TSKda, ya’ni Markaziy kanalizatsiyalar vazirligida ishlab yurgan paytlarimda turkistonlik Ahmadjon aka degan xushchaqchaq inson bo’lardi. o’zi ozg’in, qo’llari ombirday, ko’rishib qolsa, qo’lni majaqlab qo’ya qolardi. Biz ikki kungacha qo’limizni ololmay yurardik. U esa bundan huzurlanib kulardi. Indamasligimiz sababi, Ahmadjon aka kanalizatsiyalarni kengaytirishda qilgan ixtiromiz uchun gonorar berardi. U hamisha «Ozman yo’ldan ozdiradi», -deb aytishni xush ko’rardi. «Ozman nima?» nima deb so’rasak, Ahmadjon aka: «Ozman-shaytonning urg’ochisi, peshanasining o’rtasida bitta ko’zi bo’ladi, qarasang bas, avray boshlaydi, es-hushingni olib qo’yadi», -derdi.
Bu gaplarga avvallari hazil aralash qaragan bo’lsam, endi ishonishga to’g’ri kelayapti. Hayotimizga g’arb tutumi, axloq tarzi ya’juj-ma’jujday telekanallar orqali bostirib kirdi. Parabolik, yana allanimabalo antennalar orqali odamlar 70 xil kanalni ko’rib yotibdi. Ularning oldida bizning kanalizatsiyalar hech gap bo’lmay qoldi. «O’v, otangni arvoyi, 70 xil kanalni ko’rguncha, o’zingning kanalingni eplashtirib ol, xumpar», -deydigan Toshpo’lat tajanglar yo’q. Ilgarilari kinolarga «16 yoshgacha bo’lganlar kiritilmaydi» deb yozib qo’yilardi. Hozirgi kinolarni katta yoshdagi kishilar ko’rishga uyaladi.
Biz hind kinolari ta’sirida ulg’aygan avlod hozirgi kinolarni hazm qilolmay garangmiz. Ayniqsa teleseriallarni aytmaysizmi? «Boylar ham yig’laydi» teleserialida ayollarning yubkasi tizzasidan yarim qarich yuqorida edi. «Esmeralda»da ushbu sho’ring qurg’ur tizzadan bir qarich ko’tarildi, «Gvadalupa» degan badbaxt serialda jonivor sharmandali joylargacha yupqalashib ketdi. Yana Gollandiya sigirlari nasliga o’xshagan xonimlar kindigiga tushadigan yelinlarini yarmisigacha yalang’ochlab yurishlarini aytmaysizmi? Agar yelini qoq belida joylashgan bo’lsa, yoqasini ataylab qornigacha Amir Olimxonning darvozasiday ochib qo’yadi. Nima bo’lsa ko’rishga odatlanib qolgan yoshu keksa bu seriallarni ko’rishga ishqiboz. «Obbo enog’ordi qizi-ey, -deydi 70 yoshli chol golland xonimining yelinini o’lib ketgan kampiriniki bilan chamalab. -Egasi zap boqqan ekanda-a?» Bu seriallarni ko’radigan ayollar o’sal, erkaklar xunasa bo’lib qoldi. «Bugun men oshga borolmayman, -deydi erkak. -Eng qiziq joyi bo’ladi, nima bilan tugaydi, shuni ko’rishim kerak». Har bir seriya avvalgilariga o’xshash o’pishish bilan boshlanib, xiyonat bilan tugaydi. Birovi ko’r, birovi cho’loq bo’ladi, birovining tomi ketadi, lekin o’pishishni kanda qilishmaydi. Ota-bola, kelin-nevara, barisi baqrayib tomosha qilib turaverishadi. Bu paytda burni sholg’omdek, ko’ziga lupadan ko’zoynak taqqan alloma tarjimon yangi serialni qo’ltiqlab yurgan bo’ladi. «Bunisi undan zo’r, -deydi u asta shivirlab prodyuserga. -Shuni o’tkazsang, falon foyizi senga...» Falon foyizini eshitgan prodyuser asarni qo’ltiqlab boshliqqa chopadi, uning tarbiyaviy ahamiyati haqida soatlab gapiradi. Xullas, qarabsizki, yangi serial ke-e-tdi! Reklamachilarning reklamalari ham shu yerda hoziru nozir. «Bayje choyi-siz istagan shu choy emasmi, tashqariga ko’p chiqib yurmaysiz», «Oyog’ingizning junini falon ustara silliq qiladi», «Senga qanday taglatta yoqadi? Menga uzunchog’i, yurishga o’ng’ay», «Denta layt, tishni yuvish payt!» Bolalar Deu Yunitelga ulangan to’tiqushday reklamalarga o’rganib qolishgan, hatto yodlab olishgan. «Hozir u reklama bo’ladi, endi bunisi», deb adashmay sanab turishadi. Ikki karra ikki nechchi bo’lishini bilishmaydi, lekin reklamalar sanog’ini so’rasangiz, darrov aytib berishadi. Bunday seriallar va reklamalar oldida «Ming bir kecha» ham ohorini yo’qotadi. Ahmadjon aka to’g’ri bashorat qilgan ekan «Ozman yo’ldan ozdiradi», -deb. Lekin bu gap teleseriallarni ko’raverib saviyasi gullagan ishqibozlarga taalluqli emas. Ular kerak bo’lsa, endi ana shu qurol bilan ozmanni ham yo’ldan ozdirishadi!