Hammasi shahardan qishloqqa borganimdan keyin boshlandi. Bilasizmi, men tabiatan mehnatkash odamman. Bir ishga bel bog‘ladimmi, tamom, oxiriga yetkazmagunimcha qo‘ymayman. Ishlayotganimda na yeyman, na ichaman. Ana shunaqa: ish desa, tomdan tashlaydiganlar xilidanman.
Adashmasam, o‘tgan yilning may oylari edi. Qishloqqa borsam, ikkita ukam oyog‘ini chayla qilib yotibdi. Salom-alik qilib o‘tirmadim.
— Bu nima ahvol?! — deya baqirib berdim hovliga kirishim bilan.
Ukalarim avval bir-biriga qarashdi. So‘ng o‘rinlaridan sapchib turib, men bilan ko‘rishmoq uchun oldimga yugurishdi.
— Men senlarga o‘xshagan tanballar bilan ko‘rishmayman! — dedim g‘o‘dayib. — Odamlar mehnat qilayapti. Yer timdalab, biron nima ekish taraddudida yuribdi. Senlar bo‘lsalaring... Senlarni... Ochig‘i, ukam deyishgayam uyaladi odam. Yotishlaringni qara... Yalqovlar, tebsa tebranmaslar!..
— Aka, hozir ayni peshin mahali, — dedi katta ukam bezovtalanib. — Hozirgina daladan keldik. Tushlik qilib olmoqchi edik.
— Tushlik qilib olmoqchi emish!.. Tushlik qilaman, deb atayin keldilaringmi uyga? Ertalab noningni boshingga tugib ketsang bo‘lmaydimi?! Dala boshida nonni suvga botirib yeb, qorinni to‘qlab ketaveradi-da. Har daqiqa g‘animat bo‘lsa. Bir kunni bekor o‘tkazsang, hosilning o‘n kuni kechikadi.
Bir paytlar otam menga shunday deb tanbeh berardi. Mana endi men ukalarimga uqtirayapman.
— Aka, shundog‘am sahardan beri tinganimiz yo‘q. Ozgina dam ham olish kerak-ku! Ish ekan deb, jonimizni jabborga beramizmi? — dedi kichik ukam.
Xuddi shu gaplarni men otamga aytgandim. Yosh edim, g‘o‘r edim. Hozirgiday mehnatsevar emasdim. Ammo bunaqa gapni boshqadan eshitsang, og‘ir botarkan.
— Qani, eski kiyimlarni opkelinglar, o‘zim sizlarga ishlash qanaqa bo‘lishini bir ko‘rsatib qo‘yay, — dedim g‘ayrat otiga minib.
— Aka, qo‘ying shu gaplarni... Oldin ko‘rishaylik. Bir piyola choy ichib, u yoq-bu yoqdan gaplashaylik. Shaharga bormaganimizgayam ancha bo‘ldi. Shaharda nima yangiliklar bor, aytib bering. Eshikdan kirar-kirmas...
— Sen bola ja mahmadona bo‘p ketibsan, — deb katta ukamga o‘dag‘ayladim. — Men senlar bilan kechqurun gaplashaman. Olib chiq eski kiyimlardan.
Ukalarim suvga tushgan mushukday bo‘lib qolishdi. Kattasi bir lahza jim turgach, kichigiga imladi. Keyin aytganimni bajo keltirishdi.
Shaharda jismoniy mehnat kam, shuning uchun ozgina to‘lishganman, shekilli, ilgari o‘zimga keng turadigan kiyimlar anchagina tor keldi. Lekin g‘ayratim jo‘shib turganligi bois bunga e’tibor ham qilmadim. Ketmonni yelkamga oldimu dalaga yo‘l oldim. Ukam to‘xtatdi.
— Aka, ja dalada ishlagingiz kelayotgan bo‘lsa, manavi bir chelak makka doniniyam olib keting. Yerni tekislab qo‘yganmiz. Don ivitilgan, boriboq ekaverasiz, — dedi.
— Hah, ishyoqmaslar, — deya uning qo‘lidagi chelakni yulqib oldim.
Don ivitilgani bois chelak xiyla og‘irroq ekan. Lekin bildirmadim, ukalarimga o‘zimni ko‘rsatib qo‘yishim kerak edi-da.
Ammo sa-a-l adashibman, qishloqdan chiqar-chiqmas, chelak simi qo‘limni qiyib yubordi. Yon-verimga, ortimga alanglab, chelakni chap qo‘limga oldim. Bitta-yarimtaning ko‘zi tushib qolsa, “Shaharda yuraverib, xomlab qopti”, degan isnodga qolmayin, dedim-da.
Yerimiz qishloqdan uzog‘i bilan yarim chaqirim narida. U yerlarda o‘ynab katta bo‘lganman. Shu bois ko‘zimni yumib, bemalol topib borishim mumkin.
Yo‘lda qishloqdoshlarimga duch kelaman. Kichigi salom beradi, kattasining izzatini joyiga qo‘yaman. Boyagina uyga kelayotganimni ko‘rganlar:
— Namuncha, hozirgina uyingga ketayotuvding-ku?! Yoki ukalaring: “Ishlamasang, uyga kirmaysan”, deyishdimi? — deya hazillashishadi.
— Yo‘g‘-ey, — deyman iljayib. — Dala ishini sog‘inibman. Shunga uyda o‘tirgim kelmadi.
Dalaga yetib borganimda tuzukkina hansirayotganimni sezib qoldim. Ilgari bitta aravani uncha-muncha joygacha sudrab borsam-da, charchoq nimaligini bilmasdim. Shahar meni anchagina noziklashtirib qo‘yibdi-da. Ammo charchaganimni ukalarimga sezdirmasligim kerak. Buning uchun, chelakni yerga qo‘yishim bilan ketmonni ishga solishim lozim. Shunday qildim ham.
Shomgacha astoydil ishladim. Keyin ketmon sho‘rlikka ham dam berib, qulochimni keng yozdim-da, chuqur nafas oldim. O‘ziyam havomisan, havo-da: sipqorganing sayin taning yayraydi, kuchingga-kuch qo‘shilib, dalada javlon urging keladi. Ammo chatoq tomoni: qorong‘i tushib qoldi-da...
Noiloj ishni to‘xtatdim.
Agar ichidagi doni yarimlagan chelakni yana uyga ko‘tarib ketsam, g‘irt ahmoqlik bo‘lar edi. Shu boisdan chuqurcha qazib, uni ko‘mib qo‘ydim.
Yuvinib, dasturxon boshiga o‘tirganimda, ukalarim hiringlashdi.
— Him-m, bormaganlaringga xursand bo‘layapsanlarmi? — dedim kesatib.
— Yo‘q, ungamas, aka, siz kelib, ishimiz ancha yengillashdi. Hovlida yumushlar ko‘payib qolgan edi. Bir yo‘la shularniyam tugatib olaylik, deb bormadik-da. Ko‘zingiz yumilib ketayapti, bu ahvolda ovqat ham yeya olmaysiz chog‘i, — dedi katta ukam og‘zining tanobi qochib.
U haq edi. Haqiqatan ham sillam qurigandi. Lekin meni bilasiz, bo‘sh keladiganlardan emasman. Darrov hujumga o‘tdim.
— Senlarga qo‘shimcha yer hayf, yaxshiyam ta’tilga chiqib kelibman. Makkani o‘zim ekib, o‘zim o‘stiraman, — dedim.
Undan keyin yana nimalar deganim esimda yo‘q, uxlab qolibman.
— Aka, joyingizni solib beraylikmi? — dedi ukam.
Unga javob qaytarishga-da holim yo‘q edi.
Ertasiga, indiniga... O‘n kun tinmay mehnat qildim. Ishonasizmi, ilk qadagan urug‘larim ko‘karib chiqdi. Hatto barglari so‘lib, suvga kelib qolganini sezdirishdi. Biroq hali-beri sug‘ora olmasdim. Chunki oxirgi ekilganlari hali yerning hidiniyam olib ulgurmagan edi-da. Shu gaplarimning o‘zidanoq yerga qanchalik mehr berib ishlaganimni sezgan bo‘lsangiz kerak. Axir to‘rt sotix yer ham uncha-munchamas-da, to‘g‘rimi? Agar mendan boshqa odam bo‘lganda bir oy ekardi. To‘g‘ri, yarim kunda chala-chulpa qilib sepib chiqishlariyam mumkin. Lekin unda... Bilsangiz, men har bitta urug‘ni qo‘limga olib, avaylab, artib, yuzimda tabassum bilan yerga qadadim. Mehr-muhabbat ko‘rsatdim. Shuning uchun makkajo‘xorilar ko‘zimni quvnatib, ko‘karib chiqdi.
— Ko‘rib qo‘yinglar, — deya g‘o‘daydim uyga borib. — Men ekkan makkalar bo‘y cho‘zdi. Halizamon tizzaga urdi.
— Aka, to‘rt sotix yerni o‘n kun ermak qildingiz, — deb kuldi shumtaka kichik ukam. — Shu, boshi ko‘karib, oxirgisi nima qilarini bilmay turgan bo‘lsa kerak.
— Sen akang bilan hazillashma. Nima bo‘lgandayam gap hosilda. Mening makkalarim shunaqangi hosil bersinki, hovlingga sig‘may ketsin.
Ukam jim bo‘ldi. Boshqa iloji ham yo‘q, menga gap topib bo‘larmidi?..
Kunlar ortidan kunlar, hafta ortidan hafta o‘tdi. Makkalarim haqiqatan ham ko‘kka bo‘y cho‘zdi. Ular bo‘yiga qarab saf tortgan askarlarga o‘xshardi. Boshidagilari tomga tenglashsa, adog‘idagilari tizzamdan kelardi. Lekin men qayg‘urmadim. Chunki gap uning so‘tasida. So‘tasi qancha katta bo‘lsa, doniyam shunga yarasha bo‘ladi.
Bir kuni saharmardonda, soat taxminan o‘nlardan o‘tganda dalamizga borsam, makkalarim orasida to‘rt-beshta buzoqni allaqachon dunyoga keltirib, yelinini sutga to‘ldirish uchun kelgan govmish yuribdi. Jon-ponim chiqib ketdi. Axir bu makkalarni odam qilgunimcha ozmuncha ter to‘kdimmi? Hattoki ishxonamdan qo‘shimcha yana bir oy ta’til ham oldim. Govmish bo‘lsa, shuncha zahmatimga tupurib, makkalarni bosib, yanchib, yeb yuribdi. Bunday ko‘rgilikka qanday chidaysan?!
Bir xayol uni haydab chiqib, obdan kaltaklamoqchi bo‘ldim-u, darrov shashtimdan tushdim. Sigir hayvon bo‘lsa, u nimani ham tushunardi? Yaxshisi, egasi kelsin, ana undan keyin gaplashaman.
Naq bir soat yer boshida u yoqdan-bu yoqqa borib-kelib yurdim. Oyoqlarim og‘rib ketdi. Lekin dam olmadim. Borib kelaverdim. O‘zimcha govmishning egasiga aytadigan bir-biridan achchiq gaplarni ham rejalashtirib qo‘ydim. Albatta, bu vaqt ichida sigir ham bo‘sh turgani yo‘q. U xuddi otasining paykalida yurganday, makka barglarining eng saralarini terib yer, poyasini esa yer bilan bitta qilib yanchayotgandi. Jonim halqumimga keldi. Biroq sabr-bardosh bilan chidadim. Nihoyat, sigirning befarosat egasi keldi. Bu paytda sigir makkaning yarmidan ko‘pini payhon qilib bo‘lgan edi.
— Hov! — deb baqirdim erinibgina kelayotgan odamga. — Anavi sigir senikimi?!
U men ko‘rsatgan tomonga qaradi. Govmishini tanidi.
— Senikimi?! — so‘radim qayta dag‘dag‘a bilan.
— Ha, lekin uzr...
— Qanaqa odamsan? Ertalabdan beri sigiring makka ichida yuribdi, hammasini payhon qilib tashladi! Bilasanmi, bu makkalarni odam qilgunimcha qancha mehnat qilganman? Odam ham shunchalik befarosat bo‘ladimi?! Ana kelar, deyman, yo‘q, mana kelar, deyman, yo‘q...
— Aka, — deb gapimni bo‘ldi u, — ertalab kelgan ekansiz, darrov haydab chiqarmaysizmi?
— Hoy, inson, haydab chiqarganimda, sigiring mening makkamga tushganiga ishonmasding-da!..
Govmishning egasi menga angraygancha qarab qoldi. Keyin hech narsaga aqli yetmay, yugurgancha makkapoya ichiga kirib ketdi...
Oradan bir-ikki kun o‘tdi. Qishloqda kim ko‘rsa, kulib, menga ishora qiladigan odat chiqarishdi. Keyin bilsam, “Falonchi makka kelayapti”, deb orqamdan kulisharkan. Alam qildi menga. Bor-ey, qishlog‘ingni yelkamning chuquri ko‘rsin dedim-da, boshimni olib, shaharga qaytib ketdim...