Ergash uch kun oldin nevaralarining qo‘lini halollab, elga to‘y bergandi. To‘ydan bir kun oldin qishloqdagi oqsoqollarning hammasini ziyofatga chorlagandi. Ziyofatga kelmay qolgan bemor chollarning uyiga tovoqda osh, tugunchada meva-cheva qilib jo‘natgandi. Mana bugun hali o‘sha ziyofatning ta’mi unutilmay turib, to‘y haqidagi ovozalar tinmasdan, yana dasturxon yozibdi. Dasturxonning bo‘sh joyi qolmabdi, bozordagi eng tansiq ne’mat-largacha keltiribdi, azamat.
Dasturxon atrofida o‘tirgan otaxonlardan birining xayolida shu o‘y kezinar ekan, u av-val o‘ng tarafiga, so‘ng chap tarafiga razm soldi, qarshisidagi mehmonlarga ko‘z yugur-tirdi. Boshqalarning xayolida ham uni o‘ylantirayotgan fikr kezayotgan ekanmi, shunday-gina otaxonning o‘ng yonida o‘tirgan Nasim novvoy so‘rab qoldi:
- Bu-u… Ergashvoy o‘g‘lim, qishloqdagi sog‘mi-cho‘loqmi, ot minganmi, bitta eshak orzu-sida o‘tayotganmi, bironta chol qolmay, hammani ayttirib, burnimizdan chiqqanicha ziyofat-ga to‘yg‘azganingga to‘rt kun o‘tdimi-yo‘qmi, ortidan uch doshqozonda osh damlab, kechgacha mehmon kutding, qishloqdagi har bir eshikka oltitadan issiq non ulashib chiqding, bu yana nega chillasi chiroq ko‘rmagan boylarning tushiga kirmaydigan podshodasturxon yozding?
Ergash jilmaygancha o‘tirar ekan, uning javobini kutmasdanoq Safar safsata ichidagi guligacha tashidan ko‘rinib turgan piyolani choy quyayotgan odamga uzatgancha xuddi birov to‘xtatib qoladiganday shosha-pisha so‘zlashga tushdi:
- Yo otang… adashdim-adashdim, bobong ko‘mib ketgan ko‘zachani topdingmi? Ana, nechtasi elga ikkitadan non tarqatolmay, ko‘chaga chiqishga beti qolmay, mahalladan paranji surishtirib yurgan paytda sen ustma-ust ziyofat beryapsan. Yashirma, aytaver, oshig‘ing ol-chi kelgan bo‘lsa, teshib chiqmasin…
- E, bo‘ldi-e! – Nasim novvoy lablaridan sachrayotgan ko‘pik dasturxondan panoh topayot-gan Safar safsatani jerkib tashladi. – Nima, tilim bor deb, valdirayverasanmi?! Er-gashning otasiyam, bobosiyam bolalarini halol pulga boqqan. Uning tirnog‘i bilan tosh qazib, bog‘ yaratganini bilmaysanmi? Halol odamni qimorbozga chiqarib qo‘ymoqchimisan?
- Men… Nasim aka, mendan ikki yosh ulug‘siz, darrov odamni tuproqqa korishtirib tash-lamang-da. Men shunchaki qorinni silab-silab bir hazillashdim.
- Har kim topganini to‘yga sarflasin, yaxshi niyat bilan osh bersin, ehson bersin, kelinglar, yaxshisi, vallamat ukamizni duo qilaylik!
Safar safsataga nimadir demoqchi bo‘lib og‘iz juftlagan Nasim novvoy to‘rda, katta ko‘kish duxoba yostiqqa suyangancha o‘tirgan mulla Majidga qaragancha, jim qoldi. Chollar-dan biri qo‘lidagi piyolani dasturxonga qo‘ydi, ikkinchisi shoshganicha labini sochiqqa artdi, Safar safsata donasi bosh barmoqdek keladigan husayni uzumga uzatilgan qo‘lini tortib oldi.
Mulla Majidning duosi uzoq cho‘zildi. U har kim ham topganini ko‘pchilik bilan baham ko‘rishini, Ergashga o‘xshash qo‘li ochiq insonlarning har gal ehson berganlarida bu dunyodan o‘tib ketgan yaqinlarining ruhlari shod bo‘lishi, qabrlarida tinch yotishlarini ta’kidladi. Ehsonning qanchalar savob keltirishini isbotlash uchun qaysi bir rivoyatni qistirib o‘tdi. Bu orada Safar safsata ko‘z o‘ynatib turgan sap-sariq husayniga uch marta ko‘z tashlab oldi. Duo tugab, mulla Majid Qur’on oyatlaridan tilovat qilayotgan payt-dagina u ko‘zini yumib oldi.
Hovlida ikkita o‘spirin yigitcha – Ergashning jiyanliri issiq suv to‘la oftobani tut-gan, yelkasida sochiq, mehmonlarning chiqishlarini poylab turishardi. Eshik oldida gilamcha ustida tizzalagancha ichkariga mo‘ralab turgan odam duo tugaganini bildirib qo‘l-larini ko‘targach, har ikki yigitcha oftobani yerga qo‘yib, kaftlarini yuzlariga surtishdi.
- Bay-bay, qo‘lim huzurlanib ketdi, lekin dumba yog‘ning yuvilgani yaxshi bo‘lmadi-da, Uch-to‘rt kun maza qilib yalab yurardim…
Nasim novvoy Safar safsatani asta yelkasi bilan turtib, qo‘lini suvga tutdi. Mulla Majid hammaning qo‘l yuvishini kutib, chap qo‘lidagi hassaga tayangancha o‘ng oyog‘ini sud-rab bosayotgan oxirgi mehmon ko‘chaga chiqqach, yana duoga qo‘l ochdi…
Ergash ikki qo‘lini ko‘ksiga bosib, mehmonlar bilan iliq-issiq xayrlashgach, haligi hassa tayanib borayotgan chol muyulishdan o‘tib, ko‘rinmay qolgach, tog‘asi va o‘g‘lini meh-monxonaga boshladi. Kirayotib, hovlida turgan o‘spirinlarga qaynoqqina choy damlab kelishni tayinladi.
Qaynoq choy ichib bo‘lindi. Ichkariga bosh suqqan o‘spirin Ergashning ishorasi bilan bo‘sh choynakni ko‘tarib ketdi.
- Bunday yorilsang-chi! Nima uchta soqov yig‘ilgandek pashshaning uchishini eshitib, og‘iz-da qatiq uvitib o‘tiraveramizmi? – tog‘a o‘spirin olib kirgan choynakdagi choyni qayta-rayotgan o‘g‘lini kuzatib o‘tirgan Ergash gapini eshitmadi, deb o‘yladi chog‘i oxirgi so‘z-larini takrorladi. – Qatiq uvitib o‘tiraveramizmi?
- Tog‘a, qatiq ichasizmi? Hoy, jiyan, bir kosa qatiq olib kel! – Ergash hovliga qarab qichqirdi.
Tog‘a «jiyan, haligi chollardan birontasi kalish almashtirmasdan, quloq almashtirib ketdimi? Bir qarich yerda to‘p otsayam, eshitmaydigan qulog‘ini senga o‘tkazibdi-da», dega-nida Ergash yana qanday oldi-berdisi qolganini o‘ylab o‘tirgandi. Mashinasini tuzatib berib, boshqalar kamida yuz so‘m oladigan ishga bor-yo‘g‘i qirq so‘mgina olgan usta bola-ning ustaxonasi eshigidan qaytib kelar ekan, tog‘asiga norozi tikildi.
- Ha, nega ko‘zlaring toshni teshadiganday o‘qrayib qoldi? Gapir. Haligi chollar qarib, esini yegan emas, ustma-ust ziyofat berishing, to‘ydan keyin yana mehmonga chaqirishing, ishtonbog‘ini bog‘lashga bir kun sarflaydiganlar nari tursin, mendek aqli butun odamni ham o‘ylantirib qo‘ydi. E, yoril, dedim-ey!
Ergash indamay o‘rnidan turdi. Kichik taxmondagi uyga ikki qavat qilib yozilgan usti-dagi ko‘rpachalarga mung‘ayganicha mo‘ltirab turgan sandiqchani ochdi. Timirskilab-timirskilab bitta tuguncha oldi. Tog‘asining yoniga cho‘kkaladi-da, tugunchani ochdi. «Bir-ikki, uch… bir, ikki, uch… yetti, sakkiz, to‘qqiz…» Tog‘a ko‘ki ko‘kka, qizili qizilga. yashili yashilga qarab ajratilib, chiroyli bog‘langan pul taxlamlarini sanab, qayta-qayta sanab, hisobidan adashar va aslida o‘yining bir chetida ham pulning qanchaligini bilish istagi g‘ivirlamayotganligi, hozir jiyanining nima taraddudda ekanligini bilish ishti-yoqidan boshqa biron tashvishi yo‘qligini o‘ziga o‘zi to‘xtovsiz uqtirardi.
- Tog‘a!..
- Bo‘ldi!
Ergash hali «tog‘a», deb o‘ziga qaratmasdan oldinroq jiyanining o‘n kunmi-o‘n besh kunmi avval xo‘roz qichqirmasdan burun eshigini taqillatgani, tushiga otasi kirganini aytib, «vaqti keldi» deganini esladi. Esladi-yu, bir-biriga ulanib ketgan nevara to‘y, ziyofat, ehsonlar sababini bilib olganday bo‘ldi. Yo‘q, jiyanni yo‘ldan qaytaradi. Qaerga boradi? Nimaga boradi? Borsakelmasga o‘z oyog‘i, o‘z ixtiyori bilan ketadigan ahmoqlar hov otam zamonida ko‘karib chiqqan. Yigirma yil oldin ketgan otasi qaytib keldimi. Ana, opasi yigirma yildan buyon tirik yesir, bolalari tirik yetim. Aza ochay deyishsa, birov pochchasi-ning o‘ligini ko‘rgan emas. Opasi sho‘rlik o‘lik ko‘mganda sovuq tuproqni changallagancha taqdiriga tan bergan bo‘lardi. Uning boshigayam qudaxolaning kuni tushdi. Qudatog‘ayam xayrlashganicha Ayiqjar tomon ketib, qaytib kelmagandi. E, bu ota-bolalarga nima bo‘l-gan? Bittasi topolmagan narsani ikkinchisi, uchinchisi toparmidi? Yo ularni shayton yo‘l-dan urarmikan…
- Mening gapimga kirasanmi, shaytonning gapigami?
Deraza pardasi ilingan ilgaklar uyni boshga ko‘targan hayqiriqdan cho‘chib, qisirlasha-qisirlasha yolvorishga tushishdi.
- Tog‘a, qaysi gapingizni ikki qilganman?
Tog‘a Ergashning ko‘zlariga sig‘mayotgan hayratning sanjobiga chidayolmaslik asnosida hali jiyanning «yorilmagani»ni esladi.
- Gapimni sira ikki qilmagansan, jiyan…
- Bo‘pti-da. Ikkala urug‘imdagi suyangan tog‘im og‘iz ochmasimdanoq shaytonni aralashtir-gach, kimgayam maslahat solardim…
Tog‘a jiyanning gaplarini indamay eshitdi. O‘zining suyangan tog‘ ekanligini isbotlash maqsadida ora-chora «ha, barakalla», «xudoyim qo‘llab-quvatlasin», deb turdi. Lekin nafsilamrini aytganda, jiyan hamma ishni maslahatdan oldinroq pishirib bo‘lgan ekan. Endi uni yo‘ldan qaytarib bo‘larmikan?
- Seni yo‘ldan qaytarib bo‘lmaydi. Qudatog‘am ham mingtaning gapiga bir marta quloq tutmaydigan o‘jarning o‘jari bo‘lgan ekanlar. Qudatog‘amdan pochchamga yuqqan o‘jarlik endi senga meros bo‘lib qolibdi, - tog‘a og‘ziga tikilgancha o‘tirgan jiyanning o‘g‘liga xavo-tirlangancha o‘g‘rincha qaradi. – Ishqilib… ha, mayli, sen baribir bilganingdan qolmay-san, jag‘imni og‘ritib nima!
- Tog‘a, bu pullar Izdoshda turadi, - Ergash tog‘asiga gapirar ekan, o‘g‘liga qaradi, uning chehrasida qilt etgan o‘zgarish sezmadi. - Kattaroq narsaga sarflaydigan bo‘lsa, sizga maslahat soladi. Nima deding, o‘g‘lim? – Izdosh bosh qimirlatgancha tushunganinimi, rozi bo‘lganinimi, tasdiqladi. – Hali omborga olib kirib ko‘rsataman: ikki yilga yetadigan yog‘, sholi, bug‘doy g‘amlab qo‘yganman. Og‘ilda o‘nta qo‘y, ikkita sigir buzog‘i bilan, to‘rtta novvos bor. Yem-xashagi kamida uch yilga yetadi…
- Jiyan, oldi-berdilaringni hammasini uzdingmi? – tog‘a Ergashning gapini bo‘ldi.
- O‘tgan oy qo‘shni qishloqda moshinam buzilib qolganda bir usta bola tuzatib berib, o‘n marta qistasam ham, pul olmagandi. Kechga yaqin o‘shaqqa o‘taman. Bilaman, baribir pul ol-maydi.O‘sha pulga ikki baravarlik sovg‘a-salom oldim. To‘yga aytdim, bormading, bu to‘y-niki, deya tashlab kelaman.
- Yaaxshi, - tog‘a shu topda agar jiyani qo‘shni qishloqka borib-keladigan bo‘lsa, demak bugun u Ayiqjarga yo‘l olmasligidan quvonib o‘tirardi.
Ergash tog‘asining og‘zini poylay-poylay o‘rnidan turdi. Kiyimjavonni ochib, to‘y kuni kiygan, hali ohori ketmagan qora pidjagining cho‘ntagidan nimadir oldi. Uni qo‘ltig‘iga qistirgancha pastga engashib bir qarichdan balandroq, to‘rt tomonida Tojmahal rasmi, yupqa temirdan yasalgan choyidishni topdi.
- Tog‘a, manovi to‘yga tushgan tushgan to‘yonalar ro‘yxati. Pulmi, molmi, idish-tovoqmi – bittasini qoldirmay yozib qo‘yganman, - tog‘a Ergash tutqazgan varaqlarning birinchisini o‘qishga tushdi. – Men bularni Izdoshga berib qo‘yaman. To‘yona berganlarning qaysi biri to‘y qilsa, u sizning maslahatingizni olib, oshig‘i bilan qaytaradi. Mana, to‘yonaga tush-gan pullarning hammasi turibdi. – Ergash choyidishning qopqog‘ini ko‘tardi, Tog‘a, men takrorlashdan charchamayman: siz - ishongan tog‘imsiz!
- Jiyan, sen uyog‘idan aslo xavotir bo‘lmagin. Hali bizzi avloddan birovning haqini yeb ketgan chiqmagan. Lekin sen menga bir narsani ayt, Ayiqjarga tushish niyatingni o‘g‘ling biladimi?
Tog‘a jiyanning ko‘zlariga qadalgancha turib qoldi. Xuddi qadalgancha turaversa uning ko‘zlaridan ko‘nglidagini uqib oladiganday. Ergashning bobosi Ayiqjardagi qora chuqur-ga tushib, qaytib chiqmagan, yigirma yil o‘tib, otasi o‘sha «borsa-kelmas»ga yo‘l olgan. Nima bor ekan, o‘sha tubsiz yuho chuqurda? Bobosi aytgan bo‘lsa, o‘g‘liga aytgandir, boshqa birovga qora chuqurga nimani izlab ketayotganligini aytmagan. Manovi ichiga yutganini tashiga chiqarmayotgan jiyan ham otasidan qora chuqur sirini eshitgandir? Eshitgan, aniq eshitgan! Eshitmasa, yigirma yilgacha qush tinim olganda, it tinim olganda, u tinim ol-masdan ishlab, nevarasigacha uy qurib, ichini hamma kerakli lash-lushga to‘ldirib qo‘yib, otasining yoshiga yetganda – qirqdan o‘tganda, boshqalar nari tursin, o‘ziyam natijasini yaxshi biladigan ma’no-mazmunsiz safar taraddudiga tusharmidi. U qanaqa sir bo‘ldi ekan, ota-o‘g‘illardan boshqa bironta odam bilmasa? Pochcham ham otasi yo‘q bo‘lib ketgan-dan keyin yigirma yilgacha hech kimga bildirmay yurib-yurib, qirqdan o‘tganda safarxalta tayyorlashga tushgandi. Nima bor ekan, o‘sha qora chuqurda? Urushda yengilayotgan biron xon shu tomonlarga qochib kelib, xazinasini yashirganmikan? Topdim, toopdiim. Aniq xazina yashirgan. Ana, boshqalar yaqin yo‘lamasin uchun qayoqdagi qo‘rqinchli nomni topib qo‘yish-gan. Nimaymish, Ayiqjarmish. Katta bir qo‘ng‘ir ayiq to‘satdan paydo bo‘larkanda, jarga tushgan odamni o‘ldirib, yeb qo‘yarkan. Suyagini qora chuqurga tashlab yuborarkan. Lekin o‘sha qo‘ng‘ir ayiqni kim ko‘ribdi? Har yili ayiq falonchini yebdi, degan gap tarqaladi. Lekin hech kim o‘sha odamxo‘r ayiqni ko‘rdim degan emas. Xazina yashirganlar tarqatgan gap hali-gacha bolalab yotibdi.
Ergashning jimgina uy to‘ridagi devorga yonma-yon osilgan ikki rasmga – bobosi va ota-sining suratiga tikilib turganini kuzatar ekan, tog‘aga kalta o‘ylayotganini jiyani va choy quyishdan boshqa tashvishi yo‘kday og‘ziga tolqon solgandayin o‘tirgan jiyanning o‘g‘li payqab, poytaxtda besh yil o‘qib, o‘ttiz yildan buyon maktabda dars berib, qaerdagi saf-satalarga ishonib yuribsizmi, deya ustidan kulishayotgandayin tuyulaverdi. Kap-katta odam, katta-katta davralarda hech kimga gap bermasdan, yoshu qarini o‘ziga qaratib o‘tiradi-gan muallim safsataga ishongani mayli, qudatog‘asi, pochchasi va jiyanini ochko‘zlikda ayblay boshlabdi-ya. Pochchasi qora chuqurga tushib, qaytib chiqmaganidan keyin bir oy o‘tar-o‘tmas qishloqda g‘ivirlagan gaplarga sherik bo‘lishiga oz qoldi-ya! Og‘ziga kuchi yet-maganlar nimalar deyishmagandi o‘shanda! Emishki, yebto‘ymas otasiga tortgan Yo‘ldosh xonning xazinasini qidirib, asfalasofilinga tushib ketganmish. Xudo insonga qanoat bermasa, yaxshi emas ekan-da. U Yo‘ldosh deganlarining bosib qo‘ygani yetti avlodiga yetib-ortsa-da, yana nafsi taqillaganmish. Ikki nafsning qaysi biri bo‘lmasin, quli bo‘lgan-ning holi shu ekan. Ana, otasining ortidan jo‘nab, borsa-kelmasda qolib ketibdi-ku!
Tog‘a jiyanga o‘g‘rincha ko‘z tashladi. U hamon ikki suratdan ko‘z uzmasdan o‘tirardi. Yo o‘sha tildan tilga ko‘chib kelayotgan qadimiy gap rostmikan? Nimaymish, qora chuqurga tushib olib, ketaversang-ketaversang, to‘ppa-to‘g‘ri Makkatillodan chiqar emishsan. Yo qudatog‘asi, pochchasi… Nimalar deyapsan? Ilgari Makkaga borish uchun oylab yayov bosishgan. Yo‘lda qaroqchining insoflisiga uchrasa, pulini, oziq-ovqatini olmagan, och bo‘ri kimsan, qaer-ga, nima uchun boryapsan, deb so‘rab o‘tirmasdan, g‘ajib tashlagan. Yana qancha balolar – suv balosi, o‘t balosi, shamol, to‘zon… Sho‘rolar davriga kelib odamlarga ana shunday xatar-ni, o‘limni bo‘yinga olib hajga borishni ham ta’qiqlab qo‘yishgan. Milyon-milyon musul-mondan yiliga bitta-ikkitasi bormasa, boshqalari… Hajga borgan o‘sha peshonasi yarqil-lagan bir-ikki inson ham avvaliga ming chig‘iriqdan o‘tkazilgan. Kimning o‘g‘li, kimning nevarasi, otasi kambag‘al ishchi-dehqonmi, yo… Oilasidan hech kim qamalmaganmi, chet elda qarindoshlari yo‘qmi… E, ishqilib… Endi-chi? Ana, yiliga ming-ming odam Hajga borib-kelyapti. Ha, to‘g‘ri, qudatog‘asi Brejnev paytida, pochchasi yer yuzining olti-dan bir qismini egallagani zarur bo‘lsa-bo‘lmasa pesh qilinaveriladigan mamlakat xaritasi tars-tars yorila boshlagan kezlar qora chuqurga tushib ketishgandi. Eskichadan ilmi bo‘lgan qudatog‘asi ham, adabiyotdan tortib riyozatgacha, tarixdan tortib fiqhgacha gap ketganda hammaning og‘zini ochirib qo‘yadigan pochchasi ham afsona-cho‘pchaklarga ishonisharmidi. Men ularning yonini olyapman, hali jiyan… Xudo ko‘rsatmasin… og‘ziga kuchi yetmagan-larning labini yelimlashga qudratim yetadi… Lekin… nega qudatog‘amni, pochchamni, mana endi jiyanni Ayiqjarga qaysi sehr, qaysi sehrgar boshlab ketyapti? Nima siru sinoat bor ekan o‘sha tubsiz qora chuqurda?
- Tog‘a, o‘g‘limga aytganman. Ikkita bolaning otasi, hamma narsaga aqli yetadi. Ro‘zg‘orni bemalol eplab ketadi. Ha, agar ahyon-ahyon oqsab qolsa, siz borsiz-ku!
Jiyaniga savol berishga berib, javobini kutmay qo‘ygan tog‘a, hozir uning og‘ziga tiki-lib o‘tirar ekan, na Ayiqjarni, na qora chuqurni eslamay qo‘ydi.
- Odamni avrashga ustasan-da, jiyan. Bo‘pti, bilganingni qil, bobongga hech kimning gapi o‘tmagan, otangga manaman deganlar so‘z uqtira olmagan, endi maktab bolalargagina kuchi yetadigan bitta muallim seni yo‘ldan qaytara olarmidi…
- Tog‘a-a…
- Ha, nima tog‘a?! Ishni imi-jimida pishirib qo‘yib, tutgan yerini shartta kesish senga ota meros, bobo meros. Mening qo‘limdan duo qilishdan boshqa hech narsa kelmaydi.
Tog‘a duoga qo‘l ochdi. Uning jimjiloqlari bir-biriga jipslashgan ikki qo‘li, qo‘llari-ga qo‘shilib ovozi titrardi. Ko‘zlarini yumgancha kaftlarini duoga ochgan Ergash tog‘aning qo‘llaridagi titroqni ko‘rmasa-da, lekin ovozidagi titroqning nima boisdan ekanligini aniqlashga urinardi: xavotirlikdanmi, jiyanning o‘zboshimchaligiga chiday olmaslikdan-mi, opasining savollariga javob berishni o‘ylashdanmi, odamlarning og‘ziga tutish uchun elak izlashning og‘irligidanmi…
Oradan ikki kun o‘tib, Ergash Ayiqjarga tushiladigan yolg‘iz so‘qmoqni enlab yotgan bo‘yidan sal pastroq toshdan o‘tishga shaylanar ekan, tog‘asining uzundan-uzoq duosi shun-daygina quloqlari ostida qayta-qayta eshitilib, baxtiga u kabi halol, jonkuyar, mehri-bon yaqin qarindosh yaratgani uchun Allohga shukr aylardi.
Ergash safarxaltasini avaylab tosh ustiga qo‘ydi. Uch-to‘rt marta o‘tgani uchun o‘rganib ketganidan tosh ustiga bir urinishda chiqib oldi. Safarxalta ustidan uni tushirib yubormaslik uchun ehtiyot bo‘lgancha o‘tib, tosh ustidan sirg‘alib tushdi. Safarxaltani avaylab olib orqasiga ildi.
So‘qmoqdan pastga tushayotganda nimadir ortga qarashga undadi. O‘girildi-yu… Ayiq-jarga necha marta tushib-chiqqan, nega shu paytgacha biron marta e’tibor bermagan ekan? So‘qmoq o‘rtasidagi tosh ayiqqa o‘xshardi. Ja-a, bahaybat ayiqqa emas, kichikroq ayiqqa. Nega boshqalar bunga ahamiyat berishmagan ekan? E, ahamiyat berishmagani ham yaxshi. Yo‘q-sa, hozir katta-yu kichik bu jarning xo‘jayini odamxo‘r ayiq bo‘lganiga chippa-chin ishon-gan bo‘lardi. Toshga aylangan qirq qizlar bor-ku, o‘shanga o‘xshatib toshayiq to‘g‘risida afsona to‘qib tashlagan bo‘lisharmidi… Odamlar jarlarni bir-biridan ajratish uchun nomlashganmikan? Eshakjar, Tulkijar, Quyonjar, Ayiqjar… Afsonalari ham bir-biridan g‘alati. Eshakjarda yebto‘ymas ajdaho paydo bo‘lib, atrofdagi qishloqlarga odam solig‘i solganmish. Yana u ajdaho deganlarining ko‘ngillari nozik bo‘lib, qari, biron yeri og‘riydigan odamlarni tusamas ekan. Sog‘lom, o‘n yetti-yigirma sakkiz orasidagi yigitlar-ni yer ekan, xolos. Bir kuni yoshgina xo‘jayinining holiga rahmi kelgan eshak uning nav-bati yetganda jarga tushibdi. Ajdahoga go‘shtini rosa maqtabdi. Mendan nima ketardi, bir yeb ko‘ray-chi, degan ajdahoga eshak go‘shti yoqib qolibdi. Shu-shu u eshak yeyishga tushib-di… Ergash hech qachon bu afsonaga ishonmagan, donolarning donosi ming marta takrorla-ganda ham, ishonmaydi. Bolaligida eshitgan bir gap qulog‘idan chiqmaydi – odamlar bunday chuqur jarga qarashsa, bitta eshak o‘tlab yurganmish, hayvon tushgan yerga biz tusha olmaymizmi, deya yo‘l qidirib ketishibdi…
So‘qmoq har qadamda tosh turtib chiqqan jar tubiga yetgach, Ergash safarxaltasiga suyan-gancha tepaga tikildi. Jar yonida bir odamning qorasi ko‘rindi-yu shu zahoti ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Ergash kulgidan qiyshayib ketayotgan lablarini yig‘ishtirib oldi. Lekin lablari-ni so‘kib yuborgan qitmir o‘y hamon xayolidan nari ketishni istamasdi: pastga qaragan haligi odamning yuragi yorilib ketdi, u meni ayiq deb o‘yladi, odamxo‘r ayiq bir sakray-di-da, uni changallab, go‘shtini yeya boshlaydi… Ergash ikki tomoniga salom berdi-da, Xudodan bilib-bilmay qilgan gunohlarini kechirishni so‘radi.
Safarxalta og‘irlashib qolganday edi. Hali so‘qmoqdan Xudo deya-deya enayotganda xalta-ning og‘irligi bilinmagandi. Endi… Yo‘q, unga shunday tuyuldi. Charchagan. Charchoq quv-vatini olib qo‘ygan va xalta og‘irlashganday tuyulgan.
Ergash xaltaning og‘zini ochib, uzun arqonni tortib oldi. Atrofga ko‘z yugurtirib, bir yoriq tosh topdi. Toshni qora chuqur tepasiga, yarim qadamcha nariga qo‘ygach, pastga tikildi. Tepadan tushgan yorug‘lik chuqurning o‘n-o‘n besh qulochigacha yetib borgandi. Chuqurning u yer-bu yeridan kosaday, kichikroq qovundayin toshlar turtib chiqqan, Ergash sinchiklab razm solib, kimdir o‘yganmi, yo yomg‘ir tomchilari tomaverib paydo bo‘lganmi, oyoq uchi sig‘gudek o‘yiqlarni ko‘rdi. O‘zicha taxminladi: chuqurning tagigacha necha metr bo‘lsa? Kecha arqonni o‘lchab ko‘rganda ellik qulochdan oshiqroq chiqqandi. Yetarmikan? Yetib qolar…
Ergash arqonning bir uchini yoriqtoshga bog‘lagach, qayta-qayta tortib ko‘rdi, siltab-sil-tab. Tosh o‘rnidan siljimadi, arqon qimirlamadi. Ana endi arqonning ikkinchi uchini beliga bog‘lasa bo‘ladi. Mustahkam bog‘laganiga qat’iy ishongach, anchagina yengillashib qolgan safarxaltasini orqasiga olgancha uch marta bismillohir rahmonir rahiymni tak-rorladi-da, pastga tusha boshladi. Goh turtib chiqqan toshga, goh o‘yiqqa oyoq qo‘ydi. Yorug‘-lik tugab, qorong‘ulikda timirskilana boshlagach, beliga bog‘lagan arqonga qistirig‘lik fonar tugmachasini bosdi. Xuddi shu lahza kimdir tepadan kuzatib turgandayin tuyuldi-da, boshini ko‘tardi. Tepada hech kim yo‘q edi. Yo‘q edi. Lekin tepadan tushayotgan yorug‘-likni kimdir to‘sganday, hatto yutingandayin bo‘ldi-ku! Yo‘q, qo‘rqyapti shekilli, qo‘sha ko‘rinyapti. Endi aslo tepaga qaramaydi. Birov kuzatayotgandayin tuyulsa ham, arqonni silkitishsa ham… Qaramaydi… O‘g‘liga ortimdan Ayiqjarga bormagin, deya qattiq tayin-lagan. Kim bo‘lishi mumkin, pastga engashganicha uning nima qilayotganini kuzatgan? Yo tog‘asi… Tog‘asi, boshqa hech kim bo‘lishi mumkin emas. Tog‘asimi, boshqami, kim bo‘lsa, bo‘lar… Nega chalg‘iyapti? Chalg‘imasligi kerak. Ana, chuqurlik borgan sari qorong‘ilash-yapti. Pastga tushgancha arqon yetsa, fonar o‘chib qolmasa bo‘ldi. Uyog‘i…
Xuddi shu lahza jiyanining xavotirlanishi va tepaga qarashini sezgandayin o‘zini chetga olgan tog‘a arqonning bilinar-bilinmas silkinayotganini kuzatardi. Arqon silkinib turibdi, demak, jiyan chuqur tubiga yetganicha yo‘q. Yetgani bilan izlaganini toparmikan? Nimani izlayotganini hatto menga, ya’ni suyangan tog‘iga bir og‘iz aytmagan bo‘lsa… Safar safsata nima degandi? Siz tugul, butun qishloq yo‘lini to‘ssa-da, qo‘l-oyog‘ini bog‘lab tash-lashsa-da, uni qaytarib bo‘lmaydi, Ergashni jin urgan, ha¬-ha, o‘sha avlodini qora chuqurga itarib kelayotgan jin urgan. Ana, dadasi, bobosini qora chuqurga yetaklab ketganidan buyon na unisini, na bunisini birov ko‘rdim demaydi. Dom-daraksiz ketishgan. Xuddi quda-tog‘angizning bobosi bedarak ketganiday. Yarim tunda qora moshinada kelib, xotin, bola-chaqasini chirqillatib olib ketishganini eshitgansiz-ku!
Tog‘a qudatog‘asining bobosi boshiga tushgan kulfatni eshitgandi. Uni allaqaysi dush-man guruhga a’zo deb olib ketishganu, shu-shu na o‘ligi, na tirigidan darak bo‘lmagan. U-ning o‘g‘li urushdan bir oyoqsiz qaytsa-da, kecha-yu kunduz ortidan odam qo‘yishgan… To‘xta, nega qudatog‘asining bobosi va otasi qora chuqurga tushishmagan? Balki qora chuqurning siru sinoati keyinchalik ma’lum bo‘lgandir, balki Safar safsata atayotgan jin bu sir-sinoatni qudatog‘asining qulog‘iga quyib ketgandir?.. Bu sir-sinoatdan qudatog‘asining bobosi va otasining xabarlari bo‘lmagan… Shoshma, qudatog‘aning bobosini olib ketish-ganda, u hali qirqqa kirmagan, o‘g‘lini uylantirmagan edi. Balki shu bois qora chuqurga tushishga ulgurmagandir? Uning o‘g‘li-chi? Urushdan bir oyoq bilan qaytgan odamga qora chuqurga yo‘l bo‘lsin!
Tog‘a astag‘furullo der ekan, Safar safsataning «ularning avlodini jin urgan» degan gapiga boshqacharoq tarzda qo‘shilayotganini sezib qoldi. Agar ana shunday fikrlab bora-versa, Ergashning yetti avlodini qora chuqur siridan voqif bo‘lganga chiqarib qo‘yadi.
Yoriqtosh atrofida bosgan izini sanayotgandayin aylanayotgan tog‘a bunday qarasa, arqon silkinmayapti. Jiyan chuqur tagiga yetdi, shekilli? Arqonni silkitsamikan? Buni sezgan jiyan u yoqdan biron ishora berar.
Tog‘aning o‘yiga bu fikr qanday tez kelgan bo‘lsa, shunday tez chekindi. Jiyan uning bu yerda ekanligini bilmasligi kerak. Zinhor bilmasligi kerak!
Tog‘a engashganicha yetti-sakkiz qulochgacha yorug‘lik tushib turgan, keyin butkul qop-qorong‘ilashib ketgan chuqur tagiga tikildi. Lekin na biron narsani ko‘ra oldi, na biron ovoz eshitdi. Jim-jitlik. Yurakka vahima soladigan jimjitlik. Tog‘a kaftlarini ikki chakkasiga qo‘yganicha yoriqtosh atrofida aylandi. Uch-to‘rt aylangach, chuqur ustiga engashdi. Tikildi, quloq tutdi. Na bir sharpa, na bir ovoz yo‘q. Arqonga umid bilan termuldi. Ar-qon qimirlamasdi.
Tosh atrofida necha marta aylanganini, chukur tubini ko‘raman deb necha marta engashga-nini bilmaydi. Oxiri sabri chidamadi. Arqonni silkitdi. Jiyani yo arqon silkinayotga-nini sezmadi, yo javob berishni istamadi. Tog‘a arqonni yuqoriga tortdi. Arqon yengil-gina edi. Chuqurning yorug‘lik yetgan yerida arqonning uchi ko‘rindi. Uchida hech kim, hech nar-sa yo‘q edi. «Seniyam jin chalmasin!» Safar safsataning shivirlashi beliga tugilayotgan arqon uchini yechib tashladi. «Balki-balki»lar arqon uchini qora chuqurga olib tushib ketishdi.
Jarning bir tomoni qorayib kelardi. Tepaga qaragan tog‘a quyosh botganini ko‘rdi. En-di chuqurga tikilib o‘tirgani bilan zig‘ircha naf yo‘q, hademay jarni qo‘rqinchli qorong‘i-lik bosadi. Cho‘ntagida hatto bitta gugurt ham yo‘q. Tez chiqib ketmasa, so‘qmoqni ham topa olmay qoladi. Jiyani qaytib chiqishni o‘ylaganda allaqachon arqon silkingan bo‘lardi. Anna, u toshdek qimirlamasdan turibdi.
Jiyan ertasiga ham, indiniga ham, o‘n kundan keyin ham qaytib chikmadi. Tog‘a qirq kun-gacha Ayiqjarga tushdi, yoriqtoshga bog‘langanicha turgan arqonga umid bilan termulganicha turaverdi-turaverdi. Arqon qimirlay demasdi.
Tog‘a ertasiga Ayiqjarga borayotib yarim yo‘ldan qaytdi. Xayolidagi dushman o‘ylarni tarqatish maqsadida soy bo‘yidagi choyxonaga kirdi.
- E, keling-keling, qaynonasi suygan kuyovsiz-da, - chetdagi xoli so‘ri tomon ketayotgan tog‘ani Safar safsata o‘zlari o‘tirgan katga taklif etdi. – Yarim soatda quling o‘rgilsin qushtili palovning damini buzamiz.
Tog‘a istar-istamas chollar o‘tirgan so‘ri tomon yurdi. U nari quvmoqchi bo‘lgan xayollar-ni bu chollar boshidan tortib oyog‘igacha yetti marta aylantirib o‘rab tashlashlarini ko‘ng-li sezib turardi.
- Qani-qani, choydan olsinlar, soyning suviga damlangan, - Nasim novvoy tog‘aga piyola uzatdi. – Sizga o‘xshagan tog‘a bu qishloqda yo‘q.
- Nimalar deyapsiz? – Safar safsata Nasim novvoyning gapi tugamasdan og‘zidagini ilib ketdi. – Bunday mehribon, jiyanlari uchun jonini beradigan tog‘ani dunyo ko‘rmagan. Ergash qora chuqurga tushib ketganiga kecha roppa-rosa qirq kun bo‘ldi. Qaysi tog‘a jiyani-ning ortidan qirq kungacha qidirib boribdi? Nima, o‘zining tashvishi yo‘qmi?
- Choy zo‘r bo‘pti, - tog‘a chollarning boshqa gapga o‘tishlarini istardi.
- Lekin hamma narsaning ham cheki bo‘ladi. Bilaman, ko‘nglingga hech narsa sig‘maydi, lekin balig‘i yo‘q suvga kecha-yu kunduz qarmoq tashlab o‘tirishdan ne hojat? – Nasim nov-voy tog‘a uzatgan piyolani qo‘liga olar ekan uning ko‘ziga tikildi.
- Baliq dedingiz, Tinch okean esimga tushib ketdi. Nevaram qurmag‘ur shu gapimniyam to‘g‘riladi-ya, okean emas, ummon emish. Ha, ummon bo‘lsa, ummon. O‘sha okean-ummonda qayiqda qolib ketgan Ziganshinmi deganlar bor-ku, qirq kungacha, agar etigining charmi-ni ovqat demasa, og‘ziga tuz totmasdan yurib, o‘lishmagan, - Safar safsata tarixdan xabari borligini ko‘rsatib qo‘ygani uchun u yon- bu yon qaragancha g‘alati gerdaydi.
- Anovi amerikaliklar topib olgan dengizchilarni aytyapsizmi? – Nasim novvoy choynak qopqog‘ini ochib-yopdi.
- Ha. Dunyoda boshqa gap yo‘kday faqat o‘shani gapirishardi-ku! Qirq kun ovqat yemay o‘lishmagan. Ergash safarxaltasiga u-bu yeguliklar solib ketgandir. Ana, xaltasidagi bir oyga yetar, deylik, ustiga yana qirq kun. Chiqmagan jondan umid… Ha, aytganday, hozir-gilar ochlikka chiday olishmaydi. Jiyaningiz tushgan arqoniga osilib qaytib chiqib keladi.
- Chiqib kelar,.. – shu paytgacha indamay o‘tirgan mulla qaysidir bir duoni o‘qidi.
- Duo qiling, domla, jiyanim bola-chaqasining huzuriga qaytib kelsin, - tog‘a mullaning lablari pichirlashdan to‘xtashini istamasdi.
- O‘ylab, o‘yimga yetolmayman, Ergashga qora yer tagida nima bor ekan? Ana, odamlar oyga chiqishyapti, dengiz, Safar saf… Safar aytmoqchi ummon tagiga sho‘ng‘ib, allanimalarni o‘rganishyapti. Lekin Ergash, otasi, bobosi qora yer tagida nima yo‘qotishgan?
Tog‘a Nasim novvoyning keyingi so‘zlarini anglamadi. «Choyga rahmat», dedi-yu qo‘zg‘al-di. Safar safsata, unga qo‘shilgan boshqa chollarning «tayyor oshni tashlab ketmang», degan undovlari qulog‘iga kirmadi. To‘g‘ri jiyanining hovlisi tomon yurdi. Jiyanining o‘g‘li ko‘chada darvoza bo‘yayotgan edi.
- Izdosh, yana eski rangiga bo‘yayapsanmi, men senga aytgandim-ku, och ko‘kka bo‘yasang, ochilib ketadi, deb, baribir bilganingdan qolmabsan-da! Nega indamaysan, bobom shu rangga bo‘yagan, otam bo‘yagan, men ham bo‘yayman, desang-chi!
Izdosh kulimsiragancha turaverdi.
«Tirjayishini qaranglar. Otasidan qirq kundan buyon darak yo‘q, qora chuqurga tushdi-yu, yo‘qoldi-ketdi. O‘g‘il bo‘lsa… Odamlar uyidan bitta igna yo‘qolsa, o‘zini qo‘yarga joy topolmaydi. Bu… o‘sha otasi ketgan kundayam pinagini buzmagandi. Go‘yo otasiga hech narsa bo‘lmagandayin bemalol uxlab, vaqtida nonushta, vaqtida tushlik… yeb-ichib yuribdi. Labidan kulgi uzilmaydi…»
Tog‘a o‘ylanganicha Izdoshga tikilib turar ekan, birdan yuragiga vahima xuruj qildi. Izdosh esa jilmayganicha turardi.
O‘rinboy Usmon. Qora chuqur (hikoya)
Xo'jand, 14-20 dekabr, 2012 yil