OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘zbektosh Qilichbek. Kechikkan sevgi (hikoya)

Yorqinoy sinfga yig‘lab kirdi. G‘ala-g‘ovur qilayotgan o‘ttiz chog‘li sakkizinchi sinf o‘quvchilari birdan jimib qoldi. Yorqinoy o‘tira solib parta ustiga yoyilgan kitob-daftariga yuzini bosgancha yig‘idan qizargan ko‘zlarini hammadan berkitdi. 
Biroz o‘tib xonaga o‘qituvchimiz kirib keldi. Uning ham vajohati o‘zgargan, eshikni shahd bilan yopishidan nedir ko‘ngilsizlik sodir bulgani sezilib turardi. 
Yorqinoy bilan o‘qituvchimiz haligina direktor o‘rinbosarining xonasiga kirib ketishgan, uzunquloq gaplarga qaraganda, Navro‘z bayramiga tayyorgarlik ko‘rish uchun chaqirtirilgan edilar. Albatta, Yorqinoyni chaqirishlari tayin edi — qaddi raso, chehrasi go‘zal, mayin-muloyim, yoqimli ovoz sohibasi Yorqinoysiz bizning litseyda biron-bir tadbir o‘tmasdi. 
— Turing, Yorqinoy!
O‘qituvchimiz hammaga sizlab murojaat qilar, jahli chiqib turgan bo‘lsa-da, bu gal ham Yorqinoyga avvalgi munosabatini o‘zgartirmay gapirdi. Yorqinoy nam yugurgan uzun-uzun qayrilma kipriklarini, bodom qovoqlarini guldor ro‘molchasi bilan artib o‘rnidan turdi. Uning charosdek chaqnoq ko‘zlari yerga qadalgandi. 
— Meni yer bilan bitta qildingiz-ku! Boshqa sinfning qizlari indamay kiyib ketyapti-ku?! Bir kunga kiyasiz… bir umr deyotganimiz yo‘q-ku?! Unaqa bayram ko‘ylakni bozordan ham topolmaysiz… Siz bo‘lsa, noz qilasiz?! Birovniki deb burningizni jiyirasiz… Ana dugonangiz Mehrixon…
Tarbiyachimiz shoshib gapirganidan “achchiq qalampir” so‘zlari bo‘g‘ziga tiqilib qolardi. Mehrixon deganlari litseyimizda ko‘zga ko‘ringan, shaydolari ko‘p qizlardan edi.
— Ana Mehrixon… nozlanmay, hammadan birinchi bayram ko‘ylakni kiyib chiqdi-ku?! Yo sizni undan ortiq yeringiz bor-mi?! Boyning qizi bo‘lsangiz ham mayliydi… Hamma kiyib tashlagan deysiz?! Balki o‘shalar sizdan toza yurar…
Bunisi keragidan ortiqcha edi. O‘g‘il bola bo‘la turib bu gaplar mening ham nafsoniyatimga tegdi. Gapning bir uchi yotoqxonada turishimizga borib bog‘lanar, tarbiyachimizning gap ohangida shunday sha’ma sezilib turardi. 
Yorqinoy sinfda o‘z obro‘siga ega, esli-hushli botartib qiz edi. U tarbiyachi bilan talashib-tortishib hammaning diqqatini bo‘lishni o‘ziga ravo ko‘rmay, ixcham oq sumkachasini bilagiga ildi-da, kitob-daftarini kuchoqlab shartta tashqariga chiqdi-ketdi. Tarbiyachimiz bir so‘z demay qoldi. 
“O‘lguday o‘jar kiz… Egilgisi kelmaydi.” Hammaga alohida-alohida topshiriq berilgach, tarbiyachimiz jurnal to‘ldirayotib shunday deb g‘o‘ldiradi. Uning gapi birinchi partada o‘tirganim uchun menga eshitildi.
Esimizni tanigandan buyon deyarli har yilgi ahvol takrorlangandi. Navro‘z kelishi bilan qizlarimizni raqs tushish, turli namoyishlar ko‘rsatish uchun litsey tadbirlariga, tuman madaniyat saroyiga chaqirishar va o‘sha yerning fondidagi milliy liboslarni kiyib tayyorgarlik qilishardi. Ko‘ylagi borlar o‘zinikini, ko‘ylagi yo‘qlar fonddagi eski-tuskilarni egniga ilishib bayramni guldek o‘tkazib berishga majbur edilar. 
O‘tgan yili ham sobiq tarbiyachimiz bilan Yorqinoy o‘rtasida xuddi shu ohangda tortishuv bo‘lib o‘tgan, o‘jar qiz o‘z aytganidan qaytmay: birovlarning atlas-adrasini kiymaslik uchun tuman markazidagi bayramga qatnashmay qo‘ya qolgandi. 
Litseydagi yigitlarning barchasi Yorqinoy ismini eshitganda birdan sergak tortishar, lekin hech biri yurak yutib qizga yaqinlasholmasdi. Buni o‘zimdan uch bosh yuqori akalarning sirli suhbatlaridan sezganman. 
Sinfdagi o‘nta o‘g‘il boladan faqat mengina yotoqxonada turardim. Shundanmi, Yorqinoy ikkalamiz juda inoq edik. Hatto, bir xonada tun yarmigacha yashirincha qolib televizion kursatuvga birgalashib xat yozganmiz. Uning yozuvi go‘zal, betakror edi. U ba’zi-ba’zida jig‘imga tegar, har ikki gapining birida jon olar tabassum hadya etib turardi.
Keyin bilsam, o‘sha ba’zi-ba’zidagi ilmoqli gaplari unda uyg‘ongan toza tuyg‘ularining tiliga ko‘chgani ekan. Mana oradan yetti yilcha vaqt o‘tib, bularni o‘zimcha tushundim.
“Qanday zavqli, sururbaxsh damlar edi-ya?!”
O‘n birinchini bitirgach, ko‘pchiligimiz turli o‘quv yurtlari tomon yul oldik. Zero, litseyimizning obro‘si shu bilan baholanar edi-da! Biz besh yigit hujjat ko‘tarib poytaxt sari chopdik. Beshovimizning ichidan faqatgina menga omad kulib, bo‘lajak shifokor nomini olish uchun meditsina akademiyasiga o‘qishga kirdim. 
Mana, beshinchi bosqichga o‘tib ushbu voqealarni titilib ketgan xotira sahifalaridan olib, oppoq qog‘ozlarga birma-bir tiklab o‘tiribman. Kecha bizni o‘z viloyatimizga amaliyot o‘tashga jo‘natishdi. Men teri kasalliklari yunalishi bilan viloyatimizning bosh poliklinikasiga bordim. Bekorchilikdan beriroq ish bo‘lgan, kasallik tarixlari taxini varaqlab o‘tirganimda, birdan tanish familiya-ismni uchratdim.
“Mehrixon!”
Ichimda allaqanday totli iliqlik uyg‘ondi. Biz bilan parallel sinfda o‘qigan shaydosi ko‘p bu qiz o‘z hisobim bo‘yicha birinchi, tanishlar ichidagi birinchi bemorim bo‘ldi. Men hayotim mobaynida ilk bor bir ishga chin dildan kirishdim. Terisi qo‘rqinchli oq dog‘lar bilan qoplangan Mehrixonni o‘n uchinchi shifoxonadan topdim. Uning litseydan keyingi hayotini ipidan ignasigacha so‘rab-surishtirdim. Zero, bu yosh do‘xtirlarcha qiziqish, darddorlarga g‘amxo‘rlik qilish, qolaversa, burchim deb bilganimdan edi. Undan tashqari, o‘rtamizda sinfdoshlik rishtalari bor edi.
Mehrixonning aytganlarini ikir-chikirigacha to‘liq o‘rganib, alohida daftarga yozib bordim. (Darvoqe, bizga shunday o‘rgatishgan.) Sho‘rlik qizning qisqagina hayotidan shuni bildimki, to‘y kunidan keyin shu — bo‘lmag‘ur-yaramas xastalik yuzaga chiqqan. Doktorlik ko‘zi bilan qaraganda, hamma gap yangi kiyilgan sep liboslarida edi.
— Chimildiqqa kirganimdan keyin badanim qichishadigan bo‘ldi-qoldi… Kelin bo‘lib tushgan oilam sal nochorroq... Kelin ko‘ylak sal eskiroq edi-da… Undan tashqari, vaqtida birovlarnikini ham irganmay kiyib ketaverganmiz.
Mehrixonning bu iqrori noo‘rin bo‘lib, uning xastaligi vitamin yetishmovchiligining oddiy ko‘rinishi edi. Uning tuzalishi xaqida mujmal fikrdan nariga o‘tolmayman.
Kelin ko‘ylak — barchaga birdek yoqimli eshitiluvchi, eng pokiza, oq, oppoq ko‘ylak to‘g‘risida ham hech qanday qora fikr aytmoqchi emasman.
Ijaradagi kelin ko‘ylakni hech qanaqa qo‘ldan o‘tmagan, hech qanday kir-chir badangga tegmagan, mos yoki nomos deb birov kiyib ko‘rmagan, deb hisoblaymiz, yangi kelinning oqdog‘ kasalligini ham eslamaymiz-da, ko‘ngilga, nozik ko‘ngilga kelamiz. 
“Birovniki”, “Qaytarib beramiz”, “Bir kunlik” kabi so‘zlar ko‘ngilga kelsa, uni kiyishga qaysi mag‘rur qizning ko‘ngli tortarkan?!
Mehrixonning aybiga iqror bo‘lishi — o‘ziga bo‘lgan ishonchning kamayganidan emasmi? Agar bu dardga Yorqinoy chalinganda: “Men birovlarning kiyimini hech kiymagandim-ku”, deb o‘ziga-o‘zi savol berar va Mehrixonga o‘xshab “avval birovlarning kiyimini kiyganimdan yoki kelin ko‘ylakdan kasal yuqqan”, deb o‘ylamay kasallikning asl mohiyatiga e’tibor berardi.
Yorqinoy qaddi kabi g‘ururi tik qizlarning eng go‘zali, ha u ana shunday mag‘rur, egilmas ko‘ngli, ko‘rinishi ham o‘ta go‘zal qiz edi. Yorqinoy mana shu o‘jarligi, egilmas-qayrilmasligi uchun litseydagi manaman degan yigitlarning yuragini olib qo‘ygandi. Mana, shuning uchun ham Yorqinoy uchala tarbiyachimiz bilan ters bo‘ldi. Va nihoyat, mana shuning uchun ham Yorqinoyni sevib qoldim. Xuddi, shuning uchun uning uyiga sovchilarimni yuborishga ahd qildim.
Faqat va faqat shunday kishilargina — o‘zligini topa olgan, o‘zligini topgan qizlargina sevishga arzigulik!!! Sevilish baxtiga faqat ular munosib! Mana ko‘rasiz, qat’iy ishonch bilan aytamanki, Yorqinoy to‘yimizda ham o‘ziga xos va mos kiyinib — kelin, tengsiz kelin bo‘ladi.
Oxirgi suhbatimizda Mehrixonning Yorqinoy haqida aytgan gaplari boshimga gurzi kabi qarsillab urilib, qo‘l-oyog‘imni qaltiratib, ishqqa limmo-lim yuragimni zirqiratdi.
“Yorqinoy litseyni tugatgan yiliyoq erga tekkan... Hozir uchta bolasi bor. Bir o‘g‘il, ikki qiz.”
Xazonrezgi xiyobonning uzun yo‘lkasi bo‘ylab ortini o‘girib ketayotgan, o‘g‘ilchasi yelkasi osha hayrat to‘la munchoq ko‘zlari bilan menga qaragan, bir qizi qo‘lidan, ikkinchisi uzun etagidan ushlab olgan juvon ko‘z o‘ngimda jonlandi.
“Nahot?.. Nahotki, ko‘nglingning tub-tubida birgina qizga nisbatan uyg‘ongan o‘lmas sevgingni anglab yetish uchun besh yil kerak bo‘lsa?! — dedi ichimdagi ovoz. Keyin taskin berish uchun qo‘shib qo‘ydi. — Senga eng yaqin qiz o‘sha ekan-a?! Buni kechikkan sevgi, salgina kechikkan sevgi deydilar!” Qanchalik hafsala va mehr bilan bitilgan bo‘lsa hamki, “U” haqdagi xotira daftarchamni yirtib tashladim.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.