylak kiygan navniholga o‘xshardi. Nastarin ham, yomg‘ir ham mana shu qiz ham. 
— Nastarin...
Cho‘chinqirab, hayajon ichra, pastgina ovozda aytdi bu gapni Beshim. Qizdan sado chiqmadi, faqat derazadan ko‘z uzib u ham gulga qaradi. Beshim miyasidagi bor lug‘at boyligini titkilab ko‘rib yana bitta so‘z topdi:
— Chiroyli...
Bosh egdi qiz. Bu harakat mazmunini sharhlolmadi Beshim, so‘zni tasdiqlamoqchi va buning uchun oxirigacha eshitmoqchi bo‘lib davomini kutyaptimi yoki gulni hidlayaptimi?!
Tramvay qo‘ng‘irog‘ini chaldi.  Uning yo‘liga "Ikarus" avtobusi ko‘ndalang kelib qolgandi. Tramvay qattiq silkinib qasirlab, g‘ijirlab to‘xtadi. Buni kutmagan yo‘lovchilar baravariga qalqib o‘rinlaridan turib ketishdi. Kim qo‘li bilan, kim boshi yo yelkasi bilan, ba’zi birovlar ko‘kragi bilan o‘zidan oldingi kishiga tayanib qoldi. Eng oldinda o‘tirgan kampir haydovchi xonasining devoriga borib qapishdi. Beshim esa chaqqonlik ko‘rsatib eshik yonidagi tutqichdan tutib qolishga ulgurdi. Qizning holati mutlaqo o‘zgarmaganligi, qalqib ham ketmaganligi ajablanarli edi. Lablarida mahzun tabassum va ko‘zlaridagi mung bilan g‘azabnok yo‘lovchilardan uzr so‘ragandek bir qiyofada o‘tirardi. G‘ala-g‘ovur boshlanib har xil gaplar va haqoratlar aytilardiki, bularni ham qizgina o‘ziga olayotganday bir alpozda ohista ko‘z yumib, bosh tebratish bilan qabul qildi.
— Siz tramvaychining qizimisiz? — so‘radi Beshim uning holatini o‘zicha tushunib.
Qiz unsiz jilmaydi. Bamisoli tonggi sabo, bargi qabo, ya’ni shukufta gul yaproqlarini avaylab o‘pganday va bu muloqotdan yaproqlar titrab ketganday uning dudoqlari harakatga keldi:
— Men tramvayning qiziman.
Bu gapni qiz aytdimi yoki o‘zining xayolida aks etdimi, farqlolmay qoldi Beshim.
Yo‘lovchilar tahlikasi tinib, yana har kim o‘y-tashvishlarga to‘la o‘z dunyosiga kirib ketarkan, pastda harakatlanayotgan temir qismlar nidosi baralla eshitilayotgan bo‘lsa-da, Beshimning quloqlarida hamon o‘sha ovoz shivirlardi:
"Men tramvayning qiziman".
Derazadan tanish manzarani — kekirtaksimon qurilgan uch qirrali baland binoni ko‘rib qolib ikki-uch bekat o‘tib ketganini angladi Beshim. Tanasining harakatlanuvchi barcha mushaklarida o‘rnidan turish istagi sizg‘irib o‘tdi-yu, ammo yonidagi xilqatdan ajralgisi kelmayotgani sababli bu taraddud nihoyasiga yetmay so‘ndi. G‘ildiraklar bir maromda sado berar, chiroqlar temir izni, yomg‘ir suvlaridan hosil bo‘lgan yo‘laklarni paypaslagancha qorong‘ulik bag‘riga kirib borardi.
«Mayli, bunday go‘zal xilqat bilan hatto dunyoning narigi chetigacha borish mumkin» deb o‘zini xotirjam qilishga urindi yigit, ammo shu lahzaning o‘zida boshqa bir fikrdan dili xira tortdi: «Dunyoning narigi chetigacha unga hamroh bo‘la olamanmi, axir tuflim oyog‘imdan uzilib tushib qoladi-ku, shunday qizning yonida ketayotgan yalangoyoq va notavon kishini ko‘rib odamlar malomat qilmaydilarmi».
Xayolidan o‘tgan fikrga qizning munosabatini bilmoqchi bo‘lganday unga qaradi. Latif va g‘amnok chehra. O‘zicha mulohaza yuritib, yo‘q, g‘amnok emas, o‘ychan va munis degan xulosaga keldi. Nazarida qiz u qadar g‘amgin ko‘rinmadi. Uning yashash joyini, xonasini, to‘shagini o‘zicha tasavvur qilib ko‘rdi: eri yo‘q, bola-chaqasi yo‘q. Xona va dahlizlarda sukunat. Burchakda javon, uning yonida yozuv stoli. Stol ustida binafsharang yog‘du taratib tunchiroq yonib turibdi. Karavot poyida bo‘yradekkina keladigan guldor gilamcha. Guldor patgilam. Uning ustida yumshoq ayollar boshmog‘i. Gullar allaqachon guldonga solib qo‘yilgan. Beshim qizning qo‘lidagi dastaga qaradi va undan ko‘z uzib o‘zining boshmog‘iga qarab oldi. Qizning uzun va ingichka barmoqlari nastarin barglari orasida yanada nozikroq va oqroq bo‘lib ko‘rinardi. Bu vujudi oq va qora ranglardan tashqari kashtan mevasidek qo‘ng‘ir ranglar, qo‘lidagi nastarin gul barglariga xoslik bir-biriga nisbatan ziddiyat bilan o‘rin olgandiki, shu  ziddiyatning o‘zi mutanosiblikni va uyg‘unlikni baxsh etgandi.
"Temiryo‘lchilar xiyoboni" bekatida tushib qolib piyoda ortiga qaytarkan, oyoqlari chalishib ketayotganini, orzular va umidlar lazzatidan mastu mustag‘riq bo‘lib yo‘ldan chetga chiqa boshlaganini payqadi Beshim va dilini afsus o‘rtadi, mastlik tarqadi. "Izdan chiqsam yiqilaman" degan iqror dilini qamrab oldi. Tuflisini qattiq "ekspluatatsiya" qilgandi. Behuda xayollar deb yetti yildan buyon minib yurgan "otini" zo‘riqtirganiga achindi. Egilib qarab ko‘cha chirog‘i yorug‘ida yaqindagina yamalgan joy yonida uzungina qora chiziq paydo bo‘lganini ko‘rdi.
Qo‘llari bilan zina tutqichiga tayangancha  og‘ir-og‘ir yurib yuqoriga ko‘tarildi. To‘rtinchi qavat, buyog‘i yarqirab turgan eshik, yashil bo‘yoq. Bir hafta avval bosmaxona omborchisidan so‘rab olgandi. Eshikning tarovati butun hafta davomida uning kayfiyatini ko‘tarib turdi. Moy bo‘yoqning hidi, umuman shu ishning uddasidan chiqqanligi, qo‘shnilarning eshik-derazalari bo‘yog‘i ko‘chib va rangi o‘chib abgor bo‘lib turgan bir pallada o‘zining yarqirab turgan eshigi zarracha bo‘lsa-da hayotiga yorug‘lik baxsh etgandi. Cho‘ntagidan kalit olib qo‘lining ko‘nikib ketgan harakati bilan qulf tirqishiga tiqdi, buradi. Qulf harakatlanuvchi jismlarining beozorgina "shilq" etgan tovushi eshitildi.
Xona havosi dimiqib qolgandi. Derazani ochib karavotga o‘tirdi-da, tuflisini yechib qo‘liga oldi, ko‘ziga yaqinriq tutib qaradi, barmog‘i bilan siypalab ko‘rdi. Tuflining  charmi yuzakiroq yorilgan va hali ichki qismiga o‘tmagandi. Ertasi kun tanish etikdo‘zning oldiga borib tuflisini uning qo‘liga tutqazdi.
— Akoyi Beshim, ha, yana biror joyidan ketibdimi? — deya qarshi oldi usta va qo‘lini tuflining ichiga tiqib barmog‘i bilan charm betlikning yorilgan joyini paypaslab ko‘rdi.
— Bo‘pti, qoldiring, bugun shanba, erta bozor, dushanbagacha olasiz.
— Dushanba ishga boraman.
— Tayyor bo‘ladi, yakshanba kechroq xabar oling.
Shu gaplarni ayta turib usta tuflini yana qo‘liga oldi.
— Tuflingiz ham ammo uchinchi tramvaydan bo‘lib qolibdi, — bosh chayqab kuldi usta.
Beshim og‘rinmadi. Rezina cho‘vagini shapillatgancha chiqib ketarkan "Nafaqat tuflim, o‘zim ham o‘xshayman" degan fikr yo‘l bo‘yi uni tark etmadi. Shaharga kelganidan buyon uydan ishga, ishdan uyga qatnab bir xil hayot kechirayotgani to‘g‘risida o‘yladi, ammo bunday o‘ylar endi uning yuragida kuchli hissiyot uyg‘otmasdi. Yetti yildirki, shu yo‘ldan qatnar, qorin to‘ydirish uchun zarur narsalarni yo‘l-yo‘lakay ko‘chaning o‘ng betidagi xiyobon bo‘ylab joylashgan do‘konchalardan xarid qilardi. Tuflini shaharga kelgan yili yetti oylik qalam haqini yig‘ib yurib olgan, va uni hech bo‘lmaganda yana biror yil kiyishdan umidvor edi. Shu bois hamisha eng qisqa yo‘lni tanlar, zarurat bo‘lmasa uydan chiqmas, xullas, o‘zini "sen"lab, tuflisini "siz"lardi. Tunda ustini artib, changdan tozalab nam sochiq yopib qo‘yardi.

II

Dushanba kuni ishdan qaytishda yana "1551"ga chiqdi. O‘ninchi yo‘nalish bo‘yicha qatnaydigan "1941" hamda "1997" raqamli tramvaylarni ataylab o‘tkazib yubordi. Nihoyat, o‘zi kutgan tramvay bekatga kelib to‘xtashi bilan eshik yonidagi birinchi derazaga qaradi-yu, unga ko‘zi tushdi. Tasodifmi yo Xudoning to‘g‘ri keltirganimi, o‘sha kungi joyda o‘tirardi qiz. Yelkasi derazaga tegib turibdi. Ko‘ylagining sap-sariq bir dona guli xudi shishaga yopishtirib qo‘yilganday. Sochi o‘sha kungidek turmaklangan, faqat egnidagi libosi boshqa, oddiygina sariq gulli chit ko‘ylak. Sariq na’matak gulli. Na’matak pushti rangga moyilroq gullaydi aslida, lekin tog‘larda o‘sadigan yovvoyi na’mataklarning bir turi to‘q sariq, hatto aytish mumkinki, zarg‘aldoq rangda gullaydi. Na’mataklarning hammasi o‘zi yovvoyi, ammo zarg‘aldoq rangda gullaydigani yana ham yovvoyiroq.
Qizning yoniga o‘tirarkan, uning qo‘lidagi gulga e’tibor qildi Beshim. Binafsharang nastarin. Gulga ham, qizning yuziga ham bemalol, dadil qaradi. Usta tuflisini yamagan va o‘xshatib moylagandi. Shu bois o‘zini jasoratliroq sezdi, tortinmadi, hatto oyog‘ini qizning oyog‘iga yaqinroq qo‘ydi. So‘ngra xotirjam o‘tirib atrofni ko‘zdan kechirarkan,  haydovchi o‘tiradigan xonaning bo‘yog‘i ko‘chgan sirti, siniq derazaga qoqilgan faner, uchi zanglagan bolt ham ko‘ziga unchalik beo‘xshov ko‘rinmadi. Hech narsa o‘zgarmagan. Hatto yo‘lovchilar ham o‘sha-o‘sha. Yon tarafdagi birinchi qatorda ko‘rinishi abgor bir o‘ris ayoli, uning ortidagi o‘rindiqda yosh bolali bir o‘zbek xotin, undan keyingisida ola do‘ppili ikki o‘spirin, ulardan keyingi joylarda o‘n besh chog‘li o‘quvchi qiz. Mirshablar libosidagi kishilar esa chap tarafdagi o‘rindiqlarni to‘ldirib o‘tiribdilar. Ularning ham shu tramvayga chiqishgani yoqmadi Beshimga. Sababini aniq bilmagani holda qat’iyatli yuzlarga, yangi va ixcham liboslarga iztirob ichra qaradi. Chetki qatorda joy olgan mirshablarning oyoqlaridagi tumshug‘i o‘tkir, tagcharmi qalin chiroyli tikilgan mustahkam tuflilariga ko‘zi tusharkan, qanchalar baxtli bu odamlar degan o‘y miyasiga urildi. Mirshablarning sog‘lom yuzi, qip-qizil rang-ro‘yi, mustahkam jag‘lari, boshlarining kattaligi, quloqlarining solinchog‘igacha qon gupurib turishi cho‘chitdi uni. Sog‘lom narsalardan xavfsirab yashardi. Bular ataylab "1551"ga chiqishmagandir-ku, hech kim tramvayning shaxsiy raqamiga qaramaydi, chunki yo‘lovchilar uchun faqat tramvay peshonasidagi yo‘nalish raqamigina ahamiyatli. "1551" esa faqat birgina mana shu tramvayga tegishli bo‘lib, uning "nomini" har bir odamning o‘z ismi bo‘lganidek anglatadi, degan o‘y-xayolda borayotgan bo‘lsa-da, yonida o‘tirgan qizni bir daqiqa ham unutmagandi. Uning go‘zal hamrohi esa ko‘zlarini haydovchi o‘tirgan xonaning ochiq eshigiga tikkancha borardi. Betinim silkinib, zirillab kelayotgan "temir vujud" titroqlari tinib, g‘ildiraklar aylanishdan to‘xtab, chor tarafga tinimsiz yugurayotgan yengiltak mashinalar shovqiniga quloq tutganday sukut saqlab turardi. Tramvayning bemavrid to‘xtashi yana yo‘lovchilar noroziligiga sabab bo‘ldi. Haydovchi pastga tushib arqonni tortqiladi. Ikki-uch bor shu harakatni takrorladi, so‘ngra o‘z joyiga tomon o‘tarkan, tok kelmay qolganini aytib "biroz kutamiz" dedi. Qizning ko‘zlarida o‘kinch ifodasi ko‘rindi. Rangi oqarib ketganday, lablarida titroq zohir etgandek bo‘ldi. Bu holatni tiniq ko‘rdi Beshim, ammo sababiga aniq tushunmadi. Biror joyga kechikayotgan bo‘lsa ham bunchalik iztirob chekmasligi kerak edi, tushib ketib qolsa-ya degan xavotir o‘tdi ko‘nglidan va go‘yo unga dalda bermoqchidek shivirladi:
— Hademay yuradi.
Qiz holatini o‘zgartirmadi. Mirshablar qadlarini g‘oz tutgancha avvalgi alpozda o‘tirishardi.
"Bular  qaysi bekatdan chiqishdi va qaerda tushisharkin?" o‘yladi Beshim. Oradan yigirma daqiqa o‘tib tramvay harakatga keldi. Qiz qo‘lidagi gullarga tikilgancha jimgina borar, deraza tirqishidan kirayotgan pichoq damidek shamol oqimi uning peshonasi atrofidagi soch tolalarini hamda chekkasidagi zulfagi tolalarini yulqilab o‘ynardi. Bu qiz faqat qora "Limuzin"da yurishga loyiq, xayol qildi Beshim va ayni paytda uning sovqotmayotgani, shamol oqimiga beparvoligidan ajablandi. Oshkora havas bilan, balki intiq hissiyot bilan qattiq tikildi.
Bu paytda tramvay o‘z yo‘nalishidagi eng gavjum mintaqalardan biriga yetib kelgan va tezligini susaytirib ohista burila boshlagan, shu bois uning temir vujudi nola qilganday og‘ir va hazin g‘ijirlardi. Beshim qizning derazadagi aksiga qaradi. Tashqari qorong‘u bo‘lganligi sababli uning aksi o‘zidan ham sohirroq bo‘lib ko‘rinardi. Shishaning tun parda tortgan sirtida tramvayning ichki qismi ham qoramtir bir tarzda aks etar va qiz ham ana shu qoramtir ro‘yoga qarab borardi.
G‘ijirlashlar tinib g‘ildiraklarning bir maromdagi "taqa-taqa"si eshitila boshladi. Tramvay tezligining oshgani, chiroqlarni yana ham yorqinroq yondirib qorong‘ulik pardasini yorib shiddat bilan olg‘a intilayotganini ana shu g‘ildiraklar sadosiga qarab anglash mumkin edi. Ko‘p o‘tmay yomg‘ir yog‘a boshladi. Tepadan oqib tushayotgan suv derazadan yuvindiq rangiday qoramtir va beqaror parda hosil qilgan, tun oynasida aks etayotgan manzara bundan bir qadar xira tortgan, egrilangan, o‘zgargan bo‘lsa-da, qizning ko‘zlari chaqnab ko‘rinib turar, faqat suv oqimi shu chaqnoq nuqtalarni turli tarafga siljitar va bu allaqanday afsonaviy ko‘rinish kasb etardi.
— Shumilov ko‘chasi! — e’lon qildi konduktor.
Beshimning yuragi siqildi. Qizning qaysi bekatdan chiqqani va qaerga tushishini so‘ramoqchi bo‘lardi-yu, jur’ati yetmasdi. Xayol bilan bo‘lib "Mirobod bozori" bekati allaqachon ortda qolib ketganini ancha kech payqadi. Shunday bo‘lsa ham o‘rnidan qimirlamadi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, keyingisida tushib orqaga qaytaman degancha ketaverdi. Soat o‘nga yaqinlashib qolgandi. "Bunday bo‘lishi mumkin emas-ku, nahot besh soat yo‘l yurgan bo‘lsam" degan o‘y bilan xavfsirab atrofga alangladi. Yo‘lovchilarning yuzlarida loqaydlikdan bo‘lak alomat ko‘rinmasdi. Shoshqin harakat asnosida o‘rnidan turarkan, qiz derazadan ko‘z uzib unga qaradi. Qo‘llaridagi gullar to‘pidan bir dona nastarin ajralib chiqib oyoq ostiga tushdi.  Qizning  manzilini aniqlab olish uchun shanba kuni ishchilar shaharchasidan Obraztsova ko‘chasigacha qirq to‘rt daqiqali yo‘lni bosib o‘tishga, zarur bo‘lsa kun bo‘yi tramvaydan tushmaslikka qaror qilgancha navbatdagi bekatga tushdi Beshim. Qiz qorong‘ulik qo‘yniga ma’yus tikilgancha o‘tirardi. Faqat eng so‘nggi daqiqada anglab bo‘lmas bir holat yuz berdi. Qiz go‘yo og‘ir uyqudan uyg‘ongan kabi tegrasiga olazarak nazar tashladi. Derazadan qarab bekatda yolg‘iz o‘zi turgan odamni ko‘rdi. Butun vujudi bilan unga talpinganday, va hademay derazaning shaffof ko‘zidan suzib o‘tib yerga qo‘nmoqchiday  dalaga tomon intildi. Xuddi shu soniyada tramvay ham harakatga keldi. Tepada, uning qayrilgan temir shoxlari ustida yashin chaqnadi. Qarsillagan ovoz eshitildi. Beshimning nazarida bu olov odatda simning uloq joylarida qisqa tutashuv oqibatida chiqadigan uchqunga o‘xshamasdi. Atrof yorishib titroq shu’lalar anchagacha so‘nmadi. Ko‘m-ko‘k yog‘dudan tramvayning ichi ham kunduzgidek yorishib ketdi. Shunda ichkarida qizdan bo‘lak hech kim yo‘qligini ko‘rib Beshimning hayrati oshdi, aqli shoshdi. Tramvay olov olib yonib ketishi muqarrardek tuyuldi. Qizni qutqarish kerak degan ichki bir da’vat uning hayratdan qotib qolgan vujudini harakatga keltirdi. Qo‘llarini cho‘zib o‘rnidan qo‘zg‘alayotgan ulkan naqliyotni to‘xtatib qolmoqchidek deraza zehiga tirmashdi. Tepada ikkinchi bor olov chaqnadi. Shunda qizning dokaday oqarib ketgan yuzlarini aniq ko‘rdi. Go‘yo havo yetmayotgandek, nafas ololmayotgandek entikardi qiz. Iltijo bor edi uning ko‘zlarida.
Deraza zehiga mahkam yopisharkan, kuch bilan orqaga tortib yurib borayotgan tramvayni to‘xtatmoqchi bo‘lardi Beshim. Bir talpinib qizning qo‘llaridan tutdi. Nastarin gullari sochilib yerga tushdi. Yerga va temir izlar ustiga tushayotgan gullar jaranglab sado berardi. Barmoqlari qizning bilagidan tutarkan, o‘z vujudida kuchli zarb titroqni tuydi. Go‘yo sochlaridan, tirnoqlari ostidan, og‘ir va burnidan olov chiqib ketayotganday. Shunday bo‘lsa-da, gullarning jaranglashi g‘ayritabiiy hol ekanligini, qo‘llari esa derazani sira qarshiliksiz osongina teshib o‘tib qizning bilagiga chirmashgani ham haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini xayolidan o‘tkazdi.
Tepadan yana qarsillash eshitilib qorong‘ulik bag‘ri yashil yog‘dudan yorishib ketdi. Zulumot qa’ridan va ko‘rsatgan uylar, daraxtlar titrab-titrab yuzlariga yana qora parda tortdilar. Beshimning oyog‘i yerdan uzilgan va havoda muallaq uchib borardi. Qizning yuziga tikilib qarab nimanidir tushuntirmoqchi bo‘layotganini angladi, shunda uning so‘zlarini eshitish uchun yuqoriroq ko‘tarilishga urinib ko‘rdi Beshim va qo‘llari bilan derazaning yuqori qismidan tutmoqchi bo‘ldi, ammo kuchli havo oqimi uning vujudini zarb bilan yulqib olib, tramvay ketayotgan yo‘nalishning tegrasiga shiddat bilan go‘yo tezob daryodek yugurayotgan yo‘l ustiga tashlab yubordi. Toshdek qattiq yerga qulab tusharkan, qizning o‘kinch va iltijo to‘la ovozini aniq eshitdi:
"Men tramvayning qiziman!"
Ilojsizlik ham bor edi bu ovozda.

III

Shanbagacha Beshimning sabri chidamadi. Yuz bergan voqeani qayta-qayta tahlil qilib ko‘rarkan, nazarida bundanda qo‘rqinchliroq voqealar yuz beradiganday va juda  qadrdon kishisidan ajralib qoladiganday tuyulaverdi. Shuning uchun ham ertasi kuniyoq shosha-pisha tushlik qildi-yu, ishxona bilan katta yo‘l o‘rtasidagi temir panjaradan oshib o‘tib Xurshid ko‘chasiga chiqdi. Uzoqdan tramvay ko‘rindi. O‘ninchi! O‘sha! Yuragi  hapqirib derazaga qaradi, qiz ko‘rinmasdi. Uning o‘rnida oq doka ro‘mol  yopingan kampir. Aylanib o‘tib boshqa derazalarga ham ko‘z tikdi. Odamlar tushib bo‘lishi hamon ichkariga kirib o‘tirganlarga olazarak nazar tashladi va ko‘ngli cho‘kkan holda qaytib chiqarkan, tramvayning old tomoniga o‘tdi-yu" "1553" raqamini ilg‘ashga arang ulgurdi. Shu yo‘nalish bo‘yicha qatnaydigan boshqa tramvay edi bu. Hozir tushlik payti deya muhokama qildi Beshim, u ishda, axir kun bo‘yi sayr qilib yurmaydi-ku, buning ustiga yo‘nalish bir bo‘lgani bilan raqami boshqa, bu bo‘lak tramvay!
Ertalab ishga kech qolmaslik uchun avtobusda kelganiga juda afsuslandi. Kech bo‘lishi va ish tugashini sabrsizlik ila kutdi. Daqiqalar imillab o‘tar, aprel quyoshi shahar ustidan ketishni istamaganday naq deraza ro‘parasida pirpirab turardi. O‘n beshta kam beshda xonasidan otilib chiqdi Beshim, ammo har doimgidek dahliz to‘ridagi "Boshliq" deb yozib qo‘yilgan eshik oldida sigareta tutatib turgan "shef"ni ko‘rib, sarosimaga tushib, ortiga qaytdi. Ishxonada tartib-intizom qattiq edi. Shef har kun kelish-ketishni nazorat qilib borar, xodimlar kun bo‘yi goh u-goh bu xonada zerikib esnab yurishardi-yu, ammo vaqtidan bir daqiqa ham oldinroq ketisholmasdi.
Nihoyat, kutilgan daqiqalar yaqinlashdi. Shef mashinasiga o‘tirishi bilan derazadan uni kuzatib turgan o‘nlab ko‘zlar xona ichkarisiga tomon chekindi, xodimlar apil-tapil ishni yig‘ishtirishdi, har tomondan qulf-kalitlarning shaqir-shuquri eshitilib qoldi. Oradan besh daqiqa o‘tganda halloslagancha bekatga yetib keldi Beshim. Mashinalar ko‘chani to‘ldirib daryo kabi oqardi. Yo‘l o‘rtasida uzun beton supa, ikki tomonida temir izlar. O‘ninchi yo‘nalish bo‘yicha bir nechta tramvay o‘tdi. Beshim ularning har biriga diqqat bilan razm solib raqamlariga qaradi. Avval "1670", undan keyin oradan yetti-sakkiz daqiqa o‘tib "1997", ulardan so‘ng "1553" keldi. To‘xtadi va jo‘nab ketdi. Hech kimga keraksiz bo‘lgan bunday tramvaylar faqat Beshimnigina qiziqtirardi. "1551"ni esa intiqlik bilan kutar, shunday bo‘lsa-da, boshqa tramvaylarning ham derazalariga e’tibor qilardi. 
Yarim soat kutdi, biroq ataylab qilganday "1551"dan darak bo‘lmadi. Kutaverdi, odamlar siyrak torta boshladi. Soat o‘n birlarda bekat huvillab qoldi. Endi faqat shaharning tungi navbatchi tramvayigina kelishi mumkin. "Shaharning eng xokisor ulovi — tramvay", xulosa qildi Beshim. Hatto trolleybus ham unga nisbatan erkinroq, yo‘ldan sal-pal bo‘lsada chetga chiqa oladi. O‘tirgichlari yumshoqroq, ko‘rinishi ham yomon emas, tezligi durust. Avtobusday shig‘illab ketmaydi-ku, har holda... odamlar avtobus yoki trolleybus bilan borish mumkin bo‘lganda hech qachon tramvayga o‘tirishmaydi. Bechora kutib turadi, qolgan-qutgan yo‘lovchilarni yig‘ishtirib boriga baraka deganday olib ketaveradi. Ayniqsa "1551" tutday to‘kilib qolgan. Unga nima bo‘ldiykin o‘zi?! Yoki boshqa yo‘nalishga o‘tkazishdimikin? Bunday bo‘lishi mumkin emas, nazarimda. Demak, biror joyda buzilib qolgan. O‘sha qiz bilan tramvay o‘rtasida qanday bog‘liqlik yoki mushtaraklik bo‘lishi mumkin? Faqat shu "1551"da ko‘rganman uni. Kecha uning qo‘llaridan ushlaganim-chi? Yerga jaranglab to‘kilgan nastarinlar-chi? Yana deraza singanmidi? Nega bu qadar g‘azablandi tramvay? Olovlar sochdi, titradi. Qizning yuzlaridagi ifoda, ko‘zlaridagi iltijo... Meni uloqtirib yuborgan kuch... Axir bularning hammasiga guvohman, o‘zim ishtirokchiman, balki o‘zim aybdorman. Jabr tortgan ham o‘zimman. Endi uni uchratib qolsam bas, hammasi hal bo‘ladi. Kechagi xatti-harakatim uchun uzr so‘rayman va bor dardimni to‘kib solaman. Ilk marta uchrashganimizdan buyon uch hafta o‘tdi. Faqat o‘sha tramvayda, o‘sha joyda va o‘sha holatda uchratdim. Qo‘lida bir dasta nastarin..."
Uyga juda kech qaytdi Beshim. Kimsasiz va sovuq xona malomat toshlarini yog‘dirayotganday. Devorlar ko‘rimsiz, derazalar ho‘mraygan, oshxona eshigi o‘rniga ilib qo‘yilgan qanor pardani yog‘ bosgan, tutunga burkangan ko‘rinishini ochiq namoyish etib ko‘ngilga g‘ashlik soladi.
«Yetti yildan buyon betinim mehnat qilib nima orttirdim? — o‘z-o‘zidan qat’iy so‘radi Beshim. —Tramvayga aylanib qoldim. Bir xil va zerikarli hayot, bitta tufli, qorin to‘ydirishning bir xil usuli. Hatto fikrlashim ham o‘zi ko‘nikkan izdan chiqolmaydi».
Keyin uning nazari tuflisiga tushdi. Ostona tagiga to‘shalgan gilamchaning uchi qayrilib qolgan va tuflining bir poyi ikkinchisining ustiga almashinib tumshug‘ini osmonga qilib turardi. Go‘yo yetti yildan beri og‘irligi qariyb yetmish kilo chiqadigan inson vujudini ko‘tarib yurganidan g‘ururlanayotganday.
Tushkun va alamli o‘ylar so‘ngida hayot tarzini keskin o‘zgartirishga ahd qildi Beshim. Ammo buni  nimadan boshlash kerakligini hal etolmadi, tuni bilan o‘ylab sira aqli yetmadi. Avvallari ham bu haqda ko‘p mulohaha yuritgan-u, yechimini topolmagan, natijada har kun hayot tarzini o‘zgartirish to‘g‘risida o‘ylash endi uning hayot tarziga aylanib qolgan. O‘zini savdo-sotiqqa urish va odamlarning pulini aldab olishni istamas, istaganda ham uning jur’ati Kafkanikidan ortiq emasdi. Maoshi oz bo‘lsada qornini to‘ydirib turgan ishidan ajralib qolishdan qo‘rqardi. Buning ustiga keyingi paytda har bir xulosaning boshi-yu oxiri "1551" raqamli tramvayda uchragan qizga borib taqalaverar, va shu qizning qiyofasidan bo‘lak hamma narsa nursizlanib ketaverardi. Hatto tuflisini ham u qadar avaylamay qo‘ygandi endi. Karavotga cho‘zilib ko‘zlarini yumishi bilan yana uni aniq-tiniq ko‘rdi. G‘ildiraklar sadosi qulog‘iga chalindi. Hatto nastarinning bahor havosi yanglig‘ sof hidi dimog‘iga urildi-yu, yomg‘ir shivirlashi eshitilganday bo‘ldi.
...Nastarin hamisha yomg‘irni eslatardi.

IV

Keyingi bir oy it azobida o‘tdi. Mehnat ta’tili ham tatimadi. Vaqtning katta qismini ko‘chada o‘tkazar, bekatda kutib turgan bo‘lar yoki tramvayga o‘tirib o‘tkinchi yo‘nalish bo‘ylab kun bo‘yi yurardi. Nozimxona nozimlaridan so‘rab "1551"ning nega yo‘qolib qolgani to‘g‘risida aniq ma’lumot ololmaydi. Ko‘pincha: "Bu nima deganingiz, qaysi yo‘nalish kerak sizga? O‘ninchimi? Marhamat, peshonasiga "10" raqami yozilganiga o‘tirasiz. Ishchilar shaharchasidan Obraztsovagacha olib boradi" degan javob bo‘lardi, shunda Beshim boshini darchaga egib qayta so‘rardi:
— Menga "1551" kerak.
— Bunday marshrut yo‘q!
Darcha eshikchasi taraqlab yopilardi.
Haydovchilardan so‘rash, konduktorlardan surishtirish ham natija bermadi. Umuman, guvranib yotgan va shoshqin tarzda hayot kechirayotgan shaharda bunday savollar bilan birovning vaqtini olish ilojsiz ish.  Haqorat eshitib qolish hech gap emas. Surishtirishdan natija bo‘lmagach boshqa yo‘nalishlarga o‘tdi. O‘tirg‘ichlari bir muncha shinam charm qoplamali, bo‘yoqlari tiniq tramvaylar paydo bo‘lib qolgandi ba’zi dahalarda. Qaysidir bekatda biqiniga lotin yozuvi bitilgan tramvayga ko‘zi tushdi. O‘qishga harakat qildi. Yozuvlarni bor bo‘yicha qamrab ololmadi nigohi, oraliqdan o‘tib-qaytayotgan avtobuslar xalaqit berdi. Buning ustiga tramvay shippillab yurib borardi. "Modern tramvays" bo‘lsa kerak deya harflarni xayolida qayta tiklab xulosa chiqardi. Yozuv ham, tramvay ham juda chiroyli edi. Ammo bunday zebolikdan quvonmadi. Aksincha ularning salohiyati ko‘ngliga mahzunlik soldi.
Mehnat ta’tili oxirlab qolgan kunlarning birida uydan chiqdi-yu, qaysi tomon borayotganiga e’tibor ham qilmay, xayol surgancha ketaverdi. Bu tomonlarga hech o‘tmagan va orasta manzaralarni sira ko‘rmagandi. Ayniqsa anhor bo‘yidagi qalin daraxtzorlar, archalarning bo‘yi kishini sarxush etardi. Xilvat go‘shalar visolga intiqlik hissini  kuchaytirdi.
Anhor sohili bo‘ylab piyoda yurdi, yomg‘ir bitta-bitta tomchilab suvda doirachalar chizardi. Ko‘ngli ko‘tarildi, nazarida Toshkentday suluv  shahar yo‘q edi dunyoda. Sohil panjarasiga suyangancha tamaki tutatdi. Bir necha yil tashlab ketgan chekuvchilikni yana boshlab yuborgandi, qalbiga ozib-yozib mehmon bo‘lgan shodlik hissi esa mahzunlik pardasiga o‘ralgandiki, bu Mirzo Bedilning g‘azalini eslatdi: "Bu shodliklar bari g‘amdan yaralgan". Chuqur-chuqur tutun tortib suvga jimgina tikilib qoldi, so‘ngra sal nariroqda panjaraga suyanib turgan qora shamsiyali qizdan anhorga imo qilib shunchaki so‘radi:
— Chuqurmi?
— Nima, o‘zingizni o‘ldirmoqchimisiz? — hozirjavoblik qildi qiz.
— Yo‘q, havo salqin, suv sovuq.
— O‘ladigan odam uchun bari bir emasmi?!
— Sovuq, — qaysarlik va biroz dag‘allik bilan javob berdi Beshim  va o‘zida bo‘y ko‘rsatayotgan xarakterning bunday yangi qirrasini ilg‘ab qizga minnatdor bir alpozda qaradi. Chunki odamlarning fikrini so‘zsiz ma’qullashga, hech qachon qarshi bormaslikka va rad etmaslikka ko‘nikkandi u. Shamsiyasini aylantirib o‘ynab ko‘z suzdi qiz. So‘ng sumkachasini kavlab muzqaymoq oldi.
— Eski tramvaylarni nima qilishadi? — so‘radi Beshim tomdan tarasha tushganday.
— Yangisi bilan almashtirishadi.
— Eskisini nima qilishadi?
— Aytdim-ku. Nima qilishardi, qabristonga eltishadi. Ular o‘sha yerda temir izlar bilan vidolashadilar.
— Qaerda o‘sha qabriston?
— Buncha zerikarlisiz, boshqa biror mavzu yo‘qmi siz biladigan? Tramvay, tramvay. Qabriston, qabriston deyaverasiz, — labini burdi qiz. — Shu, shunaqa o‘zi, qishloqdan kelganlarning hammasi tramvayga qiziqishadi. Poezdning bolasi deb o‘ylashsa kerak-da.
Beshim indamadi.
Qiz o‘z hayoti to‘g‘risida so‘zlab berishga kirishdi. Beshim qo‘llarini shimining cho‘ntagiga chuqur tiqqancha uning ko‘ngli uchun bosh irg‘ab ma’qullab turaverdi. Eshitganlaridan juda oz narsa: qizning chet ellik bir kishiga erga tekkani, xato qilgani, erini sevmasligi uzuq-yuluq yodida qoldi va xayol ichra so‘radi:
— O‘sha qabriston qaerda?
— Qanaqa qabriston? Nima qilasiz o‘tta?
— Boraman.
— Odamlar o‘zlari olib borishadi.
— Men jiddiy so‘rayapman.
— "Birinchi"ga o‘tirasiz, — javob qildi qiz suhbatdoshiga achinish va ijirg‘anish aralash qarab.
— Men qishloqi emasman, — dedi Beshim va qo‘l uzatib xayrlashdi.
Agar undan o‘sha paytda qizga nima uchun bunday deganligi haqida so‘ralsa, tayinlik javob berolmasdi.

V

Derazani uzun bo‘yli, malla soch o‘ris yigit ochdi. Beo‘xshovgina bu yigitning mo‘min-qobil kishilar toifasidanligini ko‘rib maqsadini aniq aytdi Beshim:
— Menga eng eski tramvay kerak.
— Mana shularning hammasi eski, — qo‘li bilan ko‘zoynagini to‘g‘rilarkan, temir izdan darvoza tomon harakatlanayotgan tramvaylarni ko‘rsatdi yigit.
— Men hisobdan chiqarilgan tramvaylarni ko‘rishim zarur.
Bu atamani nozimxona xodimlaridan o‘rganib olgandi. Yigit hovli o‘rtasidagi shiyponsimon binoni ko‘rsatib shu binoni aylanib o‘tgandan so‘ng yana bir nechta ustaxonalar chiqishini va ularning ortidagi maydonda eski tramvaylar turganligini tushuntirdi.
Haqiqatan ham bino ortiga o‘tishi bilan ustaxonalar va ularning orqasida qalashib yotgan temir-tersak uyumlari orasida tramvaylar qatori ko‘zga tashlandi. Eng eski tramvaylar qizil rangda edi. Oyoq ostida  qalashib yotgan temir-taqalar uyumini oralab o‘tib kenggina maydonchaga chiqdi Beshim. Tramvaylar qator-qator bo‘lib zanglab ketgan temir izlar ustidan xayol surganday turishar, shuning uchunmi, bu yerda og‘ir sukunat hukmronlik qilar, hatto ustaxonalarning shovqini ham eshitilmasdi. Pachaqlab tashlangan, derazalari sindirilgan, zarur qismlari yechib olingan KTMlar qatorining oxirrog‘ida yarq etib "1551" ko‘rindi. Bu yarqirash Beshimning intiq qalbida yuz berdi. Aslida tramvay qop-qora bo‘lib kuyib yotar, patorot topgan va ulkan temir qutiga aylangan, vujudidan or qilayotganday yer shoxlab o‘zidan oldingi safdoshining ortiga peshonasini tiragancha turardi. Shoda-shoda sim o‘ramlari haydovchi o‘tiradigan xona eshigidan pastga osilib tushgan, o‘tirgichlarning taxtalari qo‘porib olingan va sindirib tashlangan, shisha "ko‘z"lar ko‘r qilingan va umuman endi uning yarqiraydigan hech vaqosi qolmagandi.
Beshim ichkariga kirishi bilan eshik yonidagi birinchi o‘rindiqqa "Tramvayning qizi" o‘tiradigan joyga qaradi. O‘rindiq yog‘ochlari singan, bir yonga chayqalib, allaqanday temir ustiga orqa suyanchig‘i bilan tayanib qolgan holatda turardi. Shunisi ajablanarli ediki, hamma tomoni chang-to‘zonning qalin pardasi qoplab yotgani holda, birinchi o‘rindiq xuddi hozirgina artib qo‘yilganday toza. Orqa suyanchiqning temir dastasini silab ko‘rdi Beshim. Bilinar-bilinmas atir hidi dimog‘iga urilganday bo‘ldi. Shunda uning yosh qalqib turgan ko‘zlari o‘tirg‘ich ostida yotgan gullarga tushdi. Nastarin! Gul hali so‘lib ulgurmagandi. Qizning mo‘’jazgina tuflichasi yonida yotardi ular. Yerga egilib gulni avaylab oldi Beshim va qizga tutdi. Dalada daraxtlarning bargi qilt etmasdi, shamol yo‘q, ammo qizning sochlari hilpirab, shabadada taralib turibdi. Zulfining uzun va qo‘ng‘ir tolalari, qoshi, ko‘zi, kipriklari va oppoq yuzlarini yashirmoqchidek chekkasiga tomon quyilib tushgan bir o‘ram soch tolalari shabada izmiga suysunib qizning yonoqlarini betinim savalaydi, kipriklariga ilashadi, lablarini silab o‘tadi. Bu manzaraga mahliyo bo‘lib qarab turdi Beshim. Tili kalimaga kelmasdi. Buni payqadi qiz. Tepasida hayrat ichra qotib turgan yigitga qiyo ko‘z tashladi, kipriklari pirpirab ketdi, o‘ychanlik va mung to‘la ko‘zlarida, nigohida yam-yashil yog‘du chaqnaganday bo‘ldi. Ohista bosh egib yonidagi bo‘sh joyga qaradi va deraza tubiga tomon surilibroq o‘tirdi.
Qizning lablarida mahzun bir tabassum erkalanib yotganini ko‘rdi Beshim. Qo‘lidagi gulni unga tutdi va ehtirom bilan shivirladi:
"O‘tirsam bo‘ladimi?!"
... Uzoq o‘tirdi. Yolg‘iz o‘tirdi. Ammo temir-tersaklar uyumi orasida tanholigini ham, vaqtning oqimini ham payqamadi. Tramvay jiddat bilan ketib borar, oldinda qorong‘ulik tobora quyuqlashar, tepada"yalt-yalt" etib yashin chaqnardi. Manzillar lip-lip etib o‘tar va bekatlar ortda qolardi.
Tramvaydan tushishni xayoliga ham keltirmasdi Beshim. Uning tushadigan bekati yo‘q edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.