OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Odil Yoqubov. Qaydasan, Moriko? (qissa)

Inson hayoti tasodiflarga, goho yetti uxlab tushiga kirmagan voqealarga to‘la.
Shu yil G‘alaba kuni urushda halok bo‘lgan shahidlar xotirasiga bag‘ishlangan muazzam majmuaning ochilish tantanasidan uyga qaytib, endi dam olaman deb turgandim, telefon jiringlab qoldi.
Trubkadan qiz bolaning jarangdor ovozi keldi.
— Siz palonchi yozuvchimisiz? Men O‘zbek turizmidan telefon qilyapman. Bizga Yaponiyadan bir guruh turistlar kelishgan. Bir xonim sizni tanir ekan, yo‘qlayapti. Iloji bo‘lsa ko‘rishsam, deyapti.
Hayratlandim.
— Qayoqdan tanirkan?
— Bilmasam, — dedi qizcha. — Yapon urushida qatnashgan ekansizmi? Port-Artur degan shaharda bo‘lganmisiz?
Battar ajablandim.
— Ha, bo‘lganman. Lekin...
Qizcha gapimni bo‘ldi:
— O‘shanda ko‘rishgan ekansizlarmi-ey. Qaysi bir kitobingizni o‘qigan ekanmi-ey. «Ulug‘bek» degan asaringiz bormi? O‘sha kitobingizni o‘qigan ekan. U ruscha bilarkan...
... Port-Artur! Ruscha biladigan yapon xotin! Allaqachon yodimdan chiqqan, biroq chamasi ko‘nglimning bir chekkasida mudrab yotgan ham ma’yus, ham kuz oftobiday tiniq esdaliklar selday yopirilib keldi-yu, xayolimni olib qochdi.
— Allo, — dedi qizcha. — Nega indamay qoldingiz? Yo uchrashishni xohlaysizmi?
— Yo‘-yo‘q, xohlayman, xohlayman...
— Bo‘lmasa telefonimni yozib oling. Istagan vaqtingizni aytasiz. Qolganini o‘zim tashkil qilaman.
Ming to‘qqiz yuz qirq beshinchi yilning iliq kuz oylari, Yapon ofitserlari uchun qurilgan shinam shaharcha — Port-Artur. Yam-yashil archazorlar orasiga yashiringan bir qavatli ozoda, ko‘rkam uychalar. Rus so‘zlarini allaqanday yoqimli bidirlab gapiradigan yapon qizchasi Moriko!
Xayolim yana uzokdarga uchdi.
Salkam ikki ming chaqirimga cho‘zilgan mashhur Gobi sahrosini yayov o‘tganda chekkan uqubatlarimiz, ortda qolgan Gobi sahrosidan keyin yo‘limizni to‘sgan Xingan tog‘lari ham orqaga chekingan. Oldinda esa cheksiz-chegarasiz, yam-yashil vodiy yastanib yotadi. Bu — shimoliy Manjuriyaning boshlanishi edi.
Bizlarni, ust-boshimiz chok-chokidan ketgan, kiyimlarimiz Gobi sahrosi changalzorlarida dabdala bo‘lib, faqat paytavada qolgan, soch-soqollarimiz tikanday g‘ovlab ketgan sho‘r peshona soldatlarni shu vodiy bo‘ylab yana podaday haydab ketishdi. Bir hafta deganda temir yo‘l o‘tgan qandaydir shaharga yetib bordik. Bu yerda xuddi konservaga tiqilgan selyodka baliqday qizil vagonlarga tiqishib olib ketishdi. Odam xuddi g‘imirlagan pashshaday, ularni qandaydir shaharlardan (keyin bilsak bu — Mukdsi va Xarbin degan shaharlar ekan) olib o‘tgach, bir hafta deganda haligi qizcha aytgan Port-Artur shahri atrofida yapasqi qirlarga olib borib, xuddi gugurt qutisidagi gugurt cho‘plariday to‘kib tashlashdi.
Biz kelgan qirlar ko‘rkam olmazor va nokzorlar bilan qoplangan. Kunduz kunlari bog‘larga sho‘ng‘ib ketamiz: sababi urush, bog‘lar qarovsiz qolgan... Qo‘yinlarimizni asal ta’mi kelgan nok va olmalarga to‘ldirib, pastdagi palatkalarimizga qaytamiz. Biz ham deyarlik qarovsiz qolganmiz. Xohlasak yotamiz, hohlasak turamiz, xohlasak olmazor qirlarga chiqib daydib ketamiz. Shunda ko‘z oldimizda ulkan did va mahorat bilan qurilgan mittigina, lekin beqiyos ko‘rkam shaharcha Port-Artur namoyon bo‘ladi. Shaharchaning bir tomoni moviy bo‘g‘azga, bo‘g‘az esa oftob ostida jimirlab yotgan okean mavjlariga tutashib ketadi. Ufqda qayoqqadir ketayotgan kemalar ko‘zga tashlanadi. Ular qayoqqa ketayapti? Ehtimol elimiz tomon yo‘l olayotgandir? Biz kemalar mo‘risidan eshilib chiqayotgan ko‘kimtir tutunlarga entikib tikilamiz. «Biz ham bir kun shunday kemalarga tushib ona yurt tomon yo‘l olarmikanmiz yo suyaklarimiz bu go‘zal, lekin bizga yot guproqlarda qolib ketarmikan», — degan o‘y yuraklarimizni zirqiratadi...
Bu takasaltang, daydi hayot o‘n kunga cho‘zildi. So‘ngra tevarak-atrofdagi qismlardan bizga «sovchi»lar kela boshladi. Ular o‘zlariga kerak soldatlarni tanlab olishadi. Birovga merganlar, birovga pulemyotchi, birovga avtomatchilar kerak, yana birovga esa oshpaz kerak, hatto sartarosh, tikuvchilarni ham qidirib kelishadi.
Shunday kunlardan birida nomiga rota deyilgan, aslida intizom qolmagan bizning qismimizga ko‘ksi jarang-jurung orden-medallarga to‘la yosh, xushsurat bir mayor ikkita ofitser bilan «sovchi» bo‘lib keldi. Ularga o‘n-o‘n beshta avtomatchilardan tashqari shtabda xizmat qiladigan, xati chiroyli, savodi yaxshi bir soldat ham kerak ekan.
Rota komandirimiz jangovor, ammo bor-yo‘g‘i yettinchi sinfni bitirgan ofitser bu masalada mendan «foydalanib» turar, yuqoriga yuboriladigan har xil axborotlarni menga yozdirib yurardi. U meni mayorga tavsiya qilgan ekan, chaqirib qolishdi. Mayor xuddi xarid qilgani ot bozoriga kelgan odamday, yelkamdan ushlab, uyoq-buyoqqa o‘girib ko‘rdi-da, to‘satdan:
— Qaysi yurtdansan? — deb so‘radi.
— O‘zbekistondanman, — dedim men.
— Millating o‘zbekmi?
— O‘zbek...
— Nechanchi sinfni tugatgansan?
— O‘ninchi sinfni.
— Ruschang chakki emas. Qachon o‘rgangansan?
— Beshinchi sinfgacha rus maktabida o‘qiganman.
— Toshkentni ko‘rganmisan?
— Ko‘rganman...
Mayor lablariga kulgi yugurib:
— Toshkent degani nima degani? — deb so‘radi. Men dovdirab qoldim.
— Toshkent degani — Toshkentda!
Mayor sho‘rlab ketgan eski qalpog‘imni burnimga surib:
— E, seni qara-yu, shuniyam bilmaysan! — deb kuldi. — Toshkent degani — toshdan qurilgan shahar degani. Tosh degani — tosh! Kent degani — shahar.
Men o‘sal bo‘ldim. Biroq mayor o‘zini bilib-bilmaganlikka oldi-da:
— Xo‘p, — dedi. — Bugundan boshlab shtabimda kotiblik qilasan. Tushgacha shtabda xizmat qilasan, keyin mening uyimda mayda-chuyda ishlarni bajarasan. Masalan, pashsha qo‘rib yotasan. — U o‘ziga xo‘p yarashgan mo‘ylovchasini silab yana kuldi.
Shu kundan boshlab, piyoda askar hayotining inson bolasi chiday olmaydigan uqubatlaridan zada bo‘lgan kamina turmushida aql bovar qilmaydigan rohat-farog‘atga to‘la kunlar boshlandi. Qolgan vaqtim shtab boshlig‘im — mayornbng uyida o‘tadi. Mayorga Port-Artur qal’asining shundoqqina dengiz sohilidan, atrofi archazor chiroyli kottedj ajratilgan. Kottedj ilgari nufuzli yapon generaliga qarashli ekan...
Generalning hovlisi etagida xo‘jalik uyi va ombori ham bo‘lib, barcha unvonlaridan va imtiyozlaridan ayrilgan general ikki qizi, biri 22—23 yashar Chiko san va kenja qizi Moriko bilan hovli etagidagi torgina xo‘jalik uyida turishar ekan. Sobiq general mag‘lubiyatdan keyin tarki dunyolikni ixtiyor etib, uyida qamalib olgan, qizlarini esa rus ofitserlaridan qizg‘anib, tergagani tergagan ekan.
Men boshda ularga ko‘p e’tibor bermay, o‘z ishim bilan ovora bo‘lib yurdim. Ishim esa juda g‘alati, soldat xizmatiga sira o‘xshamas edi.
Ertalab mayorning mashinasida xo‘jayinim bilan birga shtabga boraman. Tushgacha mashinkada (mashinkada bosishni bir haftadayoq o‘rganib oldim) yuqori shtablarga mayda-chuyda xabarlar yozaman, tushdan keyin esa mayorning shaxsiy ishlarini bajaraman. Haftada ikki marta polk omborxonasiga borib, oziq-ovqat olaman. Ofitserlarga beriladigan bu oziq-ovqat juda antiqa edi. Non deganingiz sen je, men je — qolganiga: yaponlardan o‘lja olingan, asal ta’mi keladigan, yeganda qisir-qisir qiladigan xalta-xalta galet-pichinon, quyultirilgan sut, go‘sht va baliq konservalari, kolbasa deganning uch-to‘rt xili, bir necha shisha spirt, qo‘yingki, birgina mayor emas, besh-olti kishi yeb tamom qilolmaydigan oziq-ovqat!..
Men bularni op kelib, salqin yerto‘laga joylayman, so‘ngra mayorning kiyim-kechaklarini dazmollayman, xonalarni yig‘ishtiraman. Buning hammasiga ketsa bir-ikki soat ketadi, qolgan vaqt, mayor aytganidek: pashsha qo‘rib yotaman. Zerikkan paytlarimda esa mayorning durbinini olib, derazadan mag‘lub general kulbasidagi hayotni, to‘g‘rirog‘i, mendan besh battar zerikkan qizlarning sho‘xliklari-yu, jinniliklarini kuzatib yotaman. Bir kun shu mashg‘ulotim ustiga mayor kep qoldi. Men uning uyga kirganini sezmay qolibman, chunki ikki o‘yinqaroq qizning sho‘xliklari avjiga chiqqan, ular avval bir-biroviga suv sepishib, rosa kulishgan, keyin jiqqa ho‘l ko‘ylaklarini yechib, qip-yalang‘och holda, kiyimlarini siqa boshlagan edilar. Umrimda qip-yalang‘och qizlarni ko‘rmagan, go‘lgina qishloq yigiti — men yuragim gurs-gurs urib, entikib yotgan ekanman, to‘satdan:
— Sen nima qilyapsan o‘zi? — degan o‘ktam ovozdan seskanib, sapchib o‘rnimdan turdim...
— Hech nima, o‘rtoq... mayor!
— Qani, durbinni buyoqqa cho‘z! — buyurdi mayor. So‘ng, durbin bilan bir zum generalning kulbasiga qadalib turdi-yu, mening holimga tushib qoldi. Qaltiroq bosib hansiray boshladi.
— Ob-bo qurib ketgurlar-ey! — dedi u, durbindan arang ko‘zini uzib. Qara, qanday nozik, xipcha bel, go‘zal! Ayniqsa kattasi. Xuddi... buqacha talab g‘unajinning o‘zginasi... Erkaksiz o‘lib bo‘lganga o‘xshaydi. Men kecha «Smersh»da ishlaydigan og‘aynimdan bilib oldim. Biz general deb yurgan bu odam 1941 yili Amerika flotini yer bilan yakson qilgan dengiz janglarida qahramonlik ko‘rsatgan kontradmiral ekan. Xotini o‘libdi. Ikki qizi bilan turarkan. Katta qizining ismi Chiko ekan, anovi kichkina shaytonchaning ismi Moriko ekan. Chikoning eri komikadze bo‘lgan deyishadi. Komikadze degan so‘zni eshitganmisan? O‘zlarini o‘limga mahkum etgan imperator uchuvchilarini shunday deyishgan. Ular samolyotlari bilan o‘zlarini Amerika harbiy kemalariga tashlab o‘lishgan... Yo tavba!
Mayor chuqur xo‘rsinib, torgina xonani bir aylanib chiqdi-da, to‘satdan qoramtir ko‘zlari sho‘x chaqnab:
— Menga qara, og‘ayni, — dedi entikib. — Boshlarini aylantirib ko‘rmaymizmi, bularning? Kichkinasi hali yosh. Eplasang qitiq patiga tegib, o‘ynashib yurishing mumkin. Lekin kattasi menbop ekan! Nima deysan?
Esimga shtabdagi ofitserlarning shivir-shivir gaplari tushdi: rus ofitserlarining yapon qiz-juvonlari bilan aloqada bo‘lishlari qat’iy man etilgan. Kimki, bu masalada qo‘lga tushsa shafqatsiz jazolanadi!..
— Be-e, — dedi mayor bepisand qo‘l siltab. — Chumchuqdan qo‘rqqan tariq ekmas! Olloi taolo oldimizga shunday bebaho ne’matlarni qo‘yib qo‘yipti-yu, biz bu ne’matni tatib ko‘rmasdan o‘tib ketamizmi bu dunyodan! — Mayor shunday deb xitob qildi-yu, to‘satdan:
— Oziq-ovqatlardan nimalaring bor? — deb so‘radi.
— Hamma narsa! Siz spirtdan boshqa hech narsani iste’mol qilmaysiz-ku, o‘rtoq mayor!
— Bo‘lmasa bunday qil! — dedi mayor gapimni bo‘lib. — Bir quti top! Unga bir-ikki banka quyiltirilgan sut, bir-ikki xalta galet sol. Ular galetni o‘lguday yaxshi ko‘rishadi! Bir-ikki dona kolbasa sol! Ungacha men bir xat yozib qo‘yaman.
— Ular til bilishmaydi-ku? Qanday tushuntiraman?
— Lapashang. Shuncha yashab ko‘rmadingmi?, Opa-singillarning mittigina ruscha-yaponcha lug‘atlari bor. Doim ko‘kraklariga bosib o‘qib yurishadi-ku! Bor, buyruqni bajar!
Yerto‘laga tushib, karton quti topdim. Uni mayor aytgan noz-ne’matlarga to‘ldirib chiqdim. Xo‘jayinim hamon junbushda, betoqat kutib o‘tirardi. U bir parcha qog‘ozni ko‘rsatib:
— O‘qib ko‘r! — dedi. — Sendan yashiradigan sirim yo‘q!
Mayorning xati bor-yo‘g‘i bir ikki jumladan iborat edi.
«Chiko san! Men seni sevaman. Juda-juda sevaman! Kechasi qorong‘i tushganda kutaman. Kelmasang o‘lib qolaman. Seni qattiq quchib, mayor Misha Nogov».
— Qalay, boplabmanmi?
Mayor tor xonani boshiga ko‘tarib xushnud kuldi.— O‘tmish tajribamdan bilaman: bunaqa xat olgan birorta qiz-juvon rad etgan emas! Sen jo‘jaxo‘roz bu ishda nimani ham tushunasan? Birorta qizni o‘pganmisan o‘zi? — Mayor o‘ziga yarashgan ingichka mo‘ylavchasini silab, yana qah-qah otib kuldi. Endi bunday qilasan, og‘ayni! Qutichangni anov archaning tagiga yashirib qo‘yasan-da, anovi kichkina shaytonchani imlab chaqirasan.
— General ko‘rib qolsa-chi?
Ko‘rib qolganda nima qilardi seni? Rus ofitseri yapon qiziga oshiqu beqaror bo‘lganidan iftixor qilsin bu pati yulingan qari xo‘roz! Opasi bilan mening oramda pochtalon bo‘lishi kerak bu mug‘ombir shaytoncha! Agar shunga ko‘ndira olsang — xo‘p-xo‘p! Ko‘ndira olmasang shtabdan haydab yuboraman! Yurasan mashqlarda kechayu-kunduz yer emaklab! Bor, jangovor buyruqni bajar! Ana, o‘zim bilganday hovlidan chiqib, archalarga suv sepyapti! Nikohlab beraman uni senga!
Haqiqatan, mittigina Moriko qo‘lida uzun shlanga, yalang oyoq, yengsiz ich ko‘ylak va kaltagina trusikda, archalarga suv sepmoqda edi.
Haqiqatan, umrimda qizlar bilan erkin muomala qip ko‘rmagan sodda yigitcha, yuragim patir-putur qilib hovliga chiqdim. Qutini biz tomondagi archa tagiga qo‘yib, Morikoni imlab chaqirdim. Chaqirar ekanman men negadir uni hurkib qochadi, — deb o‘ylagan edim. Moriko esa qo‘lidagi shlangni otib yubordi-da, dik-dik sakrab, chopqillab yonimga keldi (chamasi, opa-singillar bizdan mana shunaqa bir ishorani kutib yurishgan ekan-ov). U shunday yaqin keldiki, men qizning yengil nafasini tuydim, ich ko‘ylagi tagidagi endigina turtib chiqqan va nimasi bilandir uchlik handalakchalarni eslatadigan ko‘kraklari ko‘ksimga tegib, vujudimdan o‘t chiqarib yubordi. Uning xiyol qiyg‘och timqora ko‘zlari kulib turar, ko‘z qorachiqlarining o‘rtasida allaqanday tilla nuqtalar oftob zarralariday yaltillab turardi.
— Bu senga, — dedim men qutini ochib.
Moriko qiqirlab kuldi.
— O-o, juda ko‘p-ku! — dedi u rus so‘zlarini yaponcha talaffuz qilib. Uning kulgisi ham, rus so‘zlarini buzib talaffuz qilishi ham endigina tilga kirgan go‘dakning bidirlashiday yoqimtoy edi.
— Bu esa opangga, Chikoga! — dedim mayorning xatini uzatib. — Sir emas! Xohlasang o‘qib ko‘rishing mumkin!
Moriko xatni, olib, ko‘z yugurtirib chiqdi-da:
— Men hozir, hozir! — deganicha chopqillab hovlilari tomon ketdi. Haqiqatan yangilishmagan edim, opa-singillar anchadan beri bizdan ishora kutib yurishgan ekan, chamasi! Mayor derazani ochib:
— Nima bo‘lyapti o‘zi? — deb so‘radi betoqat bo‘lib. Beixtiyor kulib yubordim.
— Shoshmang, osh pishyapti. Opasi bilan gaplashgani ketdi!
Moriko zum o‘tmay yaponcha-ruscha so‘zlagich-lug‘atni ko‘kragiga mayin bosib qaytib chiqdi. Bu safar u boyagidan ham quvnoq, chehrasida bolalik sho‘xligi barq urib turardi.
— Opam rozi, — dedi u, bir menga qarab, bir so‘zlagichdan so‘z qidirib, — Faqat bugun emas, keyin, ertaga.
— Nega?
— Chunki... — U yana so‘zlagichni varaqladi. — Chunki... qiz-bola darhol rozi bo‘lsa... uyat bo‘ladi! — U bolalarcha quvnoq kuldi-da, qutichani yengilgina ko‘tarib olib, dik-dik sakraganicha hovlilari eshigida g‘oyib bo‘ldi.
Og‘zim qulog‘imda mayorning oldiga chopdim. Mayor, gapimni eshitib darg‘azab bo‘ldi.
— Nega bugun emas, nega ertaga kelarkan? — baqirdi u. — Jangovor vazifani yaxshi bajara olmading, birodar! Bor, qayta gaplash! Ana, kichkina yana suv sepyapti. Unga ayt, tushuntir! Bugun kelmasa komandirim o‘lib qoladi, de!
Bu safar Moriko mening gapimga xomushgina javob berdi.
— Mayli, aytib ko‘raman opamga! — U istar-istamas uylariga kirib ketdi-da, anchadan keyin kulimsirab qaytib chiqdi.
— Mayli, kapitan o‘lib qoladigan bo‘lsa... o‘lib qolmasin bechora, chiqaman, dedi opam! — Moriko sho‘x kulganicha qochmoqchi bo‘ldi, yalang‘och bilagidan shap ushladim.
— Sen ham kel, Moriko, kelasanmi? — hayajondan nafasim bo‘g‘ilib so‘radim undan. U qo‘lini tortib olmasdan:
— Nima qilamiz? — dedi ko‘zlari kulib.
— Gaplashib o‘tiramiz.
— Bor-yo‘g‘i shumi?
— Agar rozi bo‘lsang... rozi bo‘lsang bitta o‘paman. Moriko tim qora qisiq ko‘zlarini o‘ynatib:
— Yo‘q, menga o‘pishish mumkin emas! — nozlandi Moriko.
— Nega?
— Chunki... chunki men kichkinaman!
U shunday deb, kaftini yelkamga qo‘ydi.
— Men ham senday bo‘lganimda o‘pishishim mumkin!
U xandon otib kuldi-da, qo‘lini qo‘limdan yulib olib tura qochdi.
Bu safar mayor xursand bo‘lib:
— Mana bu boshqa gap, soldat!— deya yelkamga qokdi.— Lekin qachon kelarkin? Soatini aytmabdi-da!
— Soatini nima qilasiz? Qorong‘i tushganda keladi-da? Sabr qiling picha!
— Bor, bor, ishingni qil! — dedi mayor. — Yotib hurrakni otaver, ishing bo‘lmasin biz bilan.
Shuncha sa’y-harakatlarimdan keyin qanday ishim bo‘lmas ekan?
Men mayorning o‘z xonasida, qafasdagi sherday betinim odimlashiga quloq solib, uzoq yotdim. Qorong‘u tushdi hamki, Chikodan darak bo‘lmadi. O‘zimni chalg‘itish uchun asta-sekin Moriko haqida o‘ylay boshladim. O‘ylashim bilan dilimni oftobday yorug‘ bir tuyg‘u chulg‘ab oldi. Men negadir uning bugun bo‘lmasa ham erta-indin kelishiga amin edim. Agar kelsa... nima bo‘ladi, nima qilaman-a? — bu savoldan yuragim o‘ynab, vujudimni titroq bosardi...
Shirin xayollar og‘ushida dong qotib uyquga ketibman. Ertalab mayor ko‘rpamdan tortqilab uyg‘otdi.
— Sen menga xizmatkormisan, yo men senga malaymi? Tush bo‘ldi-ku, dangasa! — mayor yosh boladay ishshayib turardi.
— Chiko san keldimi, o‘rtoq mayor?
Mayor mo‘ylovchasini silab, masxaraomuz kuldi.
— Keldimi emish! Hozir ketdi! Shunday muloyimki, ipak deysan. Naq urg‘ochi mushuk deysan! Qo‘lingda ipakday eshiladi-ya, qizg‘ar! Yo‘q! — Sochlarini to‘zg‘itib boshini silkidi u. — Kamina umrimda ne-ne go‘zallarni ko‘rganman. O‘zimizning rus Maruskalarini deysanmi, xoxlushkalarni deysanmi, polyachkalaru, nemkalar deysanmi? Faqat sening o‘zbek qizlaringni tatib ko‘rmaganman! — dedi u, — chamasi meni xursand qilmoqchi bo‘lib. — Toshkentda xizmat qilganimda ko‘p harakat qilganman. Biroq, hech narsa chiqmagan! Bizning maruskalar hamma bilan yuraverishadi. O‘zbek bilan ham, gruzin bilan ham! Ammo senlarning qizlaringni tuzog‘imga ilintira olmadim. Lekin o‘ylaymanki, ular ham yaponkalarga tenglasha olmaydi. Bular batamom boshqacha bo‘larkan... Xo‘p, mayli!
Mayor, go‘yo o‘z gaplaridan o‘zi xijolat chekkanday qattiq tomoq qirib oldi.
— Endi bunday qilasan, — dedi u, buyruq ohangida. — Qurib ketgur Chiko spirt ichmas ekan. Bir-ikki shisha vino topish kerak, do‘stim! Sen bugun shtabga ham bormay qo‘yaqol. To‘g‘ri omborxonaga chop. Ombor mudiriga ayt, mayor yubordi de! Yerning tagidan bo‘lsa ham bir-ikki shisha vino topib berar ekansan, de! Agar topib bermasang... mana bu yeringga! — mayor ketini shapatilab xaholab kuldi. Tepar ekan, de! Jangovor vazifa ayonmi, og‘ayni?
— Ayon, o‘rtoq mayor!
— Ayon bo‘lsa... buyruqni bajar! Uylarni yig‘ishtir. Ehtimol kichkinangni ko‘ndirarsan. Ehtimol, u ham kelar kechqurun. Agar kelsa... ikkimiz boja bo‘lamiz!
Mayor xushchaqchaq kayfiyatda shtabga ketdi. Men darhol durbinga yopishdim. Yo‘q, na Chiko ko‘rinadi, na kichkina! Shunday bo‘lsa ham o‘sha kuni ro‘y berishi mumkin bo‘lgan totli onlardan yuragim hapqirib ishga kirishdim. Uyni yig‘ishtirdim, avval mayorning, keyin o‘zimning kiyimlarimni dazmolladim. So‘ng, to‘rvamni qo‘ltiqlab omborxonaga chopdim. Ombor mudiri mayorning qadrdon oshnasi edi. U gapimni eshitib:
— Polk komandiriga op qo‘ygan bir-ikki shisha vinom bor edi. So‘rab qolsa nima qilaman? — deb to‘ng‘illadi. Biroq yo‘q deyolmadi. Shishalarni qalin qog‘ozga o‘rab berdi, berarkan:
— Nima balo, birorta yapon qizlari bilan topishib qolmadimi xo‘jayining? — deb so‘radi.
— Yo‘q, og‘ayningiz yapon qizga qararmidi, — dedim gapini cho‘rt kesib. — Bilasiz-ku, do‘sti-birodarlari ko‘p. Har kuni kechqurun yig‘ilishadi. Maishat!
— Sen bola unga qarab yur. Jinnilik qilmasin. Qat’iy buyruq bor. Yapon qiz-juvonlari bilan ilakishib qolgan ofitser... mayor bo‘lmoq tugul, general bo‘lsa ham... — ombor mudiri xuddi mayorga o‘xshab ketini shapatiladi. — Mana bu yeridan tepki yeb, armiyadan quviladi!
Ombor mudirining gaplari bu qulog‘imdan kirib, u qulog‘imdan chiqib ketdi. Kayfim chog‘ (xo‘jayinimning ikkinchi jangovor topshirig‘ini yest qilyapman), xayolimda hamon o‘sha: «Moriko kelarmikan, kelsa nima bo‘larkan?» degan totli o‘y, ikki shisha sharobni xaltachamga urib uyga chopdim.
Moriko, egnida kechagi yengil kiyim, yalang oyoq, qo‘lida jo‘mragi teshik idish, derazamiz tagida gullarga suv separdi. Ko‘nglimda o‘sha ishonch, shitob bilan yugurib oldiga bordim.
— Moriko, yur, oldimga kir!
Moriko suv sepishdan to‘xtab, ko‘zlarimga tikildi.
— Nima qilamiz?
Moriko lablariga noz aralash mug‘ombirona tabassum yugurdi.
— Gaplashib o‘tiramiz.
— Quruq gapdan nima foyda?
— Ho‘liyam bor, — dedim xaltamdagi shishalarni ko‘rsatib.
— Men sharob ichmayman! — dedi Moriko.
— Moriko! — dedim yolvorib. — Jonim Moriko!
— Mayli, — Moriko, yoqimtoygina iljaydi. — Agar tegmasang kiraman. — U shunday dedi-da, go‘yo g‘aroyib kapalakday lip etib, uyimiz eshigidan kirib g‘oyib bo‘ldi.
Yuragim hapqirib orqasidan kirdim.
Bir zumda boyagi jur’atimdan asar ham qolmagandi.
Moriko mening xonamda, koravotimda o‘tirardi. Bir zumda uning boyagi o‘yinqaroqligidan asar ham qolmagan. Timqora qiyg‘och ko‘zlariga allaqanday chuqur mung cho‘kkandi!
Yoniga o‘tirdim.
— Senga nima bo‘ldi, Moriko?
Bu mening xonam edi, — u chuqur tin oldi. — Ana u devorlarning hammasini o‘z qo‘lim bilan chizgan suratlar, o‘zim tikkan kashtalar bilan bezatib qo‘yardim...
— Nega ularni op ketding? — dedim, dedimu o‘z savolimdan ijirg‘anib ketdim.
Moriko yalt etib qaradi, uning muloyim chehrasida nafratga o‘xshash sovuq bir ifoda paydo bo‘ldi.
— Nega men o‘zim chizgan rasmlarim-u, mehr bilan tikkan kashtalarimni bizni xor qilgan askarlarga qoldirib ketarkanman! — dedi u kutilmagan bir qahr bilan.
Nima deyishimni bilmay talmovsirab qoldim.
— Moriko, qo‘y bu gaplarni...
— To‘xta — dedi u, xiyol yumshab. — Ro‘paradagi xonada opam Chiko eri bilan turishardi, xo‘jayining yashayotgan xonada esa (otes, — dedi u), otam bilan marhum onam turardilar. Eshik — derazalarning hammasiga chiroyli darpardalar osib qo‘yardik. Tuvaklarda gullar, xonalarda qimmatbaho to‘qima stollar, kreslolar bo‘lardi. Endi hammayoq ship-shiydon...
Men uning qizlarga xos nozik, nimjon yelkasidan quchdim.
— Biz soldatlarmiz-ku, Moriko. Soldatlarda nima ham bo‘ladi? Undan ko‘ra bitta o‘ptir.
— Qo‘yib yubor, — dedi Moriko.
— Qo‘yvormayman. Bitta o‘paman!..
— Qo‘yvor, — dedi u qimir etmay... Bilib qo‘y, men juda kuchliman. Ishonmaysanmi? Mana! — u bir talpindi-da, xuddi ho‘l baliqday sirpanib, quchog‘imdan chiqib ketdi va bolalarcha sevinib kuldi. — Bilib qo‘y, men Port-Artur shahar gimnastkalari orasida birinchilikni olganman. Ishonmaysanmi?
— Ishonaman, ishonaman, Moriko...
— Yana bilib qo‘y, go‘zal qizlar musobaqasida ham birinchi o‘rinni egallaganman! Diplomim bor! — dedi u, yana o‘sha bolalarcha yoqimtoy g‘urur bilan. — Mana, qara! — Moriko shunday dedi-da, turgan joyida bir sakrab boshi shipga tekkuday balandlikka ko‘tarildi. So‘ng, allaqanday cheksiz go‘zal bir harakat bilan havoda chir aylandi-yu, dik etib oldimga tushdi. U ko‘zlari yonib, kulib turar, o‘ziyam tengsiz suluv, tengsiz yoqimtoy bir qizchaga aylangan edi.
— Moriko, sen Port-Artur emas, jahon go‘zallari musobaqasida ham go‘zallar go‘zali, degan nom olasan hali! Ke, o‘tir!
— To‘xta! — dedi u. — Qo‘lingga erk berma. Men o‘zim seni o‘pib qo‘yaman!..
U egilib, sal do‘rdoq, mayin lablarini labimga tekkazdi. Uning lablaridan shakar qo‘shilgan galet-pichinon mazasi, asal ta’mi kelardi.
Nazarimda, xonam, nainki xonam, butun jahon ajib bir nurga to‘lganday tuyuldi-yu, qizning iltijosi yodimdan chiqib, tol chiviqday ingichka egik belidan quchdim.
— Qo‘yib yubor, soldat! — Moriko xuddi boyagiday aql bovar qilmaydigan nozik bir harakat bilan baliqday sirpanib, quchog‘imdan chiqdi.
— Xayr, soldat! — U yana o‘sha bolalarcha quvnoq ovozda xandon otib keldi-da, tag‘in g‘aroyib kapalak misol o‘zini eshikka urdi. Men dod deganimcha o‘rnimda qoldim, qimir etishga majolim qolmagan edi.
Shundan keyin bir haftami, o‘n kunmi men uchun Morikoning sho‘x qiliqlari, yoqimtoy erkaliklari, asal ta’mi keladigan, nurga to‘lgan ajib kunlar, mayor uchun esa to‘yga aylangan tunlar boshlandi. U har kun ertalab oldimga kirar va mo‘ylavchasini burab, bir xil gapni takrorlardi.
— Yo‘q, bu yapon qizlariga teng keladigan qizlar yo‘q! — Men juda ko‘p jononlarni ko‘rganman, lekin bunaqasini ko‘rmaganman! — deb xitob qilardi. Va u har kuni bir xil savol berardi.
— Xo‘sh, sening ishlaring nima bo‘lyapti?
— Yomon emas, o‘rtoq mayor...
— O‘pishdan nari o‘tdingmi?
— Yo‘q, o‘rtoq mayor...
—Latta! — derdi u boshimdagi pilotkamni yuzimga ishqab. — Battar bo‘l, lapashang!
Afsus, olamni nurga to‘ldirgan bu g‘alati kunlar nari borsa bir hafta-o‘n kun davom etdi-yu, kutilmaganda taqa-taq to‘xtadi. U bamisoli osmonu falakni qaldiratib kelgan momaqaldiroq, bamisoli chelaklab quygan jaladek kelib, jaladay birdan to‘xtadi-qoldi. Chamasi, general hamma narsadan voqif bo‘lgan-u qizlarini qamab qo‘ygan edi. Soch-soqoli o‘sib, uvada kiyimlarga o‘ranib olgan devonasifat general, ba’zan-ba’zan hovlisida tanho ko‘rinib qolar, uyoqdan buyoqqa telbalarcha aylanarkan, byz tomonga yovqarash qilib qo‘yardi.
Mayor bir kun chidadi, ikki kun chidadi, uchinchi kun kechqurun shirakayf holda kirib keldi. G‘azabdan qorayib ketgandi.
— Miyasi aynigan bu chol nima qilyapti o‘zi? — dedi u durbinni ko‘ziga tutib. — Qizlarini yerto‘laga qamab qo‘yganmi? Agar bugun ham ularni qo‘yib yubormasa... Kechasi otib tashlayman bu iflosni!
Mayor shunday deb g‘ijindi-yu, to‘satdan:
— Ie, ie, qayoqqa otlandi bu telba chol, — deb xitob qildi, — Generallik liboslarini kiyib opti-ku? Kim ruxsat berdi unga.
Shu payt generalning g‘arib kulbasini to‘sib turgan qator archalar orasidan general o‘zi chiqib keldi. U g‘ovlab ketgan soqolini qirtishlarkan, egnida haqiqatan ham generallik kiteli, boshida yapon gerbi qadalgan furajka, oyog‘ida yalt-yalt etgan etik edi. General biz tomonga qaramasdan, qovog‘ini uygancha, boshini kulgili darajada mag‘rur tutib, eshigimiz yonidan o‘tib ketdi.
Mayor yelkamga shapatilib buyurdi:
— Chop, boltani olvol! Agar yerto‘lasining eshigini qulflab qo‘ygan bo‘lsa... Qulfini buzib bo‘lsa ham, qamoqdan chiqar qizlarni!
— Avval razvedka qilib ko‘ray-chi! — deb, generalning hovlisiga qarab ketdim. Qulfni buzishning hojati bo‘lmadi. Hovliga yaqinlashib qolganimda uydan «lip» etib Moriko chiqdi, chiqdi-yu, qo‘limdan «shap» ushlab, o‘ng tomondagi qalin archazorga sho‘ng‘idi:
— Yur, tezroq, otam kep qolmasin!
Yuzimga archa tikanlari igna bo‘lib sanchildi. Biz archazorning oxiridagi kaftdekkina ochiq joyda to‘xtadik.
Oftob botgan, ammo kun hali yorug‘, dengiz tomondan mayin shabada esadi. Morikoning yuzi biroz so‘liqqan, u entikar, og‘ir-og‘ir nafas olardi.
— Biz bugun vidolashamiz! (proshay-proshay qilamiz), — dedi u.
— Nima bo‘ldi o‘zi? Nega to‘satdan proshay-proshay qilasanlar? Opang Chiko qani?
— Chiko hozir komandiringga boradi. Bir minutga boradi. Proshay-proshay qilgani boradi! Moriko ko‘z yoshlarini arta-arta bo‘lgan voqeani gapirib berdi. Uning aytishicha, general hamma voqeadan voqif bo‘lgan. «Men kim, palonchi jangovor generalning qizlari o‘z otalarining g‘ururini yerga urib, dushmanim ofitserlari bilan yursa... bu qanday sharmandalik, undan ko‘ra otalaringni o‘ldiringlar, toptanglar! — deb nola qilgan. — Men bu sharmandai-sharmisorlikni ko‘tara olmayman, men rus ofitserining boshliqlariga borib, bor voqeani aytib beraman, uni armiyadan haydataman. Men bilaman, ular rus ofitserlarining yapon qizlari bilan yurishini qat’iy ta’qiqlashgan!»
General shunday deb baqirib-chaqirib xuddi bugungiday generallik liboslarini kiya boshlagan. Shunda Chiko ham baqirib, — ota, agar siz bu ishni qilsangiz, men shu bugun kechasi o‘zimni anov archaga osaman!— deb faryod qilgan. Shundan keyin ota-bolalar quchoqlashib uzoq yig‘lashgan, opa-singillar rus ofitseri bilan qayta uchrashmaslikka va’da berishgan. Bu gapdan keyin general yapon vakolatxonasiga borib, yurtlariga tezroq jo‘natishlarini iltimos qilgan. Ular ertalab poezdda Dalniy degan katta portga borishadi. Portda yapon harbiylarini olib ketadigan ulkan kemaga tushib, o‘z ellariga, Yaponiyaga ketishadi...
— Hozir sen bilan vidolashamiz... proshay-proshay qilamiz!
Moriko shunday dedi-da, o‘pkasi to‘lib, o‘zini quchog‘imga otdi, ko‘z yoshlari bilan yuvilgan mayin yuzini yuzimga bosib:
— O‘p! — deb yolvordi. Istaganingcha o‘p meni! Oldingi safar galet ta’mi kelgan yupqa lablari ko‘z yoshlaridan sho‘r edi. Men ham uning holiga tusha boshlagan, tomog‘im xippa bo‘g‘ilgan edi.
Moriko o‘ng qo‘limni ko‘kraklariga bosib:
— Silab qo‘y! — deb ingradi. Uning mitti ko‘kraklari uchlik xandalakchalardan ham qattiq, ham mayin edi. Qo‘llarim tegishi bilan Moriko, xuddi og‘ir uyqudan uyg‘onib ketganday, ko‘zlarini katta ochdi-da, nozikkina sirpanib quchog‘imdan chiqdi.
— Senlarda!.. ruscha emas, sening tilingda sevganini, juda-juda sevganini nima deydilar? — so‘radi u, hamon titrab!
— Jonim deyishadi, jonginam deyishadi. Moriko o‘zini archalar orasiga otdi. U yerdan uning yig‘i aralash:
— Xayr, jonim, jonginam! — degan ovozi keldi... ... Chamasi, Chiko kelib ketgan, mayor o‘z xonasida to‘qima kresloda boshi xam, mung‘ayib o‘tirardi, oldida bir banka spirt bilan bir buxanka qora non turardi. U mening kirganimni sezib, xira ko‘zlarini ochdi.
— Bunday, og‘ayni! — dedi u menga mastona tikilib. — Ular erta tong jo‘nashar ekan. Sen anov deraza tagidagi gullardan ikki guldasta tayyorla. Ertaga poezdga chiqib kuzatib qo‘yamiz.
— Qandoq bo‘larkin, o‘rtoq mayor? Axir taniqli ofitsersiz, shtab boshlig‘isiz.
Mayor qulochkashlab stolni urdi. Spirt quyilgan banka, bir bulka qora non qurbaqalarday dik-dik sakrab, polga tushdi.
— Mening nima bo‘lishim bilan ishing nima sen churvaqaning? Bor, buyruqni bajar!
Vokzal uzoq emas, uyimiz bilan uning oralig‘i nari borsa, bir chaqirim kelardi. Mayor meni uyg‘otganda, atrof-tevarak g‘ira-shira edi. Chamasi Morikolar ketib bo‘lishgan edi. Aftidan, yaponlarni kuzatib qo‘yish qat’iyan ta’qiqlangan bo‘lsa kerak, perron bo‘m-bo‘sh edi. Ammo vagonlar Port-Arturni tashlab ketayotgan oilalar bilan to‘la, bolalar qiy-chuv qilishgan, ayollar bir-birovlarini quchib yig‘lashar edi.
Morikolar parovoz yaqinidagi uchinchi yo to‘rtinchi vagonga joylashgan ekanlar. General ko‘rinmas, opa-singillar, chamasi biz bilan vidolashish umidida, deraza oldida tippa-tik turardilar.
Bizni ko‘rib ikkovi ham, chehralari go‘yo birdan oftob chiqqanday, yorishib, deraza oynalarini tushirdilar. Chiko, guldastaga yuzini yashirib, ho‘ngrab yubordi. Moriko esa... Moriko, bola emasmi, ko‘zlari jiqqa yosh, kulib turardi. Biz bir-birlarimizga bir og‘iz ham so‘z aytishga ulgurmadik, parovoz uzoq chinqirib, o‘rnidan jildi.
Chiko hamon yig‘lardi. Moriko ko‘z yoshlarini artib qo‘lini silkitdi.
— Sizlarda sevishganlar bir-biriga nima deydi, deganding? — qichqirdi Moriko.
— Jonim, jonginam deyishadi, Moriko.
— Jonim! — dedi u. Alvido, proshay, proshay, jonim!
Oxirgi vagon muyulishda g‘oyib bo‘ldi. Biz jimgina odimlab birdan bo‘shab qolgan perron bo‘ylab ketdik.
Perronning oxiriga borib qolganimizda, orqadan:
— Mayor! — degan qat’iy, dag‘al ovoz eshitildi. Baland bo‘yli podpolkovnik bilan ikki kichik ofitser shitob bilan yaqinlashib kelardi. Ular yonimizga kelib, bizni qurshab olishdi.
— Sen, soldat, — dedi polkovnik. — Polkingga qaytaver. Mayorning uyiga emas, polkingga, tushundingmi? Siz esa, mayor (u o‘rtoq demadi faqat mayor dedi), biz bilan yurasiz!
Mayor, masxaraomuz g‘oz turib:
— Yest, siz bilan yuraman! — deb kaftini chakkasiga tiradi.
Podpolkovnik o‘z ofitserlari bilan mayorni qayoqqadir olib ketdi. Men polkka emas, mayorning uyiga qaytdim. Mayor kechqurun qosh qorayganda qaytib keldi. Uning yelkasidagi pogonlari yo‘q, o‘zi esa shirakayf edi.
— Endi bunday, og‘ayni, — dedi u yelkamni quchib.— Ertalab polkingga borasan, uchinchi batalon, to‘qqizinchi rotada xizmat qilasan. Lekin men batalon komandiriga tayinladim: yaxshi yigit, savodi joyida, dastxati ham chiroyli, dedim. Ehtimol batalon shtabiga olishar!
— Siz-chi? — dedim, — Sizning taqdiringiz nima bo‘ladi.
U sochlarini silkitib g‘amgin kuldi.
— Mening taqdirim! Na to‘rt yil urushda qilgan xizmatlarim, maqtanib aytay, ko‘rsatgan qahramonona ishlarim, na nemis akoplarining sim tikonlarini kesib o‘tib yelkamda sudrab o‘tgan asirlarim... birortasi inobatga olinmadi! Meni armiyadan haydashdi. Ajabo: sevgim uchun haydashdi! — asabiy kuldi u. — Endi nima qilaman? Uzoq Sharqqa ketaman. Birorta savdo kemasiga matros bo‘lib yollansam ham, kema o‘txonasiga ko‘mir otib turadigan kochegar bo‘lib ishlasam ham, Yaponiyaga boraman. Chikoni izlab topaman. Ehtimol o‘sha tomonlarda o‘lib ketarman. Xo‘p, bor, uxla, men juda charchadim, og‘ayni...

* * *

Biz Interkontinental mehmonxonasining ko‘rkam foyesida uchrashdik. Odam gavjum, chamasi bu joy xorijdan kelgan ko‘p tadbirkorlarning ish maskaniga aylangan. Odam ko‘p bo‘lsa ham, men foyega qadam qo‘yishim bilanoq o‘ng qo‘lda muzqaymoq yeb o‘tirgan er-xotinga ko‘zim tushdi. Yaponlarning yoshini bilish qiyin. Keksalari ham ba’zan yosh ko‘rinadi. Janob millionerning sochlariga hali qirov qo‘nmagan, qop-qora bo‘lib yaltillab turar, o‘zi salobatli, vazmin ko‘rinar, burniga tilla bandli ko‘zoynak qo‘ndirgan, egnida qimmatbaho qora kostyum. Xonim esa... kalta qirqilgan kulrang sochlarining o‘rtasidan, qoq peshonasidan orqaga taralgan bir tarami qizg‘ish rangga bo‘yalgani uchunmi, g‘alati ko‘rinar, upa-elikdan mohirona foydalansa kerak, yuzida bitta ham ajin yo‘q, sip-silliq, faqat kulganda (buni men keyin sezdim) lablarining chetlarida bilinar-bilinmas ajinlar paydo bo‘lardi. Egnidagi kiyimlari ham oddiygina, oyog‘idagi tuflisi ham jo‘ngina, faqat o‘ng bilagi va barmoqlarida yoqut ko‘zli yirik uzuk va bilakuzuklar yaltillardi.
«Bu o‘sha Morikomi yo boshqa bir nozaninmi?»
Yaqinlashar ekanman xonim o‘rnidan turib, nozik oppoq qo‘lini cho‘zdi. (Mitti Morikoning mitti kaftlari).
— Janob falonchi?
Tasdiq ma’nosida bosh egdim.
— Marhamat, o‘tiring, — dedi xonim.
Ruschani tuzukkina gapirar, faqat talaffuzi o‘sha-o‘sha, yoqimtoy edi.
Men o‘tirishim bilan janob millioner xonimga bir narsa deb o‘rnidan turdi.
«Erimning ishlari ko‘p, sizdan uzr so‘ryapti», — dedi xonim.
Biz yolg‘iz qoldik. Xonim, hanuz yodimdan chiqmagan dilbar qizchaga bir o‘xshar, bir o‘xshamas edi... Uning hamon tiyrak, timqora ko‘zlari hanuz chaqnab turar, faqat ko‘z qorachig‘ida tilla zarrachalari so‘ngan edi.
Gapimiz qovushmas, mengina emas, xonim ham o‘zini noqulay sezardi. O‘rtaga cho‘kkan noqulay sukunatni buzish istagida Chikoni so‘radim. Xonim og‘ir xo‘rsindi. Chiko bultur olamdan o‘tibdi. U boshqa er qilmapti. Generalning o‘lganiga esa 10—15 yildan oshibdi. Men mayorni so‘radim, bormadimi, dedim, dedimu xijolat chekdim.
Xonim qoshlarini chimirib:
— Mayor? — deb so‘radi va kuldi. — Rusi kapitan? Yaxshi odam edi.
— Bormoqchi edi, Chikoni izlab bormoqchi edi.
Xonim ma’yus jilmaydi.
— Yoshlik xayollari! Ertak!
Ko‘nglimdan beixtiyor: «Nima qilardingiz kelib, xonim, nima qilardingiz anov buloqday tiniq esdaliklarimizga rahna solib?» — degan fikr o‘tdi. Xonim go‘yo mening o‘ylarimni payqaganday chuqur tin oldi-da, hazin jilmaydi. Shunda u o‘sha, bir necha daqiqaga bo‘lsa ham, og‘ir soldatlik hayotimni ajib bir nurga yo‘g‘irgan mitti Morikoga juda-juda o‘xshab ketdi-yu, ichimda o‘z o‘ylarimdan xijolat chekdim. Axir kim bilsin, ehtimol bu xonim ham o‘sha yoshlik esdaliklari sabab meni yo‘qlab kelgandir? Ehtimol o‘sha beg‘ubor, musaffo tuyg‘ular goho-goho uning diliga ham quyilab kelgusidir. Gunohkorlarcha bosh egib, er-xotinni mehmonga chaqirdim. Moriko xonim, yaponlarga xos takalluf bilan tashakkur bildirdi va uzr so‘radi. Er-xotin Samarqandga, so‘ngra Buxoroga ketayotganliklarini aytdi. Qaytib kelganlaridan keyin qo‘ng‘iroqlashadigan bo‘ldik. Ammo na u telefon qildi, na men.
Sevimli yozuvchilarimdan biri Chexovning «Boloxonali uy» degan go‘zal hikoyasi bor. Uning qahramoni, agar yanglishmasam, yosh student, yozgi ta’til chog‘ida uzoq qarindoshlarining chorbog‘iga mehmon bo‘lib boradi. Qarindoshlarining ikkita qizi bo‘ladi. Kattasi Vera juda chiroyli, ammo erga chiqolmagan, baxtsiz qari qiz. Ikki yosh bir-birlarini sevib qoladi. Biroq baxtsiz opa, baxtli singlisiga hasad qilib, bir kechada uni olib qayoqqadir g‘oyib bo‘ladi.
Hikoya qahramonning «Qaydasan, Moriko», — degan nolasi bilan tugaydi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.