OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Norali Ochil. Do‘st (hikoya)

Yangi yil oqshomida ichki ishlar bo‘limi navbatchilik qismiga Tubanko‘l mahallasidan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Shu yerda yashovchi bir kishiga og‘ir tan jarohati yetkazilgan, natijada u jon bergan. Yil bo‘yi jinoyatchilarni izlab topish va so‘roq qilishdan toliqqan izquvarlar, tergovchi va kriminalistlarning bayramona kayfiyati yo‘qqa chiqdi hisob. Ular istar-istamas voqea sodir bo‘lgan joyga yetib borishdi. Birinchi navbatda jinoyatchining shaxsini aniqlash lozim. Bu yerda yig‘ilganlardan tuzuk-quruq guvoh chiqmadi. Marhum bilan so‘nggi bor diydorlashgan kishi esa, uning ona bir ota boshqa opasi edi.
Qo‘shnilarning aytishicha, marhumning uyida birdan shovqin-suron ko‘tarilgan va ko‘p o‘tmay tinib qolgan. Bundan ular xavotirga tushishgan. Qo‘shni uyga o‘zlari kirishga botinolmay marhumning opasi bilan bog‘lanishgan. Ayol yetib kelib, ukasining polda yuztuban yotganini ko‘radi. Uning yorilgan boshidan qon sizar, ahvoli og‘ir edi.
Opa «Tez yordam»ni chaqiradi. Gap nimadaligini anglolmay sarosimaga tushib qolgan ayol og‘riqning zo‘ridan ingrayotgan jigarbandini azot ko‘tarib bag‘riga bosmoqchi bo‘ladi, lekin ulgurolmaydi. Ukasining ko‘zlari yiriklashadi, qiyofasida mavhum ifoda zohir bo‘ladi va yotgan joyida tanasi bir silkinib, omonatini topshiradi.
Bu yog‘i toza boshog‘riq. Jinoyat issig‘ida ochilsa yaxshi, yo‘qsa hisobotlarda sarg‘ayib qolib ketadi. Aksiga, hademay Yangi yil kiradi. Jinoyatchini zudlik bilan topmasa bo‘lmaydi. Xullas, ishlash kerak. Tezkor guruh a’zolari yeng shimarib ishga kirishishdi. Ikki-uch tergovchi qo‘shnilarni savolga tutdi, prokuror sud-tibbiy ekspertidan xulosani tezlatishni talab qildi, ekspert-kriminalistlar xonada ivirsib yotgan buyumlardan barmoq izi olishdi, kinologlar itga ergashib, noma’lum jinoyatchining iziga tushishdi.
Tomoshatalablar ko‘pqavatli uylarning ayvonlari, yo‘lak va eshiklaridan voqea rivojini kuzatishar, turli farazlari bilan gurungni qizdirishardi. Ayrimlar bu dahmazaning ularga mutlaqo dahli yo‘qligini pisanda qilib, parda va shtorlarni namoyishkorona tushirishar, bayramona kayfiyatlarini allaqanday kimsaning ko‘rguligi tufayli buzib qo‘yishdan qo‘rqishardi. Yuz-ko‘zidan ana shunday xavotir sezilib turgan bir kimsa ayolini deraza qarshisidan nariga olib ketdi. «Peshonasida it o‘limi yoziq ekan, o‘lsa o‘lib ketavermaydimi! Senga nima?!» ming‘irladi u harakatidan norozi bo‘lib burnini jiyirgan xotiniga.

* * *

...Valiy tushlikdan so‘ng moyga belangan irkit kombinzonini yechdi-da, katalakdek ustaxonaning bir chetiga uloqtirdi. Eshikka qulf urib, shundoq ko‘cha muyulishidagi mo‘‘jaz hovli tomon yurdi. U bugun hordiq chiqarmoqchi, odamga o‘xshab to‘kin dasturxon atrofida Yangi yilni kutmoqchi. Valiy havorang darvoza qarshisiga kelib qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi. Darvoza ortidan jajji qizaloqning jarangdor ovozi eshitildi — «Kim u?». U qizchadan otasini chaqirib berishni so‘radi.
Ustaxona xo‘jayini to‘nini yelkasiga omonat ilib chiqdi. U uyqu bosgan beg‘am ko‘zlarini erinib ishqarkan:
— Nima gap, usta? — dedi.
— Bugun ertaroq ketsam degandim. Bayram qilmoqchiman. Uch-to‘rt so‘m pul ham zarur, — dedi Valiy va xatosini tuzatib qo‘ydi: — Maosh hisobidan, albatta.
Xo‘jayin uning qo‘liga bir dasta pul tutqazdi.

* * *

— Ukangizning oilasi bor edimi, do‘st-birodarlari-chi? — tergovchi marhumning opasini so‘roqqa tutdi.
— U tuzuk-quruq oila qurmagandi. Har kim bilan o‘tirib ketavermasdi. Qamoqdan chiqqaniga hali ko‘p bo‘lmagandi, — ayolning ko‘zlarida yosh qalqir, ma’yus nigohlari bir nuqtaga qadalgandi.
“Qamoq” so‘zini eshitgach, tergovchining tusi o‘zgardi, hushyor tortdi. Gap bu yoqda ekan-da, deganday «hmm» dedi cho‘zib va tezda savolga tutmasa, kalavaning uchini yo‘qotib qo‘yadigandek so‘radi:
— Hech bo‘lmasa shishadoshi bo‘lgandir...
— To‘g‘ri, — dedi ayol uning gapini tasdiqlaganday. — U topganini boshqalar bilan baham ko‘rardi. Ammo topib-tutishga ulgurmagandi. Uyida qo‘lga ilingulik hech vaqosi qolmagan, bisotini sotib yuborgandi. G‘arib holida uni qidirib keladigan oshnasi yo‘q edi, nazarimda. Rost-da, bir mirisi bo‘lmagan odamning do‘stligi kimga kerak?!
Ayol go‘yo o‘zi bilan o‘zi hasratlashayotganga o‘xshar, xayoli parishon edi...

* * *

Ustaxona egasining iltifotidan Valiyning boshi osmonga yetdi. U do‘konga kirib, ikki-uch shisha aroq, non, dudlangan kolbasa va meva-cheva oldi-da, qolgan pulini unniqib, ado bo‘layozgan kurtkasining cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Buyog‘ini mahkam tutmasa, maoshgacha yetib olishi qiyin. U o‘rtog‘ining uyiga qarab yo‘lga tushdi. Hotamni ko‘pdan ko‘rgani yo‘q. Bugun bayramni birga nishonlaydi, uning o‘ksik ko‘nglini oladi, o‘zi ham yuragining chigilini yozadi. Boshqa qayoqqa ham borardi. To‘g‘ri, tor bo‘lsa ham o‘z uyi, o‘lan-to‘shagi bor. Biroq ana shu to‘rt devor ichida uni kutadigan mehriboni yo‘q.
Taqdir Valiyni beshafqat sinovlar bilan xo‘p siyladi. Ehtiyotsizligi oqibatida temir panjara ortida o‘tirib chiqdi. Bu orada jufti haloli ko‘ch-ko‘ronini orqalab jo‘navordi. U ikki norasidasini onasiga qoldirib, turmushga chiqib ketdi. Hayot zavqiga tashna juvon boshqalar singari o‘ynab-kulishga haqli edi, albatta. Boshiga ish tushgan sho‘rpeshona erni yillab kuti-ib o‘tirish unga malol keldi. Bunday sadoqatni u bema’nilikka yo‘ydi. Bir hisobda, u guldek umrini yelga sovurishni o‘ziga ep ko‘rmay to‘g‘ri qilgandir...
Shu o‘y-xayollar bilan Valiy uch-to‘rt daha narida yashaydigan og‘aynisining uyiga yetib keldi. U to‘rtinchi qavatga ko‘tarilib, tanish qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi. Eshikdan Hotam ko‘rindi. Ular bir-birini bag‘riga bosib, uzoq diydorlashishdi. Kutilmagan xursandchilikdan mezbonning tili kalimaga kelmay qoldi.

* * *

Voqea joyidan hid olgan it xonadon eshigidan chiqib, yo‘lak bo‘ylab to‘g‘ri hovliga tushdi. Jonivorning shashtini ko‘rgan kishi shu ketishida u jinoyatchini topmay qo‘ymaydi, deb o‘ylashi tayin edi. Biroq it shasht bilan oldinga intilganicha hovli adog‘iga yetib bordiyu hidni yo‘qotdi, uy etagidagi turnaqator garajlar yonida to‘xtab, irrillab-g‘ingshidi, ko‘zlarini uzoqlarga tikib, tilini osiltirganicha harsillab turaverdi.
— Navbatdagi omadsizlik, — norozi to‘ng‘illadi itni yetaklab olgan kinolog. — Yeganiniyam oqlamadi, tekintomoq!
— Ko‘p vaysama! — sherigining og‘ziga urdi ikkinchi yigit. — Yur, yaxshisi buni boshliqqa aytib, qarg‘ish tekkan joydan tezroq ketaylik.

* * *

To‘rxaltadagi yeguliklarni ko‘rib, Hotamning ko‘zlari yashnab ketdi, ochlik azobidan umrbod qutulgandek yengil tin oldi. Valiy esa uy egasidan iltifot kutmay, tokchada sarg‘ayib yotgan gazetalarni xontaxta ustiga yozdi. Bayram dasturxoni tuzatdi. Qurmag‘ur zormanda shishaning bir-biriga urilib chiqargan jilvagar jarangi! Shu lahzada ikki qadrdon uchun bundan yoqimli, bundan mo‘‘jizakor sas yo‘q edi dunyoda.
Chinni piyolalar to‘latildi. Uy egasi mehmon sharafiga hamdu sano o‘qishga kirishgandi, Valiy uning gapini bo‘ldi. U Yangi yilda yangicha hayot qurishlari uchun ichishni taklif qildi. Hotam bosh irg‘ab, uni quvvatladi. Qadahlarning sirli-sehrli jarangidan ko‘ngillar yayradi.
Ulfatchilik uzoq davom etdi. Gurung orasida Hotam naryog‘da ko‘rgan-bilganlaridan gapirdi. Hasratidan chang chiqib, sim ortida o‘tgan besamar yillariga achindi. Buyoqda beva opasi. U yorug‘ olamdagi yagona suyanchig‘ini yolg‘izlatib qo‘yganidan o‘kindi.
Yana qadahlar jarangi...
Ular uzoq suhbatlashishdi. Keyin ichkilik ta’siridami, toliqish yo iliq harorat sabab bo‘ldimi, ishqilib, Valiyni uyqu bosdi. U divanga cho‘zildi. Hotam alamli xotiralari bilan yolg‘iz qoldi. Bir paytlar shaharda undan qudratli kishi yo‘q edi. Uyidan mehmon-izlomning oyog‘i uzilmas, kimsan — yirik savdo majmuasining mudiri edi. Hotamboyga zamonasining peshqadam zotlari ham qulluq qilar, uning egnidagi po‘rim kiyim-boshini ko‘rgan uncha-muncha kibor ahli ham shoshib qolardi. Hech zotning xayoliga kirmagan xorijning asl buyumlari uning qo‘lidan o‘tardi. Iltimosu iltijo qilib keluvchilarning oxiri ko‘rinmasdi. Voy-bo‘y, kamyob molga qo‘shimcha narx taklif qiladiganlar qancha edi! Endi u davrlar o‘tmishga aylandi. O‘zini davlarning guli, zamonasining tengsiz qudrat sohibi sanab yurgan Hotamboydan asar ham qolmadi. Oyni benarvon uradigan davangirday yigit turma sarguzashtlaridan naryog‘iga o‘tolmaydigan, qaddi xiyol egilgan, yuz-ko‘zi salqib, zaxil tortgan sharpaga aylandi-qoldi.
Bugun uni bolalikdan birga o‘ynab-o‘sgan tengqur o‘rtog‘i so‘rab keldi. Qanday yaxshi! Durustroq o‘ylab ko‘rsa, ikkisining taqdirida o‘xshash jihatlar oz emas ekan. Avvaliga omad yuz o‘girdi, keyin oilalari, do‘st-birodarlari bir-bir tark etdi, turma uqubatlarini tatib ko‘rishdi. Lekin har qanday vaziyatda ham Valiy Hotamni yolg‘izlatib qo‘ymadi, undan muruvvatini ayagani yo‘q. Bugun ham Yangi yilni birga kutgani to‘lib-toshib kelib o‘tiribdi.
Hotam noshud-notavonligini, qo‘li kaltaligini o‘ylab, ich-ichidan ezildi. Kech bo‘lsa-da, og‘aynisiga o‘xshab biror kasbning boshini tutmaganidan afsuslandi. Eng yomoni, opasini so‘rab borganiga ham necha zamonlar bo‘ldi...
Uning fe’li azaldan shunaqa: ichsa bo‘ldi, o‘zidan o‘pkalashga tushadi. Buyam bir odat-da.

* * *

Tezkor guruh rahbari, o‘rta yoshlardagi kishi ko‘pqavatli uy hovlisida tik oyoqda sigaret tutatib turar, ish bo‘yicha aniqlangan ma’lumotlarni bosiqlik bilan tinglagach, o‘zicha mulohaza yuritardi. Kinologlar it hidni yo‘qotib qo‘ygani haqida axborot berishganida, u bundan ajablanmadi. Yigitlarga, boraveringlar, dedi qo‘li bilan ishora qilib.
Xizmat itlari jinoyatchini topishda hamma vaqt ham yordam beravermasligi ayon haqiqat. Buning o‘ziga xos sabablari bor. Shu sabab guruh rahbari itning ko‘magiga avvaldan umid qilgani yo‘q. Biroq hozir uni boshqa narsa — jinoyat-qidiruv xodimlarining haligacha jo‘yali daliliy ashyo yoki biror bir muhim ma’lumotni qo‘lga kiritmagani o‘ylantirib qo‘ygandi. Marhumning opasi va qo‘ni-qo‘shnilar bilan olib borilgan surishtiruv tayinli natija bermadi: unga yaqin bo‘lgan shaxslar haqida zarur ma’lumot olinmadi. Mujmal fikr va quruq taxminlar bilan jinoyatchini aniqlab ham, topib ham bo‘lmaydi. Nima qilmoq kerak?..

* * *

Valiy muzdek havodan eti junjikib uyg‘ondi. Avval soatiga, keyin deraza oynasiga ko‘z tashladi: endigina kech tushibdi. Shomgi uyqu bexosiyat bo‘ladi, buning ustiga Yangi yil oqshomida g‘aflat bosib yotish ham durust emas. U erinibgina o‘rnidan turdi, kerishdi, ayvonga qaradi. Hotam romga tirsagini tiraganicha hovli manzaralariga so‘nik nigoh tashlar, qo‘lidagi sigaretdan chiqayotgan zaif tutun borliqqa izsiz singib ketardi.
Valiy buyumlarga urinib-surinib vannaga yo‘naldi, qo‘l-betini yuvib, xonaga qaytdi. Divan ustidagi kurtkasidan g‘ijim dastro‘molini oldi-da, yuz-qo‘lini artib, yana cho‘ntagiga tiqdi. Shu payt ko‘ngli nimanidir sezdi chog‘i, ko‘zlari olazarak bo‘ldi. Cho‘ntagiga qayta qo‘l soldi, puli yo‘q! Ishonmadi, kurtkasining avra-astarini chiqardi, egnidagi kiyimlarni paypasladi, kissalarini sinchiklab tekshirdi, foydasi bo‘lmadi, oyog‘idan darmon ketib, bo‘shashganicha divanga o‘tirib qoldi. Miyasida charx urayotgan uzuq-yuluq xayollar unga tinchlik bermas, buning ustiga, ichkilik ta’siridan boshi gir aylanib, xotirini jamlashning ilojini topmasdi.
U xariddan orttirib, tirikchiligiga atab qo‘ygan pulini kurtkasining cho‘ntagiga solganini aniq-tiniq esladi. Ammo qayoqqa ketadi? Kissavurga oldirdim desa, piyoda keldi. Xo‘sh, kimdan ko‘rsin? Hotamdanmi? Yo‘q, Hotamning qo‘lidan bunday pastkashlik kelmaydi. Valiy shubhalar iskanjasida qoldi.
Hotam xonaga kirayotib ayvon eshigini bexosdan qattiq itarib yuborgandi, oynalar zirillab ketdi. U gandiraklab kelganicha Valiyning ro‘parasidagi stulga o‘tirdi. «Icha-amiz-a!» dedi xontaxta ustidagi shishaga qo‘l cho‘zib. Ko‘ngliga qil sig‘mayotgan bo‘lsa-da, Valiy sir boy bermadi. Oshnasi tutgan piyolani qo‘liga olib, sekin xontaxta chetiga qo‘ydi. Hotam esa bunga parvo ham qilmay aroq to‘la piyolani oxirigacha sipqordi-da, ishtaha bilan gazak qildi.
Valiy maosh olgunicha qanday yashashi haqida tinmay bosh qotirardi. Endi nima yeb, nima ichadi? Betini qotirib yana xo‘jayin oldiga borsinmi? Tayinsiz odam ekansan, deb javobini berib yubormaydimi? Keyin ish so‘rab qaysi eshikka bosh uradi? Balki puli tushib qolgandir? Ammo qanday qilib? Shu paytgacha cho‘ntagidan pista donasi ham tushmagan-ku! Hotamning tabiati, maqsadi chindanam o‘zgargan bo‘lsa-chi? Ana, ko‘zlari bejo, xatti-harakatlari shubhali. Nahotki, ishongan og‘aynisi ko‘ziga xas tashladi?! Yo‘g‘-e, Hotam birovni tunaydigan darajada muttaham bo‘lib ketmagandir? Yo turib yoqasidan olsinmi? Balki, qisdi-bastiga olsa, o‘marganiga iqror bo‘lar? Keyin-chi, munosabatlariga darz ketsa, keyin nima bo‘ladi? Qo‘lini yuvib, qo‘ltig‘iga uradimi?..
Valiy gumon alangasida uzoq yondi.

* * *

— O‘rtoq boshliq, mana jinoyatchi! — dedi chayirgina xodim biroz havliqib.
Tezkor guruh rahbari xayol bilan o‘tirgan ekanmi, seskanib ketdi. U qo‘llari orqasiga qayrilgan kishiga boshdan-oyoq razm solib, uning jinoyatchi ekaniga ishonmadi.
— Qaerdan topding bu kishini? — so‘radi u xodimdan.
— Qotil — aniq shu odam! — dedi yigit qat’iy ohangda. — Mana, yuz-ko‘zi ham aytib turibdi. Uzoqdan kuzatsam, qo‘rqa-pisa zinadan yuqoriga ko‘tarilyapti. Bir nimasi bo‘lmasa, bu yerlarda yurmasdi. Shundan ko‘nglim sezdi.
Rang-ro‘yi bo‘zday oqargan, azbaroyi asabiylashganidan yuz-ko‘zi titrab turgan bu odam Valiy edi. U og‘riqning zo‘ridan qo‘llarini bo‘shatishga urinar, xodim bunga javoban ularni mahkamroq siqardi.
Hovlida tumonat odam yig‘ildi.
— Qo‘lini qo‘yib yubor, — dedi guruh rahbari xodimga. Keyin gumondorga yuzlandi: — Tortinmang, birodar, bor gapni aytavering! Yigitlar bilan gaplashaman, sizga albatta yordam berishadi.
Valiy bir muddat lom-mim demay turdi. U gapni nimadan boshlashni bilmay qiynalardi.
— Qo‘rqmay gapiraver! Aytdim-ku, bolalar yordam beradi, — dedi rahbar toqati toq bo‘lib.
Valiy qaltiroq ovozda so‘z boshladi:
— Hotamdan uzr so‘rash uchun kelayotgandim.
— Qanaqa uzr? Janjal nimadan chiqqan o‘zi? Chaynalmasdan, birma-bir tushuntirsang-chi! — gapini bo‘ldi boshliq. — Boshiga nima bilan urding?
— Pulimni o‘g‘irladi, degan gumonda undan xafa bo‘ldim. Jahl ustida uyidan chiqib ketayotgandim, Hotam to‘xtatib qolmoqchi bo‘ldi, uni yo‘limdan yengilgina itarib yubordim. Eshikdan chiqayotib ortga o‘girilgandim — Hotam muvozanatini yo‘qotib, boshi bilan xontaxta qirrasiga urildi-da, polga yiqildi. Men bunga ahamiyat bermay chiqib ketdim...

* * *

Valiy ikki o‘t orasida qoldi. Bir xayoli «orqangga qayt» desa, boshqasi «qaytma» derdi. U turli xayollar bilan uyiga yetib keldi. Hayhotday xonaning huvillab yotganini ko‘rib yuragi ezildi, uyiga qo‘shilib ko‘ngli ham bo‘shab qolganini angladi.
Valiy uzoq vaqt ostonada merovsirab turdi. Shu alpozda bo‘lib o‘tgan voqealarni mulohaza chig‘irig‘idan o‘tkazdi. O‘ylab ko‘rsa, boshiga tushgan ko‘rgulik borki, bariga o‘zi, fe’l-xo‘yi sababchi ekan. Favqulodda miyasiga kelgan boshqa bir fikr esa uni tamoman dovdiratib qo‘ydi: kayf ustida shu kechayoq ichkilikka sarflab yubormasligi uchun uning bor pulini Hotam olib qo‘ygandir. Axir shunga o‘xshash voqea avval ham bir-ikki bo‘lgandi-ku!
 Valiyning peshonasini sovuq ter bosdi, behuda shubha-gumonlarini vaqtida quvib solmaganidan iztirobga tushdi. Do‘stini eshitib ko‘rishni o‘ziga ep bilmaganidan vijdoni qiynaldi.
U ortga qaytdi. Tanish uy oldida notanish kimsalar uymalashib yurardi. Bu manzarani ko‘rib-kuzatib, ko‘ngli allaqanday noxushlikni sezdi, shu dilgir his ta’sirida qadamini tezlatdi. Ammo har qancha urinmasin, yo‘li unmadi, madorsiz oyoqlari bir-biriga chalishib ketaverdi. Uni bu yerda Hotam emas, do‘stining o‘limi haqidagi mash’um xabar kutib turardi...
Jinoyatning xamirdan qil sug‘urgandek oson ochilishi xodimlarni xursand qilib yubordi. Yangi yil kirishiga esa, hali ancha vaqt bor edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.