Ilgari qishloqlarda to'ylarga uyma-uy xabar qilinmasdi. Doira ovozi chiqdimi, odamlar gurros-gurros bo'lib o'sha tomonga boraverishardi. Hozir hamma noziklashib ketgan. Qo'shninikida vadavang to'y bo'lsa ham, aytilmasa chiqmaydi. Ha, yur, qo'shnichilik, desang: "Mani aytmagan, neudobna",-deydi.
Bizning xalqday oshxo'r yo'q dunyoda. To'g'ri, guruch dastlab Yaponiyada yoki Koreyada paydo bo'lgan bo'lsa-bo'lgandir. Lekin oshning vatani bizning joy. Farzand tug'ilsa osh beradi, to'y qilsa, o'lik ko'msa ham osh beradi. Xatmi Qur'on qiladi, iftor qiladi, aqiqa, soch to'yi, muchal to'yi, xatna to'yi, qiz to'yi, charlar, kuyov oshi, gashtak, uch, yetti, yigirma, qirq, yil va hokazo. Bechora o'lik o'lganidan keyin ham bir yilgacha go'rida tinch yotmaydi. O'ligiyam bir qishloq odamni boqadi. Tirikligida qorni nonga to'ymay, qadr-qimmat topmay umrini bitta eski paltoda o'tkazgan bo'lsa ham, o'lganidan keyin ulug' insonga aylanadi, salkam avliyo bo'lib qoladi. Farzand yoqasini choki-giribon qilib "Voy G'amguzorim otam, mehribonim otam",-deb, hammaning yuragini ezivoradi, garchi o'zi otasi tirikligida undan xabar olib, uch-to'rt so'm berib, ko'nglini olishga vaqtini qizg'angan bo'lsa ham. "Suyangan toQimdan, ishongan qo'rQonimdan ayrildim ota, meni kimlarga tashlab ketdingiz ota!"-deydi devorga boshini to'q-to'q urib. Ota uni gala oshxo'rlarga tashlab ketgan bo'ladi. o'g'il yig'lay-yig'lay otaning uchiga qancha osh damlashni, qaysi kattakonlarni chaqirish kerakligini o'ylaydi, hisobini oladi. "Yuz kilo guruch damlasam etadimi?"-so'raydi qishloq mullasidan ko'ngli o'ksib. "Endi, bo'tam, musulmonchilikda bunday taomil yo'q, nomiga is chiqarib yuborsangiz, hisobga o'tadi",-deydi qishloq mullasi uning ko'ziga qarab. Farzand mullaning qo'liga boshqalarga sezdirmasdan nimanidir qistiradi, u haligi narsani piypalab ko'rib: "Ha, ja ko'nglingiz bo'lmasa, yarmini damlasangiz ham yetar, otangiz juda yuvosh, ko'ngli ochiq, tanish-bilishlari ko'p edi", deydi. Farzand mullaga yana nimadir qistiradi. Mulla qo'lidagi narsani paypaslab ko'rib, shoshilib qoladi: "Otangiz qadrdonim edi, u kishidan ko'p yaxshiliklar ko'rganman, mayli, ma'rakani rasamadi bilan o'tkazavering, bo'tam", deydi ko'zini ro'molcha bilan artib. Farzand qishning chillasida ma'rakaga uzumdan tortib anoru anjirgacha, Kubaning mangosi-yu arabning xurmosigacha, Gollandiyaning qulupnayigacha torttiradi. Mabodo o'sha paytda ota tirilib kelib, dasturxondagi noz-ne'matlarga ko'zi tushganida: "Shu xarajatlarni menga berganida yana ancha yil yashagan bo'lardim",-degan fikr albatta xayolidan o'tardi, yoki yuragi yorilib yana o'lardi. Bu paytda farzand Xasti Imomdan to'rtta ovozi chinqiroq mullavachchalarni olib kelib, mikrofonlarni o'rnatib, muqaddas kalomlardan o'qitayotgan bo'ladi. Oshxo'rlar lagandan bosh ko'tarmay, maqtashadi: "Ommo, oshi ham o'ziday shirin bo'pti boyaqishning, ol, tagida qolmasin, arvoyi shod bo'ladi. o'lsang, shunday martabang bo'lsa, o'lish ham sharaf",-deb orzumand ham bo'lishadi.
Ikki oshxo'r niyat qilib kallayi saharlab soat beshda sherigi bilan qo'shiq eshitilayotgan tomonga yurishibdi. U ko'chaga borishsa qo'shiq bu tomondan, bu ko'chaga borishsa u tomondan eshitilar emish. Oxiri horib-charchab, ko'p odam yig'ilib turgan joyga tavakkal qilib kirib borishsa, birovning qirqi bo'layotgan ekan. Ha, uyam osh, buyam osh-da, deb paqqos tushirishibdi.
Xalqimizda "Palov bo'lsa, Farmontepa nima yo'l" degani ibora bor. Gurros-gurros olomon kallai-saharlab osh yeyish uchun shaharning u chekkasidan bu chekkasiga, bu chekkasidan u chekkasiga uloqishadi. Birov to'yga, birov ma'rakaga borayapti. Faqat oshga! Bilgan, "Ha oshga borishayotgan ekan",-deydi, bilmagan "Qanday uyushqoq xalq ekan, kallai-saharlab demonstratsiyaga chiqishipti",-deydi. Saharlab ikki kishi uchrashib qolsa, birovi "Falonchi o'lipti, oshga boryapman",-desa, ikkinchisi "Falonchi to'y qilayotgan ekan, shunga yuraqoling",-deydi. Bir-birlariga mulozamat ham qilib qo'yishadi. o'sha paytda oldilaridan ko'mir tashish uchun ko'zini uqalab ketayotgan Rokfeller chiqib qolsa, uni ham Amerikadan mehmon kelib qopti, bir oshga olib boraylik, yuring-yuring, qilib oshga yetaklab ketishadi.
Qishloqlarda ham nahor osh odat bo'lgan. Odamlar ertalab soat to'qqizdan nahor oshga kela boshlashadi, buyog'i kechqurungacha davom etadi. Buni na nahor, na tushlik, na kechlik deb bo'ladi. Qishloqda to'y falon soatda ekan, deb qarab turishmaydi-da. Nahor osh ekan, deyishadi. Vaqti bo'lsa kelaveradi. Osh qoldimi yoki eshshakni buraymi? deydi. Keyin to'y egasi garang bo'lib chopgani-chopgan. Hoy o'tin qala, qozonni qo'y, guruchni sol, damga qo'y, deb hali u yoqqa, hali bu yoqqa chopadi. Yetti marta qozon osadi. Keyin holdan toyib, oxiri "Nahor osh qilmay o'l,- deydi o'ziga-o'zi. -Qishloqchasiga qilib, tinchgina hammani peshinga aytsang o'larmiding",- deb o'zini o'zi so'kadi.
Rahbarlar ham osh qiladigan bo'lib ketgan. Biror tadbir, yubiley bo'lsa "Osh qilinglar",- deydi. Mullani o'tqazib, qo'liga mikrofon tutqazadi. Mulla uzundan-uzun surani o'qiydi. Oshning xarajatni ko'tarishga shotirlar navbatda turishadi. Rahbar esa kamtarlik bilan odamlarning duosini olganidan keyin bug'alteriga: "Falon oshga falon so'm ketdi, deb yozib qo'y",-deydi. Ishbilarmonlikni qarang, ham yubiley o'tkazadi, ham pul cho'ntakda qoladi. Qandingni ur, shovvoz! Rahbar ishdan urilib ketganidan keyin bug'alter tilga kiradi: "Bu enag'ar o'sha paytda shunday-shunday va shunday qig'an",-deydi. Bu paytda o'sha rahbar boshqa amalga ko'tarilib, mazza qilib osh yeb yurgan bo'ladi.
Qani endi odamlar gurros-gurros bo'lib teatrga, kinoga borsa, madaniy dam olishlarga borsa. Falon joyga yangi kitob kelibdi, desa hamma oshiqib borsa. Falon gazeta yoki jurnalga obuna boshlanibdi, desa, chopa-chop bo'lsa. Shunday kunlar ham kelarmikan-a labbay, oshxo'r birodarlar?!