Yusuf Abdullayevga bag‘ishlanadi
Bu ko‘ngilsizliklarning bari Tog‘osharning burnidan qon kelgan o‘sha noxush shanbadan boshlandi. Dastlab o‘zi ham, boshqalar ham bunga jiddiy e’tibor berishmagandi. Ammo, qon to‘xtamadi. Burniga paxta tiqdi, boshini ko‘tarib yotdi - qon esa halqumiga o‘tdi va og‘zidan keldi. Ishboshi «tez yordam» chaqirdi. Doktor o‘z ishining ustasi ekan - uning boshini yanada baland qilib yotqizdi, burniga vodorod peroksid shimdirilgan paxta suqdi, qanshariga ho‘l latta bosdi - qon to‘xtadi. Keyin shoshmay qon bosimini o‘lchadi.
- Joyida,- dedi yengil tortib. - Burningizni biror narsaga urib olganingiz yo‘qmi? Ichmaysizmi, chekmaysizmi?
U inkor ma’nosida bosh tebratib turdi. - Issiqda yurmang, burningizni qattiq qoqmang,- dedi doktor ketaturib. Tag‘in qon ketsa, yotishga to‘g‘ri keladi. Jigar kasallanganda ham shunday bo‘lishi mumkin.
Anchagina qon yo‘qotganidan bo‘lsa kerak, u andak holsizlandi va birinchi bor o‘lim haqida o‘ylab qoldi. Kayfiyati andak buzildi.
Hafta o‘tmay, dilni xufton qiladigan hol tag‘in takrorlandi: bu gal doktorni ovora qilishmadi - burniga dorilangan paxta tiqib, peshonasiga muzday latta bosishgandi, qon to‘xtadi. Bora-bora, jigarida bilinar-bilinmas, rutubatli og‘riq paydo bo‘ldi. U: «Vatanga qaytish kerak», degan xulosaga keldi.
Bu yerdagi shifoxonalarda davolanish juda qimmatga tushishini u eshitgan edi, shuning uchun ham yurtga qaytish, o‘sha yerda davolanish fikri tag‘in kuchaydi. «Har holda, o‘z yurtim, qavmlar holimdan xabardor bo‘lishadi. Tuzalib ketsam, tag‘in qaytib kelarman», degan, unchalik qat’iy bo‘lmagan, mavhumroq muddaosi ham yo‘q emasdi uning. Buning ustiga qizi Shabnam bo‘y yetib qolgandi: xotini uning bu musofir yurtda, begonaga turmushga chiqishini tasavvur qilolmasdi.
* * *
Tog‘osharning taqdir taqozosi bilan, aniqrog‘i, rizq-u nasiba izlab, Sochi shahridan bir necha chaqirim yuqoridagi Mamayka posyolkasiga kelib qolganiga o‘n yildan oshgandi. To‘qsoninchi yillarning (XX asr) o‘rtalarida ustma-ust kelgan qurg‘oqchiliklar boshqa joylardagi singari uning qishloqdoshlarini ham talay qiyinchiliklar, mushkulotlarga ro‘baro‘ qildi. Daryo suvi quridi, (muysafidlarning aytishlaricha, bundan yetmish yil ilgari ham shunday hol ro‘y bergan ekan) yuzga yaqin xo‘jalik birgina buloqqa ko‘z tikib qoldi. Yozning oxirlariga kelib, undan chiqadigan suv juda kamayib: paqir ko‘targan qiz-juvonlar, flyaga ortgan mototsikllar, aravalar navbatda turadigan bo‘lib qolishdi. Tog‘da o‘t-o‘lan o‘smagani sabab, mollarni arzon-garovga sotishdi. Bolalar maktabga kelmay qo‘yishdi: muallimlar mardikorlikka jo‘nab ketishdi. Ommaviy-axborot vositalari to‘kinlik, farovonlik haqida shaldiroq gaplarni vaysayotganda, odamlar non topish vahimasiga tushgandilar. Tabiiyki, Toshtemir ham bundan mustasno emasdi. Uning tug‘ilgan kuni, aniqrog‘i qirq yoshga to‘lishi ham najot haqida bosh qotirib yurgan kunlarga to‘g‘ri kelib qoldi. O‘sha kuni pochtachi tutqazib ketgan telegramma hayot yo‘lini batamom o‘zgartirib yuborishini esa xayoliga ham keltirmagandi.
Telegramma Sochi shahridan kelgan bo‘lib, uni do‘sti Odina yuborgan, aniqrog‘i, tug‘ilgan kuni bilan muborakbod etgandi.
Odina deganimiz, asli panjakentlik. U bilan universitetga birga o‘qishga kirishgandi. (Mustaqillik e’lon qilinishidan oldin, albatta) Keyin yotoqda ham hamxona bo‘lib qolishdi. Faqat fe’l-atvorlarigina emas, qiyofalari ham o‘xshash bo‘lganligi sabab, ko‘pchilik ularni aka-uka deb bilardi. Hayot yo‘llarida, imkoniyatlar orasidan munosibini tanlaybilish qobiliyatiga ega edilar ular. Ikkovlari ham o‘rtabo‘y, qirraburun; mushohadali, qanoatli, sokin, xullas, «shahar ko‘rgan»lardan edilar.
O‘qishdan keyin Odina yurtiga qaytib, muallimlik qilayotganda ham bordi-keldilar uzilmadi. Bayramlar, tug‘ilgan kunlarda bir-birlarini tabriklab turishdi. Mustaqillik e’lon qilingach, robitalar murakkablashdi, dastlab, hatto maktub ham egasini topmaydigan bo‘lib qoldi. Bu ham tabiiy hol edi: yangi tartib va tuzumga moslashish uchun vaqt talab qilinardi. Odina maktabni tashlab, Rossiyaga ishga ketganini u eshitgandi, ammo bu gapni kim aytganini sira eslolmasdi.
«Uyoqda nima ish qilayotgan ekan? Borsam, menga ham yumush topilarmikan», deb o‘yladi o‘zicha va o‘sha tabriknomani qayta qulga olib, manzilgohga sinchkov nazar soldi. Keyin maktub yo‘lladi. O‘n kunlardan keyin kelgan javob xati anchayin umidbaxsh bo‘lib, jumladan quyidagi gaplar bor edi. «Bunday noilojlik mening ham boshimga tushgandi. Bundan o‘ksimaslik kerak. Jomadoningizni (ular bir umr siz-sizlab gaplashishgandi)ko‘tarib kelavering: ishboshi bilan gaplashib qo‘ydim. Yotib-turadigan joy ham aniq. Yumushimiz qiyin emas: bu yerda bir ozarbayjonning kattagina yeri bor - shu yerda gul yetishtiramiz…»
U so‘nggi qo‘y-echkilarni sotib, bir qismiga ro‘zg‘origa un bilan yog‘ xarid qildi, qolganiga chipta oldi. Akasi bilan ukasiga ( hammalari bir hovlida yashashardi) oilasidan boxabar bo‘lib turishni tayinladi, ishi o‘ngidan kelsa, pul yuborishga so‘z berdi.
Bu yog‘i ham qiyin bo‘lmadi: Odina, va’da berganidek, uni aeroportda kutib oldi. Tamaddi qilishgach, avval Qora dengizni, uning sohillaridagi muhtasham binolarni, so‘lim xiyobonlarni ko‘rsatdi. Tog‘osharning dili allaqanday shukuhga to‘ldi; sarhadsiz dengiz, yam-yashil bog‘lar, mamnun qiyofalar dilidagi orzu-umidlarni olovlantirdi; inson bu dunyoga baxt uchun kelishini bot-bot xayolidan o‘tkazdi. Taksi bilan Mamaykaga jo‘nash oldidan, Odina uning bu jozibalardan to‘ymay qolganini his etdi va: « Har yakshanba shaharga tushib turamiz - hali to‘yib tomosha qilasiz», dedi.
Yo‘l-yo‘lakay pishiq g‘isht yoki shunga o‘xshash oq bloklardan tiklangan uylar va ularning derazalariga tortilgan harir pardalar to‘qlik, farovonlikdan dalolat berardi. Mamayka deganlari ham kattaroq qishloq ekan. Bu yerda ja’mi binolar pishiq g‘ishtdan tiklangan, hovlilar yam-yashil, ular devor bilan o‘ralmagan, gullar, butalar bilan to‘silgandi.
- Biz darhol uch paxsa devor uramiz, uyimizning o‘zi ham paxsa,- dardini to‘kmoqchi bo‘ldi do‘stiga.
- Shunday qilmasak ham bo‘lmaydi - mol kiradi,- e’tiroz bildirgan bo‘ldi Odina.
- Bular mol boqishmaydimi?
- Fermalarda boqishadi, ammo sut, qaymoq arzon,- dedi u.
Atrofi anvoyi gullar, butalarga burkangan ikki qavatli bino qarshisida to‘xtadilar. Do‘sti izoh berishga tushdi.
- Uyning egasi Sank-Peterburgda yashaydi, bu yerda Vadim degan o‘g‘li turadi; Odamxudo, deyishadi uni - xayolparastroq bola. Shu yigitning bir gapi bor: «Inson qaerda yaxshi yashasa, o‘sha maskan - uning vatani». Bugundan boshlab, shu uy sizning ham vataningiz bo‘ladi.
Yuklarni krovatining ostiga joylashtirgach, do‘sti choy olib keldi, begona muhit, notanish kishilar diliga rutubat solmasligi uchun bu yerga kelib to‘g‘ri qilganini, ishi o‘ngdan kelishi muqarrarligini qayta-qayta takrorladi. Bir ozdan keyin yo‘lakka olib chiqib, o‘sha xushfe’llik, umidbaxshlik bilan muhit, sharoitlar, odamlar bilan tanishtirishda davom etdi.
- Chap tomonimizdagi xonada mening ikki jiyanim turadi: uch yil ilgari birga kelganmiz. Avval bizga ham qiyin bo‘lgandi, hozir haqimizni qoldirmaymiz! Mana bu xonada ikki ozarbayjon bola yashaydi. Ishyoqmas, erkaroq - katta xo‘jayinning qavmlaridan bo‘lsa ajab emas. Bunisida chechenlar yashashadi. Bu tomonda ikkita xona bor - o‘sha Odamxudo deganimiz xizmatkori, tansoqchisi bilan turadi.
- Tansoqchisi ham bormi?- ishonqiramay so‘radi Tog‘oshar.
- Ha, bir chechen yigit kuzatib yuradi. Negadir yolg‘izlikdan xavotir tortadi, bu Vadim deganimiz. Falsafa fakultetini bitirib, o‘sha yerda dars berayotganda, andak kasallanib qolgan: nazarimda, miyani charchatib qo‘ygan. Shuning uchun ota-onasi bu yoqqa yuborgan - dam olishga. Pastki qavatda turli joylardan kelgan ayollar yashashadi. Istasangiz, birortasi bilan tanishtirib qo‘yishim ham mumkin.
Ular beg‘ubor kulishdi.
Odina xotini, qizi bilan burchakdagi ikki xonani ijaraga olgan ekan: tushlikni o‘sha yerda qilishdi. Keyin do‘sti uni ishboshi - Jabrail bilan tanishtirdi. Ruschalab tez gapiradigan, (ovozi burnidan chiqadigan) chuvak, pakana bu odam Tog‘osharning diliga unchalik o‘tirishmadi. Xuddi ot xarid qilayotgandek, suhbatdoshiga sinchkov nazar tashlab chiqishi, gapirayotganda nuqul ko‘zini olib qochishi g‘alatiroq edi. Shunga qaramay, Tog‘oshar unga ehtirom ko‘rsatib turdi. Chunki bunday fe’l va raftor ko‘pgina ishboshilarning tabiatiga xos ekanligini bilardi. Jabrailni esa Xudoning o‘zi ishboshi qilib yaratgani mana-man, deb turardi: boshliqning ishonchini qozonish, unga sadoqatini namoyon qilib turish, kam xarajat qilib, ko‘proq foyda olish hayotining mazmuniga aylanib qolgandi bu odamning.
- Bu ham bizning brigadada ishlayversinmi?-so‘radi Odina.
U rozilik bergach, savolda davom etdi: - Shartnoma tuzish kerak emasmi?
- Dastlab uch yuz oladi.
- Juda oz-ku, loaqal biznikiga tenglashtirish kerak: bola-chaqasi bor.
Jabrail ijirg‘anday bo‘ldi va javob qaytarmay, zarda bilan jo‘nab ketdi. Odina g‘azabini yashirmadi.
- O‘sha Odamxudo buni Azroil deb ataganicha bor. Qarang: bir oyda uch yuz beraman, deyabdi. Anovilar ming dollardan olishayabdi…
- Odina, uch yuz dollarmi? Mayli, indamang, men roziman - axir u yerda oladigan maoshimni dollarga chaqsa, oltmishga ham yetmasdi.
* * *
Bu yerda bir necha gektar maydonda turli navdagi gullarni yetishtirisharkan va peshma-pesh Sochiga eltib sotisharkan. Ochiq maydonlar bilan birga usti plenka bilan yopiladigan issiqxonalar ham ko‘zga tashlanib turardi. Ana shu mulk sohibining Moskvada, Bokuda uyi; allaqaerda korxonalari borligini, har oyda bir bor kelib, xabar olishini aytishdi.
Tog‘oshar oshxonada jam bo‘lgan kishilardan andak qimtinib turgan bo‘lsa hamki, ularni tanib olish; qiyofalari, nomlarini xotirada saqlashga harakat qildi. Sipo kiyingan xushfe’l, chiroyli qiz-juvonlar; hayotning achchiq-chuchugini tatib ko‘rmagan, hazilkash yigitchalarni mehr, havas bilan kuzatdi. Nonushta qilib olgach, (tuxum, sariyog‘, shirgurach, kofe berishdi) atirgul yetishtiriladigan kattagina maydonga borishdi. Har bir qatorda alohida navdagi gul o‘sar, ular kamalakdek jilolanishi ustiga atrofga xushbo‘y iforlar taratar, bularning bari dilga iliq hissiyotlar solar, hayot munavvar, umidbaxsh ko‘rinar; yer bilan osmon orasi bo‘shlik emas, insonning orzu-umidlarini, hayotga bo‘lgan havasini olovlantiradigan go‘zalliklar maskani ekanligini yodga solardi.
Unga tokqaychi berishdi: ular gul tayyorlashga kirishishdi. Tog‘oshar qora atirgul (guli siyoh) qatoriga tushib qoldi. Bunday gulni birinchi bor ko‘rayotgani uchun qiziqishi oshib, do‘stidan so‘radi.
- Bu gulning ham xaridori bormi?
- Juda ko‘p,- javob berdi Odina,- motam marosimlarida, marhumlar qabrini ziyorat qilishda… Gohida boshqalaridan ko‘p ketadi, narxi ham balandroq.
Ochilay-ochilay deb turgan g‘unchalarni taxminan ikki qarich uzunlikdagi poyasi bilan qirqib olib, qutiga solishar, ayollar ularni rangi, shakliga qarab yaltiroq qog‘ozlarga o‘rashardi. U tezroq, ko‘proq ishlagisi keldi-yu, sheriklaridan andisha qildi. Buning ustiga haligi yigitchalar atrofda bir-birini quvib yurishar, ish boshlashmagandi. Bunday paytda judayam ishga berilgan kishi «ola qarg‘a»ga aylanib qolishini u yaxshi bilardi. Tushgacha aksar hamkorlar bilan tanishib, do‘st bo‘lib oldi. Undan keyin Jabrail ularni boshqa yumushlarga taqsimlab yubordi. Odina ikkovlari ancha keksayib qolgan atirgul tublarini tagdan arralashga kirishishdi. Shunday qilinganda, ular yosh, baquvvat novdalar berishi Tog‘osharga ham ayon edi.
Kechqurun Odinaning xonasida choy ichib, dam olib o‘tirishganda, eshik taqilladi. Ruxsat bo‘lgach, xonaga yigirma besh yoshlardagi, yaxshi kiyingan yigitcha kirib keldi.
- Bu - Odamxudoning tan soqchisi,- tanishtirdi Odina.
- Seni xo‘jayin ko‘rmoqchi bo‘layabdi,- dedi u Tog‘osharga qovog‘ini ochmay.
U nima deyishini bilmay, sherigiga yuzlandi
- Birga boramiz, har xil savollar berib, boshingizni qotiradi,- dedi do‘sti va yo‘l-yulakay Vadim haqida uzuq-yuluq ma’lumotlar berdi. - Bu odam har bir kishida Xudo siymosini ko‘rmoqchi bo‘ladi. Insonni shu darajada ulug‘lash kerak, deydi. Shunda yangi - odamxudo jamiyati vujudga keladi, degan falsafani yaratgan va unga qattiq ishonadi; shubhalanganlarni johilikka ayblaydi. Shuning uchun gapini ma’qullab turishingiz kerak. Maoshingizni so‘rasa, andak oshirib ayting…Uch yuzni eshitsa, juda asabiylashib ketadi.
Tog‘oshar nogahoniy uchrashuvdan, negadir xavotir tortib borayotgandi, ammo Vadim deganlarini ko‘rdi-yu, dili huzurbaxsh va zohiriy bir halovatga to‘ldi. Boisi: bu yigitcha Sergey Yeseninning aynan o‘ziday edi. Tog‘oshar yoshligidanoq Yesenin she’rlarini xush ko‘rar, shoirning suvrat va siyrati shuuriga singib ketgandi. Sevimli kishisining quyib qo‘ygan nusxasini ko‘raman, deb o‘ylamagani uchun jilmayib qo‘ydi. Sarg‘ishdan kelgan sochi qizlarnikiday o‘rtadan farq olingan va keng peshonalari uzra parishon, tabassum qilib turishi, chehrasidagi xushfe’llik alomatlari, tiniq va o‘tkir ko‘zlari kishini sehrlab qo‘yadigan darajada maftunkor edi. U qo‘l telefonida allakimga (rus tilida, albatta) dashnom berardi.
- Kim aytadi, sani faylasuf deb, Rossiya - mening vatanim emas - davlatim! Vatanim - Mamayka: shu yerda tug‘ilib o‘sganman, uni sevaman. Rossiyaning esa ko‘pgina gubernyalariga bormaganman. O‘zim ko‘rmagan joylarni qanday qilib vatan deyman. Yo‘q, yo‘q, bu masalada Marksga ham, Nitsshega ham qo‘shilmayman - o‘z fikrim bor: kitobimni o‘qi! Yo‘q, davlatdorlar «vatan» va «davlat» tushunchasini farqlamasligimizdan manfaatdor. Bir paytlar Afg‘onistonda halok bo‘lganlarni ham «vatan uchun jon berdi» deyishardi. Hozir ham «ona vatan uchun jon berish kerak», degan chuchmal gapni takrorlab turishlarida insonni manqurtga aylantirishdan o‘zga maqsad yo‘q! Aslida, buning teskarisi bo‘ladi - haqiqiy onalar farzand uchun jon nisor qilishga tayyor turadilar. Mayli, qolganini keyin gaplashamiz,- dedi u, mehmonlarni kuttirib qo‘yganidan hijolat chekib.
- Sigaret cheksam, maylimi,- so‘radi salom-alikdan keyin, ularni o‘tirishga taklif etar ekan. Doktor man etgan, ammo, tan olaman - irodam bo‘sh. Tanishib olsak bo‘ladimi? - nogahonda ovozini o‘zgartirib, Tog‘osharga murojaat qildi u. Odina bilan birga universitetda o‘qiganingizni aytishdi. O‘zingiz haqingizda picha gapiringchi.
Odamxudo ya’ni Vadim deganlari bu gapni shunday beixtiyor, dilkash ohangda aytdiki, har qanday kishi evrilib ketib, eng nozik tuyg‘ulari, hatto ayrim asrorlarini ham aytib qo‘yishi hech gap emasdi. O‘zi, oilasi, qishlog‘i haqida, ruschalab shoshmay, mufassalroq gapiraboshladi. Vadim bor diqqatini jamlab, bir maromda bosh tebratib turishi, gohida tabassumini kuzatgan kishi, birovning gapini tinglaybilish ham san’at ekanligiga ishonch hosil qilishi hech gam emasdi.
- Siz ruschani yaxshi gapirarkansiz, - e’tirof etdi suhbatdoshi,- aytingchi, qishloqdoshlaringizning real daromadi qancha? Hisoblab ko‘rganmisiz? Masalan, har bir kishi oyida…
- Afsuski, bunday ma’lumot yo‘q. Mening maoshim aniq edi, ammo ko‘pchilik ishsiz-ku. Ular mol boqishadi, uzum sotishadi. Aniq daromad nafaqaxo‘rlar bilan, muallimlarda. Ko‘p oilalarni nafaqaxo‘rlar boqishadi; dollarga chaqadigan bo‘lsak, ular oyida qirq- ellik olishadi.
- Xo‘sh, umumiy qilib oladigan bo‘lsak, qishloqdoshlarning daromadi oyida o‘ttiz dollarga yetib qoladimi?
- Yetsa kerak,- mavhumroq javob berdi Tog‘oshar.
- Sizlardagi uy-joylarning Odinaning qishlog‘idan farqi nimada? -savolda davom etdi u.
- Farqi deyarli yo‘q…
- Imoratlar loydanmi?
- Ha, paxsa.
- Yuz xo‘jalikning barimi?
- Maktab, idora, magazin pishiq g‘ishtdan.
- Demak aholining to‘qson foizi loydan qilingan uylarda yashaydi. Shundaymi?
- Shunday.
- Insonni yer osti yoki yer usti boyliklari farovon qilolmaydi! Intellektual qudrat kerak! Hovuchida bir siqim oltini bor dovdirdan, kallasida bilimi, qo‘lida hunari bo‘lgan kishi baxtiyorroqdir…
Oraga mavhum sukunat cho‘kdi. Bu odamning mustaqillik, aniqrog‘i Rossiya istiqloli haqidagi fikrlari ham tomdan tarasha tushganday edi.
- Mustaqilligimiz abadiy bo‘lmaydi,- dedi Odinaning so‘zini kesib,- zero, dunyoda hech nimarsa boqiy emas. Bu - dialektikaning qonuni. Bora-bora davlatlar birlashadi va yo‘qoladi. Chunki davlatchilik ham insoniyat uchun kerak bo‘lmay qoladi.
So‘ng o‘rnidan xavotirona turib, atrofdagilarga anchayin nopisandlik bilan dedi: - Men balandga chiqib olganman, bu yerdan odamlarni tomosha qilish maroqli.
Tog‘oshar uning nima demoqchi ekanligini yaxshi anglolmay qolgan bo‘lsada, so‘hbatdoshining andak kiborroq raftori, zohiriy g‘ururidan ranjimadi: iste’dodli kishilar qusursiz bo‘lmasligini u yaxshi bilardi.
- Jabrail sizga qancha maosh beradigan bo‘ldi?
- To‘rt yuz,- uning uchun javob qaytardi Odina.
Bu javobni eshitib, haqiqatan ham Vadimning vajohati o‘zgardi. Mushtini tiydi:
- Yo‘q, bu - inson huquqlarini oyog‘osti qilish! Bu - o‘rta asrlarga qarab chekinish! Insonni shunchalik kamsitish mumkinmi, axir?! Bular odam zotini oddiy mashinaga aylantirishmoqchi! Men shaxsan prezidentga maktub yo‘llayman! Agar e’tibor berishmasa, ketaman. Tolstoy, Pushkin yurtining jabraillar, azroillar maskaniga aylanganiga toqat qilolmayman! Yevropaga ketaman! Zamon senga boqmasa, boqma sen ham zamonga!- degandi bir shoir. Insonni sevmagan yurtni sevish nojoiz, Undan qochish kerak!
- Menga qarang,- tag‘in Tog‘osharga yuzlandi u andak sukutdan so‘ng,- uyimiz loydan degandingiz, hammomchi?
- Hammom yo‘q,- hijolatomuz javob qaytardi u,- pishiq g‘isht izladim – topolmadim.
- Umuman, qishloqda bormi, hammom?
-Yo‘q.
- Nima odamlar yuvinishmaydimi,- jilla qahrga minib so‘radi Vadim.
- Shaharga tushganda hammomga kirishadi, ko‘pincha uyda suv isitishadi.
Kutilmaganda suhbatdoshi asabiylashdi, barmoqlari, lablari qaltirayboshladi.
- Ablahlar!- dedi ovozini ko‘tarib,- bari amaldorlaringni chiqarib otish kerak! O‘zlaringni ham...
- Tog‘oshar allanechuk bo‘lib ketdi, hijolat tortdi.
Avzoyi o‘zgargan chechen yigit unga o‘zbekchalab buyurdi.
- Ket! Ket! Ket!
- Tog‘oshar tashqari chiqayotganda, dori-darmon ko‘tarib kelayotgan hamshira bilan to‘qnashib ketdi va battar mulzam bo‘ldi.
- Bu odam g‘alatiroq, chamamda?- so‘radi Tog‘oshar tashqariga chiqishgach Odinadan. Men nima xatoga yo‘l qo‘yganimni tushunolmayabman.
- Bo‘lib turadi,- dudmal javob qaytardi do‘sti.
* * *
U tez moslashib ketdi. Ish og‘ir emasdi: atirgul uzishdan tashqari uni sug‘orish, bachki novdalarini chilpish, oqpashsha, shira kabi zararkunandalar; oqshudring, zang kasalliklariga qarshi muntazam zaharli modda sepishga to‘g‘ri kelardi. Shuningdek, keksayib qolgan atirgul tublarini chiqarish, yoshlarini o‘g‘itlash, payvandlash ham ko‘p vaqtni olardi.
Biror oydan keyin Odina unga Vadim yozgan kitobni berdi. Rus tilida yozilgan bu asarning nomini Tog‘oshar o‘zicha: «Odamxudo falsafasiga kirish» deb tarjima qildi. Bosh qismi mavzu bayoni va aforizmlardan iborat bo‘lib, insoniyat bosib o‘tgan yo‘l tahlil qilingan, yangi e’tiqod sohibi bo‘ladigan kelajak avlodga ta’rif berilgan edi. «Odamlarning eng katta xatolari - o‘z xatolarini takrorlab turishlari» deb boshlangandi bu bob. Yaqin kelajak haqida gap ketganda, Odamxudo davrining boshlanishi, deb karomat qilingandi; uning fuqarolari avlodlar yo‘l qo‘ygan qusurlardan xoliligi bilan ajralib turishi aytilgandi. Odamxudolar o‘zlarini jafo va uqubatga urishni xush ko‘rishlari, imtiyoz va mukofotlardan bot-bot voz kechishlari alohida ta’kidlangandi.
Tog‘oshar kitobni avval «cho‘qilab», keyin esa sinchiklab o‘qidi va muallifning ko‘pgina fikrlari unga tomdan tarasha tushganday bo‘lib tuyuldi, ularning bir qismiga qo‘shilish, qo‘shilmaslikni ham bilmay qoldi. «Davlat» degan bobda davlatchilik qattiq qoralangandi. Dastlab davlat bo‘lmagan va hudud, hamda boylik uchun qon to‘kishmagan. Bu tuzilmaning o‘rniga jahon miqyosida qonunlar ishlab chiqaradigan, moslashtiradigan jamoa tashkilotlari bo‘lsa bas. Chunki, aynan davlat sabab bo‘lib, inson vujudga keltiradigan juda katta boyliklar, kishilik jamiyatini qirg‘in qiladigan qurol ishlab chiqarishga, bir hovuch dohiy va dohiychalarni boqishga sarflanaverishi mantiqqa zidligi uqtirilgandi. «Xalqning eng daho farzandlarini otadigan, osadigan, qamoqxonalarga tashlaydigan, surgun qiladigan ham aynan davlatdir! Davlatlararo chegaralar, harbiy qurilmalar, bazalar insoniyat uchun zarardan boshqa narsa emas! Bu borada tarixda misollar ko‘p», degan xulosaga kelgandi u.
Muallif din haqida ham ana shunday betakalluf gapirgandi. «Bolsheviklarga o‘xshab, dinga qarshi kurashish kerak emas, chunki prujinani siqqaning sayin uning qarshiligi oshaveradi. Ishlatmay qo‘ysang, zanglab, ishdan chiqadi. Odamxudo dinning afyun ekanligini biladi: dinlar davlatlarga o‘xshab, odamlarni aldashdan boshqasiga yaramaydi», deyilgandi.
Bu odamning milat, milliy g‘urur borasidagi fikrlari ham o‘ta nigilistik edi. Millatlar yo‘qolib, yagona til vujudga kelishini karomat qilgandi. «Milliy g‘urur emish. Xo‘sh, u nimaga kerak? O‘z millatini o‘zgalardan ustun qo‘yish uchunmi?!»- deb zaharxanda qilgandi muallif. Shu bilan birga bozor iqtisodi, ya’ni kapitalistik tuzumni ham, kommunizm g‘oyalarini ham qattiq qoralagandi. Faqat rad etib qolmay, barining o‘rniga Odamxudo jamiyatni tiklashni taklif etgan, bo‘lajak tuzumga ta’rif bergan edi. Bu kitobdagi talay aforizmlarning bir qismi Tog‘osharning miyasida mixlanib qoldi.
«Ey Odamxudo, vaqt deganlari qo‘lingda so‘nayotgan sham emas, tobora alanglanayotgan mash’alga aylansin!»
«Bog‘ tinch bo‘lsa, bulbul ko‘p bo‘ladi. Buning uchun esa ona planetani qurol-yaroqdan xoli qilishga to‘g‘ri keladi. Armiya bilan yaroq hamisha urushlarga huquq bergan.»
«Tarixda g‘alabaga erishgan partiyalar, guruhlar darhol ikkiga bo‘linishgan. Odamxudo jamiyati esa bu qusurdan xolidir».
«Odamxudo nigilizmdan batamom voz kechmaydi. Chunki turg‘unlikka barham berish; ideallar, qadriyatlarni yakunlab olish, yangi ufqlar izlash uchun nigilizm qo‘l kelib turadi.»
«G‘oya bilan yashaydigan odamlarni izlaylik, ularning ko‘ngliga qo‘l solaylik!»
«Kelajak kishisini tasodiflar bilan emas, kashfiyotlar bilan tarbiyalash kerak.»
« Odamxudoga aylanish uchun o‘z davrining kamchiliklaridan iztirob chekadigan bo‘lishga to‘g‘ri keladi»
* * *
Shu orada: «Kimdir prezidentga norozilik xati yozgan emish. Katta xo‘jayinning o‘zi kelib, majlis o‘tkazarmish», degan shov-shuvlar tarqalib qoldi.
O‘sha kuni tushlikda oshxona, stol-stullar o‘zgacha bezatilganini anglash qiyin emasdi. Jabrail va ikki notanish kishi qurshovida kirib kelgan bu odamga ta’rif beradigan bo‘lsak, uning andak pakanaligi, baqaloqligi, qo‘ng‘iz mo‘ylovchasi oppoq yuziga yarashib tushganligi, harakatchanligini ta’kidlab o‘tishga to‘g‘ri keladi. Hech qanaqa rasmiyatchilik bo‘lmadi. Katta xo‘jayin birayo‘la maqsadga o‘tdi: «Bilasizlar, hukumatning oylik maoshlarni oshirish haqida farmoyishi bor. Ammo ishboshimizning loqaydligi sabab bo‘lib, bunga e’tibor berilmabdi. Vedomostlarga qarasam, sakkiz ming rubl oladiganlar ham bor ekan. Bu - uch yuz dollar degani. Aytinglarchi, shuncha maosh bilan tirikchilik qilib bo‘ladimi? Bugundan e’tiboran hammaning maoshi oshadi.» Odamlar qarsak chalishdi. «Savollar, takliflar bormi?» Ayollardan biri oilalilarga uy-joy berish masalasini o‘rtaga tashladi. Ammo boshliq dudmal va’dadan nariga o‘tmadi.
- Xo‘jayin adolatpeshaga o‘xshaydi,- Odinaning fikrini bilmoqchi bo‘ldi Tog‘oshar.
- Xo‘jayinlarning bari aldam-qaldam bo‘ladi. «Ishboshimizning loqaydligi sabab» degani ko‘tara nosamimiylikdan boshqa narsa emas: o‘zi bari gapni biladi, nazorat qiladi. Jabrail uning ruxsatisiz yo‘talmaydi ham.
Ertasi ishboshi uni daraklab keldi.
- Maoshingni ikki hissa oshiraman, ammo yumushing ham qiyinlashadi,- dedi. - Dori sepishni sendan boshqasi uddalolmas ekan, shu ishni buyningga olasan. Bu gapni hammaga aytib yurma. Tag‘in mukofot ham beraman.
Ayniqsa, usti plenka bilan yopilgan issiqxonalarda oqpashsha degan zararkunanda bilan oqshudring kasalligi ko‘p edi. Ularga qarshi «Topas» degan zaharni suvga qo‘shib sepishga va unsimon badbo‘y poroshokni changlatishga to‘g‘ri kelardi. Bu ishning sog‘likka zarari borligini do‘stlari aytgan, o‘zi obdon his qilgan bo‘lsada, Jabrail tilga olgan tuzukkina maoshdan voz kechgisi kelmasdi. U o‘z oilasigagina emas, qishlog‘idagi qavmlariga muntazam pul yuborib turar, gohida nochor kishilarga madad ko‘rsatishni ham ta’kidlab qo‘yardi.
* * *
Tog‘osharning o‘zi Mamaykada bo‘lsa ham, ko‘ngli nuqul qishlog‘ida edi. Bola-chaqalarning ahvoli ne kechdi, qavmlarning tirikchiligi qanaqa bo‘ldi, qishloqda nima gap? Dastlabki yillar pul yuborish, hatto telefon qilishning ham iloji yo‘q edi. Harqalay, bora-bora bu muammolar hal bo‘ldi.
Bir kuni uni tag‘in Vadim yo‘qlab qoldi.
- Menga qarang,- dedi o‘sha ehtirom ila,- siz menga yoqib qoldingiz. Siz tappa-tayyor odamxudosiz. Chunki ko‘p uqubatlar chekkansiz, vijdonlisiz. Imkoningiz bo‘lsa, menga ikki kun tansoqchilik qilsangiz. Azroilga o‘zim aytib qo‘yaman. Bu uyiga borib-kelmoqchi,- dedi chechen yigit tomon imlab.
- Tan soqchilik buning qo‘lidan kelmaydi,- dedi chechen ancha nopisandlik bilan.
Tog‘oshar uning gapini ma’qullamoqchi bo‘lib turganda, Vadim keskinroq rad etdi.
- Keladi! Uning saviyasi senikiday cheklangan emas!
Chechen yigit indamay Tog‘osharga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdi. Kechasi shu yerga kelib yotishi, ammo uxlab qolmasligini, atrofni qanday kuzatish zururligini, mashinaga birov portlovchi modda qo‘ymasligi uchun undan uzoqlashmaslikni uqdirdi. Tog‘oshar rozi bo‘ldi.
Kechqurun esa Vadim ikkovlari yolg‘iz qolib, ancha suhbatlashishdi. Odamxudo deganlari nurli kelajak haqida to‘lib-toshib so‘zlashni xush ko‘rardi.
- Biz kelajak haqida nima bilamiz? Hech nimarsa bilmasligimizni bilamiz, xolos. Avvallari: «Hamma narsa inson uchun, insonning baxt-saodati uchun» degan shior bo‘lardi. Lekin aslini olganda, barcha boyliklar amaldorlar, ularning baxt saodati uchun xizmat qilardi. Odamxudo jamiyatida asosiy vazifa, ezgu burch inson qalbini ardoqlash bo‘lib qoladi va u jamiyatni yo‘ldan ozdiruvchi g‘oyalar uchramaydi. Harqancha harakat qilishmasin, odamxudoning bu boradagi fikrini o‘zgartirisholmaydi. Olamni faqat gumanizm qutqarishi uning bosh shioriga aylanadi!
Tog‘oshar ham jim turmay, suhbatga qo‘shildi. - Kitobingizda « Xudo odamni yaratdi. Bu uning xatosi edi. Balki aksinchadir: odamlar xudoni yaratib, xatoga yo‘l qo‘yishgandir» degan jumlani o‘qib qoldim. Vadimning yuzida mamnunlik paydo bo‘ldi va tag‘in ochilib ketdi.
- Bu mushohada tariqasida aytilgan edi. Falsafada sallogizm degan ibora bor. Bu - ikki fikrdan mantiqiy uchinchi fikr chiqarish degani. Shu yo‘lni qo‘llaganman: davomida boshqalarning ham mushohadasi bor. Umuman Xudo bo‘lmaganda ham odamlar uni yaratishardi. Chunki hayhotday bu planetada inson kimgadir suyanishi, madad so‘rashi kerak.
- Odamxudo ham diniy kitoblarni o‘qiydigan bo‘ladi, ammo hamma gap uni jiddiy qabul qilmaslikdadir.
- Lekin sen xalqingni, xalqing esa seni tushunmay o‘tsachi?
Vadim Tog‘oshardan bunday jiddiy mushohada kutmagandi. Bir lahza o‘yga tolgach, javob berishga kirishdi:
Hayot erkin, shod bo‘lsin, desang,
Unga jo‘shqin yurak bilan kir!
deydi Nekrasov. Olomondan ajralib chiqqan odamxudolar ana shunday jo‘shqin yurakli bo‘ladilar. Ular meni tushunishlariga imonim komil! Va mening uchun eng muhimi shudir! Har qanday sharoitda ham voqelikka munosabatimiz voqelikning o‘ziga to‘g‘ri kelishi kerak! Shuning uchun bugungi voqelik bilan emas, kelajak umidi va uning o‘lkan maqsadlari bilan yashashga to‘g‘ri keladi. Tan olaman: biz - odamxudolar materialistlarmiz! Ammo materializmga sodiq yuraklar ham yuksak ideallarga tashna bo‘ladi. Bu ideal mavjud: u odamxudolar jamiyatini vujudga keltirishdir! O‘shanda butun dunyo odamxudolari, birlashingiz, degan shior yuzaga keladi, u amal qiladi. Butun planeta katta, ahil qishloqqa aylanadi. Siz buni tasavvur qilayabsizmi? O‘sha Ayriqiya degan qishlog‘ingizdan aksar kishilar hayot farovon, dilkash bo‘lgan joylarga ko‘chib ketishadi. U yerda qolganlar ham paxsa uylarda yashamaydilar. Kompyuter texnikasi shu darajada taraqqiy etib ketadiki, insonning jismoniy mehnatiga zarracha ehtiyoj qolmaydi. Odamlar juda uzoq va baxtiyor yashaydilar! Axir, shunday bo‘lishi shart-da. Inson baxt uchun dunyoga kelar ekan, unga sazavor bo‘lmog‘i zarur!
U chinakamiga zavq-u shavq bilan monolog aytishga kirishib ketdi. Odamxudolarning ajoyib xislatlarini uzoq ta’rifladi, allaqanday deklaratsiya, ustavlar haqida gapirdi. Keyin birdan tin olib, Tog‘osharga savol berdi.
- Agar qo‘shningiz imoratini siznikidan balandroq qilib qursa nima qilasiz?
- Bunga e’tibor bermayman.
- Agar pastroq qilsachi?
- Bunda uylab ko‘rishga to‘g‘ri keladi. Balki men ham imoratimni pastroq qilarman…
Odamxudo, negadir quvonib ketdi.
-Siz Odamxudosiz, tom ma’nodagi Odamxudo! Qaysi kuni sizni noo‘rin ranjitdim. Aytingchi, maktabingizda kompyuter bormi?
- Bor,- suhbatdoshi jahlga minmasligi uchun yolg‘on gapirdi Tog‘oshar.
- Kompyuterni bilmagan bola gastrabayterdan boshqasiga yaramaydi. Atigi bitta gastrabayteri bo‘lsa ham, u millat qoloq hisoblanadi.
Ertasi ular Sochiga boradigan bo‘ldilar. Tog‘oshar andak xavotirlandi, mashina yo‘lga tushdi.
Vadim kutubxonaga kirdi, Tog‘oshar soyadek unga ergashdi. U o‘quv zaliga kirib, mutolaaga kirishganda ham ziyrak bo‘lib turdi, shubhali odamlarni kuzatdi.
Tog‘oshar Vadimni yaxshi ko‘rib qolgandi: agar biror kishi unga tashlansa, dushman bilan kurashishga tayyor edi. Xayriyatki, hammasi joyida bo‘ldi.
Qaytishda Vadim Tog‘osharga maslahat berdi:
Oilangizni olib keling! Ikki xonalini beraman - pul olmayman!
U nima deyishini bilmay qoldi.
* * *
Tog‘oshar qishlog‘iga qariyb uch yildan keyin, kuzda keldi. U oilasi, qishlog‘i, qavmlarini sog‘ingani sabab entikib ketdi. Garchand ozroq bo‘lsada o‘zgarishlar bor edi: shahardan «Damas» qatnaydigan bo‘libdi.
- Shaharga tushib kelish osonlashdi,- deyishdi,- mardikorlarimiz ham «Damas» bilan borib-keladigan bo‘lishdi.
Qishloqdan faqat erkaklar emas, ayollar ham mardikorlikka chiqayotganligi unga noxush bo‘lib tuyuldi.
O‘zgarishlar faqat shu emas: tog‘ teppasiga antenna o‘rnatishibdi, televidenieni ko‘rish, telefonda gaplashish imkoni yuzaga kelibdi. Tepalikdagi o‘zgarish o‘z yo‘li bilan ammo, pastlikda jimjitlik edi. Akasi avvalgidan ham ko‘proq ichadigan bo‘libdi, ahvoli, tabiiyki, aftodahol edi, shu sabab bo‘lsa kerak, yangasi mardikor bozorga chiqishga majbur bo‘libdi. Ukasi esa machitga qatnayotgan ekan: soqol qo‘ygan, oq ishton kiyib olgan, buning ustiga xudojo‘yligini namoyon qilishni xush kuradigan, odamlarni namozu, ro‘zaga da’vat etadigan bo‘libdi. Qishloq yoshlaridan to‘rt-besh kishi Qozog‘istonga ishga borgan ekan, ammo bir necha oy ishlatib, bir tiyin bermay haydab yuborishibdi. Tog‘oshar Mamayka va Sochi atrofidagi qurilishlarda ishchi yetishmasligini bilardi, shuning uchun ham bir nechta o‘smirlarga borishini tayinlab, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdi.
Qishloqda iqtisodiy nochor ahvolga tushgan oilalar anchagina edi, ammo shunisi g‘alatiki, yillar davomida yo‘qchilikka ko‘nikib qolgan kishilar hech nimarsadan nolishmas, yaxshi hayot uchun kurashishmas, go‘yoki bu yerdagilarning baxti ana shu ko‘nikmada edi.
* * *
Tog‘oshar xayrlashishdan oldin akalariga biroz pul berdi va xotini bilan qizini olib, Mamaykaga qaytdi.
Xotini Odinaning ayoli bilan avvaldan tanish edi. u bilan gladiolus va doim gullab turadigan siren maydonlarida ishlaydigan bo‘ldilar. Shabnamni esa maktabga joylashtirishdi. Yil o‘tmay, o‘g‘il ham ko‘rishdi. Xullas, maqsadli, shukuhli yillar bir-birini quvib o‘tardi.
Ammo ana shu hayot deganlari arzimas shodliklar uchun gohida katta haq talab qilishini unutmaslik kerak.
Bari shirin orzular, zohiriy umidlar beliga shu yaramas kasallik tepdi, hayot tizginini qo‘ldan chiqarishga sabab bo‘ldi. Jigarining zirqirab og‘rishi asabini buzar, ishtahasini bug‘ar, holsizlantirardi. Doktorlar yozib bergan dorilar vaqtinchalik tinchlantirsa hamki, tish og‘rig‘iga o‘xshash azob tag‘in dilini xufton etar, bot-bot: bemorlik - eng katta baxtsizlik, degan xulosaga kelardi.
Qishlog‘ida sharoit dildagiday emasligini, doktorlarning chalasavodligini bilardi. Ammo allaqanday noma’lum da’vat ( tuzalish umidimi, o‘lim xavfimi - o‘zi ham bilmasdi) yurtiga chorlar, borsa darddan forig‘ bo‘lishi aniqroqday bo‘lib tuyulardi.
Shunday kunlardan birida uni tag‘in Vadim yo‘qlab qoldi, va bor gapdan voqif bo‘lgach, qahrga mindi.
- Sizni kasal qilgan - o‘sha Azroil! Yaramas! Faqat u emas, insonning qadriga yetmaydigan hukumat, tuzum ham aybdor! Men sizni Germaniyaga yuboraman - davolanib kelasiz. Xarajatlarni o‘ylamang! Siz Odamxudosiz - qadringizga yetmasak, manifestimizga dog‘ tushiramiz, vijdonimiz oldida azob chekamiz!
Chet elga - mutlaqo begona, til bilmas kishilar orasiga borib davolanishni u tasavvur ham qilolmasdi. Buning ustiga xayolparast bir kishining gapiga laqqa tushish lakalovlik-ku, degan gumon uni ikkilantirardi.
Tog‘oshar qishlog‘i, qavmlari bilan aloqani uzmagandi. Bu gal esa ko‘proq pul jo‘natdi: tobi qochganligi bois bir-ikki oy orasida qaytib borishini bildirdi, u yashaydigan uyning polini yangilashlari, devorlarini bo‘yab qo‘yishlarini iltimos qildi.
* * *
Mana oradan, chamasi o‘n yillar o‘tgach, xotini, o‘n olti yoshli qizi, hali bog‘chaga qatnaydigan o‘g‘li, bir nechta jomadonga joylashtirilgan ko‘ch-ko‘loni va albatta to‘rt-besh sum deganday, pul bilan qaytib keldi.
Taksichining savollariga uzuq-yuluq javob berar ekan, bu yerdagi o‘zgarishlarni ilg‘ashga zo‘r berardi. Yo‘llar juda o‘nqir-cho‘nqir edi, sho‘rolar davrida yotqizilgan asfalt har yer-har yerda quroqqa o‘xshab qolgandi.
Kuz bo‘lganligi sabab, odamlar yoppasiga uzum uzish, xashak jamg‘arishga chiqib ketgan; ko‘cha-ko‘ylar sokin edi.
U tug‘ilib o‘sgan hovlisiga yurakni hapriqtiradigan hayajon bilan qadam qo‘ydi, ammo hamma dalada ekan, shekilli istiqbollariga biror kishi chiqmadi. Yuklarni tushirib bo‘lgandan keyin, ukasining katta qizi Sharqiya paydo bo‘ldi. Uning yuzi nozik, nafis, chehrasi ma’yus, yoqimli, sog‘lom edi; hijob o‘ragan, yengi va etaklari uzun, ko‘ylak kiygandi. Bir qarashda, ana shu hijob ham, uzun ko‘ylak ham bu iboli qizga yarashganday bo‘lib tuyuldi, uni da’fatan ma’suma qilib ko‘rsatdi. Tog‘oshar sog‘inch, mehr bilan uni bag‘riga bosmoqchi bo‘lganda, Sharqiya o‘zini ilkis orqaga oldi. Keyin esa boshqalar bilan ham ko‘rishmay va hech narsa demay ketib qoldi. Tog‘oshar uning bu harakatini tushunolmay, garangsib turganida, xotini izoh berdi.
- Uni machitda otinoyi o‘qitadi, deb eshitgandim: erkak zoti bilan ko‘rishma, deb ta’lim bergandir…
- Unday bo‘lsa, sizlar bilanchi…
- Boshyalangligimiz, kiyinishimiz diliga o‘tirishmagandir.
Xonalariga kirib, dillari battar xufton bo‘ldi: dahliz ham, uy ham tozalanmagan, devorlarni bo‘yash o‘rniga chala-chulpa ohak suykalgan va paqirda uning qotib ketgan qoldiqlari turardi. Pollar bo‘yalmagan, ayrim joylari ko‘chgan. Xullas, Mamaykada shinam xonalarda ro‘zgurzonlik qilgan oila uchun nomus qiladigan darajada xarob edi bu joylar.
- Yuborgan pullarimning ozginasini sarflashganda ham ancha epaqaga kelardi,- dedi xotini yig‘idan beri bo‘lib.
Tog‘oshar ranjiganini sirtiga chiqarmay, xotini bilan qiziga dalda berdi.
- Hech qisi yo‘q, tozalaymiz, polni ham yangilaymiz, yaxshi pardalar ilamiz. Pulimiz bo‘lsa bor.
U oilasini ovutar ekan, dilining allaqaerida: «Vadim haq ekan: behuda kelibman» degan fikr yilt etganday bo‘ldi.
- Jigarim keldimi?- akasining ovozini tanidi Tog‘oshar. - Ukam keldimi? Qani u?
Kayfi taroq akaning ahvoli anchayin aftodahol edi: kiyimlari urinib ketgan, g‘ijimlangan ana shu liboslar ichida o‘zi ham g‘ijimlanganday taassurot qoldirardi. Akasi uni quchoqlab, tupuklarini sachratgancha rosa o‘pdi, keyin yig‘ladi.
- Bir qoshiq qonimizdan kech, uka - yuborgan pullaringni xarjlab qo‘ydik; uyingni boshqacha qilmoqchi edik…Men durak… Qarzlar ko‘payib ketdi. Lekin yilning oxirigacha barini qaytaramiz. Balki keyinroq qaytararmiz…
U shang‘i ovozda mastlarga xos ko‘p va mantiqsiz gapirar, kishining ensasini qotiradigan yasama harakatlar qilardi.
Ko‘p o‘tmay, ukasi ham paydo bo‘ldi. U yuziga unchalik yarashmagan darajada kattagina soqol qo‘ygan, salla o‘ragandi. Aka-uka quchoqlab ko‘rishishdi. Keyin ukasi uzundan-uzoq duo qildi.
Jigarida og‘riq paydo bo‘lganini telefonda aytgan edi: shuning uchun ham salomatligini qayta-qayta, xavotirona so‘rashardi. Akasi jigar xastaligiga davo bo‘ladigan giyohlarni sanagan, ularni topib kelishini ta’kidlayotgan bo‘lsa, ukasi nafasi o‘tkir mullalar, duoxonlarni tilga oldi va ikkovlashib, uni darddan forig‘ qilishga bel bog‘laganlarini namoyon qilgan bo‘lishdi.
Hademay qo‘ni-qo‘shnilar, qavmlar, muallimlar to‘planishdi. Yoshlikdagi zavqovar xotiralarni eslab kulishdi. Oshni juda kech suzishdi. Kechki ovqat jigari uchun og‘irlik qilishini bilsa hamki, Tog‘oshar qo‘l tortishga istihola qildi.
Ko‘rpa-yostiqlar ham kirlangan, ulardan sichqon hidi anqirdi. Shuning uchun ertagayoq yangi ko‘rpa-to‘shak, ro‘zg‘or ashyolari xarid qilishga kelishib, noxushliklarning barini hazilga yo‘yib uxlashdi.
Oila tong saharda muazzinning g‘ayritabiiy ovozidan uyg‘onib ketdi. Mikrofon avval xirilladi, keyin baland ovozda azon aytildi. Shundan so‘ng hech kimning uyqusi kelmadi.
Ertalab bular dasturxon tuzatishayotganda, akasi norozi ohangda gilalagan bo‘ldi.
- Bu yerga kelinglar, bir joyda choy ichamiz. Uyat bo‘ladi!
Mamaykada stol-stulda o‘tirib, anchayin to‘kin dasturxondan choy ichgan oila uchun bu yerda noo‘ng‘aylik, kamchiliklar ko‘p edi. Kart odamga to‘lib ketgan, bola-chaqa, kir-chir. Ko‘rpachalarning paxtasi chiqqan va o‘rtada choy, non, uzumdan bo‘lak hech vaqo yo‘q edi. Ammo shunga qaramay, hech kim dasturxonga qo‘l cho‘zmay o‘tirgandi. Tog‘oshar savol nazari bilan akasiga qaradi. - Qobil namozini o‘qib kelsin,- dedi u ayvon tomon imlab.
Garchand namoz besh vaqt farz qilingan bo‘lsa-da, ukasi bir kunda olti-etti bor sajdaga bosh qo‘yarkan, imom-xatib, vaqtida o‘qilmagan qarzlarni ( ular qazo, deyishadi) uzishni maslahat bergan emish. Nihoyat, Qobil ham keldi, hamma unga odob bilan salom berib, joy ko‘rsatdi.
Dasturxon boshida asosan, uzumni quritish, mollarga yem-xashak jamg‘arish haqida gap ketdi va bularning bari Tog‘oshar, uning oilasi uchun begona, zerikarli edi. Akasi eshakning temir qozig‘i yo‘qolganini uch bor nadomat bilan gapirdi; Qobil: dasturxon atrofida boshyalang o‘tirish, qo‘lni yuvgandan keyin silkib tashlashning uvolligini ta’kidladi. Chamasi o‘n besh kishiga oltitagina piyolani ko‘rib, Tog‘oshar qiziga buyurdi.
- Shabnam, yugur, uydan o‘nta piyola olib kel!
Ertasi xotini qizi bilan shaharga tushadigan bo‘ldi.
- O‘sha, ma’suma, deb maqtagan jiyanchangiz Shabnamga zug‘um o‘tkazayotgan ekan: «Agar uzun kuylak bilan lozimi kiyib yurmasang, bo‘g‘ib o‘ldiraman», debdi. Bu yerlarda esa tikuvchi yo‘q.
Ko‘ziga musichaday beozor, sanamday bokira bo‘lib ko‘ringan Sharqiyaning bu harakati unga qattiq botgan bo‘lsada, xotin bilan qiziga dalda berdi.
- Ha, endi hech gap emas: sharoitga ham qarash kerakdir. Vadim: «vaziyatni o‘zgartirolmasang, unga moslashishga harakat qil,» derdi. Shaharga tushsalaring, menga dori olinglar, bozorga tushib sabzavot, baliq xarid qilinglar: negadir ishtaham ham, madorim ham yo‘q. Qaytib kelsalaring, shu yerdagi do‘konga chiqib, ro‘zg‘orga zarur ashyolarni olamiz. O‘zim ham boraman.
Tushga yaqin akasi sut, qatiq bilan tog‘ giyohlarini olib keldi.
- Bu dorilarni tog‘dan o‘zim terib keldim, echki suti, qatig‘ini ham. Shularni aralashtirib ichib yubor, ko‘rmaganday bo‘lib ketasan.
Ertasi, indini ham bu hol takrorlandi. Oradan o‘n kunlar o‘tar-o‘tmas mu’jiza ro‘y berdi: og‘riq o‘z-o‘zidan yo‘qoldi. Bu holdan bemorning o‘zigina emas, oila, qavmlar ham da’fatan yengil tortishdi.
- Men bir gapni aytdimmi - albatta qilaman,- garillardi akasi,- tuzataman, dedim - tuzatdim!
Shu orada vujudiga kuch kirib, ukasi bilan tevarak-atroflarni aylanadigan bo‘ldi.
Choyxonada karta chiyib o‘tirgan hamqishloqlar uni ko‘rib, xursandchiliklarini yashirolmadilar: ehtirom bilan choyga taklif etishdi, yoshlikdagi hangomalarni eslagan bo‘lishdi.
Maktab yangidan qurilganini eshitgan edi: uni ko‘rib, behad quvondi. O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida qurilgan eski bino to‘kilay-to‘kilay, deb qolgandi. Pishiq g‘ishtdan tiklangan va hali bo‘yoq hidi anqib turgan yangi binoning sport zali, kompyuter xonalarini aylanar ekan, hukumatning bu boradagi g‘amxo‘rligini ich-ichdan his etdi, tasannolar aytdi. Garchand sport zalida bolalar mashg‘ulot o‘tkazayotgan bo‘lishsada, kompyuterni o‘rgatadigan muallim yo‘qligi sabab, xonani qulflab qo‘yishgandi. Erkak muallimlar uch-to‘rt kishi qolganini, ayni paytda ular yuqori sinf bolalarini paxta terimiga olib ketishganini aytishdi.
- Hali ham paxtaga olib chiqisharkan-da,- o‘smoqchilab, norozi ohangda dedi Toshtemir.
Muallimalarga jon kirdi: bolalardan pul yig‘ib, paxta sotib olishayotganidan, noo‘ng‘ay sharoitlardan shikoyat qilgan bo‘lishdi
Ertasi ukasi uni buloq bo‘yida qad ko‘targan «Xonai shifo»ga olib boradigan bo‘ldi.
Tog‘oshar universitetda o‘qib yurgan paytlari ukasini texnikumning veterinariya fakultetiga o‘qishga qo‘ygandi. Ismu-jismiga monand qobilgina bola edi o‘shanda. Kolxoz paytida fermada vettexnik bo‘lib ishladi. Xo‘jalik tugatilgandan keyin odamlarning mollarini davolab yurdi. Kolxoz sharoitiga ko‘nikkan hamqishloqlar uning xizmatiga pul bergilari kelmasdi. Zero pulning o‘zi ham anqoning urug‘i bo‘lib qolgandi. Shu orada buloq bo‘yida yangi machit qurilib, shahardan Hoji aka imom-xatib bo‘lib keladi; boshqalar qatori Qobilni ham toat-ibodatga da’vat etadi. Ko‘p o‘tmay, bolalar ham jalb etiladi: o‘g‘il bolalar alohida, qizlar alohida o‘qitiladigan bo‘ladi.
Garchand Qobil akasini va tabiiyki Tog‘oshar ukasini yaxshi ko‘rishsada, dunyoqarashdagi farqlar, saviyalar, e’tiqodlar allanimalarga monelik qilib qolgandi. Mamaykadan kelganlaridan ko‘p o‘tmay Qobil akasini machitga da’vat etaboshladi.
- Siz sajda degan hikmatning halovati, rohatini his qiladigan bo‘lasiz! Axir, yoshingiz ham bir joyga borib qoldi: bosh egadigan paytingiz keldi. Mana men o‘sha paytlarda o‘qilmay qolgan qazo qarzlarni uzolmay halakman. Bosh qo‘yaylik - u dunyoda tilimiz burro bo‘ladi: munkar-nakirlarga javob berishimiz oson kechadi!
Tog‘oshar dastlab indamay qo‘yaqoldi, ammo uka ham tinchib ketadiganlardan emas ekan. Bu gal o‘sha gaplarni takrorlash bilan qanoatlanmay, achchiq-tizik so‘zlar ham qildi. Islomiy farzlarni ijro etmaydigan muslimni do‘zax olovi kuydirishini, hozir hatto xristianlar, habashlar ham o‘z e’tiqodlaridan voz kechib, muqaddas dinimizni qabul qilishayotganini takrorlaydigan, asoslaydigan bo‘ldi.
- Uka, qo‘y,- dedi shundan keyin Tog‘oshar,- mendan namozxon chiqmaydi. Ovora bo‘lib nima qilasan?
Qobilning jahli chiqdi:
- Xudoni tanimaganingiz uchun ana shunday dardlarga mubtalo bo‘lib yuribsiz!
- Yo‘q, men Xudoni taniyman, ammo senga o‘xshab ko‘r-ko‘rona emas,- dedi u g‘azabga erk bermay, ancha muloyim ohangda.
Qobil ikki haftagacha undan arazlab yurdi. Oxirida, Tog‘oshar vaziyatni yumshatish uchunmi yoki zaruratdanmi unga qizini yubordi, sayrga olib chiqishini so‘radi.
Buloq bo‘yidagi o‘zgarishlar haqida Tog‘oshar uzuq-yuluq eshitgan bo‘lsada, unchalik e’tibor bermagandi. -
- Esingizdami: shu do‘lananing tagida bir mozor bor edi,- tushuntirishda davom etardi ukasi,- gohida rahmatli oyim bilan kelib, sham yoqardik. Ko‘rimsiz joy edi. Viloyatning katta mullasi kelib: «Bu yerda Hazrati Alining kichik o‘g‘illari dafn etilgan ekanlar, hujjatlarini topdik», dedilar. Keyin televizordan ham chiqib, shu gapni aytdilar. Aytishlaricha, bu kishi katta avliyo bo‘lgan ekanlar. Duo bilan mana shu suvni teskari oqizganlar.
Yangi machitning yonida bir nechta xonalar ham qurilibdi. Do‘lana shoxlari esa latta-puttalarga to‘lib ketgandi.
- Endi bu yoqqa keling,- dedi Qobil, sirli shivirlab va odamning bo‘yi arang yetadigan shoxdagi oq lattani ko‘rsatdi: - Bunisini o‘zim ataganman: siz uchun! Ishonasizmi - shunday bog‘ladim-u, darddan forig‘ bo‘ldingiz. Ana karomat!
Tog‘oshar, bir lahza ikkilandi: ayniqsa ilohiyotga nopisandligini mushohada qilib ko‘rdi. Lekin ko‘p o‘tmay, baribir: «Bular bari xurofot, xurofot, xurofot» degan xulosaga keldi. Ammo ukasining ehtiroslariga sovuq suv sepmadi: bosh silkib, ma’qullab qo‘yaqoldi.
− Keling, ichkari kiraylik - Hoji aka bilan tanishtirib qo‘yaman. Lokinda tillo odam, nafaslari o‘tkir mulla. Bu kishi bosh imom-xatibimizning jiyanlari. Hozir namozni ham shu yerda, Hoji akaning orqalarida turib o‘qiyabmiz. O‘g‘illarimizga o‘zlari, qizlarimizga ayollari ta’lim berayabdilar.
Machit maktabga nisbatan gavjumroqday edi. Sobiq muallim bo‘lgani sababmi, bu hol diliga o‘tirishmadi.
Boshqa vaqt kirarmiz,- istamadi Tog‘oshar.
Bu yerdagi bekatda bir nechta «Damas»lar turganligi ham yangilik edi.
- Boshqa qishloqlardan ham shifo izlab kelishadi,- izoh berdi ukasi,- ixlos-u - xolos, deb qo‘yibdi. Qanchadan-qancha dardmanlar shifo topib ketayabdi! Basir bo‘lmaslik kerak!
Oxirgi kalom akasiga tegib ketishidan xavotir tortgan Qobil gap o‘zanini boshqa tomonga burdi. - «Damas»larning ko‘paygani o‘zimizga ham soz bo‘ldi - zip etib shaharga tushib kelamiz. Odamlarimiz ertalab mardikorchilikka jo‘nab, kechqurun pul topib kelishadi.
- Ayollarimiz ham chiqqan,- deb eshitdim.
- Ha, o‘ttiz ikki qo‘ymagandan keyin chiqadi-da. Yangamiz ham borib-keladi, chunki akamning ahvolini ko‘rib turibsiz - topganini ichadi. Ulfatlari bor.
- Lekin sening ulfatlaringdan uniki ozroqqa o‘xshaydi? Qobil savolning mohiyatini yaxshi tushunmadi, shekilli, indamay qo‘yaqoldi.
Qishloqdagi o‘zgarishlar faqat shulardan iborat emasdi. Aldam-qaldamchilik ko‘payganini har qadamda sezish mumkin edi. Sho‘rolar davrida tortilgan gaz quvurlaridan bora-bora gaz kelmaydigan bo‘libdi. Oqibatda, yonbag‘irlardagi yong‘oqzor, archazorlarni kesib, o‘tin qilishibdi. Shu orada gazlashtirish idorasidan bir hannot kelib: «falon so‘mdan yig‘ib bersalaring, bosh magistralga ulab beramiz, gaz qishin-yozin keladigan bo‘ladi», debdi. Bor-butlarini sotib, qarz ko‘tarib, haligi shaytonga tutqazishibdi. Odamlar hasharga chiqishibdi, haqiqatan katta quvurga ulashibdi va gaz gurillab yonadigan bo‘libdi. Ammo andak salqin tushishi bilan tag‘in avvalgi holiga kelibdi. Hozir ( havo issiq bo‘lsa hamki) quvurlarda gazning hidi ham yo‘q ekan. Yugurishibdi, yuqori tashkilotlarga yozishibdi, ammo naf bo‘lmabdi.
O‘zgarishlar haqida gap ketganda, turli olib-sotarlar paydo bo‘lganligini ta’kidlab o‘tishga to‘g‘ri keladi: Xitoyning arzon matolarini uyma-uy ko‘tarib kiradigan, shu bilan birga jun, mol va qo‘y terisi, qadimiy buyumlar, yodgorliklar, nodir kitoblarni arzon-garovga sotib oladigan korchallonlar; lo‘lilar, a’zayimxonlar, ekstrasenslar ko‘paygandi.
Tog‘oshar darddan forig‘ bo‘lganidan quvonib yurgan, aka bilan uka bunga o‘zlarini sabab qilib ko‘rsatayotgan bir paytda, nadomatlar bo‘lg‘aykim, la’nati og‘riq tag‘in o‘zini eslatib qoldi. Jigarning zirqirashi kundan-kun avj olar, dori-darmon; akasi topib keladigan echki suti, giyohlar umuman yordam bermasdi. Bora-bora Tog‘oshar qavmlardan ham bezdi: uni yolg‘iz, tinch qoldirishlarini so‘raydigan bo‘ldi.
Ammo uni tinch qo‘yishmasdi: o‘zlarining g‘amxo‘rliklarini namoyish qilish uchun bo‘lar-bo‘lmasga oldiga kirishar, turli yeguliklar, dorilarni ko‘tarib kelishar va eng yomoni, ezmalik qilishardi.
Xonani araq hidiga to‘ldirib, akasi ko‘proq kelar va har gal Tog‘oshar uning nigohlari, bolalarcha qiliqlariga qarab, zohiriy muddaosini fahmlab olardi. Agar u kimnidir yomonlay boshlasa, g‘iybat qilsa, va keyin jigarga davo bo‘ladigan malhamlarni qatorlashtirsa, araqqa pul so‘rashga kelgani ma’lum bo‘lardi.
- Sen Qobilga ham, uning o‘sha Hoji akasiga ham ishonma,- odatdagi kirish so‘z bilan boshladi akasi bu gal,- esingdami: kolxoz paytida rais meni olti oyga qamatib yuborgandi. Giribonidan olgan edimda. Ayb o‘zida: «Hey alkash, kabinetdan chiq!» deb tepib yuborgandi. Men ham ko‘chada qolgan emasman: javobini berdim. Mayli, bu - o‘tgan gap. Lekin, bariga araq sabab.
Tog‘oshar esa uning ko‘zi va so‘zidan: «Akangni jag‘ini qizdirib nima qilasan, bir shisha araqqa pul beraqol» degan o‘tinchni uqib olayotgan bo‘lsada, to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul uzatishga noo‘ng‘ay bo‘lar, buning uchun biror bahona yoki qulay vaziyatni kutar, undan tezroq qutulishni mo‘ljallardi.
Oradan hafta o‘tmay aka araq ko‘tarib keldi. Uning kayfi taroq edi.
- Tog‘oshar, jigarim, bilasanmi, luboy kasallikning davosi - araq. Bir qultum ich: otday bo‘lib ketmasang, yuzimga tupur!
- Tushunsangizchi, duxtur buni, og‘zinga olma, degan.
- Duxtur baloni ham bilmaydi! Bundan hech kim yomonlik ko‘rmagan.
- U gal majburladingiz: tuni bilan uxlolmadim: og‘riq zo‘raydi.
- Qo‘limni qaytarma, bir qultum ichaqol! Bilaman, sendan ancha qarzim bor,- gapni chuvalashtiraboshladi u.
- Bu gapning keragi yo‘q! Ichmayman, dedimmi ichmayman!- iddao aralash, keskin javob qaytardi Tog‘oshar.
Akasining lunji osildi, gandiraklaganicha, jahl va iddao aralash chiqib ketdi. Dilsiyohlik esa hamisha o‘zga bir noxushlikni olib keladi. Ko‘p o‘tmay akaning uyidan shovqun-suron, qiy-chuv eshitildi. Ovozlar tobora ko‘tarilar, yangasi kimnidir qarg‘ardi. Idish-tovoq yoki derazaning chil-chil bo‘lgani eshitildi. So‘ng yangasi dod solguncha, uyidan chiqib, bularnikiga qochib kirdi. Qo‘lidagi xalacho‘p bilan dag‘dag‘a qilganicha akasi ham quvib keldi.
- O‘ldiraman! O‘ldirmasam qo‘ymayman!- derdi u, xotiniga hamla qilar ekan.
Tog‘oshar o‘rnidan turib, ularni tinchlantirmoqchi bo‘ldi. Ko‘ylagi yirtilgan, dag‘-dag‘ titrayotgan yangasining esa dardu-hasratlari sarhadsiz edi:
Ukajon, Tog‘osharjon, bu alkash qaybir kun meni o‘ldiradi! Rahmingiz kelsin! Ey Xudo nima uchun dunyoga keldim? Nima uchun?
- Eshitdingmi? Eshitdingmi, nima deyabdi,- ukasiga murojaat qilganicha xalacho‘pni ko‘tarardi akasi.
U er-xotinni murosaga chaqirgan bo‘ldi. Ammo har ikkala tomonning qahr-u-g‘azablari, alam-u sitamlari behudud edi.
- Meni xarob qilgan - ana shu manjalaqi!
- Bu go‘rso‘xtani xarob qilgan - araq!- bir gapdan qolmasdi yangasi. Odam bo‘lmadi, bu piyanista! Men birovlarning kirini yuvib, uyini tozalab, pul topib kelaman - bu jig‘ildoning teshilgur barini olib, zahru margiga ichadi. O‘zimga bitta kalish ololmayman, bolalarimning daftari yo‘q! Siz bilmaysiz, ukajon, erkaklarimizning barini xudo urib ketgan? Or-nomusi yo‘q bularning! Biri qarz olib araq ichadi, boshqasi topganini machitga tashiydi. Bular ro‘zg‘orni, xotin, bola-chaqani uylamaydi! Qoni qaynamaydi, bu hezalaklarning! Bular erkak emas! Xotinini mardikorlikka jo‘natib, o‘zi karta o‘ynaydigan, machitdan chiqmaydigan, mast bo‘lib yuradiganni erkak deb bo‘ladimi?! Bari ko‘rgiliklarga shular aybdor! Ey xudo! Ey xudo! Qanday kunlarga qoldik?! Bundan ko‘ra jonimni olsang bo‘lmaydimi?!
Tog‘oshar yangasiga achinib ketdi. Bu jafokash ayolni opichib, bisotidagi eng shirin kalomlar bilan ovutgisi keldi, ammo vaziyat buni taqozo etmasdi. Hayot deganlari ko‘ziga, negadir zerikarli, bo‘m-bo‘sh va arzimas bo‘lib ko‘rindi.
Ular uchun bu odatiy hol bo‘lsa kerak, birdan jimishdi va uylariga jo‘nab ketishdi.
Oradan ko‘p o‘tmay, tag‘in bir dilsiyohlik ro‘y berdiki, shunday og‘ir-vazmin Tog‘oshar ham o‘zini idora etolmay, so‘kinib yubordi. O‘z dardi bilan ovora bo‘lib yotgandi o‘shanda. Kutilmaganda, Shabnam uvillaganicha yig‘lab kirdi. U tizzasi, bilaklarini ko‘rsatar, o‘pkasi to‘lib ketganidan gapirolmasdi. Tog‘oshar qizining yengi, poychasini ko‘tarib, uning badani xivich izlaridan qavarganini ko‘rdi; bunday berahmlik faqat Sharqiyaning qo‘lidan kelishini taxminlab, xunobi oshib ketdi. Shunday bo‘lsada so‘radi.
Kim urdi seni?
Qizi baribir javob berolmadi. Tog‘oshar jiyaniga ta’lim berayotganlarni boloxonador qilib so‘kdi.
- Qo‘limga tushsin, hijobini yirtib otaman!, dedi g‘azab bilan.
Ammo jahldan tushgach, andishalarga borib, barini bosdi-bosdi qilib qo‘yaqoldi. Do‘sti ,Odina bot-bot takrorlab turadigan «Shahri yak chashma rav - yak chashma shav», ya’ni bir ko‘zlilar shahriga borsang, bir ko‘zli bo‘l, degan naqlni eslab, mushohadaga bordi. « Ehtimol, qaerdadir xatoga yo‘l qo‘yayotgandirman - moslashib olishim zaruratdir…»
* * *
Kunlar shu tariqa o‘tardi. Tog‘oshar bot-bot Mamaykani; Vadim, Odina, do‘stlarini ichki bir entikish bilan qumsar, sog‘ligi jilla tiklanishi bilan qaytib ketishni, atrofdagi jaholat va qashshoqlikdan shu tariqa qochib qolishni o‘ylardi.
Biror oydan keyin ukasi unga yotig‘i bilan maslahat berdi.
- Aka, men sizni machitga olib boraman! Kasalingiz tuzalib ketishiga o‘zim kafil. Tushuning: ibodat beradigan tasalli, shifo o‘rnini hech nima bosolmaydi! Faqat e’tiqodingiz mustahkam bo‘lsa bas!
Meni qo‘y…
- Siz xato qilayabsiz,- dedi, akasining oddiy haqiqatni idrok etaolmayotganidan xunobi oshib,- Hadisi shariflarda yo‘ldan adashgan muslimlarni ilohiy qudratdan voqif qilish zarurligi yozilgan. Dinidan voz kechgan xudobexabarlarning ahvoli zabun bo‘ladi. Dilingizga shayton oralamasin! Hozircha haftada bir bor - begohi juma borsangiz bas, qolganini uyda o‘qiyverasiz.
Madorim yo‘q, ukajon, madorim.- imkon qadar vazminlik bilan rad etar ekan, «Bu badbaxt mutaassibga qanday qilib tushuntirsam ekan», deb bosh qotirar, uning e’tiqodi, izzat-nafsiga tegib qo‘yishdan xavotir tortardi.
Ammo Qobil shu bilan tinchib ketmadi: bir kuni machitdan Hojini ergashtirib keldi. Mehmon xushtakalluflik bilan hol-ahvol so‘ragan bo‘ldi va bemorning yonida cho‘kalab, hech nima demasdanoq, duo o‘qishga kirishdi. Tog‘oshar Hojining qop-qora soqoli, noxush baqbaqasiga termulib: «Bunga ko‘zim uchmagan edi-ku! Yaramas, qachon tugatarkan, qachon jo‘nab ketarkan» deb o‘ylardi. Nihoyat u yuziga fotiha tortdi.
- Yanga,- dedi ukasi, besh ming chiqaring. Erta tag‘in keladilar.
Darhaqiqat u ertasi tag‘in keldi. Og‘riq esa qo‘yib yubormas, mullaning noxush basharasiga qarab o‘tirish esa ana shu darddan ham og‘irday edi. Uchinchi kun ukasiga dedi:
- Ayt kelmasin, kerak emas!
Bu gap Qobilga botib tushdi.
- Sizga aytgan edim: «Xudoni tanimaganingiz uchun shu kuyga tushgansiz», deb. Alloh esa kechiruvchidir, mag‘firat qiluvchidir! Buni unutmaslik kerak!
Bu gaplar Tog‘osharga qattiq botgan bo‘lsada, sukut saqladi; zero keksalar va bemorlar: «Hamma narsaga fahmi yetadigan kishi - hamma narsani kechiradi», degan naqlning mohiyatini teranroq idrok etadigan bo‘lishadi. Yodiga esa Vadimning kitobidagi: «Araqxo‘rlik - bema’nilik, ammo fanatiklik undan besh battar yomon» degan aforizm tushdi.
* * *
Kuzning rutubatli kunlaridan biri edi. Ovqatdan, gapdan deyarli qolgan Tog‘osharning ahvoli kechga borib tag‘in og‘irlashdi: ustma-ust, laxtak-laxtak qon qusdi. Qavm-qarindoshlar uning atrofiga xavotirona to‘plandilar. Ukasi turli oyatlarni tinimsiz takrorlab, yuziga fotiha tortardi. Bemor ertalabgacha ko‘zini gohida ochib, gohida yumib turdi.
Ertasi, nogahonda ko‘z o‘ngida oppoq bulutlar ustida yugurib yurgan yarim yalang‘och kishilar namoyon bo‘ldilar.
- Ana ular bulut ustida yurishibdi,- dedi, bor kuchini to‘plab
Bemorning tilga kirishi atrofdagilarning diliga zohiriy umid soldi.
- Ko‘ziga farishtalar ko‘rinayabdi,- dedi ukasi kalima qaytarishdan bir lahza tin olib.
- Yo‘q, ular farishtalar emas, odamxudolar!, dedi pichirlab Tog‘oshar.
So‘ng ko‘zlari yumildi.
Abadiyatga yumildi.
2007