OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nurulloh Muhammad Raufxon. Kunlardan bir kun (hikoya)

Katta qora pashsha tinimsiz g‘ing‘illab deraza oynalariga o‘zini uradi, xona torlik qilayotgandek, yorug‘ dunyoga chiqib ketmoqchi bo‘ladi, toqatsiz g‘ing‘illaydi, qanotlarini vizillatib yana oynaga yopishadi, yana g‘ing‘illaydi…
Deraza tagida yotgan usta Sobitali tush ko‘rardi. Tushida bundan ellik yillar chamasi naridagi – yigirma besh yoshlik davrlari. Egnida oppoq surpdan yaktak-ishton, oyog‘i yalang, qandaydir mahobatli bog‘da tanho o‘zi sayr aylab yurgan emish. Oyoq ostlarida tuproq emas, ko‘ngillarni yashnatguvchi xushbo‘y, badanlarni yayratguvchi mayin maysalar. Bog‘ning na boshi bor, na adog‘i… U to‘xtab, hadeb tepasiga qararmish: ajabo, osmon ko‘rinmaydi, osmon yo‘q, osmon o‘rnida biri ikkinchisiga chirmashib ketgan tarvaqay shoxlar! Bir daraxtning o‘zida besh-olti xil meva pishib, sharbatlari oqib yotibdi. «Bunaqa bog‘ yetti uxlab tushimga kirmagan. Yo… jannatga tushib qoldimmi?! Nahot men… – Yuragi hapriqib, hayajondan o‘zini yo‘qotib qo‘yayozibdi, lekin bunga qandoq ishonsin! – Jannat, axir, u dunyoda-ku! Yoki men o‘ldimmikan? Qachon?!»
Yo‘g‘-e, tush ko‘rayotgan bo‘lsam kerak, dermish tushida.
Birdan hammayoqni g‘ing‘illagan tovushlar bosib ketibdi. Usta hayron: qaysi go‘rdan paydo bo‘laqoldi bu uying kuygurlar? Boshi nega g‘uvillayapti? Pashshami? Darvoqe, pashsha uning boshida nima qiladi? Yo tavba, miyasini kemirishyaptimi? Ha, ha, pashshalar ustaning boshi ichiga kirib olib, nimanidir talashib-tortishib yeyishar, o‘zlari ko‘rinmas, lekin tinmay g‘ing‘illashar emish. Ana xolos! Yesa-ku mayli, g‘ing‘illashiga balo bormi, dermish Sobitali. Va tasavvur qilganmishki, boshi bosh emas, yumaloq bir xum: ichi to‘la yemak edi, yeb bitirildi; ochofat pashshalar galasi g‘ing‘illayverdi, yalang-taqir xumning ichi jaranglayverdi, jaranglayverdi. G‘i-i-ing… g‘i-i-ing… Bu mudhish tovush asab-ku asab, tog‘ni ham yemirib yuborar! «E Xudo, jannatga olganing nimayu bunday azobga qo‘yganing nima, menga bundan do‘zax durust emasmidi? Halol o‘tkazgan umrimga siylovingmi bu? Mehnatimga mukofotingmi? Qo‘y-e!» G‘i-i-ing… g‘i-i-ing…
Usta Sobitali cho‘chib uyg‘ondi. Vujudi karaxt. Haligilar tushida edimi yoki endi tush ko‘ra boshladimi – bilolmadi.
Pashshalar hanuz g‘ing‘illashar, ustaning asabini qaqshatishar edi.
Bir vaqtga borib usta hushiga keldi: shipni ko‘rdi, fikri tiniqlashdi. Qayerda yotganini esladi. Uyg‘onishi barobar tanasidagi eski, lanj og‘riq ham uyg‘ongan edi, zo‘raya boshladi. Usta kuchandi: apti burishdi. Shu palla… g‘ing‘illagan tovush asli qayerdan kelayotgannni bilib qoldi, bildiyu xafsalasi pir bo‘ldi. Entikib-entikib, hozirgina ko‘rgan tushini qo‘msadi. Mayli, pashshalar g‘ing‘illashsin, miyasini, mayli, talayverishsin, ammo-lekin qanday shirin damlar edi u! Jannat, jannat-a! Uch oydan buyon o‘lim to‘shagida yotganini ham, quruq jasad tanasiga o‘rnashib qolgan zeriktirarli lanj bir og‘riqni ham, qo‘yingki, uch oylik ruhiy azob dahshatlarini bir zum bo‘lsin-da unutgan edi, axir! Tushi nega qisqa bo‘ldi? Uyqisidayoq o‘lib qo‘yaqolgani tuzuk emasmidi?! Tinchgina…
Usta nursiz ko‘zlarini shiftga tikkanicha, tovushsiz, ko‘z-yoshsiz, yuzida o‘lik ifoda qotib, yig‘ladi. Uch kam saksonga kirgan bu chol tiriklikni emas, o‘limni sog‘inib yig‘lardi…
Katta qora pashsha esa, hamon asabiy g‘ing‘illaydi, qanotlarini vizillatib o‘zini oynaga uradi, yana g‘ing‘illaydi…
«Dunyoda bironta bo‘lsin imonli banda yo‘qmikin, shu Xudo olgur pashshani derazaning yonidan haydab yuborsa!» deb o‘ylaydi usta.
Qisqasi, bular hammasi kechagi gaplar. Kecha yana ko‘p gap bo‘lib o‘tdi: chol tinimsiz alahsiradi, o‘g‘illarini chorladi, qizlarini chorladi, kampirini yonidan bir qarich ham jildirmadi. Yuzida, ko‘zlarida o‘lim sharpasi yaqqol belgi ko‘rsatdi. Tamom! Kampir beixtiyor qishloq dasturxonchisinikiga chopdi, cho‘lda dehqonchilik qilayotgan to‘ng‘ichiga zudlik bilan odam yubortirdi, xullas, bo‘lajak hodisaga zimdan tayyorgarlik ko‘ra boshladi.
Lekin… Lekin usta Sobitali kecha o‘lmadi, tunda bir-ikki bezovta bo‘ldiyu shu bilan uyquga tindi. Bugun esa, tong otar-otmas ko‘zini ochib, hatto o‘zi ham hayratga tushdi. Hayratga tushmay iloj ham yo‘q edi: axir, tuzaldimi bir kechada, nima balo! Vujudi bu qadar yengil, og‘riq qani? Go‘yo yer yuzini duv bosgan sel, bilmaymiz ne sabab bilan bir kechada aridi-qo‘ydi. Aqli-hushi joyida, so‘ligan tomirlarida qaytadan qaynoq qon izg‘iy boshlagan…
«Qudratingdan o‘rgilay-da, Egam!»
Chol xotirjam yotgan ko‘yi oyoqlarini qimirlatib ko‘rdi: durust! Yopinchiq ostidan qo‘llarini avaylab sug‘urdi-da, burishgan-tirishgan yuzini siypaladi: durust! Yotaverganidan qotib ketgan ko‘rpaga tirsagini tirab, qad rostlashga urinib ko‘rdi; haqiqatda darmonga kiribdimi yo benihoya oriqlab ketganidan jussasidan tosh qochganmi, hartugul bu maqsadiga ham osongina erishdi: durust! Mana shu holicha – baland yostiqqa suyanganu yarim yotgan-yarim turgan ko‘yi tong ottirdi.
Uyning qaysidir burchida kaltakesak chirqilladi, poygakda yotgan kampir qimirladi. Asta o‘ng yelkasiga ag‘darilib, g‘ayri shuuriy tarzda nimalardir deb shivirlay boshladi, so‘ng inqillab-sinqillab o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
Kampirining uzil-kesil uyg‘onganini sezgan usta chiyildoq ovoz bilan:
– Kunlar halitdan isib ketibdimi? – dedi. 
Kampir indamadi, ammo choliga ko‘zi tushib qo‘rqib ketdi: usta deraza tarafga tikilgancha o‘tirar edi.
– Uyning shuvog‘ini qo‘ldan chiqarib qo‘ymasak bo‘lmaydi, – dedi u kampirini tag‘in hayratga solib, – kaltakesak bosib ketibdi.
Kampir chiroqni yoqdi, qo‘rqa-pisa yana choli tarafga qaradi. «Ey Xudovandi karim, bechorani muncha qiynaysan? Oladiganingni olib qo‘yaqolmaysanmi, axir…» deya ming‘irlab dahlizga chiqdi. Uning sharpasidan dahlizda sergak yotgan ikkita qizi sapchib turib ketishdi. Ulardan biri o‘ttiz, ikkinchisi o‘ttiz besh yoshlar chamasida edi.
– Otam qalay? – deb so‘radi yoshrog‘i uyqu aralash, tashvishlanib.
– O‘zi asrasin, – dedi kampir siniq bir tovushda. – Ertalabdan alahsirashi boshlandi.
– Uf-f…
Ammo usta sog‘ayib ketgan edi.
Darmon bo‘lsin, deb nonushtaga atala qilib berishdi. Chol, ishtahasi ochilib, anchadan beri birinchi marta to‘yib ovqatlandi. Sarg‘imtil, zahil yuziga andak bo‘lsa-da rang kirdi. Biroq, hadeganda gap gapga qovushavermadi. Kampir kechagi xatti-harakatlaridan nomus qilib, ustaning ko‘ziga tik qarayolmay o‘tirar, o‘g‘il-qizlari ham miq etishmas, aftidan, ana ketdi-mana ketdi bo‘lib yotgan cholning kutilmaganda sog‘ayib qolgani hammani dovdiratib qo‘ygan edi. Faqat, cholning atalani xo‘rillatib ichishigina o‘rtadagi jimlikni buzib turardi. Atalaning ketidan choyxo‘rlik boshlandi. Yana jimlik. Go‘yo og‘iz ochsa, ko‘nglidan kechgani ochilib qoladigandek, hamma sarosimada. Axiyri, chol chidamadi, jig‘iybiyroni chiqdi:
– Talqon yutganmisan baring? Yo azaga kelganmisan bu yerga?! – deya chiyillab berdi.
Ustaning bu dag‘dag‘asi buloq ko‘zini bosib qolgan toshni ilkis surib tashlagan edi: dasturxon tevaragidagilar birdan tilga kirdi. Kampir sigirining bugun har kungidan dadilroq sut berganini aytdi.
– Lekin qimir-qimir qilaverib jonimga tegdi, – deb qo‘shib qo‘ydi u. – Paqir endi to‘lganida turtib yuborsa bo‘ladimi…
Katta qiz, aksincha, sigiri tug‘mayotganidan nolidi.
– Bolalarim sut-qatiqqa to‘ymaganigayam ancha bo‘ldi, – deya afsuslandi.
– Qisir qolgandir-da, – dedi kampir bilag‘onlardek. – Bir yil uvol ketadi endi.
Usta bosh qimirlatib, kampirining gapini ma’qulladi, so‘ng piyolani dasturxon ustiga qo‘yarkan:
– Eringga ayt, sotvorsin, – dedi. – Sotib, puliga yoshrog‘idan bo‘lsayam, tug‘adiganidan olsin. Qisir siyirni boqding nimayu yem-xashagingga o‘t qo‘yib yubording nima?
Shu bilan sigir to‘g‘risidagi gap tugab, suhbat mavzui dalaga ko‘chdi. Kenja o‘g‘il Abduvohid shunday dolzarb paytda taraktirining buzilib yotganiga ichi achib, vaqtida ehtiyot qismlar topib berolmayotgan injenerning go‘riga rosa g‘isht qaladi.
Usta o‘g‘lining qiziqqonligiga bir oz mahliyo boqib turdi-da, so‘radi:
– Chigit tushdimi yerga?
– Ekib bo‘lganmiz-u, dashtdagi yerlar shundog‘icha turibdi-da haliyam.
Chol afsus degandek bosh chayqadi.
– Asli, birgadiring odammas! Hov birda unga aytganidim, dashtgayam, oqtuproqqayam, ikki-uch yil boshqa ekin ekib tur, sinalmagan yerga chigit qadab obro‘ orttirmaysan, devdim, bilganidan qolmadi.
– U qartalar bari bir hisobga kirmaydi, ota. Hosili eski pilon bo‘yicha ketaveradi.
Usta qarshisida go‘yo o‘g‘li emas, maslahatini nazarga ilmagan o‘sha birgadir o‘tirganday, yomon o‘qraydi.
– «Ketaveradi» emish, qilayotgan mehnating-chi uyam hisobga o‘tmaydimi? Qancha urug‘lik xayf, qancha odamni sarson, olgani – bir hovuch narsa! He nodon, nodon-a.
Shu tariqa nonushta tugadi. Chol qizlariga javob berib yubordi.
– Boraveringlar endi, – dedi u. – Dalangga chiq, mol-holingga qara, men tuzukdayman, xavotir olmay ketaveringlar.
O‘zi esa, keng, qora las to‘niga o‘ranib, tashqari chiqdi. Hech kimning yordamisiz, qo‘llovisiz, hassaga tayangancha, o‘zi chiqdi. Eshik tagidagi supachada uzoq turib qoldi. Yorug‘dan ko‘zlari qamashdi. Keyin hovlisini tomosha qildi, sog‘ingan ekan, ko‘ngli allanechuk taskin topdi. Hammasi joy-joyida turibdi-ya! Ana, Abduvohidning taraktiri, oldin qayerda bo‘lsa, haliyam o‘sha yerda qantarig‘liq; hatto molxona tuynugidan chiqarib tashlangan go‘ng ham o‘shandayicha… Hovlisi, o‘zining makoni, qadrdon manzara – bular bari bir bo‘lib, uch oy, ehtimol undan ham ortiqroq, chet burchakda qazoi muallaqini kutib yotgan, va lekin, bugun negadir tuyqus jismi jahonini o‘rtaguvchi og‘riqdan forig‘ bo‘lgan usta Sobitaliga yoqimli kayfiyat ato etdi. Nihollarni qarang! O‘tgan bahorda o‘z qo‘llari bilan tikkan edi. E-ha, barg yoyibdi! Tavba, nega buni darrov ilg‘amadi – ko‘klam-ku bu, axir, ko‘klam! Dalako‘chadagi bir tup katta o‘rik shig‘il g‘o‘ra tukkanga o‘xshaydi. Voh-ha!
Usta Sobitali ehtiyotlik bilan zinadan pastga tushdi, hilkillab, chorvoqeshik tomon qadam tashladi. Nevarasi Abduhalil chug‘ur-chug‘ur qilib, unga ergashdi. Chol baholi qudrat uch-to‘rt qadam bosib to‘xtar, picha nafasini rostlab, yana yurar edi. Abduhalil buvasining atrofida pildirab, uni tezroq yurishga undardi.
Chorvoqeshikka yetib kelishdi. Chol hassasini devorga suyab, ostonaga cho‘kdi. Abduhalilni o‘ziga tortdi, tizzalarining orasiga olib suymoqchi bo‘ldi. Bola qoqsuyakka aylanib qolgan bu vujudga yaqinlashishdan cho‘chidimi yoki ustadan kelayotgan qo‘lansa hid ko‘ngliga o‘tirmadimi, bir siltandiyu qo‘ldan chiqib, dalako‘cha o‘rtasidan chopqillab ketdi. Hovliqqanidan yiqilib tushdi, tura solib yana chopdi, Usta bir nima deyishga ham ulgurmadi. Nevarasining ortidan tikilib qolarkan, xayoli qochdi. Qachonlardir o‘zining ham bola bo‘lganini, mana shunaqa shataloq otib, tuproqlarga belanib o‘ynaganlarini huzur qilib esladi.
Yoshligida dadasi bilan onasi uni «Voy mening tegirmonchi o‘g‘ilginam»; «Tegirmon, tegirmon, o‘yinqaroq bolaman», deb erkalatishar edi. Chang-to‘zonlarga ham qaramay, kuni bilan ko‘chalarga dumalab o‘ynagan Sobitalining aft-angori kechga borib tegirmonchinikidek bo‘lardi-qolardi-da. Eh-he, u davrlar… Sobitali ham bola, kichkinagina bolacha edi, axir! Ishongisi kelmaydi kishining. Endi-chi?
Usta Sobitali uch oy qanday kasal bilan og‘riganini ham bilmaydi, shuning uchun birovga nolimaydi. Qaridi endi, tamom-vassalom! Tug‘ilgan edi, yashadi, qaridi, mana endi o‘lishi kerak – buning nimasidan noliydi? Kimga noliydi? Uning o‘lib borayotganini o‘g‘il-qizlari bilmaydi deysizmi – biladi! Lekin nima qila olardi ular? Mana, masalan: o‘zining ota-onasi bormidi? Bor edi. Ularning ham ota-onalari bo‘lganmi? Bo‘lgan. Qani u insonlar? Endi yo‘q, hammasi o‘lib ketgan, demak, navbat unga yetdi – hayot shu-da!
Usta biladi, o‘lim qachondan beri ostonasi ostida pusib yotibdi, vaqt-soatini kuti-ib. Lekin qo‘rqmaydi, xotirjam tutadi o‘zini. Ora-sira hushiga kelsagina o‘ylab qoladi, hayotning, o‘limning tubiga yetishga harakat qiladi, yetolmaydi. Hatto bir safar, qani endi umrning har kunini yashab bo‘lgach tokchaga taxlab qo‘yaversang-da, kerak bo‘lganida istaganingni olib qaytadan bir yashab ko‘rsang, deb orzu ham qildi. Tavba, jinni bo‘lmasa, oppoq soqolli kap-katta odam shunaqa orzu qiladimi! Lekin, faqat bir safar shunday o‘yladi, o‘shanda ham, qachon esiga tushsa, o‘zidan kulib yurdi…
Yonginasida jaranglagan ovozdan chol hushiga keldi.
– Katta, g‘o‘ra obering, ko‘-o‘p g‘o‘ra obering, katta, – derdi Abduhalil tinmay.
Usta ko‘zini bir yumib ochdi.
“Xah, xayol qurg‘ur odamni ne yoqlarga boshlamaydi!” dedi. Keyin, bolaning iltijo to‘la nigohiga dosh berolmay, yerga qaradi.
– Darmonim yo‘q, bolam, kattang qarib qolgan endi. Muni qara, oyoq-qo‘lim qaltirab yotibdi.
Bolaning bu bilan ishi yo‘q edi, yana xarxashasini davom ettirdi:
– Olib berovring, katta, bi-ir tosh oting…
Cholning ko‘ngli cho‘kdi: «Bolada nima gunoh? Unga g‘o‘ra kerak! G‘o‘rani men olib berishimni tilayapti».
Usta endi devorga tarmashgan ham edi, darvoza oldida yengil mashina to‘xtagandek bo‘ldi, shu zahoti signal eshitildi.
– Ana, amaking keldi, – dedi chol nevarasining xayolini g‘o‘radan chalg‘itish uchun. – Chop, darvozani och!
Abduhalil «Amaki!» deb qichqirganicha ko‘cha tomon uchdi.
Usta Sobitali sezgan ekan: darvoza ochilib, Homidvoy ko‘rindi. Abduhalil unga osilib olib, chorvoqeshikni ko‘rsatib, nimalardir dedi, o‘g‘li to‘g‘ri shu tomonga kelaverdi. Yaqinlashgan sayin esankirayotgandek qadami sustlashdi. Qiyofasida ham tashvish, ham ajablanish alomatlari: odatda har baloni xayoliga keltirganu kutganining aksiga duch kelgan odamning qiyofasi shu xilda bo‘ladi.
Ota-bola hol-ahvol so‘rashdilar.
– Bollaring qani, opkeldingmi? – deb so‘radi usta darrov.
– O‘zim keldim, ota, yo‘lim tushgan edi, kelaverdim, – dedi Homidvoy,
Usta Sobitali yosh bolamidi, sezmasa? O‘g‘li hovliga kirib kelganidayoq sezdi: «Ha, kampir-a, kampir…», deb qo‘ydi, lekin bilmaganga oldi o‘zini.
– Yotavergan bilan yog‘i chiqarmidi, bolam, – dedi u o‘g‘lining haliyam nimadandir iymanib turganini ko‘rib. – Qarasam, bugun picha tetikman, bekorchidan Xudo bezor, deb… ham yorug‘ dunyoga chiqqim keldi… Bor, onang bilanam ko‘rishib chiq. Ukang dalada, kelin ikkalasi.
Homidvoy qaytib chiqqanida otasi eshik kesakisiga suyanib o‘tirar, ro‘parasida bir kishi turar edi. Qarasa, To‘raqul degan hamqishlog‘i. U dalada suvchilik qiladi, Homidvoydan bir-ikki yosh katta – elliklar chamasida, lekin oriqligidan xiyla qari ko‘rinar edi.
Quyuq salom-alikdan so‘ng Homidvoy uyga kirib eski sholcha, ikkita to‘shak, o‘rog‘lik dasturxon ko‘tarib chiqdi. Sal o‘tib kampir choy keltirdi, joyni shu yorning o‘ziga qila qoldilar.
– Uzo-oqdan ko‘zim tushdi, – derdi To‘raqul, – qarasam, ostonada kimdir o‘tiribdi. Nahot Usta akam bo‘lsalar, deyman… Xudoga shukr, tuzalib qopsiz, kuch-quvvat bersin! – Keyin Homidvoyga yuzlandi. – Cho‘llardan so‘rasak? Baxayr, kelib qopsan? Dehqonchilik bo‘lyaptimi? Jir bitdingmi deyman, ja kamnamosan, a?
– Qayda, To‘raqul aka, sovxozdi ishidan qo‘limiz endi bo‘shadi. Hech nima ekkanim yo‘q hali. Ko‘ramiz-da, qovun-tarvuz bo‘lmasa, moshmi, yeryong‘oqmi…
– Ha, tuzuk. Qayerda yurmasin, dehqonchilik qilgan yutadi. Ota-buvamiz dehqon o‘tgan, biz ham shundan non-nasibamizni terib yuribmiz-da, nima dedingiz, Usta aka?
– Kam bo‘lmang, To‘raqul, to‘g‘ri gapirdingiz. Umrimiz dehqonchilik bilan o‘tdi, uncha-muncha uy qurib, ustachilik qilganimiz bilan, tagini surishtirsangiz, bari bir dehqonmiz! Har kimning nasibasi o‘zi bilan yaralgan, bizniki – yerda, To‘raqul, yerda!.. Nondan oling, To‘raqul, mayizdan qo‘shib oling.
To‘raqul uch-to‘rtta mayizni «puf-puf»lab og‘ziga soldi, choy ho‘pladi, lunjidagini yutib bo‘lib, dedi:
– O‘lmang, Usta aka! Odamdan nima qoladi – farzand bilan mehnati-da! Qishloqdagi to‘rtta uydan bittasiga sizning qo‘lingiz tekkan, Usta aka. Esingizda bo‘lsa, urush tugab prontdan qaytib kelgansizu birinchi bizning uyni qurgansiz, bularni unutarmidik, axir! Esingizdami?
Usta shirin entikdi.
– Esimda, To‘raqul, esimda. Uyda hech qancha o‘tirmovdim o‘shanda. Yoz emasmidi, dalada ish boshdan oshib yotibdi, odam yo‘q. Ertasigayoq uyga raisning o‘zi kirib keldi. «Ha?» deyman. Uyaladi bechora, chaynaladi. «Shu… sog‘-omon qaytibsan, mana… rahmat! Endi u kunlarni ko‘rgilik qilmasin…» deydi-yu, bu yog‘ini aytolmaydi. O‘zim sezdim: ishga chiqdim – kolxozda aravasoz edim-da. Uylaringni o‘sha paytlar qurganmiz, esimda. Unda mana bunaqa haybarakalla uylar qayoqda edi, to‘rt tomoniga to‘rtta yog‘ochni tikka qilib, tevaragini devol bilan urib qo‘yaqolardik. Mo‘ylovlaring chiqmagan edi unda, Homidvoy ikkalalarnigg menga kechalari yordam qilardilaring. Dadangiz sizni shogirdlikka ham bermoqchi bo‘lgan birda.
– Sizga shogird tushsam, afsuslanmasdim, Usta aka, mana, o‘sha qurgan uyingiz haliyam turibdi, shuvog‘iyam ko‘chmagan.
Usta Sobitalining ko‘ngli eridi, ta’bi ochildi. Qurmarur To‘raqul odamni gapga solishni zap biladi-da! To‘raqulning shuvoqni tilga olgani usta Sobitaliga boshqa narsani eslatdi. Boya tashqariga chiqqanidan beri o‘y surib, ba’zi bir rejalarni tuzib qo‘ygan edi, shuni To‘raqulga aytgisi keldi.
– Shu uyning biqiniga ravon qurmoqchi edim. Bir yildan oshdi ko‘chib o‘tganimizga, hali shuvog‘i bitmagan, deng, To‘raqul.
– Qanaqa shuvoq qilmoqchisiz?
– Buning ukasi qumshuvoq qilaylik deyapti, bilmadim endi.
– Menga qolsa, Usta aka, somonshuvoq qiling. U-bu deymiz-u, biroviyam o‘zimizning shu somonshuvoqqa yetmaydi! Bo‘lmaganda, tashqarisiga somon uring: uyni issiq tutadi, ham mustahkam.
Ustaga bu fikr ma’qul tushdi.
– Mayli, gapingiz gap, To‘raqul! O‘zim ham shuni ko‘p gapiraman-u, hozirgining bollariga bir nima uqdirib bo‘ladimi… Ha, endi bu yog‘ini eshiting: ravonning ro‘parasiga qator qilib olcha ekuvdim, hammasini qirqib, gilos ulayman, har turidan. Darvoqe, ko‘chatning vaqti o‘tmadimi?
– Yo‘q, hozir ayni payti. Nimaydi?
– Devolning tagiga terak ko‘chat aylantiraman. Qarabsiz, besh-olti yilda odam bo‘pqoladi. Terak qadrini uy qurgan biladi, To‘raqul.
To‘raqul erinmay ustaning har bir gapini ma’qullab turar, bunga sari Homidvoyning ensasi qotar edi. «Eshitgan quloq nima deydi? – deya xayolidan kechirardi u. – Ming qilgandayam, To‘raqul – begona. Do‘stmi, dushmanmi – Xudo biladi. O‘zing likillab, bir ahvolda turibsan-u, nafasing olamni buzadi, buning o‘rniga oxiratingni o‘ylasang bo‘lardi, demaydimi?.. Shuncha ish bor ekan, axir, to‘rtta birday jon – bizdan qolmas!»
To‘raqul ketgach, peshinga yaqin uch-to‘rtta qari-qartang ustani yo‘qlab chiqdi. Joyni ichkariga ko‘chirdilar. Kelganlar ustaning hamqurlari edi, u yoq-bu yoqdan olib bir soat o‘tirishdi – bu dunyoning o‘tkinchi ekanini gapirishdi, narigi dunyoning muqarrar azob-uqubatini gapirishdi. Paytini topib, usta Sobitali suvchi To‘raqulga aytganlarini bularga ham qaytardi. Kimdir ma’qulladi, kimdir rad qildi, kimdir maslahat berdi Keyin tarqaldilar.
Bu kun shunday o‘tdi. Kech bo‘ldi. Otasining rangi ro‘yidan ko‘ngli tinchlanib, Homidvoy ham cho‘lga qaytib ketdi.
Yotaroldi ustaning chap biqinida sanchiq turdi. Sezilar-sezilmas. Lekin kayfiyati hamon ertalabgidek edi. Chiroqni o‘chirmadi. Uyqu qayoqda, deysiz. O‘rnini yangilab qo‘yishibdi: yaxshi! «Uy bitsa, bo‘ynimda Abduhalilning chibroni turibdi, – deb xayolidan kechirdi u, yumshoq ko‘rpaga cho‘karkan. – Xudo xohlasa, niyatlarim katta hali! Novvoylarni Isfaradan opkelaman, quling o‘rgilsin non yopadi-da azamatlar! Lekin hammasidan oldin uyni shuvoqdan chiqarishim kerak…»
Shuvoqni o‘ylashi bilan kaltakesak esiga tushdi. Kaltakesak unga kechagi tushini eslatdi. Yo tavba, kunduzi loaqal bir martayam xayoliga kelmabdi-ya! Tushda ko‘rgan-kechirganlari endi ko‘z oldidan lip-lip o‘ta boshladi: ko‘m-ko‘k, sokin bog‘… oppoq yaktak-ishton… oyoq ostida momiq maysalar… yerda yuribsizmi, qanot qoqyapsizmi – bilmaysiz… Jannat, haqiqiy jannat edi u!
«Jannat» deyishi bilan usta pashshalarni esladi, afti burishdi. G‘ijinib, bu noxush xayolni miyasidan quvib yubormoqchi bo‘ldi. «Jannatda pashsha nima qiladi?! – deya o‘zini ovutishga tushdi. – Aytganday, pashsha, axir, derazada g‘ing‘illagan edi-ku! Ha, ha, o‘zimizning derazada, jannatda emas!»
Usta Sobitali deraza tomonga astoydil quloq tutdi: jimjitlik. Yo‘q, g‘ing‘illayapti shekilli, g‘ira-shira eshitilyapti ham, ana – g‘i-i-ing… g‘i-i-ing… Emaklab, deraza yaqiniga bordi, titroq kirgan qo‘llari bilan pardani siljitdi. Biroq pashsha endi bu yerda emas, uzoq-uzoqlarda g‘ing‘illayotganga o‘xshardi. Usta derazaning har bir ko‘zini sinchiklab qarab chiqdi va… burchakdagi shapaloqdek o‘rgimchakuyaga o‘ralib-chatishib yotgan katta qora pashshani ko‘rdiyu halak joniga orom qo‘ngandek, hatto g‘ira-shira g‘ing‘illayotgan tovush ham birdan tingandek bo‘ldi. «Xayriyat-e! – deya o‘ziga o‘zi taskin berdi u. – Kecha o‘limimga ming marta rozi qilib yuboruvding-a, kasofati!..»
Usta yana o‘sha tushini qo‘msab, sekin orqaga emakladi.
***
Kampir saharda uyg‘onib, chiroqni yoqdi. Odatdagidek, choli yotgan tomonga – uyning to‘riga o‘g‘rincha qarab qo‘ydi. Lekin bu gal ko‘zini darhol olib qochmadi, uzoqroq tikildi va dahshatdan qotdi.
Usta Sobitali xonaning qoq o‘rtasida, kigizning ustida, sovuqdan qo‘nishgandek tirishib, o‘lib yotar edi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.