— To‘g‘ri aytasiz, xudo hazilga tushunmaydigan to‘porilardan saqlasin, uka. Men ham bir safar shunaqa to‘poriga yo‘liqib qolib, onamni Uchqo‘rg‘onda ko‘rayozganman!
Xo‘jalikda brigadirman. Bir payt: «O’rtoq Miltiqboev degan yangi ijroqo‘m keldilar, hamma raislaru brigadirlar bilan shaxsan tanishmoqchilar» — degan xabar eshitdik.
Bordik. Ijroqo‘mning katta zali odamga to‘lgan. Xudo Miltiqboevga gap desa gap, salobat desa salobatdan bergan ekan, yig‘ilishni o‘zlari ochib, o‘zlari sayrab ketdilar.
Ish ko‘p, sulayib yurgan chog‘larimiz, ko‘zim ilinib ketgan ekan, bir mahal o‘rtoq Miltiqboev nomimni aytib chaqirganlari qulog‘imga kirganday bo‘ldi. Sapchib turib:
— Sho‘ttamiz, o‘rtoq To‘pponchaev! — deb yuboribman.
«Gurr» kulgi ko‘tarildiyu, yana suv sepganday jim bo‘ldi-qoldi. Qarasam, o‘rtoq Miltiqboev, rangi devor, qoqqan qoziqday qotib qolibdilar.
Darhol hamma gapga tushunib:
— Avf etasiz, o‘rtoq... Miltiqboev, bilmay qolibman, — dedim.
Gapimga tushunsalar-chi! «Hali sen ijroqo‘m raisining aptartetini to‘kmoqchimisan?» deb stolni do‘pposlab qoldilar... E, qo‘ying o‘rtoq Miltiqboev, bir og‘iz so‘zga yopishmang, deyman. To‘pponchaev desam nima bo‘pti, to‘pponcha miltiqdan yomon bo‘ptimi, deyman.. Qaytaga miltiqdan to‘pponcha yaxshi emasmi, so‘loqmonday qilib ko‘tarib yurmaysiz, cho‘ntagingizga solib qo‘yasizu kerak paytda olib paqillataverasiz, deyman. Yo‘q, qo‘ymaydilar, battar avjiga chiqib nuqul «Aptartet»dan oladilar!.. Axiyri brigadirlikni topshirib zo‘rg‘a qutuldim. Menga nima? Brigadir bo‘lsam ham qiladigan ishim shu, ketmonchi bo‘lsam ham. Qaytaga u kishiga qiyin bo‘ldi. Nega desangiz, o‘sha gapdan keyin «To‘pponchaev» u yoqda qolib, laqablari «Aptortet» bo‘lib ketdi.