Qish oylar ichida eng beg'ubori, fasllar malikasi hisoblanadi. Hammayoq oppoq parqu libosga burkangan - musaffo havodan to'yib-to'yib nafas olasan. Xayriyatki, nafas olayotganing uchun pul to'lamaysan, bo'lmasa: "Toza havoni kamroq simir, nega buncha ko'p nafas olasan? Unda pulini to'la!"-degan dag'dag'alar boshlanardi. Bu yil qor ko'p kuttirmadi - surunkasiga ikki kun yoqqan qor tizza bo'yi bo'ldi. Ishxonaning yonida har doim uyulib yotadigan chiqindi oppoq qor bilan bezanib, go'zallik kashf etdi. Eng muhimi, immunitetimizni susaytirib yotgan G'uborlardan qor yoqqanda xalos bo'ldik.
Xudoga shukur, uyda miltillab turgan bo'lsa ham gaz bor. Noshukurlik bo'lmasin, ota-bobolarimiz gaz nimaligini bilmagan davrlarda o'tin-tappi yog'ib tirikchiligini qilgan-ku! Biz o'zimiz gazga, chiroqqa o'rganib, noziklashib qolganmiz. Endi isinishga na o'tin bor, na sandal bor, na qora chiroqqa kerosin bor...
Ertalab ishga borish uchun ko'chaga chiqdim. Qarasam, mendan boshqa hamma odam ko'chada. Biror bayram bo'layotgan bo'lsa kerak, deb ularga yaqin bordim. Yo'q, avtobus kutishayotgan ekan. Samko'chavtoning ahyon-ahyonda qatnab turgan avtobuslari aksiga olib bugun yo'q. Ammo xudoga shukur, Damaslar Qizillab qatnab turibdi. Tan olish kerak, o'zbek avtomobili o'zbek xalqiga katta xizmat qildi! Bo'lmasa bekatda qo'nishib o'tirardik uch-to'rt soatlab, Otayo'l qachon kelarkan, deb. Urinib-surinib bitta Damasdan joy egalladim. "Moshina Povorotgacha boradi",-dedi haydovchi qisqa qilib. Damasdan tushdim. Shu taxlit beshta moshinani o'tkazib, oltinchisiga o'tirdim. "Men oxirigacha boraman,-dedi haydovchi.- Lekin ikki yuz so'mdan berasizlar, yo'l yomon".
Shunga ham rahmat,-o'yladim o'zimcha.-Uch yuz so'm desa ham zaruriyati bo'lgan odam to'laydi-da! Albatta bu ham fojea emas. Qaysi ota-bobong avtobusda yoki Damasda yurganki, san yursang, galvars! ?orlar bir kun erib ketar, bu qiyinchiliklar unutilar. Va'da qilingan avtobuslar bir kun kelib qolar. Ammo bir narsani tushunmayman. Xususiy Damaslarni yiQishib, tenderlar o'tkazishdi. "Skif LTD", "Sabina I" singari o'nlab jarangdor nomdagi firmalar tuzishib turli yo'nalishlar bo'yicha "Damas"lar qatnovi yo'lga qo'yildi. Ularni boshqarish, nazorat qilish, ijtimoiy muhofaza qilish uchun "Samarqand transporti" degan mahobatli boshqarma tuzildi. Bu boshqarma maxsus qaror bilan xususiy Damaschilarga o'n km. masofagacha yuz so'm, undan oshiqcha masofaga 125 so'm deb kira haqi belgilab qo'ydi. "Ha, endi yaxshi bo'lsa kerak",-deb o'yladi hamma. Haqiqatdan yaxshi bo'ldi Damaschilarga. YonilQi sal taqchil bo'lgan edi, kira haqini 150 so'mga ko'tarib olishdi. Endi esa zo'rg'a yalinib-yolvorib, 200 so'm kira haqi to'lab, yo'lovchi ko'zlangan manzilga etib borishi mumkin. Ertaga bu narx 250 so'mga ko'tariladi...
-Men nima qilay,-deydi "Samarqand transporti" boshlig'i zorlanib.-Bular xususiy tadbirkor bo'lsa, ularga gap o'tkazib bo'lmasa...
-Ha, baraka topkur, unday bo'lsa, nega bu erda o'tiribsan quruq surrat bo'lib, tugataylik bu korxonani, firmalarni tarqatib yuboraylik. Xususiy tadbirkorlar ana, davlatga soliQini to'lab, kira ishlab yuraversin, shunda raqobat kuchayadi, raqobat bo'lgan joyda yo'lkira arzonlashadi,-desang u:
-Yo'q bo'lmaydi,-deydi.-Unda biz ularning huquqini poymol qilgan bo'lamiz, Damaschilar keyin bizni sudga beradi. Hozir xususiy tadbirkorlarga hamma yo'nalish bo'yicha faoliyat ko'rsatishga ruxsat berilgan.
-Xo'p, ruxsat berilgan, lekin xususiy tadbirkorlik byeboshlik degani emas-ku? Modomiki mazkur boshqarma ishlab turgan ekan, shu firmalar faoliyatini muvofiqlashtirib turishi kerak emasmi?-deydigan vallamatning o'zi yo'q. Firmalarning o'ynog'i rahbarchalari istagancha xurmacha qiliqlarini qilib yotishibdi. Doim u Damaschi boshqa Damaschiga o'z o'rnini 200 dollarga sotgan, "falonchi katta"ning odami falon yo'nalishda hujjatsiz ishlab yuripti, 52-yo'nalishda 80 kishi hujjatsiz Damas surib yuribdi, hech kim qaramaydi, degan gaplarni eshitasiz. Yana Damaschilarning yarmidan ko'pi yosh-yosh bolalar. Na yo'lovchi hayotining xavfsizligiga, na o'zining tajribasiga kafolat bor. Ana shu tufayli yo'l-ulov hodisalari chandon oshib, begunoh odamlar bevaqt hayotdan ko'z yummoqdalar.
-Biz avtobuslarga ega bo'lgan taqdirda ham Damaschilar bilan raqobat qilolmaymiz,- deydi "Samarqandyo'lovchitrans" boshlig'ining o'rinbosari.-Hamma Damasga minishni afzal ko'radi...
E, janob, avtobuslar bo'lsin qani, yo'lovchi qaysiga chiqarkan? Qolaversa, shahardagi taksopark, qancha avtobazalar huvillab yotipti, shularga avtobusning imkoni bo'lmasa Damaslardan olib qo'ying, hamma sharoit bor, davlat sektorida harakat qilsin, shunda yo'lovchilar qiynalmaydi. Kredit masalasini hukumat miqyosida hal qilish imkoniyatlari yo'q emas-ku? Qolaversa, o'shanda haydovchi davlat rejasini ham bajaradi, ham ishda tartib bo'ladi.
Ungacha esa rangimiz sarg'ayib, Damasda yurgan kirakash boyvachchaning yuziga mo'ltirab qarab, yalinib-yolvorib 200 so'mni uzatib, manzilga olib borib qo'yishni tavallo qilib so'raymiz. U esa ra'y qilsa xo'p deydi, ra'y qilmasa, yana 50 so'mdan to'langlar, deydi. To'g'ri-da, Damas uniki, xohlasa olib boradi, xohlamasa yo'q. Qolaversa, qaysi ota-bobong Damas minganki, san Damasda yurishni orzu qilasan? Yaxshisi, bepul nafas olayotganingga shukur qilsang-chi!
Qishning fayzi baribir o'zgacha bo'ladi, uning havosidan to'yib-to'yib nafas ol-da, quloqni orqaga tortib, oyoqni qo'lga olib Damasning orqasidan yugur, shunda isinib ham olasan, ham 200 so'm puling yoningga qoladi!