1. Bobo
U kishini bu muzofotda Sho‘ro bobo ham, Xo‘jaev bobo ham, Rais bobo ham deyishadi.
Otaxon aslida Buxoro shahriga tutash joydan. Ulug‘ Vatan urushidan oldingi notinch yillarda Fayzulla Xo‘jaev tuhmatga uchraganda aayrim kaltabin kishilar familiyasi XO‘jaev bo‘lganlarni ham shubha ostiga oladilar. Shunda Sho‘ro bobo bir kechada ona qishlog‘ini tark etib Paxtaobodga kelib qoladi. U past-balandni biladigan bilimdon kishi bo‘lgani uchun avval brigadir, so‘ng xosilot sho‘ro, keyin raislikka saylashadi.
Urush boshlanadi. O‘shanda ham rais tadbir bilan ish yuritib, kolxozning shuhratini ulug‘laydi. Erkaklar frontga ketib, dalada asosan xotin-xalaj qolganiga qaramay kolxoz birinchi bo‘lib qolaveradi. Rais frontga ko‘plab g‘alla, meva jo‘natish bilan birga odamlarga ham ancha-muncha bug‘doy taqsimlashni kanda qilmaydi.
Shularning evaziga bo‘lsa kerak kolxozga eskigina yuk mashinasi - “politurka” berishadi. Ammo hadeganda uni haydaydigan shofyor topilavermaydi. Shunda rais shaharga tushib Vasya degan ozg‘in, sarg‘ish yigitni ergashtirib keladi.
–Bugundan e’tiboran Vasya kolxozimizning shofyori, - deydi rais, - uni hech kim ranjitmasligi kerak!
Vasyaning o‘zi ham bag‘oyat xushfe’l, kamtarin, mehnatkash yigit chiqib qoladi. Qishloq bolalarining peshonasidan ixlos bilan o‘pishni, ayollar, keksalarning hojatini chiqarishni odat qiladi, shovvoz. Ikki bortiga “Paxtaobod kolxozi” deb yozilgan mashina rayonda ham ko‘pchilikka tanish, qadrdon bo‘lib qoladi. Rais uning kabinasiga o‘tirib olib, ilg‘orlarni bot-bot shaharga olib chiqadi.
Ammo sho‘rlik Sho‘ro boboni Buxoroda ta’qib etgan mash’um qismat bu yerga ham yetib keladi. Vasya aslida nemis ekanligi, uning haqiqiy nomi Vaysligi ayon bo‘lib qoladi. Bu noxush gapdan Paxtaobod seskanib tushadi. Shu daqiqadan e’tiboran odamlar mashinaga yo‘lamay qo‘yadilar. Vasyaga bo‘lgan iliq mehr o‘rnini behudud nafrat egallaydi.
Shofyor zudlik bilan juftakni rostlaydi-ku-ya, ammo qishloqda rais haqida ham noxush gap oralab qoladi. “Xo‘jaev nemislarga sotilgan emish. O‘zi asli xalq dushmani bo‘lgan emish”.
Odamlar raisdan o‘zlarini olib qochadigan, unga yovqarash qilib o‘tadigan bo‘lib qolishadi. NKVD Xo‘jaevning ijtimoiy kelib chiqishi bilan qiziqib qoladi.
U kolxoz muhrini qorovulga topshirib, bir kechada Paxtaoboddan g‘oyib bo‘ladi. Shunda: “Xo‘jaev nemislar tomonga o‘tib ketibdi”, deyishadi odamlar. Bir necha oygacha paxtaobodliklar uni nafrat bilan eslab yuradilar.
Oradan ikki-uch yil o‘tgach, hamqishloqlar uni o‘zgacha ohangda eslay boshlaydilar: “Sho‘ro bobo juda mehribon odam edi”, “Kolxozchining boshini silardi”, “Biror kishining burnini qonatmasdi”.
Bunaqa iliq gaplar shuning uchun avj oladiki, birinchidan, Xo‘jaev o‘z qishlog‘ida brigadir ekanligi ayon bo‘lib qoladi. Ikkinchidan, undan keyin raisbo‘lib kelgan Sho‘ro bobo qo‘ygan qadrlarni zudlik bilan almashtiradi, ayrim begunoh kishilarni quvg‘in ostiga oladi. Kolxoz planni bajarolmay qoladi. Kolxozchilar ancha qashshoqlashib, hatto urush yillari oladigan bug‘doy, oqjo‘xori singari ulushlardan mahrum bo‘lib qoladilar. Ikkinchi yili ahvol undan ham xarob bo‘ladi. Raykom raisni yangilashdan o‘zga iloj topolmaydi.
Yangi rais atigi bir yil ishladi. Qishloqdagi bir yengiloyoq ayol bilan don olishib qolgani ayon bo‘lgach, o‘zi juftakni rostlab qo‘ya qoladi.
Kolxozchilar o‘zlariga munosib rais izlab yurgan kunlarning birida qishloqqa tasodifan Sho‘ro bobo kirib keladi. Odamlar unga bag‘oyat xushfe’llik va xursandlik bilan peshvoz chiqadilar.
AYon bo‘lishicha, rais haqiqatan ham ona qishlog‘iga qaytib ketgan ekan. Borishi bilan jonu holiga qo‘ymay brigadir qilib tayinlashibdi. Ko‘p o‘tmay raislikka ham lozim ko‘rishibdi. Sho‘ro bobo tadbirkor emasmi xo‘jalikni tez ko‘taribdi. Paxta, g‘alla plani oshig‘i bilan bajarilibdi. Shunda katta bir yig‘ilishda raisga so‘z berib, ana shu yutuqlarning omillari haqida gapirishni so‘rashibdi. “Bu yerda hech qanday sir yo‘q, - debdi rais, - yerga nuri berib, odamlarga haq to‘lasang, har qanday xo‘jalikni yuksaltirish mumkin. Qolgan hamma omillar ikkinchi darajali”..
Yig‘ilishdan keyin NKVD boshlig‘i uni kabinetiga taklif qilibdi.
“Siz yerga nuri bilan odamlarga haq to‘lashdan boshqa hamma faktorlar ikkinchi darajali, dedingiz. O‘rtoq Stalinning rahbarlik siyosatini ham... Bizga tushuntirish xati yozib bering!”
U tushuntirish xati yozib beribdi-yu, Paxtaobodga qarab yo‘l olibdi. Paxtaobodliklar Xo‘jaevni biror haftagacha izzatini joyiga qo‘yib mehmon qilgach, rais bo‘lishini iltimos qilib qolishibdi.
“Yo‘q,- debdi u, - men endi rahbarlik qilmayman! Lozim topsalaring tegirmonni beringlar, yurgizib yuraman”.
Odamlar jonu holiga qo‘ymaydilar. U avval hosilot sho‘ro, so‘ng rais bo‘ladi.
Paxtaobod tag‘in yilma-yil taraqqiy etadi. Kolxozning nomi gazetalarning birinchi sahifalarida, hurmat taxtalarida jaranglab qoladi. Katta majlislarda Xo‘jaev nuqul prezidiumga saylanadigan bo‘ladi. Qisqa vaqtda zamonaviy posyolka, stadion quriladi. Nufuzli mehmonlarni ko‘pincha Paxtaobodga olib keladigan bo‘ladilar.
Oltmishinchi yillarning boshlarigacha davom etadi bu shirin davron.
O‘sha yili Rossiya shaharlaridan birida yashovchi to‘qimachilik fabrikasi kommersiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarining uyini o‘g‘ri uradi. Tabiiyki, jabrdiyda zudlik bilan militsiyaga xabar yetkazadi. Operativ gruppa tuziladi, iskovuch it olib kelishadi, xullas, o‘g‘rilar qo‘lga tushishadi. Ular bir necha o‘smir yigitchalar ekan. Bolalar ancha-muncha oltin, marvarid buyumlarni pullashga ham ulgurishibdi.
O‘smirlar qamoqqa olinadilar. Oradan ancha vaqt o‘tgach, haligi yigitchalardan biri markaziy gazeta redaktsiyasiga juda ta’sirli xat yo‘llaydi. Ota-onasi ertadan-kechgacha fabrikada ishlashlariga qaramay, uylarida loaqal radiopriyomniklari ham yo‘qligini, bu mansabdor esa bitib ketganini yozadi, redaktsiyadan adolat muruvvat so‘raydi. Redaktsiya xatni prokurorga jo‘natadi. Prokuror jinoiy ish qo‘zg‘aydi. Haligi amaldor o‘z tushuntirish xatida bu boyliklar ota meros ekanligini yozib, otasining vasiyatnomasi, notarius tasdiqlagan bir talay hujjatlarni ham ko‘rsatadi. Prokuror bu haqiqatni redaktsiyaga ma’lum qilishga va ishni yopishga qaror qiladi. Ammo, tasodifan qarangki, u avtomobil halokatiga uchrab, ish oxiriga yetmay qoladi.. Uning o‘rniga tayinlangan prokuror ishni qaytadan boshlab, chuqurroq tergov o‘tkazadi. Ma’lum bo‘lishicha, haligi amaldorning otasi betayin bir alkash o‘tgan ekan. Boshqa hujjatlar ham anchayin qalbaki o‘tgan ekan. Uni biroz iskanjaga olishga to‘g‘ri keladi. Direktor o‘rinbosari bu boyliklarni o‘zbekistonlik ayrim do‘stlari sovg‘a qilishganini yozadi.
Bu “do‘st” lardan biri paxta zavodi savdo bo‘limining mudiri ekan. Militsiya uning hiqildog‘idan tutadi. U ancha-muncha talmovsirab, taysalga solib ko‘radi-yu, nihoyat paxtapurushlik qilganini bo‘yniga oladi. Bu qorchalonga pul cho‘zgan raislar, buxgalterlar, kassirlar ro‘yxatini ham undan “sug‘urib” oladilar.
Masala katta qozonda qaynaydi. Avval rayondagi, so‘ng oblastdagi kazo-kazo raislar ustidan jinoiy ish qo‘zg‘aladi.
Boshqa xo‘jaliklar qatori Paxtaobodni ham taftish qilishadi. Ma’lum bo‘lishicha, ilg‘or brigadalardan biri ana shu nopoelikka aralashib qolgan ekan.
“Majburiyatni bajarishiga ikki protsent qolgandi Rais bobo xafa bo‘lmasinlar, deb shunday qildim”, deydi u.
Brigadirni qamoqqa olishgandan keyin Sho‘ro bobo juda o‘ksib ketadi. Bir haftada bukchayib qoladi. Raykomga yozgan arizasida: “Men raislikka noloyiqman, kolxozda shunday hol berishiga men ham aybdorman”, deb yozadi. Yo‘q, uni hech kim ayblamadi. Ammo iltimosu iltijolarini inobatga olib raislikdan ozod qilishadi.
Otaxon pensiyaga chiqib, odamlarning yodidan ham chiqib ketgan juvozni tiklaydi.
2. Arzi hol
Hurmatli do‘stim Goderdze!
Ancha vaqtdan beri maktub yozmaganim uchun kechir! Ishga ko‘milib qoldim. Buning ustiga uy-ro‘zg‘or ishlari ko‘payib ketdi. O‘ylab qarasam, sen bilan armiyada xizmat qilgan paytlarimiz oltin davr ekan. Naqadar betashvish, beg‘ubor kunlar edi.
Armiyadan qaytib kelganimdan keyin allamahalgacha bekor yurdim. Aniqrog‘i, nima ish qilishimni bilmay qoldim. Ayrim tengdoshlarim rayondagi turli tashkilotlarga qatnab ishlashadi. Ular menga ancha-mancha ish ham topishdi. Ammo ota meros bir parcha zaminni tashlab ketishga ko‘zim qiymadi. Busiz ham qarovsizlikdan tomorqalar qaqrab, imoratlar to‘kilay deb qolgandi. Shuning uchun qishloqda qolib taqdirimni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim. To‘g‘ri, kolxozda ishning boshi ham, oxiri ham bo‘lmaydi. Maoshingni ham vaqtida ololmaysan. Ammo zaminni, hamqishloqlarni tashlab ketaverish ham unchalik jo‘n ish emas ekan!
Yedingda bo‘lsa, senga Sho‘ro bobo haqida gapirib bergan edim. Hozir qishlog‘imizda otaxonning o‘g‘li – Fayzulla rais bo‘lgan. Bir-ikki hafta dam olgach, shuning oldiga kirdim. Yaxshi yigit ekan.
“Xo‘sh, senga nima ish bersam ekan-a”, dedi u o‘ylanib. “Menga traktor bering, - dedim fursatdan foydalanib, - hujjatim bor, armiyada ham tankist bo‘lganman!”
U bosh injenerni daraklab, menga ish berishni tayinladi. Injenerimiz ham kamtarin, kamsuqum yigit ekan. Meni traktor parkiga ergashtirib bordi-yu, bir chekkada turgan shaloq “Belorus” ni ko‘rsatib, bor haqiqatni gapirib berdi.
–Bultur egasi yo‘l qurilishi idorasiga ketib qoldi. Bir oz harajat qilish kerak. Biz ham qarab turmaymiz...
Traktorni daladan loy holda haydab kelib, shundaygina tashlab ketgani uchun u zanglab ketgandi. Akkumulyatori, startyori, faralaridan tashqari generatori, kichik filtri, bir forsunkasi ham yo‘q edi. Noinsof traktorchilar kabinadagi qo‘lga ilinadigan asbob-uskunalarni ham o‘marib ketishgandi. Rosti gapki, xafa bo‘lib ketdim. Buni injener sezdi.
–Bugun forsunka bilan generatorni topib berishadi, - dedi mehribon ohangda, - mexanik bilan uyo-buyog‘ini tortaveringlar, qani, tag‘in bir gap bo‘lar.
Do‘stim Goderdze! Bu shaloq dahmazani epaqaga keltirish uchun naq bir oy unnadim. Shodivoy degan taksichi do‘stimdan bir oz qarz ko‘tarishga ham to‘g‘ri keldi. (Akamdan so‘ramoqchi bo‘ldim-u, yangamdan andisha qildim.) Traktorni ne-ne mashaqqatlar bilan haydab chiqqanimdan keyin ham ish topish amrimahol bo‘ldi. Hamma briganing o‘z traktori, traktorichisi bor ekan. Lekin meni ham ishsiz qoldirishmadi. Traktorlarga yoqilg‘i tashishga qo‘yishdi.
Rosti gapki, bu ish meni sira qanoatlantirmasdi. Tushgacha barcha traktorlarni zapravka qilib chiqaman-u, keyin nima ish qilishimni bilmayman. Tomorqaga zo‘r bo‘rmoqchi bo‘lgandim, chngam ro‘yxushlik bermadi. “Biz u yerda imorat qurmoqchimiz”, dedi.
Bir kuni “Belorus” ni choptirib ketayotganimda yo‘lda Sho‘ro boboni ko‘rib qoldim. Tormozni bosib, tushib ko‘rishdim. (Kolxozimizdagi hamma shofyor-u, traktorchilar shunday qilishadi.)
“Sen Ochil tegirmonni o‘g‘limisan? Nima ish qilib yuribsan? Sani o‘rningda bo‘lsam, ko‘chani changitib yurmay, Daryovotni obod qilardim”, dedi u kishi.
Men otaxon bilan xayrlashdim-u, bot-bot dadam haqida o‘ylaydigan bo‘lib qoldim. Rahmatlini Ochil tegirmon deyishardi. Magazinlarda un ko‘payib, kasbu kori kasod bo‘lguncha tegirmonchilik qilgan u. Keyin arava berishdi. Umrining oxirida aravadan ham voz kechib, soy bo‘yida bog‘ qilishga kirishdi.
Dadamning nogahonda bunday qarorga kelishining boisi menga qorog‘u edi. Qishloqdoo‘larimiz Daryovot deb ataydigan bu qiyaliklar soy sohilida bo‘lsa hamki, suvdan benasib edi. Buning ustiga qayroqtosh ko‘pligidan ketmon urib bo‘lmasdi. Dadam erta bahorda ana shu yonbag‘irlrga yong‘oq, shotut, olma – xullas, qo‘liga tushgan niholni qadayverdi. Tog‘da bir nechta do‘lana ham ko‘chirib keldi.
Bu qashshoq zaminda nihol ko‘kartirish uncha jo‘n ish emasdi, albatta. Dadam avval bag‘oyat sinchkovlik bilan joy tanlar, so‘ng sandalday yerning shag‘al, qumlarini chiqarib, o‘rniga toza tuproq tashib kelardi. Men ham har kuni maktabdan chiqib Daryovotga yo‘l olardim. Ko‘pincha akam ham menga hamroh bo‘lar va biz uchovlashib allamahalgacha ter to‘kardik. Hammadan ham nohollarning atrofini o‘rash qiyin bo‘lgandi. Tohdan yovvoyi bodomcha tashib, chetan devor tiklagandik. Azoi badanimga tikan qadalib, rosa ozor chekkanman.
O‘sha bahor – ko‘chatlarning oldi barg yozganda dadamning shundoqqina ko‘kragi ustidan bez chiqdi. Biz seskanib tushdik. Chunki bobomni ham ko‘krak ustidan chiqqan ana shunaqa bez olib ketganini bilardik-da!
Dadamning madori qurib, ishtahasi bo‘g‘iladigan bo‘ldi. Lekin u imkon boricha ko‘proq ishlashga, aniqrog‘i, ko‘proq ulgurishga ichki bir talvasa bilan tirishadigan bo‘ldi.
Grachand daryo yaqin bo‘lsa-da, undan chelaklab suv tashishga to‘g‘ri kelar, bu esa oson emasdi. Ne-ne uqubatlarda olib chiqilgan suvni chanqoq zamin tashna tuyaday bir qultum qqilib simirib yuborardi. Bu yerda tomchi suv hisobda bo‘lardi. Men dadamga tushlik olib borganimda, goh u, goh bu nihol ostida qo‘l yuvar va ichki bir qoniqish bilan ta’kidlab qo‘yardi: “Buning ham halqumiga suv tegdi!”
Bez yiriklashdi: avval danakday, so‘ng yong‘oqday... Bormagan doktoru duoxonlarimiz qolmadi. Ammo dardning mudhish changali beshavqat ekan. Dadam yotib qoldi. Kundan-kun qoqsuyak bo‘lib borayotgan dadajonimni quvontirishning birdan-bir yo‘li nihollarni sug‘orish ekanligini ich-ichimdan his etardim. Darsdan chiqib, to‘g‘ri Daryovotga yo‘l olardim. Ammo harchand qilmayin bog‘ ham dadamga o‘xshab qovjirayverdi. Bir juft do‘lana bilan yong‘oq jon saqlab qoldi, xolos.
Sho‘ro bobo bilan salomlashgan kunning ertasidayoq Daryovotga yo‘l oldim. Qarasam, daraxtlar ancha ulg‘ayib qolishibdi. Chamalab ko‘rsam, bu yerda salkam chrim gektar yer behuda yotibdi. Bitta nasos sotib olsam, Sho‘ro bobo aytganday kattagina bog‘ qilish mumkinday edi. Shundan keyin kunu tun bog‘ni o‘ylaydigan bo‘ldim. Biror hafta o‘tar-o‘tmas shu masala bilan raisga kirdim.
“Davay, - dedi u odatdagidek, gapimni oxirigacha ham eshitmay, - o‘zim yordam beraman. U yerda ikki gektarcha yer bor. Bul’dozer bizdan, motor ham topib beraman. Kelajakda bog‘larni ko‘paytirishimiz kerak!
Do‘stim Goderdze! Bu yerdagi cho‘qqiga chiqib qarasang, Daryovot katta hovuchga o‘xshab ketadi. Dehqonning beo‘xshov hovuchiga!
Har biri yetmish besh, yuz ot kuchiga ega bo‘lgan buldozer va traktorlar ana shu “hovuch” ning ichini bir hafta ichida epaqaga keltirdilar. Tuproq ostidan behisob tosh, shag‘al chiqdi. Men yon-verimga qaramay tosh terishga tushib ketdim. Tezda xotinim, singlim yonimga kirishdi.
Oradan ko‘p o‘tmay Daryovotga rais keldi-yu, quvonib ketdi.
“Davay,-dedi, - bu yog‘ini ham zichlang! Nima yordam kerak bo‘lsa, biz-za! Agronom shu hafta ichi nihol olib keladi. Odam ham topib beraman.!”
Shunday qilib nihollarni ham qadab oldik. Raisning maslahati bilan oralariga chigit ekdim. Hozir ularni parvarishlab yuribman. Qiyinchilik ko‘p, ammo noliydigan joyim yo‘q. Kolxoz yordam berib turibdi.
Hozircha bor gap shuyu Tag‘in o‘zgarishlar bo‘lsa yozarman. Sening ham maktubingni kutaman. Salom bilan: RAUF.
3. Javob
Qadrli do‘stim Rauf! Meni kechir! Oylar, yillar o‘tib maktubingga javob yozolmadim. Senga o‘xshab mening ham tashvishlarim ko‘payib ketdi. Boshimga ancha tashvishlar tushdi, do‘stim.
Yodingda bo‘lsa bobom yuzdan oshganligini yozgan edim. U kishidan ajralib qoldik. Armiyadan kelib ishga joylashish tashvishida yurgan kunlarim edi o‘shanda... Hali-veri o‘ladigan emasdi-yu, falokat ro‘y berdi.
Bayram arafasida uni nogahonda shaharga taklif qilib qolishdi. Bobom ko‘nmadi. Chunki salkam ellik yildan beri shaharga tushmagan edi-dp. Urush yillari frontga mandarin, uzum jo‘natgani tushgan, xolos. U rozi bo‘lmasa hamki, men galvars jonu holiga qo‘ymay borishga da’vat etdim. “Orden-medallaringizni taqib oling, - dedim, - har ehtimolga qarshi, Stalin, Orjonikidze bilan tushgan suratlaringiz ham qolib ketmasin. Ehtimol lojaga chiqarib qo‘yishmoqchidir. Balki so‘z berib qolishar”.
Yo‘q, lojaga ham chiqarishmabdi, so‘z ham berishmabdi. Shunchaki yuz yoshdan oshgan mo‘ysafidlarni mashinaga mindirib maydondan olib o‘tishibdi. Xuddi yaxshi otlarni namoyish qilganday ularni ham xaloyiqqa, rahbarlarga ko‘rsatishibdi. Matsdondan o‘tgach, burilishda mashna silkinib ketibdi-yu, bobom yiqilib tushibdi.
Yetib borganimda tirik edi boyaqish. Menga qarab jilmaydi ham. “Sizga nima bo‘ldi?” – so‘radim vahm bilan. U javoban batamom boshqa gaplarni gapirdi: “Goderdze, saklani ehtiyot qil! Toklar, mandarinlar qovjirab qolmasin!”
Keyin harchand qilsam ham gapirmadi. Qishloqqa olib borganimdan keyin jon berdi.
Bir hamqishlog‘im bor edi – Gogiashvili degan.Otasi naq yuz o‘n yil yashadi. Cholning vafotidan keyin qabriga shunday zo‘r maqbara o‘rnatdiki, naq og‘zing ochilib qoladi. Marmarda keksa Gogiashvili tok novdalarini avaylab bog‘layotgani aks ettirilgandi. Aslini olganda chol shuncha yil yashagan bo‘lsa hamki, o‘zidan boshqani o‘ylamagandi. Umrini tog‘dan yog‘och kesib sotish, daryodan baliq tutib pullash bilan o‘tkazgandi. O‘g‘li ham otasiga o‘xshab yashyaning yo‘lini bilardi: nkqul mandarinpurushlik qilardi. Endi o‘zing o‘ylab ko‘r: dadam inqilobdan oldin yashirin partiya tashkilotiga a’zo bo‘lib kirgan, urushda ikki o‘g‘lidan ajralgan bo‘lsa-yu, uning qabri mug‘ayib tursa. Yo‘q, dedim, bunaqasi ketmaydi! Ammo buning uchun ancha-muncha pul kerak edi. Shunday qilib pul topish payiga tushdim. Shahardagi ateistlar idorasiga shofyor bo‘lib oldim. Bu yerda ishning tayini yo‘q edi. Shuning uchun ham bekor o‘tiravermay odamlarning hojatini chiqarishga tushdim. Kimda tashvish yshq: birov vokzalga shoshadi, boshqa birov esa bozorga borishi kerak. Albatta, xo‘jayinning hojatini ham chiqarib turdim. Keyin gap-so‘z bo‘lib yurmasin, ko‘pam shubhalanishmasin deb, mashinaning eshigiga shaxmat chizdirib oldim. Har ehtimolga qarshi eski taksometr ham o‘rnatdim. E’tibor beryapsanmi – qonuniy taksining o‘zi edi-da! Lekin hammaga ham xizmat qilavermasdim, o‘z muxlislarim bor edi: monaxlar, poplar... Ular shikoyat qilishmaydi, mayda-chuydalarga e’tibor berishni gunoh deb bilishadi. Shu tariqa pul topib, zo‘r sog‘ona qurdirdim. Aslida shundan keyin qishloqqa qaytishim, bobomning vasiyatini bajo keltirishim kerak edi. Men nodon bo‘lsam, badnafslik qilib, erta, indin ketaman, deb qo‘lga tushdim. Eh, ko‘p azoblar chekdim. Qamab yuborishdi, johillar! Bir talay qurilishda ishladim.
Majburiy xizmatdan qaytib kelsam, sakla to‘kilay deb qolibdi. Shunday qilib, yeng shimargancha ishga kirishdim. Bultur uylarni ham ta’mirladim. Toklarning ham bir qismini yangiladim. Bu yil yaxshi hosil olsam kerak. Chunki butun oilam bilan yopishib ishladik.
Bog‘bonlik, paxtakorlik qilayotganingni o‘qib quvondim. Chunki yerda ishlagan odam bebahra qolmaydi. Odamlarning dasturxoniga meva, o‘zlariga libos tayyorlab berishdan ko‘ra ezgu ish bor. Buning ustiga magazinlarda paxtadan to‘qilgan mato kamayib ketyapti.
Yaqinda Samarqand, Buxoro sayohatida bo‘lgan bir hamqishlog‘im sizlar tomonda ham bu borada ahvol nochorligini aytdi. Ishonqiramadim. Nahotki million tonnalab paxta ishlab chiqaradigan yurtda u tanqis bo‘lsa. Mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi! O‘zi hamqishlog‘im lofchiroq. “U yerda kafanlik uchun oq surp sotib olishga ijrokom ruxsati kerak”, dedi. Rosa ustidan kuldik.
Do‘stim, Rauf! Maktub yo‘llasang, shu haqda ham batafsilroq qalam tebrat. Umuman oilang, hayotingda nimalar bo‘layotganidan bizlarni voqif et.
Agar yor-birodarlar bidan biz tomonlarga mehmon bo‘lib kelsang, boshim osmonga yetardi!
Salom va ehtirom ila, do‘sting: GODERDZE
1969