OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘lmas Umarbekov. Yer yonganda (hikoya)

Tonggi g‘ira-shirada shaharga tushib ketgan kelinini Solihabibi bu gal qandaydir umid va sabrsizlik bilan kutdi. Ammo kun o‘tishi qiyin bo‘ldi. Peshingacha hovlida g‘imirlab yurdi: og‘ilxona oldida g‘ujanak bo‘lib yotgan pomidorni tirgovich qo‘yib taradi, bo‘yi kelib tursin deb, ayvonga yaqin ekilgan bo‘yradek joydagi oshrayhonning tagini chopdi. Chorsigina, uch sotix yerda yana nima qilish mumkin edi? Molga qaray desa, yo‘q, sotilib ketgan. Nevarasining to‘yiga atab boqib qo‘yilgan dumbasi hali taxtakachdek qo‘chqorni ham bir oy bo‘ldi kolxozga olingan qarzlar hisobiga topshirib yuborishdi, tirik mol-holdan qolgani bitta kalonnur tovuq. Uning nimasiga qaraydi? O’zi suv, o‘zi don topsa?.. Peshindan keyin qo‘shnisining beqasam ko‘rpasini qavishga o‘tirdi. Yaxshi ham shu hunari bor ekan, koriga yarab turibdi. Ko‘rpaning bahosi bir chelak kartoshka bo‘ldi. So‘ragani yo‘q. Qo‘shnisining o‘zi tashlab ketdi. Shu kartoshka bilan kun o‘tib turibdi. Ertaga bitadi ko‘rpa, bir burchagi qoldi xolos. Keyin nima qiladi? Qavig‘i ma’qul kelsa, talabgorlar chiqib qolar. Qavig‘i ma’qul kelishi turgan gap. Solixabibi ko‘rpaga bu gal palak nusxasini berdi. O’rtasida oftob, to‘rttala burchagida to‘rtta qo‘qonguli. To‘g‘ri qaviganida uch kundayoq bitardi. Mayli, baxtli bo‘lsin qiz. O’g‘li qaytsa, keliniga ham shunday ko‘rpa qilib beradi. Hozirgisi titilib, paxtasi koptok-koptok bo‘lib qolibdi. Bir qarichda kamida ellikta qaviq bo‘lishi kerak. Ana o‘shanda qancha tutma, tep-tekis turaveradi, paxtasi siljimaydi.
Tovuqning qa-qolagani eshitildi. Solihabibi beixtiyor hovliga nazar tashladi. Kun botdi. Nega kelinidan darak yo‘q? Hech mahal u shaharda bunchalik qolib ketmas edi. Yaxshilikkamikan? Ajab emas, tuzuk xabar bilan kelsa! Qishloqqa oxirgi avtobus kun botganda keladi. Shunga ulgurarmikan? Ulgurmasa qo‘lidagi emizuklik bolasi bilan qiynalib ketadi, bolaboyaqish.
Solihabibi ehtiyotlik bilan ko‘rpani tizzasidan olib qo‘ydi-da, hovliga tushdi. Nevarasi maktabiga kitob almashtirgani ketgan edi. Halizamon keladi. Nima yedirsa ekan unga? Yana tovuq qa-qoladi, bir-ikki qanot qoqib, boshini sarak-sarak qildi-da, og‘ilxonaga kirib ketdi. Solihabibining yaxshi ko‘rgan ovqati esiga tushdi. Og‘ilxonaga kirib, huvillab turgan oxurning burchagidagi tovuqning inidan moyakni olib chiqdi. «O’rniga piyoz qo‘yib qo‘ysa ham bo‘ladi. Bola boyaqish bir haftadan beri go‘sht ko‘rgani yo‘q, rangi ketib qoldi. Dadasi qamaldi-yu, ilgarigi sho‘xligi yo‘qoldi, ko‘chaga chiqmaydi, qachon qaramang, uyning u yoki bu burchagida xayol surib o‘tiradi, kitob varaqlaydi. To‘qqiz yoshlik bola ham shunchalik eziladimi?!»
Solihabibi qozon tagiga o‘t yoqib, ozgina piyoz, bitta pomidor to‘g‘radi, sopol tovoqning yuqidagi yog‘ni qozonga solib, non olib kelgani ayvonga o‘tdi. Rahmatli onasi ramazon oylarida saharlikka ko‘pincha shunday qovurdoq qilardi, pomidor bilan hali qotmay xil-xillab turgan tuxumning mazasi nonga o‘tib juda shirin bo‘lib ketardi. Dadasi ham ishtaha bilan yerdi, u ham. Shu-shu o‘rganib qolgan, vaqt tig‘iz bo‘lsa, yo uyda boshqa narsa bo‘lmasa, darrov shunday qovurdoq qiladi.
Tuxum chaqib turgan payti hovlidan nevarasining tapir-tupir oyoq tovushlari keldi:
— Oyi?!
— Kelavermaysanmi, buyoqdaman!..
Solihabibi shoshilib qovurdoqni bir-ikki ag‘dardi, tuxum non burdalariga yopishib, oq-sariqqa ajradi.
— Ovqat qilib turibman, senga, kelaver!.. Tursunboy!
O’choqboshining eshigi oldida Tursun paydo bo‘ldi.
— Muncha ichikmasang? — so‘radi Solihabibi sopol tovoqqa qovurdoqni olarkan.
Tursun javob bermadi. Uning ko‘zlari o‘ynar, ter bosgan yuzlari qip-qizarib ketgan edi.
— Oyi! To‘lagan... To‘laganning dadasini olib ketishdi. Solihabibining qo‘lidan kapgiri tushib ketdi.
— Nega olib ketishadi? Qachon?
To‘lagan nevarasi tenggi bola edi, u bilan bir sinfda o‘qirdi. Otasi kolxoz buxgalteri edi.
— Nega olib ketishadi? Qachon? — qayta so‘radi Solihabibi.
— Hozir! — dedi Tursun. — Maktabdan kelayotgandim. Bunday qarasam, darvozalari oldida militsiyaning mashinasi turibdi. Yugurib bordim. Shundoq oldimda olib chiqib ketishdi Mirvali akani. Oyi! Bilasizmi?! Qo‘llarini... qo‘llarini orqasiga qayirib olib ketishdi!
Tursunning ovozida ham qandaydir xursandlik bor edi. Solihabibi ichida zil ketdi, ammo hech narsa demadi. Nevarasining o‘zi xursandchiligining sababini hayajon bilan aytib berdi:
— Dadam qamalganlaridan keyin To‘lagan boshqa partaga o‘tib olgan edi, aytmovdim sizga. Innaykeyin men bilan o‘ynamay qo‘ygan edi. Endi baravar bo‘ldik!..
— Nima qilgan ekan Mirvali? — xayolchan so‘radi Solihabibi.
Tursun yelkasini qisdi.
— Prpiska qilgan bo‘lsa kerak, — o‘zicha xulosa qildi Solihabibi.— Uyidan biron narsa chiqibdimi?
— Bilmadim, — dedi Tursun.
— Ishqilib chiqmasin. — Solihabibi tintuvdan qo‘rqib qolgan edi. — Chiqsa ko‘pga kesib yuborishadi. Yur, ovqatingni yeb ol.
— Keyin!
Tursun yana yugurib ko‘chaga chiqib ketdi.
Solihabibi: «Hoy! To‘xta!» deganicha qoldi. Tovoqni qozonga qo‘yib, tuvog‘ini yopdi-da, hovliga chiqdi. To‘laganlarnikiga borib kelish ko‘nglidan o‘tdi, yo‘lak tomon yura-boshladi ham, ammo o‘zini to‘xtatib qoldi. O’g‘lini olib ketishayotgan kun esiga tushdi. Militsionerlar haydamaganda eshikning oldi uyoqda tursin, hovli ham odamga to‘lib ketardi. Hamma narsa odamning yuzida yozug‘lik bo‘lar ekan. Buni Solihabibi alam, azob, uyatdan ichini it timdalayotgan bo‘lsa ham o‘sha kuni yaqqol ko‘rdi. Tintuv boshlanishi bilan o‘z uyiga begona bo‘lib qolib, tintuvchilarning yonida soyadek yurar ekan, yer ostidan odamlarga — qo‘ni-qo‘shnilari, allaqayoqdan paydo bo‘lib qolgan notanish basharalarga yer ostidan qarab qo‘yardi. Shunda bildi, achinganlar bor. Ammo tomoshaga kelganlar ko‘proq edi. Ular uchun tintuv qancha cho‘zilsa, qancha ko‘p narsa chiqsa, shuncha yaxshi edi. Bu istak, bu niyat shunday yuz, ko‘zlariga yozib qo‘yilgan edi. Bu ham mayli, harakatlarida ham, shivir-shivirlarining ohangida ham niyatlari aniq edi. Militsionerlar haydaydi, nari turinglar, halaqit bermanglar, deydi, zum o‘tmay avvalgi joylariga qaytib kelishadi, undan ham yaqinroqqa o‘tishga intilishadi.
Shuning uchun o‘zini ushlab qoldi, bormadi. Ammo borishi kerak edi. Dardman odamgina birovning dardini tushunadi, achinadi. Borib, uydagilardan hol-ahvol so‘rashi kerak edi. Mayli, kelini qaytsin, qorong‘i tushsin, shunda o‘tib keladi. Turg‘un qamalganidan beri, o‘zi sezib-sezmay qorong‘ini yaxshi ko‘radigan bo‘lib qolgan edi. Tong saharda turib, tezroq kun botishini tilaydi, zaruratdan ko‘chaga chiqmasa, o‘zicha chiqmaydi, uy ichida, hovlida g‘imirlab kunni kech qiladi. Kelini, nevaralari uxlashi bilan o‘rnidan turadi, hovliga tushib o‘g‘li yurgan yo‘llarga tikiladi, ko‘chaga chiqadi, qop-qorong‘i onda-sonda fonarlari miltillab turgan qishloq ko‘chasida yo‘l poylaydi, yana hovliga qaytib, ayvon zinapoyasiga omonatgina o‘tiradi-da, osmonga qaraydi, yulduzlarga, oyga tikilib kun sanaydi. Yetmishga yetib, u shunday kulfat boshiga tushishini bilmagan edi. Ba’zi-ba’zida Xudodan o‘lim tilab, qo‘llarini cho‘zadi, ammo keksalik aql-idroki bilan niyatidan qaytib, qo‘llarini yuziga surtmaydi, aksincha, o‘g‘li eson-omon qaytgunicha, nevaralarini yo‘lga solib olguncha, sog‘lik, quvvat tilaydi. Un uch oydan beri shunday qorong‘i kecha uning maslahatchisi, ovunchi. Kechalarigina u o‘zini odamdek his qiladi, rejalar rejalab chiqadi. Kun tug‘ishi bilan yana tunni kutadi.
Kelini namozshom payti Tursun bilan birga kirib keldi.
Solihabibi uning avzoyidan bu galgi safari ham natijasiz bo‘lganini sezdi. Buning ustiga Tursun Mirvali voqeasini aytib bergan bo‘lsa kerak, kelini uning qo‘liga bolasini tashladi-yu, eshiklarni tars-turs ochib, ichkariga kirib ketdi. Tursun orqasidan bormoqchi edi, Solihabibi to‘xtatdi:
— Opang charchagan, o‘ziga kelsin.
Ikkalovi issiqda pishib ketgan, olis yo‘l elitib uxlab qolgan chaqaloqni yechintirib, quruq choyshabiga o‘rashdi. Otasi qamalgandan keyin tug‘ilgan, endigina sakkiz oylik bo‘lgan bolaga ular otasisiz, o‘zlari ism qo‘yishgan edi. Kichkina To‘lqin qosh-ko‘zlari, burnining kichkina bugri bilan otasiga, buvasiga o‘xshar edi. Solihabibi uning tug‘ilganidan qanchalik quvonmasin, dilida unga achinar, otasi qamoqdaligida tug‘ilgan, shum qadam, degan gap umr bo‘yi unga yopishib qolishidan qo‘rqar, kechalari uxlamay o‘tirgan paytlari Xudoga yolborib, o‘g‘lining tezroq qaytishini, sho‘r peshona nevaralariga baxt, uzoq umr tilardi.
Ko‘p o‘tmay Rahima ayvonga chiqdi. Shishgan qovoqlari, chimirilgan qoshlaridan hali asabidan tushmaganligi bilinib turardi. Solihabibi nevarasiga qilgan ovqatni olib keldi, choy qo‘ydi. Tursunning ikkala ko‘zi opasida edi.
— Muncha tikilasan?! Ovqatingni yesang-chi! — jerkib berdi Rahima. — Ertaga shuyam bormi — Xudo biladi!
U tovoqqa qo‘l uzatdi. Bir burda yog‘liq nonni qotib qolgan tuxumdan ajratdi, tuxumni o‘g‘lining oldiga surib, nonni og‘ziga soldi. Ammo yutolmay chaynalib o‘tirar ekan, qayinonasiga qaradi:
— Haqiqat yo‘q dunyoda oyi. O’g‘lingiz hech kimga kerakmas. Biz ham. Birov kimsan, odammisan demaydi. Nega tug‘dim bularni, oyi? Nega erga tegdim?!
Rahimaning ko‘zlariga yosh keldi. Zo‘rg‘a yutinib, yonida yostiq ustida uxlab yotgan To‘lqinni qo‘liga oldi, bag‘riga bosib, nam ko‘zlarini choyshabga surtdi.
— Yig‘lamang opa, — yalindi Tursun.
— O’zingni bos, bolam, — Solihabibi uni yupatdi. — Hechkimga kerak bo‘lmasalaring o‘zlaringga keraksizlar, menga keraksizlar. Ko‘yvorishmasa qo‘yvorishmas. Sakkiz yil xash-
pash deguncha o‘tib ketadi. Tursuning o‘n beshga to‘ladi, tuppa-tuzzuk yigit bo‘ladi. Ering qaytadi. Ana o‘shanda ikkalamiz to‘rt qavat ko‘rpaning ustida o‘tiramiz. Tashvishimiz bo‘lmaydi.
— Ovqatlarniyam o‘zim qilaman! — dedi Tursun.
Rahima labining chetida jilmaydi.
— Tog‘angga uchrashdingmi?! — uning biroz tinchiganini ko‘rib so‘radi Solihabibi.
— Ha, — dedi Rahima. — U kishiga ham bizzi keragimiz yo‘q. U kishigayam biz o‘g‘rimiz, poraxo‘rmiz. Bizdan jirkanadi u kishi. Iloji bo‘lsa bizni ko‘rmasa!
— Urishib qoldingmi? — Solihabibi xavotir oldi.
— Urishadigan holim bormi, oyi? — istehzo bilan javob qildi Rahima. — Nimamga ishonib urishaman u kishi bilan? Tilanchiman-ku man, oyi!
— Unaqa dema, bolam, — Avvalambor jigaring. Qolaversa, buvang ko‘p qarashgan unga. Menam... Menam qarab turmaganman. Uylanganda bir sidra ko‘rpa-yastig‘ini man qilib berganman. Nima bo‘ldi o‘zi?
— Birinchi oblsudga bordim, — o‘ziga kelgan Rahima ohista gapira boshladi. — Yozilib qo‘yganimni bilisharkan, ikkinchi ekanman raisning qabuliga. Birinchi g‘azalkentlik chol-kampirlarakan. Xo‘p dedim. Faqat rais bugun har galgidek o‘n birda emas, ikkidan keyin qabul qilarkan. Shoshilinch yuqoriga, majlisga chaqirib qolishibdi. Mayli, dedim, ishqilib qabul qilarkan-ku, dedim ichimda. Pastga tushib, oblsudning oldidagi boqqa o‘tdim. Sho‘tta kutay, dedim-da.
— Tog‘angnikiga borsang bo‘lmasmidi, issiqda ko‘chada o‘tirmay? — so‘radi Solihabibi.
Rahima bir chimirildi-yu, lekin o‘zini tutib oldi:
— Shu paytda u kishi ishda bo‘ladilar. Ishxonalariga borgani uyaldim. Qo‘limda bola, qanday boraman? Bog‘da skameyka ko‘p, bittasida o‘tirib kutdim. Haligi chol-kampir ham kelib yonimda o‘tirishdi. Bir joyga ish tushgandan keyin yaqin bo‘lib qolarkansan odam. Bechoralarga yuragim achidi. O’g‘illari to‘rt yarim yildan beri qamoqda ekan. Uchta bolasi, xotini bor ekan. Esi pas odam gapga qo‘shilib qolgan ekan. Navbati kelib gap beribdi. Xotini yaxshi dasturxon yozibdi. Quyuq-suyuq tortibdi. Oshnalari ketgandan keyin, kayf baland, bechorani tutvolib uribdi, o‘rtoqlarimni yaxshi kutmading, deb. Ko‘r bo‘lasiz meni bilmasayiz, deb yig‘labdi xotini. Bilmayman, taloqsan, debdi eri. Uchta bola bilan qayoqqa boraman, undan ko‘ra, o‘ldirib qo‘yaqoling, deb xotin boyaqish mast erining qo‘liga pichoq uzatibdi. Er o‘lgur o‘ylab-netib o‘tirmasdan, mast-da, qorniga pichoq solib yuboribdi.
— Voy yashshamagur! — Solihabibi hayron bo‘lib keli-niga tikilib qoldi. — O’ldirib qo‘yibdimi?
— Yo‘q, qo‘lini tutib qolgan ekan, yuragiga tegmabdi.
— Voy yashshamagur!
Solihabibining hayrat va g‘azabdan yuzlari cho‘zilib ketdi.
Tursun ham opasiga xayron qarab qolgan edi. Ichida adasi qamoqda yotgan bo‘lsa ham bunday odam emasligidan, hechmahal u bunday qilmasligidan, opasini yaxshi ko‘rishidan xursand edi. Uning ko‘z oldida opasi qamoqxonaga olib borgan kun paydo bo‘ldi. Adasi ozib, rangi ketib qolgan, ilgarigi qoshlarigacha tushib turadigan quyuq qora sochlari olingan edi. Ammo o‘sha-o‘sha, o‘zi bilgan, o‘zi ko‘rgan adasi. Uchrashuv xonasiga kirishi bilan uni ko‘tarib oldi, yuz-ko‘zlaridan, boshidan o‘pdi. Keyin To‘lqinni qo‘liga oldi. Ana o‘shanda adasi opasi bilan qanday yaxshi gaplashganini ko‘rdi. Opasini ham quchoqladi, sekin o‘pdi, qo‘llarini qo‘llariga olib yuziga surtdi. Yo‘q, adasi yaxshi odam, hechmahal bunday qilmaydi, hechkimga pichoq urmaydi.
— Qanchaga kesilibdi?
Buvisining savoli uning xayolini bo‘ldi.
— To‘qqiz yilga. Chol-kampir ilgari kelishmagan ekan. Yarmi o‘tgani uchun kelishibdi. Chol juda dono odam ekan. Menga shunday yoqdi, shunday yoqdi! Kampir ham yomon emas. Ammo ancha ko‘ngli bo‘sh ekan. Salga yig‘laydi. Ro‘molini ikkala uchi jiqqa ho‘l. Ayb o‘g‘limizda, deydi chol, o‘ldirib qo‘yishi mumkin edi. Uchta bolasi yetim qolardi. Qamalgani bir hisobda yomon bo‘lmadi. Esini yig‘ib oldi. Xotin nimaligini, bola-chaqa, ota-ena nimaligini o‘sha yerda bildi. Tavbasiga tayanib o‘tiribdi hozir. Endi kechirishsin, ayting, dermish. Endi qo‘liga pichoq olgan odam nomard, dermish. Hikoyatning soyasiga salom berib o‘taman endi, dermish. Hikoyat kelinlari, — tushuntirdi qayinonasiga Rahima. — Yigit kishining tavbasi yangitdan dunyoga kelgani bilan baravar, deydi chol, inobatga olmasligi gunoh. Kelin baraka topkur kechirdi uni, hukumat ham kechirsin, deb keldik, deydi. Kampir nima deydi deng? — Rahima beixtiyor kulib yubordi. — O’g‘limning qo‘liga kelinni o‘zi pichoq tutqazdi, gunohhi yarmi uni bo‘ynida, mast odammi qo‘liga pichoq berib bo‘lami? — deydi. To‘rt yarim yil ikkalovi — biri qamoqda, biri uyda baravar azob chekdi. Qo‘shsa to‘qqiz yil bo‘ladi. Yetadi shu, — deydi. Mundoq qaraganda to‘g‘rimasmi, oyi?
Rahima qandaydir umid va o‘zini yupatish istagi bilan qayinonasiga qaradi. Solihabibi uning niyatini sezdi.
— To‘g‘ri, bolam. Kampir to‘g‘ri gapiribdi. Er-xotinning orasida nima o‘tmaydi? Erning azobi — xotinning azobi. Kelin erining gunohidan o‘tib yaxshi qilibdi. Yaxshi juvon ekan. Senam ko‘p ezilaverma. Ajab emas Turg‘unboyam tez qaytsa!
— Koshkiydi?.. — Rahima yana jiddiylashdi, quyuq qora qoshlari chimirilib, lablari titray boshladi.
— Sud nima dedi? — uning xayolini bo‘ldi Solihabibi.
— Nima derdi?! Yana o‘sha gap. — Rahima xayolchan javob berdi. — Chol-kampir kirib chiqqandan keyin kirdim. Qovoq-tumshug‘i osilib o‘tiribdi raisni. Biladi nimaga kelganimni. Ko‘rishiminan o‘zi gapirib ketdi. Paxta bo‘yicha qamalganlarni boshqatdan ko‘rib chiqishayapti. Eringizga ham navbat keladi. Sabr qiling. Lekin hech narsa va’da berolmayman, dedi. Aybini bo‘yniga olgan, dedi. Shuni inobatga olishsin, ikkinchi qilmaydi, bolalariga, menga rahmingiz kelsin, dedim. Yig‘ladim. Parvoyi palak. Bez bo‘lib o‘tiraverdi. Shu tob To‘lqin big‘illab yig‘lab berdi. Ovitay deyman, bag‘rimga bosaman, qani endi tinsa! O’zimmi bosolmay so‘radim. Qanday bag‘ritosh odamsiz, ayting, nima qilay? Qo‘lidagi qalamini o‘ynab manga tikilib turdi-da, keyin o‘rnidan turib yonimga keldi. Xafa bo‘lmang, dedi, rostini aytay. Eringizning ishida o‘zgarish bo‘lmaydi, dedi. Muz bo‘b ketdim. Bilardim shundoq deyishini. Ammo shundoq deydi, deb o‘ylamagan edim. Oyi! Bu qandoq ko‘rgilik?! Sakkiz yil sakkiz kun emas, chidolmayman oyi, chidolmayman!...
Rahima yig‘lab yubordi. Unga qo‘shilib, allaqachon uyg‘onib ketgan, ko‘zlarini shiftga qadab yotgan chaqaloq ham yig‘lay boshladi, Rahima beixtiyor uni bag‘riga bosdi, allalab tebrana boshladi, lekin anchagacha o‘zi ham, bola ham yig‘idan tinishmadi. Solihabibining yupatishlari, Tursunning yalinishlari kor qilmadi.
Tun kirdi. Yulduzlar charaqlay boshladi. Haligina oqarib turgan oy sariq xandalaqdek to‘lishib qo‘shni tom ustiga keldi. Shabboda ayvonni aylanib esa boshladi. Tungi salqin ta’sir qildimi, yo charchadimi, To‘lqin onasining qo‘lida uxlab qoldi. Rahima ham o‘ziga kelgandek bo‘ldi. Bolasini yoniga yotqizib o‘rin solgani turdi. Tursun xontaxtaga boshini qo‘yganicha mudrab o‘tirar edi. Uni joyiga yotqizdi. Kiyimlarini yechar ekan, yuz-ko‘zlaridan o‘pdi. Keyin tog‘asini ko‘rganini aytib berdi. Uni ham tasodifan uchratibdi. Uyga ovqatlangani kelgan ekan. Kelinoyisining ensasi qotsa ham indamay gaplashtiribdi. Tog‘asi yanagi haftaga bir kelib ket, surishtirib ko‘raman, debdi.
Solihabibi kelinining birmuncha tinchiganidan xursand bo‘lib, hovliga tushdi. Eshikdan xabar olib, vodoprovod tagida tahorat qildi. Ayvonga ko‘tarilar ekan, bir pas quloq soldi, uy jimjit edi. Kelinini yotibdi deb o‘yladi u. «Bechora, qanday quvnoq edi, xayolidan o‘tdi uning, kulgisidan dil yashnardi, bir yilda to‘kildi-qo‘ydi, sochigayam oq tushibdi. Ko‘rdimikan o‘zi? Ko‘rsa yana eziladi».
Rahima u qaytguncha ayvonning biqiniga o‘rnini solib qo‘yibdi. Ko‘rpa ustiga chuzildi. Shu tob ichkaridan ichki oq ko‘ylagini kiygan Rahima chiqdi.
— Ha, bolam? — so‘radi Solihabibi.
— Yuvinmoqchiman, — dedi Rahima. — Ichim yonib ketayapti.
— Qarashvoraymi? — Solihabibi boshini ko‘tardi.
— Yo‘q, o‘zim. Shunday, vodoprovodning tagiga o‘tiraman.
Rahima oyoq yalang hovliga tushib ketdi.
Ko‘p o‘tmay Solihabibi suvning sharqirab ochilganini, kelinining avval seskanib, keyin huzur qilib, hammayoqqa suv sachratib yuvinayotganini eshitdi. «Nimani ko‘rdi bechora, — xayolidan o‘tdi uning. — Shundoq quvnab-yashnab yashashi o‘rniga, boshi tashvishdan chiqmay qoldi».
Rahima qayinonasini bezovta qilgisi kelmadimi, yo uyaldimi, oyoq uchida ayvonga chiqdi. Solihabibi beixtiyor unga tikilib qoldi, kelinini xushbichimligini bilardi, ammo anchagina ko‘hlik ekan. Bo‘yi baland, sarvdek tikka ekan. Sochlari ham uzun ekan. Shunday yoyilib beligacha tushib turibdi. Nozik badaniga taram-taram bo‘lib yopishgan jiqqa ho‘l ko‘ylagidan chak-chak tomayotgan suv tomchilaridan bir tomchisi sachrab Solihabibining labiga tushdi. Bahor nafasi, binafshaningmi, yalpizningmi yoqimli isi dimog‘iga urilgandek bo‘lib ketdi. «Ishqilib baxti ochilib ketsin», — yashin tezligida xayolidan o‘tkazdi Solihabibi.
Rahima ichkariga kirib ketdi.
«Ishqilib baxti ochilib ketsin», — dedi yana ichida Sdlihabibi. Keyingi paytlarda u o‘g‘lidan ham ko‘ra ko‘proq kelinini o‘ylaydigan bo‘lib qolgan edi. Birovning bolasi, yakka yolg‘iz qizi. Unikiga kelib, kelin tushib, nima ko‘rdi? Endi biri ikki bo‘lay deganda yosh boshi bilan tashvishga qoldi. Tag‘in ham fil ekan, kasal-pasal bo‘lib, yotib qolsa nima bo‘ladi? Bolalarining holi nima kechadi?
Solihabibi shunday og‘ir xayollar bilan yotar ekan, tun yarimlab qolganini sezmadi. Ammo uning hamon uyqusi kelmasdi. Hammayoq jimjit. Osmon tinch, yulduzlar tinch. Tom orqalab yurgan oy tikkaga ko‘tarilgan. Faqat olisda, qishloqning oldidagi katta yo‘l tomondan itlarning vovullagani, paxsa devorlarning kovaklaridan chigirtkalarning chirqillagani onda-sonda quloqqa chalinardi. Boshqa hamma narsa, bor tirik jon tin olayapti, uyquda. Hammamikan? Bugundan boshlab qishloqning yana bir uyida tinchlik yo‘qoldi. Mirvalilarnikida. Kelini og‘iz ochmadi bu haqda. Uning ham gapirgisi kelmadi. Yaraga tuz sepib nima qiladi? Beayb parvardigor. Lekin nahotki shuncha odam aybdor bo‘lsa? Shuncha odam harom yashasa? Said oqsoqol o‘n sakkiz ming, dedi. Nahotki o‘n sakkiz ming kishidan insof, diyonat ketgan bo‘lsa?
Ichkari uyning eshigi sekin ochilib, Rahima paydo bo‘ldi.
— Oyi? — chaqirdi u bo‘g‘iq ovozda.
Solihabibi nima qilishini bilmay qoldi. Ha desa, yana uxlamayapsizmi, deb xafa bo‘ladi. Indamasa, dardini yozolmay tonggacha ezilib chiqadi. Yaxshisi, indamagani ma’qul. Yotsin, birpas bolaboyaqish dam olsin. Shunday qildi, ovoz bermadi.
Rahima oyoq uchida hovliga tushdi. Solihabibi ko‘zlarini ochdi. Shaharga kiyib tushgan tovar ko‘ylagini kiyib olgan kelini og‘ilxona tomon yurib borardi. Kechasi hovliga chiqib yuradigan odati yo‘q edi uning, qo‘rqardi. Qorni ochdimikan? Qozonda hech vaqo yo‘q-ku?! Solihabibi boshini ko‘tardi. Rahima o‘choqboshiga kirmadi, birpas eshik oldida turdi-da, devordagi qozikda osig‘liq turgan arqonni oldi. Keyin qayoqqadir g‘oyib bo‘ldi. Shaftoli shoxlari to‘sib turgan og‘ilxona eshigi «g‘iyq» etib ochilib-yopilgani eshitildi. Solihabibining yuragi orqasiga tortib ketdi. Dahshatli gumon xayolidan o‘tdi. «Rahima!» deb qichqirdi. Lekin qo‘rquv va hayajondan ovozi chiqmadi. Shoshib o‘rnidan turdi-da, ayvondan qanday tushganini bilmay og‘ilxonaga yugurdi. Eshikni ochganda, Rahima g‘isht oxurning ustiga chiqib, bo‘yniga sirtmoq solayotgan edi.
Solihabibi «Hoy!» dedi-yu, yugurib borib, qo‘llariga chang soldi.
— Nima qilayapsan, ahmoq?!
Rahima bo‘shashib oxurga o‘tirdi.
— Jinni bo‘ldingmi? — qichqirdi yana uni yelkalaridan silkitib Solihabibi. — Bollarni o‘ylamadingmi? Manda nima kasding bor? Sharmanda qilmoqchimisan hammamizzi?!
— To‘ydim, — Rahimaning ovozida na alam bor edi, na g‘azab. — To‘ydim, oyi. Hamma mendan yuz o‘girdi. Ertaga bolaga nima beraman? Ishga chiqay desam, To‘lqinni qayoqqa qo‘yaman? O’g‘liz hali-veri qaytmaydi. Nima qilay? O’zimmi bozorga solaymi?
Solihabibi uning yoniga o‘tirdi. Yelkalaridan quchoqlab, bag‘riga tortdi.
— Bolajonim! Sho‘rpeshonam! Qo‘y, o‘ziyni bos. Ikkita kap-katta xotin jo‘jadek bollarni boqolmaymizmi? Boqamiz. Qo‘g‘irchoqdek yasatib ham qo‘yamiz. Sabr qil, bolam, sabr qil. Oyning o‘n beshi qorong‘i bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘. Odam boshidan nimalar o‘tmaydi? Otilib ketganlarning ham bola-chaqasi yuribdi. Innaykeyin sanda nima gunoh? Nimangdan uyalasan? Parishtaning o‘zisan. Ering qaytadi. Undan uyalayotgan bo‘lsang, men onasiman, bilib qo‘y. Unda gunoh yo‘q. Uning boshini aylantirishgan. Bir balolarni va’da qilishgan, yo qo‘rqitishgan. Ochiladi bu hali. Tinch bo‘l, bolam. Ikkinchi bunaqa ish qilma. Qani, manga qara-chi? Manga qara!
Solihabibi kelinning boshidan, yuzlaridan silab, o‘ziga qaratdi.
— Oppog‘im! Beg‘uborginam!..
Shu alpozda ular bir-birlariga suyanib oxur ustida o‘tirishganicha tong ota boshlaganini sezishmadi. Rahima kampirni ayasa, Solihabibi uni uydami, shu yerdami, yolg‘iz qoldirishdan qo‘rqdi.
Tong otib, qishloqdan chiqaverishdagi bozorchadan Solihabibi bir tovoq qaymoq va ikkita issiq non olib kelgan-da, Rahima go‘yo hech narsa bo‘lmagandek ko‘ylagining etagini lippasiga qistirib, hovli supurardi.
— Muncha erta turmasang, bolam? Hovliyam chinnidek edi!
Rahima boshini ko‘tarmadi:
— Kun isiydiganga o‘xshaydi. Uyning ichi yonayapti. Uxlolmadim. Qalin qilib suv sepmoqchiman.
U nimanidir xirgoyi qilaboshladi. Keyin birdan to‘xtadi:
— Oyi! Tog‘am harakat qilarmikanlar?
— Nega harakat qilmasakan? Jigaring-ku! Qiladi, — ayvonda dasturxon yozaboshlagan Solihabibi keliniga o‘girildi. — Turg‘unni u yaxshi ko‘rardi. Ishi chiqib qolsa hovlisida, chaqirib turardi. Harakat qiladi.
U shunday dedi-yu, o‘z gapiga o‘zi ishonmayotganini sezdi. Turg‘unni olib ketishgan kuni o‘zi borib keldi jiyaninikiga. Keyin ikki marta Rahima bordi, kecha mana, yana kirib kelibdi. Ammo Toshkentda kattakon ishdagi jiyanidan aniq gap eshitgani yo‘q. Nahotki shunchalik bemehr bo‘lsa? Yo u ham qo‘rqayotganmikan? Nimadan qo‘rqadi? Turg‘unda ayb yo‘q. Aybi boshlig‘ining aytganini qilgani. O’ziga nima olibdi? Tintuvda chiqardi olgan bo‘lsa? Innaykeyin u, yo bo‘lmasa kelini bilardi olgan narsasini. Buning ustiga, uyiga harom narsa, o‘g‘irlik narsa keltirarmidi?! O’zi boradi, o‘zi borib, gaplashadi. Solihabibi minnat qiladigan odamlardan emas. Innaykeyin, tug‘ishgan akasi, qoni bir odamning bolasidan minnat qilarmidi?! Adhambek urushda bedarak ketgandan keyin er-xotin topishganini ukasining oilasi bilan bo‘lib yeyishdi. Ravshanbek buni yaxshi biladi. O’zi gapirgan necha marta. Nahotki, boshlariga shunday og‘ir tashvish tushganda, o‘zini chetga olsa?
Bugunoq boradi, nonushta qiladi-yu, jo‘naydi.
Shu fikr miyasiga kelib, Solihabibi ancha yengil tortdi, tungi dahshatli voqeani unutdi. Kelini oldiga non ushatib qo‘yar ekan, yana uni o‘zicha yupatdi:
— Xudo poshsho, bolam. Hech mahal bandasini zor qilib qo‘ymaydi. Choyingni ichib bo‘lib, manga kichkina chelakda pomidor terib ber. Tursunboyni yasantir.
— Nima qilmoqchisiz?
Rahima hayron bo‘ldi.
— Shaharga tushib chiqaman, — Solihabibi gap qaytarib bo‘lmaydigan, qat’iy ohangda gapirdi. — Ravshanbekka o‘zim uchrashib kelaman...
Qoraqishloq Yangiyo‘lning shunday biqinida. Ellik yil muqaddam Andijonning Naymanchasidan quloq qilinganlar shu, Toshkentning yuqorisidagi, Sariog‘ochga tutash tashlandiq joyga ko‘chib kelishgan. Ular orasida Solihabibining otasi Hamrobek aka ham bor edi. Soliha o‘shanda xuddi Tursundek yosh, endigina to‘qqizga kirgan, Ravshanbek hali tug‘ilmagan edi. Urush boshlanishidan bir oy burun uni uzatishdi. Eri Obidjon urushga ketdi. Solihabibi u yillarni eslashni yomon ko‘rardi. Ketma-ket otasini, onasini ko‘mdi. Buning ustiga hali tanib-bilib ulgurmagan erining xonadoniga kulfat tushdi. Qayinotasi ham urushga ketib, yil o‘tmay halok bo‘ldi. Ikki oilaning tashvishi uning yelkasiga tushdi. O’qishni tashlab, fermaga ishga kirdi. Qorong‘ida ketib, qorong‘uda qaytadi. Qaytganida ham tinchlik yo‘q, kechasi bilan kiyim tikadi. Yengsiz paxtalik nimchani o‘sha yillari u o‘ylab topdi. Qo‘shni qishloqlardan kelib buyurib ketishadi, Qoraqishloqning yarmi qishni uning shu paxtalik nimchalarida o‘tkazadigan bo‘ldi.
Obidjon bir qo‘lidan ajrab urushdan qaytgan yili Kalinin o‘ldi-yu, Qoraqishloqqa uning nomi berildi. Lekin haligacha qari ham, yosh ham bu nomga ko‘nikkani yo‘q. Rasmiy qog‘ozlardagina yoziladi, xolos. Og‘izda hamma Qoraqishloq deydi. Butun vodiyga dong‘i ketgan Naymanchaning qora anjiri bu yerda ham bitadigan bo‘lganidanmi, yo quloq qilingan qora kunlardan xotirami, yo urush yillari qora xat ko‘p kelgandanmi, hechkim aniq bilmaydi, bu tashlandiq joy Qoraqishloq bo‘lib ketdi, hamma shunga o‘rganib ham ketdi.
Obidjon kolxozga ishga kirdi, xotini bilan fermada ishlay boshladi, keyin mudirlik qildi. Uchinchi farzandlari, Turg‘unboy tug‘ilganda (oldingi ikkitasi turmadi, qizamiqdan o‘lib ketishdi) Obidjon fermada edi. Xushxabarni eshitishi bilan otga minib, uyga jo‘nadi. Qattiq hayajonga tushib ko‘rmay qoldimi yoki ot hurkdimi, temir yo‘ldan o‘tayotganda poezd urib yubordi. Ot omon qoldi, to‘rt yillik dahshatli urushdan o‘tib kelgan odam esa uyining oldida jon berdi. Solihabibining eng katta alami shu edi. Otasi singari, ko‘pchilik tengqurlari singari urushda halok bo‘lganida bunchalik alam qilmasdi. Omon qaytsa-da, pishqirib kelayotgan poezdni ko‘rmay, uning tagida qolib o‘lsa?! Bundan ham qattiq alam, dard bo‘lishi mumkinmi?
Otasining yettisi kuni, chaqaloqqa Turg‘un deb ism qo‘yishdi. O’shanda Solihabibi o‘ttiz uch yoshda edi. Turmush qurmadi, ne-ne joylardan sovchilar keldi, yo‘q dedi. Bitta bola bilan qoldi. Mana endi shu bolani deb, shaharga ketayapti. Akasining o‘g‘li Ravshanbek shaharda o‘qib, shaharda qolib ketdi. Uch-to‘rt yildan beri ministr o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi. Nimjon, kasalmand bola edi, otasiga ikkita keladigan bo‘lib ketgan. Solihabibi uni yaxshi ko‘rardi, bolaligida ko‘tarardi, katta ariqda oyoqlaridan, qo‘llaridan ushlab, cho‘miltirardi. Obidjon ham «godovoy» chiqqanida, bir arava-bir arava sabzi, piyoz qilib tashlab kelardi. Nahotki shularni unutgan bo‘lsa? Ammo odam bolasini bilish qiyin. Ichiga kirib bo‘lmasa! Davlat kelib, aqli ketganlar, bosar-tusarini bilolmay, bu dunyoga omonat ekanlarini unutganlar oz emas. Keliniga juda qat’iy gapirsa ham, Solihabibining dilida shunday shubha g‘imirlab turardi. Turg‘un kesilganidan beri Ravshanbek tayinli bir gapni ularga va’da qilgani yo‘q.
Shaharga tushishidan, tag‘in buvisi bilan tushishidan Tursun ham xursand edi.
— Oyi, adamlarniyam ko‘ramizmi?
— Ko‘rsatsa, — dedi Solihabibi. — Ko‘rsatmasa, opang bilan tushganingda ko‘rasan.
— Oyi! To‘laganniyam adasi poraxo‘rmi? — so‘radi Tursun.
— Qaydam? — ikkilanib javob qildi Solihabibi. — Pora olganmi, pora berganmi, bilmayman. Ikkaloviyam bir go‘r. Gunoh. To‘xta! — hushyor tortdi birdan u. — To‘laganniyam adasi, deganing nimasi? Adangni poraxo‘r deb o‘ylayapsanmi?
Tursun uyalib boshini qimirlatdi.
— Yo‘q, adang poraxo‘r emas. Poraxo‘rlarni pichog‘i moy ustida bo‘ladi. Adang labarant edi. Labarantda nima bo‘lardi? Adangni aldashgan. Manavini xo‘jayinizga berib qo‘ying, deyishgan. Adangam bu gazetaga o‘rog‘liq narsa nima ekan, deb surishtirmay-netmay olib qolgan. Xo‘jayiniga berguncha milisa bosgan. Adangni gunohi shu. Adang poraxo‘rmas, o‘g‘riyammas.
Solihabibi ishonch bilan gapirdi. Nevarasini ham, o‘zini ham u aldashni istamasdi. Agar o‘g‘li chindan pora olganida bunday demasdi. Yolg‘on ham poraxo‘rliqdan battar gunoh. Rostini aytardi, nevarasini boshqa gaplar bilan ovutardi, boshqacha nasihat berardi. Ammo o‘g‘li faqat unga emas, sudda ham shunday dedi, qog‘ozga o‘rog‘lik narsa pulligini bilganimda, poraligini bilganimda olmas edim, dedi. Sud ishonmadi. Nega u, ona, o‘z bolasiga ishonmas ekan? Innaykeyin shunday og‘ir paytda bola onasini aldarmidi?!
— Katta bo‘lsam, man hecham buxgalter bo‘lmayman, laborantam bo‘lmayman.
Uning xayolini bo‘ldi Tursun.
— To‘g‘ri qilasan, — ma’qulladi Solihabibi. — Olim bo‘gin, yo do‘xtir bo‘gin. Olimlar har xil kitoblar yozishadi, odamlarni yaxshilikka o‘rgatishadi. Do‘xtirlar shifo keltiradi. Yoshu qarining duosini oladi. Pora nimaligini bilmaydi. Kim bo‘lasan? Do‘xtir bo‘lasanmi?
— Mayli, do‘xtir bo‘laman, — buvisini xafa qilgisi kelmay rozi bo‘ldi Tursun. — Tish do‘xtiri bo‘laman. Anavi g‘it-g‘it mashina bilan To‘laganni adabini beraman.
— Undog‘ dema, qo‘y, — Solihabibi nevarasini yomon niyatidan qaytardi. — Bechora bola adabini yeb o‘tiribdi otasi qamalib. Seni mazax qilmaydi endi.
Ular shunday gaplar bilan katta ko‘chaga chiqaverishdagi tolzorga yetishdi. Avtobusning so‘nggi bekati shu yerda, choyxona ro‘parasida edi.
Solihabibi qo‘lidagi usti doka bilan yopilgan chelakni yerga qo‘yib, qaddini rostladi. U ham nevarasi kabi birdan qaror qilib, shaharga tushayotganidan xursand edi. Har holda bir gap topib keladi, xotiri jam bo‘ladi. Kelinidan ham ko‘ngli tinch edi. Yomon fikr odamning xayoliga kechasi keladi, qorong‘ida keladi. U esa qorong‘i tushguncha qaytadi.
Choyxona tomonda yoz bo‘lishiga qaramay, ko‘k movut chakmon kiyib olgan bir chol ko‘rindi. U hassaga tayanib bitta-bitta yurib keladi. Solihabibi tanidi. Qishloq mutavvalisi Saidoqsoqol edi. Aytishlaricha, dinga qarshi yurish avjiga chiqqan yillari Shirinsoydagi machitni buzishga qaror qilishibdi. Ammo hech kimning yuragi dov bermabdi. Shunda yaqinda komsomolga o‘tgan Said machitning tomiga chiqib birinchi ketmon urgan ekan. O’shandan ko‘p o‘tmay o‘ng tarafi, yuzidan oyog‘igacha qotib qolgan. Ne-ne doktorlar ko‘rmadi. Qo‘li, oyog‘i harakatga keldi-yu, ammo yuzi qotganicha qoldi. Shundan bo‘lsa kerak, xalq uni orqasidan Saidqiyshiq ham deydi. Anchagina o‘qimishli bo‘lganidan, va’zxonligidan uzoq yil qishloq kengashida ishladi. Urush yillari xalq uning gunohidan o‘tib mutavvali qilib qo‘ydi. Shu-shu biron ma’raka usiz o‘tmaydi, kattalar qatori uyning to‘ri uniki. Obid akaning yiligacha hamma ma’rakalarida o‘zi bosh bo‘lib turdi, Turg‘un qamalgandan keyin ham bir necha marta kelib hol so‘rab ketdi.
— Ha, chevar, yo‘l bo‘lsin? Shahargami? — so‘radi yaqinlashganda.
— Shundoq, — Solihabibi iymanib javob qildi, xayrli ishga ketayotib birinchi ko‘rgan odami Saidoqsoqol bo‘lganidan, yaxshilikkamikan, yomonlikkamikan, bilolmay xavotirlandi. — Aylanib kelaylik ona-bola.
— To‘g‘ri qilasiz, chevar, — Saidoqsoqol to‘xtadi. — Ko‘rgan eshitgandan ma’qul. Turg‘unboyga salom ayting. Sabr qilsin. Yaxshi ishlasin. Yaxshi ishlaganga bir kun uch kunga o‘tarmish.
— Ko‘rsatadimi, ko‘rsatmaydimi, bilmayman, — javob qildi Solihabibi. — Bugun ko‘rsatadigan kunimas.
— Ko‘rsatadi! Shunday pahlavon bilan borasiz-ku, ko‘rsatmaydimi?!
Saidoqsoqol Tursunning boshidan siladi. Avtobus keldi. Solihabibi chelakni qo‘liga oldi.
— Salomni unutmang, chevar! — bir yuzi bilan jilmayib qichqirdi Saidoqsoqol. Solihabibi nevarasini mashinaga chiqarish bilan ovora edi, indamadi.
Bir yarim soat chamasi har yer-har yerda to‘xtab, avtobus ularni Oloy bozoriga olib keldi. Shu yerdan u orqaga qaytardi. Solihabibi bir ko‘lida chelak, bir qo‘li bilan nevarasini mahkam ushlaganicha avtobusdan tushdi. Jiyaniga uchrashish zarurligini tushunsa ham avval turmaga borishga qaror qildi. Bozor darvozasidan sal narida tramvay to‘xtardi. Shu yoqqa yurdi. Tursun uning niyatini sezdi.
— Adamlarni ko‘ramizmi oldin? — so‘radi u quvonib.
— Boraylikchi, bolam. Zora ko‘rsatsa!.. Solihabibi buyog‘iga yo‘lni yaxshi bilardi.
 Turg‘unni suddan keyin to‘g‘ri shu yoqqa olib kelishganda, orqama-orqa u ham kelgan edi. Sud hukmini yaxshi eshitgan bo‘lsa ham, o‘g‘lining qamalganiga ishonmay, uch kun turma oldida qolib ketdi. Go‘yo xato tuzaladi-yu, Turg‘un mana, hozir bo‘shab chiqadi! Qorni och chiqadi hoynahoy. U shu fikr bilan uch kun turmadan bozorga, bozordan turmaga qatnab issiq-issiq narsalar olib kelib o‘tirdi. Ammo turmaning beso‘naqay temir darvozasi uning o‘g‘liga ochilmadi.
Tramvay tez keldi. Odam kam edi. Ikkalovlari yumshoq kursilarda o‘tirib turmaga yetib borishdi. Ammo orzulari ushalmadi. Solihabibi qancha iltimos qilmasin, ichkariga kiritishmadi. Pogoniga qo‘sh yulduz taqqan o‘g‘li tengi yosh militsioner chiqib, hatto koyib berdi. Mumkin emas, dedi. Yakshanba kuni kelinglar, dedi. Tursun yig‘lab jon amaki, deb yalinsa ham ko‘nmadi, haqqim yo‘q, dedi.
Suvi qurigan ariq labida, qovjiragan o‘t ustida ketolmay o‘tirishar ekan, Tursun baland temir darvozaga sim-simdek taraq-turiq qilib har ochilganda qizargan ko‘zlarini mo‘ltiratib qarar, ichkariga kirib ketayotgan usti berk mashinalar ortidan yugurgisi, dadasining bo‘yniga yopishib: «Ada! Sizni judayam sog‘indim, tezroq uyga qayting!» degisi kelardi. Ertalab onasi kiyintirayotganda ham, avtobusda kelishayotganida ham dadasiga aytadigan ko‘p gaplarni o‘ylab qo‘ygan edi, arifmetikadan oxirgi chorakka besh olganini, sinf rahbari uni maqtab, hammaga o‘rnak qilib ko‘rsatganini aytmoqchi edi, yana ancha o‘ylagan gaplari bor edi, hammasi ichida qoldi.
— Xafa bo‘lma, bolam, — yupatdi uni Solihabibi. — Otdix kuni opang bilan kelasan, ko‘rasan adangni. Bularga ham qiyin, har kim xohlagan kuni kelaversa, turma turma bo‘ladimi? Tartib bo‘lishi kerak, ayniqsa shunaqa joyda. Kelasanmi otdix kuni?
Tursun yoshga to‘lib turgan ko‘zlarini mushtlari bilan artib, boshini qimirlatdi.
— Xafa bo‘lma. O’zim chetlariga gul solib patir non yopib beraman. Adang patir nonni yaxshi ko‘radi. Sanam yaxshi ko‘rasan-a? — Tursun yana boshini silkitdi. — O’rgulay sandan, qoqindig‘im. Chanqamadingmi? Chanqagan bo‘lsang, gaz suv oberaman. Qanaqasini oberay? Qizil suvmi, yo sariq suvmi?
— Qizil, — dedi o‘pkasi to‘lib Tursun va birdan o‘zini tutolmay yig‘lab yubordi.
Solihabibi uni o‘ziga tortib, bag‘riga bosdi. Yelkalaridan, bosh-ko‘zidan silab, o‘pdi. Tursun anchagacha o‘ziga kelolmay, bo‘g‘ilib-bo‘g‘ilib yig‘ladi-da, charchadimi, yo buvisining erkalagani elitdimi, uxlab qoldi...
Kun tikkaga kelganda, ular qarindoshlarinikiga yetib borishdi. Hayvonot bog‘iga yaqin sokin va salqin ko‘chadagi eshiklari ham hovliga, ham ko‘chaga chiqadigan to‘rt qavatli g‘isht uyning keng zinalaridan ko‘tarilishar ekan, Tursun xavotir olib, so‘radi:
— Uyda hech kim bo‘lmasa-ya, oyi?
— Unda hayvonot bog‘iga olib kiraman sani, — dedi Solihabibi yuragi g‘ulg‘ulaga tushib. — Uzoqmas, hov ana, ko‘chaning oxirida.
— Bilaman, opam olib tushganlar. Tog‘ammi ko‘rganimiz yaxshi.
Tursun yugurib uchinchi qavatga ko‘tarildi va tanish eshikning qo‘ng‘irog‘ini bosdi. Allambalo muzika chalinib bo‘lishi bilan eshik ochildi.
— Voy, Tursunmisan?
— Assalomalaykum!
Tursun uzun gulli xalat kiyib olgan xush tabiat ayolga qo‘lini uzatdi. Ayol uni quchoqlab, peshonasidan o‘pdi.
— Kim bilan kelding? Opang qani?
Tursun javob berib ulgurmadi, pastdan buvisining ovozi keldi:
— Zumradxon! Man keldim, bolam!..
Ular quyuq ko‘rishishdi. Ichkariga kirishganda, Tursun kelinoyisiga yaxshi ko‘ringisi keldimi, yo ochiq chehra bilan kutib olganidan xursand bo‘lib ketdimi, shoshib buvisining qo‘lidagi chelakni ko‘rsatdi:
— Biz sizga pomildori olib keldik. Dorisi yo‘q. Oyim o‘zlari ekkanlar! Qarang!
— Voy, oyingdan aylanay! Ovora bo‘lib nima qilardinglar shu issiqda?
Zumradxon shunday dedi-yu, Tursun bilan birga Solihabibining qo‘lidan chelakni olib, ustini yechdi.
— Muncha chiroylik?!
— Mazasini ayting, bolam, mazasini! — Solihabibi ham kelinning chehrasi yorishib turganidan yengil tortib gapga aralashdi. — Shakar, shakar!..
Zumradxon bir xil, qip-qizil olma nav pomidordan bittasini olib hidladi.
— Hidiyam boshqacha! — maqtadi u va ichkari xonalardan biriga kirib, bir hovuch zar qog‘ozli konfet olib chiqdi-da, Tursunning qo‘llariga soldi. — Katta yigit bo‘lib ketibsan-ku, Tursun?!
Tursun uyalib jilmaydi.
Fotihadan so‘ng Zumradxon dasturxon yozayotgan edi, Solihabibi to‘xtatmoqchi bo‘ldi.
— Birrov ko‘rgani keldik. Ovora bo‘lmang, bolam. Ravshanbek yaxshi yuribdimi?
— Yaxshilar, rahmat. — Kelin baribir dasturxon tuzadi, non, qand-qurs olib kelib qo‘ydi. — E, opa, uzzu kun ishdalar. Shanba yo‘q, otdix yo‘q, uzilib qolasiz bunaqada, sal o‘zingizga qarang, deyman. U kishini bilasiz-ku, onalari ishga tuqqan. Hammaning ishi, tashvishi u kishining boshida. Ministr bor, boshqa o‘rinbosarlar ham bor-ku, deyman jahlim chiqib. Yo‘q, o‘z bilganlaridan qolmaydilar. Koshki odamlar qadriga yetsa, yetmaydi.
Solihabibi Zumradxonning gap orasida gap qistirib ketish odatlarini bilardi, hozir ham uning nima demoqchiligini sezdi, lekin boshqa iloji yo‘q edi, shuning uchun maqsadga o‘taqoldi.
— Baraka topsin Ravshanbek. Hojat chiqarish ota kasbi. Birovlar qadriga yetmasa yetmas. O’zi xursand bo‘lsa bo‘ldi. Bolam, manam Turg‘unboyni gaplashib kelay, deb keldim. Nima derkin, nima yordam berarkin... Yildan oshdi, hech o‘zgarish yo‘q.
— Turg‘unni yaxshi ko‘radilar jiyaniz. Qo‘llaridan kelganini qiladilar.
Zumradxon shunday deb, burchakda, televizor ustida turgan telefonni oldi.
— Rahmat, baraka toping, bolam.
Solihabibi ro‘moli uchi bilan namlangan ko‘zlarini artdi.
— Ravshan aka? Menman, ha, — Zumradxon unga e’tibor bermay, trubkaga gapirdi. — Tinchlik. Solxapam kelganlar. Gaplari bor ekan sizda. Kelasizmi? Osh qilib turaman. Labbay? 
Solihabibi unga iltijo bilan tikildi. Zumradxon telefonni joyiga qo‘ydi.
— Obedga keladilar. Xursand bo‘lib ketdilar kelganingizni eshitib.
— Baraka topsin Ravshanbek. — Solihabibi duo qilib, qo‘llarini yuziga surtdi va kelinning o‘rnidan turganini ko‘rib, qo‘shib qo‘ydi. — Bizani o‘ylayotgan bo‘lsangiz ovora bo‘lmang, bolam.
— Ovorasi bor ekanmi! Innaykeyin tuzukroq ovqat yedirmasam bo‘lmaydi jiyanizga. Och qolib ketadilar, hech o‘zlarini o‘ylamaydilar.
Zumradxon oshxonaga yo‘l oldi, nimadir esiga tushib qaytdi-da, televizorni qo‘ydi.
— Zerikmanglar. Men darrov.
Tursun o‘zida yo‘q shod edi. Yeyishga uyalib, zarhal qog‘ozlarga o‘ralgan konfetlarni stol ustiga goh unday, goh bunday taxlab o‘ynar ekan, sevinchini yashirolmay buvisiga qaradi. Uning bu qarashida ham havas, ham shunday qarindoshlari, shunday chiroyli, kelishgan, muloyim kelinoyisi borligiga g‘urur yozug‘lik edi. Solihabibi jilmayib qo‘ydi. Televizorda qandaydir film ketayotgan edi. Ko‘zlari ekranda bo‘lsa ham, ammo hech narsa ko‘rishmadi, ikkalovi o‘z xayollari bilan band edi. Tursunning boyagi, qamoqxona oldidagi alamlaridan asar qolmagan, kelinoyisining muomalasidan semirib, tog‘asi keladi-yu, bitta telefon qilishi bilan adasini qo‘yib yuborishadigandek yashirib bo‘lmaydigan sabrsiz hayajon ichida o‘tirardi. Solihabibi ham birdan-bir umidi Ravshanbek bilan uchrashishga muyassar bo‘lganidan ancha o‘ziga kelgan, nevarasi oldida juda bo‘lmaganda bitta ishi amalga oshganidan ko‘ngli taskin topgan edi. «Harholda qarindosh-ku, — o‘ylardi u jiyanini. — Harakat qilar. Kelin tushmagur hech kim qadriga yetmaydi, deydi. Yo‘q, yaxshi odam ko‘p dunyoda. Qadriga yetadi. Harakat qilsa, Turg‘uni chiqsa, boshiga ko‘taradi ikkalovini, soyasiga salom berib o‘tadi».
Dam yeyayotgan gurunchning yoqimli isi dimoqqa urildi.
— Xursandmisan, bolam? — so‘radi Solihabibi nevarasidan.
Tursun og‘zi qulog‘iga yetib jilmaydi.
Ravshanbek kelib, ikkalovi bilan quyuq ko‘rishdi, Tursunni hatto dast ko‘tarib, peshonasidan o‘pdi. Osh kelguncha gap bermay, hammani bir-bir so‘rab chiqdi. Solihabibi uning ko‘nglini olish uchun ichini it timdalayotgan bo‘lsa ham niyatiga o‘tmay, hamma savollariga toqat bilan, hatto keragidan ham ziyod, bafurja javob berdi, Zumradxon qip-qizil, har bitta gurunchi dona-dona bo‘lib yaltirab turgan osh olib kelganida ham o‘z gapiga o‘tmadi.
— Achichuvni qarang, Solxapam olib kelgan pomidordan. Biram shirin, — maqtadi Zumradxon.
— Dori solinmagan, tog‘a, — qo‘shib qo‘ydi Tursun.
 Ravshanbek achchiq-chuchukni ham, oshni ham ishtaha bilan yedi. Solihabibi chaynalib o‘tirdi. Ko‘z oldiga o‘g‘li, tungi qilig‘i bilan yuragini tilka-pora qilgan kelini keldi-da, tomog‘idan o‘tmadi, nevarasini undadi. Ammo Tursun ham chaynalib o‘tirdi. Hashamatli uy, tog‘asi, ikki gapning birida olinglar, deb qistagan kelinoyisining salobati bosdi.
Ovqatdan so‘ng, Ravshanbekning o‘zi gap ochdi, Rahimaga kecha yana bir surishtirishni va’da qilganini aytdi. «Turg‘unda ayb yo‘q. Albatta qonun nuqtai nazaridan pora olgan ham, pora bergan ham jazoga tortilishi kerak», — dedi u. Turg‘un o‘rtada turgan, xolos. Paxta punktining boshliqlari bilan poraxo‘rga chiqarib qo‘yishganiga u ham qo‘shilmaydi. Bir narsa qilish kerak. Maslahatlashib ko‘radi, tanish-bilish qidiradi.
Shu tob oshxonada yurgan Zumradxon erini chaqirdi. Ravshanbek anchagacha yo‘q bo‘lib ketdi. Ular nimani gaplashishdi, Solihabibi eshitmadi. Ammo jiyani o‘zgarib qaytdi.
— Tanishlarni surishtiraman, — dedi u gapga xulosa qilgandek. — Lekin bilasiz-ku, opa, hozir qanaqa davr, qamalibdimi, demak biron pap bo‘lsa kerak, deb o‘ylaydi hamma. Nima qilish kerak, bilolmadim. Quruq gapdan boshqa biron isbot yo‘q.
— Isbot uning rost gapi, — e’tiroz bildirgan bo‘ldi Solihabibi. — Yo‘q dema, bolam. Bir unnab ko‘r. Obis qilishdi, obisda hech narsa chiqmadi, shu isbotmasmi?
— Harakat qiladilar. — Yangi choy ko‘tarib qelgan Zumradxon gapga aralashdi. — Tanish-bilishlari sud idoralarida yo‘q-ku, lekin harakat qiladilar. — U eriga murojaat qildi. — Solxapammi gaplari to‘g‘ri. Rost gap isbotamasmi, Ravshan aka?
— Isbot-ku, ammo... — Ravshanbek o‘ylanib qoldi. Soatiga bir qarab qo‘yib, Solihabibiga o‘girildi. — Harakat qilaman.
— Shunday qil, bolam. Qachon xabar olay? — so‘radi Solihabibi.
Eri uchun Zumradxon javob berdi.
— Voy, siz ovora bo‘lib nima qilasiz? Taglarida mashina. O’zlari xabar beradilar. Ilojlari bo‘lmasa, mashina berib turadilar, men g‘ir etib borib kelaman.
— Ha, siz ovora bo‘lmang, — uni quvvatladi Ravshanbek o‘rnidan turar ekan. — Men endi boray. Tursunboy, xayr, jiyan. Kelib turgin, xayr, opa. O’zimiz xabar beramiz.
U shoshilib, orqasidan birov quvayotgandek, eshikka otildi.
«Harakat qilmaydi», — xayolidan o‘tkazdi Solihabibi.
U jiyanining hechmahal sud idoralariga ishi tushmaganini, bunday ishlardan mutlaqo chetda ekanligini bilmasdi. Gap jiyanimning o‘zida, deb o‘ylardi.
Shu mulohaza bilan noumid shayton, yuziga tabassum yurgizib, erini kuzatib kelgan keliniga murojaat kildi:
— Zumradxon, manavi divanizga ko‘rpacha yozib qo‘ysa bo‘lar ekan. Beqasamdan. Qavib beraymi? Yosh narsa qiynalmang, aytib turing shunaqa ishla bo‘sa.
Zumradxon suyunib ketib:
— Voy rahmat, opa! Jiyaniz ko‘rpachani yaxshi ko‘radilar. O’zimam bitta xonani shunaqa, o‘zbekcha qilib qo‘ymoqchiman. Xontaxtada, atropida ko‘rpachala.
— O’zim qilib beraman. Mayda qaviq qilib, yengil qilib!..
Solihabibi gapi ma’qul tushganini ko‘rib maqsadga o‘tdi.
— Jon bolam, ayting! Ravshanbek harakat qilsin, bitta-yu bitta o‘g‘lim-a!
Zumradhonning o‘zi sezmagan holda qoshlari chimirildi.
— Va’da qildilar-ku, opa! Mayli, yana aytaman.
— Ayting. Umr bo‘yi duoyilani qilib o‘taman!

* * *

...Avtobus qishloqqa kirib kelganda, kun hali yorug‘ edi, issiqning tafti tushmagan, mashinaning ko‘kish tutuni changga qo‘shilib havoda jimirlardi.
— Oyi, qornim ochdi, — dedi Tursun yerga tushishganda.
— Uyga keldik, bolam, — yupatdi uni Solihabibi. — Opang hoynahoy biron ovqat qilayotgandir. To‘xta-chi! — uning esiga qo‘lidagi chelak tushdi. — Qaraylik, kelinposhsha nima solib qo‘ydiykin...
U shunday deb, yo‘l yoqasida yotgan xarsang tosh ustiga o‘tirdi.
— Charchadim-a jindak.
U chelak ustidagi dokani ko‘tardi. Zumradxon ikki quti pechene, har xil konfet solib qo‘yibdi. Bitta qutini yirtib, nevarasiga uzatdi.
— Ol. Yaxshiga o‘xshaydi.
Tursun yupqa, cheti gullik sap-sariq pechenedan olib, bittasini tishladi. Qars-qurs qilib chaynar ekan, hayron bo‘ldi:
— Bulani pechenniysiyam boshqacha-ya, oyi? Shirinmas. Yeb ko‘ring.
Solihabibi nevarasi uzatgan pechenening bir chetini sindirib og‘ziga soldi.
— Ulani hamma narsasi boshqacha. Ula shirinlik yeyishmaydi.
— Nega? — qizikdi Tursun.
— Shirinlik semirtiradi, deyishadi. Achchiq narsayam yeyishmaydi. Tuz kam ishlatishadi. Boya achichuvdan yedingmi?
Tursun yo‘q, deb boshini qimirlatdi.
— Yaxshi qipsan. Tuzsizidi. Kelinposhsha mayli, pigurasidan qo‘rqadi. Ravshanbekni nima jin urdi? Achichuvni tuzsiz yeb bo‘larkanmi?! O’z nomiminam achchiq-chuchuk.
Solihabibi jiyanini tilga olib o‘ylanib ketdi. «Nahotki harakat qilmasa? Nima qilarkan, shunday telefonni olib, bir yildan buyon qamalib yotgan Turg‘unboy jiyanim bo‘ladi, boshqatdan tekshiringlar, uni juda katta aybi yo‘q, desa? Aybi o‘rtada turgani. Mayli, shungayam jazo kerak bo‘lsa, jazosini tortdi. Bir yildan buyon qamalib yotibdi. Uyida ikkita bolasi qolgan. Ikkaloviyam yosh. Bittasi, qamalgandan keyin tug‘ilgan. Xotini, onasini borishmagan joyi qolmadi, yaxshilab boshqatdan tekshiringlar, desa? Yo o‘zidan qo‘rqayaptimikan?
Solihabibi shunday o‘ylab, nima uchun harakat qilmasligining sababini topgandek bo‘ldi. Zumradxonga o‘xshaganlar birovga yordam qo‘lini cho‘zmaydi. Gap bilan avrab, o‘zini olib qochadi, ular o‘zini o‘ylaydi. Ravshanbek ham boshini og‘ritib, tinchligini buzib nima qiladi?
Nimadir guvillagandek bo‘ldi. Solihabibi hushyor tortib, atrofiga qaradi. Hammayoq tinch edi. Bekatga birin-ketin yig‘ilgan odamlar xotirjam avtobus kutishardi, choyxona tomonda, tolzorning tagida tizgini shoxlariga o‘rab qo‘yilgan targ‘il sigir erinib kavshanardi. Nima guvilladi? Solihabibi toshga qo‘lini qo‘ydi. Tosh yonardi. Yana guvillagan tovush qulog‘iga chalindi. U tanidi bu tovushni. Naymanchadan ko‘chishayotgan payti yaqin qo‘shnilardan biri uyiga o‘t qo‘yib yuborgan edi. Qiy-chuv bo‘lgani yo‘q, hech kim to‘palon qilgani yo‘q o‘shanda. Yoshu-qari indamay uyning yonishiga tikilib turishdi. Qamish yopilgan loy tom, yog‘och ustunlar ana shunday, tovush chiqarib, guvillab yongan edi.
Solihabibi xavotirlanib yana atrofiga qaradi, qimir etmay turgan daraxtlarning uchiga, osmonga tikildi. Hech qaerda yong‘in nishonasi yo‘q, hammayoq tinch edi.
— Yer yonayapti, — xulosa qildi o‘zicha u. — Bu yerning yongani.
— Nima dediz, oyi? — so‘radi Tursun.
— Yer yonyapti, — qaytardi Solihabibi.
— Qani?
Tursun qiziqib atrofiga qaray boshladi. Ammo hech narsa ko‘rmadi.
— Hech narsa yo‘q-ku? — hayron bo‘ldi u.
Solihabibi bolani qo‘rqitib qo‘yayotganini sezdi.
— Issiq bo‘lganda shunaqa deyishadi, bolam. Hech narsa yonayotgani yo‘q. Qani, ketdik!
— Chelakni manga bering, og‘irmas.
Solihabibi yo‘q demadi. Ikkalovi yana yo‘lga tushishdi. Yo‘llari endi yaqin edi. Uylarigacha bir qadam. Hali zamon yetishadi. Solihabibi kelinini tinchitadi. Tog‘ang Ravshan astoydil va’da qildi, deydi. Keyin qolgan-qutgan narsalarni yig‘ishtirib, bir kosa bo‘lsa ham issiq ovqat qiladi. Bolalarga issiq ovqat kerak. Yosh bolalik keliniga ham. U shunday o‘ylab, bitta-bitta yurib borar ekan, ichi yonib ketayotganini sezdi, tomog‘i, og‘zini kuydirib yuragidan olov gurillab chiqayotgandek bo‘ldi. Yarim kechada o‘g‘lini olib ketishganda ham, sudning hukmi o‘qilganda ham u bunday ahvolga tushmagan edi. Nima bugun uni bunchalik qiynoqqa soldi? O’g‘lini ko‘rsatishmaganimi, yo jiyanining soxta muomalasimi? Hammasi qo‘shilgan, bugungi azoblari ham, kelinining tungi qo‘rqitishlari ham, hammasi yuragiga tugilib qolgan edi. Uning nazarida issiqdan havo jimirlab, yer yonayotgandek bo‘lsa, yig‘ilib-yig‘ilib, yorilay deb turgan dardlaridan o‘zi yonayotgandek edi.
Uyga kirishganda, Rahima ayvon zixida bolasini emizib o‘tirardi. Tursun yugurib borib chelakni tutqazdi.
— Qarang!
Solihabibi jilmaydi.
— Eringni ko‘rolmadik. Qo‘yishmadi. Ammo tog‘ang baraka topsin, va’da qildi. Katta-katta odamlaminam zud gaplashaman, dedi.
Tursun og‘zi qulog‘iga yetib, kelinoyisi osh qilib kelganini, tog‘asi qo‘liga ko‘tarib, peshonasidan o‘pganini gapirib berdi.
— Oldinroq borsangiz bo‘lar ekan, — jindek o‘pkalandi Rahima.
— Shuni ayt, bolam! — qo‘shildi unga Solihabibi va kelini boshqa gapga tutmasligi uchun o‘choqboshiga yo‘l oldi.
Rahima hech narsaga unnamagan edi. Kim biladi, balki kechagi voqeadan keyin bu tomonga kelishga cho‘chigan hamdir?
Solihabibi qozonning tuvog‘ini ko‘tardi. Nima qilsa ekan?
U tandirning yonida qog‘oz qopda kartoshka borligini bilardi. Yana nima bor ekan? Sabzi bor. Bitta tovokda oq yog‘ning jizzasi bo‘lishi kerak. Shu jizzaga kartoshkani parrak-parrak qilib to‘g‘rab, pomidor bilan qovursamikan?
Solihabibi supaning burchagida turgan xumlarni qaramoqchi bo‘ldi. Bir paytlar shu katta-kichik xumlarda un, yog‘, don turardi. Nimadir balki qolgandir? Anchadan beri qaramagan edi. U supaga ko‘tarilib birinchi xumga qo‘l soldi. Bo‘m-bo‘sh. Bitta-ikkita guruch donalari qo‘liga botdi. Ikkinchi xumga qo‘l soldi. U ham bo‘sh edi. Yog‘ turgan ekan unda, panjalari yaltirab chiqdi. Uchinchi xumda nimadir bor edi. Unmi, kepakmi, bilolmadi. Qo‘lini sug‘urmasdan kovlab ko‘rdi. Kepak bo‘lsa kerak, panjalariga tikan botgandek bo‘ldi. Umid bilan yana kovladi. Qattiq bir narsa qo‘liga tegdi. Nima bo‘ldi ekan? U yana kovladi. Xamirturush bo‘lsa kerak. Lekin kim solib qo‘ydi uni? U eslolmadi. O’zi solmagani aniq edi. Rahima soldimikan? Kepakka ham xamirturush soladimi, tentak? Xamirturush kaftiga zo‘rg‘a sig‘di.
Qo‘lini sug‘urganda ko‘rdi, bu xamirturush emas, tsellofanga o‘ralib ustidan kanop bilan tang‘ib tashlangan bir narsa edi. Nima bo‘ldi ekan?
Solihabibi kanopni yechib, tsellofanni ochaboshladi. Ochdi-yu, hang-mang bo‘lib qoldi. Sellofanning ichi bir hovuch Nikolay podshoning suvrati solingan tilla tanga edi. Sanadi. O’nta ekan. Yuz so‘mdan bo‘lsa ming so‘m. Bundan ham qimmatdir balki? Qaerdan kelib qoldi bu tilla pullar? Kim berkitib qo‘ydi bu yerga?
Solihabibi o‘yladi-yu, yuragi orkasiga tortib ketdi. «Turg‘unjon bolam! Nima qilib qo‘yding?! — dedi ichida tizzalariga tayanib cho‘kkalar ekan. — Nima qilib qo‘yding, bola tushmagur?!»
Turg‘undan boshqa bu ishni hech kim qilmasdi. Bir ko‘ngli kelinidan so‘ramoqchi bo‘ldi. Lekin o‘zini tutdi. U bu ishni qilmaydi. Tiyinga zor o‘tiribdi-yu, shu ishni qiladimi? U farishtaning o‘zi. Bu ishni qilish u yoqda tursin, eshitsa, o‘zini bir balo qilib qo‘yadi. Bu Turg‘un. Demak, xo‘jayinlarining qing‘ir ishlariga u sherik. Ular bilan birga. Tintuv bo‘lishini bilib, buyoqqa yashirgan. Militsiyaning xayolig‘a kelmagan bu yoqni ko‘rish. Nega aytmadi, oyisiga, Xotiniga? Ulardan ham yashirdimi? Yo omonatmikan? Omonatligi uchun aytmadimikan? Baribir, omonat bo‘lsa ham o‘g‘irlik bu. Uning Turg‘uni, yakkayu yagona, gard yuqtirmasdan, yetimlikni sezmasin, deb, tul o‘tib o‘stirgan bolasi o‘g‘ri. Nima qilish kerak? Keliniga qanday aytadi? Odamlarning ko‘ziga, Ravshanbekka qanday qaraydi endi? Tursunga nima deydi?
Solihabibi miyasini chulg‘ab olgan shunday o‘y, xayollar bilan ancha o‘tirda. Keyin tangalarni bitta-bitta taxlab, qog‘oziga o‘radi. Yo‘q, aytolmaydi keliniga, tili bormaydi, aytishga or qiladi. U shu qarorga kelib qog‘ozni xumga soldi, negadir ustidan yana kepak ham sochib qo‘ydi. Pastga tushib butun vujudi bo‘shashib ketgan bo‘lsa ham bir amallab ovqatga unnadi. Kartoshka qovurdi. Ish bilan ovora fikrini jamlab olgandek bo‘ldi shekilli, bir-ikki kelib xabar olib ketgan Rahima ham, nevarasi ham undagi o‘zgarishni sezishmadi.
— Ertalab, sizlardan keyin ispolkomga borib keldim, — dedi ovqat mahali Rahima. — Rais borakan, kolxoz bilan gaplashib sigirni qaytarib beradigan bo‘lishdi.
—Yaxshi qipsan, — ma’qulladi Solihabibi va ichida: «Sigir endi judayam kerak bularga», — deb ko‘ydi. Shunday dedi-yu, cho‘chib ketdi. To‘satdan, hech o‘ylamay u o‘zini ulardan ajratib gapirgan edi. Nega shunday dedi, u hali aniq bilmasdi. Boshida g‘uvillab turgan ming xil fikrlar ichida shu qaror ham paydo bo‘lgan edi, qariganida gunohga botgan odamdan o‘zi sezmagan holda, onalik, ayollik hissi bilan pokiza kelinini, norasida, g‘uborsiz nevaralarini ajratib olgan edi.
Rahima joy solib bolalarini ichkariga olib kirib ketganda, u odatdagidek tahorat qilib keldi-da, joyiga yotdi. Ammo uyqu yo‘q edi. Shunday bo‘lsa ham uxlab qolishdan qo‘rqib, o‘rnidan turdi. Hovliga tushib tungi yengil shabadadan silkinib turgan shaftoli shoxlariga, nimrang oy nurida dam yaltirab, dam qorayib shitirlagan barglarga, tolyog‘ochlarga o‘zi bir tekisda kecha terib chiqqan pomidorlarga suq bilan tikildi. Vodoprovod yonidagi oshrayhondan bir shox sindirib olib, kaftiga urdi. Yoqimli hid dimog‘ini qitiqladi. Ko‘chaga chykdi. Ko‘cha jimjit, hamma yotgan edi. U yer-bu yerda xuddi yulduzlardek fonarlar miltillab turibdi. Ertalab ular o‘chadi, yulduzlar ham o‘chadi. Kun yoriydi, oftob chiqib yer yuzini qizdiradi. Hamma uy-uyidan chiqib o‘z nasibasini tergani ketadi. U ham yaqin-yaqingacha shu odamlarning biri edi. Umid bilan turardi, umid bilan kunni kech qilib, yana tongni kutardi. Endi unga tong kerakmas, tong odamlarning nazari, vijdoni, odamlarga qarolmaydi endi.
Ichkaridan tovuqning bezovta qa-qolagani eshitildi. Solihabibi eshikni tambalab, orqasiga qaytdi. Og‘ilxonadan katta qora mushuk chiqdi, paxsa devorni timdalab-timdalab tomga ko‘tarildi. Cho‘g‘dek ko‘zlarini ayvon tomonga birpas tikib turdi-da, g‘oyib bo‘ldi. «Bekorga ovora bo‘lding, jonivor, — xayolidan o‘tkazdi Solihabibi. — Tuxum bo‘lganda ovqatga solardim. Piyoz turibdi tuxum o‘rnida».
U ayvon zixiga o‘tirdi.
— Xudoey! Manda nima qasding bor edi!
U ovozini chiqarib shunday deb yuborganini o‘zi bilmay qoldi. Havotirlanib ichkariga quloq soldi. Yo‘q, hech kim eshitmadi uni. Eshitmagani ma’qul. Uyqulari bezovta bo‘ladi eshitishsa. Ordona qolgurni nega yana xumga solib qo‘ydi? Ko‘z ko‘radigan joyda turgani yaxshi emasmi? Tezroq topishadi. U o‘zi aytolmaydi. Ojizlik qiladi aytishga. O’z og‘zi bilan o‘z bolasini o‘g‘ri, deydimi? Yo olib, uyoq-buyoqqa tashlab yuborsinmi? Hech kim bilmagani ma’qulmi? Shunday o‘yladi-yu, kaftlari yongandek bo‘lib ketdi. «Turg‘unboy, bolam, nima qilib qo‘yding? Nega qari onangga rahming kelmadi?»
Solihabibi oshxonaga bordi, timiskilanib, xumdan tselofanni oldi-da, o‘choq yoniga qo‘yib qo‘ydi. Shu joy ma’qul. Rahimadan boshqa hech kim ko‘rmaydi. U ham darrov ko‘rmaydi, anchadan keyin ko‘radi.
Oshxonadan chiqib osmonga qaradi. Oy tikkaga kelgan edi. «Hali vaqt bor, — xayolidan o‘tdi uning. — G’ira-shiraga yaqin tuzzuk».
U ayvonga qaytdi. Ichkari xonada qator yotishgan nevaralari, kelini ustiga keldi. Tursun isib ketibdi shekilli, ustini ochib tashlabdi. Rahima To‘lqinning boshini bilagiga qo‘yganicha, yonboshida uxlab qolibdi. Hech kim uning kirganini sezmadi.
Solihabibi engashib, Tursunning peshonasidan o‘pdi. Keliniga tekkani cho‘chidi, uyg‘onib ketadi deb. Bir pas mehr bilan tikilib turdi-da, hovliga tushdi. Nazarida kun yorishayotgandek bo‘dtsi.
— Vaqt bo‘pti, — dedi o‘zicha u va oshxona tomon yo‘l oldi.
Kerosin solig‘liq temir kanistrning qaerdaligini u yaxshi bilardi. Darrov topdi. Tandir tagida edi. Hovliga olib chiqdi. Qo‘lida qaerdan gugurt quti paydo bo‘lib qoldi, bilmaydi. Demak, bo‘ldi. Shunday chaqsa tamom, guvillab, o‘sha, bolaligida ko‘rgan Naymanchadagi uydek yonadi-ketadi. Dardlari, tashvishlari shu bilan tugaydi. O’zining, o‘g‘lining gunohlarini shu bilan yuvadi, nevaralari, kelinining yuzi yorug‘ bo‘ladi.
U qancha o‘ylamasin, to‘g‘ri ish qilayotganiga ishonchi komil edi, boya, o‘choqboshida charsillab yonayotgan g‘o‘zapoyaga tikilib turganida shu qarorga keldimi, yo tilla tangalarni ko‘rganidami, buning endi ahamiyati yo‘q edi. Bu dunyoda endi u bosh ko‘tarib yurolmaydigan bo‘lib qolgan edi.
Yer bekorga yonmagan ekan, unga xabar bergan ekan, chaqirgan ekan o‘z bag‘riga...
Shu payt: «Oyi!» degan ovoz qulog‘iga chalingandek bo‘ldi.
Tanidi, bu Turg‘unning ovozi edi, «Oyi! Nima qilayapsiz? To‘xtang!» degandek bo‘ldi o‘g‘li yana.
Solihabibi umid bilan eshik tomonga qaradi. U o‘g‘lining kelib qo‘lidan tortishini, niyatidan qaytarishini istagan edi.
Ammo qorong‘i hovlining boshida hech kim ko‘rinmadi. Olov avval «gup» etib, yuziga urdi. U beixtiyor ko‘zlarini yumdi, boshini orqaga tortdi. Shu zahoti jizg‘anak, kuyundi hidi dimog‘iga urildi, sochlari chirsillay boshladi. Bir amallab ko‘zlarini ochganda, olov guvillab, oshxonaning qamish tomiga o‘tayotgandek bo‘ldi. U xavotir olib, o‘zini pomidor ichiga otdi.
— Xudo o‘zing kechir! Kechir mani Xudo!
Uning oxirgi gaplari shu bo‘ldi.

* * *

Saidoqsoqol tuproq tortilib, go‘rkov bir-ikki ketmon urib qo‘yguncha kutib turdi. Keyin so‘radi:
— Xaloyiq! Marhuma qanday odam edi?
Hozirgina g‘ala-g‘ovur bo‘lib turgan qabristonga sukunat cho‘kdi. Hech kimdan sado chiqmadi. Saidoqsoqol yana so‘radi:
— Marhuma qanday odam edi, xaloyiq?
Ketmon sopiga qo‘llarini tirab, xomush turgan go‘rkov boshini ko‘tardi.
— Yaxshi odam edi! — dedi u tiniq ovoz bilan.
— Yaxshi odam edi! — qichqirdi orqa qatordan yana kimdir.
Saidoqsoqol qo‘llarini yozdi:
— Omin! Joyi jannatda bo‘lsin!
Ish kuni, boshni yoradigan issiq bo‘lishiga qaramay, qabristonda odam ko‘p edi.

Yanvar, 1989 yil.

 

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.