I
Mixliev norozi qiyofada bosh chayqadi: “Nega yolg‘onni yozishadi? Kim buni amalda sinab ko‘rgan? Kim isbotlagan? Tuya degan jonivor jazirama cho‘lda o‘n besh kungacha och va suv ichmasdan yura olarmish...”. Birdan uning suv ichgisi keldi. Yuzidan hamon so‘nmagan zaharxanda kulgi bilan muzdek suvdan qoniqib simirdi-da, apil-tapil kiyina boshladi.
Ikki kunlik tayyorgarlikdan so‘ng yo‘lga otlandi. Har ehtimolga qarshi o‘zi bilan o‘n besh kunga emas, balki o‘n yetti kunga mo‘ljallab, oziq-ovqat oldi. Tadqiqot uchun zarur bo‘ladigan tibbiy asbob-uskunalarni ham unutmadi. Tuya haqida maqola bosilgan jurnalni buklab, cho‘ntagiga tiqdi-yu, eshikni shartta qulflab, mashinaga o‘tirdi. Biror soatlar chamasi yo‘l yurganlaridan so‘ng haydovchi yigit mashinani to‘xtatdi. “Mana shu yer”, — dedi u tegrasi paxsa devor bilan qurshalgan hovliga imo qilib. Mixliev yaqinroq borib, darvoza yonidagi yozuvni o‘qishga tutindi:
“Bu yerda bir va ikki o‘rkachli tuyalar prokatga beriladi”.
“Prokat” so‘zi unga yoqmadi. Korxona rahbariga bu haqda eslatib qo‘yishni diliga tugib, ichkariga kirdi. Tanishuv, salomlashuvdan so‘ng ba’zi bir savollarga javob yozishga, ya’ni qog‘oz to‘ldirishga to‘g‘ri keldi. Nima sababdandir Mixliev “tadqiqot uchun” deb yozmay, “sayohat uchun” deb hujjat to‘ldirdi. Xayrlashuv oldidan korxona rahbari “prokat” so‘zini o‘zgartirishga va’da berdi, olimga oq yo‘l tilab, eng aqlli va o‘ta yuvosh tuyasini berayotganini alohida ta’kidladi. Ammo bu gapga Mixliev unchalik e’tibor qilmadi: uning butun fikri-yodi tezroq tadqiqotni boshlash va maqola muallifiga qaqshatqich zarba berishda edi.
II
Qum tepalar. Quyosh borliqqa olov purkaydi. Og‘ir yuk ko‘tarib o‘rgangan jonivor danakdekkina Mixliev bilan uning xurjunini bemalol ko‘tarib lo‘killamoqda. Atrofda biror buta yoki daraxt ko‘rinmaydi. Boshiga yashilrang shamsiya tutib olgan Mixlievning yuzi ko‘karib, sovqotib borayotganga o‘xshab ko‘rinadi. Vaholanki, havo harorati ellik darajadan yuqori bo‘lsa bor, kam emas. Atrofi qumtepalar bilan qurshalgan sayxonlikka yetgach, shu yerda tamaddi qilib olmoqchi bo‘ldi. Tuyani to‘xtatish va undan tushish kerak edi. Tuyakashlar idorasining boshlig‘i o‘rgatgan so‘zlarni imkoni boricha aniq aytishga harakat qildi:
— Cho‘k! Cho‘k!
Tuya to‘xtadi va qum ustiga cho‘kkalay boshladi. Mixliev qalqib ketib, tuya o‘rkachini quchoqlab oldi va shu yerning o‘zida bir yangilikni kashf qildi: “Demak, tuyaning o‘rkachi egasini yiqilishdan saqlash uchun ekan”. Uning kayfiyati ko‘tarilib ketdi. Issiqni ham, charchoqni ham unutib, xurjun ko‘zini kavlashtira boshladi. Nariroqqa o‘tib, qum ustiga dasturxon yozdi.
Tunni shu yerda o‘tkazishga qaror qildi Mixliev. Avval chodir o‘rnatib, soyada bir oz mizg‘ib olmoqchi bo‘ldi. Biroq qumda chodir o‘rnatish oson kechmadi. To‘rt donagina tosh olivolmaganiga afsuslandi, chodir bog‘ichini toshga bog‘lab, qumga ko‘mib qo‘ysa, birnav soyalash mumkin bo‘lardi. Mixliev najot istab, atrofga alangladi. Shamsiya soyasida panalagancha, qumtepani aylanib o‘tib, kengroq doirani tadqiq etish maqsadida yana bir oz yo‘l bosdi. Ammo qumda yurish og‘ir edi: toliqdi va bunday behuda kuch sarflashdan foyda yo‘qligini anglab, ortiga qaytdi.
Cho‘l tuni qo‘rqinchli edi. Qop-qora osmon, yirik-yirik yulduzlar shokilasi, bahaybat qumtepalar. Boshqa hech vaqo yo‘q. Samo juda yaqin, shishaday tiniq. Quyosh ufqda lolarang baldoq hosil qilib, botib borayotgan palladagi zavqu shavqidan asar ham qolmadi. Qumlar vahimali “pichirlaydi”. “Qum iloni o‘ta zaharli”, xayolidan o‘tkazdi Mixliev. Shamol kuchaydi, ro‘paradagi tepalik yonbag‘ridan allanarsa o‘rmalab borayotganday tuyuldi. Yon tarafdagi ufqni to‘sib turgan baland tepalik zum o‘tmay, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Yerga yoyib to‘shalgan chodirini qoldirib, tuya tomon emaklay boshladi Mixliev. Nima uchundir u o‘rnidan turishga qo‘rqardi. Tuya boshini o‘girib, o‘rmalab kelayotgan sohibiga qaradi-da, quloqlarini ding qilib, nafas olishdan to‘xtagancha, uni bir dam kuzatdi. Bu mahalda osmonga to‘lin oy ko‘tarilgan, uning ko‘kimtir yog‘dusida “sahro kemasi” yanada ulug‘vor ko‘rinardi.
— Cho‘k! Cho‘k! Zahro... — shivirladi Mixliev.
“Zahro” degan so‘z shu lahzada tasodifan uning tiliga keldi.
— Zahro...
Mixliev yana bir necha marta o‘mgan otib, Zahroga taqalib keldi. Sohibining maqsadini aniq anglamagan jonivor o‘rnidan turmoqchi bo‘lgan kabi taraddud bilan o‘mganini biroz ko‘tardi-yu, yana to‘shini qumga bosdi.
— Cho‘k, cho‘k, Zahro, — shivirladi Mixliev titroq ovoz bilan. — Sendan himoya so‘rayman, meni qum ilondan asra. Qoraqurtdan asra! Chayonlardan, kaltakesakdan asra! Sohibingni turli insu jinslardan o‘zing himoya qil. Cho‘l agamasi, gekkonlar, echkiemarlarni yaqinlashtirma!..
III
Mixliev qaddini rostlamoqchi bo‘ldi, ammo o‘rnidan turolmadi, og‘ir qum ko‘rpasi ichida yotardi u. Kafti bilan Zahroning ustidagi qum uyumini sidirib tushira boshladi, o‘rkachlarini, bo‘ynini qum zarralaridan nari-beri tozaladi. Mehri jo‘shib ketib, uning kipriklariga qo‘ngan g‘uborni ham kafti bilan artmoqchi bo‘ldi, ammo bunga jur’ati yetmadi. Ba’zan arzimas narsaga tuyalarning jahli chiqib ketishi mumkinligini o‘ylab, qo‘llari bilan xuddi fotiha tortganday, o‘zining yuzini siypalab qo‘ya qoldi.
Nonushtaga bir bo‘lak pishloq bilan non yedi. Termosdagi choy hali qaynoqqina edi. U Zahroga va Quyoshga orqa o‘girib o‘tirgancha, non chaynardi. Nonushta qilayotganini Zahroga ko‘rsatishni istamadi. Vijdoni azoblanmasligi uchun ko‘p taom yemadi. “Tamaddi qilayotganimni tuya payqamagan bo‘lsin-da”, degan o‘y bilan pishloq chaynashdan to‘xtadi va ortga qaradi. Tuya hamon kavsh qaytarardi. Mixliev og‘zida ivib turgan luqmani tezroq yutish uchun boshini dasturxonga egdi. Quyosh bo‘ynini jazillatib, quydira boshladi. “Bo‘pti, hozir”, dedi u biroz iddao bilan. Bu zarda Quyoshga atalgandi. Chodirini qidirib, topolmadi. Tunda qum ko‘chsa o‘zi chiqib qolar, degan o‘y bilan tuyaga o‘tirdi.
IV
Tuya bo‘ynini cho‘zgancha, bir maromda qadam tashlab borardi. Qo‘nalg‘adan uncha uzoqlashib ketishni istamasdi Mixliev, to‘g‘rirog‘i, u bunday qilishdan qo‘rqardi. Bepoyon cho‘lda adashib ketib, halok bo‘lish hech gapmas, degan xayol bilan yuksak bir qumtepa oldida to‘xtadi-da, tuyaning boshini ortga burdi. O‘ngu so‘lda tizilishib yotgan baland-past qumtepalar sukut saqlab turardi. Vaqt peshinga yaqinlashdi. Mixliev Zahroning hurmati uchun tushlikdan voz kechib, yo‘lni davom ettirdi. Harorat tobora ko‘tarilib borar, quyosh dam ortga o‘tar, dam oldinda paydo bo‘lib, tadqiqotchimizning yuziga olov purkardi. Bunday damlar Mixliev xurjun ko‘zidan dastasi ko‘rinib turgan shamsiyani olib, ozroq bo‘lsa ham uning soyasida jon saqlashni qanchalik istamasin, “Bechora Zahro oftob tig‘ida qiynalib kelyapti-ku”, degan o‘y bilan fikridan qaytardi.
Yon tarafdagi qumtepaning silliq sirti bo‘ylab qoramtir bir narsa shiddat bilan yugurib borayotganini ko‘rib, Mixlievning yuragi qinidan chiqib ketayozdi. Ammo "yugurib borayotgan jonzot" osmonda o‘z muzofotini nazorat qilib yurgan burgutning soyasi ekanligini anglab, xotirjam tortdi.
...Hayal o‘tmay mudray boshladi. Uyqudan uyg‘onib, ko‘zini ochganda Zahro cho‘kkalab yotar, Quyosh g‘arb tarafdagi eng yuksak kumtepa ustida gardishi bilan qumga botib turardi. Mixliev dabdurustdan o‘zining qaerdaligini bilolmay, hayratga tushdi: uyqu go‘yo uni bir dunyodan boshqa olamga olib o‘tib qo‘yganday edi. Zahroning yumshoq o‘rkachini ushlab, g‘ijimlab ko‘rdi va hammasi “lop” etib yodiga tushdi. Tadqiqot o‘tkazmoq niyatida bu yerlarda yurganini o‘ylab, hushyor tortdi va darhol tuyadan tushib, uning holatini o‘rganishga kirishdi.
Jonivor orqa oyoqlarini oldinga oldingilarini orqa tomonga qilib, tizzasini bukib, qorni ostiga tortib, o‘ng tarafga og‘ibroq yotibdi. Mixliev shunday taassurot bilan tuyaga yaqinroq keldi. Uning kavshanishi diqqatini o‘ziga tortdi. Bu olamda boshqa birorta hayvon bunday qilib kavshana olmasa kerak. Tuyaning kavshanishi nimasi bilandir kampirlarning yog‘och tovoqda qurut ezishiga o‘xshardi. Qorni qattiq ochqadi. Tushlik ham qilmagandi-da, axir! Shu boisdan, biror narsa yeb, qorin to‘ydirib olishni o‘ylab xurjunni kavlashtira boshladi.Bir bo‘lak kolbasa, non va ikki bo‘lak pishloq olib, termosni qo‘ltig‘iga qisgancha, tuyaning oldidan uzoqlashdi. Panaroq joy izlab qumtepa ortiga o‘tdi-da, dasturxon yozdi.
Birdan qorong‘ilik tushdi. Cho‘l tabiati shunaqa. Balki Mixlievga shunday tuyulgandir, har holda oxirgi bo‘lak pishloqni og‘ziga solib huzur qilib chaynagancha o‘rnidan turarkan, oldiga qo‘yilgan vazifani o‘ylab, bugungi rejasini chala bajarganidan afsuslandi. Keyin o‘ziga tasalli berdi: “Hechqisi yo‘q, ulguraman, hali oldinda o‘n uch kun bor”.
V
Tun osoyishta o‘tdi. Balki bu tadqiqotchining endi cho‘l tabiatiga bir oz bo‘lsa-da ko‘nika boshlaganining hosilasidir. Orqasi bilan Zahroga suyangancha, osmonga tikilib yotdi. Osmonda yulduzlar miltirardi. Ana, “Kichik Ayiq”, “Oltin Qoziq”. Xiragina nur taratmoqda. Xira bo‘lsa ham boshqa yulduzlarga qaraganda shuhrati baland. “Oltin Qoziq!” — xayolidan o‘tkazdi Mixliev — parpirab turgan ulkan yulduzlar emas, dengizda ham, sahroda ham ana shu “Oltin Qoziq” odamlarga yo‘l ko‘rsatadi, — o‘ylashda davom etdi u endi chalqancha yotib, mitti yulduzga tikilarkan. — Men fanda “Oltin Qoziq” bo‘lmog‘im kerak».
Zahro sohibining o‘ylaridan ta’sirlanganday xo‘rsindi.
— Sohibing katta olim, Zahro, — dedi Mixliev unga javoban. — Sening noming tarixda mangu qoladi.
Tuyadan cho‘lning hidi kelardi. Kechagi qum ko‘chishi takrorlanmoqda. Osmon jismlarini kuzatishdan zerikkan Mixliev Zahro tomonga o‘grilib olib, uyquga ketdi.
VI
Uchinchi kun boshqacharoq boshlandi. Mixliev qattiq silkinishdan uyg‘onib ketdi. Tong g‘ira-shira ota boshlagandi. Tuyaning bo‘yni vajohat bilan osmonga cho‘zilgan, go‘yo osmonga uchmoqchiday butun vujudi bilan ko‘kka intilgan, tumshug‘i ham, quloqlari ham yuqori ko‘tarilib, ajib bir holatda turardi. Mixliev ham sergak tortib, ro‘paradagi baland qumtepa ustida qora to‘n yopinib o‘tirgan odam shakliga o‘xshash allanima borligini payqadi. Tuyaning o‘rkachini mahkam changallagancha, ko‘ksini unga tirab, barxan ustidagi qoraga tikilarkan, “ha” deb ovoz bermoqchi bo‘ldi, ammo og‘zidan pixillagan jarangsiz havo oqimidan boshqa hech vaqo chiqmadi.
Tuya tinchidi. Boshini quyi soldi va bo‘ynini qum uzra cho‘zdi. Qora sharpa erib, qumga singib ketganday xira tortdi va hademay butunlay g‘oyib bo‘ldi. Mixliev ham yotdi. Bu sir-sinoatning nimaligini tuya tushungan bo‘lmasa, tuyashunos tushunmadi. Uyqusi qochdi, eti junjikib, tuyaga tikildi. Uning ko‘zlari katta-katta, qo‘ng‘ir va g‘oyat tiniq edi. “Agar ayollarda shunday ko‘z bo‘lsa...”, xayolidan o‘tkazdi Mixliev, keyin uning yodiga “bo‘tako‘z” degan ta’rif keldi. Tuyaning ko‘ziga tikilib qaradi. Suyrisimon qo‘ng‘ir “oyna”da shapaloqdek bo‘yinbog‘ va soqoli o‘sib ketgan bashara namoyon bo‘ldi. Yuzini aniqroq ko‘rish uchun boshidan poxol shlyapasini oldi. Tuya boshini qattiq silkidi, bo‘yni ostidagi solinchoq halqumi silkinib ketdi. Shundagina xato qilganini angladi Mixliev. U tuyaning ustida emas, yerda turardi.
— Cho‘k, cho‘k!
Tuya boshini yana ham yuqoriroq ko‘tarib, tuyashunosga balanddan nazar soldi. Mixliev yalinishga tushdi:
— Cho‘k, Zahro! Cho‘k, cho‘k, jonivor!
Zahro cho‘kishni istamadi.
— Cho‘k! Cho‘k!.. — dedi Mixliev qo‘rquv to‘la titroq tovush bilan.
Zahro, endi boshini emas, kaltagina dumini asabiy silkitish bilan javob qildi.
— Cho‘kmaysanmi? — so‘radi Mixliev arazlagan bir qiyofada, — mayli, o‘zing bilasan. Lekin bu sahroda mensiz hech narsa qilolmaysan.
Zahro kecha bosib o‘tgan yo‘liga nazar solganday, boshini ortga burdi.
— Ke, endi yarashaylik, — dedi Mixliev tuyaning oldingi oyog‘i va ko‘kragini silab. Bo‘ynini ham silamoqchi bo‘lib cho‘zildi, ammo qo‘li yetmagach, yana avrashga tushdi:
— Zahro, azizim, do‘stim, cho‘k! Cho‘k! Ikkovimiz ham yolg‘izmiz, atrofimizda bepoyon sahro. Qara, ishonmasang, ana: barxanlar, bepoyon qumlik, osmon. Qara, osmonda ham Quyoshdan boshqa hech vaqo yo‘q.
Mixliev bisotidagi eng ta’sirchan so‘zlarni qidirib, jimib qoldi va nihoyat, topdi:
— Axir, men — olimman! Sen bo‘lsang, oddiy tuyasan. Olimga shumi hurmat?!
Tuya shalvirab turgan lablarini yig‘ishtirib olib, boshini qattiq silkidi, bu harakatdan uning lablari yana osilib tushib, har biri bosh barmoqdek keladigan mustahkam qoziq tishlari ko‘rindi. Tuyashunos qo‘rqib ketib, o‘zini orqaga oldi. Achchiqlanib, jonivorni so‘kmoqchi, hatto mushtini ko‘rsatib po‘pisa qilmoqchi ham bo‘ldi-yu, lekin olim odamga bu ish yarashmasligini o‘ylab, shashtidan qaytdi. Tuyaning jilovidan qo‘yvormay, qum ustiga cho‘nqaydi. “Men irodali odamman, bunday qiyinchiliklarni endi ko‘rayotganim yo‘q”, dedi Mixliev o‘z-o‘ziga gapirayotganday va tuyaning qaysarligidan sira ham xafa emasligini anglatish uchun xirgoyi qila boshladi:
Ko‘zlaring qo‘ng‘irdir.
Yunglaringga mos.
Gavdang o‘nqir-cho‘nqirdir,
Onangdan meros.
Mixliev she’rini badiha qilayotgandi, aslida u hech qachon she’r yodlamagan va yozmagan. O‘zidagi bunday iqtidorni his qilib, kayfiyati shu qadar ko‘tarilib ketdiki, darhol o‘rnidan turib, yo‘lga tushdi. Tuyani yetaklab, tik bir qumtepa yonbag‘riga tirmashdi. Tepaga chiqib olib, atrofga mamnun va mag‘rur nazar tashladi.
VII
Nogoh tuya o‘rnidan keskin qo‘zg‘aldi. Buni kutmagan Mixliev oyoqlarini qumdan sug‘urib ololmay yiqilib tushdi, ammo chilvirni qo‘yvormadi. Uni sudrab yugurish tuya uchun hech gap emasdi. Jonivor borgan sari tezlikni oshirar, tuyashunos esa bamisoli omochdek qum bag‘rini tilib, shitob bilan suzib borardi. Dastlab yumshoq qum ustidan sirg‘anib borish unga qiyin tuyilmadi, hatto yoqimli ham edi, biroq ko‘p yurmay qo‘llari toliqdi, boshini baland ko‘tarib borishga qurbi yetmay qolib, og‘zi-burniga qum kira boshladi.
— To‘xta, Zahro! — qichqirdi Mixliev boshini bir amallab ko‘tarib, — to‘xta, tashlab ketma meni!..
Zahro quloq solmadi, ortidan eshitilayotgan qichqiriqdan hurkkanday, qadamini tezlatdi.
— Zahro, noinsof, meni o‘ldirasanmi? — deya ho‘ngrab yubordi tuyashunos. Chilvirning uchi qo‘lidan chiqib ketdi. Tuya uning sho‘rtak yoshlari ortidan qalqib-qalqib, bir ko‘rindi-yu, qumtepalar orasiga kirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
— Xatolikka yo‘l qo‘ydim, — pichirladi u yoshlarini kafti bilan artib qum ustida o‘tirarkan. Kaftini peshonasiga qo‘yib, tuya ketgan tomonga qaradi. Bepoyon, shafqatsiz cho‘lda, qumtepalar orasida yolg‘iz qolgandi u. Ko‘ziga o‘lim ko‘rindi. Vujudi oftobda jizg‘anak bo‘lib qotib yotardi. Ro‘znomalarda bosiladigan ta’ziyanomalar ko‘z o‘ngidan o‘ta boshladi. Ularda, jumladan, shunday satrlar bor edi: “Tuyashunoslik fani og‘ir judolikka uchradi. Ulug‘ olim va buyuk tadqiqotchi Tirsahat Mixliev navbatdagi tadqiqot ishlarini olib borayotib, fojiali halok bo‘ldi”.
Bir necha soniya davom etgan bunday alahsirashdan so‘ng Mixliev o‘ziga keldi. O‘rnidan turdi, ammo uzoq yurolmadi. Quyosh go‘yo olovini Mixlievni ustidan sochayotganday. Boshi aylandi, tizzalaridan mador ketib, qum ustiga yuztuban yiqildi. Endi Quyoshning ham, cho‘g‘dek qizib yotgan qumning ham ta’sirini sezmasdi. Qarshisida tuyaning chidamliligi to‘g‘risida maqola yozgan olim paydo bo‘ldi. U uzun bo‘yli, och sariqdan kelgan, yuzi qarimsiq, ko‘zlari xuddi qumdek och qo‘ng‘ir va tepakal bir kishi edi.
— Holing qanday, Mixliev? — dedi u qumda yotgan jasadga egilib qarab.
— Maqolang noto‘g‘ri, — javob qildi jasad, — tuya hech qachon ochlik va tashnalikka o‘n besh kun chiday olmaydi.
— Dalil keltir!
— Zahro, to‘rt kunlik ochlik va tashnalikka chidolmay, qochib ketdi, shuning o‘zi dalil.
Qarimsiq ham bo‘sh kelmadi, istehzo bilan kuldi va bamisoli o‘qituvchiday jasadni savolga tutdi:
— Mana barxan, bugun bu yerda, ertaga boshqa joyda. Buni kim qiladi?
— Shamol.
— Nima uchun?
— Jasad o‘ylanib qoldi. Haqiqatan ham qumtepalarning o‘rnini tinimsiz ravishda o‘zgartirib turishdan maqsad nima? Bunga javob topolmay, Qarimsiqqa mo‘ltirab qaradi.
— Qum sasib ketmasligi uchun, — qah-qaha urib kuldi Qarimsiq va yo‘qoldi. Mixliev noxush o‘ylardan qutulish uchun boshini qattiq silkidi. “Fu” degan ovoz chiqdi quruqshagan lablaridan, u yengilishini sira ham istamasdi. “Bopladi-ku, Qarimsiq”, — dedi ichki alam bilan. — “Yo‘q, toki tirik ekanman, Qarimsiqni qo‘ymayman, uning tuya haqidagi maqolasini rad etaman”.
VIII
Mixliev bir nav o‘ziga kelib, ko‘zini ochganda, cho‘l uzra qorong‘ilik to‘r yoyayotgandi. U qo‘lini qum ichiga tiqib ko‘rdi, so‘ngra o‘rnidan turib, atrofni ko‘zdan kechirdi: tuya ko‘rinmadi. Ochlik va tashnalik azobi ortib borardi. Bu oqshom yolg‘iz tunashini o‘ylab, qo‘rqib ketdi. Qum sovib ulgurmasdan tezroq yotib uxlashga qaror qildi. Tepalikdan pastga siljib tushib, shamoldan panaroq joyni kavladi va ichiga kirib yotdi. Qo‘llari bilan tomog‘ining tagigacha qum tortdi, so‘ng qo‘llarini ham qumga tiqdi.
Allamahalda uyg‘onib ketdi. Qandaydir iliqlik yuziga urildi. Mixliev o‘rnidan turib, qochmoqchi bo‘lganday bir talpindi-yu, qo‘rqqanidan nafasini ichiga yutganicha, jim yotaverdi. Qorong‘ida nimadir uning yuzini, lablarini ohista siladi. Shunda qandaydir ichki hissiyot bilan tepasida Zahro turganini payqab qoldi:
— Zahro, qaytib keldingmi? — dedi Mixliev o‘pkasi to‘lib.
Tuya uning yoniga og‘ir cho‘kdi. Tong otguncha jonivorning biqiniga tiqilib, non kavshab chiqdi Mixliev. Ertalab turib nonushtani davom ettirdi. Qorni to‘ygach, kayfiyati ancha ko‘tarildi va tadqiqotlarga jiddiy kirishish niyatida xurjundan tibbiyotga doir asbob-uskunalarini ola boshladi. Albatta, sohibining xatti-harakatlari jonivorning e’tiboridan chetda qolmadi. Qum ustidagi yaltiroq va notanish buyumlarga hurkak nazar tashlab, hamma narsani ziyraklik bilan kuzatib turdi. Birinchi bo‘lib, Mixliev qo‘liga termometrni oldi, ammo uni qaerga qo‘yishni bilmay, tuyani ikki-uch aylandi va nihoyat, qulog‘i ichiga tiqib qo‘yishga qaror qildi. Ammo Zahroga bu qiliq yoqmadi. Boshini qattiq sermagandi, harorat o‘lchagich asbob uchib ketib, qumga qadalib qoldi.
— Tirr-tirr! — dedi tuyashunos jonivorni tinchlantirishga mos boshqa so‘z topolmay. — Mayli, haroratni o‘ttiz sakkiz deb yozib qo‘ysak ham bo‘ladi, aks holda, tunda muzlab qolgan bo‘lardim, issiqqina yotdim, lekin Zahroning yurak faoliyatini aniqlamasak bo‘lmaydi.
Tuyashunos chaqqon harakatlar bilan fonendoskopni oldi, uni qulog‘iga tiqib kurash tushmoqchi bo‘lgan polvondek aylana boshladi. Tuya boshini baland ko‘tarib, Mixlievni kuzatardi. Bu ulkan jonivor ichki tuzilishini yaxshi bilmagani bois taxmin qilishga to‘g‘ri keldi, asbobning uchini tuyaning oldingi oyoqlari orasiga, ko‘kragining chandiq bo‘lib ketgan joyiga to‘g‘rilab qo‘yib, diqqat bilan quloq tutdi: hech vaqo eshitilmadi. Tuyaning vajohati o‘zgardi, ko‘zlarini olaytirib qaradi, yunglari hurpaydi. Tadqiqot bilan ovora bo‘lgan Mixliev buni payqamadi va bo‘ynidan tovush o‘lchash asbobini olmagan holda qon bosimini aniqlaydigan uskunani ishga soldi. Ichi rezinali qora lattani hafsala bilan tuyaning oldingi oyog‘iga o‘ray boshladi. Xuddi shu payt Zahro shiddat bilan o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Mixliev beixtiyor ortga chekindi. Nazarida tuya avvalgidan ikki barobar kattalashganday tuyuldi, ayniqsa, uning og‘zidan burqirab chiqayotgan ko‘pikdan nigohini uzolmay qoldi va lablari unsiz shivirladi:
— Ko‘pik, ko‘pik...
Tuya boshini qattiq sermadi:
— Faff!
Mixliev hech narsa ko‘rmay qoldi. Uning torgina peshonasi, milki qizarib turadigan kipriksiz ko‘zlari, qoshiqdekkina yuzi oppoq ko‘pikka belandi. “Buyuk tuyashunos" bunga parvo qilmaganday, bir dam qotib turdi. Nihoyat es-hushini yig‘ishtirib olib, yuzidagi tupukni ohista bir harakat bilan sidirib tashladi. Bo‘g‘zidan alam va iztirobga to‘la bir hayqiriq otilib chiqdi:
— Tadqiqot nima bo‘ldi endi, Zahro!
Zahro sohibining nidosini tushunganday, o‘n besh qadamcha narida to‘xtadi, ortiga o‘grilib qaradi. Mixliev qum ustida tizzalagancha, ikki qo‘lini oldinga cho‘zib, boshini bir yonga eggan ko‘yi sopol haykalchaday qotib turardi. Notavon va noqobil bu jonzotni kimsasiz cho‘lda tashlab ketish gunoh bo‘ladi deganday, ortiga qaytgan tuya sohibi turgan joyga tomon keldi va uning yonginisida, qum ustiga cho‘kkaladi.