Sarsonboy ota rayon markaziga kelganda, quyosh yerdan endigina cho‘giri tilimidek ko‘tarilgan edi. Kim biladi, hali erta bo‘lgani uchunmi yo sovuq tushib, bozor-o‘char qiladiganlar kamayib qolganidanmi — odam siyrak, bozor kunlari bo‘ladigan g‘ala-g‘ovur, to‘polon yo‘q. Chol ichida xursand bo‘lib qo‘ydi: «Ha, tuzuk, bu gal kechikmadim. Avji bozor».
U shunday deb, otning jilovini tortdi. Quloqlarini osiltirib tin olayotgan to‘riq, xuddi shuni kutib turgandek pastga, daryo tomonga yo‘rg‘aladi. Bu joylarni u egasi kabi yaxshi biladi. Ulg‘ayib, ustiga egar urilibdiki, har yakshanba kuni butun Hisorni oshib, shu yerga keladi. Tor taxta ko‘prikning yoniga omonatgina qurilgan choyxona etagida to‘xtaydi. Daryoning sel yuvib, beso‘naqay kengaygan shu yeri urush yillaridan beri — kech kuzdan erta bahorgacha — bozor. Chor atrofdan yig‘ilgan yigitlar frontga shu yerdan jo‘nashgan. Ustunlari chirigan choyxona ham o‘sha sertashvish yillardan nishona...
Sarsonboy ota otini ilgarilari shu ustunlardan biriga bog‘lab qo‘yardi. O’zi esa, yo bozor aylanardi, yo peshingacha choyxonada o‘tirardi. Bozor tugagach, peshin namozini o‘qib, iziga qaytardi. To‘riq uzoq vaqtgacha bunga ko‘nikolmadi, bir-ikki marta, hatto tizginni uzib qochdi, butun bozor ahlini sarson qildi. Bir-ikki marta esa, yarim yo‘lda tixirlik qilib, oyog‘ini tirab turib oldi, bo‘lmadi. Qamchi yedi. Endi ko‘nikib qoldi. Sarsonboy ota endi uni bog‘lamaydi ham. Otning o‘zi shunday ustun tagiga kelib, uning tushishini kutadi-da, ko‘zlarini yumib, keyingi bir oyog‘iga dam berganicha, joyidan qimirlamay turaveradi...
Bu gal ham shunday bo‘ldi. Sarsonboy ota ustun tagida otdan tushib, choyxonaga kirib ketdi. To‘riq og‘ir xo‘rsinib, atrofiga qaradi. Ko‘prik tagida bir targ‘il sigir sovuqdan tuklari hurpaygan buzog‘ini erinchoqlik bilan yalardi. To‘riq unga qarab turib, zerikdi. Esnadi-da, ko‘zlarini yumdi.
Sarsonboy ota katta ko‘zi singan deraza yoniga cho‘kkaladi. Choyxona qurilibdiki, shu joy uniki. Birov o‘tirgan bo‘lsa ham u kelganda bo‘shatib beradi. Shu yerdan bozor maydoni yaxshi ko‘rinadi, ko‘prikdan o‘tayotgan biror odam ham xato ketmaydi, hammasi ko‘zdan o‘tadi.
— Ha, Sarsonboy, omonmisan? — dedi choyxonachi choy keltirib qo‘yar ekan. — Yana kelibsan-da?
— Nima, senga og‘irligim tushdimi? — to‘ng‘illadi Sarsonboy ota oftob sarg‘aytirgan siyrak qoshlarini chimirib.
— Jazillama. Azbaroyi achinganimdan gapiraman. Kutgandan yomon narsa yo‘q.
Sarsonboy ota javob bermadi. Uning bugun go‘yo niyatiga yetadigandek kayfi chog‘ edi, lekin o‘rtog‘ining gapi bilan ko‘ngli buzildi. Bir: «Sening nima ishing bor? Choyingni sotsang-chi!» — demoqchi ham bo‘ldi, tili bormadi. Madumar akaning gapida jon bor edi. O’g‘lidan qoraxat kelganidan keyin bechora o‘n yil kutdi. Xatsiz, xabarsiz xotini farzand dog‘ida ado bo‘lay dedi. O’zi esa, cho‘p bo‘lib qoldi. Oxiri chidolmay aza ochdi. Ermagi — choyxona.
Madumar akaning bugungi gapida chindan ham jon bor edi. «Azbaroyi achinganimdan gapiraman...» Nahotki, uning ahvoli achinarli bo‘lsa?! Sarsonboy ota shunday o‘yladi-yu, yuragini nimadir timdalab ketganday bo‘ldi. Lablari titrab, tuproqdek sarg‘aygan soqoli tortildi. Nimadir tomog‘iga kelib tiqildi. Bo‘shashib ketayotganini sezdi-da, o‘shqirdi:
— Ahmoq, kutsam seni kutamanmi? Senga azroildan boshqasi orzumand emas! Qayoqdan mulla bo‘lib qoldingki, menga o‘rgatasan?!
— Jazillama, — iljaydi Madumar aka. — Har bozor basharangni ko‘rsam, ko‘nglim ayniydigan bo‘lib qolibdi. Qir-piringda podangni boqib yuravermaysanmi? Kerak odam o‘zi topib oladi seni. Tag‘in o‘zing bilasan. Menga desa shu yerda yotib ol. Yo‘lda yakka o‘zingsan, tag‘in o‘lib-netib qolmagin deyman-da, betamiz!
— O’lsam bir musulmon topilar ko‘mgani, — dedi o‘zini bosib olib Sarsonboy ota. — Sendan Xudo o‘zi saqlasin. Choydan urgan — kafandan ham urib qolasan.
— Shunday demaysanmi? Mana, yangi damladim. Ich zaharingga!
Madumar aka yangi damlangan choynakdan choy quyib, o‘rtog‘iga uzatdi, odam kam bo‘lgani uchun o‘zi ham yoniga o‘tirdi.
— Hech gap eshitmadingmi? — so‘radi jiddiy ohangda Sarsonboy ota.
— Eshitsam, shu zahotiyoq senga odam yuborardim, eshitmadim...
Oraga jimlik cho‘kdi. Madumar aka o‘zini noqulay sezib, ichkisi kelmasa ham xo‘rillatib bir-ikki choy ho‘pladi.
— Zebi qalay? Yuribdimi?
— Tuzuk, — dedi Sarsonboy ota derazaga bir qarab qo‘yib. — Bugun zo‘rg‘a yubordi. Bu yoqqa kelishimni bilib, yarim kechada otni dalaga haydabdi.
— So‘kmadingmi? — xavotirlanib so‘radi Madumar aka.
— Yo‘q, u sho‘rlikka ham qiyin. Endi so‘kmayman.
— So‘kma. Bechoraning sendan boshqa kimi bor?
— So‘kmayman. Lekin... — Sarsonboy ota birdan qiqir-qiqir kulib yubordi.
— Ha? — hayron bo‘ldi Madumar aka.
— So‘kmayman-u, lekin otni haydab nima qiladi? Piyoda bo‘lsa ham kelishimni biladi-ku! Buning ustiga to‘riq yo‘talimni eshitsa, oldimga yugurib keladi. Shuni biladi, nima qiladi haydab?
— Ha, endi achinadi-da, — dedi Madumar aka ham kulishga harakat qilib.
— Men achinmaymanmi? Men ham achinaman unga. Yolg‘izlik yomon. Buni o‘zing ham bilasan. Lekin nachora? Qiyomat qarz bu. Qarz bilan go‘rga kirmoqchi emasman. Tushunishi kerak-da. Innaykeyin...
— Assalomu alaykum-m-m!..
Odamlar kirdi. Gap uzildi. Madumar aka o‘rnidan turdi.
Ko‘p o‘tmay, bozorning odatdagi tashvishi, to‘poloni boshlandi. Bolalarning qiy-chuvi, sigir-buzoqlarning ma’rashi bilan dallollarning «Bor baraka»si qo‘shilib, yaqinginada osoyishtalik hukm surgan qaqroq daryoga bahor toshqinidek jon kirdi.
Sarsonboy ota yana derazaga tikildi. Ko‘prik o‘tgan-ketganning ko‘pligidan xuddi tuyadek lapanglardi. O’shanda ham shunday lapanglab turgan edi.
...O’g‘lini kuzatganda ham, Haydaralini kuzatganda ham...
Lekin unda odamlar bir tomonga qarab yurgan edilar. O’shalardan ko‘pi shu ko‘priqdan qaytib o‘tmadi, biri o‘ldi, biri bedarak ketdi. O’g‘lidan yarim yil hech qanday xabar bo‘lmay, birdan qoraxat keldi. O’shanda u poda bilan Uzumlida edi. Qo‘ylarni soyning narigi sohilidagi o‘tlari endigina nish urgan yalanglikka haydab, o‘zi nurab-nurab devorlarigina qolgan Toshqal’a tagida o‘tirardi. Kun tik kelganda tushlik qilmoqchi bo‘lib, xurjundan suzma olganini biladi, qishloq tomondan ayol kishining uvvos solib yig‘lagani eshitildi. Yig‘i tog‘dan aks-sado berib, shunday qattiq jarangladiki, Sarsonboy ota cho‘chib ketdi. O’rnidan turib, pastga qaradi. Sochlari to‘zg‘igan bir ayol soy yoqalab, yuzini yumdalab kelardi. Sarsonboy ota avval tanimadi. Pastroq tushdi. Shunda uning havo rang ko‘ylagidan tanidi. Tanidi-yu, yuragi shig‘ etib ketdi.
— Zebi! Men bu yoqdaman. Zebi, hoy! — deganicha pastga otildi.
Zebi xola uni ko‘rib, o‘zini tutolmay, o‘krab yubordi.
— Nega bo‘kirasan?! Nima bo‘ldi? — Sarsonboy ota uni bilaklaridan ushlab tortqiladi.
— G’ofur... G’ofurjon... — Zebi xola gapirolmadi, ho‘ngraganicha qo‘lidagi qog‘ozni eriga uzatdi.
Sarsonboy ota kichkina ko‘k qog‘oz parchasini ko‘rib, hammasiga tushundi. Madumar, aka ham o‘g‘lidan shunday xat olgan edi... Sarsonboy ota o‘qimadi, qo‘l-oyog‘i muz bo‘lib, turgan joyida qotib qoldi. Xudo unga bir farzand bergan edi, shuni ham ko‘p ko‘rdi.
Haydarali esa, otasidan bir oy keyin jo‘naganicha, bedarak ketdi. O’g‘lining o‘rtog‘ini o‘zi rayongacha kuzatib bordi. Kuzatadigan uning biron kimsasi ham yo‘q edi.
Jo‘naydigan kuni Haydarali eshak aravaga ortib, ikkita qo‘y olib keldi. Shunda G’ofurdan qoraxat kelganiga yil bo‘lgan edi.
— Amaki, shular sizda tursin, — dedi iymanib. — Dadam qo‘yni yaxshi ko‘rar edilar. Qaytganlarida to‘y-po‘y kilardik... Agar malol kelmasa...
— Xo‘p, bo‘tam, — dedi Sarsonboy ota. — Suruvning ichiga qo‘shib yuboraman. Malol keladigan joyi yo‘q.
Ko‘prik ustida xuddi o‘g‘lini kuzatayotgandek Haydarali bilan xayrlasha turib, butun vujudini titroq bosdi.
— Omon bo‘l, bo‘tam! — dedi-yu, yoshlangan ko‘zlarini ko‘rsatmaslik uchun xotini nimalardir solib bergan tugunni yuziga tutib uzatdi. — Xolang berdi, ol.
— Rahmat.
— Imkoni bo‘lsa, G’ofurning mozorini bir ziyorat qilib o‘t. Istalingradda.
Shovqin-suron ichida aytilgan bu gapni Haydarali eshitdimi, yo‘qmi, Sarsonboy ota bilmaydi, har holda, uning bosh qimirlatib, nimalardir deganini ko‘rdi.
Mana, shunga yigirma yildan oshib ketdi. Haydarali na uning o‘g‘lini borib ko‘rdi, na o‘zi biror xabar yubordi. Tashlab ketgan ikkita qo‘yi qirqtadan oshdi. Boshqa qo‘ylarga aralashib ketmasin, kelib qolsa topish qiyin bo‘ladi, deb Sarsonboy ota hammasining bo‘yniga qizil latta bog‘lab chiqdi. Lekin kelmadi. Tirikmi, o‘lganmi — hech kim bilmaydi. Sarsonboy otaning bormagan idorasi, surishtirmagan odami qolmadi. Familiyasi, adresini bilmagandan keyin topish oson bo‘larmidi?
— Sarsonboy, shu endi, har qayoqqa borib, o‘zingni sarson qilma, — maslahat berdi oshnalardan biri.
— Shunday jahannamdan omon qaytgan odam qachongi ikkita qo‘yni surishtirib kelarmidi?! Xudoga shukur, to‘qchilik. Qo‘y kerak bo‘lsa, bozor to‘la. Sen yaxshisi, bozorga bor. Taniysan-ku, tirik bo‘lsa, shu yerda bo‘lsa, ko‘rinish beradi.
Bu gap Sarsonboy otaga ma’qul tushdi. Shundan beri bitta ham bozorni kanda qilmay qatnaydi. Boshqa kunlari qo‘y boqib, tog‘ma-tog‘, darama-dara yuradi. Horib-charchab, hafta oxiri uyiga qaytadi. Rais bir necha marta: «Bo‘ldi, endi, ota, shuncha ishladingiz, yetar. Endi, yoshlar ishlasin!» — dedi, lekin Sarsonboy ota quloq solmadi. Qanday qilib quloq solsin. Haydaralining qo‘ylarini baribir boqishi kerak-ku? Yetti yot begona odamning podasini kim boqardi? Boqsa ham qanday boqardi?
Lekin qarilik, qarilik ekan... Ilgarilari haftalab oyokda tursa ham charchamasdi, endi yarim kunda madori quriydi, o‘tirgisi kelib qoladi. Bir kuni Uzumlining tepasida shunday horib o‘tirgan edi, soydan o‘q ovozi eshitildi. Tag‘in birorta qo‘yni otib qo‘yishmasin, deb pastga tushdi.
Archalarga chirmashib ketgan tokning tagida to‘rt-besh yigit xarsangning ustiga shisha qo‘yib otishardi. Cholni ko‘rib, bittasi gap otdi.
— Boboy, bu nima, kaklikning hammasini otib, tuzlab qo‘yganmisizlar? Bittayam ko‘rinmaydi-ku?
— Kaklik ovi qishda bo‘ladi-da, bo‘tam. Ov qilgani keluvdinglarmi?
— Ha, bir bosh og‘ib keluvdik. Shu tomonda kaklik bo‘ladi, deyishuvdi.
— Bo‘ladi, ko‘p bo‘ladi, lekin qishda bo‘ladi.
— Boboy! — qichqirdi archa tagida o‘tirgan bir yigit. — Qani, bu yoqqa keling. Manavidan bir ichib yuboring biz bilan.
Yigit piyolani to‘latib, aroq uzatdi.
— Ichmayman, bo‘tam, — dedi jilmayib Sarsonboy ota. — Hech ichgan emasman.
— Bir ichib ko‘ring. Keyin gap bor, — qistadi yigit va gandiraklab uning oldiga keldi. — Oling.
— Ichmayman, bo‘tam, — dedi Sarsonboy ota piyolani itarib. — Har qancha gapingiz bo‘lsa gapiring, eshitaman, lekin ichmayman.
— Mayli, zo‘rlama otani! — dedi miltiq o‘qlayotganlardan biri.
— Bo‘lmasa, o‘zim oldim, — yigit piyolani sipqirib, yengiga uhladi-da, dedi. — Boboy! Ov bahona bir dam olgani chiquvdik-da, bu yoqqa. Qo‘ydan bittasini soting. Shu yerda u-bu qilib ketaylik.
Sarsonboy ota boshini quyi solib, jim qoldi. Keyin xijolatlik bilan jilmaydi:
— Attang, bo‘tam, sotolmayman-ku. Meniki emas. Qishloqqa o‘tsangiz, har bir xonadondan topishingiz mumkin. Men o‘zim ham beraman. Bular omonat. Bo‘lmasa, qo‘y sizlardan aylansin!..
— Shunday deng?
— Ha, shunday, bo‘tam.
— Hozir bittasini o‘zimiz tutib olsak-chi? — yigit iljaydi.
— Unday qilmaysiz. Omonat dedim-ku, bo‘tam.
— Juda ziqna ekansiz-da! — yigit achchig‘landi. — Bitta qo‘y nima, odamdan ham azizmi? Akbar?
— Nima deysan? — dedi yigitlardan biri.
— Yur, bittasini tutib kelaylik. Raisga o‘zimiz javobini beramiz.
Yigitlar tosh qal’a tomon yo‘l olishdi.
— To‘xtang! — qichqirdi Sarsonboy ota. — Musulmon bolasimisizlar, meniki emas, dedim-ku! Egasi yo‘q bu qo‘ylarning. Urushda bedarak ketgan, yigirma yildan beri boqib yuribman... Insof bormi?
Yigitlar to‘xtab qolishdi, keyin bitta-bitta orqaga qaytishdi.
— Kechiring, ota, bilmadik, — dedi kimdir.
Sarsonboy ota indamadi. Uning rangida qon qolmagan, lablari titrardi.
— Uzr, boboy!
Sarsonboy ota yana churq etmadi. Keyin ohista-ohista qadam tashlab, qal’a tomon ketdi.
Shu voqeani Madumar akaga kuyunib aytib berganida, u ancha o‘ylanib qoldi. Keyin dedi:
— Xafa bo‘lma, bir gap aytaman.
— Xo‘sh?
— Shu qo‘ylarni kolxozga ber, yaxshisi. O’zingni qiynama. Senda bo‘ldi nima-yu, kolxozda bo‘ldi nima. Kolxoz yeb ketarmidi? Haydaraling kelsa, qaytarib beradi.
Sarsonboy ota javob bermadi.
Mana, hozir ham u bozorga tikilib o‘tirar ekan, o‘rtog‘ining shu maslahati xayolidan ko‘tarilmas, lekin nima qilishini bilmasdi. Kun tikkaga kelganda bozorda odam siyraklashdi. Moli sotilmaganlar, tomoshaga chiqqanlar qoldi, xolos. Sarsonboy otaning ertalabki kayfi chog‘ligi yo‘qoldi: Haydariga o‘xshagan birorta odam bu gal ham uchramadi.
«Nahotki, o‘lgan bo‘lsa? — bu dahshatli fikr cholning xayoliga keldi-yu, qo‘rqib ketdi. — Yo‘q, shuncha o‘lim bo‘lishi mumkin emas. Bedarak ketganlarning ko‘pi keldi-ku, ajab emas, u ham kelsa. To‘y qilmoqchi edi. Bahona bilan men ham to‘y ko‘rib qolardim. O’zim qilib berardim, to‘yini...»
U shunday xayollar bilan yana ancha o‘tirdi. Bozor tugadi. Deyarli hamma tarqaldi. Oshxona tomondan palovning hidi kela boshladi. Ammo chol joyidan qimirlamay o‘tiraverdi.
— Sarsonboy!
Sarsonboy ota o‘ziga kelib, o‘girildi. Tepasida Madumar aka turardi.
— Bo‘ldi endi. Men aytgan ishni qil. Cho‘p bo‘lib ketasan-ku, axir bunaqada.
Sarsonboy ota indamadi. Mahsisining qo‘njidan bir so‘m chiqarib, laganchaga tashladi-da, o‘rnidan turdi.
— Ketasanmi? Osh damladim, yeb ket.
— Kelasi gal. — Sarsonboy ota karavotdan tushib, eshikka yo‘l oldi. — Xayr!
Eshikka chiqib, nimadir esiga tushdi shekilli, qaytdi.
— Nahotki, sen ham tushunmasang?! O’zim olib qolganman, o‘zim, o‘z qo‘lim bilan qaytarishim kerak...
Madumar aka javob qilmadi. Faqat o‘rtog‘i chiqib ketganda:
— Zebiga salom aytib qo‘y! — deb qo‘ya qoldi.
Qirov bosgan to‘riq egasini ko‘rib, quloqlarini chimirdi. Erkalanib, boshini bir-ikki siltadi-da, zinaga yaqinlashdi. Sarsonboy ota egarga chaqqon minib, jilovini qo‘liga oldi:
— Ketdik.
To‘riq tanish yo‘ldan ildam yo‘rg‘alab ketdi. Uning yurishida ham egasining dilidagi kabi bir umid bor edi.
O‘lmas Umarbekov. Qiyomat qarz (hikoya)
1976