OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Normurod Norqobilov. Sut sotuvchi bola (hikoya)

Bolakay tong-azonda sut to‘la bidonlarini ko‘tarib, mahalla adog‘idagi ko‘p qavatli uylar tomon yurarkan, odatdagidek, muallimasining darg‘azab aftini ko‘z oldiga keltirib, qadamini tezlatishga urindi. O‘ziga qolsa-ku, chopqillab ketardi-yu, biroq qo‘llaridagi og‘ir yuk bunga monelik qiladi. Boz ustiga, ming oshiqqani bilan sut tez sotilmaydi. Mijozlarga bog‘liq ish bu. U ovoziga zo‘r berib, eshikma-eshik yurarkan, horigan kezlari, to‘g‘ri kelgan zinaga cho‘kib, atigi bir zum tin olgisi kelardi. Ammo muallimaning zug‘umli nigohi bunga izn bermaydi: «Tag‘in kechikdingmi? Qachongacha davom etadi bu, a?!» 
Qachongacha davom etishini esa bolakayning o‘zi ham bilmaydi. Hovlisida ikki sigiri bor ekan, bu yumushi hali-veri tugamasligi aniq.
Bunday paytlari bolakay tinimsiz kavsh qaytaruvchi bu jonivorlarni yomon ko‘rib ketadi. Nega deganda, uning yumushi tongda sut sotish bilangina cheklanmaydi. Darsdan so‘ng aravachasini sudrab, bozorga chopishi, o‘zi kabi bolalar bilan talashib-tortishib, odamlarning ozuqabop nashxo‘rdlarini yig‘ishi, ariq bo‘ylaridan o‘t-o‘lan yulib qaytishi lozim. Yuho sigirlari esa to‘ydim demaydi, tinmay yumlashgani yumlashgan. Bolakayning esa boshqa tengqurlari qatori o‘ynagisi, daraxtlarga osilgisi, ko‘kka tikilib xayol surgisi, rasm chizib, sho‘xlik qilgisi keladi. Ammo mudom yemish talab qiladigan jonivorlar uning bu ko‘ngil xohishlariga erk bermaydi. Negaki, ochofat bu jonivorlar onasining ardog‘ida, otasining e’tiborida, bolakay botinib bir so‘z deyolmaydi. Ichdan yomon ko‘radi ularni. Nari borsa, mushtchalari bilan, zimdan do‘pposlaydi. Biroq uning zarbalari sigirlarga chivin chaqqanchalik ta’sir etmaydi.
Bolakayning bu ahvoli bilan muallimaning zig‘ircha ishi yo‘q. Doska yoniga turg‘azib qo‘yib, sinfdoshlari ko‘z o‘ngida tergagani tergagan. Bolakay, boshi xam, ko‘z ostidan muallimaning egnidagi bejirim libosiga, oyog‘idagi ingichka poshnali tuflisiga alohida e’tibor beradi. Ko‘hlik, lekin sovuqqina bu juvonni singlisi qo‘lidan qo‘ymay o‘ynaydigan qo‘g‘irchoqqa o‘xshatadi. Shunda birdan o‘zini ham qo‘g‘irchoq bo‘lgisi kelib ketadi. Maza-da, hech kim tergamaydi, tong azonlab kishilar eshigida sarg‘aymaydi, bozorda bolalar bilan yoqalashib yurmaydi, sutchi xotinlardan, ayniqsa, Oysha qoradan huda-behuda turtki yemaydi.
Oysha qorani eslasa, g‘azabdan titrab ketadi. Nega deganda, u bolakayning hududiga bezbetlarcha bostirib kirgan-da. Ilgari u narigi mahallada sut sotardi. Yaqindan beri bu tomonlarga ham suqiladigan bo‘lgan. Qanday bo‘lmasin, dahadan bolakayning izini quritsam deydi. Biroq bolakay ham anoyilardan emas, imkoni yetguncha unga qarshilik qiladi. Oqibat, ular o‘rtasida tez-tez janjal chiqib turadi.
Bolakay mehribon amakini o‘shanday janjallardan birida uchratdi. Jilmayganda ko‘zlari qisilib, ikki chekkasidagi mayda ajinlari quyosh nuridek har yon taraladigan amakini eslasa, ko‘ngli allanechuk oroyish topib, ich-ichidan yayrab ketadi. Muallimasi tergasa yoxud onasi shang‘illab, otasi koyisa, bolakay nuqul amakini o‘ylaydi. Ertaga borsam, hammasini aytib beraman, deydi. Ammo uchragan kezlari barini paqqos unutadi. Negaki, amakining xonadoni har qanday dilgirlikdan xoli, ichkarida qandaydir iliq nur suzib yurgandek tuyuladi. Yomoni, amaki uni hech vaqt uzoq tutib turmaydi. Idish tubidagi qolgan-qutgan sutni yelim tovoqqa ag‘dararkan, endi yugur, darsingga kechikma, deydi. Amaki uni darsga kechikishini istamaydi. Bolakay esa uning xonadonini hamisha hayron tark etadi: «Shuncha sutni nima qilarkin u?» Onasi bu haqdagi hikoyasiga e’tiborsiz, otasi esa beparvo qaraydi. O‘qib, nima, shahar olib berarmiding, deydimi-ey. Keyin mamnunlik bilan qo‘shib qo‘yadi: «Mana men, shofyor bo‘p, kam bo‘lmadim. Pul topishning yo‘lini topsang, hech qachon kam bo‘lmaysan. Sal bo‘y cho‘zgin, yana bir sigir oberaman».
Otasi bu gaplarni to‘rdagi televizorga tikilgan ko‘yi aytadi. Beg‘am, betashvish, loqayd bir tarzda so‘zlaydi. Ona esa ota gapini tugatar-tugatmas, birpasda foyda-ziyonni xomcho‘t qilib tashlaydi. Foyda-ziyon haqidagi gaplardan bolakay zerikadi. Og‘ilxonada yana bir tomdek sigirning paydo bo‘lishini o‘ylab, yuragi orqasiga tortib ketadi. Negaki, sut, sutga qo‘shilib adoqsiz tashvishlar ham ortadi-da. Shunda u onasini Oysha qoradek oriq bo‘lmaganidan o‘kinadi. Onasi oriq va chaqqon bo‘lganida, balki sutni o‘zi sotarmidi. Keyin u kattakon qornini osiltirib, yonboshlab yotgan otasiga umidvor tikiladi. Yo‘q, otasi ozadigan emas, ozmaydimi, demak, bidon ko‘tarib sut sotishga ham chiqmaydi.
So‘ng uning ko‘zlari xona bo‘ylab sarson kezadi. Uydagi buyumlarning joylanishi yoqmay, yuragi siqiladi. Javon to‘la chinni idishlar, ustida qandaydir qutilar. Devorni bo‘ylagan gilam tepasida ota-onasining yoshlikda yonma-yon tushgan suratlari. Suratda ular hozirgidek baqaloq emas, ko‘zlari ham boshqacha. Endi ular o‘zga bir odamlarga almashtirib qo‘yilgandek. Uydagi buyumlardek juda zerikarli.
 Amakining uyi esa bu xil buyumlardan xoli, qandaydir tarovatli. Burchakdagi ixcham javon kitoblarga liq to‘la. Javonga taqabroq qo‘yilgan divan suyanchig‘ida doimo orasiga ko‘zoynak qistirilgan qandaydir kitob yotgan bo‘ladi. Amaki uni hozirgina qo‘lidan qo‘yganligini bolakay ichdan his qiladi. Eshikdan chiqishi bilan qo‘liga olishiniyam biladi. Devorga esa o‘zini emas, qandaydir o‘quvchi bolalarning son-sanoqsiz suratlari tartib bilan osilgan. Bundan uning o‘qituvchi bo‘lganligi ayonlashadi. 
Bolakay har gal amakining ortidan to‘g‘ridagi oshxonaga o‘tarkan, chap yondagi ayni shu xonaga havasi kelib ketadi. Divanga cho‘kib, bir zum nafas rostlagisi, devordagi suratlarni maroq bilan tomosha qilgisi, keyin chiroyli terilgan kitoblarni varaqlab, rasmlarini tomosha qilgisi keladi. Azaldan u kitob sahifalariga chizilgan suratlarni tomosha qilishni yoqtiradi. Nazarida, bu suratlar uni boshqa bir olamga chorlayotgandek tuyulaveradi.
Zimmasiga sut sotishdek zerikarli vazifa yuklanmasdan burun darsliklardagi rasmlarga o‘xshatma chizishni yaxshi ko‘rardi. O‘xshatolsa o‘zida yo‘q quvonardi. Bora-bora uning o‘z quyoshi, oppoq parqu bulutlari, suyukli qahramoni — og‘zini katta ochib kulib turadigan bola, sero‘rkach tog‘lari paydo bo‘lgan va ularni qayta-qayta chizishdan hech erinmasdi. Ammo oppoq sut tashvishi bu shirin ermakka chek qo‘ydi. Otasining g‘oyat salmoqlab aytishiga ko‘ra, es-hushli bolaga bu xil ishlar yarashmasmish.
Uylarida sumkasidagi darsliklardan o‘zga kitob yo‘q. Oqshomlari uydagilarning tikilgani burchakdagi televizor. Allamahalda mudroq otaga birdan «jon» kiradi: «Joyimni sober, yomon charchabman bugun». Ona og‘ir gavdasini bazo‘r ko‘tarib, o‘rnidan qo‘zg‘alarkan, bolakayni eslab qoladi: «Yot, sahar turishing kerak!» Shu bilan kun adog‘iga yetadi.
Ertasi ham xuddi shu zaylda davom etadi.
Ana shunday kunlardan birida bolakay mehr va qahrga to‘la ovozni eshitadi.
— Bolani koyimang!
Oysha qoraning qarg‘ishlariga ko‘milib, yo‘lak chetida «bez» bo‘lib turgan bola, yoniga o‘girilib, g‘oyat orasta kiyingan amakini ko‘radi.
— Kap-katta xotin, uyalmaysizmi bolani qarg‘agani! — deydi u ayolga jiddiy tikilib, so‘ng bilagidagi soatga birrov ko‘z tashlab, yumshoq ohangda so‘raydi: ¬— Darsga kechikmadingmi, bolam?
Bolakay oyoqlari ostidagi bidonlarga ishora qiladi.
 — Sotishga ulgurmadim hali.
— Qancha qoldi?
— Ancha bor.
Amaki bir muddat o‘ylanib turarkan, so‘ng qat’iy deydi:
— Qani, men bilan yur-chi!
Bolakay Oysha qoraning yuragini kuydirib, unga ergashadi.
Amaki bidonlardagi sutni kattakon idishga ag‘dararkan, cho‘ntagidan pul chiqarayotib tayinlaydi:
— Bundan so‘ng suting qolsa, to‘g‘ri o‘zimga olib kelaver. 
Eringan yoxud tonggi salqin havodan junjikkan kezlari, bolakay sut bidonlarini ko‘tarib, to‘g‘ri uning uyiga bormoq istaydi. Ammo ichidan hamisha nimadir to‘sqinlik qiladi. Nimaligini bilolmasa-da, har holda bu ishi yaxshi emasligini anglaydi. Shuning uchun avvaliga boshqalarning eshigini qoqadi. Ko‘pincha bidonlari tez bo‘shab, amakinikiga o‘tishga hojat qolmaydi.
Shu keyingi to‘rt kun ichida bu hol ketma-ket sodir bo‘lib, u amakining uyiga o‘tolmadi. Bugun ham eshikma-eshik yurib, sut sotarkan, negadir amakini tez-tez eslayotganidan ajablandi. Kecha va o‘tgan kuni ham shunday bo‘lgandi. Buni shunchaki sog‘inchga yo‘yib, ortiq e’tibor bermagandi. Bu safar esa chidayolmadi. Idishi bo‘shashini kutib turmay, amakinikiga yo‘l oldi. Muallimaning zardali qiyofasi endi uni tashvishlantirmas, biladiki, amaki uzoq tutib turmay, idishlardagi sutni oxirigacha quyib oladi. Bahonada amakini ko‘rgani qoladi.
U chetdagi to‘rt qavatli g‘ishtin binoga yetdi. Yo‘laklardan biriga kirib, ikkinchi qavatga ko‘tarildi. Tanish eshik yonida to‘xtab, bir zumga nafas rostladi. So‘ng qo‘ng‘iroq tugmasini bosdi. Biroq hamisha tez ochiladigan eshik ortidan bu gal sado eshitilmadi. Bolakay qo‘ng‘iroq tugmasini qayta va qayta bosdi. Keyin mushtchalari bilan eshikni gursillatib urmoqqa tushdi.
Qo‘shni eshik qiya ochilib, sochlari to‘zg‘igan ayolning to‘ng basharasi ko‘rindi.
— Amak yo‘q, o‘lgan u, — dedi u eshikni kattaroq ochib, xalati yoqasini to‘g‘rilarkan. — Suting bo‘lsa, bir banka quyib ket! Ey, namuncha angrayasan?! Nima balo, ovsarmisan?
Taxtaday qotib qolgan bolakay ayolning javrashlarini eshitmadi. Ayol vaysay-vaysay o‘zi sut quyib oldi. Qo‘liga pul tutqazib, eshikni qarsillatib yopgandan so‘nggina bolakay o‘ziga keldi. Karaxt bir holatda zinalarni bir-bir bosib pastga tusha boshladi.
U tashqarida Oysha qoraga ro‘para bo‘ldi.
— Mehriboning yo‘q endi, — dedi Oysha qora istehzoli hiringlab. — Sendan olgan sutni qo‘shnilariga bepul tarqatardi. Eshikma-eshik chorig‘ingni sudrab yuraver endi!
Bolakayning madori yo‘lak chetidagi o‘rindiqqacha bazo‘r yetdi. Qaltiroq barmoqlari bilan shudring qo‘ngan taxtalarni paypaslab, asta cho‘karkan, yelkalari titrab yig‘lab yubordi.
Narida esa sut to‘la bidonlarni ko‘targancha Oysha qora ketib borardi.
— Moloko! Svejiy moloko!
Bolakay esa nimanidir anglab, nimanidir anglayolmay, yig‘ida davom etarkan, hech qayoqqa oshiqmas, negadir oshiqishni ham sira istamasdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.