OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nosirjon Jo‘rayev. Domla (hikoya)

Tut pishgan kezlar. Osmon oqarishi bilan besh-olti tuyoqni oldimga solib, dalaga haydayman. O‘t-o‘lanni nami qochmay yedirgan durust. Namiqqan moviy baxmaldek xira osmonga tikilib yotaman. Yotgan ko‘yi so‘nishga kechikkan yulduz qoldimikan deb qidiraman.
Quyosh ko‘tarilishiga hali biron soat bor. Shu payt haddan tashqari jimlikni tut shoxining shig‘illab sidirilishi, keyin “xah, to‘kilmagur” degan tovush buzdi. O‘sha tomonga qaradim. U kishi qishloqning eng ziyoli odami, umri o‘qituvchilik bilan o‘tgan Halim domla edi. U pishgan tutlarni bir kaft-bir kaft terib yerdi. Qaraganimni sezib, “Qalaysiz, o‘g‘lim?” dedi. Birovni “sen” demagan bu odamga jilmayib bosh irg‘adim. Orqamni shudring ivitib, o‘tirib oldim. So‘ng o‘ylana boshladim. “Kallai saharlab tut yeyish shartmidi? Et junjikib turganda muzday meva yoqarmikan?” 
Ammo Halim domla har bir tutni avaylab uzar, yirik-yiriklarini rosa tomosha qilib, keyin og‘ziga solardi. 
Chorak soatcha tut yedi, men esa uning xotini o‘tgandan keyingi o‘n yillik umrini, eng og‘iri, befarzandligini o‘yladim.
Fursat o‘tib, dog‘li ko‘ylagidan xijolat tortib yonimga cho‘kdi.
— Domla, yaxshimisiz?
— Shukr, o‘zingiz-chi, charchamadingizmi?
Ovozi ham beozor bu insonga tag‘in kulib javob berdim.
Domla ancha muddat tek o‘tirdi — gapirmadi ham, qimirlamadi ham. Ul-bul narsani so‘ray dedimu xayolini buzgim kelmadi. U qotma yelkalarini bir uchirdi-da, so‘ng gapirdi:
— Ilikuzildi paytda nafaqaning kechikkanini qarang, o‘lmagur.
Bu gap men uchun mayda ko‘rinayotgan holatni keskin kattalashtirib yubordi, ko‘p narsani ravshan qilib qo‘ydi. Domlaning horg‘in ko‘zi, salqigan qovoqlari, hiyol ochilgan og‘zi, xunuk burishgan qo‘llari — bari menga bitta tushuncha berdi. Domla och edi.
Ikkalamiz ham boshqa gapirmadik. Quyosh ko‘ringanda turib, ketdi. Shu kuni o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim, boshimga “to‘q-to‘q” etib nimadir urardi. Oriyati zo‘r bir odam tut yeb, jon saqlayapti.
Ertasi atayin belimga non tugib bordim. Ammo domladan darak bo‘lmadi. Uni kutib peshingacha qolib ketdim. Qaytishda eski mahalladan — uyining oldidan o‘tdim. Uy sukutda.
Kechga tomon onam gap topib keldi: “Halim domla yotib qolibdi”. Keyin mendan so‘radi: “Belbog‘dagi nonni yemabsan-ku?” Indamadim. O‘sha ko‘rishuvda menga chidamu sabrni o‘rgatib qo‘ygan bu odam ko‘z oldimdan ketmay qoldi.
Domla ikki kunda o‘tdi. Ma’rakadan kelgach, onam shunaqa dedi:
— Bechora yaxshi odam edi. Dardini topisholmapti. 
Negadir baqirib yubordim:
— Topisholmaydi ham!
Onam menga nima bo‘lganini tushunmasdi.

2003 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.