Bu voqeaga ancha bo‘ldi. Lekin har doim do‘st-u birodarlar bilan mashinada mehmondorchilikka boradigan bo‘lib qolsak, esimga tushadi, butun vujudimni qandaydir ko‘tarinki ruh, iliqlik qoplaydi. Shu elning farzandi ekanligimdan, shu tuproqda kindik qonim to‘kilganidan g‘ururlanib ketaman.
Saratonning o‘rtalari edi. Kunlar issiq, ertalabdan namiqa boshlagan badaningda, dimog‘ingda yozning issiq nafasini sezibgina qolmay, hatto jimirlashini ko‘rasan odam, ko‘z oldingda o‘nlab, yuzlab lovullagan halqachalar paydo bo‘lib, kipriklaringni bir-biriga yopishtiradi, peshonangdan, quloqlaringning orqasidan oqib tushayotgan issiq ter tomchilari rashingga tegadi, artasan, artgan joylari esa achitib og‘riy boshlaydi. Ko‘ngling shabboda esib turgan salqin joy, muzdek havo istab qoladi.
Shunday kunlarning birida, do‘stim Umid Nazarov bizni Qorasaroyga mehmonga olib boradigan bo‘ldi.
— Bormasak bo‘lmaydi. Yakshanba kuni kelamiz, deb va’da berganman. Xursand bo‘lasizlar. Hovlining o‘rtasidan katta ariq o‘tgan. O’rik, olma pishib yotibdi! Salqin!.. G’ir-g‘ir shabada!..
Umid Qorasaroydan o‘tib ketayotganda mashinasi buzilib qolib, tasodifan shu hovlining egasi tuzatib berganini, yozuvchi odam bilan tanishganidan nihoyatda xursand bo‘lib ketganini og‘zi to‘lib gapirib berdi. Tolibjon, tanishgan odamining ismi shunday ekan, biz tengi bo‘lib, kolxoz garajining mudiri ekan. Keraksiz, deb tashlab
yuborilgan temir-tersaklardan quling o‘rgilsin bir mashina yasab olibdi. Umid mashinaning qandayligini, mashina egasining qo‘li ochiq, tanti bir odamligini gapirib bizni qiziqtirib qo‘ydi. Qorasaroyga borishga kelishdik.
Yakshanba kuni ertalab to‘rt er-xotin ikkita mashinada yo‘lga tushdik. Erkaklar Umidning mashinasiga o‘tirishdi, ayollarni mashinam yangiroq bo‘lgani uchun men olib ketdim. Bir-ikki joyda to‘xtab, bir soatdan so‘ng Qorasaroyga kirib bordik. Umid qishloqning markaziga yetganimizda, ma-shinasini to‘xtatib, tushdi-da, menga o‘tiraveringlar, degandek ishora qilib, somsaxona oldida to‘planib turgan yigitlar yoniga borib so‘rashdi. Kimdir to‘pdan chiqib, unga nimalarnidir tushuntirdi. Umid minnatdorlik bilan qo‘lini qisib xayrlashdi.
Aftidan adresni aniqlab oldi nazarimda, keyin menga ketdik, degandek, qo‘lini silkitib, odati bo‘yicha sakrab mashinasiga o‘tirdi. Shu zahotiyoq ostidagi mashina pishqirib, orqa g‘ildiraklarini chiyillatib yo‘lga tushdi. Chang tarqashini biroz kutib men ham gazni bosdim.
Qorasuv daryosi ustidagi keng taxta ko‘prikdan o‘tib, o‘ngga burildik. Shu yerdan dala havosi boshlandi. Biz burilgan bog‘ ko‘cha katta yo‘ldan ancha past edi. Ikki tomoni terakzor, ariqlarda sharqirab suv oqib turibdi. Ko‘pgina imoratlar yaqinda ko‘tarilgan bo‘lsa kerak, qora suvoqdan chiqmagan, tomlari endi yopilaboshlagan edi. Yangi qurilayotgan imoratlarning dilni ochadigan jozibasi bo‘ladi. Shu jozibaga yo‘lning chetida qorni to‘yib kovshanib yotgan sigir, ariq labida erinib o‘t chimchilayotgan qo‘y-qo‘zilar qo‘shilib, odamga tinchlik, xotirjamlik bag‘ishlaydi.
Shu ko‘chadan qancha yurdik, bilmadim, har holda uzoq yurmadik. Umid hali bo‘yalmagan, ammo aliflab qo‘yilgan olataroq darvoza yonida mashinasini to‘xtatdi. Derazadan qo‘lini chiqarib, keldik, degan ishora ham qilib qo‘ydi. Men uning zangori «Moskvich»i orqasiga o‘tib to‘xtadim.
Umid hech kimni kutmasdan dadil qadamlar bilan ochiq darvozadan ichkariga kirib ketdi. Orqasidan biz ham darvo-za tomon yurdik. Ammo ichkariga kirmadik.
— Assalomu alaykum-m! — baland ovozda kim balandir so‘rashdi Umid. — Mehmonlarni qabul qilasizlarmi? Mana keldik!
— Assalomu alaykum!.. Kelinglar! — ayol kishining yumshoq ovozi eshitildi.
«Qani yuringlar!» — degandek men ichkariga ishora qilgan edim, ayollar ko‘nishmadi. Mezbonning kelishini kutadigan bo‘ldik.
— Yaxshimisiz? Tinchmisiz? Xo‘jayin qanilar? Yo bizni chaqirib, o‘zlari boshqa yoqqa ketib qoldilarmi?
Umid sho‘x kulgi aralash cho‘rt-cho‘rt kesib gapirardi. Ayol uning gaplariga javob bermadi.
— Juda yaxshi qilibsizlar-da! Qani ichkariga.
— Ko‘pchilik bo‘lib kelganmiz, ikki mashina!
— Qani boshqalar? Chaqiraylik ichkariga!
Shu zahotiyoq ro‘paramizda yoqimli ovoz egasi, bizning xotinlardan yoshroq, xushbichim juvon, uning ketida og‘zi qulog‘iga yetib iljaygan Umid paydo bo‘lishdi. Uning xursandligi a’zoyidan bilinib turardi.
— Yo‘lakda turib qolibsizlar-ku? Qani, ichkariga! Assalomu alaykum!
Juvon eski qadrdonlardek, ayollar bilan quchoqlashib ko‘risha ketdi. Keyin biz, erkaklar bilan qo‘l berishib so‘rashdi-da, hammamizni ichkariga boshladi.
Derazalari ko‘chaga qaragan uydan o‘tishimiz bilan katta hovli paydo bo‘ldi. Umid to‘g‘ri gapirgan ekan. Hovli serdaraxt edi. Olma, shaftolilarning shoxlari egilib yotardi. Uyning oldidagi baland so‘ridan toifi, shivilg‘oni, qirmizi uzum boshlari yoqutdek, oltindek tovlanib turibdi.
Juvon ravonga ko‘tarilib, uyning ichiga taklif qildi.
— Hovlida o‘tiraqolsak-chi? — taklif qildi Umid.
Ammo juvon ko‘nmadi.
— Bitta xonani muzdek qilib qo‘yganman. Qani marhamat!
Biz oyoq kiyimlarimizni yechib, nimqorong‘i xonaga kirdik. Muzdek havo gup etib dimoqqa urildi. Juvon baland derazalarga tortib qo‘yilgan pardalarni yig‘ishtirdi. Xona yorishib ketdi. U kattagina edi. Chor atrofga ko‘rpachalar yozib qo‘yilgan, burchaklarda yostiqlar bir-birining ustiga taxlog‘lik edi. Juvon xonaning o‘rtasidagi xontaxta ustiga dasturxon yozdi. Hammaning o‘tirishini kutib turib, o‘zi ham cho‘kkaladi-da, qo‘llarini fotihaga yozdi.
— Xush kelibsizlar, mehmonlar! — dedi u va o‘rnidan turdi. — Bir pas o‘zinglar o‘tirib turinglar. Men hozir!
U qo‘llarini ko‘kragiga qo‘yganicha orqasi bilan chiqib ketdi.
Unga qarab turgan Umid, o‘zini tiyib turolmadi. Xotiniga o‘girilib so‘radi:
— Siz ham shunday orqangiz bilan yuraolasizmi?
Xotini Surayyoxon, birovdan gap qarz oladiganlardan emas edi, shartta uzib oldi:
— Shunaqa katta uy oling, keyin sinab ko‘rasiz!
Beixtiyor kulgi ko‘tarildi. Hammamiz Umidning xotini, ikkita bolasi bilan bir xonalik sektsiyada anchadan beri qiynalib yashab kelayotganini bilardik.
— Tolibjon maladets, ha, uyni boplabdi. Katta qilib yuboribdi, azamat!
Hammamiz chindan ham shiftlari baland, derazalari keng imoratni havas bilan tomosha qilaboshladik. Ammo hali bitmagan, qorasuvoqda edi.
Anchagacha juvon yo‘q bo‘lib ketdi. Beixtiyor derazadan hovliga qaradim. Hovlida ham u yo‘q edi.
Bir mahal u qo‘lida katta mis barkash ko‘tarib kirdi. Chetlariga gir aylantirib, jaydari undan yopilgan qip-qizil semiz tandir noni terib chiqilgan, barkash o‘rik, olma, uzum bilan to‘la edi. Juvon barkashny xontaxtaning o‘rtasiga qo‘yib, oldidagi nonni ushatdi.
— Qani, o‘zinglar ushatinglar. Kecha opam yopib ketganlar. Ichida piyozligi ham bor. Shaftoli olib kirmadim. Uni tagida uzib yegan yaxshi. Hali hovliga chiqqanda shunday qilasizlar. Yo olib kelaymi?
Biz hozirjavoblik bilan hammamiz barovar yo‘q, de-dik. Hali hovliga tushganimizda yeymiz, dedik.
— Bo‘lmasa shularni ermak qilib turinglar. Men hozir!..
Juvon yana epchillik bilan o‘rnidan turib chiqib ketdi.
Shu zahotiyoq u o‘choq boshida paydo bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay qovurilgan piyoz, go‘sht hidi dimoqqa urildi. Men beixtiyor o‘sha tomonga qaradim. Ayol ikkinchi qozon ostiga ham o‘t yoqib yuborgan edi.
Juvonning ochiq chehrasidan, ko‘rsatayotgan iltifotidan erkalanib ketib, o‘zimizni qo‘yib yubordik. Avval ayollar bir-birlari bilan shivirlashib, hovliga tushishdi. Juvon yugurib ularning oldiga keldi, nimalarnidir gapirib kuldirdi. Hammalari qayoqqadir g‘oyib bo‘lishdi, keyin ularni shohlari tirgovich bilan ko‘tarib qo‘yilgan oq zarg‘aldoq shaftolilarning tagida ko‘rdik. Biz ham bir pas hangomalfshib, tashqariga chiqdik.
Umid juvonning oldiga, o‘choq boshiga bordi.
— Yordamlashib yuboraymi? Qo‘sh qozonda nimalar qilayapsiz? Juda katta harakat qilib yubordingiz-ku?!
— Hali hech harakat qilayotganim yo‘q. Ozib-yozib kelibsizlar, oyoqlaring ostida qo‘y so‘ysam arziydi!..
— Xo‘jayinsiz o‘tirganimiz qiziq bo‘layapti.
— Kelganinglarni bilib, boshlari ko‘kka yetadi u kishining. Qani ovqatni suzaman. Yuringlar!
Juvon gapirtirgani qo‘ymay bizni yana ichkariga boshladi.
— Chaqirib qolishgan bo‘lsa kerak-da xo‘jayinni? Oti nima, Tolibjonmidi? — dedim Umidga.
— Shunaqaga o‘xshaydi. Kolxozning joniga aro kirgan yigit-da! Qo‘li gulligi uyidan ham bilinib turibdi.
Men unga qo‘shildim. Umidning o‘rtog‘iga xotindan ham buyurgan ekan. Uning ham qo‘li gulligi shunday, har bir harakatidan sezilib turardi.
Juvon ikkita chukur laganda sellik, serpiyoz kurka go‘shtini olib keldi.
Umid ishtaha ochadigan go‘zal ovqatni ko‘rib o‘zini tutolmadi.
— Kelin bu, Tolibjonning yashirib qo‘ygan dorilaridan bormi?
— Voy esim qursin! Hozir!
Juvon zum o‘tmay aroq, konyak to‘la shishalarni ko‘tarib kirdi.
— Marhamat. Boya esimga kelmaganini qarang! Olinglar! Ovqat sovumasin. Men hozir!..
U shoshib chiqib ketdi. Ko‘p o‘tmay men uni yana o‘choq boshida ko‘rdim.
«Xo‘jayinining yo‘qligini hisobga olmaganda hammamiz xursand edik. Ayolning mehmondo‘stligidan va ko‘nglimizni olganidan Umid hammamizdan ko‘proq xursand edi. Ikki gapning birida Tolibjonni, uning ajoyib usta ekanligini maqtar, shunday odamning shu juvondan boshqa xotini bo‘lmasligini, ikkalovlari xuddi uzukka tushgan ko‘zdek ekanlarini qayta-qayta takrorlardi.
O’sha kuni qanday kech kirganini bilmay qoldik. Ayollarning esiga uyda qolgan bolalari, bizning esimizga esa ertaga qiladigan ishlarimiz tushdi.
Ayolning qistashiga qaramay to‘ydagidek ajoyib oshdan so‘ng, o‘rnimizdan turdik.
— Bu hisobmas, boshqa kelasizlar, — dedi ayol fotihadan so‘ng. — Shoshib qoldim...
— Iyya! — hayron bo‘ldi Umid. — Tolibjon aytmovdilarmi?
Ayol xayron bo‘lib boshini ko‘tardi.
— Tolibjon? Qaysi Tolibjon?
Hammamiz yalt etib Umidga qaradik. U ko‘zlarini katta ochib, ayolga tikilib qolgan edi.
— Avto... avtomobilchi Tolibjon-da? —so‘radi nihoyat.
— Voy! Tolibjon Xaydarovmi? Zavgarimiz? — ayol darhol javob berdi. - U kishi ikki ko‘cha narida turadi.
— Shuni nega boya aytmadingiz? — jindek zarda va o‘kinch bilan so‘radi Umid.
— Voy mehmondan aziz odam bor ekanmi? Omon bo‘lganlarida, o‘n chandon yaxshi kutardilar. Hali ham kelganlaringdan ruhlari shod bo‘ladi, bilaman.
Umid hammamizni o‘tirishga taklif qildi. Shivirlab tilovot qildi. Ko‘chaga chiqqanimizda ayolning ismini so‘radi.
— Umida, — dedi ayol.
— Adash ekanmiz. Aka-singil bo‘ldik endi, Umidaxon. Biznikiga albatta borasiz. O’zimiz Surayyo bilan kelib olib ketamiz.
Ayol boshini egib jilmaydi.
Hammamiz u bilan ham uyalib, ham g‘ururlanib xayrlashdik.
Katta yo‘lga chiqqanimizda, Umid mashinasini to‘xtatib, tushdi-da, mening mashinam oldiga, ayollar bilan maslahat qilgani keldi.
— Bo‘lar ish bo‘ldi. Meni kechiringlar. O’n minutga bo‘lsa ham Tolibjon zavgarnikiga kirib ketaylik. Mendan ko‘ngli qolmasin.
Ayollar rozilik berishdi. Avtomobilchi Tolibjon hech qayoqqa chiqmay ertalabdan beri bizni kutib o‘tirgan ekan. Yangidan mehmondorchilik boshlandi. Hech kim ovqatga qaramadi, hamma biri olib, biri ko‘yib, umrlarida birinchi marta ko‘rgan begona ayolning mehmondo‘stligini gapirardi.
Umida hammamizning eng yakin odamimiz bo‘lib ketgan. Tez-tez uchrashib turamiz. Umid xotini bilan uni uzatishni o‘ylab ko‘p harakat qildi, ammo Umida ko‘nmadi. Bitta qizi bor. Biz mehmonga borganimizda u lagerda edi. Hozir universitetni bitirayapti. Bizning yordamimiz shu bo‘ldi. Umidaning fikri-zikri shu haqida, uning kelajagida. Qiz xuddi onasining o‘zi, harakatlari, qarashlari, zehni va aqli bilan biz bundan yigirma yil burun ko‘rgan juvonni eslatadi.