OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Olim Jumaboyev. Uchinchi kuch (hikoya)

Otaboy qiridan bir bo‘z yigit baqirdi:
“No‘‘mon akanikiga to‘yga... To‘ydan keyin kurash bo‘ladi”.
Elomon shoterakning tagini mo‘ljalga olib, bolta urarkan, ko‘nglidan o‘tkazdi: “Yelkamni yerga bosadigan chiqsa, boshqa kurash tushmayman. O‘tgan to‘ydagi chalayonbosh yetadi. Endi yigit bormi, meni otadigan”.
U dastani changallab, to‘g‘ri daraxtning jon joyiga bolta bo‘g‘zini qadab urdi, shoterak qattiq silkinib, “qisir” etib og‘ilga egildi. Elomon shartta daraxt uchiga o‘ralgan arqonni ushlab ko‘cha tomonga tortdi, daraxt kuch bermay yana molxonaga og‘di, u tishlanib, chiranib arqonni siltadi. Daraxtning boshi ko‘chaga qayrildi. U arqonni qo‘ydi.
Yo‘lda ketayotgan bobo gap tashladi:
— Buncha tirtanglading, azamat! Bitta jonsiz terak joningni olsa, jonlisi...
Cholning hazili Elomonni ham terlatdi, ham qizartirdi.
— Bizning davrimizda jonlini o‘tin yordirib berardi.
— O‘tin yorishdan qochmaymiz, Ne’mat bobo! — dedi u kulimsirab.
— Ha, yaxshi, kurashdan-chi? — dedi u do‘ppisini ko‘tarib boshini shamollatarkan. — Akang yo‘qmidi?
— Hasharga ketgan, Yangierga.
— Ob-bo, — dedi chol do‘ppisini kaftiga urib qoqib. — Hashar bugunga tiqilibdimi? Akangsiz kurash kurash bo‘ladimi?! Ishonganimiz sen bo‘lsang...
Elomon boshini quyi soldi.
Bobo uning oriyatini qo‘zg‘atdi:
— Endi akangning nomi uchun ham kurashishing kerak.

* * *

Yangierda Muhsin domla Karim dallolga kuyunib uqtirdi:
— Duvlon davra ko‘rib yuribdi. El “Qani?” deb, so‘raydi. Kurashdan qochgan yigit yigitmas. Og‘ziga kuchi yetmagan ko‘p; “Duvlon qo‘rqib-pisib yurgandir” desa, uyat emasmi?
— O‘nta qishloqdan polvon kelsayam, Elomonning o‘zi, bas! O‘tgan safar sho‘rbuloqlik qassobning o‘g‘li shumlik qildi-da! Bakovul ham og‘zidan suvi oqqan ekanmi... yo Xolbo‘taboy og‘zini yopganmi, indamadi-ya!
Dallol ariq tozalayotgan besh-olti yigitga bir muddat tikilib, imlashga chog‘lanib qo‘lini ko‘tardi-yu, yana tilini yutib to‘xtadi.
Duvlon dallolning qo‘l sermaganiga hayratlanib, quyoshga qaradi va tushlikka hali vaqt borligini bilib, cho‘kichni ushladi. Uning negadir ko‘ngli g‘ash, bezovta edi. Xayolni qurshagan o‘y tinchlik bermasdi: “Qo‘shni qishloqda Xolbo‘ta degan boy bari polvoningni sotib olaman deganmish. Moli ko‘pning solimiyam katta — tuya, ot hech gapmas. Ishqilib, solimiga uchmasin-da! Davraga xiyonat qildi, degan gap — o‘lim. Normatboyning urug‘i davradan boshini egib chiqmagan”.
U cho‘kich uchini toshloq ariqqa botirib tiqib kavlab borar, miyasini ukam yutqazib qo‘ymasin-da, degan o‘y parmalar, ishni tez bitirish istagi zo‘raygandan zo‘rayardi.
Bo‘z chopib, ariq bo‘yini tekislayotgan Rahim peshonasidagi terni artib, uni tezladi:
— Ey, Farhod bo‘p ket-ey! Kurash kunda bo‘layaptimi? Qishloqqa bir o‘tib kelmadik-da!
U ketmonni yotqizib, dastasiga o‘tirdi.
— Ish qochmaydi, hayda! Kech tushsayam, kelib ishlaymiz. Qaytangga ish unadi. Tiling qisiq bo‘lmasin, tur. Dallolga o‘zim aytaman, traktorini qo‘shadi.
Ariq boshidan Karim dallol hushtak chalib, imladi. Yigitlar asbob-anjomini yig‘ishtirib, o‘sha tarafga yurishdi.
— Sharmanda qilib o‘tirma tag‘in! Charchasang, ayt.
— Yo‘q...

* * *

Bakovul sho‘rbuloqlik Alim polvonning qo‘lini baland ko‘tarib, davrani aylantirdi:
— Talabgor bormi, Alimga?
Bakovulning ovozida noodatiy bir hadik bor edi. Go‘yo unga talabgor chiqsayam, bas kelishi gumon.
Ne’mat bobo bezovtalandi.
— Eh, yoshligim-a! Hozir turib ketaman, o‘tiraver pisib. Menga uyat-da, “Bitta yigit topilmabdi, cholning oriyatiga” deydi. Yigitmisan, yigitdek yasha-da, endi!
Elomon sapchib o‘rnidan turdi va choponini o‘rab cholning yonboshiga tashlab, o‘rtaga yurdi.
— Yiqilgan kurashga to‘ymaydi, degandek...
Kulgi ko‘tarildi, Elomon tishlandi.
Bakovul ikki polvonniyam o‘rtaga yetaklab, kurashni boshladi.
Elomon Alimning bilagidan changallab, shunday siltadiki, u chir aylanib bakovulning oldiga ko‘kragi bilan borib tushdi.
Davra qiyqirdi.

* * *

Karim dallol traktorini qirda to‘xtatdi. Ichidan dallol, Muhsin domla tushdi, telejkadan Duvlon, Rahim va yana to‘rt yigit sakradi. Olomonni ko‘rib barining aqli shoshdi.
El lom-mim demay tinch turarkan, ularni qarshilagan Xolbo‘taboy kekirib, dimog‘lanib gapirdi:
— Ovora bo‘p kepsan, endi kurash tush. Seni el taniydi, tanishtirib o‘tirmasin bakovul! Boyagi polvonni bossang, chori qo‘chqor seniki! Suruvdan tanlab olasan.
Duvlon davradagi polvonni ko‘rmay bosh silkidi.
Ne’mat bobo so‘kingach, boshini chayqadi:
— Esi yo‘q, yigit-ey! Ukang-ku! Bitta ko‘krakni ¬emgan aka-uka...
Duvlon qizardi.
Xolbo‘taboy boboga qarab o‘shqirdi:
— Aralashmang! Uka bo‘lsa, nima bo‘pti. Solimini olaveradi-da. Co‘z berdi, endi tushmasa...
Duvlon atrofga alangladi. Olomon hayqirdi, tezladi: “Qani Duvlon polvon, aka-uka bir ko‘ringlar-chi!”. Duvlon kim qichqirayapti — do‘stlarimi, hamqishloqlarimi yo begona, tuzuk anglolmadi.
Xolbo‘taboy olishuv narxini oshirdi:
— Yana bitta qo‘chqor...
“Ikki qo‘chqor” degan tovush atrofni tutdi.
Elomon akasiga angrayib tikildi. Butun vujudini allaqanday tuyg‘u chulg‘ab, bo‘shashdi.
Duvlon choponini yechib, Ne’mat boboning egniga yopdi-da, ukasiga yaqin yurdi.
Olomon hali-hanuz baqirardi.
U Elomonni mahkam quchoqladi-da, dast ko‘tarib yelkasiga oldi, birdan ovoz tindi, qichqiriq to‘xtadi.
Duvlon uni yanayam balandroq ko‘tarmoqchidek, joyida tik qotdi. Aka-uka davradan mag‘rur chiqib ketdi...

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 25-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.