OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurullo Oston. Yeyishib o’tiraylik (hajviya)

Mehmondorchilik odatlari har joyda har xil. Masalan, Xorazmda dasturxonga qo’yilgan nondan kimga kerak bo’lsa, o’zi ushatib olaveradi. Lekin har bir mehmonning qo’liga bittadan choynakda choy bilan piyola albatta beriladi.

 Qashqadaryoda «ongsizlar, jengsizlar», -deyishadi. Buxoroda «dasturxonga qarab o’tiringlar», Andijonda «non tishlang», Samarqandda «yeb-ichib o’tiringlar», deyishadi. Xullas, har joyning o’z mulozamati bor. Ba’zi joyda Hojiboy Tojiboy aytganiday «olishib, eyishib o’tiringlar», -deyishadi. Bizda ona og’aynilar jangchi. Ota og’aynilar esa aksincha. Ona og’aynilarnikida mehmondorchilik tez tugaydi, bo’lmasa, birining gapi ikkinchisinikiga to’g’ri kelmay, jang boshlanadi. Ota og’aynilar jimgina choyni xo’rillatib ichib, soatlab o’tiraveradi. «Xo’sh, sog’liqlar yaxshima?» so’raydi ota og’ayni. «Yaxshi», -deyman. Bir soatlardan keyin yana «o’zing yaxshima?» -deb so’raydi. «Yaxshi» deyman. Shu bilan mehmondorchilik tugaydi.

Jangchi xolam bor. Borsak, o’zini qo’yarga joy topolmaydi. Hamma narsani muhayyo qiladi. «Olinglar, eyishib o’tiringlar», -deb qistayveradi. Eyishishga hali vaqt bor, -desam, kuladi. Biz yeyishmaymiz, -deydi. Lekin baribir o’sha paytda hammaning ko’ngli nimadandir to’lmay turgan bo’ladi. Shunda tog’a jangchi ko’zi bilan yerni suzgancha menga qarab shaqshayadi.

–Hadeb kavshanaverasanmi, gapirib o’tir uyoq-buyoqdan! -Eyishish boshlanadi. Tog’a jangchi vaqtni boy bermay, shiddat bilan hujumga o’tadi.
–Ovqat ko’rganmisan o’zi, bunga yamlanmasang. Ota urug’’ingga tortgansan, og’zingdan gap kelmaydi hezalakka o’xshab. Miriqib janjallasholmaysan ham.
Otivolganman, aroq tilga kiradi:
-O’zing hezalaksan, bir xotinni eplolmay..., -bu yog’i barcha qurollar ishga tushadi, xullas, yeyishamiz. O’tirish o’tirishday bo’ladi-da, o’ziyam!

Hozir hamma joyda yeyishib o’tirish modaga aylangan. Yeyishib o’tirishmasa, zerikish boshlanadi, hayotning qizig’i qolmaydi. Shuning uchun er-xotin bilan yeyishadi, boshliq o’rinbosari, it-mushuk bilan... Biror joyda boshliq almashsa, avval o’rinbosarlarini yeb chiqadi. Yemagunicha ko’ngli joyiga tushmaydi. Ziyolilar o’rtasida yeyishishning oliy, nazokatli ko’rinishi mujassam. Ular ming yillik qadrdonlarday bir-birlari bilan o’pishib, quchoqlashib ko’rishishadi, mulozimat, takallufni joyiga qo’yishadi. Keyin pistirmadan turib bir-birlari bilan yeyishishadi, biri ikkinchisini quritmaguncha ana shu yog’imli mashg’ulotini davom ettiraveradi. Yeyishib o’tirish aslida tabiatda bor narsa. Ona asalarining buyrug’i bilan erkak asalarilar o’ldiriladi, o’rgimchakning bolalari tug’ilib, onasini xo’rak qiladi, urg’ochi chayon urug’langanidan keyin erkagini yeydi...

Xalqaro maydonda ham ahvol bundan o’ng emas. Tarixga qarasak, barcha qarindosh-urug’lar saroy fitnalarining qurboni bo’lgan. Frantsiya qirolining o’g’lini go’dakligida almashtirib keyin o’ldirib yuborishgan, Kleopatrani deb do’stlar bir-biriga tajovuz qilgan, poshshoning o’g’li taxt uchun padarkushlik qilgan... Lenin Nikolayni yegan bo’lsa, Stalin Leninni, Xrushchev Stalinni, Brejnev Xrushchevni yegan va hokazo. Biri ikkinchisini sotgan, unisi bunisini otgan. Dunyodagi barcha yeyishishlar Odam Ato bilan Momo Havo jannatdagi ta’qiqlangan mevalardan tanovul qilishidan boshlangan. Shundan buyon odam hayotiga shayton aralashib keladi, iymoni sust bo’lsa bo’ldi, shayton uning aqli hushini oladi. U yoqda Ibrohim Xaliullohning Bibi Hojar va Bibi Soradan tug’ilgan og’aynilari bir-biri bilan olishib yotibdi, bu yoqda quriyaliklar ikkiga bo’linib, qo’shilisholmayapti, boshqa yoqda turkiylar urug’ ajratish bilan ovvora. Bularning hammasiga Amerika aybdor. O’ylamay-netmay butun boshli imperiyani yemirishga yemirib qo’yib, ulardan qanday qochib qutulishni bilmay goh u yoqqa, goh bu yoqqa o’zini tashlab janjal qilib yotibdi. Endi hamma Amerikaga qarab intiladi, Amerika esa uzoq. Shuning uchun bu sehrli diyorga yetolmaganlar taqdirga tan berib, o’zlari yashagan joylarida yeyishaveradi. Chunki yeyishib o’tirish otameros-da!

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.