OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

O‘zbektosh Qilichbek. Xushomad (hikoya)

Saratonning so‘nggi kuni. Quyosh ufqqa yonboshlagan.
Qishloqning siyrak joylashgan paxsa uylarini tutashtirgan o‘nqir-cho‘nqir yo‘lda ikki sinfdosh yigit gaplashib turishibdi. Soqoli o‘siq, pahmoq sochli Tolmasbek velosipediga omonatgina suyanib olgan.
— Ertaga o‘rog‘ingni qo‘ltiqlab dalamizga o‘taverasan, — dedi ketishga chog‘langan Tolmasbek.
— Vaqtini aytib ketsang bo‘lardi... Uydagilarga hasharga ketyapman deb qo‘yaman-da...
Tolmasbek qo‘l siltab uning gapini bo‘ldi:
— Salqin tushishi bilan o‘taverasan-da... Yosh bolamiding?
Aytilgan kuni olti sinfdosh jo‘ralar ter to‘kib mehnat qilishdi. Yarim gektarli jo‘xorizor hash-pash deguncha o‘rilib, bog‘-bog‘ qilib pushtalarga yotqizildi. Quyosh ufqqa yastana boshlagan pallada yigitlar horib-tolib yuvingani ariq bo‘yiga chiqishdi.
Bo‘yradek joydagi jo‘xorini yiqitish Tolmasbekka qoldi. Tolmasbek baland o‘sgan, barglari yam-yashil bir tup jo‘xoripoyani ushlab, bir zum o‘rishdan to‘xtadi.
— Shu oddiy jo‘xorini ko‘rib, shoirliging tutdimi deyman-da?
Tolmasbek o‘rtog‘ining kinoyasini e’tiborsiz qoldirdi.
— Shuni o‘rmaymiz...
Tolmasbek jo‘xoripoyaning pastki, quruqshagan yaproqlarini o‘rog‘i bilan ohista kesdi-da, ikki uzun dumbul so‘tadan birining popuklarini barmoqlari bilan tarab qo‘ydi.
U suyukli malikasiga termulgan shahzodadek jo‘xoripoyaga oxirgi marta qarab paykaldan chiqayotganda do‘stlari yuvinib bo‘lgan, ariq bo‘yidan qaytishardi.
— Hoy, biz ketdik, — dedi ular.
— Kechqurun uyingda ko‘rishamiz...
— Yarimtami, choraktami tayyorlab qo‘y!..
Sinfdoshlar uy-uyiga tarqalishdi. Tolmasbek ariq bo‘yiga chiqdi. U yuvinayotgan kishi bo‘lib ko‘rinsa-da, butun xayoli jo‘xoripoyada edi. Tolmasbek bu ishni nima uchun qilganligini bilmasa-da, biroq hech kim qilmagan, g‘alati ish qilganligini ich-ichidan his etardi.
Tolmasbek egniga kiyimini ilib uyiga yo‘l oldi.
Uyida kutilmagan xabarni eshitdi.
— Seni tug‘ilgan kunga aytib ketishdi.
— Ketdik, Tolmasbek, — darvoza ortidan sinfdoshining ovozi eshitildi, — xomsemiz erimoqchi.
Ular sovuqqina qo‘l olishgach, yo‘lga tushishdi.
— Xomsemizni bi-ir eritaylik. O‘ziga qo‘shilib yog‘i ham erisin!
Sinfdoshi beo‘xshov xo-xolab kuldi. Ular bezatilgan xonaga kirganlarida ko‘rpachada yalpayib yotgan Sayfini ko‘rib, Tolmasbekning kayfiyati buzildi.
— Menga qara, Sayfiga balo bormi bu yerda, yo uni ham taklif etganmiding?
— E, qayoqda, boya yo‘lda ko‘rib, bir og‘iz “o‘tgin” devdim, xolos.
— Yo u o‘tiradi, yo men! — gapni kesdi Tolmasbek.
— E, unday qilma, nima qipti o‘tirsa?
Tolmasbek shartta orqasiga burildi.
— Og‘ayni, ketsang xafa bo‘laman. Bir yilda bir marta o‘tiradigan kunimizda odamni xafa qilma. Shu bilan ish-tashvish deb yana qachon o‘tiramiz.
Tolmasbek jahldan tushdi. Ostonada tuflisini yechayotib do‘stini yana turtdi.
— Anavini erkalatgan senlar, — u entikib nafas olayotganidan burun kataklari kengaydi. — Otasi boy bo‘lsa — o‘ziga.
— E-e... — dedi mezbon chindan xafa bo‘layotganini yashirmay. — Qo‘ysangchi, bosh og‘rig‘ini... Indama. Oshini yeydi, ketadi.
Tolmasbek bir so‘z demay qovog‘ini uyub xonaga kirdi. O‘zini bosishga urindi. Ammo iloji bo‘lmadi. Bu kasofat hamma joyda bir ishkal chiqaradi. O‘tgan safar choyxonadagi o‘tirishni rasvo qilgan ham shu. Hamma jo‘ralari uni yomon ko‘rishadi, orqasidan yomonlashadi. Ammo o‘ziga aytishgani jur’at qilishmaydi. Negaki, og‘zi qiyshiq bo‘lsa ham, boyning o‘g‘li gapirsin-da. Bu yaramasning otasi katta savdogar, qo‘li uzun. Qishloqda ko‘pchilikning ishi tushib turadi. Bir gal Tolmasbekning o‘zi ham yarim tunda ularnikiga borib, bemor otasini tuman markaziga olib borish uchun benzin so‘ragan. Shungami, hech kim na otasining, na o‘g‘lining mushugini pisht demaydi.
Tolmasbek shularni o‘ylar ekan, ichida bir nima qo‘zg‘olon ko‘targanday bo‘ldi. Hammasi qo‘rqoq, men ham, ko‘rib ko‘rmaslikka olaman, dedi-da, osh suzilayotgan bir paytda qarshisida maykachan yalpayib o‘tirgan Sayfiga qarab:
— Senga ruxsat! Biz bu yerda sinfdoshlar yig‘ilganmiz, gaplashib oladigan gaplarimiz bor, qani omin, — dedi.
Mehmonning yuzi qizardi, to‘qishtirmoqchi bo‘lib qo‘liga olgan piyolani dasturxonga qo‘yib, o‘rnidan turdi.
Uning ortidan hech kim chiqmadi. Xona ichi jim bo‘lib qoldi.
— Yaxshi ish bo‘lmadi, — dedi sinfdoshlardan biri siniq ovozda. — Otasi eshitsa xafa bo‘ladi.
— Xafa bo‘lsa bo‘lar, — dedi yigitlardan biri uni ma’qullab. — Bu yaramasni allaqachon haydashimiz kerak edi. Tolmas, qoyil senga, zap ish qilding-da. Qani, osh sovimasin...
Tolmas do‘stining laganga cho‘zilgan qo‘lini shartta ushladi.
— Shoshma, osh qochib ketmaydi. Senlar hammang... bilasanmi kimsanlar? Ikkiyuzlamachi, qo‘rqoq, xoinsanlar. Falonchi akaning o‘g‘li deysanlar-da, bu yaramasning oldida mo‘ltonilik qilasanlar, orqasidan bo‘lsa mag‘zava ag‘drasanlar. Shu to‘g‘rimi? Biror marta: “Hoy bola, es-hushingni yig‘ib ol, otangning boyligiga ishonma” deyishga qurbilaring kelmaydi. Aslida, yomon bola emasdi. Hammamiz bir joyda katta bo‘ldik, bir-birimizdan ortiq-kam yerimiz yo‘q. Uni senlar buzding. Senlarning xushomading, maqtovlaring buzdi.
Tolmas asabiylashib ketdi. O‘rnidan shaxd bilan turmoqchi bo‘lgandi, oyog‘i xontaxta chetiga urilib, lagandagi osh ag‘darilib ketishiga oz qoldi. Yigitlar jon-jahdlari bilan laganga yopishishdi...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.