1
Yeftim degan chol yashardi. Qoratog‘ etagida, dehqonchilik edi kasbi, erta-yu kech dalada. Kulbasi bor edi xarob, o‘limtik bir ho‘kizi, ikki tanob yerda bog‘i — yashash uchun kifoya.
2
Bay Yeftimning bor quvonchi edi ikki farzandi, ikki o‘g‘il, har ikkisi otasiday zahmatkash. Biri tog‘da o‘tin tersa, biri omoch haydardi, shunday o‘tar edi kunlar qayg‘usiz va kulfatsiz.
3
Shunday o‘tar edi kunlar Qoratog‘ etagida, shunday o‘tar edi kunlar butun bolgar elida...
4
Bir kun bog‘da Yeftim, o‘g‘illar ham yonida, ot dupuri eshitildi, keyin qiy-chuv boshlandi. Bosh ko‘tardi yerdan Yeftim, yo‘lga tikdi ko‘zini va ko‘p o‘tmay ko‘rdi qishloq yonganini buruqsab. Bay Yeftimni titroq bosdi, qaltiradi lablari. Kim biladi, balki shu top yolvorgandir Xudoga?
5
Qishloq esa, yonar edi alangasi tog‘ quchib. Kimdir uvvos solib yig‘lar, kimdir so‘kinar edi... Ikki o‘g‘il ikki yoqdan yopishdi otasiga, g‘azab lov-lov yonar edi ikkovining ko‘zi-da...
6
Shu top yo‘lni chang qopladi, paydo bo‘ldi otliqlar, paydo bo‘ldi tish-tirnog‘i bilan qurollangan yov. Payhon qildi ekinlarni ot qo‘yib har tarafga. Kishan soldi keyin dushman ikki yoshning qo‘liga. Bay Yeftimning g‘azabdan ko‘zlari chaqnab ketdi. Bor kuchini to‘plab turib changal soldi dushmanga. Lekin chol-ku? Chol bechora ne qilardi kurolsiz? Ne qilardi o‘nta dushman qurshab tursa atrof-dan? Alamini ichga yutib yalindi bekka shunda:
— Begim, o‘zing rahm qilgin, olib ketma ularni. Hali ular yosh juda ham, hali hayot ko‘rganmas. Kerak bo‘lsam men amringda, quling bo‘lay umrbod.
Qah-qah urdi dushman bari, qah-qah urdi ablahlar!
— Esing bormi? — o‘shqirdi bek. — Sen kimsanu bular kim? Bular endi kuchga to‘lgan jiyron otning o‘zidir. Sen kim bo‘lding? Qari bir chol, bir oyog‘ing go‘rda-ku? Seni bizga foydang ham yo‘q, ziyoning ham tegmaydi.
7
Shunday deya qamchi bosdi otiga bek, lek shu top, u to‘xtadi va iljaydi cholga qarab muloyim.
— Mayli, ey chol, rahm qilay yoshing hurmati senga. Bolalardan bittasini, mayli, o‘zing tanlab ol.
Bay Yeftimni titroq bosdi, qaltiradi lablari, kim biladi? Balki shu top yolvorgandir Xudoga — yolvorgandir bag‘ri yonib bu dahshatli hukmdan, yolvorgandir la’nat o‘qib bebaxt otalik uchun.
— Nega jimsan? — so‘z qotdi bek. — Tanla sevgan o‘g‘lingni! Tanla, yo‘qsa ikkalovi sotiladi qul bo‘lib.
8
Bay Yeftimning boshi qotdi, nima qilsin bechora? Qay birini tanlasin u? Ilcho yoki Ivaylo? Ikkalovi o‘z farzandi, ikkalovi o‘z pushtidan — ikkovining tomirida oqadi uning qoni! Bay Yeftimning boshi qotdi, nima qilsin bechora?
— Ota, — dedi shunda Ilcho. — Ivayloni olib qol. Mendan u yosh, keyin mendek... o‘yinqaroq bolamas.
— Yo‘q, yo‘q, ota, — dedi shunda Ivaylo uni bo‘lib. — Ilcho qolsin huzuringda, Ilcho mendan kuchliroq.
9
Bay Yeftimning boshi qotdi, nima qilsin bechora? Qay birini tanlasin u? Ivaylo yo Ilchoni? Ikkalovi o‘z far-zandi, ikkovi o‘z pushtidan — ikkovining tomirida oqardi uning qoni.
— Bo‘l, chol, tezroq! — do‘q urdi bek. — Tanla sevgan o‘g‘lingni! Tanla, yo‘qsa ikkalovi sotiladi qul bo‘lib.
10
Bay Yeftimning boshi qotdi, xayol surdi uzoq vaqt. Titroq bosdi vujudini, qaltiradi lablari. Kim biladi, balki shu top yolvordimi Xudoga? Yolvordami bag‘ri yonib qutqargin, deb bu dahshatli taqdirdan? Yo‘q, Bay Yeftim yig‘lamadi, yolvormadi Xudoga! Ko‘zi birdan cho‘g‘dek yonib, tikildi u dushmanga! Va nafrat-la dedi:
— La’nat! La’nat! La’nat, sen it o‘g‘liga!
11
Shu zahoti u quladi dushman yatag‘onidan. Yo‘lga tushdi ikki o‘g‘il zardob bo‘lib yuragi, yo‘lga tushdi nelarnidir so‘zlab qonsiz lablari, ikkovi ham yig‘lamadi, yolvormadi Xudoga!