Hayotda bir toifa odamlar bo'ladi, ular kamsuqum, ko'zga tashlanmay yurishadi, ba'zan borliginiyam, yo'g'liginiyam sezmaysan. Ana shunday odamlarning farzandlari yulduzni benarvon uradigan chiqib qolsa, "o'-ho', kesakdan o't chiqibdi-da!" -deyishadi. Qishloqimizda yashaydigan Sharif bobo ana shunday insonlardan. Ikki farzandi uning tamoman aksi. O'zlarini o'tga-cho'qqa urishib, katta biznesmen bo'lib olishdi, hamma ularning oldiga keladi. Yilning to'rt faslida meva-sabzavot yig'ishib, Rossiyaga jo'natishadi. Uylarning oldida qator-qator "Alka" moshinalari turadi, ishchi yollab ishlatishadi, ota keksayib qolgan, uning yoniga kirib hol-ahvol so'rashga fursat yo'q. Kliyent kutib turmaydi-ku axir! Ana shunday yugur-yugurlardan birida Sharif bobo kasalxonaga tushib qoldi. "Ha endi keksalik-da, keksa odam mo'rt bo'lib qoladi", -deyishib, aka-uka e'tibor berishmadi. Axir "Alka" kutib turmaydi-da! Lekin bu safar "Alka"ni to'xtatib turishga to'g'ri keldi. Kasalxonadan shum xabar keldi: Sharif bobo omonatini topshiribdi.
Boboning hovlisi bir zumda to's-to'polon bo'lib ketdi. Odamlarga xabar qil, go'rkovni top, murdasho'yga odam yubor, tobutni opke, hamma chopgan, yig'lagan... Aka-uka zarbof to'nni kiyib, belbog'ni bog'lab, "voy otam"lab yig'lay-yig'lay "Mersedes" bilan kasalxonaga borishdi. Jasadni o'likxonaga olib o'tishgan ekan. O'likxona egasi murdani olib ketish uchun hujjat so'radi.
Aka cho'ntagidan yuz dollar chiqarib berdi. O'likxona egasi karaxtlanib bir pulga, bir ularga qaradi.
-Kam deyapsanmi, -uka cho'ntagidan yuz dollar chiqardi. -Ma, ochofat, otamni ko'rsat.
O'likxona egasi o'rab qo'yilgan ikkita jasadni ko'rsatdi. "Tanlab olaverlaring", -dedi
Aka-uka birinchi jasadning yuzini ochib qarashdi. Sog'ol-mo'ylovi joyida, uxlaganday yotipti.
-Aka, -so'radi uka. -Otam shumi?
-Bilmadim, -dedi aka jasadga uzoq tikilib. Unisini ko'raylik-chi?
Unisining yuzini ochib qarashdi. Bu ham keksa odam, sog'ol-mo'ylovli. Bir-biriga o'xshab ketadi.
-Mana shunisi bo'lsa kerak, -dedi aka. Keyin ukasidan so'radi: -Menga qara, oxirgi marta otamni qachon ko'rgansan?
-Eslolmayman, uch yillarcha bo'ldi-yov..., siz-chi?
-Men ham vaqtim bo'lmay...
Xullas o'likxona egasi yana yordamga keldi.
-Mana bunisini yaqinda olib kelishdi, -ko'rsatdi u jasadlardan birini.
Aka-uka jasadni "Mersedes"ga ortib uyga kelishdi. Tumonot odam yig'ilgan, o'likni "voy otam"lab murdasho'y yuvadigan xonaga o'tkazishdi. Aka-uka biznesmen emasmi, barcha tanish-bilishlar, oshna-og'aynilar kelgan, butun qishloq motam tutgan, yigirmata yollanma ishchilarning hammasiga chopon kiygizilib, belboq boylangan, ular tinimsiz "voy otam"lab ayuhannos solib, ichkariga kirib-chiqib turishibdi. Janozaga bir soat qolganida bilagi shimirilgan murdasho'y yig'layverib ko'zlari qizarib ketgan akani yoniga chaqirtirdi.
-Otangiz musulmonmidi, -dedi murdasho'y akaning qulog'iga shivirlab.
-Bu nima deganingiz, -dedi aka faryod qilib. -G'amguzorim otam, mehribonim otam musulmon bo'lmay kofir bo'larmidi? Pul yetmayotgan bo'lsa ayting, qancha bo'lsa ko'taraman, faqat hammasi rasamadida bo'lishi kerak, -o'g'il yonidan yana 200 dollar chiqarib murdasho'yga uzatdi.
-Gap pul haqida ketayotgani yo'q, -dedi murdasho'y sekingina. -Borib volidangizdan so'rab ko'ring-chi, otangiz musulmonmidi, yo...
Aka bir murdasho'yga, bir jasad yotgan xonaga qaradi, keyin ukani chaqirdi.
-Bor, onamni topib sekin so'rachi, otamiz musulmonmidi yo...
Uka akaga qaradi, o'likxonadagi voqeani esladi, shunday bo'lsa ham xotin-xalaj dod-voy qilayotgan joyga borib, onasini sekin chiqartirdi.
-Ena, yuvg'uvchi so'rayapti, otam musulmonmidi, yo...
Ona ro'molini labiga bosib, o'g'liga qaradi, keyin jasadni qayerdan olganliklarini so'radi.
-O'likxonada ikkita jasad bor ekan, qorovul ko'rsatganini olib kelaverdik...
-Bo'pti, gap-so'z qilmay buni ko'maveringlar-da, borib o'likxonadan otangning jasadini olib kelinglar, -dedi ona...
Xullas, o'sha kuni aka-uka biznesmenlar uyidan ikkita o'lik chiqdi. Birinchi o'likning janozasida uzundan-uzoq tantanali so'zlar aytildi, uzundan-uzoq suralar o'g'ildi. Yig'laverib ko'plarning yuzi shishib ketdi. Aka-uka ko'p dollarlarni sarflashdi. Lekin shu bilan birga: "Boshqa o'likni olib kelishgan ekan", -degan gap ham o'rmalab qoldi. Aka-uka o'likni ko'mib, hech kimga aytmasdan yana o'likxonaga borishdi. Qorovulga 200 dollar berib, ikkinchi jasadni olib ketmoqchi bo'lishganida o'likxona egasi shaytonlab, aqldan ozib qoldi.
Aka-ukalar "Voy otam"lab ikkinchi jasadni olib kelishganida, o'zlarini ularga yaqin olib, bel bog'lab turganlarning voqeadan xabari yo'q, besh-oltitasi hushidan ketib yig'ildi. Yigirmata bel bog'lab turgan yollanma azachilar chopon-poponni uloqtirishib, "o'liging boshingdan qolsin", -deya, yoqasiga tuflab, kalimasini qaytarib, qochib qolishdi. Murdasho'ydan otasining musulmonligini eshitgan aka-uka unga 200 dollar suyunchi berishdi. Keyin ko'p kuttirmasdan, dabdabasiz, mayitni bir zumda ko'mib kelishdi. Axir, "Alka" kutib turmaydi-da!