Insoniyat paydo bo'lganidan buyon o'z taqdiri, ertangi kuni qanday bo'lishini bilishga qiziqadi. Hayot qiyinchiliklariga chidam bilan bardosh beradi. Hammasi oldinda, deydi u ishonch bilan. Lekin oldinda nima borligi oldindan ayon bo'lsa, yashashning qizig'i qolmaydi. Shuning uchun bandasining taqdirini yaratganning o'zidan boshqa hech kim bilmaydi. Bir soat, bir kun, bir oy, bir yildan keyin nima bo'lishini yaratganning o'zi biladi. Buyuk mutasavvuf alloma Xo'ja Ubaydulloh Ahrori Vali bandalarni insofga chaqirib «Olayotgan har bir nafasingni so'nggi nafas deb bilgil», -deb bekorga ta'kidlamagan. Navbatdagi nafas senga nasib qiladimi-yo'qmi, bu yolg'iz Ollohga ayon. Payg'ambarimiz sahobalardan: «Umrning omonatligini qay darajada idrok qilasizlar», -deb so'raganida ular: «Ayo Payg'ambar, bomdod nomozini o'qiganimizda, asrga yetamizmi-yo'qmi, degan o'yda bo'lamiz», -deyishipti. «Idrokingiz juda yuzaki ekan, -depti shunda Payg'ambarimiz. -Men nomoz o'qiyotganimda o'ng yelkamga salom berib «Assalomualaykum rahmatulloh», -deganimda chap yelkamga salom berishga nafasim yetarmikan, -degan xayolda bo'laman...».
Odamlarning o'z taqdirini bilishga qattiq qizig'ishini dastlab mo'ltonilar payqashgan va rammolchilik biznesini boshlab yuborishgan. Shundan lo'lilar butun dunyoga tarqalib ketgan. To'g'ri, Nostradamus «falon yildan keyin siyosat maydoniga taqir boshida belgisi bor odam kelib, butun dunyoni ostin-ustun qilib yuboradi», -degan. Lo'lilar Nostradamus bilan faxrlanishib: «Bu odom eng katta bobomez bobokalonineng bobokalone bo'ladu», -deb uni o'zlariga yaqin tutishadi. Qizig'i shundaki, mo'ltonilarning qaysi dinga, qaysi tilga taassubligini hech kim bilmaydi. Ular qayerda yashasa, o'sha tilni, o'sha dinni o'zlashtirib, odamlarga fol ochib, cho'ntagini qoqishtiraveradi. Ikki muchalni urib olgan erkagi sog'olini Oysha xolaning patagiday qilib, gadoylik bilan xalqni talasa, urg'ochisi obdastada isiriq tutatib talaydi. Bolasi odam gavjum joylarda yarim tizzada ko'zini yumib, mikrofonni ham biru no'lga uradigan jarangdor ovozda Qur'on surasidan tilovat qilib pul yig'adi. Ana, sizga biznes! Soliq ham to'lashmaydi, zang'arlar! Uyga borib ko'rsangiz, og'zingiz ochilib qoladi-hokimdan yaxshi yashashadi. To'ylariga avvallari Faxriddin Umarovni olib kelishardi, endi yangi chiqayotgan manman degan hofizlarni olib keladigan bo'lishgan.
Bir sodda Damaschi yo'l chetida turgan ekan, isiriq tutatib yurgan lo'li ayol yoniga kelipti. «Manga hech narsang kerak emas, -depti u. -Lekin uch kundan keyin sanga keladigon xatar ko'zimga ko'rinde, shundan befarq o'tib ketolmado'm, istasang shuni daf qileb beraman». Damaschi yo'lda yurmaydimi, irimchiroq ekan, yomon gap eshitmay, deb undan qutulish uchun yuz so'm uzatibdi. Lo'li axmoqmi, shunday laqqa turganida tekinga ketadigan. U pulni olib nimalarnidir o'qipti, kuf-suf qipti, keyin ko'zini yumib, «Xudo yo'liga, piru arvohlar, aziz avliyolar yo'liga ming so'm chiqar», -depti. Damaschi ilon avragan qurbaqaday ming so'm chiqaribdi. Lo'li nimalarnidir o'qib-o'qib, «Ana, xatar daf bo'layapti, ming so'm chiqar», -depti. Yana ming so'm ketibdi. Bir payt lo'li seansini tugatib, ko'zini ochib, yuziga fotiha tortipti. «Ana ende xatardan xalos bo'ldeng, qo'lning nazrini ber», -depti. Damaschi 2100 so'm berdim-ku, desa, lo'li: «Bu insu jinslarni haydash uchun edi, endi qo'limneng nazrini ber», -deb yana 500 so'mni shilipti. Keyin ketar jafosida: «Yaxshi odam ekansan, qancha puling bo'lsa qog'ozga o'rab ushlab tur, unga ham dam solib qo'yaman, yurgan yo'lingda balo-qazolardan xoli bo'lasan», -depti. Bechoraning yaxshi odamlarga beraman, deb asrab qo'ygan o'ng ming so'm puli bor ekan, qog'ozga o'rab qo'lida ushlab turipti. Lo'li ayol allanimalarni o'qib, pulga dam solipti, keyin: «Endi bu pulne o'n oltita aziz-avliyolar yotgan joylarga tarqatasan, bo'lmasa o'lasan», -deb ketayotgan ekan, rangi o'chib ketgan Damaschi uni jon-jahdi bilan to'xtatib: «o'n oltita avliyoni qaydan topaman, bor-yo'g'i sakkizta avliyo yotgan joyni bilaman», -desa, lo'li: «Manga ishonsang, pulni ber, o'zim sane nomingdan tarqatib chiqaman», -deb, bolasini o'rtaga qo'yib qasam ichipti. Damaschi joni uzilganday bo'lib, qog'ozga o'ralgan o'n ming so'mni lo'liga berib yuboripti. Hozir endi yuripti o'sha o'n oltita aziz-avliyoning panohida bemalol kira ishlab. Lekin shundan buyon isiriq tutatib yurgan lo'lilarni ko'rib qolsa, rangi oqarib, qochadigan bo'lib qolgan.
Buyam mayli, hozir qirqni urib qo'yganidan keyin tushida oq libosli bobo va momolarini ko'rib, ulardan qo'l olgan folbinlar ko'paygan. Birovi boshiga ko'rpa yopib fol ko'radi, boshqasi qop-qorong'i xonada bashorat qiladi. Tagini surishtirib borsang, ularning ko'pchiligi tovari o'tib turgan paytda yo o'yinchi yo fohisha bo'lib chiqadi. Qaysiga borsang, taqdiringdan fol ochib, pulingni qurtdek sanab olganidan keyin tasalli berib: «Xafa bo'lmang, hali hammasi oldinda», -deb ko'ngilni ko'tarib qo'yadi. Dohiylarda ham ajabtovur folbinlik xislatlari bo'lgan. Ulardan bittasi «Kommunizm+butun mamlakatni elektrlashtirishdir», deganida hammasini oldindan ko'ra bilgan...
Boshqasi shu elektr chiroqining yolqinidan ilhomlanib, «80-yillarda kommunizmda yashaymiz, -deb yubordi. -Kommunizmda pul bo'lmaydi, hamma narsa tekin bo'ladi», -dedi. Yo qudratingdan, bu bashorat ham to'g'ri chiqdi. 80-yillarga borib, pul yo'qoldi-korxonalar oylik maosh bermay qo'ydi, pensionerlar nafaqa ololmay qoldi. Pul yo'qolgach, kommunizm uzil-kesil g'alaba qozondi. Faqat hamma narsa qimmatlashib ketdi, tekinidan bitta havo qoldi. Agar tadbirkorlar havoni sotishning ilojini topishganida, nafas olishni yig'ishtirib qo'ysa ham bo'ladi. Lekin bandasi tushkunlikka tushmaydi. «Hali hammasi oldinda, -deydi umid bilan. -Hammasi yaxshi bo'lib ketadi». Juda irimchiroq bo'lsa, lo'liga chopib boradi. Lo'li fol ochadi puliga qarab. «Bo'ldi boravur, balongde olay, -deydi pulni qarsillatib sanab olib. -Boshingdan falokatne daf qildem, ende hammase yaxshi bo'ladu, hammase oldunda!»
Shuncha yil yashab, «Hammasi oldinda» degan iboraning ma'nosini endi-endi tushunib yetdim. Nima uchun hamma bir-biriga shunday deb tasalli beradi? «Ana falonchi yuripti yallo qilib, yegani oldida, yemagani orqasida», -deyishadi biror biznesmen haqida gap ketsa. Shuning uchun taqdiringizdan fol ochirib ortiqcha sarf-xarajat qilib yurmang. Hali hammasi oldinda!