– Shu chiroying bilan har qanday shahzodani oldingda tiz cho‘ktirib, umr bo‘yi tillaga ko‘milib yashaysan, – deyishardi dugonalari unga havas ila boqib.
– Bu chiroying hali senga baxtsizlik keltirmasaydi, – deyishardi dugonalari unga achinish bilan qarab.
Jamila esa bu gaplarga parvo qilmasdi. Chunki u o‘zini go‘zal hisoblamas, chiroyidan so‘z ochganlarga, “Xudoning yaratgan oddiy bir bandasiman-da” deb kulib qo‘yardi. Lekin... lof uryapti demangu, Jamiladek ham oqila, ham chiroyli qizni nafaqat o‘z qishlog‘ida, balki butun mamlakat bo‘ylab ham topish mushkul edi.
“Shunday nodir javohirni kim qo‘lga kiritarkin”, deya garov bog‘lagan yigitlar ham ko‘p edi. Ammo haligacha qizni biror yigit bilan ko‘rganlari, gaplashganini sezganlari yo‘q. Uni oshkora, undan ham ko‘proq pinhona sevgan yigitlarning hisobi-chi... Bu pahlavon qishloq yigitlari ichida Shavkat boyvachchaning o‘g‘li Mavlon yetakchi edi. Qani uning oldida birov qizga zimdan ko‘z tashlab ko‘rsin-chi!
– Baribir Mavlon Jamilani hech kimga bermaydi, ovora bo‘lib yurmanglar, – deyishardi yigitning oshnalari.
– Ko‘z olaytirganini Mavlon “ko‘pkari” qilib bir tepadi, ismini ham eslolmay qoladi, – derdi hoynahoy Mavlondan kaltak yeb esi kirganlar.
Bu gaplar Jamilaning qulog‘iga yetib bormasmidi? Borardi, albatta. Har qanday chiroyli qiz ham bunday mardona qasamlardan suyunmaydimi? Suyunadi, lekin Jamila emas. Uning orzusidagi shahzoda butunlay boshqacha edi...
Yangi o‘quv yili boshlangach, kollejga poytaxtdan bir o‘qituvchi yigitni jo‘natishganini aytishdi. O‘qituvchilar tayyorlaydigan institutda o‘qiganmish, o‘zi boshqa viloyatlik bo‘lsayam, chekka bir qishloqda yoshlarga ta’lim berishni istab kelganmish. Bu gapni eshitgan qishloq ahli toza kulishdi. Shunday poytaxtni tashlab, topib kelgan joyini qarangu, buni...
Jamilaning kasb-hunar kollejini bitirar yili edi o‘shanda. Yigit ularga tarixdan saboq bera boshladi. Uning boshqa domlalarnikiga o‘xshamaydigan allaqanday sehrli ma’ruzasi o‘quvchilarni tek qotirib, dars tinglatardi. Ular orasida eng bilimga chanqog‘i ham Jamila bo‘ldi.
Kollejni bitirish arafasi. May oxirlab, issiq yoz kirar payt. Hamma o‘quvchilar bitirish kechasiga tayyorlanish bilan band. Qishloqdagi yagona, Shavkat boy tashabbusi bilan qurilgan to‘yxona bugun kollej bitiruvchilari uchun ajratilgan. Oqshom tushib, hamma bitiruvchilaru domlalar yig‘ilgach, qishloqdagi ilk yoshlar bazmi ochib berildi. Avvallari bunaqa kechalar qayoqda edi? Mana, yangi domlaning taklifi bilan diplom berish marosimi ham tashkil etildi.
Mavlon bu yerning xo‘jasidek gerdayib yuribdi. O‘zi kollejni ikki yil oldin tugatgan, institutga esa tobi kelmadi, mana, qishloqning eng oldi bekorchilaridan. U aslida Jamilaga dilrozini aytmoq istagida bu yerda hozir edi.
Tantanali diplom topshirish marosimi tugab, hamma dasturxondan qo‘l tortgach, raqs boshlandi. Barcha o‘zi bilan o‘zi: kimdir davrada tinmay sakraydi, kimdir sevimli ustozi bilan xayrlashadi, kimdir kelajakdagi orzularini do‘stiga so‘zlaydi, kimdir esa zimdan muhabbatini kuzatadi.
Oxirgi qatordagilar ichida o‘sha yangi ustozi ham bor. Bu ko‘z qarashlar yarim yildan beri negadir pinhona. Lekin ko‘zdagi dildagini yashirolarmidi? Qanchalik yashirishga urinmasin, bu nigohlar o‘ziga qadalganini sezmaydimi Jamila? Sezganda qandoq. Axir o‘zining ham yuragini sirli tuyg‘ular zabt etgan bo‘lsa!
Ustoz va Jamilaning yo‘qolib qolganini birov sezmadi. Oshnalari bilan “qittay” olvolgan Mavlon ham bu yerga nega kelganini eslolmaydigan darajaga yetganda, uyiga sudrab ketishdi.
Soy bo‘yi... Qishloqda nechta sevishgan bo‘lsa, hammasi shu yerda izhor aytib, izhor eshitgan bo‘lsa ajab emas. Bugun ular orasiga yangi juft qo‘shildi. Lekin... boshqalardan farqli ravishda, ular jim. Faqat ko‘zlar so‘zlashadi. Yigit gapga no‘noqmi yo qiz uyatchanmi, kim biladi? Lekin shunisi aniqki, gaplashmasalar-da, ular bir umr birga bo‘lishga kelishib olganlar. Bu kelishuvga tillar emas, yuraklar qasam ichgan.
Qishloqda gap turarmidi? Yoz adog‘iga yetmay, Jamilaning “ko‘zi ko‘ru qulog‘i kar” bo‘lgani ayon bo‘ldi. Yigitmi, qizmi, hamma hayratda edi. Shundoq chiroyli qiz... qaerdagi nimjon, odmigina, ko‘zoynakli, doim bitta ko‘ylagu shimda yuradigan bu yigitni yoqtirib qolishi mumkinmi? Buning ustiga yetim ekan. Ismi ham o‘ziga mos: Olim.
– O‘zi darsda bir-biriga ko‘z suzib o‘tirishlaridan ma’lum edi, – deyishdi o‘quvchilar.
– Domla ham ichidan pishgan ekan. Nega kelib-kelib bu yerga keldi desak, niyati buzuq ekan, yashshamagurni! – deyishdi qishloq xotinlari.
Yangi o‘quv yilidan Olim dars o‘tmaydigan bo‘ldi: qarshilik qilishdi. O‘z o‘quvchisining «boshini aylantirgani» uchun qishloqdan badarg‘a bo‘ladigan bo‘ldi. Ayniqsa, Jamilaning uyidagilar buni bilgach, o‘qituvchining oldiga ham borib, toza aytadiganini aytishdi.
– Ikki dunyo bir bo‘lsin, illo, qizimni uzoqqa, tag zoti noma’lum kelgindiga bermayman!
Jamilani bo‘lsa uy qamog‘i kutardi. Yigit ketar kuni, uyidan yashirincha, amallab chiqqan qiz ayanchli voqea ustidan chiqdi. Qishloq chetida yig‘ilgan Mavlon boshchiligidagi yigitlar Olimni do‘pposlashardi. Ko‘zoynagi uchib ketgan yigit esa ularning xumordan chiqishlarini kutib tishini tishiga bosgandi. Jamila yugurib borib uni mushtlardan pana qildi.
– Qo‘ling sinsin, Mavlon! – deb baqirganini hamma, go‘yo butun qishloq eshitdi.
Oshnalari oldida nafsoniyati yerga urilgan Mavlon qizga yaqinlashib dedi:
– Olaqol, yetimchangni. Lekin bilib qo‘y, hali oyog‘imga tiz cho‘kib yalinib kelasan! O‘shanda... o‘zim bilaman nima qilishni. Sevgimning qadrini bilmading! Xor bo‘lasan!
Yigit ketdi. Qiz qoldi.
Jamila yashaydigan hovli eshigining turumini buzayotgan sovchilar siyraklashdi. Hamma qizning birov bilan «gaplashib qo‘yganidan» xabardor-da. Shunday bo‘lsa-da, haftada bir sovchi yuborishdan charchamaydigan Mavlon bo‘lib o‘tgan gaplarga qaramay, qizdan voz kechmadi. Qizining “qilig‘idan” keyin tashvishga tushgan ota-ona bu safar Mavlonga rozilik berishdi. Non sindirilgandan so‘ng xabar topdi Jamila.
Indamas odamdan chiqarkan-da o‘zi butun balo. To‘yga uch kun qolganida Olimni qishloqda ko‘rishibdi. O‘sha kuniyoq uyida pashsha uchsa sezadigan Karomat opa Jamilaning uydan qanday chiqib ketganini sezmay ham qolibdi. Xullas, yigit qizni olib qochib ketgani ma’lum bo‘lgach, butun asrga yetgulik gap topildi qishloqqa.
Shaharda ijaraga uy topishib, Olimning do‘stlari ishtirokida kichikkina o‘tirish – to‘y bo‘lib o‘tdi. Nikohdan ham o‘tishdi. Olimning kursdosh qizlari Jamilaga “guvoh”, “yanga” bo‘lishdi. Yosh oila tug‘ildi.
Ota-ona qizidan voz kechganini qishloqqa ma’lum qildi. Hamma undan voz kechdiyu… Mavlon qaroridan qaytmadi. O‘qishga kirish bahonasida poytaxtga ketdi. Kiribdiyam. Aslida esa shaharda faqat Jamilaning izini qidirdi. Yigit o‘zi o‘qigan institutda dars berayotgan ekan. Zimdan kuzatib ijaradagi uyigacha topib bordi. Jamilani «dom» pastida yolg‘iz uchratdi ham.
– Yarim yildan beri bo‘laring bo‘lgandir. Na to‘y, na oq fotiha. Yashaydigan joyingni ahvoli… Yetar endi. Menam o‘qishga kirdim: yuristlikka! O‘tgan gaplarni unutdim, senga o‘zim uylanaman, seni haliyam sevaman!
Jamila bir so‘z demadi. Qahrli ko‘zlaridan javobi ma’lum edi. Mavlondan ijirg‘anib o‘tib ketdi.
Jamila baxtli edi. Jamila baxtsiz edi. Baxti sevimli insoni yonida ekanligi, baxtsizligi ota-ona oldida aybdorligi… Olim esa umrida mehr ko‘rmay o‘sganidanmi, yettinchi osmonda kezar, Jamiladek yori borligiga ba’zan ishonmasdi ham.
O‘zi shunaqa ekan. Og‘zi oshga yetdi, deganda… Olimni ishdan qaytayotganda yo‘lovchi mashina urib ketibdi. Bu ham yetmagandek, haydovchi Xudo bexabar ekanmi, yigitni tashlab qochibdi. Odam siyrak ko‘chada, shom qorong‘usida jabrdiydani do‘konga nonga chiqqan ayol ko‘rib qolmaganida, Jamila bevaga aylanardi.
Shifoxonaga yetib kelgan Jamilaning yolg‘izligi juda bilindi. Poytaxtda hech kimni tanimaydigan juvon kimga suyansin? Erining yashab ketishidan ko‘ra o‘limi aniq. Zudlik bilan operatsiya qilinmasa… lekin buning uchun katta pul kerak ekan.
Jamila qishloqqa borib ota-onasi qarshisida tiz cho‘kib, ming malomat eshitib bo‘lsa-da pul olib kelishga rozi edi. Lekin olis viloyatga qachon borib keladi? Birdan xayoliga Mavlon keldi. O‘zi ham hayron, nega uni esladi? Peshonasi tirishdiyu, lekin unda pul ko‘pligini o‘ylab, uni nega yodga olganini angladi. Qaerda o‘qir edi? Yurfakda, degandi-ya.
Erta tongda institut eshigi yonida o‘tirgan, ko‘zlari olazarak Jamilani ko‘rgan Mavlon shu kunga tahsinlar aytdi.
– Sendan yordam so‘rab keldim, Mavlon. U kishining ahvoli og‘ir. Menga pul kerak... qarzga, barini qaytaramiz, iltimos, qishloqdoshlik haqqi!
Mavlonning hafsalasi pir bo‘ldi. U Jamila eridan aynib, o‘zining panohiga kelganiga yuz foiz ishongandi. Tentak qiz!
– Yonimga yalinib kelasan, degandim-a? Aytganim bo‘ldi! Lekin ovora bo‘lma. Menga ering emas, sen keraksan!
– Nomard ekansan!
– Xohlasang... beraman qancha istasang. Ammo berarni olmog‘i ham bor. Aytganimga ko‘narmikinsan?
– Istaganingni so‘ra!
...Jamila so‘ralgan pulni olib bordi.
Bir oy o‘tib Olim oyoqqa turdi. Yonida esa jilmayib turgan Jamilani emas, hamshirani ko‘rdi. Uyga ruxsat tekkach, uyidan ham topolmadi xotinini. Qishloqdan surishtirdi... o‘sha yerda ekan.
– Jamila qochoq esi kirib qaytib kelibdi! Domla o‘laksa qilib urganmish... – deyishdi yarim qishloq.
– Unday emas, Jamila birov bilan yurib ketgan ekan, Olim to‘rvasini tutqazibdi, – deyishdi qolgan yarim qishloq.
Ota-ona ko‘ngli tosh emas. Oyoqlariga tiz cho‘kkan qizlarini kechirishdi. Erta-indiniga sovchilar keldi. Mavlon tomondan. Uzoq tortishuvdan so‘ng qiz taraf «taslim bo‘ldi». To‘y harakati boshlandi...
Mavlon shaharga ketib, ikki kunda qaytib keldi. Yonida Olim... Ko‘rganlar Mavlon Olimning ko‘zini kuydirishga olib kelibdi-da, deb tomoshaning davomini kutishdi. To‘y o‘sha – qishloqdagi yagona to‘yxonada bo‘ldi. Kelin yastanib davraga chiqdi. Yonida esa... savlat to‘kkancha domla turardi! Mavlon kuyovjo‘ra. Hamma lol, hamma hayron. Bu “sirdan” faqat Mavlon tarafu, Jamila taraf xabardor. Kelin-kuyov kattalardan oq fotiha olib, o‘rindiqqa cho‘kishdi.
Mavlon gerdaygan yigit, lekin toshyurak, nomard emas. U sevadi, lekin sevganini yig‘latmaydi. U ikki gul o‘rtasiga tushadigan tikanak bo‘lishdan ko‘ra kuyib kul bo‘lishni afzal biladi. U sevgani baxtidan kuladi. U Jamila Olim uchun har qanday shartga roziligini eshitgan kuni ularning muhabbatiga tan bergan! Mavlon tomondan kelganlar Olimning nomidan sovchilikka kelishgandi. Mana, bugun Jamila bilan tuzilgan “savdo”lari ham pishdi. Endi yoshlarni sevinch ko‘z yoshlari bilan shaharga kuzatib qolishadi...
Qishloqdagilar bu safar nima deyishga hayron. Oxir-oqibat hamma ularning muhabbatiga tan berishdan boshqa iloj topmadi...
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 12-son.