"Stop!” komanda berdi politsiyachi jiddiy ohangda.
Biz xuddi harbiylardek, itoatkorlik bilan to‘xtadik va men, beixtiyor o‘girilib, ortga qaradim. Turli yoshdagi oq va qora tanli, erkak, ayollarning oxiri ko‘rinmasdi.Inglizcha, hindcha, nemischa, turkcha kalomlar quloqqa chalinardi. Oldingi qatordagilar sarosimalanib, foto apparatlari va kino kameralarini shaylashga kirishdilar.
Nihoyat, kirishga ruxsat berildi. Biz ichkari kirdik va ellik metrcha naridagi chinniga o‘xshagan oppoq koshonaga tashnalik bilan termulib qoldik.
Bu – afsonaviy Toj Mahal edi!
U negadir, ko‘zimga havoda muallaq turganday bo‘lib tuyuldi. Men ko‘rgan ja’mi obidalardan u tiniqligi va juda aniq simmetriyasi hamda salobatining uyg‘unligi bilan ajralib turardi. Ko‘z o‘ngimda inson tafakkurining yuksak cho‘qqisi namoyon bo‘lgan edi.
Marmardan tiklangan bu muhabbat koshonasini 330 yildan beri ta’riflashadi, ulug‘lashadi.Xo‘sh, men endi yangi sifat yo tashbeh topa olamanmi? Bilib-bilmay, o‘zgalar chaynab tashlagan saqichni og‘izga olib qo‘ymaymanmi?!
Go‘zal polotnolar, zavqovar sharsharalar, azim tog‘lar, Alisher Navoiy, “Ozodlik “haykali; Mono Liza portretini ham aslida ana shuncha uzoqlikdan turib tomosha qilish kerak. Shundagina tashna ehtiroslaring qoniqish topadi.
Toj Mahalni o‘z umr yo‘ldoshi Mumtoz Mahalga atab qurdirgan Shohjahonni Avrangzeb ( o‘z o‘g‘li) bir umrlik qamoqqa tashlaganda, u devorni tangaday teshib, maqbaraga termulib o‘tirgan va kunning turli paytlarida turfa ranglarda toblanishidan hayratlangan ekan.
Bu betakror obidaning ichki qismini aylangach, uning bosh me’mori Turkiyalik Ustoz Iso Afandi ayrim nuqtalarda Go‘ri Amir maqbarasidan ham nusxa olgan, degan xulosaga keldim. Bu binolarning mushtarak tomonlari shundaki, ikkalasida ham kenotaf deb ataladigan tashqi qabr bilan birga tagda haqiqiy lahad ham mavjud. Yigirma ming ishchi va ustalar yigirma ikki yil davomida bunyod etgan bu obidada ham xuddi Go‘ri Amirdek ustki qabr atrofida hordiq chiqarish, namoz o‘qish xonalari bor; nariroqda jome maschidi qad ko‘targan. Har ikkala obida marmarlariga Qur’oni Karimdan oyatlar o‘yib yozilgan.
Zero, buning ajablanadigan joyi yo‘q: Toj Mahalni tiklashda Hindiston, Eron ustalari bilan birga Samarqand, Buxoro hunarmandlari ham mehnat qilishgani ma’lum.
Men bu binoda ilk bor marmarni o‘yib, rangli feruzalardan ajoyib gullar yaratilganligini ko‘rdim va tasannolar aytdim.
Toj Mahal o‘ziga xos majmua: uning atrofida hashamdor machit qurilgan, sayrgohlar tashkil etilgan. Va ular, hozirgacha yaxshi saqlangan.
2006 yilda o‘tkazilgan “Dunyoning yetti mo‘‘jizasi” konkursida Toj Mahal beshinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.Jahon miqyosida... Masalan, Misr piramidalari, Amerikadagi “Ozodlik xaykali”, Moskva Kremli bu yettilikning yaqiniga ham yo‘lamadi. Biz, aniqrog‘i, men ( E’tibor berganmisiz, odatda “biz” deyiladi. Ammo bu gal ana shu an’anani buzishga majburman. ) bu konkursga Registon majmuasi bilan Buxoro arkini tavsiya etgan edim. Ular hatto qirqlikka ham ilinmadi. Bizning matbuot bu haqda xabar bermagani ustiga, Internet auditoriyamiz torligi ham bunga ko‘proq sabab bo‘ldi, deb o‘ylayman. . Zero hozir ham bu borada anchayin orqadamiz.
Shundan keyin biz “Bekajon” gazetasi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonning yetti mo‘‘jizasi” konkursini e’lon qildik. Men ana shu norasmiy komissiyaning norasmiy raisi edim. Uning natijalarini avval bir necha bor e’lon qilganim bois takrorlashni lozim deb bilmadim. (Zarur bo‘lsa, Internetdan topishingiz qiyin emas).
Chexov siqiqlikka erishish uchun asarni o‘rtasidan boshlashni maslahat beradi. Men ham shunday yo‘l tutdim. Agar boshidan boshlaydigan bo‘lsak, mening bu yerga kelib qolishim – tasodifiy hol. Hindistondagi bir formatsevtika kompaniyasi O‘zbekistondan uning mahsulotlarini yirik miqdorda sotib oladigan xaridorlarni taklif qilgan ekan. Katta o‘g‘lim – Ulug‘bek, shu sohaning odami. U meni dori sotuvchi sifatida ruyxatga qadabdi.
Hindiston men uchun Toshkent halqaro aeroportidan boshlandi. Samolyotimizga, asosan O‘zbekistonda ishlaydigan hindular minishgandi. Shuningdek, bir necha bemorlar va ularning kuzatuvchilari hamda savdogar ayollar ham o‘rin olishdi.
Toj Mahal sayrigacha biz Dehli, Agra shaharlarini ham tomosha qilgan edik. Lekin Toj Mahalni ko‘rmay ketish Hindistonni ko‘rmay orqaga qaytish bilan barobar ekanligini bilardik.
“Mug‘ullardan ( ular Boburiylarni shunday deb atashadi) bizni boqadigan Toj Mahal, inglizlardan til qoldi”, dedi, tilmochimiz Feru (aslida Feruz) degan musulmon hindu. Darhaqiqat, Agraga, umuman Hindistonga Toj Mahalni ko‘rgani keladiganlar mamlakat iqtisodiga ozmuncha foyda keltirishmaydi. Ingliz tilining esa ahamiyatini gapirmasa ham bo‘ladi. Bu yerda Boburiylar haqida ham, inglizlar to‘g‘risida ham iliq gaplarni gapirishga odatlanishgan ekan. Bu holni ko‘rib sheriklarimizdan biri: “Ruslar ham bizga universitetlar, zavodlar bilan birga buyuk tilni meros qilib qoldirishdi”, dedi va u haq edi.
Buyuk shoir nadomat ila: “Boshimni olibon Bobur, oyoq yetguncha ketgayman”, deydi va shunday qiladi ham. Keyin esa “Hind sori yuzlandim, yuzi qarolig‘ bo‘ldi”, deb yozadi. “Yuzi qarolig‘” bo‘lganligining ma’no, mohiyatini izladim va allanimalarni topgandek bo‘ldim.
Mayli, bu xususda yo‘l−yo‘lakay gaplasharmiz...
Agrada bizning Samarqanddagiday tarixiy obidalar ko‘p. Ularning aksariyatini esa Boburiy shahzodalar barpo etishgan. Jumladan, muhtasham Agra qasri qurilishini Akbarshoh boshlagan bo‘lsa, Jahongir va Shohjahon davom ettirishgan. Shaxsan men jahonning talay mamlakatlarida bo‘lib, bunday hashamdor obidani ko‘rmaganman. Binodagi betakror o‘ymakorliklar va hovli sahnidagi anvoyi gullarni ko‘rib, beixtiyor shoira Zebunnisoni esladim. U ana shu saroyda yashagan, uy qamog‘ida yotgan bobosiga yeguliklar tashigan bo‘lsa ajab emas. Ehtimol, bu yerga shoiralarni to‘plab, mushoiralar ham uyushtirgandir.
Internetda Zebunnisoni hind shoirasi deb yozishibdi. Tojik entsiklopediyasida fors-tojik shoirasi deyilgan. Biz esa uni o‘zimizniki hisoblaymiz. Mayli, talashishning hojati yo‘q. U hamma xalqlarniki bo‘laqolsin. Ammo alamlisi shuki, qabrini ziyorat qilmoqchi bo‘lgandim, tarjimonimiz ham, qasr xodimlari ham Zebunniso degan shoirani tanishmasligini aytishdi.
Agra va Dehlida 63 yil yashagan shoira: “ Pir shud−u Zebunniso, ba o‘ xaridore nashud” deb o‘kinadi. Zero, shoh qiziga, otashnafas qalam sohibasiga kim ham xaridor bo‘lardi?! Aniqrog‘i, kim bunga jur’at etardi. Uning otasi Avrangzeb esa 300 yillik imperiyani inglizlarga yutqazib qo‘ydi. “Yuzi qarolig‘”bo‘lganligi shu emasmi axir.
Zebunniso, ehtimol, Samarqand qizlarini eslab: “Gajak zulflar ham, surma tortilgan qora qoshlar ham shu yerda”, ekanligini bitgandir. Balki, olis va begona Hindistondan ko‘ra Samarqand qizlari davrasida bo‘lishni orzu qilgandir sho‘rlik.
Mazkur she’rga kuy bastalagan Hoji Abdulaziz shuning uchun bu qo‘shiqni “Samarqand ushshog‘i” deb atagan bo‘lsa ajab emas.
Tengini topsang, tekin ber, deyishadi.O‘z qizlarini munosib kuyovlarga chiqargan otalar, darhaqiqat baxtlidirlar.
Bunga erisholmaganlarning dilini bir umrlik armon kemirajak.
Behbudiy hazratlarining yagona qizlari Parvin opani ko‘rgan edim. Bu bag‘oyat jiddiy va sipo ayol 82 yoshida vafot etdi. Frantsuz tili bo‘yicha katta mutaxassis edi. U kishininng ham tengi topilmay, yolg‘iz o‘tdi.
Uzr, chalg‘ib ketayabman. Odatda, bunday paytda “o‘tlab ketma” deyishadi. Demak qo‘y, echkiga o‘xshab qolma, deb to‘g‘ri dashnom berishadi.
Agraga qaytamiz. Magaram, tarixiy obidalarga boy bo‘lsa-da, bu shahar dilimga o‘tirishmadi. Ko‘chalarda sigirlar, maymunlar, itlar, tilanchilar, bizning lo‘lilarga o‘xshab taqinchoq sotadiganlar haddan tashqari ko‘p edi. Toj Mahalga olib boradigan tor ko‘chaning trotuari bo‘lmagani ustiga tor ko‘cha motorellor, arava tortadigan tuyalar, rikshalarga to‘lib ketgan edi. Atrofga badbo‘y hid taralardi. Bobur ta’riflagan Jamna daryosiga tutash ariqlardan noxush hid kelardi. Odamlar asosan, mototsikl, motorellorda yurishar, unga to‘rt-beshtagacha bo‘lib tiqilishib olishardi. Ayrim avtobuslarning eshigi yo‘q edi; yo‘lovchilar harakatdagi mashinaga ilashib olishar yoki tushib qolishardi.
Shaharda ikki million kishi yashashini aytishdi. Bu Samarqand yoki Buxoroga nisbatan to‘rt baravar ko‘p edi. Imkoniyatlar esa million kishi uchun ham yetmasdi. Qashshoqlar mahallasida minglab odamlar, shundaygina chodir tagida tug‘ilib, shu yerda umrgurzonlik qilishlariga guvoh bo‘ldik.
Goa viloyatida bizga Qozondan kelgan Diana degan yoshgina tatar qiz gid (tilmoch, yo‘l boshlovchi) bo‘ldi. Bu yerdagi qoramag‘iz chehralar badimizga urganligidan bo‘lsa kerak, bu suluvni malika Diana deb ataydigan bo‘ldik. Diana ingliz, hind, rus, hatto o‘zbek tilida (tatarcha shevada, albatta) bag‘oyat ifodali qilib, takalluf bilan gapirar, uning telefoni bot-bot jiringlar va bariga nazokat bilan javob qaytarardi.
Dianadan hind to‘ylarini ko‘rsatishni iltimos qildik. “Nou problem”, dedi u, hind qizlariga xos ishva-yu karashma bilan.
Hind okeanining qumoq sohilida joy tayyorlangandi. Nariroqda esa kelin-kuyov uchun alohida shohona joy tayyorlanib, u turfa gullar bilan bezatilgandi. Tutash restorandan joy tanlab, yeguliklar buyurdik. Birin-ketin mehmonlar kelaboshladilar. Mezbonlar bag‘oyat nazokat va ehtirom ila ularning peshonasiga hinodan xol qo‘yishardi. Ayollar kiyadigan sarilarning turfa bo‘yoqlari qo‘zingni olardi. Katta hushchaqchaqliklar bilan kelin-kuyov o‘z o‘rinlarini egalladilar. Qavmlar kaftlarini juftlab, ularga ta’zim bajo keltirdilar. Muzika boshlandi. Hind xalqining juda qadimiy va sehrli ohanglari okeanning bir maromdagi simfoniyasiga jo‘r bo‘laboshladi.
Bizning avlod, aynan hind filmlari va ohanglari ta’sirida voyaga yetdi.Ayol kinoyulduzlar orasidan Raj Kapur bilan rol ijro etgan Nartsisga o‘xshaganlar mehri hamon yuragimiz to‘rida. To‘yxonada o‘shalarga o‘xshash kuydirmajon oqsuyaklar anchagina edi va ular dilingda o‘ziga xos surur, mehr o‘yg‘otardi.
Sahnaga xonanda erkak bilan sohibjamol ayol ko‘tarildilar. Ular jo‘rovozlikda, negadir anchayin g‘amgin qo‘shiq boshlashdi. Dianaga o‘girildim. “Ular qanaqa qo‘shiq aytishayabdi?” Bu juda qadimiy ohang, “dengizchilar qo‘shig‘i”, deyishadi. So‘zlarini ag‘daradigan bo‘lsak, “Sen ona emassan, jallodsan hayot, Sen ona emassan, jallodsan ummon!” Va hakozo”.
Goaga kelgan kunimoq, Hind ummoni va unga tutash dengizlar millionlab hindistonliklarni bag‘oyat qattiqqo‘llik bilan boqayotganligiga guvoh bo‘lgandim. Tongda sohil sayriga chiqqanimda, tuni bilan baliq tutgan hindular qirg‘oqqa qaytgan bo‘lishardi. Ular bellarigacha suvga botib, baliqlarni (dengiz mahsulotlari, desa o‘rinli bo‘lar. To‘rga ko‘plab qisqichbaqa, toshbaqa, chig‘anoq, krivetka va men nomini bilmaydigan jonivorlar tushgan bo‘lardi. Agar delfin ilinib qolgan bo‘lsa, zudlik bilan suvga tashlashardi) qirg‘oqqa chiqarayotgan, ularni saralayotgan, uzundan-uzun to‘rlarning chigalini yozayotgan bo‘lishardi. Sohil daraxt tanasidan o‘yib yasalgan, atigi bir kishi sig‘adigan qayiqlarga to‘lib ketardi. Qayiq yonida bot-bot bir bosh paydo bo‘lar va u zum o‘tmay, tag‘in suvga shung‘ib ketardi. Bilsam, bular ummondan chig‘anoq terayotgan hindular ekan. Jonivorning atigi yarim tishlam go‘shti uchun ko‘plab ovlashar, savdogarlar shu yerning o‘zida xarid qilib, restoran, oshxonalarga sotisharkan.
Hamma narsa vaqtdan qo‘rqadi, degan naqlni eshitgan chiqarsiz. Bu – inkor etib bo‘lmaydigan achchiq haqiqat. Ammo, odamlaar ham nodon emas. Ular vaqtdan ham ustunlik qiladigan boqiyliklar yaratishga qodir. Shulardan biri musiqadir. “Dengizchilar qo‘shig‘i” to‘rt ming yildan beri kuylanarkan. Jafokash hindu bor ekan, bu ohanglar boqiy bo‘lib qolajak! Qani, vaqt qudratli bo‘lsa, uni yengib ko‘rsinchi...
Uzr, tag‘in chalg‘ib ketdim. To‘y haqida hikoya qilayotgandim. Endilikda musiqa gammasi tag‘in ham kuchaygan va erkak xonanda oshiqona qo‘shiq aytardi. “Diana, azizim, u nimalar haqida kuylayabdi?” so‘rayman burro tilmochimdan. “Braxma, Vishna, Shiva va boshqa xudolarga iltijo qilaman: ular meni shabadaga aylantirishsin va tongda zulflaringni silab, seni uyqudan uyg‘otay”, deyabdi”.
Nikoh marosimi tugadi va to‘rt yigit taxti ravonni ko‘tarib kelib, kelin qarshisiga qo‘yishdi. U qimmatbaho yog‘ochdan yasalgan bo‘lib, zarrin rangda bo‘yalgan, tabiiy gullar bilan bezatilgandi. Endilikda faqat ayol xonanda yurakni ezadigan qo‘shiq aytaboshladi. Kelinni esa taxti ravonga taklif etishdi. U orqasiga o‘girilib, ota-onasiga mahzun nazar tashladi, ko‘zlari namlandi. Qo‘shiq avjiga chiqdi.
Dianaga yuzlandim. Qiz bu gal tatarchalab javob berdi. “Ko‘zlarimg‘a yash kila, yash kila, yash kila...” Shunday dedi-yu, o‘zining ham diydalaridan yosh dumalab ketdi. Biz allanechuk bo‘ldik.
To‘ydan keyin Dianaga minnatdorchilik bildirib, ertaga okean sayriga olib chiqishini so‘radik. Qiz allakimlarga telefon qilaboshladi.Inglizchalab rosa iltimos qilgan bo‘ldi. “Bir tanish baliqchi bilan gaplashdim, dedi u. Qayig‘i ham yelkanli, ham motorli; yaxtaga o‘xshaydi. U sizlarni okean bag‘ridagi orolga olib boradi. Baliq ovlaysizlar, cho‘milasizlar, kechgacha sayr etasizlar. Tushda yaxshi ziyofat qiladi. Ammo, ertagamas, indin vaqti bor ekan. Kishi boshiga sakson dollardan so‘rayabdi”.
Bu narxning anchayin qimmatligini sezishgan bo‘lishsa hamki, Diananing go‘zalligi, xushsuxanligi va biz uchun jon kuydirayotganini ko‘rib, indamay qo‘yaqolishdi. Keyin Diana Hindiston haqida maroqli afsona va haqiqatlarni hikoya qildi. Mening ham talay savollarimga xushtakalluflik ila javob qaytardi.
Xayrlashish oldidan Diana, biz ungajuda yoqib qolganimizni, o‘zi ham birga borish istagi borligini o‘ziga xos hayo bilan izhor etdi.
Eh, siz biznes kishisining tabiati, ruhiyati bilan qiziqqaningizda edi!
Ular bag‘oyat ehtiyotkor va zum bo‘lishadi, biznes faoliyatlarini pinhon tutishadi. Muxbirlarni yomon ko‘rishadi, ekranda ko‘rinishni yoqtirishmaydi. Hukumatdan (ayniqsa, bizda) juda qo‘rqishadi va u haqda faqat hamdu-sano gaplarni gapirishadi. Aksar ishlarini pora berib bajarishadi. Odamlarga unchalik ishonishmaydi, birovga yordam berishga ham shoshilishmaydi.
Bularning ham o‘z sabablari bor, albatta. Jumladan, muhtoj kishiga bir-ikki bor madad ko‘rsatsang-u, keyin davom ettirmasang, u borib turgan raqibingga aylanishini bilishadi va hakozo.
Bizning davra shunday toifadagi, rusizabon kishilar edilar. Bir umr muxbirlik qilgan, ko‘rgan kishini savolga ko‘mishga odatlangan men uchun bu davra noo‘ng‘ay edi, albatta. Shuning uchun ham, birinchi kundan boshlab, kamroq gapiradigan, zarur bo‘lganda, ulardan ajralib ish tutadigan bo‘ldim. Ammo shunga qaramay, kechqurun Ulug‘bek menga ovozini jilla ko‘tardi. Uning kayfi bor edi.
“Dada, sizning haligi gid bilan savol-javobingiz menga o‘tirishmadi! U Zebunnisoni qaerdan biladi? Unga Boburiylar ham kerak emas! Uning o‘zi kim? Bir jipiriq! Tataristondan pul ishlagani kelgan qallob. Pul bersangiz...”
“Biz − tatarlar ham barcha turkiylardek, Buyuk mug‘ul avlodidanmiz. Asl vatanimiz Oltoy, Mug‘uliston yerlari bo‘lgan” degandi u. Men jilla e’tiroz bildirgandim. Zebunnisoni surishtirganimda, u hech nimarsa bilmasligini tan olgandi, xolos. Shoiraning qabri va merosini so‘ramasligim mumkin emas edi, boisi, bu haqda yozish niyatim bor edi. Til biladigan boshqa odam bo‘lmagani sabab, uni savolga tutishga majbur edim.
“Hay, hay, hay! Shuncha narsaga aqling yetgan odam, shunga kelganda oqsaganingga hayronman”, dedim.
Muhtaram o‘quvchi! Bu kalom sizga tanish, u avval qulog‘ingizga chalinganini bilaman. Otabek g‘azab qilib, Toshkent fuqarolarining ja’mi azob-uqubatlariga otasi − Yusufbek Hojini ayblaganda, dono muysafid shunday deb javob qaytarganini xotirlasangiz kerak.
Zero otalar va bolalar muammosi juda qadimiy. Boisi, otalar boshqa davrda voyaga yetishgan, tarbiyalanishgan, bolalar esa... Davrlar orasidagi tafovut dunyoqarashlarda aks etib kelgan va bu ziddiyatlarga sabab bo‘lgan. Ayting, ayting, Shohjahon ham va uni bir umr qamoqqa tashlagan Avrangzeb ham ana shu ziddiyat qurbonlari emasmidilar?! Buning ustiga Boburiylar bir necha musulmon hind ayollarini xotinlikka oldilar va o‘gay aka-ukalar taxt uchun bir-birlariga tig‘ tortishdan toyishmadi. Bunday yuzi qarolig‘lar Temuriylar sulolasi uchun yangilik emas edi.
Mayli, mavzuga qaytaylik. Ertasi bizni taklif qilgan kompaniya tushda ziyofat uyushtirishini ma’lum qilishdi.
Yetib borganimizda, kichikrok restoran hovlisida stol bezatilgandi. Hindistonga kelganimizdan beri dengiz mahsulotlaridan o‘zgasini tatimagan edik. Dasturxonda nonni ko‘rib, quvonib ketdik. ( Ular tandirda yupqa qilib pishirisharkan va “tano‘ri” deyisharkan). Shuningdek, dasturxonda tovuq go‘shti ham ko‘rindi. Bizdan sal nariroqda qo‘g‘irchoqboz sahna tiklab, tomosha boshlab yubordi. Keyin sitor va surnayli kishilar ham chekkaroqdan joy olib, bizga hindcha salom berishdi va muzika chalishga kirishishdi.
Ularga choychaqa berishimiz lozimligini tushundik.
Avval kompaniya raisi tashrif buyuradi, deyishgandi. Ayon bo‘lishicha, uning yordamchisi keladigan bo‘libdi.
Bu amaldor anchayin pakana bo‘lib, rus tilida burro gapirardi.
Mening kuzatishimcha, pakanalar o‘z ishiga puxta bo‘ladi. Uzib-uzib gapirishi, veterinariyaga oid iboralarni qalashtirib tashlashi, chechanligini ko‘rib, bu odamni Xudo, aynan boshliq yordamchisi uchun yaratgan, degan xulosaga kelardi kishi. “Raisga aytdim, o‘zim boraman, men ularni taniyman”, dedim”, qisdirdi gap orasida.
Ayon bo‘lishicha, bu odam O‘zbekistonda, jumladan, Samarqandda ham bo‘lgan, biznikilar uni rosa mehmon qilishgan ekan.
Ular amaliy suhbatga o‘tishdi. Mezbon negadir o‘zlari ishlab chiqarayotgan yangi vaksinalarni ta’riflashga o‘tdi. “Biz bu borada Rossiya bilan shartnoma tuzib qo‘yganmiz”, dedi guruhimiz rahbari Mixail Grigoryan, andak hijolatomuz.
Mezbonlar sardorining hafsalasi ancha pir bo‘ldi, ammo sir boy bermay, Rossiya ham, Yevropa ham hindlardan vaksina olayotganligini o‘ziga xos viqor, tantana bilan gapirdi. Keyin biznikilar o‘tgan yilgi miqdorda dizenfeksiya preparatlari oladigan va ertaga ofisga borib shartnoma tuzadigan bo‘lishdi.
“Ertaga rejalaring qanaqa”, savol berib qoldi mezbon. Guruh rahbari Diana degan qiz ummon sayriga olib chiqishga va’da berganini aytdi. “Uni bekor qilinglar, o‘zimiz olib chiqamiz”, dedi amaldor.
U bilan kelganlardan biri, negadir Dianani ayblashga kirishdi. Uning qallobligini, Rossiyadan kelganlarni nuqul chuv tushirishini, ummon sayri ellik dollardan oshmasligini gapirdi.Shuningdek, do‘kondorlar bilan shartnoma tuzishini, har bir xarid uchun ulardan falon foiz haq o‘ndirishini aytib berdi.
Ulug‘bek menga ma’noli ko‘z tashladi. Nigohimni olib qochib, shundaygina tepamizda qad ko‘targan kokos daraxtining bag‘oyat tik, baland tanasini kuzatgan bo‘ldim.
Kutilmaganda, pakana amaldor menga murojaat qilib qoldi. “Nazarimda, siz boshqa soha odamiga o‘xshaysiz?”
Men ma’qullab, bosh tebratdim, ammo jurnalistligimni aytgim kelmadi.“Shu baland daraxtdan kokosni qanday terib olishni o‘ylayabsiz, shekilli?” “Shunday!”U boya Dianani g‘iybat qilgan qoqsuyak hinduga ishora qildi va u bag‘oyat chaqqonlik bilan daraxtga chiqib, har biri handalakday keladigan meva olib tushdi. Kokos po‘stini qirqishdi, undan bir stakan sharbat chiqdi. Tatib ko‘rdim, chuchmal shirinlik ekan. “Biz buning biror donasini qoldirmay terib olamiz: undan vino tayyorlaymiz”, davom etdi mehmonlar sardori.
Hademay kokos vinosini ham topib kelishdi. U tomog‘imni kuydirib ketdi. Ko‘p o‘tmay, qonimni qizdirdi va yuzimdagi qizillikdan hijolat chekib, o‘rnimdan turdim.
“Men sohilga boraman!”
“Ehtiyot bo‘ling”, tayinladi Ulug‘bek.
Ummon hamon chayqalar, to‘lqinlar tiniq qumlarni bir maromda yuvardi. Qorong‘u tushayotganiga qaramay, chig‘anoq ovlovchilar hamon suvga sho‘ng‘ishar, lo‘liga o‘xshash ayollar chig‘anoq va turfa munchoqlarni ko‘z-ko‘z qilib, sotib olishimni so‘rardi. Uzoqdan horg‘in baliqchilarningeski kemasi xuddi ko‘lankaday bo‘lib ko‘zga tashlanar, allaqaerdan mungli qo‘shiq elas-elas quloqqa chalinadi. Bu − jafokash hind dengizchisining o‘lmas qo‘shig‘i, uning ohu- nolasi, behudud hasrati edi.
“Sen ona emassan, jallodsan, hayot,
Sen ona emassan, jallodsan ummon...”
Dard va o‘kinchga limmo-lim nido!
Shum qismat kekirtagini tobora zichroq qisayotgan, kun ko‘rish joniga tegib ketgan baxtiqaro sho‘rlikning dildan otilgan hayqirig‘i!
Ko‘z o‘ngimda belgacha suv kechib, to‘rlarning chigalini ochayotgan, bir tishlam nasiba uchun kunu-tun suvga sho‘ng‘ib, chig‘anoq izlayotgan , chodir ichida tug‘ilib, umr bo‘yi o‘sha yerda umrgurzonlik qiladigan va o‘lgach, yoqib yuboriladigan, taqdir chap qo‘lini cho‘zgan, xudolar va qashshoqlarga serob yurtning omadsiz hindulari gavdalandi.
Inson bolasining xoru xasdek beqadrligidan dilimni g‘ussa bosdi.
Xonaga qaytayotganimda, postda o‘tirib zerikkan politsiyachi istiqbolimga chiqdi. Uning zerikkanini, kim bilandir hamdard bo‘lish istagi borligini darhol fahmladim. Zero, men ham kimgadir izhori dil qilishga tashna edim. Biz inglizchalab salomlashdik. U bir nimalar dedi. Bosh tebratib ma’qullab turdim. “Gud, gud” (yaxshi, yaxshi) dedim. Keyin, o‘zim o‘zbekchalab so‘z qotdim. Sho‘rlik hinduga hayot ham, ummon ham o‘ta beshafqat bo‘lganligini aytdim. Biz bir-birimizni batamom tushunmayotgan bo‘lsak hamki, gapirgimiz kelardi. Jilla tin olgach, Zebunnisoni izlab, uning daragini topmaganimni aytdim. U xuddi barini tushungandek, odob yuzasidan bosh tebratib turdi. Keyin bir-birimizni uzoq aldagimiz kelmadi va biz xayrlashdik.
Bundan ikki yil muqaddam Ummon dengizi sohilida ham shu ahvolga tushgandim. Sayyohlik kemamiz qirg‘oqqa yaqin masofada langar tashladi va biz qayiqlarga minib, sohilga chiqdik. Odamlar baliq ovlash, cho‘milish bilan band bo‘lishdi. Mening diqqatimni esa dengiz bilan nuqul qora toshlardan iborat tog‘ oralig‘idagi torgina joydagi uylar tortdi. U yerda kimlar yashasharkan, tirikchiliklari qanday ekan. Muxbirona qiziqish bilan o‘sha tomonga yo‘l oldim.
Sohildagi katta qoziqqa eski qayiqlar bog‘langandi, oriq echkilar ko‘zga tashlanar, uylar pastak va xarob edi. Bu yerga olib keladigan birorta so‘qmoq ham yo‘qligidan ajablanib turganimda, pastak eshikdan enkayib, boshdan-oyoq qora libosga burkangan arab ayoli chiqdi. Uning yuzida zarracha xayrixohlik ko‘rmadim. Shunga qaramay, ehtirom ko‘rsatib salom berdim. U alik olgan bo‘ldi va allanimalarni gapirdi. Bosh silkib ma’qullab turdim. Ayol arabchani tushunmayotganimni his qilib, inglizcha gapirishga o‘tdi. Lokinda, men − noshud bu zabonni ham bilmasdim. Ruschalab bir nimalar dedim. Ayol meni chanqagan deb o‘yladi, shekilli, o‘g‘lini chaqirib topshiriq berdi, u uydan mineral suv olib chiqdi.
Yo‘l boshlovchimiz, bular baliqchilar oilasi ekanligini, baliq tutib, shaharga eltib sotishlarini aytdi.
Shu arab baliqchining xotini ingliz tilini bilib, mening soqov bo‘lib turishim alamli edi, albatta. Uni o‘rganishga ahd qildim. Ammo mening yoshimda zarurmikin shu azob, degan meshchan va daqqoq falsafa xalaqit bergandi. Bugun tag‘in shu ahvolga tushgandim.
Respublikamizda birinchi sinfdan boshlab ingliz tili darslari o‘qitilayotganligi quvonchli hol. Buni o‘n yil ilgari boshlash lozim ekan, deb o‘ylab qolaman gohida.
Demak, ular mendan ko‘ra burro va dono bo‘ladilar. Hindistonga kelib qolishsa, O‘zbekiston haqida to‘lib-toshib gapiradigan bo‘lishadi. Boburning: “Hind sori yuzlandim, yuzi qarolig‘ bo‘ldi” yoki Zebunnisoning: “ Pir shud−u Zebunniso, ba o‘ xaridore nashud...” degan dardli misralarining mohiyatini gapirib berishadi.
Bir vaqtlar bobolari ( ya’ni, men) bu yerga kelib, otashnafas shoiraning qabrini topolmaganimni nadomat bilan hikoya qilishadi. Ha, men bunga ishonaman!
Kolumb Amerika qit’sini ochganda, bu xushfe’l va hovliqma sayyoh nima deb hayqirganini bilasizmi? “Ura! Men Hindistonni kashf etdim!”
Ana shu xato hayqiriq oqibatida bu qit’a aborigenlarini hozirgacha indeetslar deyishadi
Aslida, har bir sayyoh Hindistonni o‘zicha kashf etadi. Hindistonni tom ma’noda kashf etgan buyuk inson, Beruniydir. Bu bobaraka bobomiz ming yil!!! ilgari bu yurtning tog‘u toshlari, shahar qishloqlarini yayov kezib, arab tilida “Hindiston” degan kitob yozganlar. Bu faqat biz uchun emas, Hind yurti, dunyo olimlari uchun ham qimmatbaho ilmiy manba’dir.
Ana shu kitob uchun men Beruniyning chorig‘i bog‘ichini bog‘lab, changini artib qo‘yishga tayyorman!
Bunday deyishimning boisiga e’tibor bering.
Ummon sohillari bo‘ylab yostangan Goa viloyatini orol deb hisoblasharkan va buning o‘ziga xos ramziy ma’nosi bor. Butun Hindiston Buyuk Britaniya tasarrufiga o‘tganda, bu viloyat Portugaliya mustamlakasi bo‘lib qolgan ekan. Aholi gavjum yashaydigan joylarda katoliklarning hashamatli ibodatxonalari qad ko‘tarib turibdi. Bu dinga e’tiqod qo‘ygan hindularni ham uchratdik. Katolik, hinduizm va islomga e’tiqod qo‘ygan hindularning ahil yashashi bizni quvontirdi.
Yo‘l bo‘ylarida esa son-sanoqsiz do‘konlar. Hind ayollari eshik oldida turib, sizni do‘konlariga da’vat etishdan charchashmaydi. Ular zaruratdan rus tilini chala-chulpa o‘rganib olishgan.
O‘sha kuni bir ayolning zorlanishidan keyin uning do‘koniga kirdim. Ichkarida bir erkak bilan bo‘y yetgan qiz ham bor edi. “Janob, menga murojaat qildi ayol, mening nomim Mali, bu − erim, bunisi − qizim”.
Qiz kursi qo‘ydi, men o‘tirdim. “Bu yerda havo issiq, siz yengil poyafzal kiyishingiz kerak”, dedi ayol va bir necha yozlik poyafzallarni oldimga terib qo‘ydi. O‘zi esa, shundaygina oyog‘im oldiga o‘tirib, botinkamni yechdi va basanochkani kiydiraboshladi. Uning bog‘ichlarini bog‘lab qo‘ydi. Juda noo‘ng‘ay bo‘ldim. “O‘zim, o‘zim”, deyishimga qaramay, uni qayta yechib oldi va boshqasini kiygizdi, o‘rnidan turib, nariroq borib qaradi va shunisini xarid qilishni maslahat berdi. Botinkamni esa nam latta blan artdi, tsellofon xaltaga solib, qo‘limga tutqazdi. Men noo‘ng‘aylikdan qutulish uchun aytganini to‘lab, tashqariga shoshildim. “Janob to‘xtang, bir dam to‘xtang”, tag‘in iltijo qilaboshladi u.
Bilaman, sizning xotiningiz juda chiroyli, siz unga mana shu hindcha ko‘ylakni olib borsangiz, behad quvonadi”. “Biz hali shu yerda bo‘lamiz, kirib olaman”, va’da berdim.
Kechqurun Ulug‘bekka hindu ayolning menga ko‘rsatgan ehtiromidan hijolat tortganimda aytganda, u savol berdi: “Nitshe nima degan?” Men bu nemis faylasufining: “Hamma narsa manfaatga borib taqaladi, hamma narsaga shubha bilan qara”, deganini takrorlab turardim. O‘g‘lim shuni nazarda tutgandi. “U sizni, albatta, aldagan. Bu yerni Hindiston deyishadi!” Garchand, bu javob dilimga o‘tirishmagan bo‘lsada, indamay qo‘yaqoldim.
Ul zoti bobarakot − Beruniyning ming yil avval bu yerlarni piyoda kezib, kitob yozib qoldirganining ahamiyatini anglash uchun inson bag‘oyat solih va ravshanfikr bo‘lmog‘i kerak. Bizning ashraf bobolarimiz sayru sayohat qilish va ko‘rganlirini qog‘ozga tushirish zarurligini bizdan ko‘ra chuqurroq his etishgan. Shayxur rais (Ibn Sino) yozadilar: “Mening nomim, tirikdir, bedorning o‘g‘liman. Jahondagi hamma holatlarni bilish uchun sayohat qilmog‘im, olam bo‘ylab yurmog‘im kerak”.
Zero, yurgan − daryo, o‘tirgan − bo‘yro.
Agar siz sayohatda bo‘lsangiz-u, taassurotlaringizni gapirib bermasangiz, demak, behuda yurgansiz!
Agar siz qalam sohibi bo‘lsangiz-u, ko‘rganlaringizni qog‘ozga tushirmasangiz, kasbu-koringizga xiyonat qilibsiz!
Men Pekin ko‘chalari, Tojikiston tog‘larida; Qizilqum sahrosi, Buxoro jin ko‘chalarida; Qora dengiz plyajlari, Ukraina zapovedniklarida; Gurjiston choy plantatsiyalari, Bulg‘oriya chorvachilik fermalarida bo‘ldim.
Qo‘lda qalam va bloknot bilan, albatta!
Gohida, yolg‘iz qolganimda, oyoqlarimni mehribonona silab, ularga so‘z qotaman:
”Qariyb yetmish kilolik yukni yetmish yildan beri ko‘tarib yurganlaring uchun, sizlarga rahmat! Buyog‘i ko‘p qolmadi, chamamda. Xudo sizlarni menga ko‘p ko‘rmasa bo‘lgani...”
Beruniyning poyafzalini tozalab qo‘yishni o‘zimga sharaf deb bilishimning boisi endi sizga ayon bo‘lgandir!
Bu dunyoning ostiga yo kezma yetadi yo ezma. Men umr bo‘yi ham kezma, ham ezma bo‘ldim, ammo dunyo jumboqlarining oxiri ko‘rinmaydi.
Siz “Qishloq haqiqati”, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Zarafshon”, gazetalari; “Guliston”, “Saodat” jurnallarining 1970 − 1980 yillardagi taxlamlarini varaqlab ko‘ring-a. Eh-he, nimalar haqida qalam tebratmadim men...
Redaktsiya topshirig‘i bilan qamoqxona, jinnixona va hatto morgga ham kirib chiqqanman... (Eh, sarbaland edilar, muxbirlar u zamonlarda!).
Shuning uchun ham o‘zimni yozuvchidan ko‘ra ko‘proq jurnalist, muxbir deb hisoblayman. Hozir ham biror shahar, qishloqqa borsam, Amerikani ochgan Kolumbday quvonaman. Bu yangi maskanni batamom kashf etish uchun o‘zimga suhbatdosh izlayman va albatta, topaman.
Goada mening suhbatdoshlarimdan biri – o‘sha dastlabki kun poyafzalim bog‘ichini mehribonlik bilan o‘tkazib, botinkamni nam latta bilan artib bergan Mali bo‘lishini bilmagan edim.
Ko‘chaning nari betidan o‘tib ketayotganimda, chorlab qoldi u. “Janob!
Janob! Kiraman degandingiz...” Men ikkilanib, do‘konga kirdim. “Kirmadingiz-a, u chin yurakdan gilalayotganini sezib so‘radim. “Nima gaping bor edi?”“Xotiningizga sirg‘a olib qo‘yganman. Arzon... Burunga taqadigan...” “Xotinim burniga sirg‘a taqmaydi. Biz, musulmonmiz”. “Men ham musulmonman, taqaman-ku!” “Undan bo‘lsa, nega noming Mali?”
Aslida Malohat, ammo Mali deyishadi. Mayli, men sizning xotiningizga boshqa zarur narsa topib beraman. Mana juda ajoyib. Hijob uchun”. “Mening xotinim hijob ham olmaydi, lekin mayli xarid qilganim bo‘lsin”.
U quvonib ketadi, tag‘in hasrat qilishga tushadi.
“Janob, biz bu yerda atigi uch oygina savdo qilamiz. Keyin yomg‘irlar boshlanadi, turist kelmay qo‘yadi. Tag‘in ish izlashga to‘g‘ri keladi”.
“Sen, Mali, xotirjam bo‘l. Men jo‘nash oldidan qizlarim, kelinlarim, nabiralarim uchun ko‘plab hindcha sari ko‘ylak sotib olaman. O‘sha, hind filmlarida Nartsis kiyib chiqqanlaridan topib berasan...” Uning quvonganini ko‘rib, maqsadga o‘taman. “Sen hozircha menga hindlar, tirikchilik, urf-odatlar, oilang to‘g‘risida gapir”“Janob, nimasini gapiray? Barini ko‘rib turibsiz. Yoppasiga qashshoqlik, nochorlik... Bizning xalqimiz, inglizlardan qutulib, mustaqil bo‘lsak, boyib ketamiz, deb orzu qilishgan. Lekin, ko‘rib turibsiz − hech nimarsa o‘zgarmadi. Xudoning qahriga uchragan halqmiz. Mana siz Rossiyadan kelib, (uning O‘zbekiston haqidagi tasavvuri haminqadar edi) Toj Mahalni ziyorat qildingiz. Men necha yildan beri orzu qilib, borolmayman u yerga. Ro‘zg‘ordan orttirolmayman”.
Mali shunday dedi-yu, ko‘ziga yosh oldi. Eriga allanimalar dedi va so‘zida davom etdi.
“O‘zim kollejni bitirib, bolalarga dars berganman. Ammo u xususiy maktab edi, yopildi va men ko‘chada qoldim.. Qizim matematikani yaxshi ko‘radi. Kollejga kirdi. Atigi bir yil o‘qidi. Tasavvur qilasizmi: 2500 dollarga tushadi, bir yillik o‘quv. Chiqarib oldik. Sizlarda kollejda o‘qish bepul deyishadiku”, savol nazari bilan qaraydi.
“Ha, shunday”, uning fikrini ma’qullayman va: birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukur qil, degan naqlni eslayman. Hind uchun hayot ham, ummon hamhaqiqiy ona bo‘lolmaganidan nadomat chekaman.
Men do‘kondan chiqish oldidan mayda-chuyda xarid qilgan bo‘laman, qaytimini olmayman. “Janob, biror yerga boradigan bo‘lsangiz, erim motorellor bilan olib boradi, qizim kiyimlaringizni dazmollab beradi”.
Xonaga borgach, nimalar sotib olganimni o‘g‘limdan pinhon tutaman.
Bu gal do‘konga kutilmaganda kirib bordim. Devordagi kaltakesakka ozor bermay, uni tashqariga chiqarib yuborayotgan Mali quvonib, kursi qo‘ydi. Men esa, beixtiyor, birinchi kuni mehmonxona ma’murining ogohlantirishini esladim.
“Mabodo, xonaga ilon kirib qolsa, iltimos, o‘ldirmanglar, bizga xabar bering, xodimimiz uni tutib, tashqariga qo‘yib yuboradi”.
Hindlarning tabiatga munosabati meni hayratga solganini aytib o‘tishim kerak. To‘riga delfin ilingan baliqchi hijolat va qo‘rquvdan shosha-pisha uni suvga qo‘yib yuborgani, Agrada mototsikl urib ketgan maymun bolasini o‘sha yerning o‘zida galalashib davolashganini ko‘z o‘ngimdan o‘tadi. Endi esa Mali kaltakesakka ham ozor yetkazmoqchi emas.
“Mali, uni o‘ldirish gunohmi?” tergab qo‘yaman. “Ganesha buni ko‘radi va g‘azabga minadi”.
Genesha – fil boshli inson qiyofasidagi Xudo. Aksar haydovchilar uning haykalchasini mashinalariga ilib qo‘yganlariga guvoh bo‘lgandim.
“Ammo, sen musulmonsan-ku”. “Lekin, shu bilan birga hinduman. Hamma xudolarni hurmat qilishim shart!
Mening 1974 yilda nashr etilgan birinchi kitobcham “Agar tabiatni sevsangiz” deb atalgandi. Gazeta-jurnallarda ekologiyaga oid yuzlab maqolalar yozdim. Respublika tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasini tashkil etishda ishtirok etganman va unda bo‘lim mudiri bo‘lib ishlaganman. Lekin shularning bariga qaramay, hindularning tabiatga munosabatlari men uchun jumboq.
Nechun o‘zlari och bo‘lib, minglab maymunlar, daydi sigirlarni boqishadi, jonivorlarni o‘ldirishni jinoyat deb bilishadi? Nazarimda, bu e’tiqod. Ehtimol, tabiatni qonunlar bilan muhofaza qilgandan ko‘ra, bu insoniy burchni e’tiqodga aylantirish zarurdir.
Xaridorlar kirishdi. Ulardan biri o‘tgan yil otasini Dehlida davolatib ketgani bilan maqtanardi. Mali ularga suvenirlar, ichki liboslarni ko‘rsatdi. Ammo Malining umidvor bo‘lib qolishiga qaramay, ular xaridsiz chiqib ketishdi.
“Mali, eshitdingmi, odamlar aksar yurtlardan kelib, shu yerda davo topib ketishayabdi”. “Janob, bunga ham kambag‘alligimiz sabab. Ota-onalar tirik qolish uchun o‘zlari, bolalarining buyraklarini atigi yuz dollarga sotishadi. Avtohalokatdan nobud bo‘lganlarning yuraklari, o‘txaltalari, ichaklari arzonginaga beriladi”.
Biror nimarsa deyolmadim.
Jo‘nab ketish oldidan uning do‘koniga kirib, sovg‘a salomlarimni xarid qildim. Cho‘ntagimda qolgan 600 rupiyni ( 1$=60 rupiy) unga uzatdim. “Mana bunisi ham senga. U endi menga kerak emas, bizning yurtda u − qog‘oz”.
U avval ko‘nmadi, keyin oyog‘imga egilmoqchi bo‘lganda, bunga izn bermadim.
“Boing” bortiga tiqilib kirayotganlar orasida hindular bilan birga latta-puttalarni arzon-garovga sotib olganidan mamnun savdogar ayollar, jarrohlikdan keyin hali kuchga kirishmagan bo‘lishsada inson “zapas qismlari”ni hemiri narxda xarid qilganidan xursand bo‘lgan dardmanlar ham anchagina edilar.
“Muhtaram xonimlar va janoblar! “O‘zbekiston havo yo‘llari” kompaniyasi sizni muborakbod etadi....”
O‘zbekcha bu kalomdan ichki bir mamnunlik, qoniqish tuyganday bo‘laman...