OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Nusrat Rahmat. Noxush xayollar (hikoya)

Yetmish yoshdan oshgan (aniqrog‘i, yetmish to‘rtga kirgan) qotma, bo‘ychan, siyrak sochlari oqargan, tishlarining yasamaligi sezilib turadigan, yurganda andak enkayib, ehtiyotkorlik bilan qadam tashlaydigan, nigohlari xiralashgan, ko‘zoynagi ostidan sal anqayib qaraydigan, ko‘rinishda sokin, xotirjam bo‘lsa-da, salga asabiylashib, serzarda bo‘ladigan, kasalvand, jizzaki cholni ko‘z oldingizga keltira olasizmi?
Ana shu odam, menman.
Vahob Kabirovich Kabirov, deyishadi kaminani.
Mening yoshimdagilar, odatda, qachonlardir qilgan amallari bilan maqtanish, o‘zlarini minbar va hay’atga urish, hukumatga huda-behuda hamdu sano o‘qish, tobut boshida nutq so‘zlash; xotiralar, gohida she’r yozishga moyil bo‘lishadi. Bular bari mening tabiatimga zid. Xudo saqlasin! Hatto gazetachilarning «baxtli keksalik», «nuroniy otaxonlar» singari iboralariga kinoya va pisxandlik bilan qarayman; nazarimda, bular bari juda shaldiroq, nosamimiy to‘qimalar bo‘lib tuyuladi. Ilohim adashgan bo‘layin-u, yetmishdan keyin ruslarning «Starost ne radost» degan naqli mazmun, mohiyati bilan hammaning eshigini noxush taqillataveradi. Hatto bahor tarovatidan, musiqaning sehrli ohangidan, nozanin chehralardan lazzatlanishingga kasalliklar, noxush xotiralar, o‘lim haqidagi dilingni siyoh qiladigan nogahoniy fikrlar va boshqa ojizliklar xalaqit beraveradi.
Bemorliklardan boshlaydigan bo‘lsak, qariyb yigirma yildan beri xafaqon (gipertoniya, qon bosimi) bilan yakkama-yakka kurashib kelayotganimni, ammo ko‘pga bormay boy berishimni aytib o‘tishim kerak. Bir bor yiqildim ham, ammo shifokorlar, ringdagi hakam: «engil nakaut», deganiga o‘xshab, mikroinfarkt bo‘lganimni aytishdi va o‘rnimdan turg‘izib qo‘yishdi. Menga o‘xshash badbaxt, zahar cholga narigi dunyo ham zor emas ekan, degan to‘xtamga keldim o‘shanda. Dilozordan Xudo bezor, deganlari, ehtimol shu bo‘lsa.
Doktorlar, tabib-u ekstrasenslarni hurmat qilaman, albatta, ammo yigirma yildan beri ularning bari menga, shunchaki yon bosadigan muxlis yoki hangomatalab tomoshabin rolini bajarib kelishdi. Ringdagi bokschiga: «bo‘shashma», «o‘ng qo‘lingni ishga sol», «yiqit», deb baqirishadi-ku… Shunga o‘xshash.
Har yili kardiologiya shifoxonasiga yotib ham chiqaman va doim man-man degan doktorlargina emas, fan ham kasallik sabablari, uni davolash usullaridan bexabar, degan to‘xtamga kelaman. Meni davolaydigan doktor shu mavzuda dissertatsiya yoqlagandi. Ammo rahmatlini aynan infarkt olib ketganligi bunga misol bo‘lar, deb o‘ylayman.
Boshqa dardlarim ham bor va bunga tabiiy bir hol deb qarayman. Mening yoshimdagilarga tabiat ham, jamiyat ham nuqul chap qo‘lini cho‘zishini bilaman. Ammo boshqa og‘riqlarim haqida gapirishni istamayman! Odamlarga avval non kerak, keyin hangoma, deb eshitganman. «Zangori ekran» va «sariq matbuot»dan morgdagi murdalar, lablari bo‘saga tashna fohishalar, er degan narsani qo‘lqopday yangilab turadigan yulduzlar hayoti; haqiqat yoki afsonaligini farqlab bo‘lmaydigan o‘ydirmalarni ko‘rib, o‘qib, o‘shalarga moyil bo‘lib qolgan bugungi avlod uchun mening kasallig-u, hasratlarim begona va zerikarlidir.
Biror yilga yetmay, bu yorug‘ olamni tark etaman, degan fikr shuurimga kanaday o‘rnashib olgan. Boringki, bir-ikki yil ortiqcha yashaganda ham vujudimdagi dardlar, ruhiyatimdagi dilg‘ashliklar, vijdonim oldidagi og‘riqlardan xoli bo‘lmasligini bilaman. Madomiki shunday ekan, vaqtida ketgan ma’qul. Inson o‘lgandan keyin gul, daraxt, ruh sifatida namoyon bo‘ladi, degan gaplarga kinoya bilan qarayman. Lekin taqriban yuz yillardan keyin qayta ko‘z ochib, bir bor bo‘lsa ham hayotni juda-juda ko‘rgim keladi.
Bir tanishimning yupqagina kitobidan shunday naqlni o‘qigan edim va u xotiramda mixlanib qolgandi: «O‘n - qo‘y, yigirma - bo‘ri, o‘ttiz - arslon, qirq - qilich, ellik - paxta, oltmish - axta, yetmish - taxta». Ayrim davralarda bunga norozilik bildirishadi: «Axir, sakson, to‘qsonga kirganlar ancha-ku»! Shunda o‘zimdan andak qo‘shib qo‘yaman: «Ha mayli, yetmish - no‘xta, sakson - taxta».
Saksonga kirmasligimni bilaman. Avlodimizdan faqat dadam mendan atigi bir necha oy ko‘proq ro‘zguzaronlik qildilar. Mening yoshimda u kishi texnikumda botanikadan dars berardilar. Biz yetmish besh yillik yubileylarini nishonlash tashvishiga tushdik o‘shanda. U paytlar obkomda bo‘lim mudiri edim va o‘zimga yarasha mavqeim bor edi. To‘yxona odamga to‘lib ketdi. O‘rtani olib boruvchi takalluf bilan: «Endi muhtaram yubilyarimiz to‘rdan − o‘z o‘rinlarini egallashlarini so‘raymiz», dedi. Kresloga bir necha qadam qolganda, dadam avval noxush tebrandi, so‘ng yuztuban yiqilib, tipirchilab qoldi. Shu yerga kelganda, qon bosimi oshib ketadi, deb hech kim o‘ylamagandi. Bunday noxushlikni dushmanimga ham ravo ko‘rmas edim. Hech gapdan bexabar mehmonlar hamon gul ko‘tarib kelishardi. Bu guldastalarni keyin uning tobuti, qabri ustiga qo‘ydik.
Men oltmish va yetmish yoshga to‘lganimda yubiley o‘tkazishdan o‘zimni tiydim. Yo‘q, o‘sha lahzada bandachilikni bajo keltirib qo‘yishdan cho‘chiganim yo‘q. Sen to‘rda so‘ljayib o‘tirsang-u, odamlar chiqib, huda-behudaga sifatlayversa, yolg‘on-yashiqlarni qo‘shib maqtayversa, allanechuk bo‘lib ketasan kishi.
Shu o‘rinda, onamni ham infarkt olib ketganini aytib o‘tsam ortiqchalik qilmas. Tafsilotiga quloq tuting. Bir hafta burun qo‘shnining hovlisiga o‘t ketgan edi. Hech narsasi qolmay yondi o‘zi ham. Sababi: kelini dazmol bosib, simni tokdan uzmay, bozorga ketib qolgani bo‘lgan. Darvoza qulflog‘lig‘i sabab, o‘tni vaqtida o‘chirish qiyinlashgan.
Oyim ham dazmol bosib bo‘lgach, bozorga jo‘nabdi va yetib borgandan so‘ng: «Simni uzish yodimdan chiqibdi», degan xayolga boribdi; bozor-o‘charini keyinga qoldirib, taksi bilan, orqaga qaytibdi. Uzoqdan qarab, tutun yo‘qligidan dili ancha taskin topgan bo‘lsada, uyga otilib kiribdi. Qarasa, simni tokdan uzib, dazmolni bir chekkaga olib qo‘ygan ekan. Shunga qaramay, ostonada yiqilib…
Kira haqini undirishga ulgurmagan taksichi ichkariga kirsa, onamiz bandalikni bajo keltirib qo‘ygan ekanlar. Tabiiyki, odamlarni chaqiribdi…
Yer bilan osmon oralig‘i bo‘m-bo‘sh bo‘lmaydi. Mening ham hayotim faqat kasalliklar, ta’ziyalar, o‘lim haqidagi vos-voslardan iborat emas. Men rostgo‘y, chidamli, adolat tarafida bo‘ladigan kishiman. O‘zbek tilida ravon gapiraman, yozaman. Shuningdek, ruslar, tojiklar bilan ona tillarida suhbat qurganimda o‘zbekligimdan shubhalanib qolishadi. Baynalmilalchiman. Xonadonimda yahudiylar, chukchilar yoki boshqa millat vakillari haqida latifa aytishga biror kishi jur’at etolmaydi. Katta kelinim - tojik, nabiram - Temur bilan ruscha gaplashaman.
Yetmishdan oshgan bo‘lishimga qaramay bekor turmayman: uncha-muncha yigitchalardan sifatli va ko‘proq ish bajarib qo‘yaman. Har bir erkak oz-ozdan dehqon, duradgor, montyor, santexnik bo‘lishi zarur, deb bilaman va uyimda bu yumushlarning barini o‘zim uddalayman.
Oltmish yoshga kirgan kunimoq ( o‘shanda obkomda ishlardim) ariza yozib, nafaqaga chiqdim. Ammo hozirgacha chaqirib, tarjima, tahrir ishlarida yordam berishimni so‘rab qolishadi.
Bir necha yildan beri gazetada ishlayman. O‘shanda nuroniylar jamg‘armasida ishlaydigan do‘stim: «Yo‘lingiz ustida gazeta idorasi bor - malol kelmasa, shu xatni berib qo‘ysangiz», dedi. Aytgan kishisiga haligi omonatni tutqazgan edim, u ochib ko‘rdi-yu, nadomat bilan
- Bu ruscha ekan-ku, kim tarjima qiladi?- dedi yoqinqiramay.
- Men tarjima qilaman,- dedim va zum o‘tmay o‘zbekchaga ag‘darib berdim. Yigitcha ajablanib ko‘z tashlab chiqdi, ketmay turishimni so‘rab, boshliqning xonasiga kirib ketdi. So‘ng chiqib, xo‘jayin meni ko‘rmoqchi bo‘layotganligini aytdi.
- Biz tarjimon izlab yurgandik - hamkorlikda ishlasak nima qiladi,- dedi u salom-alikdan keyin.
Men: «Bir oyog‘im go‘rning labida turgan cholman-ku», deyishim kerak edi. Ammo, asli gazetachi bo‘lganim, bugungi matbuotning tomirini topib, yurak urishini bilishga bo‘lgan qiziqishim monelik qilib qoldi.
- Bo‘pti,- dedim va hech qanday shartni o‘rtaga qo‘ymay, ishni boshlab yubordim.
Tarixning takrorlanishini qarangki, bundan naq ellik yil avval ham aynan shunday hol ro‘y bergan edi. U paytlar tarix fakultetining kechki bo‘limida o‘qirdim. Dekan o‘rinbosari qo‘limga konvert tutqazib, redaktsiyaga eltib berishimni tayinlab qoldi. Aytilgan kishiga topshirib, orqaga qaytaman, deganimda:
- Bu ruscha ekan-ku, kim tarjima qiladi?- deb qoldi.
- Men tarjima qilaman,- dedim va bir oz qiynalib bo‘lsa hamki, o‘zbekchalashtirib berdim.
O‘rta maktabda ruscha o‘qiganim sabab, tilni yaxshi o‘zlashtirgandim. Ammo universitetga o‘zbek guruhiga ilinib qolgandim. Faqat bu emas: dadam bilan har xil hujjatlar, lektsiyalarni o‘zbekchalashtirib, ko‘zim pishib qolgandi. Xullas, haligi amaki ajablanib turdi-yu, bosh muharrirning xonasiga kirib ketdi. Keyin meni taklif etdi. Bu odam qaerda o‘qishim, ishlashimni surishtirgach:
- Biz tarjimon izlab yurgandik, birga ishlasak nima qiladi?- dedi.
Faoliyatimni gazetachilikdan boshlab, shu kasb bilan yakunlayotganim g‘alati tasodif, albatta. Batafsilroq aytadigan bo‘lsam, olti yil orasida tarjimonlikdan muharir o‘rinbosari vazifasigacha ko‘tarilgandim. Keyin obkomga ishga olishdi. O‘n bir yil davomida uchta sarkotib bilan ishladim. To‘rtinchisiga unchalik yoqinqiramadim, shekilli, tag‘in o‘z o‘rnimga qaytarishdi. Beshinchisi tag‘in meni chaqirib oldi.
Ana shu sarkotiblar, ulardan keyin kelgan hokimlar haqida kitob ham qoralagan edim, ammo uni nashriyotga olib borishga yuragim zirillaydi. Aksar sarkotiblarning xotinvozligi, qo‘shib yozishga moyilligi; ulardan keyin kelgan hokim va hokimchalarning esa, bunga qo‘shimcha: ko‘chmas mulkni bosib qolishi, odamlarni behayo gaplar bilan haqorat qilishi, hatto musht tushirib qolishi; qavmlarini yog‘li ishga joylashtirishga zo‘r berishlarini e’lon qilib, baloga qolishdan cho‘chishlari va menga turfa bahonalarni ro‘kach qilishlarini ko‘z o‘ngimga keltiraman. U yerda ham palagi pishmagan, g‘o‘rlar ishlashadi-da.
Hozir ishlayotganim − nodavlat nashr bo‘lib, undagi yoshlarning aksari nabiram qatori. Ular sodda, beg‘ubor, ammo savodlari haminqadar. Biror muallif: «falon qishloqqa koinotdan mehmon kelibdi» desa, ishonishadi va darhol e’lon qilib yuborishadi. Bularning saviyasi ellik yil ilgarigi hamkasblaridan baland bo‘lmaganligi dilimga o‘tirishmaydi. Madomiki, yoshlar saviyasida o‘zgarish bo‘lmagan ekan, boshqa sohalardan taraqqiyot izlab o‘tirishning o‘zi ortiqchadir.

* * *

Bugungi matbuotdan ko‘nglim to‘lmaydi. Odamlar «qizil» va «sariq»qa ajratadigan davlat hamda nodavlat matbuotni ko‘zdan kechiradigan bo‘lsak, birinchisida, boshdan-oyoq chuchmal hamdu sanoga, balandparvoz sarlavhalarga, noo‘rin chaqiriqlarga duch kelasiz. Davr muammolari, adolatli tanqid, inson iztiroblari, demokratik intilishlar ular uchun begonaday. Hamon sho‘rolar davridagidek, sud, prokuratura, militsiya xodimlari, turfa amaldorlarning fidoyiligi, halolligini madh etishadi va bunga ishonging kelmaydi. Shuningdek, yo‘llarning ravonligini, dehqonning farovon hayoti, yangi qurilishlarni maqtashadi va siz nimadandir qoniqmaysiz, nadomat chekasiz. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ularning tiraji juda oz. «Qizil» gazetalarga majburiy tarzda obuna qildirishlarini ko‘rib, «yomonning bir qilig‘i ortiq» degan maqolni eslashdan boshqa ilojingiz qolmaydi. Bular ham yetmaganday, mazkur nashrlarda nopisandlik, kalondimog‘lik ohanglari manaman deb turadi.
Televizordagi kanallar orasidan, ko‘p hollarda, dengiz osti hayoti, hayvonot olamiga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlarni, boks musobaqalarini topib olaman. Ularning hayot tarzida nosamimiylik, yasamalik yo‘q; tabiiylik, jur’at va jasorat bor! Chunki ana shu maroqli tomoshada stsenariy muallifi, rejissyor, aktyor qatnashmaydi.
Aslini olganda, bu dunyoda hamma narsa nisbiy. «Davlat gazetalari» deganimiz turli partiyalar, vazirliklarga qarashli. Ammo o‘sha partiyalar, vazirliklar davlatga tobeligini hisobga oladigan bo‘lsak, bu ibora mantiqli ekanligiga ishonch hosil qilamiz.
Nodavlat gazetalar ijtimoiy hayotga imkon qadar aralashmaydilar, oldi-qochdi gaplar bilan cheklanadilar, ko‘chirmachilik qiladilar; bor kuch tirajni oshirish va ko‘proq pul topishga safarbar etiladi. Ammo ular ham allaqanday pinhoniy kuchdan xavotir tortib turadilar. Davlatga qarashli matbuot rahbarlari o‘rindiqlaridan, nodavlatlari esa mablag‘laridan judo bo‘lib qolishdan o‘lguday qo‘rqishadi chamasi. Senzura yo‘qotilib, o‘rniga uch boshli ilon paydo bo‘lganga o‘xshaydi. Bu - muassis, muharir va oddiy redaktor. Ayrim joylarda ekspert guruhi ham borki, u erkin so‘z, oshkoralikning ashaddiy dushmani rolini bajaradi. Shu gazetalarga ishonib yashaydigan odamlarga achinib ketaman gohida.
Juda oshirib yuborgan bo‘lsam, uzr. Bular bari shaxsiy fikrlar, albatta. Shukrki, Konstitutsiya shaxsiy fikrimni aytish huquqini bergan. Matbuot, aynan Konstitutsiya va qonunlar talabi darajasida erkin bo‘lishi tarafdoriman, xolos. Aynan ana shu narsa yetishmay qolayotganday bo‘ladi gohida.
Gazetamizda bosilgan asalari haqidagi maqolada: «Asalarining podshosi o‘ta qatiqqo‘l va zolim»… degan ibora o‘tgan ekan. Bosh xo‘jayin, ya’ni «generalniy direktor» deb ataladigan muassis (uni «katta» deyishadi. Bu yerda amaldorlar ko‘p: boshliq o‘rinbosarlari, katta muharrir, ijodiy guruh rahbari va hakozo) jamoani yig‘ib, rosa urishdi; bu jumladan g‘arazli mazmun izlashlari mumkinligini uqdirdi. Ammo gapning tub mohiyatini ko‘plar fahmlolmay qoldi.
Bizning zamonamizda…
Umuman, o‘tmishni ulug‘lab, bugundan qusur izlash yoki buning aksini qilish - mening tabiatimga zid. O‘tmishning ham, bugunning ham o‘ziga yarasha yutug‘-u qusurlari bo‘lgan va bo‘lib turadi. Shunchalik taraqqiy etgan AQShda ham odamlar norozi bo‘lib ko‘chaga chiqishadi-ku. Chunki kishining talab va ehtiyojlari zamon taraqqiyotidan oldinlab ketadi va u nimalardandir qoniqmay qoladi. Bir hisobda shunisi ma’qul: batamom shukronaga o‘tib olgan kishi kurashmay qo‘yishi mumkin. Qusurlar uchun nuqul hukumatni ayblash ham bir yoqlamalikdir. Barining ildizini o‘zimizning cho‘ltoq dunyobinligimizdan izlashga to‘g‘ri keladi. Yoshi o‘tgan sari kompromiss bo‘labormagan, xalq saylagan prezidentni, hukumatni hurmat qilmagan kishini normal odam deb hisoblamayman. Bu ham mening shaxsiy fikrim, albatta.
Taraqqiyotni ham ko‘rabilish kerak. Men yashaydigan mana shu joylar o‘tgan asrning oltmishinchi yillarida kolxozning yeri edi, pomidor ekishardi. Hozir - shahar: istagan joyingizga olib boradigan mashinalar, hohlagan matoingizni topib beradigan do‘konlar, sport inshootlari…Ammo shularning bariga qaramay, yo‘llarning buzuqligi, qishda gaz bosimining pasayib ketishi, har qadamda uyulib yotgan chiqindilar asabingizni buzadi. Ayniqsa, chet mamlakatga borsangiz, bu tafovutlar yanada ravshanlashadi.
Bugungi gazetachilarga qaytadigan bo‘lsak, ularning kompyuterda chaqqon ishlashlariga, Internet orqali jahon bilan tillashishlariga tan bermoq kerak. Ammo umumiy saviya oqsoq. Ular o‘zbek tilini yaxshi bilishmaydi; izlanuvchanlik, kurashchanlik, bardosh, tag‘in allanimalar yetishmaydi, rus tilini o‘rganishga sa’y-harakat qilishmaydi. Redaktsiyani «tahririyat» deyishadi, ammo, masalan, bizning jamoada tahrir qiladigan biror kishi yo‘q. Bir sahifada «taassurot» so‘zi uch xilda yozilsa ham parvolariga kelmaydi. Baqamti o‘tirib, o‘rgatmoqchi bo‘lsangiz, odob yuzasidan quloq tutib turishadi, ammo nigohlaridan: «Chol, boshimni qotirmay, ishingni qilaver», degan dashnomni uqib olasiz va xunobingiz oshadi.
Matbuot ziyolilarning eng peshqadamlarini boy berib bo‘ldi: ularni allaqachon Rossiya ommaviy-axborot vositalari ilib ketdi. Bunday yo‘qotish, taassufki, jadal davom etayabdi.
Bugungi matbuotda ishlaydigan yoshlarga, rosti gapki, achinib ketaman. Ish boshlaganida beg‘ubor, sodda, solih yigit-qizlar noxush muhit sabab bo‘lib, qo‘rqoq, o‘z fikriga ega bo‘lmagan pismiq, munofiq, gohida ta’magirga aylanib qoladi. Bu yoshlar, masalan, doktor, vetvrach, bog‘bon, asalarichiga o‘xshash kasbni tanlashganda, o‘zlari, oilalari va jamiyatga ko‘proq foyda keltirishardi, degan daqqoq xulosaga kelib qo‘yganman. Tag‘in: jamiyatda qonunlarga qarab emas, boshliqlarning qosh-qovog‘iga qarab ish yuritishar ekan, taraqqiyot, ustivorlik, demokratiya haqida so‘z yuritish xomxayol bo‘lur edi.
Nodavlat televidenie direktori xonasida o‘tirgan edik. Telefon jiringladi. Suhbatdoshim o‘rnidan turib, quyuq so‘rashishidanoq, hokim bezovta qilayotganini sezdim. Uning bo‘riga duch kelgan quyon holatiga tushishi meni iztirobga soldi.
- Nega nonga navbatda turganlarni ko‘rsatdilaring?- dag‘dag‘aga o‘tdi hokim.
Direktor o‘zini oqlashga tushdi: muxbirni aybladi. – “Bu yoqqa keling”,- dedi hokim to‘nglik bilan va dastakni qo‘ydi. Direktor zudlik bilan yo‘lga otlandi. Afsus: bu televidenie endi odamlarning nonga navbat kutib turganlarini sira ko‘rsatmaydi. Eng avvallo hokim nodavlat televidenie unga hisobot bermasligini, mabodo qaerdadir non tanqis ekan, matbuot bong urishi zarurligini anglashi, qadrlashi kerak edi.
U ham, direktor ham buni bilishadi, albatta. Ammo nachora: kishan bo‘lsa, qul topilar ekan-da. Shoirning: «Kishan kiyma, bo‘yin egma - ki sen ham hur to‘gilg‘onsen», degan misralari yodimga tushib, xunobim oshdi o‘shanda.
Uyimda ham asabimni egovlab turadigan holatlar oz emas. Qon bosimim bot-bot oshib turishini aytgan edim. Doktorlar bundan tashqari osteoxandroz degan diagnoz ham qo‘yishgan. Suyaklarim qaqshaydi, uyqum kelmaydi. Ertalab yengil tortib turmayman, bar’aks, og‘riqdan asabiy bo‘lib uyg‘onaman, o‘rnimdan turmay, lohas bo‘lib yotaman. Xotinim kiradi. U gapni nimadan boshlab, nima bilan tugatishini taxminlayman va har gal aytganimday bo‘lib chiqadi. Avval sog‘ligim haqida qayg‘uradi, massajga bormay quyganim uchun dashnom beradi, allaqanday yangi dorilar chiqqanini gapirgach, ularning narxi qimmatligidan noligan bo‘ladi. Shuningdek, allaqanday so‘xtasi sovuqlar go‘sht bilan sariyog‘ni qimmat sotishayotganini aytib, ularni la’natlaydi. Keyin muzlatgich bo‘shab qolganligi, Klara (o‘gay qizim)bilan Mirzokarim(kichik o‘g‘lim)ga bir necha bor tayinlagan bo‘lishiga qaramay, o‘zlarini karlikka solishayotganidan shikoyat qiladi.
- Choyga chiqaqoling,- deydi oxirida eshik tomon ravona bo‘lar ekan.
Har kunim, deyarli shu tariqa boshlanadi. Avvallari o‘rnimdan turgach, badantarbiya qilardim, yugurardim va bundan yengil tortardim. Bora-bora: «Bundan ne foyda: ko‘pga bormay o‘laman-ku», degan xayol xalaqit beraboshladi. Nazarimda, inson har qanday yoshda ham noxush xotiralar, yurakni siquvchi o‘ylarni yengishi, optimistik kayfiyatda yashashi kerak. «Baribir o‘laman-ku» degan shumshuk xayol miyanggga joylashib oldimi - qo‘l-oyog‘ing bog‘lanadi, o‘liming tezlashadi. Ana shundan shum fikr virusi yoshroq kishining miyasiga kirib olsa, Xudo urdi deyavering. Omadsizlik ustiga omadsizlik kelaveradi.
Xullas, men avval tanometrni olib, uning tasmasini tirsagimdan yuqoriga o‘rayman, qon bosimimni o‘lchayman: agar uning yuqori shkalasi bir yuzu oltmishdan, pastkisi to‘qsondan baland bo‘lmasa, jilla xotirjam bo‘laman va shunga qaramay, yangi chiqqan tabletkalardan bir-ikkitasini yutib yuboraman. So‘ng, karamsho‘rva, zira va boshqa ne’matlarning omuxta hidi o‘rnashib qolgan oshxonaga kirib, o‘z o‘rnimni egallayman. Dasturxonda sariyog‘, tuxum, murabbo va boshqa yeguliklar bo‘ladi. Gohida men uchun qon bosimini oshirmaydigan guruchli, karamli yoki tvorogli yengil ovqat tayyorlab qo‘yishadi. Ko‘p hollarda, tushlikda va kechqurun menga alohida qozon ilishadi.
- Feride o‘qishiga ketdimi?- so‘rayman, garchand buni bilsam ham.
Xotinim bosh tebratib, ma’qullaydi. - Yo‘lkira berdingizmi?- savolda davom etaman.
- Ha.
- Klara hali yotgan bo‘lsa kerak…
- Bilasiz-ku,- deydi unga bo‘lgan noxush munosabatini yashirolmay va qo‘shib qo‘yadi: - O‘g‘lingiz bilan keliningiz ham nonushta qilib ketishdi. Yoki shunga o‘xshash gaplarni aytadi.
Ikkalamiz choy ichishga kirishamiz.
* * *

Bu - mening ikkinchi ayolim. Birinchisi, poleartrit kasalligiga uchrab, bundan chamasi o‘n besh yillar muqaddam bandachilikni bajo keltirgandi. Qo‘l va oyoq bo‘g‘inlari shishib, barmoqlari qiyshayib qoldi, sho‘rlikning. Ko‘p azob chekdi. Undan ikki o‘g‘il (Mirzoanvar, Mirzokarim) va bir qiz (Maysara) ko‘rgandik. Ming taassufki, farzandlar rohatini ko‘rmay ketdi, boyaqish.
Vafotidan ikki yillar o‘tgach, qizim bilan uning qaynotasi shu ayolni topishdi. Eri jarroh stolida o‘lgan va bir qiz bilan qolgan ekan. Qizimizning nomi haqida gap ketganda, bizday taqlidchi xalq olamda yo‘qligini aytgisi keladi kishining. Ayolimiz televizorda «Choliqushi» seriali qahramoni Ferideni ko‘rib, unga havasi kelgan va qiziga shu nomni tanlagan ekan.
Feride chet tillar institutida o‘qiydi. Tirishqoq, ko‘ngli toza, odobli qiz. Uning xarajatlari uchun pul beraman, ijtimoiy fanlardan qiynalib qolganda, darslarini tayyorlashda ko‘maklashaman. Qiynalganini esa ko‘zlari qizarganidan va menga allaqanday umidvorlik bilan ko‘z tashlashidan fahmlab olaman. Ingliz tilini o‘rganayotgan qizaloqning nozik miyasiga falsafa, sotsiologiya singari fanlarni tiqishtirishlarining sababini bilolmay xunobim oshadi. Umuman bugungi studentga rahmi keladi kishining. Ularni oylab paxta terimiga olib chiqishadi, ko‘cha tozalatishadi, va bularning barini, munofiqona tarzda vatanparvarlik deyishadi. Domlalar yozgan maza-matrasiz kitoblarni majburlab sotishlari, gohida pora talab qilishalari ablahlikning o‘zginasidir. Uyda faqat Feride hamda Klara bilan gaplashishni xush ko‘raman. Ular nimasi bilandir bir-birlariga mushtarakday bo‘lib tuyuladi.
Xotinim, dastlab juda kamgap, tortinchoq edi. Hozir ko‘p gapiradi, ayniqsa xarajatlar, qimmatchilik haqida so‘z ochilganda, uni to‘xtatish qiyin bo‘ladi. Har gal ish haqi, maoshlar miqdorining oshirish haqida farmon chiqqanda quvonmaydi, aksincha o‘ksib ketadi. Endi go‘sht, sariyog‘, tuxum necha pulga qimmat bo‘lishini karomat qiladi. Va taassufki, u haq bo‘lib chiqadi. Shunisi g‘alatiki, avvalgi xotinim ham bora-bora shunaqa bo‘lib qolgandi. Ehtimol, bunga muhit, turmush tarzimizning o‘zi sababchidir?! Bunisiga chidasa bo‘ladi. Ammo bu ayolning Klarani, gohida o‘g‘illarim, qudalarimni g‘iybat qilishga moyilligi dilimga o‘tirishmaydi.
O‘g‘illarim va qizim xususida keyin, o‘rni kelganda, batafsil to‘xtalaman. Avval Klara haqida gapirgim kelayabdi.
* * *

Obkomda ishlaganimda, bolalar uyida tarbiyalangan hamkasb, do‘stim bor edi. Intizomli, vijdonli yigit edi. Rus qiziga uylandi, farzand ko‘rdi. «Jiguli» mashinasi yangi chiqqan paytlar edi o‘shanda. U mashina xarid qildi va birinchi haftadayoq tajribasizlik oqibatida avtohalokatga duch keldi. Aniqrog‘i, tog‘ yonbag‘rida boshqarishni yo‘qotib, mashina yo‘ldan chiqib, ag‘anab ketgandi. Xotini o‘sha yerda nobud bo‘lgan ekan, shifoxonaga yetib borganimda o‘zi tirik edi. «Ichim ezilib ketgan,- dedi. - Qizimga ehtiyot bo‘l».
Ertasi uni tuproqqa topshirdik.
Xayriyatki, qizaloq (Klara) jiddiy zarar ko‘rmagan ekan. Hech gapdan bexabar norasidani shifoxonadan to‘g‘ri uyimga olib keldim va qizim Maysara (Maya) ikkalasiga bir xonani ajratib berdim. U rus maktabining uchinchi sinfida o‘qirdi. Yolg‘izlanib qolmasin deb, Maysarani ham shu sinfga o‘tkazdik.
O‘rta maktabni (yaxshi va a’lo baholarda) bitirishgach, hujjatlarini meditsina institutiga topshirishdi. Rektorga kirib, bor gapni aytdim, iltimos qildim. Shu sabab bo‘ldimi yoki omadlari chopdimi - ikkalasini ham qabul qilishdi.

* * *

Nonushta qilib olganimdan keyin, cho‘ntagimdagi telefon muzika chalib qoladi. Bu - qizim Maysara ( uni Maya deyishga ko‘nikib qolganman) ekanligini taxminlayman. U zohiriy xavotirlik bilan sog‘ligimni surishtiradi, qon bosimim nechada ekanligi, yotishdan oldin qanaqa tabletkalar yutganim bilan qiziqadi.
Bir qo‘shiqda: «O‘g‘il kerakdir yigitga», deb xirgoyi qilishgani, haytovur qulog‘ingizga chalingan bo‘lsa kerak? Aslida, avval qiz kerak, degan xulosaga kelib qo‘yganman. Maya telefon qilish bilan qanoatlanmaydi: kunora kelib, xabar oladi. U ikki yuzimdan o‘pganda, pomada izlarini artaturib, dilimda: «bu dunyoda yolg‘iz emasman», degan umidbaxsh fikr o‘tadi. Maya bilan Klara eng og‘ir paytlarda yonimda bo‘lganligini eslayman. Shulardan birini gapirib bermoqchiman.
Nafaqaga chiqqandan keyin bir muddat universitetda ijtimoiy fanlardan dars berganman. O‘shanda dam olish kunlari qizlarim, nabiralarimni muzqaymoqqa olib chiqadigan odatim bor edi. Istirohat bog‘ining yo‘lagidan o‘tib borayotganimizda va hech kutilmaganda, kimdir orqamdan kelib buynim, yelkam aralash musht tushirdi. Qattiq zarbdan yuztuban bo‘lib yiqildim. Bu ham yetmagandek, ikki kishi ayovsiz do‘pposlashdi: ko‘zing, yuzing demay tepkilashdi, nokaslar. Qizlarim dod solguncha, yordamga kelishgandi, ularni ham tepib yuborishdi va ko‘z ochib-yumguncha allaqayoqqa gumdon bo‘lishdi.
Odamlar to‘planishdi va meni shifoxonaga olib ketishdi. Rentgen oyog‘imning boldir suyagi darz ketganini, buyin umurtqasi qattiq lat yeganini ko‘rsatdi. Zudlik bilan gipslab, oyog‘imni ko‘tarib qo‘yishdi. Ter, qon, yod va boshqa noxushliklarning hidi beton devorlariga singib ketgan; bemorlar tuni bilan ingrab, dod solib yotadigan palatada qariyb bir oy do‘zax azoblariga yuzma-yuz bo‘ldim.
Ey, Xudo deyman, qizlarim, nabiralarim ko‘z o‘ngida meni shu kuyga solguncha jonimni olsang bo‘lmasmidi? Umrim bino bo‘lib, birovning xotiniga ola qaramagan, hech kimning haqiga xiyonat qilmagan, har qanday koribaddan uzoq yurgan bo‘lsam, bu ne ko‘rgilik, ne jazo? Kim bo‘ldi u iblis, olchoqlar?
O‘sha kuniyoq militsioner kelib kimdan gumonim borligini surishtirdi. Hech kimni ko‘z o‘ngimga keltirolmadim. Lekin bora-bora ayrim gumonlar paydo bo‘ldi.
Men dars beradigan kursda, o‘qishga o‘z mashinasida keladigan, savodsiz, ammo nopisand boyvachchalar ham bor edi. Zero ularga bilim emas, diplom kerak edi. Aslida ular uchun diplomni sotib olish muammo emasdi, ammo, universitetda o‘qiyabdi yoki uni bitirdi, degan gapning ham ahamiyati bor ekan-da..
Ularning jig‘iga tegishni, imtihondan yiqitishni xush ko‘rardim. Haligi yaramas bezorilarni shular yollagan bo‘lishi mumkin, deb o‘yladim. Gumonimni hamkasb do‘stimga aytgandim, u qo‘shilmadi.
- Birinchidan, siz baho qo‘ymasangiz ham, ular o‘qishni bitirib, diplom olishlarini bilishadi. Chunki boyvachchalarning ortida dekan, rektor va kazo-kazolar turishibdi. Ikkinchidan, sizdan ham qatiqqo‘l domlalar anchagina: do‘pposlash zarur bo‘lsa, avval o‘shalarga jazo berishardi, dedi.
Ikkinchi gumonim. O‘sha paytlarda (XX asrning saksoninchi-to‘qsoninchi yillari oralig‘i) oshkoralik jumraklari jilla ochilgandi va shahrimizda turli partiyalar, harakatlar guruhi paydo bo‘lgandi. Ulardan birining yig‘ilishlariga ishtirok etardim. Bu norasmiy uyushmaning ramzi vodoprovod jumragi edi. Jumrakni buraydigan halqa ustiga «qonunlar» deb yozilgandi. Buning ma’nosini keyin fahmlaganman. «Agar jumrak katta ochilsa, suv hammayoqni yuvib ketadi, batamom berkitilsa, quriydi,- deyishdi. Oshkoralik va demokratiya ham shunga o‘xshash. Uni faqat qonunlar bilan normaga solib turish talab etiladi». Bu yigitchalar siyosatdan, hayotdan olisroqda edilar. So‘z talashib, demokratiyani talab qilishsa hamki, uning tub mohiyatiga yetishga quvvai hofizalari ojizlik qilardi. Yodimda: bir yig‘ilishda so‘zga chiqqan o‘rta yoshdagi domla: «Bizning xalqimiz bir umr amirlar, xonlarga buysinib kelgan. Demak, biz hali ko‘p yillar bir qo‘lida qamchi, ikkinchi qo‘lida qand tutgan rahbarga moyil bo‘lib qolamiz», dedi. Zaldagilar baqirishdi: «Hov, biz ayiq emasmiz - yo‘qol minbardan! Shularning bariga qaramay bu yaxshi boshlanish edi. «Sen siyosat bilan shug‘ullanmasang, siyosat sen bilan, albatta, shug‘ullanadi», ta’kidlardi guruh rahbari har bir yig‘ilishda, a’zolarini faollikka chorlarkan. Nazarimda, u haq edi: haqiqat, aynan ana shunday bahs-munozaralarda yuz ko‘rsatardi, yoshlarning ongi charxlanardi.
Ular gazeta chiqarmoqchi bo‘lishdi: o‘zimni chetga olmay, gazetachi sifatida maslahatlar berdim.
Nazarimda, ularning siyosiy raqiblari yoki idora meni guruh rahnamosi deb o‘ylagan va jazolagan bo‘lishi mumkinday edi. Ammo yaqinlarim bu fikrga ham qo‘shilishmadi: «Avvalosi, ular bunday pastkashlikka boradiganlardan emas, ikkinchidan, jazolash kerak bo‘lsa, siznimas, guruh liderlarini do‘pposlashardi», deyishdi.
Shunday qilib, biror to‘xtamga kelolmadim. Lekin, «siyosatning men bilan shug‘ullangani shu emasmikin» deb o‘ylab qolaman gohida.
Yetmish to‘rt yil yashab, anglagan haqiqatim shu bo‘ldiki, yoshing o‘tgandan keyin o‘zing tobe bo‘lgan hukumatning jig‘iga tegish botirlik emas, telbalik ekan. O‘ynashmagin arbob bilan, deyishadi. Hukumat esa katta nufuzga ega bo‘lgan qo‘li uzun arboblar yig‘indisidir. Maslahat berganim uchungina meni shu kuyga solishgan ekan (taxminim to‘g‘ri bo‘lsa) insonni har baloga giriftor qilish ular uchun tirnoq olishdek jo‘n ish.
Oradan yillar o‘tgan bo‘lishiga qaramay, o‘sha noxush voqeani eslasam, xo‘rligim keladi. Dushmaningni ham bola-chaqasi oldida bu kuyga solmasin, deyman. Havo sovusa, zarb yegan oyog‘im, bo‘ynim qaqshab, alamli ko‘ngilsizlikni yodimga solaveradi.
Keksalikning alomatlari nimalarda ko‘rinadi? Faqat kasalliklar, jismoniy ojizliklar, noxush xayollardagina emas, fikrni jamlab ololmaslik, bir gapni boshlab boshqa tomonga o‘tlab ketish, zarur paytda kerakli so‘zni unutish, xotiraning bot-bot pand berishi va hakozolarda.
Ertalabki nonushta, qizlarim haqida so‘z boshlab, boshqa tafsilotlarga o‘tib ketganim uchun uzr so‘rayman.
O‘shanda, shifoxonada yotganimda, Maysara bilan Klara navbatchilik qilishardi. Og‘riqdan aziyat cheksam, ovutishar, dalda berishardi, yeguligimni vaqtida patnisda olib kelishardi. «Hojatingizni mana bu idishga qiling», deb tashqariga chiqib turishardi. To‘g‘ri, o‘g‘illarim, boshqa qavmlar ham xabar olib turishdi, ammo qizlarimning eminligi, ashrafligi, mehribonligiga teng keladiganini ko‘rmadim.
Rahmatli xotinim: «Qizlarimizni yaqin joyga chiqarishimiz kerak: keksayganda xabar olib turishadi», deganda naqadar uzoqni ko‘rganligini o‘ylab qolaman gohida.
Obkomda ishlaganimda, Abdujabbor degan fan kandidatini (marksistik ateizmdan dissertatsiya yoqlagan ekan) xodim qilib berishdi. Savodi haminqadar bo‘lsa hamki, iltifot va tavozeni o‘rniga qo‘yadiganlardan edi. Keyin ko‘tarilib ketdi va Mayaga sovchi yubordi. O‘g‘li institutda o‘qirdi o‘shanda. Eng muhimi, qo‘shni mahallada turishardi. Biz rozi bo‘ldik.
Klara ikkalasini bir kunda to‘y qilish niyatim bor edi - bu maqsadga ham erishdim. Shahar chekkasidagi qishloqda yashaydigan - militsioner yigitchaga ko‘ngil qo‘ygan ekan, bunisiga ham fotiha berdik.
O‘shanda qizlarim oppoq libos kiyib, salomga kelishganda, o‘zimni yo‘qotib qo‘yganman, aniqrog‘i, ko‘z yoshlarimni ko‘rsatishdan cho‘chiganman. Mayani quchoqlab peshonasidan o‘pganimda diydalarimni tiyoldim, ammo Klaraga kelganda… Sababi: bu mag‘rur va hamiyati baland qiz birinchi bor: «dadajon» deb bag‘rimga tashlandi. U odatda, ota-onasi tirik paytidagidek, «Vahob Kabirovich», deb murojaat qilar, kamdan-kam hollardagina yuragini ochardi.
Tan olaman: odamyoqmasman. Birov bilan valaqlab o‘tirgandan ko‘ra shirin xayollar surish, kitob varaqlash, avval aytganimdek, televizordan jonivorlar hayoti, boks musobaqalarini tomosha qilish maroqli deb bilaman.
Ammo qudalar bilan bo‘ladigan munosabatda batamom o‘zgarib ketishimni tan olmog‘im kerak: birovga gap bermaydigan serjag‘, hazilkash, gohida bachkana kishiga aylanib qolaman.
To‘ydan keyin, qizlarimning ikkalasi ham bir xil xatoga yo‘l qo‘yadi, deb o‘ylamagandim. O‘zlari, erlariga tegishli kirni yuvib, qolganlarni nariga surib quyishgan ekan: oilada zohiriy norozilik paydo bo‘libdi. Ro‘zg‘ordagi arzimas ziddiyat katta jiddiyatlarga sabab bo‘lishini bilganim sabab, ularni chaqirib, rosa urishdim.
Bu orada, sobiq ateist qudamiz hajga borib keldi; soqol qo‘yib, salla o‘radi, «Hoji aka», deb murojaat qilishimizni istab qoldi. Bunday paytda, tabiiyki, oiladagilar ham xudojo‘ylik tomon yuz o‘girishi, ko‘nikishi zarur bo‘lib qoladi. Maya esa ruscha o‘qigan edi: xavotirim oshib, u bilan uchrashganda, musulmonchilik taomillarini bajarish zarurligi haqida gapiradigan bo‘ldim, va shukrki, sa’y-harakatlarim behuda ketmadi: qizim moslashdi.
Klaraning hayotida esa boshqa - ancha jiddiy muammo yuzaga keldi. Garchand bu qudamiz uyida mol boqsa, qishda uylarida gaz bo‘lmasa, hammom qurishmagan bo‘lishsa-da, Klara zarracha nolimay, bariga chidadi. Ammo yil o‘tmay, militsioner boshqasi bilan yurarmish, degan gap chiqib qoldi, Qizim, garchand sir bermasa hamki, bu holdan iztirob chekayotganini parishonxotirligi, kamgap, odamovi bo‘lib qolganidan sezardim. Masalani jilla bo‘lsa ham taftish qilish o‘rniga, bu gaplar ko‘tara tuhmatligini ta’kidlardim. Ikkinchi yili Klara qo‘lidagi o‘g‘ilchasi bilan qaytib keldi. Tabiiyki, ularni yarashtirishga, qizimni qaytarib yuborishga harakat qildim.
- Onaginam,- dedim,- bilsang, oilani tutib turadigan kuch muhabbat emas, toqat va ko‘nikmadir. Odamlarning fisqu-fasodlariga ishonma!
- Vahob Kabirovich, o‘ynashining chaqalog‘ini tug‘ruqxonadan olib chiqqanini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim,- dedi va o‘pkasi to‘lib, yig‘lab yubordi. Ovutmoqchi bo‘lgandim, alami chandon oshib ketdi - meni quchoqlab, anduhlarini to‘kib solaboshladi:
- Dadajon! Nega o‘shanda men ham ular bilan o‘lib ketmadim?!
Boyaqishning menga «dadajon» deb murojaat etishi, shu og‘ir daqiqalarda marhum otasi bilan oyisini eslab qolgani sabab o‘zimning ham shafqat tomirchalarim jadal tepib ketdi. U davom etardi: - Nima gunohim bor edi? Nima gunohim? Hammasiga chidadim, hammasiga! U betamiz svoloch uchun nimalar qilmadim?! Azoblarimni sizdan ham, odamlardan ham yashirib yurdim. Shumi oqibat?!
U dilini darddan forig‘ etguncha yig‘lab oldi, so‘ng meni vijdonim bilan yakkama-yakka qoldirib, chiqib ketdi.
Bir bor uni dadasi avtohalokatga yo‘l qo‘ygan yonbag‘irga olib borganim yodimda. Klara barini eslasa hamki, mudhish voqeani tilga olishga murg‘ak tuyg‘ulari bardosh berolmasligidan xavotir tortib, atrofdagi giyohlar, jonivorlar haqida keraksiz savollar yog‘dirgan, meni ham, o‘zini ham chalg‘itgandi. Bu gal esa uning dardlari behudud ekanligini his etish qiyin emasdi.
Bu gapga yigirma yildan oshdi. Uning o‘g‘li, ya’ni nabiram Temur hozir ekonomika fakultetida o‘qiydi. Iqtidorli bola. U bilan gaplashishni xush ko‘raman. Dona-dona qilib, mantiqli gapiradi. Ammo yigirma yildan beri vijdonim eziladi: nega bunday qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydim - sho‘rlik Klaraning oilasida noxush gaplar, g‘urbatlar boshlanganda bormadim, kuyovni urishib, yo‘ldan qaytarmadim, qudalar bilan baqamti o‘tirib gaplashmadim. Do‘stim o‘limi oldidan qizining taqdirini menga ishonib topshirgandi. Men noshud esa ota emas, tomoshabin rolini bajardim. Bu gunohimni kechirolmayman!
Gunoh - kelajakda pistirmada turib, naq yuragingni mo‘ljallaydigan ovchiga aylanishini hisobga olmaganimdan o‘kinaman.
Madomiki, qizlarim haqida anchayin batafsil gapirgan ekanman, o‘g‘illarim to‘g‘risida muxtasarroq hikoya qilmasam, adolatdan bo‘lmas. Xudo menga ikki o‘g‘il berganini aytgan edim. Kattasi Mirzoanvar - muallim. Xotini ham maktabda ishlaydi. Bir o‘g‘il, bir qizlari bor. Mikrorayonda, ikki xonali uyda yashashadi. Er-xotinning topgani ro‘zg‘orga uchma-uch yetadi, ammo hech qachon nolishmaydi. Har gal maktabga aloqador kishilar bilan suhbatlashganimda, bugungi muallimning ahvoli xarob ekan, degan xulosaga kelaman. Pedagogning aksar vaqti bolalarga ta’lim berishdan ko‘ra, allaqanday xujjatlarni to‘ldirish, bolalarni dala ishlari, maktab ta’miri, ko‘cha supurtirishga sarflanishi noxushdir. Buning ustiga sho‘rliklarni «qizil matbuot»ga majburiy obuna qilishlari, allaqanday ta’magirlarga pora berishga vaziyat yaratishgani ayanchli holdir. Bunday paytda, beixtiyor hazrat Behbudiyning o‘limdan oldin aytgani yodimga tushadi: «Maorif yo‘lida ishlaydurgon muallimlarning boshini silangizlar! O‘rtadan nifoqni ko‘taringiz! Turkiston bolalarini ilmsiz qo‘ymangizlar»! Buyuk ma’rifatparvar ana shu gapni o‘tgan asrning o‘n to‘qqizinchi yili aytgan edi. Shuncha yil o‘tib, bu borada siljish bo‘lmaganligi xunobimni oshiradi.
Ikkinchi o‘g‘lim militsioner edi. Xotini dashtdagi chekka qishloqdan. Ular Toshkentdan qaytishda, poezdda tanishib qolishgan. Farzandlari bor. Kelin allaqanday drama to‘garagiga qatnashadi, monologlar aytadi, she’r yozadi, deb eshitganman, ammo ko‘rganim yo‘q, zero, ko‘rishga xushim ham yo‘q.
Ikki yilcha muqaddam o‘g‘limiz vazifasidan voz kechib, o‘zini ishbilarmonlikka urdi: shirin kulchalar, bulochkalar pishiradigan tsex ochdi. Qimmatbaho uskunalar xarid qildi, odamlarni ishga oldi. Bu holdan, zohiran quvondim, albatta. Ishi o‘ngidan kelib, mashina oldi, xotinini tilla taqinchoqlarga ko‘mdi. Ko‘rmaganning ko‘rgani qursin, deganlaridek, kelin talay koribadlar chiqardi. Avval Klara bilan janjallashdi, uni «o‘ris» deb kamsitdi. Milliy g‘urur bilan milliy mahdudlik, millatchilikni bir-biridan atayin farqlamaydigan xunuk odat paydo qildi. Ehtimol, bu illat unda avvalroq bo‘lgandir va endilikda tillo zanjirlar og‘irlik qilayotgandir, deb o‘ylab qolardim gohida. Bora-bora har zamonda bir keladigan onasini ham xushlamaydigan bo‘ldi, aniqrog‘i, ayolning katta ro‘moli, oyog‘idagi eski kalishidan or qiladigan qosirliklarga yo‘l qo‘ydi.
Ammo ko‘p o‘tmay, Mirzokarim qanday tez boyigan bo‘lsa, shu suratda kambag‘allashib bordi. Mashina, zebu-ziynatlar sotildi, qarzlar ko‘paydi. Ma’lum bo‘lishicha, shahardagi non kombinati ham xuddi shunday kulcha, bulochkalar chiqarib, narxini hiyla arzon qilgan va oqibatda o‘g‘lim inqirozga uchragan, ya’ni bankrot bo‘lgan ekan. Karl Marksning «Kapital»idan, biz bugun bozor iqtisodi, deb ataydigan kapitalistik tuzumni fosh qilib, katta korxonalar kichiklarini beshafqat «eb» yuborishini o‘qigan edim, ammo unga guvoh bo‘lishni xayolimga keltirmagandim.
Hozir o‘g‘lim xotini bilan Koreyaga ishga ketish tashvishida yuribdi. «Otam keksa, kasalvand; o‘lib qolsa ta’ziyaga yetib kelolmayman-ku», degan fikr kallasiga kelmayotganligi bir jihatdan, meni o‘kintirsa hamki, xonadonimda dilsiyoliklarga sabab bo‘lgan kelinning basharasini ko‘rmayman, degan yupanch quvontiradi.
O‘g‘illarim bilan oralik masofa saqlayman. Ularni yaxshi ko‘rsam hamki, buni sezdirmaslik harakatida bo‘laman; zohiran nazorat qilaman, ammo o‘zimni loqayd, beparvo qilib ko‘rsataman. Masalan qizlarim: «dadajon» deb murojaat etsa, ichki bir qoniqish sezaman, ammo o‘g‘illarim shunday desa, bu yaltoqlanish bo‘lib tuyuladi. Ularni deyarli urushmayman, ammo allanimalarnidir kesatib, piching qilishdan o‘zimni tiyolmayman. Mirzokarim: «Koreyaga ketayabman: birinchi maoshimdan sizga nima yuboray», dedi, jilla soxtakorlik bilan. «Xotiningni aktyor deb eshitgan edim, sen ham yaxshi rol o‘ynar ekansan», dedim javoban.
Nonushtadan keyin Klaraning eshigini sekin taqillataman. U divanda yalpayib o‘tirganicha, Rossiya televideniesidan allaqanday ko‘rsatuvni tomosha qilayotgan bo‘ladi. Meni ko‘rib, quvonadi, o‘rnidan turadi. Atrofda tartibsizlik: sochilgan gazetalar, to‘kilgan shpilkalarni ko‘raman, kallamga: bular bari ruhning tushkunligidan yoki ko‘ngilda allaqanday pinhoniy niyatlar paydo bo‘lganidan dalolat, degan fikr keladi. Shunday bo‘lsada, uni tergab qo‘yaman:
- Uyoq-buyog‘ingga qarab o‘tirsang bo‘lmaydimi?
U indamaydi. – “Nega choyga chiqmading”,- deyman buning sababini bilsam va qanday javob qaytarishini taxminlasam ham.
- O‘zingiz bilasiz: keliningiz bilan xotiningizni yoqtirmayman,- deydi u va qo‘shib qo‘yadi: - ularning ham meni ko‘rishga ko‘zlari yo‘q.
Ayol zoti haqida o‘ylab qolaman. Ularning biri ikkinchisidan topishi muqarrar bo‘lgan xatolar va shu asosda avjiga chiqadigan g‘iybatlarning noxush oqibatlarini xayolimdan o‘tkazaman. Keyin keraksiz narsalar haqida gaplashamiz, nasihatlar qilgan bo‘laman va xayrlashib, chiqib ketaman.
Ishga borishda Registon maydonidan o‘taman. Esimni taniganimdan buyon bu obidalarni ta’mirlashadi, ammo oxiriga yetkazisholmaydi. Bir zamonlar ichkari tomonga og‘ib ketgan, filxartum simlar bilan bog‘lab qo‘yilgan minorani, uning tiklanganini eslayman, ammo na minora va na gumbaz dilimga zavq bermaydi. Ayniqsa, katta-kichik mehmonlar keladigan bo‘lishsa, bu yerdagi yo‘llarni berkitishib, militsionerlar odamlarni yo‘latmay qo‘yganini ko‘rsam, qon bosimim muqarrar oshadi. Biror mamlakat sardori tashrif buyuradigan bo‘lsa, avtomobil yo‘llarigina emas, tratuarlar ham bir kun oldin yopiladi. Bunday paytda ko‘plar qatori aylanma yo‘ldan o‘taman va ko‘p holarda charchab qolaman.
Bahor payti edi. Ertalab borsam, yo‘llar tag‘in berk.
- Klinton kelayabdi,- dedi tanish militsioner.
Ammo o‘sha kuni AQSh prezidenti tashrif buyurmagani ayon bo‘ldi. Ertasi ham berkitishdi. «Klintonning o‘zi emas, xotini kelarmish», deyishdi bu gal. Faqat tushdan keyin Klintonning o‘ynashi kelib ketgani ayon bo‘ldi.
Shundan buyon yo‘lni to‘sishsa, militsionerga hazil aralash piching qilaman: «Klintonning o‘ynashi kelayatimi»? U kulib qo‘yaqoladi.
Yo‘l-yo‘lakay o‘zbek, rus, ingliz, tojik tillarida; kirillitsa va lotin imlosida yozilgan shiorlar, viveskalar, reklamalarga ko‘z yugurtiraman. Bu yozuvlardagi imloviy xatolarni avval ko‘rganman va ularni tuzatishgandir, degan ilinjim har gal oqlanmay qolaveradi. Shunda ovoz chiqarib, o‘zimni koyiyman: «Vahob, sen ko‘zguga boqsang ham, avval undagi dog‘ni ko‘rasan!» «Xo‘sh, deyman javoban,- bu yozuvlar shahrimning ko‘zgusi-ku - ular toza bo‘lishi kerak emasmi?» O‘z-o‘zimga gapirayotganimdan xijolat tortib, yon-atrofga ko‘z tashlab qo‘yaman.
Bu maydondan o‘tgandan keyin o‘tirib, nafasimni rostlab olaman. Uyog‘i - yaqin. Men idoraga yetib kelganimda, qorovul bilan farroshdan boshqa hech kim bo‘lmaydi. Ular bilan yaxshi muomalada bo‘laman va xonamda o‘tirib, tahrir qilishni boshlayman; shu bilan birga xom-xatala tayyorlangan yoki shubhali materiallarni muharrirlarga qaytaraman. Ishxonada rahbarlardan cho‘chishmasa hamki, mendan hayiqib turishadi. Bir necha kun davomida yozgan yoki tayyorlagan hikoya, maqolasining ustiga qizil ruchka bilan chizib, qaytarib berishim, ular uchun juda noo‘ng‘ay hol, albatta! Lekin nafsilambirini aytganda, ularning mendan cho‘chib turishi dilimga zohiriy qoniqish, quvvat ato etadi.
Aslida tarjimon bo‘lib ish boshlaganimni aytgan edim. Bir kuni chopdan chiqqan gazetani hammalari ko‘kka ko‘tarib maqtashayotganda, g‘ashim keldi: bittasini olib, duch kelgan sahifani ochsam, galstuk taqqan habashning surati teskari bo‘lib ketgan ekan. Tagxatni o‘qisam, diktatura kuchaygan Afrikadagi bir mamlakatning shoiri bo‘lib, o‘sha yurtning madhiyasini yozgan ekan. Qaerdadir bir nigilistik fikrni o‘qigan edim: “...madhiya o‘rtacha she’r bo‘lib, uni iste’dodsiz yoki shu kuyga tushib qolgan maddoh shoirlar yozadi” deb. Zero “madhiya” bilan “maddoh” so‘zlarining o‘zagi ham bir.
Xullas, sahifalarda imloviy xatolar, takror so‘zlar, mantiqsiz iboralar ko‘p edi. Bir gapda «bilan» so‘zi uch bor takrorlangan, «nozima» «lozima» shaklida yozilgan, «yangi qo‘shnilar» iborasi «hangi qo‘shnilar» bo‘lib ketgandi. Muhammad payg‘ambarning tarjimai holida xatolar bor edi, Bertels bilan Bartold faoliyati chalkashtirib yuborilgandi. Qizil ruchka bilan barini tuzatib, «katta»ga olib kirdim. U sinchiklab o‘qidi-yu, tutaqib ketdi. Zudlik bilan muharirr-u- musahhihlarni chaqirib rosa tuzladi. So‘ng oldimga tushib iltimos qildi.
- Vahob Kabirovich, rahmat sizga! Endi gazeta bosilishidan oldin o‘zingiz o‘qib bermasangiz bo‘lmaydi. Bu jo‘jaxo‘rozlarda savod yo‘q! Bir kunmas, bir kun sharmanda qilishadi. Xizmatingizni hisobga olamiz…
Shundan buyon tahrir qilaman. Gohida tashqaridagilarning: «chol chizib tashlayabdi», degan dardli shikoyatlari qulog‘imga chalinsa hamki parvo qilmayman.
Kattagina xonada bir o‘zim o‘tiraman. Dastlab bir tojik yigit bilan hamxona bo‘lgandim. U kompyuter oldidan jilmas, kamgap edi. Ayrim yengil kinoyalarimni hisobga olmaganda, jumladan, «ga» bilan «da» qo‘shimchalarini aralashtirib yuborayotganini sha’ma qilganimni aytmaganda, u bilan yaxshi muomalada bo‘ldim. Ammo hafta o‘tmay, boshqa xonaga ko‘chadigan, aniqrog‘i, Mutallibxon degan o‘rta yoshlardagi, xudojuy kishi bilan o‘rin almashtiradigan bo‘ldi. Nazarimda, ana shu yengil kinoyalarim ko‘p o‘tmay achchiq kesatiqlarga, zaharli zardalarga aylanishini chamaladi u. Keyinroq menga ayon bo‘lishicha, ikkalasi shartlashgan - avvalgi hamxonam: «chol bilan bir xonada ishlab bo‘lmaydi» deganda, Mutallibxon: «kerak bo‘lsa men shayton bilan ham til topishaman» deb garillagan ekan. Kompyuterchi qizlarni gapga solgam edim, ular bo‘yab-bejab bo‘lsa hamki, ancha batafsil gapirib berishdi. «Otaxon Xudoni tanimagani uchun shunaqa badbaxt, bag‘ritosh bo‘lib qolgan. Bunga uning o‘zi emas, sho‘rolar tuzumi aybdor. Bir oyda ipakdek yumshoq qilib qo‘yaman, kerak bo‘lsa, machitga ham olib boraman», degan ekan, o‘pkavoy.
Mutallibxon degan hamkasbimizga baho beradigan bo‘lsak, Xudo unga husn, qomat, tavoze, ehtiromdan qarashganini tan olishimizga to‘g‘ri keladi. Cho‘qqi soqoli, bo‘liq va silliq mo‘ylovi to‘ladan kelgan, oppoq chehrasiga yarashiq; oq do‘ppisi, yaktagi qomatiga monand. Mutallibxonning suhbati ham shirin: u bo‘lgan joyda hamkasblar atrofida to‘planishadi; latifalar, qiziq voqealarni aytib, ularni kuldirishni yoqtiradi. O‘zi ham qah-qah otib, qattiq kuladi.
U ishga «Neksiya»da keladi, rahbarlarni mindirib, allaqayoqlarga olib boradi. Birinchi kuniyoq menga ham shunday beminnat xizmatini taklif qilgani yodimda:
- Otaxon, uyingizga olib borib qo‘yay.
Biror kishidan ma’naviy yoki moddiy jihatdan qarzdor bo‘lib yashash tabiatimga zidligi sabab rad etgandim. Mutallibxon imom-xatiblar, turli toifadagi mudarrislar, ulamolar bilan suhbatlar uyushtiradi; aziz joylar, avliyolar haqida maqola yozadi. Uni yaxshi ko‘rishadi.
Ammo men birinchi kundanoq uni xushlamay qo‘ydim. Ishxonada namoz o‘qishi, bundan oldin esa tahorat uchun namoyishkorona oftoba ko‘tarib o‘tishi, sulolasi Xoja Ahrori valiga borib taqalishini ta’kidlab turishi - kommunistik mafkura qon-qoniga singib ketgan mendek, sobiq ateist uchun yot va noxush edi, qonimni qaynatardi. Bunday toifalarning jig‘iga tegish, ishtahasini bo‘g‘ishni yaxshi ko‘rardim va bu yumushni mahorat bilan uddalardim. Ammo, Mutallibxon ham meni tark etsa, boshqa hamxona kelmasligidan, badnom bo‘lib qolishdan andishaga borardim. Lekin uning chala mulla va chala jurnalistligi sabru toqatimni junbushga keltirardi.
Bir vaqtlar yosh demokratlar yig‘ilishlarida ishtirok etganimni aytgan edim. O‘shanda bir ashraf aspirant aytgan gap yodimda mixlanib qolgandi. «Jamiyatimiz uchun eng xavflisi chala mulla va chala olimlar. Savodlari haminqadar bo‘lgani sabab ular yolg‘onni yozishadi. Har qanday oqim yoki g‘oyaga ergashib ketaverishadi, koribadlar qilishadi. Agar matbuot ularni tig‘ ostiga olmasa, bu bedavolar jurnalistlarni oyoq ostiga olishi aniq»!
Mulla yoki xudojo‘y sifatida Mutallibxonning bilimi juda g‘o‘r. U islom dini va uning tarixini bilmaydi. Islom mazhablari, arkonlari haqida tasavvuri cho‘ltoq bo‘lgani sabab, xato yozadi. Kichik kelinim milliy g‘urur bilan milliy mahdudlikni farqlamaganidek, bu din bilan xurofotni aralashtirib yuboradi. Ehtimol, ikkalasi ham atayin shunday qilar? Chunki sutsiz sigir suzag‘on keladi. Mutallibxonnning jurnalistlik mahorati ham xomakroq. U tinish belgilarni o‘rniga quyolmaydi, tahrir qo‘lidan kelmaydi, qaratqich kelishigi bilan tushum kelishigining farqiga bormaydi, yozgan narsalarining alangasi ham, tutuni ham bo‘lmaydi.
U dastlabki kunlardanoq xonaga hadislar, diniy kitoblar ko‘tarib keldi va menga har gal, ularda unday deb yozilgan, bunday deb yozilgan, deydigan bo‘ldi.
- Bu kitoblarga ishonmayman, chunki siyqasi chiqqan, varsoqi gaplari ko‘p,- dedim bir kuni, betakalluflik, noshoistalik bilan. Ana shu javobim borib turgan shakkoklik bo‘lib tuyuldi va kishi jallodga qanday qarasa, menga ham shunday tikilib, nasihat qilishga o‘tdi. O‘rnimdan turib, iddao bilan:
- Xato qilibmiz! Gumrohlik bizdan o‘tibdi,- dedim, ovozimni ko‘tarib.
Qo‘limda qizil rangli ruchkam bo‘lmaganda, muqarar: «Siz, xudobexabar bolsheviksiz»! degan bo‘lardi. Ammo…
Bir kuni ishdan qaytayotganimda, darvozaxonada tanish, notanish kishilarga gap berayotgan ekan. O‘zini xo‘jalar avlodidan ekanligini takrorlayotganini eshitib, Mashrabning ikki qator she’rini o‘qib yubordim:
Saidsan, xo‘jasan - zinhor mag‘ruri nasab o‘lma,
Agar aslingni bilsang, qatrai obi haromdursan!
Hamma jimib qoldi. Mutallibxonning avval peshonasi noxush tirishdi, so‘ng labining bir chekkasi bilan kinoyali tirjaydi. Uning bu holatidan: «Chol, baribir sasib qo‘yding-da», degan nadomatli istehzoni uqib oldim. Keyin hech gap bo‘lmaganday apoq-chapoq bo‘lib ketdik.
Oradan chamasi biror oy o‘tgandi. Xonaga uning odatdagi ulfatlari kirib kelishdi. Jamoa orasida qattiq kulish fazilat emas, odobsizlik ekanligini Mutallibxonga oldinroq yotig‘i bilan tushuntirgan bo‘lishimga qaramay, chukchilar haqida latifa aytdi-yu, bor ovozi bilan qah-qaha otdi. Deraza oynalari sharaqlab ketdi. Boshqalar ham unga qo‘shilishdi. Men o‘rnimdan turdim, qo‘limdagi ruchkani stolga urib, ularga shunday yovqarash qildim-ki, barining kayfi uchib, xonani tark etishdi.
Kek saqlaydigan odatim yo‘q, Mutallibxon bo‘lsa dili daryo odam: biz tez ahillashib ketamiz. Ammo o‘sha tanbehim ish bermagan ekan, shekilli bu hol tag‘in takrorlanib qoldi. Chidab turolmadim: «Padariga la’nat! Padariga la’nat! Mani ham padarimga la’nat!, deb baqirdim. Ensam qotib, boshimga og‘riq kirdi, zudlik bilan sumkamdan bir juft adelfan olib, yutib yubordim. Shu-shu hamxonamning qattiq kulgusi eshitilmaydigan bo‘ldi.
Bu gal u telefonda shang‘i ovozda ko‘proq gapirib qo‘ydi, unchalik zarur bo‘lmagan tafsilotlarni ham hikoya qildi. Asabim buzilib, bir-ikki bor yovqarash qilsam ham guftigo‘ni tugatmadi. Nihoyat, dastakni joyiga qo‘ydi va uzr so‘ragan bo‘ldi.
- Kechirasiz, rayon bilan gaplashdim.
Men stulni ko‘tarib, deraza ostiga qo‘ydim, romni shoshmay ochdim.
- Akasi, ovozingiz baland ekan, shuni ustiga chiqib gapirsangiz ham eshitisharkan,- deb zaharxanda qildim.
Oradan qancha vaqt o‘tganini eslolmayman. O‘sha kuni hamxonamning qalamiga mansub «Muqaddas qadamjo» degan maqolasini qo‘liga qaytarib berishga majbur bo‘ldim.
- Hazrati Dovud haqida yaxshi ma’lumotga ega emassiz. Bu odamning biz tomonga kelib, g‘orda yashashi, tosh ustida namoz o‘qishi va unda izlari qolganligi qumursqaga ham ozor bermaganligi haqidagi gaplar na tarixiy haqiqatga, na mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Dovud namoz o‘qimagan, chunki u yahudiy edi. Namoz o‘qigan kishining tizza izlari toshda qolmaydi. U podsho edi va bu yerdagi g‘orga kelib yotmasdi. Beozor bo‘lishi ham mumkin emas: chunki eramizdan oldin o‘zi vujudga keltirgan Isroil-Iudey mamlakati atrofidagi yurtlarni bosib olgan, minglab odamlarni o‘ldirgandi,- dedim.
- Bu maqolani imom-xatibimizning maslahatlari bilan yozdim, asosiy faktlarni o‘sha kishidan olganman, «katta»ning ham xabari bor,- obro‘mandlar nomini qalqon qilmoqchi bo‘ldi va negadir, basharasiga sadaqa so‘ragan gadoyday ayanchli tus berdi.
- Sizni tergamoqchi emasman,- dedim,- ammo kasbu korimizga isnod keltirish yaxshi emas! Insof bilan aytganda, o‘sha imom-xatibingiz ham chalamulla. Chalamullalar esa qonga tashna oqimga ham, shaytonga ham ishonishi mumkin, ammo haqiqat ovoziga ishonishmaydi!
U sukut saqladi.
Bu dargohda jazolovchi ham, jabrdiyda ham o‘zim edim. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ko‘p o‘tmay, Mutallibxon garovni boy berdi; boshqa xonaga ko‘chdi. O‘ksib ketdim: biror yilga bormay, bu olamni tark etsam, o‘rnimga Mutallibxon kelib o‘tirishi va ulfatlarini yig‘ib, koribadlarimni gapirishi, qiyofamga kirib, rol o‘ynashini tasavvur qilish juda ko‘ngilsiz edi.

* * *

Yetmish to‘rtga to‘lgan kunim andak yasanib, ishga barvaqtroq keldim. Hamma bilan dilkash munosabatda bo‘lishim kerakligni dilga tugib oldim. Tug‘ilgan kunlar, bayramlarni munosib nishonlashardi. Ammo tushgacha xonamga it ham kirmadi. Odamlar men notavonning zahar so‘zlarim, achchiq kinoyalarim, noo‘rin pichinglarimdan bezib qolishganini his etib, nadomatlar chekib turganimda, eshik ochilib, avval bir dasta gul ko‘rindi. Men cho‘chib ketdim.
- Yo‘qoting! Yo‘qoting, gulni!- deb baqirdim.
Haligi kishi ichkariga ham kirmay, qo‘rquv aralash ajablanib chiqib ketdi. Meni esa nogahoniy aksa tutdi. Cho‘ntagimdan dori (diazolin) olib, yutib yubordim.
Gap shundaki, besh yildan beri gul changidan allergiya paydo qilganman. Odamlar bahorni kutishadi, muattar gullarni to‘yib-to‘yib hidlashadi. Mening bu bedavo dardim naq bahorda boshlanadi: gulni ko‘rsam, bombaga ko‘zim tushganday, seskanib ketaman. Chunki o‘sha zahotiyoq aksirish, ko‘zdan yosh oqishi boshlanadi va to‘xtovsiz davom etadi. Dori-darmon degani ham darhol kuchini ko‘rsataqolmaydi. Shu barobarinda qon bosimim ham ko‘tariladi va o‘lim vahimasida qolaman. Qachondir gul hidlab yoki gulzor yonidan o‘tayotib o‘laman, degan xavotir yuragimni siqadi.
Qon bosimim balandligi, bir bor infarkt bo‘lganim, suyaklarimni osteoxandroz qaqshatishi, siyosiy bezorilar tomonidan zarb topgan oyoq va bo‘ynim sovuqda og‘rishi, uyqusizligim va nihoyat noxush xayollar meni doim iskanjasiga olishini aytgan edim. Endi insof bilan aytingchi: gul changidan allergiya bo‘lish kamina uchun ortiqcha emasmi?!
Balki mendek dilozorga bu ham kamdir?
Allergiya haqida gap ketganda, tag‘in bir g‘alati gapni aytgim keladi. Sho‘rlik Mutallib ham shu kasalikka chalinib qoldi. Yo‘q, gul changidan, chinordan, yoki boshqa matodan emas, mendan, ha mening basharamdan allergiya bo‘ldi. Yo‘lak-po‘lakda ko‘zi tushib qolsa, nogahonda yo‘tali tutar va ko‘zidan shashqator yosh oqardi; meni ko‘rganda, ko‘zini yumib oladigan yoki yuzini nochor o‘giradigan odat chiqardi. Uning bu holatidan, hatto kompyuterchi qizlar ham kuladigan bo‘lib qolishdi.
Tabiiyki, idora bo‘lgandan keyin yig‘ilishlar ham o‘tkazilib turiladi. Boshliq avval sokin gap boshlasa hamki, keyin tutaqadi, urishadi. Gap orasida: «hamma maqola, hikoya, she’rlarni Vahob Kabirovich ko‘rsinlar», deydi. Ammo, gohida mendan chetlatib chiqarib yuborishadi yoki charchaganimda, ularning bir qismini o‘qiyolmay qolaman. Yig‘ilish oxirlab qolganda, «katta» tag‘in menga murojaat qiladi:
- Vahob Kabirovich, so‘zga chiqasizmi?
Men ko‘p hollarda rad etaman, ammo gohida qo‘l ko‘tarishga to‘g‘ri keladi. Sokinlik bilan so‘z boshlayman: hazil aralash gaplar qilaman.
- Men boshliqlarning shu gazetaga bog‘lab qo‘ygan itiman; mazza qilib baliq yeyayotganingizda tomog‘ingizga tiqiladigan qiltanoqman,- deyman. Yig‘ilganlar xavotirona ishshayib qo‘yishadi. Keyin gazetaning so‘nggi sonini qo‘lga olib, davom etaman: - Bu sonning birinchi sahifasida ham, oxirgisida ham estrada artistining surati berilibdi. Ichkari sahifada shularning biri bilan suhbat yoritilibdi, kuyov bilan tushgan fotosi ham bor ekan. Ayon bo‘lishicha, bu - beshinchi eri ekan…
Ana shu o‘rinda, mushohada qilib ko‘rishlari uchun chuqurroq pauza qilaman. Keyin davom ettiraman: - Bu gal oyimtilla bola-chaqali ishbilarmonga tegibdi. Gazetamiz o‘sha farzandlarning qo‘liga tegsa, qay ahvolga tushishlarini tasavvur qilasizlarmi? Bunisi sadqai sar! Hozir guldek qizlarimiz estrada xonandalaridan ibrat oladigan, ularga taqlid qiladigan bo‘libdi. Modomiki shunday ekan, bu bezbet, buzuq ayolning ( shu yerga kelganda, jahlga minib, ovozimni ko‘taraman) birovning oilasini vayron qilib, beshinchi erga tekkanini yozishdan muddao nima? Padariga la’nat! Padariga la’nat! Mening ham padarimga la’nat!
Ana shu o‘rinda boshliq ham o‘zini idora etolmay qoladi.
- Kim tayyorlagan?
Menga dastlab hamxona bo‘lgan tojik yigitcha qo‘rqa-pisa o‘rnidan turadi. - Majlisdan keyin qoling!- tahdid qiladi «katta».
Men davom etaman:
- «Yangi ziyoratgohlar» degan maqola bosilgan ekan. Muallifi yozilmagan. Bu yerda hikoya qilinishicha, tumanlarda yangidan-yangi avliyolarning qadamjolari topilib, ziyoratgohga aylantirilayotgan emish. Suratda odamlar ana shu mozorlarga qo‘y yetaklab kelayotgani ko‘rsatilgan. «Bular bari mustaqillik sharofati», deyilibdi.
Tag‘in, odamlarga qarab sukut saqlayman. - Birodarlar, ishonchim komilki, bular bari o‘sha yerdagi korchallon, hiylagarlarning tuzog‘idan boshqa narsa emas! Aytinglar: chalamullalar biz jurnalistlarni oyog‘i ostiga olgani shu emasmi?! O‘z xalqini xurofot va bid’atga da’vat etadigan matbuot kelajakning dushmani emasmi?!
Shu yerga kelganda tag‘in o‘zimni tutolmay qolaman.
- Padariga la’nat! Padariga la’nat! Mening ham padarimga la’nat!
Shu payt ensam qotib kelayotganini sezaman, boshim og‘rib, qon bosimim birdan oshganidan dalolat beradi, qullarim qaltirab, cho‘ntagimidan bir juft adelfan olaman. Kimdir kichik chinni bokalchada suv beradi: men dorini yutib yuboraman. - Kechirasizlar,- deyman va o‘tiraman.
- Material kimniki?- tag‘in tahdid bilan savol beradi boshliq.
Bu gal Mutallibxon qo‘rqa-pisa o‘rnidan turadi. Ko‘zi nogahonda menga tushgan chamasi, allergiyasi tutib, yo‘talar, aksa urar, ko‘zidan yosh oqar, yuzining rangi qochgandi. Mo‘ylovi shalvirab qolgan va lab-lunjini pastga tortib turganday xunuk edi. Avvalgi Mutallibxondan hech vaqo qolmaganini ko‘rib, unga achinaman va zohiriy qoniqish tuyaman. Kaminani ipakdek yumshatishga bel bog‘lagan o‘pkavoyga bu ham kam deb hisoblayman! Meni bag‘ritosh, desangiz ham ixtiyor o‘zingizda!
Bir paytlar televizorda habash bilan oq tanli bokschining jangini tomosha qilgandim. Qora tanlisi chempion ekan va musobaqa boshlanishidan oldin boks uch-to‘rt raundda tugashini, raqibini zambilda ko‘tarib ketishlarini karomat qildi: aniqrog‘i, garillab qo‘ydi. Ikkinchi raunddayoq o‘zining qovog‘i yorildi. Uchinchisida esa uzala tushib yiqildi. Million-million tomoshabinlarning ko‘z o‘ngida cho‘zilib yotganini ko‘rib, san notavon, lakalovga bu ham kam, deganim yodimga tushdi. Kaminani ipakdek yumshatmoqchi bo‘lganning aftoda ahvoli habash bilan oq tanli bokschilar jangini yodga soladi.
Xullas, avvalgidek, minbad so‘zga chiqmaslikka ahd qilib, yig‘ilganlarga ko‘z yugurtiraman: ular nigohlarini olib qochishadi. «O‘lib qolsam, bularning bari quvonsa kerak», deb o‘ylayman o‘zimcha.
Oradan ikki kun o‘tgandan keyingina tojik yigit bilan Mutallibxon ishdan ketganini eshitaman. Gunohlarim yana oshgani - pistirmada turib, naq yuragimni mo‘ljalga oladigan ovchi tag‘in ko‘payganini o‘ylab, nadomat chekaman, tafsilotini so‘rashga esa yuragim betlamaydi. «Meni ko‘rmasa, Mutallibxon allergiyadan tezroq qutiladi», degan yupanch gunohlarimni jilla yengillashtiradiganday bo‘lib tuyuladi. Mabodo, ularning birortasi kelib: «Sen yaramassan!» desa, «Men aytganingdan ham battarroqman», deyishni ko‘nglimga tugib qo‘yaman. Keyinroq esa, kompyuterchi qizlardan, haligilarning: «Yo biz ishlaylik yo Kabirov» degan shartni ko‘ndalang qilib qo‘ygani, boshliq esa: «Yaxshi boringlar – sizlarga javob» devorganini eshitib, allanechuk bo‘lib ketaman.

* * *

Gohida ishxonamga Klara kirib keladi. U odatdagidek, oq kofta va uzun yupka kiyib olgan bo‘ladi. Ko‘ksini adl ko‘tarib, mayda qadamlar tashlab kelayotganini ko‘rsam, ko‘z o‘ngimda suzib yurgan oqqush gavdalanadi va dilim hapriqadi. Qizim to‘g‘ri xonamga kirib keladi, avval ikki yuzimdan o‘padi. Albatta, sog‘ligim bilan qiziqadi, qon bosimimning yuqori va pastki shkalasini so‘raydi. Xotirjam bo‘lishi uchun andak pasaytirib aytaman. Keyin o‘tirib olib, gapga kirishib ketadi.
U mushohadali, aqlli, emin, ammo menga bo‘lgan munosabatda hamon bolaligicha qolgan: gaplarining biri bog‘dan bo‘lsa, biri tog‘dan bo‘ladi; bir-biriga bog‘lanmagan, qurama savollar beraveradi. Jilmayib quloq solib turaman
- Bu yerga estrada yulduzlari ham kelib turadimi?- so‘raydi
- Keladi, onaginam.
- Yozuvchilar-chi?
- Kelishadi,- deyman va tashqarida allakim bilan gaplashib turgan pakana yozuvchini ko‘rsataman. U derazadan o‘sha tomonga qarab, hafsalasi pir bo‘lib ketadi.
- Bo‘yi past-ku…
- Past, onaginam,- javob beraman va yozuvchi bilan yaqinda sodir bo‘lgan voqeani eslayman.
Hikoyasini redaktor qaytargan ekan, norozi bo‘lib, «katta»ga kiribdi. U esa masalaga ravshanlik kiritish uchun varaqning bir burchagiga: «tov. Kabirovu!» deb yozib, menga jo‘natibdi. Hikoyada imloviy xatolardan tashqari, g‘aliz jumlalar, mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan, hayotda hech qachon sodir bo‘lmaydigan voqealar lak-lak edi. Qizil ruchka bilan tuzatdim, zarda bilan undov, so‘roq belgilari qo‘ydim-u, oxirida jahl bilan: «Xudo qalamni ham bo‘yga qarab berarkan-da», deb yozdim.
U bir necha oygacha men bilan salomlashmay yurdi. Keyin yarashib oldik.
Klara savolda davom etadi:
- Generalniy direktorning puli juda ko‘pmi?
- Ko‘p bo‘lsa kerak.
- Qaerdan olgan buncha pulni?
- Bunisiga aqlim qosir, onaginam.
Guftiguyimiz shu tariqa allamahalgacha davom etadi. So‘ng kompyuterchi qizlarning oldiga yo‘l oladi. Ular bilan rosa suhbat qurgach, tag‘in xonamga kiradi.
- Mabodo, bu yerdagilarni xafa qilib qo‘ymang,- ogohlantirgan bo‘ladi. Axir, siz ishlagan payt boshqa edi, hozir boshqa zamon.
Kimdir mendan jilla noliganini sezaman va nadomat chekaman.
Klara tag‘in oqqushga o‘xshab chiqib ketadi.
Men, odatda, tushgacha ham ishlamayman. Gohida qudam (Maysaraning qaynotasi)ga telefon qilaman. Bunday paytda seriltifot, shirinzabon, so‘zamol bo‘lib ketaman.
- Hoji aka, yaxshimisiz, sizni sog‘indik,- deyman, tilyog‘lamalik bilan.
U ham qudalarga xos mulozamatlar ko‘rsatgan, kaminani sifatlagan bo‘ladi va tezroq yetib kelishimni so‘raydi. Ko‘pincha taksiga minib jo‘nayman. Qudam bilan juda quyuq ko‘rishamiz: allamahalgacha to‘rni ko‘rsatib, «qani o‘zlari, qani o‘zlari», deyaveramiz. Keyin, hech zarurati bo‘lmagan holda, bir-birimizning kiyimimizdagi changlarni qoqqan, tugmalarni ushlab ko‘rgan bo‘lamiz. Uning yuziga qarab: «bu galvars xotini bilan yotganda, la’nati soqoli xalaqit bermasmikin», deb ( inson xayolidan ko‘ra erkinroq narsa bormi dunyoda) o‘ylayman. Unga hech qanaqa qochirim, kesatishlar qilmayman: qizim, nabiralarimning xushu xursandligi, bir tomondan, shu xudojo‘yga bog‘liqligini yoddan chiqarmayman! Jigargo‘shalarimni ko‘rib, dilimda iliq umidlar nish urganday bo‘ladi.
Gohida qudam yoshim o‘tib ketayotganligini yodovar qiladi va bu bilan machitga qatnaydigan vaqtim kelganligiga sha’ma qiladi. Bu vaziyatda hazil va so‘z o‘yini bilan chiqib ketaman.
- Machitga borardim, ammo do‘konlardan oftoba topolmayapman.

Kechki ovqatdan keyin xonamga, kutilmaganda Klara kirib keldi. Bu gal ortiqcha savollar bermagani, yuzidagi tashvish alomatlariga qarab, allaqanday jiddiy gapi borligini fahmlab oldim. Ikkalamiz ham jimib qoldik.
- Vahob Kabirovich, kallangizdan haligi...( u o‘zbekcha ibora topolmay qoladi) nejelatelnыy fikrni chiqarib tashlasangiz, bir muhim gap aytardim.
«Bir yilga yetmay o‘laman», degan fikrimni nazarda tutayotganligini fahmlab, ma’qul ma’nosida bosh silkib qo‘ydim. - Bitta she’r bor edi-ya: Rossiya haqida; bolaligimizda yoddan aytib berardingiz,- davom etdi u.
Hech narsani eslolmaganimni bildirish uchun yelka qisdim. Klara yodimga soldi:
Rossiya, Rossiya azamat o‘lka.
Ey osmon singari bepoyon vatan…
Bu bilan nima demoqchi ekanligini fahmlolmay, angrayib turaverdim.
- Bilasizmi, men sizni Rossiyaga olib ketaman! Joyni gaplashib qo‘ydim, o‘zim bilan Timurchikka ish topib beradigan bo‘lishdi.
Tabiiyki, tomdan tarasha tushganday bu taklif dilimga sira o‘tirishmadi. Bir oyog‘i go‘rning labida turgan mendek aftodaholning ko‘nishi, o‘ta nodonlik bo‘lur edi, ammo nogahonda eng yaqin kishimdan ajralib qolish vahimasi dilimni o‘rtantirdi.
- Bu fikringdan qayt,- dedim, shunga qaramay iltijo ohangida.
- Menga qarang, menga qarang, nima qilasiz bu yerda? Sizni yaxshi ko‘rishmaydi: uyingizda ham, ishxonangizda ham. Chunki bular intellegent emas! Men sizni kaftimda ko‘tarib yuraman… Yo‘q demang, yo‘q demang,- ko‘ndirishga astoydil undardi u.
Allamahalgacha jimib qoldik, so‘ng nigohlarimiz to‘qnashganda, men uning qarori qat’iyligini, o‘z navbatida Klara ham meni ko‘ndirib bo‘lmasligini babbaravar fahmladik.
Biror haftadan keyin qavmlar bilan Klara hamda Temurni kuzatgani aeroportga chiqdik. U dilimga dalda berar, har kuni telefon qilib turishini takrorlar, ammo bular huvillab qolayotgan dilimga darmon bo‘lolmasdi. «O‘limim oldidan uni ko‘rolmay qolaman», deb o‘kinardim; keyin kelib, sochlarini yoygancha, o‘pkasi to‘lib yig‘lashi ko‘z o‘ngimga gavdalanar, ayni paytda unga shakarguftorliklar qilgim kelayotgan bo‘lsada, nima deyishni bilmay talmovsirardim.
Xayrlashuv oldidan, u negadir, avval Ferideni quchoqladi va diydalarini tiyolmay undan iltimos qildi.
- Sen dadamga ehtiyot bo‘l! Bu kishi juda yaxshi odam!
Shu tobda undan: «dadamga» degan kalomni eshitib, nimadandir taskin topganday, qoniqqanday bo‘ldim. Qizim (ehtimol, so‘nggi bordir) meni bag‘riga bosdi.
Hademay, u o‘g‘li bilan, xuddi oqqushga o‘xshab, samolyot tomon yurib ketdi.
Samolyot ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha, uning ortidan ko‘z tikib qoldim.

2007

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.