Doimo kayf bilan yuradigan odam bir kuni o'ziga kelsa, huvillagan qabristonda yotgan emish. "Ko'p ichib qo'yibman-da", -degan xayol bilan o'rnidan turibdi. Qarasa, sal nariroqda go'rkov go'r kavlayotgan ekan. "Kel , shuni bir qo'rqitay", -deb o'ylapti. Boshiga kiyimini niqob qilib, go'rkovning orqasidan borib: "Voh!" -depti. Go'rkov unga g'ayrilib qarab qo'yipti-da, indamay ishini davom ettiraveripti. Haligi odam go'rkovning oldiga o'tib, og'izlarini qiyshaytirib vajohat bilan baqiripti. Go'rkov yana parvo qilmay, yerni kavlayveripti. "Ha, bu kar va gung bo'lsa kerak" -deya hafsalasi pir bo'lgan odam uyiga qaytmoqchi ekan, darvozaning oldiga yetganida go'rkov yugurib kelib uning boshiga teshasi bilan bitta tushiripti. Bechora odam tesha zarbidan "shilq" etib yiqilipti. Go'rkov: "Qancha sho'xlik qilsang shu yerda qil, lekin chegaradan chiqma-da!" deb g'udranarmish...
Ilgari odamlar o'z tarjimai holida: "Xorijda qarindoshim yo'q", -deb yozardi. Hozir hammaning qarindoshi xorijda. Buxoro qushbegisining Dubayda mehmonxonasi bor ekan. Uning vorisi Qashqadaryodan topilipti. Lekin u o'ttiz yil yozilgan «Shohnoma»ga berilgan mukofotdan voz kechgan Firdavsiyday vorislikdan voz kechibdi. Chegarani biladi-da! Ilgari xufyona gaplar quloqqa aytilardi. "Ti chlen KPSS?" "Net, ya mozg KPSS!" -deya bir-birlariga ma'noli qarab kulishardi. Yaqinda bir gazetada "Amerika va amerikaliklar" degan maqolani o'qib qoldim. "Vse otvetstvennost za blagosostoyanie naroda vozlagaetsya rukovodstvu gosudarstva i eyo chlenam", -deb yozilgan ekan. Qarang, qanday oliyhimmatlilik. Lekin bittasi shuncha g'amxo'rliklarga qaramay, hukumat siyosatiga qarshi chiqqan ekan, bachchabozlikda ayblab, qamab qo'yishipti. Chegaradan chiqqan-da! Kuningni ko'rib yuravermaysanmi bachchag'ar, oyiga ikki ming dollar ishlab. Mana, biz Amerikaga bormasak ham xudoga shukur, hech kimdan kam joyimiz yo'q! Bir oshnamiz "Ijod yuqoridan keladigan ilohiy narsa, hammasi yolg'iz o'ziga ayon", -deydi. "To'g'ri, lekin mehnatni ham hisobga olish kerak-ku, mana Abdulla Qahhor o'z hikoyalarini 16 martagacha ko'chirgan", -desam, "Chegaradan chiqma!" -deydi.
Bir dehqonning qovunpolizidan har kuni handalaklar yo'qolaveripti. Dehqon o'g'rini ushlash uchun kechasi oq ko'ylak-ishton kiyib qovunpolizga yotib olibdi. Yarim tunda qarasa, o'g'ri yetilgan handalaklarni qopga solib to'ppa-to'g'ri dehqonning ro'parasidan kelayotgan emish. Dehqon oq ko'ylak-ishtonda osmondan tushgan arvohday o'g'rining ro'parasida paydo bo'libdi. O'g'ri tili kalimaga kelmay, duduqlanib:
- A-a-a-s-salomalaykum Xizir bova, -deb yuboribdi.
-Vag'laykum assalom bo'tam, yarim tunda birovning qovunpolizida nima yeb juribsan, -so'rabdi Xizir bova.
-Sizni bir ko'rsam, deb orzu qilib juribidim, xudo shu qovunpolizda ko'rishishg'a jo'llag'an-da! -depti o'g'ri hozirjavoblik bilan. -Bir duo qilinq Xizir bova, xudo ishimg'a baraka bersin!
-Mang'layingg'a berayinma, tanglayingg'a berayinma, -so'rabdi Xizir bova saxiyligi tutib ketib.
-Manglayimg'a bering, manglayimg'a, -depti o'g'ri shoshilib. Xizir bova gurzidek mushti bilan o'g'rining manglayiga tushirib, chappa qipti, keyin og'zidagi nosini tanglayiga tupuribdi. O'g'ri chegarani buzgan ekan-da!
Bir kuni maxsus idoraga chaqirib qolishdi. Bordim. Yuzi metall qiyofali boshliq meni rosa so'rab-surishtirdi, o'lib ketgan katta bobomning nechta xotini borligi ham qolmadi. Keyin: "Falonchini taniysizmi?" -deb so'radi. "Taniyman", -dedim. "Nima ish qiladi?" "She'r yozadi!" "She'rlarini tahlil qilib bersangiz." "Men nekrolog va epitafiyalar bo'yicha mutaxassisman, shunaqa narsalar bo'lsa, mayli!" -dedim. "Chegaradan chiqma!" -deyishdi.
Qatag'on davrida troyka nomi bilan odamlarni dahshatga solgan uch kishilik sudlov komissiyasi bo'lgan. Ular xohlagan odamini otib-qamab ketavergan. Nohaq qatag'on qilingan odamlarning nomini tiklayotgan bir professor Muxtor Komildan, "Meni taniyapsanmi?" deb so'rapti. "Yo'q, otangizni taniyman", -depti Muxtor unga baqrayib. Sababi, uning otasi troykada ko'plarning boshiga yetgan ekan. "Chegaradan chiqma!" -depti professor sekingina.
Sienti telekompaniyasining Jo'ja Alayhila'na degan prodyuseri bor, juda balo, bo'yi bir qarich, o'zi yurmonqoziqday, ushlagan joyini uzib oladi. Bir ikkita artistlarga prodyuserlik qilib, ularni ham xudorahmatli qilib yubordi. O'sha yurmonqoziq bir kuni yog'-moy kombinatiga ko'rsatuv tayyorlashga boripti. "Jo'ja aka, o'tgan oy kelgan edingiz, keyinroq kelsangiz", - deyishipti. Prodyuser "shunaqami?" deya shartta mikrofonni olib, korxona darvozasi oldidagi ko'lmakka oyoqyalang bo'lib tushib olipti. Rahbarlar bir amallab yalinib-yolvorib uni moshinasiga yog' ortib jo'natishibdi. "Matbuot erkinligi bor! - depti Jo'ja Alayhila'na keta turib. -Meni bo'g'olmaysanlar. Chegaradan chiqmalaring!"
Yahyo Tog'aning uyiga bir kuni nomongonlik kursdoshi yonida shopiri bilan mehmon bo'lib kelib qoldi. Piyola aylanayapti, gapdan-gap chiqib, boyagi shopir: "Shoir Jondosh Sa'dulla mening qaynatam bo'ladi", -dedi. Uni tanimasam ham odob yuzasidan hayrat va ehtirom bildirdim. Bu yog'ini Muxtor ilib ketdi. "Oling bo'lmasa, -dedi u piyolani ko'tarib, -kelajagingiz oldinda ekan. Iloyim oldingizdagini orqangizga yetkazsin!" "Rahmat-rahmat!" -dedi shopir to'lqinlanib. Bu gapni eshitib "Hiq" etdim-u, aroq tomoqning o'rtasida qolib ketdi. Na u yoqqa o'tadi, na bu yoqqa o'tadi zang'ar. Chegaradan chiqqandan keyin shunday bo'ladi-da!
Umr Chidam degan shoir bor. Hayotning barcha azoblariga chidab yurganligi tufayli dong'i butun dunyoga ketgan. Xalqaro inson huquqlari tashkilotining mustaqil eksperti Qahramon Sayido bir gal uning ijodiga, chidam va matonatiga yuksak baho berib: "Umrning chidami shundan iborat bo'lsa, umrdan kechdim", - degandi. Shu shoir nogiron bo'lsa ham kommunistik mafiyaga qarshi o'z noroziligini bildirish maqsadida bir hafta obkom binosining yonida ochlik e'lon qilib yotib oldi. Hech kim uni o'rnidan qo'zg'atolmadi. Oxiri e'tibor bermay qo'yishganidan keyin o'zi taxta-o'qlog'ini yig'ishtirib uyiga jo'nadi. "Ha", -deyishsa, "Endi sog'lar tursin, men xalqimga, ijodimga ketdim!" -depti. Umr Chidamning har bir she'ri atom quvvatiga ega bo'lganligidan undan bombadan qo'rqqanday qo'rqishadi. Qo'lyozmalari alanga olib, chegaradan chiqib ketmasligi uchun hatto yong'in xavfsizligi oyligi o'tkazishdi. Yaqinda bir xalqaro tashkilot uning nomzodini Nobel mukofotiga tavsiya qilipti.
Siz ham Nobel mukofotini orzu qilayapsizmi? Og'zingizni yuming! Eshitib qolishsa, xalqaro mafiyachilar sizni ham urib mayib qilishadi. Chegaradan chiqding, deyishadi. Nobel mukofoti yevropaliklar uchun, senga yo'l bo'lsin, deyishadi. Mayib qilishganidan keyin ha mayli, Nobel mukofotiga ochiritga turaqoling, deyishadi. Shuning uchun chegaradan chiqmagan ma'qul!