Qo‘l telefoni chiqdiyu, baloga qoldik. Ketma-ket jiringlagani jiringlagan. Ana, yana boshladi. Iya, amakim qo‘ng‘iroq qilayapti-ku?!
Telefonni shartta quloqqa tutdim.
– O’zingmisan? – dedi amakim, – tez yetib kel.
– Qaerga? – so‘radim hovliqib.
– Avtovokzaldaman. Tez kel, ahvol chatoq.
“Nima bo‘ldi, nima qo‘ydi”, deb so‘rashga ham ulgurmadim.
Amakim – buvamiz Amir davang avlodining so‘nggisi. Otam rahmatlining ukasi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, erkaligini ko‘taramiz. Ko‘tarmasak, ko‘tartiradi. Injiqligi tutsa hammani boshiga yig‘ib, to‘s-to‘polon qilib yuboradi. Bunga ko‘nikib qolganmiz. Bir og‘iz so‘zi – qonunday gap.
Amakimning o‘g‘li – amakivachcham Tog‘ayboy bilan bo‘yinsamiz. U goh-goh qo‘ng‘iroq qilib, dardlashib qoladi. Aytishicha amakim, yoshi o‘tgan sari o‘zini qo‘yarga joy topolmayotganmish. Hayajonlansa, yig‘lab yuboradigan odat chiqaribdi. Tengdoshi Alimqul naynov olamdan o‘tgan kuni “Endi menga navbat”, deb hovlini boshiga ko‘tarib uvvos solibdi. Tozayam gap ko‘tarmas bo‘lib qolgan deyishadi.
– Muncha hayallading, – dedi u istehzo aralash borishim bilan.
So‘rashib ham ulgurmadim. Egnida olacha yaktak. Boshida eski qorako‘li telpak, qo‘lida o‘g‘li Tog‘ayboy muallimning talabalik yillarida tutib yurgan, menga tanish sariq diplomati. Amakim dastro‘moli bilan keng peshonasini tez-tez, qayta-qayta artarkan so‘radi:
– Qaerda yaxshi do‘xtir bor?!
– Amaki, biror joyda o‘tirib gaplashib olaylik, nima gap, tinchlikmi? – dedim ehtiyotkorlik va ayni paytda mehribonlik bilan. – Hozir yaxshi do‘xtirlar ko‘p.
Qo‘lidan olish uchun diplomatiga intildim. Unamadi.
– Menga qara, jo‘rang odam bo‘lmadi. Undan umid yo‘q, ishdan bosh ko‘tarmaydi. “Ota, holing qanday”, degan bola emas. Menga puli kerakmas, mana pul. – U qo‘lidagi diplomatga ishora qildi.
Uni nimaga bermaganini endi angladim.
– Sen – jonday akamning o‘g‘lisan, o‘zimnikisan, – dedi amakim o‘kinib. – Harakatingni qil, bo‘lmasa yaqinda buvangdan qolgan yolg‘iz yodgorliklaringdan ham ajralib qolasan.
Uning xo‘lqasi to‘lib, ko‘zida yosh aylandi.
– Dardmandim yo‘q, – dedi cho‘zib.
– Qo‘ying amakijon, xafa bo‘lmang, men borman-ku!
– Shuning uchun seni qora tortib keldim-da!
Hoziroq gapni chalg‘itmasam, shu yerning o‘zidayoq diydiyo kattalashib ketishini anglab, tashxis markazlaridan birini maqtay-maqtay mashinam tomon yo‘l boshladim.
– Do‘xtirlarning zo‘ri, texnikaning a’losi Uchtepada, tanishlarim ham bor.
– Menga qara, – dedi amakim. – Shunday do‘xtir top. Taksi ushlaysanmi, nima qilsang qil! Pul bisyor. Menga sog‘liq avlo, sigirni sotdim-u, yo‘lga chiqib kelaverdim, tezlashtir.
– Yaxshi qilibsiz. Sizning yoshingizda do‘xtirlarga tez-tez ko‘rinib turgan ma’qul.
– Ey, mashinayam oldingmi? Odam bo‘p qopsan.
– Xohlagan joyingizga olib boraman amakijon, duo qiling, sizga xizmat qilmasam, kim degan odam bo‘laman.
Amakim meni iydiradigan duolardan o‘qidi.
– Odam bo‘lishingni boshidayoq bilardim, – dedi oxirida.
Bir zumda Uchtepadagi tashxis markaziga yetib keldik. Shuhratjon degan tanishimni topib, dardimizni aytdik. Amakim do‘xtirlarni ko‘rishi bilan yosh boladay lab-lunjini osiltirib oldi. Ha, deganda chiroyi ochilmaydi. Biri-biridan chaqqon do‘xtir qizlar hash-pash deguncha u eshikdan bu eshikka yetaklab, bir dasta qog‘ozni qo‘limizga tutqazdi. Shuhratjonning maslahati bilan eshigiga “prof. S.S.Samadov” deb yozilgan kabinet yonidagi yumshoq kreslolarga cho‘kib, navbatimizni kuta boshladik. Odam judayam ko‘p edi. Amakim ich-etini yer, kasalining otini bilgisi kelib, meni savolga tutardi.
– Nima ekan? – dedi qo‘limdagi qog‘ozlarga engagi bilan ishora qilab. – Saxirmasmi?
– Bilmasam, – dedim yelka qisib, – hozir aytishadi.
– Bu yerda davolashadiyammi? – so‘radi amakim o‘smoqchilab.
– Bu yerda faqat maslahat berishadi. Dori-darmon buyurishsa, qishloqda davolansangiz ham bo‘ladi. Shunday deyishim bilan amakimning rangi-quti o‘zgarib ketdi.
– Og‘irliq qilayapmanmi?! Biroz sabr qil, oz qoldi, qutulasanlar!
– Amakijon, kechiring, unday demoqchimasdim, nega og‘irlik qilar ekan, qancha desangiz shuncha qarataman. “G’ing”, degan nomard.
– “G’ing”, deb ko‘r-chi?!
U yer ostidan olayib qaradi. So‘ng atrofdagilar eshitmayaptimikan, degandek tevarakka bir-bir nazar tashlab oldi. Bo‘ynimni qisib yerga tikildim.
– Menga qara, – dedi amakim birozdan so‘ng yelkamga qo‘lini tashlar ekan. – Sening odam bo‘lishingni avvaldan bilardim. Esingdami, hali talaba edinglar, ta’tildan Toshkentga qaytayotganlaringda Tog‘ayga qo‘shib sengayam besh so‘mga poezdga bilet olib bergandim. Shunda nima deganding-a?! O’shanda otliqqayam bilet yo‘q edi. Bilasan. Jabbor kassirga yarimta qo‘yganman. Uncha-muncha odam bu ishni qilolmasdi. O’shanda sen: “Rahmat, amaki, siz tog‘imizsiz” degansan. Tog‘ay rahmat ham demagan. Hozir ham demaydi. Sen boshqachasan. Mana, endi sen tog‘ bo‘lding, men senga suyanayapman. Og‘ir olma yana.
Suhbatlashib o‘tirib, navbatimiz kelganini ham bilmay qolibmiz. Sayidahror Sayidg‘anievich degan professor tepakal bo‘lib tepakal emas, xuddi pati chala yulinib, qozonga bosilgan tovuqning chala yulingan tuklariga o‘xshagan tolalar boshining u yer, bu yerlarida dikkayib turgan, qalin ko‘zoynagini burnining uchiga qo‘ndirib olgan odam ekan. Salom- alikdan so‘ng suzishni endi o‘rgangan buzoqchaga o‘xshab boshini engashtirib, xuddi peshonasi bilan ko‘-rayotgandek amakimga bir olaqarash qilib olgach, qog‘ozlarimizning u yoq-bu yog‘ini ag‘dardi-da:
– Nechevo, otdaysiz, xavatirlanishga arzigulik hech narsa yo‘q, ko‘ngilni to‘q qiling, hali miltiqning o‘qidaysiz, – dedi qo‘lidagilarni qaytarib berar ekan.
Men xayriyat-ey, degandek, amakimning qovog‘iga qaradim. Javobni eshitgach, u kishining chiroyi ochilar deb o‘ylagandim. Aksincha, bir siqim mosh-guruch soqolini tutamlab, hafsalasi pir holatda, labi gezarib qabuldan chiqdi. Darhol Shuhratjonni topdim.
– Yaxshi-ku, – dedi u quvonib. – Juda soz.
Shuhratjon yana nimalardir demoqchi edi, amakim “Yur, ketdik” degandek boshini irg‘adi. U bilan xayrlashib markazdan chiqdik.
– Bekor kelibmiz, – dedi amakim mashinaga o‘tirar ekan. – Bularning kissasidayam ko‘zi bor. Cho‘ntagi biror narsani ko‘rmasa, aqli ham ishlamaydi. “Yaxshisiz”, deydi, tomom. Kun o‘tayapti-da. Yo‘qmi, qurib ketganmi birorta biladigani. Shuncha pul hayf ketdi-ya. Aytdim-ku, cho‘ntagiga uch to‘rt so‘m solib qo‘y, deb, qilmading. Senlarga keragim bo‘lsa choparding. Endi kerakmasman, bir qop go‘shtman. Ha, essiz yoshligim-a!
Amakimning jahli chiqqanida baralla, jahl bilan gapirishlariga ko‘nikib qolganim uchun biror jo‘yali so‘z topa olmay mashinani yo‘lga o‘ngladim.
– Do‘xtirning zo‘rini Yaltada ko‘rganman. Afti-angorimga bir qarashda to‘qqizta bolam borliginiyam bilgan Palina degan ayol. Stolovoyga yetaklab borib, 9-stolga o‘zi o‘tqazib qo‘ygan. To‘qqizta bolasi borlar, 9-stolda ovqatlanar ekan. Ana obro‘. Har kuni ertan-oqshom suyuq kartoshkali ovqat bilan parvarishlagan. Rangi-ro‘yim birdan o‘zimga kelgan. Menga shunday do‘xtir topasan. Bu yerlardayam shunaqa ovqatlar bormikan-a, ta’mi haliyam og‘zimda? Ko‘rsam taniyman.
Amakimning qorni ochganini sezdim. 9-stol nimaligidan xabarim bor. Diet stol. Egam rais aytib bergan. Bir paytlar amakim bilan Yaltaga birga borishgan. Shunda qabulxona shifokori sizga diet belgilandi, ma’qulmi, deb so‘raganda amakim bechora uyida qolgan to‘qqiz farzandini o‘ylab o‘tirgan chog‘i, do‘xtir bolalaring nechta deb so‘rayapti, degan xayolga borib, “da, da, devit, devit”, deb yuborgan ekan.
– Meni mehmonxonaga olib bor, – deb qoldi amakim bir payt buyrug‘omuz.
– Amaki, – dedim yalingannamo.
– Amaki-pamaki dema, hayda mehmonxonaga.
– Ovqatlanib olaylik, qorin ochdi. Farhod bozorining yonida bitta restoran ochilgan. 9-stoli ham bor. Biz ham suyuq kartoshkali ovqatdan tatib ko‘raylik, – dedim erkinsib, gapni boshqa yoqqa burish maqsadida
– Ey, senlar nimani ko‘ribsan? Yur, o‘zim bir ovqatlantiray seni...
Mashinani bir chetga to‘xtatdim.
Xullas 9-stol hangomasini yana bir bor tinglab bo‘lgach, nihoyat amakimni uyimga olib borishga ko‘ndirdim.
– Xafa bo‘laman, amaki, – dedim uni iydiradigan ohangda, – keliningiz eshitsa, tozayam sharmanda bo‘laman. Bir ishingiz tushib kelganingizda, mehmonxonada tunaysizmi?
– Men xafa bo‘lsam maylimi?
– Bugun dam oling, ertaga hammasi ko‘ngilingizdagidek bo‘ladi, – dedim qo‘limdan hech ish kelmasligini bilsam-da, tavakkaliga.
Nihoyat... xonadondamiz. Amakim naridan-beri ovqatlanib bo‘lishi bilan “Yotar joyni ko‘rsat”deb qoldilar. Ko‘rsatdim. Zum o‘tmay xurrak ovozi eshitildi.
Uzoq vaqt shiftga tikilib yotdim. Koshki kallaga biror jo‘yali fikr kelsa. O’ylab-o‘ylab topdim. Do‘stim Shuhratjonni yana bir marta bezovta qilishdan boshqa ilojim qolmagandi. Ertalab nonushtagacha “g‘iz” etib do‘konga borib kelish bahonasida ko‘chaga chiqib, unga qo‘ng‘iroq qildim. Vaziyatni darhol tushundi. Kasalxonamisan kasalxona. Telefonda “tanish” do‘xtir bilan ham kelishib oldim. Bordik. “Tanishim” meni tanimasa-da quchoq ochib kutib oldi. “Tanish ekansiz, o‘zimning palatamga yotqizaman, – dedi do‘xtir, nihoyat amakimning qon bosimini o‘lchab bo‘lgach, – o‘n kun davolaymiz, natijasi bo‘lmasa operatsiya qilamiz."
To‘satdan aytilgan gapdan o‘zimning ham kapalagim uchib ketdi. Ajablanganimizni ko‘rib “tanishim”:
– Ahvol chatoq, dardni o‘tkizib yuboribsiz, otaxon, siydik yo‘lingizning bosimi baland, – dedi men tomonga qarab “xotirjam bo‘ling”, degandek ko‘zini qisinqirab.
– Ana, men senga nima devdim, – dedi amakim tarvuzi qo‘ltig‘idan tushib. – Biladigani darrov kasalni topadi... Keyingi paytda qovug‘im shishganday, bo‘lib yuruvdi-ya! Rahmatli Boltaboyning kasalidan ekan-da-a?! Umrining oxirigacha, yoniga oq yelim qopchiqcha osib o‘tdi, bechora. Do‘xtirjon,– dedi amakim yalingannamo unga qarab, – yana qancha qopti? Biror yil yashaymanmi?
– Avvalo, bu yog‘i Xudodan, biz ham qarab turmaymiz, iloji boricha yordam beramiz, otaxon. Hali yana tekshiriladi.
– Asliddin, – dedi amakim boladay mo‘ltirab, bulkillab yig‘larkan. – Ado bo‘libman, chaqir Tog‘ayni, ko‘rib qolay...
“Tanish” do‘xtirim bexosdan kulib yubormaslik uchun o‘zini tiyib, xonasidan chiqib ketdi.
– Amaki, tinchlaning, hali yana tekshiramiz, deyapti-ku, balki diagnozi noto‘g‘ri chiqar.
– To‘g‘ri, hammasi to‘g‘ri. Aytdim-ku, qovug‘im shishganday bo‘lib turadi, deb.
Shu kuni amakimni bir amallab shifoxonaga yotqizib chiqdim. Tog‘ayga ham xabar berdim. Bir-ikki kunni o‘tkazib u keldi. Eshitadiganini eshitdi.
– O’zing qarat, – dedi amakim o‘tirgan joyida bir qo‘li bilan bilagimdan tutib. – Bu go‘rsuxta nimani ham tushunadi. Qarshisida nima qilarini bilmay o‘tirgan o‘g‘lidan nolidi u. – Qaratinglar, o‘lib qolaman, bolam... do‘xtirning cho‘ntagiga manovini tiq, – dedi u da’fatan jahl bilan bir o‘ram pulni qo‘limga tutqazar ekan. Shuni olmasa qaramaydi bularing. Men kerak bo‘lsam shu ishni qilasan.
Noqulay ahvolda qoldim. Pulni qo‘ltig‘imga qisganimcha tashqariga chiqdim. “Tanish” do‘xtirimni topib vaziyatni tushuntirdim.
– Tomom, – dedi u, – yana bir marta rol o‘ynasak o‘ynabmiz-da artistlardan qaerimiz kam? Gonorari ham naqd ekan.
Do‘xtirni boshlab xonaga qaytib kirdim. Amakim o‘g‘liga o‘limidan so‘ng nima ishlar qilishini uqtirardi chamamda. Ko‘zida duv-duv yosh.
– Assalomu alaykum, otaxon, tuzalib qoldingizmi?
– Qayda, – dedi amakim majolsiz. – Kun sanab o‘tiribmiz-da.
– Xudo xohlasa hammasi yaxshi bo‘lib ketadi.
– Qaydam, – dedi yana amakim xirxirab.
– Do‘xtir, – dedim dadillashib, – amakimizning atagani bor. Dori-darmonlarni kuchaytirmasak bo‘lmaydi. Osma ukol-posma ukol, deganday. Bir ilojini qiling aka, boshqa professorlarniyam chaqirtiring, iltimos, manovini olib qo‘ying, dedim-da haligi pulni u kishining cho‘ntagiga solib qo‘ydim.
– Ovora bo‘lmang, ey, ey, ovora bo‘libsiz-da, – dedi “tanishim” yo‘liga. So‘ng xushchaqchaqlik bilan amakimning yoniga o‘tib o‘tirdi. U yoq, bu yog‘ini ko‘rgan bo‘ldi. – Otaxon, Xudo xohlasa otday bo‘lib ketasiz. Ertagayoq oyoqqa qo‘yaman, – dedi u dadillashib. Bugun navbatchiman, ertalabgacha, muolajani kuchaytiramiz. Sizlar xotirjam bo‘linglar, – dedi-da, xonadan chiqib ketdi.
– Ana, men senga nima devdim-a? – dedi amakim dadillanib. – Bularing olmasa qaramaydi, demaganmidim. Mana, ko‘rding-a, muomalasi ham birdan o‘zgardi. Sen bo‘lsa tanish, tanish, deysan. Otam rahmatli “Mening tanishim – cho‘ntagim”, deb bekorga aytmagan. To‘g‘ri ekan.
Sho‘rlik do‘xtirni gunohga botirganimiz qoldi. Xudoning o‘zi kechirsin.
Zum o‘tmay xushro‘ygina no‘g‘ay kampir xonaga kirib keldi-da:
– Sizlar chiqarg‘a kerak, biz muolajani boshlaymiz, – deb amakimni o‘rniga yotqizib qo‘ydi. – Shish qoya?!
– Kechirasiz, ismingiz nima? – so‘radim undan.
– Tanzila, Tanzila Israilovna deb chaqiring‘iz, – dedi hamshira beparvo.
Osmonga qarab yotib olgan amakim, kuylagining barini ko‘tarishga istihola qilardi.
– Iltimos, otamga yaxshilab qarang, Tanzila opay, – dedi Tog‘ay ham jonlanib.
– Sizlarg‘a shu chalning nisi kerak? Bersangiz tuzatirga tuzatib, er qilib jatam, – dedi Tanzila Israilovna.
Amakim hiqqillab kula boshladi.
– Uyda kampirim bor, to‘qqizta bolasiyam bor. Nevaralar bir suruv.
– Menda esa jo‘q. Er-da jo‘q. Birsi yaramiy.
– Ketdik, – dedim ishshayib Tog‘ayga.
Tashqarida “tanish” do‘xtirim kutib turardi.
– Qalay, – dedi sigaretasini ezg‘ilab, – o‘xshadimi?
– O’xshaganda qanday?
– Bir-ikki kun muolajani kuchaytirgan bo‘lamiz. Pullaringga quvvatga indiruvchi dorilarning zo‘rlaridan topib kelaman. Xohlasalaring o‘zlaring topinglar. – U mana, deb cho‘g‘i biroz uchgan pul o‘ramini uzatdi.
– Yo‘q-yo‘q. – dedik baravariga. – O’zingiz bilib-bilib topib kelavering. Bizga otamiz tuzalib ketsa bo‘ldi...
– Yaxshi. Ammo, quvvatga indiruvchi dori-darmonlar ziyon qilmaydi. Kelishdikmi?
Kelishmaslikning iloji ham yo‘q edi.