OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nodir Normatov. Ko‘cha eshikning naqshin gullari (hikoya)

Kampir har galgidek payshanba kuni ertalabdan mis qozon osdi, o‘ziga suv isitdi. Keyin uyiga kirib olib yuvindi. Aftidan, u hech kimni ko‘rgisi yo‘q edi, shu bois hatto kichkinagina dahliz eshigini ham zanjirlab olgan edi. Kelini qaynonasiga yordami tegar deb to‘ng‘ichi Qizlaroyni yuborgandi, uni orqasiga qaytarib yubordi. Shundagina kelin o‘zining bu ishidan afsus chekdi, peshonasiga yengil shappatlab, “Esim qursin-a!”, dedi. Axir, qaynonasi nevarasi tugul o‘z qizlaridan ham yuvingan chog‘larida yordam so‘ramaydi, ular istashgan taqdirda ham bunga muhtoj emasligini bildiradi.
— Nima, biz o‘gaymi? Bizga na kiyimini yuvdiradi, na cho‘miltirgani qo‘yadi, — dedi kattasi kichigiga. — Axir, o‘z onamiz-ku.
— Rost, — dedi kichigi uning gapini quvvatlab. — Shunday, tegmanozik onajonimiz.
— Hech qaerda onamizdek bunday o‘jari bo‘lmasa kerak.
Ikkalasi ham bu yerga tez-tez xabarlashgani kelib tursa-da, baribir onamizga nafimiz tegmaydi, deb ota makonlarida ko‘p turishmay, o‘z uylariga — dashtga jo‘nab ketishadi. Kampir esa ularni orqasidan qo‘ni-qo‘shnilarga maqtaydi: “Ikki qiz o‘stirdim, ikkalasidan ham roziman. Ikkalasining ham ro‘zg‘ori katta, shunday bo‘lsa ham vaqt topib, onamga yordamlashay deb keladi”.
Kelin esa xursand — qaynonasi bilan til topishib ketgan. Faqat u kampirning qiz boladek uyatchanligiga tushunolmasdi. Cho‘miltirib qo‘yay deb ming harakat qilsin, kampir sira ham ko‘nmaydi. Ko‘nglida shubha ham tug‘ilgan, “balki badanida biror nuqsoni bormikan?” deb. Keyin, vaqti-soatini topib, kampirning yuvinganini bekitiqcha kuzatgan. “Men betiyiqni xudoning o‘zi kechirsin, ichim qizib, bilgim kelaverdi-da, — dedi qaynsingillariga. — Aytsam, ishonmaysizlar. Oy desa oyday, gul desa gulday tana-to‘shlari. Ko‘rib, og‘zim ochildi”.
Kampir kiyinib bo‘lgach, kelinini chaqirdi. Choynakda choy dam yeb turganini eshitib, ko‘zlarida minnatdorlik paydo bo‘ldi. U shunday ayol, bir nimani ko‘nglidagidek qilsang, tilla topganday suyunadi. Kampir qayrag‘och tagida o‘tirib uzoq choy ichdi. Hovli burchagida qayroqtoshga pichoq charxlayotgan o‘g‘liga tikilib o‘tirdi.
Yarim palla tarvuzdek qizarib botmoqqa shaylanayotgan quyosh nurini kesgancha kimdir hovli etagiga qalama toshdan oshib tushgandek bo‘ldi. O‘z ishiga andarmon o‘g‘il buni ko‘rmadi. Kampir: “Ko‘zimga ko‘rindi shekilli”, deb xayol qildi. O‘g‘limga aytsammi-yo‘qmi, deb ikkilanib ichkariga kirib ketdi.
Yarim tun ekan alahlab uyg‘ondi. Uyqusi qochib, tizzasini quchib xayol qildi. “Itlar buncha bezovta hurishmasa, yo jondor-pondorning isini oldimikan”.
Tongga yaqin nabirasi kirib keldi. Biroz hovliqish bilan so‘z boshladi:
— Momo, hovlimiz to‘ridagi do‘nglikda kimdir o‘tiribdi, — dedi Qizlaroy.
Kampir yoqasini tishladi:
— Yopiray! Kim bo‘ldiykan?
Qo‘liga hassasini olib tashqariladi. Ko‘zlari xira tortib qolgani uchun so‘ri oldidan turib hovli sahnidagi kishini tanimadi. Kampir tom oldiga yurdi. Sigir bog‘lovli qoziqni hatlab, tappi qilinadigan joyda to‘xtadi. Qo‘lini peshonasi ustiga qo‘yib, qattiq tikildi. Oqdan ko‘ra ko‘kka rang beradigan to‘zg‘in soch-soqolli, qirra burun boyagi kimsa odam qadamini eshitib, o‘rnidan qo‘zg‘oldi. To‘niga yopishgan xas-xashaklarni qoqib-qoqib qalama tosh devordan oshgancha ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Kampir eshik oldida savol nazari bilan qarab turgan o‘g‘liga lom- lim demay ichkari kirib ketdi. Sulaymon hayron edi. Onasi shu kirib ketgancha faqat ertalab xonasidan chiqdi. Yuz-qo‘lini yuvib, yana qamalib oldi. Odatda u biror bir ish bilan shug‘ullanib o‘tirmasa mazasi qochib qolardi. Shu bois onasidan xavotirga tushdi. Bu noma’lum kimsani bilish istagi yuragini chirmovuqday siqib kelar, ammo uni qaerdan va qanday topishni bilmay xunob bo‘lardi. Hammaning ko‘nglida shubha-gumon bolalab borardi. Bir kuni xotini yorildi.
— Balki, yoshlikdagi tanishidir...
— O‘chir ovozingni! — u beixtiyor xotiniga tarsaki tortib yubordi.
Xotini shapaloq zarbidan lovullab yonayotgan yuziga kaft bosib hiqqillagancha burchakka cho‘kdi. Sulaymon ancha sukut saqlab turgach, biroz hovuridan tushib gapirdi. — Ko‘ngliga qo‘l solib ko‘rish kerak!
— U kishini bilmaysizmi? Men so‘rasam, aytadigan odam o‘ziyam.
— Bo‘lmasa men so‘raymi?!
Xotini “qaydam” degandek, yelka qisdi. Keyin uyda ortiq qololmadi, eshikdan otilib chiqib, oshxonaga kirib ketdi. Qayta bu borada gap ochilmadi. Kampirning xonasiga Qizlaroy kirib-chiqib turdi.
Oradan chorak oy chamasi vaqt o‘tib, qishloqda bir etikdo‘z paydo bo‘ldi. Maktab qorovulxonasida yotib yurgan o‘sha kishiga Sulaymon botinkasini yamatgani borganda ko‘zlari chaqnab ketgandek tuyuldi. Anchayin jiddiy chehrasida nim tabassum yolqinlandi. Eski qadrdonlarday so‘rashib ko‘rishdi. Ehtimol otasi tenggi bu odamning bu qadar mulozamati yigitni eritdimi, ikkovlon miriqib suhbat qurdilar. Bu Asrorqul aka g‘alati odam ekan. Hamma shaharga qarab intilsa, bu kishim Toshkentday shahri azimdan kelibdi.
— Nima qilib adashib yuribsiz? Shaharda siz uchun hamma narsa qulay: issiq-sovuq suv, gaz, elektr. Bu yerda loaqal hovlidan suv o‘tmaydi. Qurib qolgan ikki yildan beri. Suvni tashib ichsak...
— Nolimang, uka! “Har yerni qilma orzu, har joyda bor tosh-tarozu” deganlar. Tirikchilik tashvishi bilan kelib qoldik endi.
— Baribir...
Usta uning gapini shartta bo‘lib, boshqa mavzuga ko‘chdi.
— Ariqda suv qurib qolgan bo‘lsa, quduq qazmadingizmi?
— Hovlidan to‘rt-besh marta quduq qazilgan, ammo-lekin suv chiqmagan.
— Yo‘-o‘q! Chiqadi. Yaxshilab kavlamagandirsizlar. Yoki o‘rnini topa olmagansizlar.
Sulaymonning shaharlik bu “faylasuf”ning gapidan ensasi qotdi.
— Balki bilsangiz, joyini ko‘rsatarsiz.
— Mayli ko‘rsataman ham, kerak bo‘lsa, qazishib ham yuboraman. Faqat bitta iltimosim bor. Hovlingizni bir burchidan katalakdek joy bersangiz. Kichkina kulba qurib, poyabzal tuzatsam. Har holda maktab qorovulxonasi poyabzal tuzatish uchun mos joy emas.
“O‘h-o‘! Ishtahalari karnay-ku, Sulaymon “Kel, shaharlik bu oliftani bir boplaymiz. Qishloqni shuncha quduq qazib yurgan yigitlari chiqarolmagan suvni bu kishim chiqarar emish. Bir holva degan bilan og‘iz chuchimasligini ko‘rib qo‘ysin-chi. Sal o‘ylab gapiradigan bo‘ladi”.
— Nega o‘ylanib qoldingiz? Gapim sizga ma’qul tushmadi shekilli.
— Yo‘q! Yo‘q! Nega endi, roziman. Faqat anovi, Turg‘un uchastkovoy kallamni garang qilmaydimikan.
— Bu yog‘idan xavotir olmang, o‘zim gaplashaman.
— Bo‘pti, unda ertaga kutaman-a?
Choshgoh payti hovli sahnida cho‘kich ko‘tarib, Asrorqul paydo bo‘ldi.
— Siz ishingizga boravering, men hovlini bir ko‘zdan kechiray, — dedi Asrorqul aka Sulaymonga.
— Choy iching avval, ish bo‘lsa qochmas, — dedi Sulaymon.
Asrorqul aka unamadi. Bir o‘zi hovlini anchagacha aylanib, ko‘zdan kechirib yurdi. Bu orada Sulaymonning onasi derazaga tortilgan harir oq parda ortida goh eski sandiqning ichidagi sarg‘ayib ketgan suratga, goh hovlini ko‘zdan kechirayotgan kimsaga qarar, qo‘llari dag‘-dag‘ qaltirab turar edi. Nihoyat Asrorqul aka qari tut yaqinida o‘sgan bir tup yantoqqa ko‘zi tushib, chiroyi ochildi. Yigitning yaqiniga kelib, bu yantoq gullash-gullamasligini, yana qachondan beri o‘sishini so‘rab-surishtirdi.
— Shu yerda ozmi-ko‘pmi yantoq o‘sardi, shundan bitta-yarimi qolgan ekan-da, — dedi Sulaymon.
— Mana shu yerdan suv chiqadi, quduqlik bo‘ldim deyavering, — dedi Asrorqul aka kulimsirab. So‘ng o‘n qadam chamasida ikkita yog‘och qoqdi, sholcha ilib, o‘zini pana qildi. Ko‘ylagini yechib, ishga tushdi. Yoshi yetmishdan oshgan, yuzi biroz qarimsiq ko‘rinsa-da, qomati tik, barvasta, harakatlari yosh bolanikidek yengil, qadamlari tez. Sulaymon uning oldida ancha sust, maktabda jismoniy tarbiya o‘qituvchisi bo‘lsayam, u qadar chaqqon emas. Bir marta quduq qazishga yordam beraman deb, ichiga tushdi-yu, oyog‘ini urib oldi. Shundan tizzalari zirqirab og‘rib, arqon tortib turishga yaradi, xolos. Butun borlig‘i bilan yerini sevadigan Sulaymonning ichi qizir, bir amallab ishni paysallatishga urinar, ammo Asrorqul aka holdan toyib charchash o‘rniga kuchiga kuch qo‘shilib borardi. Nihoyat uning aytgani chinga aylandi. Bir haftadan so‘ng u qazgan quduqdan suv chiqdi.
To‘g‘ri, quduq ancha chuqur qazildi, kamida o‘n quloch...
Oxirgi kun sadaqayrag‘och tagida ikki kishi o‘tirib, bir piyola choy ustida suhbat qurishdi. Birisi dam-badam uf tortib qo‘yar, birisi esa “xayriyat” degandek entikib qo‘yar edi.
Oradan ko‘p o‘tmadi. Yuragini uzib bergandek qilib Sulaymon qiynala-qiynala joy berdi. Bir-ikkita og‘ziga egalik qilolmaydiganlardan “Sulaymon yangi otalik bo‘pti”, degan malomatga qoldi. Ammo bildirmadi. Asrorqul akani shu yoshda qiynalib, imorat ko‘tarishiga qarab turolmadi. Qo‘lidan kelgancha yordamini ayamadi. Non-choydan qarashib turdi. Ammo ko‘nglining burchak-burchagida yechilmagan tugun qolaverdi.
Bir kun tush paytida kulba oldida, qop-qora chet el mashinasiga ko‘zi tushdi. Sulaymon qiziqib o‘sha tomonga yo‘l oldi. Asrorqul aka qo‘noq tutgan chaylaga yaqinlashar ekan, ichkaridagi g‘ala-g‘ovurdan to‘xtab qoldi. Yo‘g‘on ovozda bir erkak yalindi:
— Ada, meni sharmanda qilmang! Iltimos, ketaylik uyga.
— Sen o‘zingni ishingni qilaver, o‘g‘lim, mendan xavotir olma!
— Axir, sizga nima yetmaydi, ada-a?
— Hamma narsa yetadi, bolam! Ammo aytganim bilan sen baribir tushunmaysan-da.
— Bizdan biron xatolik o‘tdimi, ada!?
— Bolam, o‘zingni ko‘p qiynama, sendan mingdan-ming roziman.
— Bo‘lmasa biror joydan yer olib, uy qurib beray!
— Yo‘q! Faqat sendan o‘tinchim, o‘g‘lim, menga indama, men shu yerda yashamoqchiman. Shunday yashamoqchiman.
Sulaymon boshida adog‘siz savollar bilan xayolchan ortiga qaytdi. Tushdan so‘ng bog‘ to‘ridagi eski g‘ishtin devorlari nurab butunlay yerparchin bo‘lgan imorat oldida Asrorqul akani ko‘rib qoldi. Chakalakzor oralab orqa tomondan kelib uni kuzatdi. Bu yerda nima qilib yurganiga ajablandi. Nimadandir shubhalandi. Balki bu yerlarda tilla ko‘milgan bo‘lsa, shuning hidini olib izlab yurgandir bu indamas, ichdan pishgan odam, deb o‘yladi.
Asrorqul aka eski imoratdan yolg‘iz saqlanib qolgan ikki tabaqali darvozaning kichik eshigi oldida tiz cho‘kib, uni siypalab yig‘lardi. Sulaymon yanada qiziqib, chakalakzor panalab, shohariq ichiga tushdi. Bu yer eshikka yaqin joy bo‘lib, pana edi, u yerda o‘tirib, Asrorqul akani bemalol kuzatdi. Hatto uning sekin aytayotgan gaplarini aniq-tiniq eshitdi. Sulaymon avvaliga Asrorqul aka o‘tganlar ruhiga biror-bir oyat o‘qiyotgan bo‘lsa kerak, deb o‘yladi.
— Oh, qadrdonim! Seni tanidim, seni mana shu naqshlaringdan tanidim. Sen hovlimizning ko‘cha eshigi eding. Mana shu naqshin gullaringni bir ko‘rsam, armonim yo‘q deb uzoq joylardan izlab keldim. Tushlarimga necha martalab kirgansan, axir...
 “Ha, gap bu yerda ekan-da.” Sulaymon vujudi qizib, dilida g‘alati bir o‘zgarish sezdi.
— Asli shu yerlik ekansiz-da? — bu kutilmagan savoldan Asrorqul aka ilkis cho‘chib tushdi.
— Ha! — dedi siniq tovush bilan.
— Nega buni kelgan kuningiz aytmadingiz?
— Qanday aytayin? Qishloqda biror urug‘-aymog‘imiz qolmagan bo‘lsa, kim tanirdi? Faqat, O‘rin bova bizning ajdodni ozroq bilardi. U kishi ham yaqinda qazo qilgan ekan. Fotihasini berib, qaytib ketmoqchi edim, ammo...
— Ammo joyni ko‘rib, ko‘zingiz qiymadi shundaymi?
— Yo‘q! Yo‘q, unday emas. Bizni bobomizni Sohib ko‘kchi der edilar. O‘ttizinchi yillarda quloq bo‘lib ketgan. Otam esa urushda yo‘q bo‘lib ketdi. Keyin onam o‘ldi. Men o‘n olti-o‘n yetti yoshlarda edim. Shunda non izlab Toshkentga borib, qolib ketdim. Aka-ukalardan qolmagan, urush yillari ochlikdan o‘lib ketishgan.
— Endi bu ertakni to‘qiyapsizmi? Axir, siz tirikchilik uchun yurgan odam edingiz-ku.
 — Sizlarni ortiqcha g‘alvaga qo‘ymay degandim.
— O‘zingizni oqlamay qo‘ya qoling. Sizni asl maqsadingizni yaxshi bilaman! Qayga borsangiz boring, ammo hovlimni bo‘shatib qo‘ying!
— Iltimos, ukajon, meni haydamang! Sizga zararim tegmaydi.
— Gap shu. Sizni ortiq bu yerda ko‘rishni istamayman, — Sulaymon shart burilib uyga yurdi. Kelib xonasiga qamalib oldi. Kechga yaqin onasi qoshida muztar bo‘ldi.
— Sulaymon, — dedi u o‘g‘liga qarab. — Mana shu o‘tirgan uy-joyimizning yarmi shu — Asrorqul akaning otasiniki bo‘lgan. Biz shu yer egasiz qolgani uchun tomorqamizga qo‘shib olgan edik. Rahmatli otang bir gapni bilarkan-ki, o‘zlashtirgan o‘sha yerga sira imorat qurmagan edi. “Kim biladi, ehtimol Sohib ko‘kchining biror-bir izi qolgan bo‘lsa, qaytib kelar”, derdi.
Sulaymonning rangi oqardi, lablari bilinar-bilinmas titradi. So‘ng o‘zini tutib olib, onasiga qarab xo‘mraydi.
— Bir paytlar bu joyda Sohib ko‘kchi yashagan bo‘lsa, yashagandir. Bu joylar endi bizniki. Bu joyni biz qishloq sho‘rosidan xatlab olganmiz.
— Yo‘q, bolam, bu joylar bizniki emas. Mana shu tutning narisi shu Asrorqulniki bo‘ladi.
Sulaymon ichib turgan piyoladagi choyni poygakka sepib yubordi.
— Ona, ko‘p o‘zingizdan ketavermang. Men hech kimga bir qarich ham yer bermayman, bildingizmi? — dedi avzoyi buzilib.
— Berasan, — dedi kampir ishonch bilan. — Ilojimiz yo‘q, bolam. Bu yerda Sohib ko‘kchining ajdod-aymoqlari ruhi bor. Ularni norozi qilsak, u dunyoyu bu dunyo huzur-halovat ko‘rmaymiz.
Sulaymon o‘rnidan turdi. Ayvondan chiqib, atrofga ko‘z yugurtirdi. Hovli-joyining naq yarmidan ajralishini ko‘z oldiga keltirib bosh chayqadi.
— Ona, — dedi u yalinchoq tovushda. — Men bu tashlandiq yerga qancha pul, qancha mehnat sarfladim. Mana, hokimiyat odamlarga Suvlibuloq atrofidagi yerdan tomorqa beryapti. Asrorqul akaga o‘sha yerdan olib beraylik. Yer o‘lchagich Botir sinfdoshim bo‘ladi. Kerak bo‘lsa, ancha-muncha yer qo‘shib beradi.
— Hay, bolam-a, — dedi kampir, — nimaga bu odamning ichini tushunmaysan. Yer-joy deganing o‘sha Toshkentda yo‘q edimi? Bu odam hovliga kelgan kuniyoq ko‘nglimda gumon paydo bo‘lgan edi.
— Baribir, ona, bu joyni bermayman, — dedi Sulaymon.
— Menga otang tayinlab ketgan: mabodo hovlining egasi chiqsa, g‘idi-pidi qilmay, omonatini qaytarib beringlar deb. Arvohimni chirqillatmanglar degan. Bilib qo‘y, agar aytganimni qilmasang, otangning arvohi uradi. Duo ursa najot bor, arvoh ursa davo yo‘q, deyishgan avliyolar.
U onasining oldidan otilib chiqdi. Alami ichiga sig‘may uyning poygohidan to‘riga qadar borib kelaverdi. Tonggacha uyqu nimaligini bilmadi. Sahar payti quduq suvidan tortib olib, yuzini yuvdi. Qayrag‘och tagida bir pas boshini changallab o‘tirdi-da, so‘ng omborxonaga qarab ketdi. U yerdan tesha, qoziq olib chiqib, to‘g‘ri keksa tut ro‘parasiga keldi. Chuqur xo‘rsindi-da, o‘tirib, qoziq qoqa boshladi. U endi o‘sha Asrorqul akaga tegishli hovlini chegirib, belgi qo‘yishga, o‘sha joyni o‘z egasiga berishga ahd qilgan edi.
Ertalabdan uyquni parchalab yuboradigan temir tovushi atrofga yoyilib ketdi. Qo‘ni-qo‘shni, butun uy ichi norozilanib eshikdan chiqib kelishdi. Biroq Sulaymon kutgan odam ha deganda kulbasidan chiqavermadi.
— Nahot ketib qolgan bo‘lsa, — xayolidan o‘tkazdi u.
Kulbasiga bosh suqib, u yerdan topolmadi. Bog‘ tomon yurdi. Uning to‘ridagi o‘sha naqshinkor eshikka ko‘zi tushdi. U shamolda tebrangani-tebrangan, nimadir demoqchi bo‘lganday g‘iyqillardi. Sulaymon unga yaqinroq keldi-yu, birdan to‘xtab qoldi. Oyoqlari madorsizlandi, yuragi uvishdi. Asrorqul aka yuzida nim tabassum bilan uxlab yotardi. Ehtimol u adog‘siz tushida yosh bolaga aylanib, o‘z uyining qaysidir burchagida chopqillab yurgandir. Faqat u hozir ko‘zlari nim ochiq holda shunchalik tosh qotib yotgan ediki, shamolning gapiga kirib dam-badam asabiy g‘ingshiyotgan eshik tabaqasi ham uni uyqudan uyg‘otolmas edi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.