Yer yuzida Sho‘rariq degan qishloq bino bo‘lganidan beri bu yerlik bironta odam Jo‘ravoychalik sevinmagan bo‘lsa, ehtimol…
Qishloq Qatrontog‘ etagiga yoyilgan, yonidan buralib-buralib katta soy – Sho‘rariq o‘tadi. Soyning boshlanishida, huv tog‘larning ichkarisida, ancha bo‘ldi, ulkan suv ombori qurilyapti. Jo‘ravoy o‘zining o‘n yillik qadrdoni – ag‘darma mashinasi bilan konda ishlab yurardi, to‘g‘on qurilishi boshlanganida bu yoqqa yuborishdi. Ko‘rinishidan elliklardan o‘tgan, aslida esa endigina qirqni qoralayotgan shu odam besh qishloqqa belgili!
U guzarga kam chiqadi, lekin har chiqqanida tengqurlarining kulgisiga qolib, boshqa qadam izi qilmaslikka ahd qilib qo‘yadi.
– Jo‘ra, do‘ppining ja-a antiqasini topgansan-da, gulsiz-u, yaltillaydi zang‘ar, – deb kulishadi ular.
Jo‘ravoy avvaliga pinak buzmaydi, qorayib ketgan do‘ppisini boshidan olib, kaftiga bir uradi-da, qayta kiyadi. Odamlar bekor aytibdi, do‘ppining guli bor, moy bosib uncha ko‘rinmay qolgan, xolos. Bozordan sotib olgan yili tug‘ilgan qizchasi birinchi sinfga qatnayapti-yu, guli qoladimi? Titilib ketmaganiga shukur qilishsa-chi. Yo‘q, ularga tekin kulgi bo‘lsa, saqich qilib chaynaverishsa…
– Hukumat ham zap matolar chiqaradi-da! O‘zing ayt, Jo‘ra, mana shu kitelni shopirlikka o‘qib yurganingda berishgan, to‘g‘rimi? Xo‘b chidamli ekan-da…
Davrada kimdir «bilimdon»lik qila boshlaydi:
– Gap matoda emas, – deydi u. – Nega sening ko‘ylaging ikki kunda paytavaga ham yaramay qoladi? Chunki sen uni Jo‘ravoyga o‘xshab yaxshilab moyga shimdirmagansan. Bir sinab ko‘rgin-a, yigirma yil kiymasang – men kafil!
– Katta ketvording oshnam. Uyimni tikaman, o‘sha sen aytgan moyga shimdirilgan ko‘ylak ham Jo‘ravoydan boshqasiga dosh berib bo‘pti!
Guzarda bir zum qiyqiriq hukmron bo‘ladi.
Jo‘ravoy kitelini moyga botirmagan, moyga botirsa pishiq bo‘lishini ham bilmaydi. Buni anavilar o‘ylab chiqargan. Qo‘yib bersang, nimalar deyishmaydi? Bunaqa uchirma gaplarni eshitganida ilgarilari jizzakilik qilardi, bora-bora qulog‘i qimirlamaydigan bo‘lib ketdi. Bulari-ku, mayli, chidasa bo‘ladi, qishloqda kimdir bir latifa to‘qib chiqaribdi, hech demaydigan. Hammaning og‘zida duv-duv gap: «Jo‘ravoy hammomga tushsa, albatta gazetga yozish kerak, bunaqa yangilik har kuni ham bo‘lavermaydi, – emish. – Burnog‘i yil hayit emas, mayram emas, oddiy kunlarning birida akamiz adashib hammomga kirib qoptilar. Katta o‘g‘li ikki soat tinmay otasining badanini ishqalab, endi bo‘lgandir, deb tursa, birdan… eski maykaning parcha-purchalari ko‘rinib qoladi-ya! Bunaqa maykalardan uning badanida yana qancha bo‘lsa…»
Bu gaplar orqavoratdan Jo‘ravoyning qulog‘iga ham chalinib turadi, lekin uning ensasi qotadi, xolos. Lof ham evi bilan-da, hech jahonda maykaning badanga singib ketganini odamzod eshitganmi?!
Uninchi sinfda o‘qiydigan o‘sha o‘g‘li qaysidir kun maktabdan ko‘zi qizarib keldiyu bir haftagacha qovog‘idan qor yog‘ib, soqov bo‘lib yurdi. Jo‘ravoy sababini sekin xotinidan so‘rab bilmoqchi edi, Sabohat ham zo‘rg‘a turgan ekan, darrov boshi egilib, labi qimtinib qoldi. «Kasringizga bolaginam o‘rtoqlari ichida yer bilan bitta bo‘lib yuribdi», demoqchi edi, aytmadi. Aytolmadi. «Sadqai gap ketsin!»
Uning o‘rniga:
– Odamlar siz to‘g‘ringizda yolg‘on-yashiq gap qilishayotganida Qosimjonim eshitib qopti, – dedi-qo‘ydi.
Jo‘ravoyning jahli chiqdi: yana eski g‘alva! Bari motam shungami hali? Ishdan keyin o‘g‘lini yoniga o‘tirg‘izib, o‘shqira ketdi:
– Har kimning gapiga laqqa tushaverma, bola! Og‘ziga kuchi yetmaganlar tiliga kelganini qaytarmaydi, tushundingmi? Shungayam burningni osiltirib yuribsanmi? Men shopir odamman, bo‘laveradi. Oliftagarchilikni shaharlikka chiqargan, deb og‘izlariga urmaysanmi? Mayli, hali shoshmay turishsin…
«Hali shoshmay turishsin, uyga bitta mashinani qantarib qo‘yib, o‘sha gapdonlarning ko‘zini bir kuydiray, toki hasaddan yoqa yirtishsin!» demoqchi edi, nimalariidir o‘ylab tilini tiydi.
Darhaqiqat, Jo‘ravoy necha yillardan bu yog‘i yemaydi-kiymaydi, mashinaga pul yig‘adi. Tagimda bir ulov tursa, qishloqdagi gap-so‘zlardan qutulaman, deb o‘ylaydi u. Ko‘ryapti, to‘rtg‘ildiragi borlarga qanday muomala qilishayotganini! Hatto shu yozda hayyo-huv deb Maskov tarafga jo‘navormoqchi ham bo‘ldi. Lekin… Bozorlarda mashina narxining ko‘tarilib ketganini eshitib, hushyor tortdi: belidagini chamalab ko‘rsa, bir-ikki ming so‘m kamroq. «Mayli, yana ikki yil ishlab kemtigini to‘ldiray, keyin borarman», degan o‘yda shashtidan qaytdi.
Mana shunaqa gaplar…
Kim nima desa desin, Jo‘ravoy bari bir boshqacha odam! Sho‘rariq bino bo‘lganidan beri hech kim uningchalik quvonmagani ham rost!
…Kun yarmida Jo‘ravoy ishdan qaytdiyu tandir qoshida kuymalanib yurgan xotinidan so‘radi:
– Saboh, kechagi gazit qani?
Umrida gazet o‘qimagan erining bunchalik hovliqishi Sabohatni ajablantirdi.
– Ha, dadasi, gazit o‘qib mulla bo‘lmoqchimisiz endi, – deya hazillashdi u.
– Ko‘p javramay opchiq, senga aytyapman!
– Voy-bo‘! Bitta qog‘ozga ota go‘ri – qozixonami? Hech o‘qimasdingiz-ku, bilmay tandirga qalab yuboribman.
– He, padarla’nat… – Jo‘ravoy atrofga alanglab o‘g‘lini chaqirdi: – Qosim! Ho‘v Qosim!
Qosim chorbog‘da ekan, o‘sha yoqdan ovoz berdi.
– Beri kel! Yugur!.. Bor, qo‘shninikidan kechagi «…O‘zbekiston»ni opchiq! Dadam so‘rayaptilar de. Chop, deyapman senga! – U qop-qora bo‘ynidagi tomirlarini bo‘rttirib qichqirdiyu to‘g‘ridagi uyga kirdi. Tokchada chang bosib yotgan choynak ichidan to‘rt buklog‘lik bir qog‘oz olib, yana hovliga chiqdi.
U hovliqqanicha bor edi. Ikki oy burun ishxonasida maoshga qo‘shib o‘ntadan lotereya tarqatishdi. Jo‘ravoy einhor olmayman, desa-da, hol-joniga qo‘ymay tutqazishdi. U biletlarni qo‘liga olgach, majburlab berilgan lotereyalarga ko‘pincha yutuq chiqib qoladi, degan mish-mishlarni eslab, ko‘nglida qandaydir umid uchquni yilt etdi. Yutuq o‘ynaladigan kun yaqinlashgan sari shu uchqun yiltillay-yiltillay, oxiri alangalanib ketdiyu Jo‘ravoy halovatini yo‘qotdi-qo‘ydi. Nazarida, shu biletlarning bittasiga albatta yutuq chiqib qoladiganday…
O‘libdimi, chiqmay! Eh, qaniydi mashina yutib olsa! Yomonmi, yig‘ib yurgani cho‘ntakda qoladi!
Umid qat’iy ishonchga aylandi va yaqindan beri u xuddi mashina uyida turganday o‘zini allanechuk baxtiyor sezib, to‘lqinlanib yurdi. Nomerlarini bir varaq qog‘ozga ko‘chirib yozdi-da, lotereyalarning o‘zini temir sandiqchasiga solib, qulflab qo‘ydi. Boya tushlik payti hamkasblari stolga gazet yoyib olib, nimalarnidir qizg‘in muhokama qila boshlashganida Jo‘ravoy aniq sezdi: yutuqlar tiraji chiqibdi! Ammo ularga yaqinlashmadi. To‘satdan yuragi gupirib, o‘rtana boshladi. Bu ahvolda kechgacha ishlab bo‘larmidi? Dispetcherga boshi og‘riyotganini bahona qilib, uyiga chopdi. O‘pkasini qo‘ltiqlab kelsa, haligi gap… «Tutatqiga boshqa qog‘oz qurib ketganmikan? He, farosatsiz!»
U so‘rining chetiga toqatsizlanib o‘tirdi. Ko‘zlari yonib, qo‘llari qaltirab haligi qog‘ozni ochayotganida Qosim gazet olib keldi. Uni dadasining qo‘liga tutqizib, so‘ri oyog‘iga suyandi.
– Ha, nega turib qolding, serrayib?
– Shunday, o‘zim… Boshqa ishingiz yo‘qmi?
– Ketaver! Ha, aytganday, shoshma… Mayli, boraver!
Qosim so‘ridan uzoqlashdi. Jo‘ravoy bo‘g‘ziga tiqilgan hayajondan titrab, jadval ustiga muk tushdi. «Yo Xudo! Ishqilib, omadimni ber! O‘ttiz tiyinga quling o‘rgilsin bitta mashina! Ajab ish bo‘lardi-da! Ana undan keyin gaplashardik senlar bilan! Gap ust-boshdami? Ana, Shokir pochtachi, qachon qarasang yaltillab yuradi – bundan nima foyda? Cho‘ntagida xemiri yo‘q. O‘qituvchilarga o‘xshab madaniyatdan lof uradi-yu, aslini surishtirsang, maoshini u oydan bu oyga uchma-uch ulaydi. Senlardan kam joyim bormi, tagimda mashina, qo‘limda yana olti-yetti ming pulim bo‘lsa! – Jo‘ravoy beixtiyor gazetga chang soldi: – Har kuni choyxona oldiga bir minib chiqmasam!..»
Zumda quturgan Jo‘ravoy zumda o‘ziga keldi. Boyadan beri xayol ketidan quvib jadvaldagi bironta raqamni tuzukroq ko‘rmagan edi, gazetni kafti bilan silliqlab, qayta termildi. Biroq bari bir sur xayollari unga tinchlik bermasdi: «Paq etib yutib olsamu yuragim yorilib ketsa-ya!»
Raqamlar uyasi og‘zida gujg‘on o‘ynagan hisobsiz chumolilarga o‘xshab to‘zg‘ib ketar, u esa o‘ziga keraklilarini ushlab olishga zo‘r berib urinar edi. Eh, raqamlar… yozuvlar… raqamlar…
Jo‘ravoy birdan yurak urishini eshitmay qoldi. Bir qo‘lida qog‘oz, bir qo‘lida gazetani changallaganicha… hayqirib yubordi. Lekin na xotini, na o‘g‘lidan bir sado chiqdi – hovli jimjit edi. Demak, baqirmabdi, o‘ziga shunday tuyulibdi. Yo tavba! Ko‘ngli sezgan edi-ya! Hatto tushlariga kirib chiqqan. Oldindan ayon bo‘larkan-da, o‘zi. «Jiguli! Jiguli-ya! O‘zingni bos, Jo‘ra, o‘zingni bos! Puling yonga qoldi, bari bir o‘zingni bos!»
U xotinini chaqirmoqchi bo‘lgan edi, ichiga to‘lib qolgan nafasi g‘uvillab otilib chiqdi. Tovushi o‘ziga mutlaqo begona eshitildi. Sabohat tandirdan yangi uzgan nonlarni savatga joylab uyga olib kirib ketgan edi, erining nima qilayotganidan xabarsiz, ichkaridan ovoz berdi:
– Ha, dadasi?
– Baqqa chiq!
– Hozir, nonlarni yoyib qo‘yay.
– Chiq, deyapman, darrov!.. To‘xta, o‘zim boryapman.
Jo‘ravoy ostonaga turtinib, shalaq so‘kindi, so‘ng pishillab:
– Tozaroq ko‘ylak-po‘ylaging bormi? – dedi. – Olib ber!
Sabohat endi chidamadi, erining yuziga tik boqdi:
– Muncha o‘shqirasiz, qo‘lim to‘rtta emas-ku! Hovliqqaningizni-yey! – Keyin sal yumshadi. – Oldin choy-poy qilib beray, issiq non bilan ichib oling.
– Ko‘p ezmalanmay sandiqni och! Yo ko‘ylak urug‘i qurib ketganmi?
– Bor. Hayitda kiygan ko‘ylagingiz shundayicha turibdi.
Sabohat ming‘irlab sandiq ustidagi ko‘rpalarni sholchaga tashlay boshladi. Jo‘ravoy esa, o‘zining kichik sandiqchasidan, avval oq matoga, uning ustidan suvqog‘ozga o‘ralgan lotereyalarni olib, shimining cho‘ntagiga soldi. Tushib qolmasin tag‘in, deb to‘g‘nog‘ich bilan qadab qo‘yayotgan edi, barmog‘iga sanchib olib, yana og‘zini bulg‘adi…
Jo‘ravoy yo‘lovchi mashina kabinasida rayon markazigacha qay holatda ketdi – buni faqat o‘ziyu lotereyasiga mashina yutganlar biladi. Ustiga-ustak mashina biram sekin yurdi, biram sekin yurdiki…
U omonat kassa oldiga harsillab yetib keldi, ammo birdaniga ichkari kirgani yuragi betlamadi. Krandan suv ichmoqchi edi, tomog‘idan o‘tmadi. Sal nafasini rostlab, odamlar siyraklashgach, kassaga jur’atsiz qadam qo‘ydi. Har biriga bittadan kalla sig‘adigan qator darchalarga ko‘zi tushib, yana dovdiradi. So‘ng duch kelganiga boshini suqdi.
– Singlim, lotarni kim tekshirib beradi?
– O‘zingiz! – deb javob qildi qiz. – Ana, devorga gazitlarni ilib qo‘yibmiz, o‘zingiz qarayvering.
– Men qarab chiqqan edim, – dedi Jo‘ravoy ovozi qaltirab.
Qiz boshini ko‘tardi.
– Nima, yutuq chiqqanmi? E, oldinroq aytmaysizmi. Suyunchisini olarkanmiz-da! Anavi tuynukka o‘ting, ko‘rib berishadi…
– Aytganday, nima yutdingiz?
Jo‘ravoy tilini tiyishga harchand urinmasin, bo‘lmadi: «Mashina!» dedi hayajonlanib. Shunday dediyu ko‘zlaridan yosh tirqiradi. Shosha-pisha yengi bilan yoshini artib, yonidagi tuynukdan ichkariga mo‘ltiradi:
– Qizim…
Jo‘ravoy gapini tugatmasidanoq u yerda o‘tirgan yosh qizchaning o‘zi bidirlay ketdi:
– Tabriklaymiz, amaki! Qizlarga bitta ziyofat qilib berasiz endi. Menga bundan tashqari… bilib qo‘ying! Qani lotereyalarni uzating-chi. O‘h-ho‘, juda pishiq o‘rab qo‘yibsiz-ku.
– Ha, endi…
Bu paytda boshqa qizlar ham ishlarini to‘xtatib, suvqog‘ozni ochayotgan qizning tevaragiga to‘planishdi. Tuynuk ortidan sap-sariq tishlarini ko‘rsatib, o‘xshovsiz irshayayotgan basharani ko‘rib hasaddan ko‘zlari chaqnadi va bir-birlariga ma’noli im qoqishdi: «Tavba, mashina degan zormanda mana shunaqa ipirisqilarga chiqqaniga o‘laymi?» Shunday bo‘lsa ham, haligi qiz lotereyalarni ochib ulgurmasidan, Jo‘ravoyni qutlay ketishdi:
– Baxtli ekansiz, amaki!
– Qeling, qo‘limni tekkizib olay, menga ham yuqsin.
– Qulluq bo‘lsin! Buyursin!
Jo‘ravoy «Qulluq» deyin desa, yana yig‘lab yuborishdan cho‘chib, lablarini pichirlatib turaverdi.
Qiz tortmadan kitobcha oldi, xonada shivir-shivir tindi. Jo‘ravoy esa u yoqqa qaramaslikka tirishib, oynakdagi yozuvni o‘qishga tutindi. Nima deb yozilganiga tushunmay, to‘siqni chertishga tushdi. Tiqilinchda burni qichib qolsa bo‘ladimi? Kasofati! Beshala barmog‘i bilan baravariga burnini qashlab, xumordan chiqdi. Vaqt bo‘lsa, o‘tmaydi. Muncha imillaydi bu qiz, kampir emas-ku!
– Topdingizmi, singlim?
Qiz lotereyalarni pulga o‘xshatib taxlab, kitobni asta yopdi:
– Katta nomeri sal to‘g‘ri kelmayroq turibdi, – dedi achingansimon qiyofada.
Jo‘ravoy kar emas, lekin hozir yo eshitmadi, yo tushunmadi.
– A?! Nima dedingiz?!
– Nomeri to‘g‘ri kelmayapti, dedim…
Bundan uch yil burun otasining o‘lib qolgani to‘g‘risida konga xabar borganida ham bunchalik dahshatga tushmagan edi. Keyinchalik eslab, ezilib yurdi, ammo… Qiz aqldan ozganmi o‘zi?! Jo‘ravoy bir qalqidi, to‘siqqa bazo‘r yopishib tiklanib oldi. Bor kuchini yig‘ib:
– Yaxshilab qara, singil! Hazil ketmaydi hozir! – deya o‘shqirdi. G‘ajib tashlagisi keldi qizni shu paytda. «Tilginang uzilib tushsa bo‘lmaydimi, alvasti!» degisi keldi.
Qizlar uning bo‘zday oqargan yuzi va chaqchaygan ko‘zlarini ko‘rib, sekin-sekin tarqalishdi.
– Hazillashayotganim yo‘q, amaki. Ishonmasangiz, o‘zingiz ko‘ring… Mana, ko‘rdingizmi, bunisi oltita nomerga ortib ketyapti.
Jo‘ravoy bari bir hech nimani ko‘rmadi, qaltiroq qo‘llari bilan cho‘ntak kavlab, boyagi qog‘ozni qizga uzatdi:
– Nega bo‘lmasa… Axir, o‘z ko‘zim bilan… Manavini ham qarab ko‘r-chi!
Qiz g‘ijimlangan qog‘ozni qo‘liga olib sinchiklab tekshirdi va birdan hovliqib ketdi:
– Aytmadimmi, o‘zingiz adashyapsiz, deb? Mana bu yerda oxirgi «7» ni siz «1»ga o‘xshatib yozib qo‘yibsiz-ku! Uni qarang-a, haqiqatan «1» bo‘lganida «Jiguli» sizniki edi-ya… Yana mendan xafa bo‘lyapsiz.
Bunday haqiqatga ishonmaslik – g‘irt ahmoqlik, ishonish – yana dahshat! Jo‘ravoy yiqilib tushmadi, tirik murdaga aylandi-qoldi. Shunday holda elas-elas chiyillagan ovozni eshitdi:
– Lotereyalarni qayerdan olganidingiz, amaki?
Qizning bu gapi Jo‘ravoyga: «To‘xtab turing, bitta mashina to‘g‘rilab beraman», deganday bo‘lib eshitildi, sergaklanib shivirladi:
– Ishxonada… majburlab berishgan edi…
– E, unday bo‘lsa suyunavering, oshnalaringizdan kimdir bu mashinaning egasi bo‘libdi! Odamlar qanday baxtli!
Jo‘ravoy kassadan yelkasida tog‘dek yuk bilan sudralib chiqib ketarkan, qiz hamon javrardi:
– Bo‘lar ish bo‘ldi, amaki. Kelasi safar sizga ham albatta chiqadi. Bunaqa anglashilmovchiliklar bizda tez-tez bo‘lib turadi. Bilasizmi, bir kuni…
Jo‘ravoy tashqariga chiqqanida orqasidan qizlarning sho‘x qahqahasi yangradi…
***
– Voy sho‘rim! Sizga nima bo‘ldi! Tinchlikmi?! Tobingiz qochib qoldimi?
Jo‘ravoy ming o‘lib, ming tirilib, uyga kirib kelganida xotini uni shu so‘zlar bilan kutib oldi. Lom-mim deyishga majol qayda, to‘g‘ri borib o‘zini so‘riga tashladi. Uning butun vujudi qaqshab og‘rir, peshonasidan muzdek ter quyilar edi. Lablari esa tinmay pichirlardi:
«Tinchlik… tinchlik».
Qorong‘i tushganida Qosim «Tez yordam» chaqirib keldi. Erining ahvolidan qattiq xavotirga tushgan Sabohat ham kasalxonaga jo‘nadi. Huvillagan uyda yolg‘iz Qosim bilan ikkita singlisi qoldi.
Tongotar payti ko‘cha eshik oldiga yengil mashina kelib to‘xtadi. Undan shalvirab tushgan ayolning o‘tkir chinqirig‘i osuda qishloqni tutib ketdi. Dod-faryodni eshitgan bolalar cho‘chib uyg‘onishdi. Birpasda hovli to‘s-to‘polon bo‘ldi-qo‘ydi.
– Sho‘rim quridi, odamlar!.. Dadalaringdan ajrab qoldik-ku, bolajonlarim!!! Endi nima qilaman, Xudojon!
Hovli o‘rtasida Sabohat talvasalanib yotar, bemahal yig‘idan uyg‘ongan qishloq asta-sekin ularning uyiga oqib kelar edi…
Peshindan keyin sho‘rariqliklar Jo‘ravoyni qabristonga qo‘yib qaytishdi. Kutilmagan o‘lim har safargidek odamlarning aqlini shoshirib qo‘ygan edi. Birga ishlaydigan do‘stlari afsuslanib:
– Rahmatli kecha, boshim og‘riyapti, deb turuvdi. Bunaqa bo‘lishi kimning xayoliga kepti, – deyishsa, boshqalar buni taqdiri azalga yo‘yishdi:
– Bu bir bahonai sabab, kunimiz bitganidan keyin biz ham Jo‘ravoy borgan joyga boramiz. Nima, dunyoga ustun bo‘larmidik?…
– Odam birdaniga o‘lib qolsa, qo‘rqinchli bo‘larkan. Hech bo‘lmasa, bir-ikki hafta kasal yotsayam koshkiydi.
- Eskilar bekorga aytmagan: quruq tuhmatdan, bemahal o‘limdan asrasin deb. Dunyo qiziq ekan, kecha bor edi, bugun yo‘q.
***
Sho‘rariqda ko‘p vaqtgacha Jo‘ravoyning o‘limi tildan tushmadi. Sabohat ham bu judolikka asta-sekin ko‘nikib borar, ma’rakada ko‘ngil so‘raganlarga, go‘yo shu bilan butun sir oydinlashadiganday, tinmay bir gapni takrorlar edi:
– Tavba, odam o‘lishidan oldin avliyo bo‘lib qolarkan. Rahmatli dadasi ham o‘sha kuni ishdan erta qaytdilar, deng. Hayitda kiygan ko‘ylaklarini so‘rab oldilaru bir aylanib kelaman, deb ko‘chaga chiqib ketdilar. Yorug‘ dunyo bilan xayr-xo‘shlashib kelgan bo‘lsalar kerak-da.
– Uni qarang-a!.. Yo tavba-yey… – deya hayratlanishardi eshitganlar.
Xullas, sir sirligicha qoldi. Faqat kasalxona tabibigina jon chiqar mahali Jo‘ravoyning alahsirashidan nimalarnidir anglaganday bo‘lgan edi. Lekin u sho‘rariqlik emas-da…