OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Kopir soliq (hajviya)

Hamma zamonda, hamma jamiyatda soliqlar katta rol o'ynagan. Uy solig'i, o'tin solig'i, tutun solig'i.., xullas, soliqlarning turi ko'p bo'lgan. So'fi Ollohyor hazratlari dastavval Kattaqo'rg'on muzofotida zakotchilik bilan shug'ullanganlar. Bir kuni Ollohni madh etib, zikr tushib kelayotgan darveshni ko'rgan So'fi Ollohyor janoblari: "Ey darvesh, Olloh ishqi qalbingda qay darajadadir", -deb  so'raganida u: "Banday mo'min ko'ngli foniy dunyo rohati bilan  kirlangan, mening botinim va zohirim Olloh ishqida, mana ko'r jon berish qanchalik osonligini, -depti-yu, bir puf deb omonatini egasiga topshiripti. Bundan qattiq ta'sirlangan So'fi Ollohyor "Vo darig'!" deb faryod  urganicha, barcha dunyo rohatlaridan etak silkib, darveshlikni ixtiyor qilgan ekan. Olloh ishqida ranj chekib, bora-bora Vaxshuvor degan joyda makon topib, ulug'lik maqomotiga yetgan ekan. Ba'zilar dunyo omonatiga uchib, Xudoni ham, davlatni ham unutadi. Xudoni unutgan iymonidan ayriladi, davlatni unutgan odam qamaladi.

Xorijda soliqlar nazorati juda kuchli. Fuqaro ham, prezident ham birday soliq to'laydi. Korxona xo'jayini ishchini ko'proq ishlatsa, katta  jarima to'laydi. Fuqaro ko'proq ishlab qo'ysa,  qo'shimcha soliq to'laydi. Hay, bularni qo'yib turaylik, bizda barcha aytilganlaridan tashqari butun dunyo afkor ommasi uchun o'ta maxfiy bo'lgan "kopir solig'i" bor. Bu ibora qachon paydo bo'lganligini hech kim bilmaydi, ammo uning ma'nosini hamma tushunadi. Ba'zi tadqiqotchilar buni "oq poshsho rus-yapon urushida aholidan mardikor yollaganida kopir solig'i to'lashgan", -deya izohlashadi. Nima bo'lganda ham bu bizda juda ommalashib ketdi. Ishdan uyga kelib, endi choy ichishni boshlashim bilan xotin  boshlaydi: "Dadasi, ko'chamizdagi hovuzni tozalash kerak ekan, yo ikki ming so'm berarkansiz, yo chiqib ishlarkansiz". Keyin o'g'lim keladi: "Dada, sinf xonamizni oqlashga bo'yoq olish kerak ekan, 2,5 ming so'm  berarkansiz". Bo'yoqqa pul oladigandan uyda to'rtta. Katta bir idorada boshliqman. Uch kishi ishlaydi.  Kelishim bilan telefon jiringlaydi. "Eshimov, ko'chani tozalashayotgan ekan, beshta odam jo'nating yoki besh ming jo'nating". "O'zi uch kishi ishlasak, beshta odamni qaydan topaman?" "Bu sizning problemangiz!"

Shu bilan savol-javob tugaydi. Birpas turib yana telefon jiringlaydi. "Eshimov, otpuskaga ketayapman, bir kelib keting". Bu  yuqori tashkilotning bizga mutassadi nazoratchisi. Uning "bir kelib keting", degani "besh ming olib kel", degani bo'ladi. Menga o'xshagan shu soha rahbarlari yettita. Oy kulsa ham, kun kulsa ham bizga. "Eshimov, bir haftaga  komissiya kelayotgan ekan, ziyofatning bir kuni sizning bo'yningizda". "Eshimov,  idorani reviziya bosdi, eson-omon qutulay desangiz, yuz ming  tayyorlab qo'ying". Bu yoqda oylikning  cho'g'i yo'q, So'fi Ollohyordek etak silkib ketay desam, ikkita diplom bilan ishsiz qolaman...

 Yil bo'yi kopir solig'idan boshim chiqmaydi. "G'o'zani qatqaloq bosib ketipti, zarbdor o'n  kunlikka chiqasiz!" Borib brigadirga o'n ming berib kelaman. "Eshimov, paxta plani to'lmayapti, o'n kun paxta terib berasiz". Tarozibonga o'nni qistirib qaytaman. Bu pullarni qayerdandir chiqarib olishim kerak-ku. Uch kishiga navbatma-navbat mukofot puli yozaman. "Buni nimaga? - so'raydi katta boshliq qo'l qo'yishdan oldin ko'zoynagini burnining uchiga uchiga qo'ndirib. -Qatqaloqqa. -Bunisi-chi? -Ko'cha supurishga. -Bu-chi? -Paxta terimiga". Katta boshliq tushunadigan odam, indamay qo'l qo'yib beradi. "Yaqinda tug'ilgan kunim bo'ladi, hammalaring ellik mingdan mukofotga ariza yozib ketinglar". -deydi keyin...

Ana shunday qilib kopir solig'iga chidab yuribmiz. Meniki haliyam holva ekan. Qatqaloq uchun brigadirga kopir solig'i berishga borayotganimda tanish kollej direktorini ko'rib qoldim. Oyog'ida etik, hamma yog'i go'ng. "Nima gap?" -deb so'rasam, "E, so'ramang, uyma-uy go'ng yig'ib dalaga chiqaryapmiz, menga o'n moshina buyurilgan. Bo'lmasa, falon pul berishim kerak ekan..." Buni ko'rib xudoga shukurlar qildim. Ha, besh-o'n ming nima degan gap, qo'lning kiri. Ishqilib, katta boshlig'imiz go'ng tashishga chiqarmasa bo'lgani, deb o'yladim ichimda. Tasavvur qiling, ikkita qizil diplom bilan qizil glastikda Eshimov dalada go'ng tashib yursa! Odamlar nima deydi? O'la, bu kuningdan, sandan ko'ra ana, to'rt sinfni bitirib, nosini urib yallo qilib yurgan Boqi birgad avlo, demaydimi? Shu xayollar bilan endi idoraga kirgan edim, telefon jiringladi. "Alyo, Eshimov,  katta boshliqning xonasini ta'mirlayapmiz, beshta odam yuboring, yo besh ming jo'nating!" Darrov xodimimga kopir solig'i berib, zipillatib jo'natib yubordim. Axir, obro' ham kerak-da!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.