OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Tarix istehzosi (hajviya)

-Navbatdagi masalaga o'tamiz, -Stalin tamakidan sarg'ayib ketgan kalta, yo'g'on barmoqlari orasidagi trubkani huzur bilan tortdi. -Boshlagan ishimni davom ettirmadinglar. Faqat men Lenin vasiyatlariga sodiq qoldim... To'g'ri, keyingi paytda uning ham tomi ketib, o'rnini Trotskiyga bo'shatib bermoqchi edi,  revolyutsion intuitsiya bilan buni vaqtida sezib qoldim... Tarix shunday beshafqat. Ivan Grozniy, Petr 1, Nikolay poshsho ham vasiyat qilishga ulgurmagan. Men ham... Vera Davidova, siz saroy sirlaridan boshdan-oyoq ogoh edingiz, qanday tirik qoldingiz?

Poskrebishev o'rnidan turdi.

-Bunga men aybdorman, janob, e-e, o'rtoq Stalin...

-Ha-a, sen bilan ham to'shak qo'shkurashiga kirishganmi bu qanjiq?

-Men aytay, men aytay, -orqasiga prujina qistirib qo'yilganday sakrab turdi Beriya. -Vera Aleksandrovna birvarakayiga Ejov, Vishinskiy, Yagoda, Lakoba, Malenkov, Tuxachevskiy, Budyonniy, Poskryebishev, Xrushchevlarning ko'nglini olib yurgan.

-Bilaman. Shuning uchun partiya ko'ppaklarining ko'pini asfalasofilinga jo'natdim-da. Afsus, ba'zilariga ulgurolmay qoldim...

-Bu ham mayli, -yaltiroq ko'zoynagini ko'pchib ketgan yuziga yaqinroq taqab davom etdi Beriya. -Sizning porloq g'oyalaringizni davom ettirishga bel bog'laganimda xushomadgo'y Xrushchev meni aldab tuzoqqa tushirgani alam qiladi...

-Bu to'ng'iz menga ham xiyonat qildi. -Stalin jigarrang ko'zlarini jahl bilan Xrushchevga qadadi: -Nega hamma joydan haykallarimni olib tashlading?

-Siyosiy byuro shunday qaror qabul qildi Iosif Vissarionovich...

-O'zingni oqlama, bilaman kimligingni. Balchiqdan chiqqan qizil glastikli cho'chqasan. Aytmoqchi, internetga qara, Polshaning Sedlets shahrida senga haykal o'rnatishibdi, xuddi o'zingga o'xshaydi. Brejnevning nimasiga Novorossiyskda haykal qo'yganlariga hayronman. Uning o'ziga emas, qoshiga haykal qo'yib, yoniga oziq-ovqat programmasini tirkash kerak edi. Unda shundan boshqa hech narsa yo'q. Dohiylarga tirikligida haykal qo'yishadi. Sen bu an'anani buzding. Sendan o'rganib mana, Saddam Husaynning haykallarini qo'porib tashlashdi. -Stalin Gorbachevga o'girildi. -Bular mayli, Forosda yaxshi dam oldingmi?

-Dam olish qayoqda, mamlakatda yuzaga kelgan notinch ahvol haqida maqola yozayotgan edim.

-Hm, -Stalin zaharxandalik bilan kuldi. -«Chekkadagi odamning maslahatlari»nimi?

-Yo'g'-e, -dedi uyalinqirab Gorbachev. -Siyosiy byuro a'zolari mendan favqulodda holat e'lon qilishni talab etishdi. Ko'nmaganimdan keyin ular meni dam olishga jo'natib yuborib, GKCHP tuzishibdi. Kutilmagan shu voqea siz tiklagan imperiyani yerparchin qilib yubordi.

-Lenin-Stalin vasiyatlariga amal qilganingda imperiya barbod bo'lmas edi, qoqbosh. -Kobo o'tirganlarga qaradi. -Kimda qanday fikr bor?

-Men Gorbachevni tarix xatosi deb hisoblayman, -o'rnidan turdi GKCHPning g'oyaviy ilhomchisi, injener-quruvchidan bir dumalab siyosiy byuro a'zosi bo'lib olgan Sheynin. -Uning bosh kotib bo'lishidan oldin Reygan bilan uchrashuvi, Gromikoga qarindoshligi imperiyani avvalboshdan barbod qilishga qaratilgan edi. Shuning uchun biz GKCHP qilishga majbur bo'ldik.

-Nimaga noma'qulchilik qilishga qilib qo'yib, ishni oxirigacha yetkazmadinglar? Bitta juldirvoqini yo'qotish shunchalik qiyin bo'ldimi?

-Ro'y berishi mumkin bo'lgan voqealar Gorbachev tomonidan oldindan hisob-kitob qilinganligini qayoqdan bilibman? GKCHP e'lon qilishdan maqsad bosh kotibni almashtirish edi. Yelsinning odamlari buni davlat to'ntaruviga yo'yishib, Forosdan Gorbachevni olib kelishdi, tashabbusni qo'llariga olishdi. Gorbachevga shu kerak edi, suvdan qurug' chiqib ketdi. Bizlarga hech kim quloq solmay qo'ydi...

-Men imperiyani qutqarish yo'lini bilaman, -gapga aralashdi Beriya. -260 million aholining teng yarmini o'rmon kesishga yuborish kerak. Ham taxta arzon bo'ladi, ham tobutning tannarxi pismiriga tushadi. Mana bu sassiq takalarni esa, -Beriyaning ko'zoynagi sovuq yaltirab ketdi. U sandal daraxtidan qilingan hashamatli stol atrofida bujmayib o'tirgan revolyutsiya daholariga vahshat bilan qaradi, -tishlarini sug'urib, tirnoqlari ostiga nina qadab, har birini Kremlning qubbalariga oyog'idan osib chiqardim!

Beriyaning dag'dag'asidan zavqlanib ketgan proletariat otalari tishsiz og'izlarini ochib qih-qihlab kulishdi.

-Negadir o'zimni yomon his qilayapman, -Stalin junjikdi. -Hozir Xitoy bilan Janubiy Koreyada odam embrionlarini urchitishib, kasal a'zolarni yangisi bilan almashtirishayotgan ekan. Britaniyada shunday tadqiqot o'tkazishga ruxsat berishibdi. Lavrentiy sen shu bilan shug'ullan, Rim papasi Ioann Pavel bunga tish-tirnog'i bilan qarshi bo'lsa ham tana a'zolarimni almashtirishga to'g'ri keladi. -Keyin u Kalininga o'girildi: -Sen qarri ayg'ir, Afina Olimpiadasiga 130 ming prezervativ yetkazib berishda nima alog'ang bor? Yosh qizchalarga ilakishib sharmanda bo'lganing yetmaganiday, endi proletariat otalarini badnom qilmoqchimisan? -Stalin Vera Davidova Finlandiyadan olib kelgan trubkani burqsitib tutatdi. -Imperiyani parokanda qilgan bir to'da go'daklar bilan GKCHPni muhokama qilib o'tirishga vaqt yo'q. Bizni undan ulug'roq ishlar kutmoqda. Hammaga javob,  Verochka, sen qol, negadir oyoqlarim uvishib ketayapti uqalab qo'yasan...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.