OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Olim Toshboyev. Kiprik soyasi (hikoya)

«Barchani qo‘yingu men zorga yig‘lang».
Bedil


«Foniy dunyo bandalari nimani unutishadi?!»
«Hamma narsani. Hatto Tangrini ham».
Dunyoda odamlar bir-birlariga Kiprik yanglig‘ yaqin yashaydilar. Ammo... to‘ymaydilar bu yolg‘on Dunyoga, Mening esa... ruxsorim kipriklar soyasida nihon bo‘lur. Bebaqo olamning nolakor bandalari nogoh bandlaridan uzilsalar ham, yana so‘rayverar, to‘ymas qaro Yer...
Birgina kiprikdan ayro tushsam gar, sizib chiqaverar jolavash yoshlar...

* * *

Qabristonda ikki jon, tun qorasida tentiraydi. Birining qo‘lida fonus. Izma-iz, qorama-qora, go‘rlarni aylanib borishmoqda. Tun osuda, qurib xasga aylangan sho‘ra, kavrak, yantoqlarning shitir-shitiri kuloqqa qumdek quyuladi.
— Qulmamat, to‘g‘ringdagisi. Adashma. Fonusning piligini sal ko‘tarib, anavi joyga mahkamlab o‘rnat. Ehtiyot bo‘l, qabr boshida toshlar bor. Tag‘in bel taqirlab, girdimizga shovqin solmasin.
Yo‘l boshlab borayotgan qora, bosh irg‘ab, «mayli» degandek tasdiq imosini qildi. Fonus yorug‘ida bel dastalari yaltirab ko‘rindi. Ikki ko‘lanka go‘ristonning quyirog‘ida do‘mpayib turgan qabr boshiga kelib to‘xtadi. Girdo-gird sokinlikka bosh qo‘ygan. Bu ma’sum sukunatni qishloq itlarining cho‘zib uvlashi buzadi.
— Sattor, ko‘ngilni bo‘sh etma. So‘nggi choramiz shu. Xudoga osiy bo‘ldik. Na iloj. Emasa, urug‘imiz qirilib ketadi. Xudoning birligiga, sho‘r taqdirning g‘ulomi ekanligimizga shaqodat keltirib, shu ishni qilmoqdan boshqa yo‘l topa olmadim. Ollohu akbar! Qani, yo bismilloh!»
Azizlar mulki bu tun notinch bo‘ldi. Baqo mulki gulshanida sayr etgan ruhlar, bir manzildoshining chirqirab azoblanayotganidan fig‘on qilar edilar. Ruhlar diydirab, qondoshlari qo‘lida ezg‘ilanayotgan bir hammulklarining ahvoliga toqat qila olmadilar. Nurlar ko‘chib, Ruh diyori huvillab qoldi... Qabrni ochib bo‘lgan bu ikki suvrat, horib qolganiga qaramay, go‘r botinidagi murdani izlar edi. Banogoh... Tandirdek keladigan go‘r sahnida bundan o‘n oylar burun qo‘yilgan jasad... o‘sha tusda, oq kafan-libosga burkangai holda buzilmay turibdi. «Yo rab! YO pirim!»
Bu mudhish ko‘rgulik ikki jonni tamom gangitdi. Bezabon, bir-birlariga diydiragancha termulib kolishdi. «Nahot... Yo‘g‘-e, ko‘zga shundok ko‘ringandir. O’m oydan beri... Aql bovar qilmaydi-ya! Hammasi rost...» Ko‘rgan kishining aqlini shoshirib, yo‘lini yo‘kotadigan voqea edi. Yil chamasi oldin qo‘yilgan murda... O’z tusini yo‘kotmagan. Yo‘rgakdagi chaqaloq misol turibdi. «Nahotki, odamlar gapi rost bo‘lsa. Nahotki... murda chaqirayotgan bo‘lsa. Norizo edi-ya! Ortimda kolganlzrni birin-ketin yo‘qotaman, deb ahd qildimi ekan?! Ey, Xudo! Bu ne ko‘rgulikki, bizning faqir boshimizga yog‘dirishni iroda etibsan? Izma-iz uch tanni tuproqqa topshirdik-a?! E, voh, tuproqqa qorishib ketdi-ya!» Sattor hiqillab, xiyla fursat o‘zini bosa olmadi. Ko‘z yoshi daryo bo‘lib, kipriklari g‘iltillab yoshga to‘la berdi.
— Tangrim, men otamni... Qanday qilib... Qo‘llarim bilan... E, yo‘q! Sattor entikib-entikib, beldastaga suyangan ko‘yi o‘tirib qoldi.
— El-ulus nima deydi?! Padarkush demaydimi?! Qonxo‘r, zolim atamaydimi nomimni? Qishloqda qanday bosh ko‘tarib yuraman?! To‘y-azaga qaysi yuz bilan ko‘shilaman? Men — otajondorning eldan ayrilganim shu emasmi?! So‘fi bobo ruhi tutmaydimi meni? Aziz-avliyolar yuz o‘girmaydimi?! Ota yurtim deyishga til qolmadi menda. Ey, Xudo!
— Sattor! Bu mung‘ayib o‘tirishing bilan yurakni ezma, uka. Bo‘lar ishlar bo‘lib, bo‘yog‘i singdi-ku! O’tirgandan foyda yo‘q. Irimlarining ham padariga la’nat. Qurib ketmaydimi shu irim zoti. Boshimizda bor ekan, mana, ko‘rib turibmiz. Barcha amal-siylovlari kor bo‘lmadi-ku! Mana, ko‘rdik. Bib-binoyi bo‘lib turibdi. Hammasi rost. Jallodsifat bo‘lib bo‘lsa ham... Qilamiz. Haligi qanorga solib, soy ychyga sudrab o‘tsak bo‘ldi. U yerdan hech kim ko‘rmaydi. Shoyad, go‘r og‘ziga kelib qolgan singlimiz tuzalib ketsa. Bo‘ldi, tur. Hademay tong yorishib, elning qarg‘ishiga qolamiz».
Ikki suvrat murdani lahaddan olib chiqdi. Sattor hiqillab yig‘lab yubordi. Qulmamat zarba yegan odamdek «oh» tortdi. Qabr boshiga uyuyaib kolgan tuproqlar har yonga sochildi. Murdani qanorga solib, torta boshladilar. Qaro tun yana ham qaro tortdi.
Somon yo‘li bu tun xiyla yorug‘. Soy botinida gurillab yonayotgan mungli olov nidosi ko‘kka o‘rladi. Ko‘kda esa yulduzlar...

* * *

Olloh dargohidan so‘nggi payg‘ambarning gunohkor ummatlari makon aylagan ma’vo — Yerga tushgan maloika-farishtalar, diydalari qurib, o‘z dorus-saltanalariga parvoz etdilar. Yerda yana bir xunxo‘rlik voqe’ bo‘lgan edi...
Tong sahar mollarni dashtga haydab chiqqan qora ko‘zlar qabriston mulkida shamol qanotlarida pirpirab uchib yurgan kafan parchalarini ko‘rmadi. Sochilgan oq mato bo‘laklari axiyri shamol tegmas panohlarga berkindi... So‘fi bobo-— Ruhlar vatani o‘z sukunatini yana bag‘riga bosdi.

* * *

Sattor otasining qirqi kunlari onasini ham Xudoga topshirdi. Azroil omonatni marhumning zavjai ojizalaridan ham qaytarib oldi. Dunyo zulmatga do‘ndi. U shunday xilqat libosiga o‘randiki, bunda oy ham porlamas, quyosh ham nur sochmas edi. Yulduzlar sitilib ketgan munchoqlar kabi yerda dumalab yotibdi... Toshlar bilan hamsoya...
Bunda yolg‘iz dovul o‘kirardi. Sahro na’matlari sochilgandi, go‘yo. Hech kim hech kimga hech narsani ravo ko‘rmadi... g‘amdan bo‘lak. .»
Sattor bugun yana to‘shak girdida parvona. Ko‘z kosalari ichiga tortib ketgan, lablari oqarib, taram-taram yorilgan bemor shiftga termulib yotibdi. Hatto, chivinlarni ham haydashga intilmaydi. «Burun kataklari avvalgidan xiyla kattalashibdi. Barmoqlarining tirnoq osti eti ham qonsiz. «Ey, Xudo! Buni ham ko‘p ko‘rdingmi?! Yaratganning karg‘ishiga qoldimi bu uy?! Ketma-ket... Otamni topshirdik. O’lim haq, hammaning boshida bor deyishdi. Ko‘ndik. Qochib kutulish bandasining qo‘lidan kelmas ekan. Keyin... Onamiz... Bu safar hech kimdan sado chiqmadi. Onamni ham qaro yerga yig‘lab-siqtab qorishtyrdik. Endi esa... Nimalar bo‘lyapti o‘zi?! O’z oyog‘i bilan yurgan edi-ya! «Boshim-boshim»lab to‘satdan yiqildi. Shundan beri ahvoli og‘irlashib boryapti. Qushnoch momo ham emlab ketdi. Baxshiga quloq-boshini ham «torttirib» ko‘rdik. Do‘xturlarning davosi qumga singgan suvday yo‘qoldi. Barisidan naf bo‘lmayapti. Ey, Yaratgan egam! Bor shifo sendan. O’zing qo‘lla, Rahmon!»
Sattor Qushnoch momo lafz qilgan ko‘k qo‘yni to‘shakda yotgan ukasi boshidan aylantirib, Xudo yo‘liga, aziz-avliyolar, ota-onasi ruhiga bag‘ishlab qon chiqardi. O’shanda u «Kunning ko‘pi bilan yaxshi bo‘lib ketadi» degan taskinga ko‘ngil bog‘lagan edi. Afsuski, unday bo‘lmadi. O’ylari o‘tga tutashdi. Teskari aylanib ketdi tegirmon toshi.
Bu ko‘hna dahrning tasbeh toshlaridek aylanib kelayotgan kunlari o‘tishi bilan, yana bir yoniq yulduz so‘na bordi. Oqibat so‘ndi.
Qishloq odamlari bu g‘arib kulbadan ikki oy ichida uchinchi bor tobut ko‘tarib chiqdilar... Izillab uvvos tortar edi hovlidagilar. Ko‘z yoshlar ham quridi. Alamdan toshlar sovuq urgan tuproqdek uqalanib ketdi. Notanti dunyoning g‘amboda kunlaridan dod demakka hech bir dil imkon topmadi. Ignaning ko‘zidek torayib qolgam umr zalvori hammani dol qilgan edi. Qishloq odamlari muchal surishtirishdi. «U yaxshilar, yil bebarakat keldi. Har joyni suv bosib, elga ofat yog‘ilgani rost. Bu ko‘rgiliklar ham baliqning qadamidir?»
Sattor odamovi bo‘lib qoldi. Uydan chiqmaydi. Hovlida ham boshi egik. Arvrh suvratiga kirib qolgan, Rangida qon yo‘q. Mabodo gapirsa, lablarini tinimsiz yalay beradi. Gavrasidan chiqayotgan «uh» tafti xashak yondiradi. Umidlari tushovlanib qolgan kunlarning birida, oftobshuvoqda o‘tirib, ukasining to‘shakka yetib qolgan paytlarida aytgan gaplarini xotirladi.
— Sattor aka, kecha tush ko‘ribman. Uyda ikkovimiz o‘tiribmiz. Eshikdan otam kirib, meni imladi. Ulim, olib ketgani keldim, dedi. Tushunmadim. Ota, Sattor akamni hammi deya qayta so‘radim. Shunda otam, yo‘q, sen mening yaxshi ko‘rgan ulim eding. Shunga keldim, deb kulib jo‘nab ketdi.
Kajraftor falakning dilo‘rtar kunida uning qalbi bujmaydi. Kun ko‘rmay ketgan ukasiga achindi. Boshida davra qurgan o‘ylar tinchlik bermadi. Ukasining so‘nggi nafasidagi gaplarini esga oldi.
— Aka, men otamning oldiga ketyapman. Har kech chaqirib qoladi. Elas-elas onamni ham ko‘rgandek bo‘ldim. Aka, shu ekan... meni... otam chaqiryapti.
Sattor bu so‘zlarni unuta olmadi. Unutmoqchi bo‘lib o‘zini ko‘p ishlarga alahsitdi. Baribir bo‘lmadi. «Aka-ukaning joni bir-u, moli bo‘lak», deganlari rost ekan. Hadeganda ukasining siymosi ko‘z oldiga kelaverdi. Jasad olib chiqilgan tomga kirishga yuragi betlamadi. Hatto bir safar noxosdan o‘sha tomga kirganida, to‘rda ukasi... kulib qarayotgandek bo‘ldi. Shundan beri u yerga oyoq bosmaydi. Sattor, kun botar mahallari yo‘lga termulib unsiz yig‘laydi. Lekin... biladi: chiroq yondimi, uning o‘chmog‘i ham bor...
Kunlar shu zaylda o‘taverdi. Odamlar «yarim non rohatijon, bitta non baloi jon» qanoatini mahkam tutib, Ollohning o‘lchovli umrini sura berdilar. Soydagi sochilgan kullarni o‘zga ellarga suvlar oqizib ketdi. U izlarni kuzning shamoli uchirib, qishning qorlari ko‘mdi...
Bahor ham omonat umrini yashab, elga vafo qilmadi. Olam sarg‘ayib, maysalar quyosh tig‘iga qalqon bo‘ldi. Tuproqdan namlik qochib, qatron bo‘lib qoldi. Dilyutar dunyoning qonli qilichi go‘yo qinga kirgandek. Yo‘qlar ham xotirni tark qilib bormoqda. Ulusga do‘zaxu jannat, pulsirotu obikavsar, Munkar Nakiru Isrofildan lof surgan mutaassiblar tuman yanglig‘ tarqaldi. Hammasi ham bu maydonga tushib, quruq qolmagan. YO fano, yo baqo...
«Bu dunyo bevafo», deya qo‘shiq aytganlar oshiqlar edilar. Ular dunyoning bema’ni ohang taratadigan sozlari ko‘p ekanini erta fahmlagan edilar.

* * *

G’am bu o‘tovga yana qo‘shxona soldi. Uning sira ketgisi yo‘q, Azroil kabi tag‘in jon so‘rar edi. Dard bu safar bir gulg‘unchani, yaxshi-yomon neligini anglab yetmagan bir qora ko‘zni nishonga oldi. Taqdirning har maqomidan yuragi bezillab qolgan Sattor, dunyoga kelganidan nolidi. Hayotdan qo‘lini yuvib, qo‘ltig‘iga urdi. Hatto, achchiq ustida buni xotiniga ham aytib yubordi. Iltijoli nigoh uni yana chorladi. O’rinda yotib qolgan jondan aziz singlisi Oyxon bosinqiraydi.
— Ketaman... Otajon. Quvmang... Aka!..
Sattor yig‘ladi. Tiyiqsiz xo‘rsiniqdan yoshlar duv-duv oqaverdi. Yurakdagi bor alami ko‘zidan sochildi. Ikki tizzasini o‘rin chetiga berib, o‘kirib yig‘ladi. Yodiga goh otasi, goh onasi, goh «Akajon» deb termulib ketgan ukasi kelaverdi. Ko‘zidan yosh chiq-may qolguncha yig‘ladi. Osmon teshildi — erkak yig‘ladi! Dunyo o‘t ichida qovurildi — erkak yig‘ladi-da. G’ayirlar qadah sundi, fahshlar etak ko‘tardi — erkak yig‘ladi-da. Oyxonning ikki yuzi tandirda yopilgan kulchadek lovullab turibdi. Chakkasidagi ter tomchilari yiltillaydi. Bir uyga quyosh, bir erkakka yo‘ldosh bo‘larli barchinkelbat Oyxon, dardkash to‘shak qo‘ynida qolaverdi.
Teshikquloq odamlar tizimi hol so‘rab hovlidan arimaydi. Sattor goh unisining gapini tinglaydi, goh bunisining. Tabibsifatlar ham bo‘ldi. Baribir, umid panjalari Arsh taxtini tutdi. O’zga darmon yo‘q. Panoh yolg‘iz O’zidan!
Dard tunlari egiz tug‘ardi. Sanchiqlar zarbidan Oyxon o‘zini urgani sayin — tunlarning og‘iri og‘ir bo‘laverdi.
Sattor amakisi Qulmamatni kutib ayvonda o‘tiribdi. Erta sahardan kelgan Qulmamat, Oyxonning ahvoli ruhiyatini ko‘rib, ortiga tisarildi. Sattorni tashqariga chaqirib: 
— Sattor, inim. Ko‘rib-bilib singlimizni ajal domiga tashlayapmiz-a?! Nomimiz qora bo‘lsa ham, kayvonilar aytganini qilamiz. Otang qabrini ochib, murdani chavaqlab yondirishimiz kerak emish. Dardning beli o‘shanda sinar ekan. Bo‘lmasa... tag‘in o‘ylab ko‘r. Lekin... shunday qilish kerak. Chin bo‘lsa, murda yil o‘tsa ham buzilmay turar ekan. Uning alomati shu ekan. Vaqt g‘animat, shu kecha boramiz. KasaLni betiga termulib, yurak ezib o‘tirgandan foyda yo‘q,— dedi.
Qulmamat kunbotarda kelishini aytib qaytyb ketdi. Sattorning esa o‘tirishi shu. Tong otgandan beri singlisining qabog‘iga qaragani-qaragan. Ichkaridan kelgan chinqiriqdan Sattor boshini burib qaradi. Shu payt ichki tomdan xotini yig‘lamsirab chiqdi. Sattor o‘zini ko‘rmaganga solib yerga qaradi. Ko‘nglidan gap o‘tdi: «Otam hammamizning boshimizga yetadi. Onamni olib ketdi. Ukamny olib ketdi. Endi esa... Yo‘q. Qulmamat kelsin. Ko‘raylik-chi, rostmikan?..»
Nomozshomda Qulmamat keldi. O’tgan ishlarni xotirlamaslik uchun tilga erk bermadilar. Talqon yutgan odamlardek, jim o‘tyrishdi. Qishloqqa vahimali tun cho‘kdi. Odamlarning chirog‘i birin-ketin o‘cha boshladi. Tun yarimlab qolganda, ikkovlon uydan chiqishdi. Sattor bo‘sag‘a hatlayotib, Oyxonning qattiq ingranganini eshitdi. Bo‘yniga burov solinganday, ich-ichidan ozorlandi.
Kashtaga solingan gullar misol, osmonni yulduzlar bezagan. Chigirtkalarning «chir-chir»idan bo‘lak ovoz yo‘q...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.