Alisher o‘z hujrasi tomon yo‘l olarkan, kesh o‘mrovli, soddagina mulozimi Shayx Bahlulga sinchkovlik bilan karadi. Har galgidek o‘ziga xos ulug‘vorlik, nazokat va muloyimlik bilan:
— Ortimdin hech bir zot kirmasun! — dedi.
Shayx Baxlul tavoze ila bosh egdi. Shoirning ortidan boshidagi uchli ko‘k taqyasiga o‘ralgan ko‘rkamgina oq simobi sallasi va egnidagi odmi zangor baxmal to‘niga qarab qolarkan, ichdan yengilgina xo‘rsinganini sezdi. Garchand Shayx Baxlul chiroyli so‘zlarni dur kabi terish san’ati bilan shug‘ullanmasa-da, hayot saboqlarida Alisherni o‘ziga ustoz deb bilardi. U asta-asta yurib, o‘z bo‘lmasiga kirdi: "Ustozni hech qachon mundoq ruhiyatda ko‘rmagon erdim, — xayolga cho‘mdi, — yo shoh birlan... Yo‘g‘-e, nimalar deyapman. Axir shoh birlan etu tirnoqdek... Yo toblari biroz..." Kasalmu degani tili bormay, xavotir ichida tezda bo‘lmasidan chiqdi va Alisherning eng sevimli ichimligi bo‘lgan ayronni tayyorlab, hujra eshigi oldiga bordi. Shu payt ichkaridan tiniq, xuddi musiqa ovoziday shirali qulgu eshitilgandek bo‘ldi. Cho‘chib tuzshan yigit yon-atrofiga qaradi. Hech kimsa yo‘q. "Kim bo‘ldi erkan? Yo menga shunday tuyuldimu?.." Yigit bir lahza ikkilanib qoldi. "Har doimgiday tuyqusdan kirib boraveraymu, yo..." Garchand odobsizlik ekanini his etib tursa-da, u ming istihola ichida eshik tirqishidan ichkariga mo‘raladi, mo‘raladiyu, ajoyib tomoshadan ko‘zini uzolmay qolgan boladay lol bo‘lib qoldi. "Yo Rab! Bu ne hol? Ustoz qarshisidag‘i parivash kim bo‘ldi erkan? Nahotki ustoz!.. Yo‘g‘-e, ey noqis xayol, meni domingg‘a tortmag‘il, uzr, — qo‘lini ko‘ksiga bosdi, — lekin hech qachon ustozini mundek parivash ila ko‘rmag‘on erdim! Yo farishtamukin? Qiziq, bu yerg‘a qaerdan kirdi? Yo men ko‘rmay qoldimmu?"
Shayx Bahlul allavaqtgacha qorishiq xayollar girdobida qoldi. So‘ng bir vaqt o‘ziga kelgach, qo‘lidagi bir chinni ayron bahona o‘zida jur’at sezdi. Ammo eshikni ochgan zahoti birgina Alisherning oq qog‘oz uzra qalam surib o‘tirganini qo‘rdi. Endi tamom hushi boshidan uchgan yigit qo‘lidagi ayron idishini tushirib yuborganini ham sezmay qoldi. O‘ng‘aysizlangan Shayx Bahlul maydalangan siniqlarga ko‘z tashlarkan, battar qizarindi. Bu holatdan Alisher biroz jiddiylashgan esa-da, qattiq tegmadi. Chunki Shayx Bahlulni o‘z inisidek yaxshi ko‘rardi:
— Shul vaqt ko‘nglim ayron tusab erdi, — dedi Alisher sokin. — Zarari yo‘q, boshqa idishda keltirursiz.
Yigit boshini asta ko‘tararkan, qarshisidagi ustozining yuzida fikr, ilhom balqib turgan qiyiq, qora ko‘zlarida toza, ulug‘ ruhga xos qandaydir ma’sumlik jilvalanib turganini ko‘rdi. Maysalarning yashnashiga yomg‘ir sababchi bo‘lganidek, Alisherning hozirdagi mehr to‘la nigohlari Shayx Bahlulning ham dadillanishiga turtki bergan edi. Uning yuzi allaqanday yorug‘lashib, titroq lablari ila dedi:
— Bul iltifotingizg‘a loyiq so‘z topmasmen, ajib mehri daryosiz, ustoz! Meni doim xijolatdin qutqarursiz.
Alisher yigitning keggg yelkasiga nazar tashlar ekan, allaqanday shavq ichida kulimsirab qo‘ydi. Shayx Bahlul bu holdan anchayin dadillanib ortiga qaytdi va ustozi aytgancha ish ko‘rdi.
* * *
Shamol esib turgan, ammo iliq, oydin kecha. Ko‘k yuzini qoplagan yulduzlar jilmaygan. Buni ko‘rib go‘yo, yer yuzini bo‘ston aylaguvchi turfa gullar ham yengil shabbodada xushhol tebranganicha jilmaygandek...
Hozirgina, namozi asr paytidan sal oldinroq yog‘ib o‘tgan yomg‘ir borliq yuzini yuvgan; yaproqlar nam, maysalar nam, yo‘laklar nam... Do‘sti Husayn Boyqaro bilan shikordan qaytgan Alisher xayolchan, qandaydir o‘y og‘ushida qabosini va ovga kiyadigan qalpog‘ini yechdi hamda ularni qoziqqa ilib, yengil taqya kiydi-da, mis oftobaga mulozimi tayyorlagan iliqsuvdan tahorat oldi. Namozni o‘qib bo‘lgach, deraza yaqiniga qo‘yilgan, alvon rangli duxoba yopilgan xontaxta yoniga tiz cho‘kdi va uning ustidagi taxlam qog‘ozlarni varaqlab, ko‘zdan kechira boshladi. So‘ngra oltin dovotta patli yozg‘ichni botirib, yozishga tutindi:
Yozib jon mushafidin ikki oyat,
Debon Farhodu Shirindan hikoyat...
Alisher yozishdan to‘xtab, xiyol kulimsiradi. Shayx Bahlul ustozining bu holatiga razm solarkan: "Bir yaxshi nimarsa yozgan ko‘rinadur, ha, go‘zal bir nima bitqonkim kulimsirayotur. Burnog‘i kun ham shu hol yuz berg‘on erdi. Bukung‘idek ovg‘a ketg‘onda ushbu:
Odamiy ersang demag‘il odami,
Oniki yo‘q xalq g‘amidin g‘ami,
baytini o‘qib erdim. Ha, nasib etsa, zarurat yuzasidin tashqarig‘a chiqqonda, hozirg‘i bitiklarni ham albatta o‘qurmen", — deya xayolga botqonicha, bu gal sharbat tayyorladi. Chunki har doim shikordan horib qaytgan Alisherning kayfiyatini sharbat ko‘tarib, ilhom ato etishini yaxshi bilardi. Yaqindan beri ko‘rinishidan ichki holati yaqqol sezilib turgan Alisherga qarab: "Ne sababki, shikordin diltang bo‘lib qaytadur?", deya xayolga tolardi. Ushbu holatning besh-olti takrorini ko‘rgach, bir marta so‘rashga jur’at ham qilgandi.
— Har bir namozimni o‘qib bo‘lgach, Allohdin so‘rarmen, hech kim meni bezovta qilmasun va boshqa bir ishg‘a andarmon etmasun deya, — boshqa gap aytmagandi.
O‘shanda Shayx Bahlul Alisherning shikordan bosh tortib, saroy chokariga turli xil sabablarni ko‘rsatishini tushunib yetgan edi. Ammo shoh — shoh-da, uning amri vojib...
Bu gal ham Shayx Bahlul har ehtimolga qarshi qo‘rquv aralash bir qiziqish bilan yana eshik tirqishidan mo‘raladi. Yana o‘sha manzara. Alisherning ro‘parasida o‘sha gulgun chehra: lablari go‘yo gulrang sharobga o‘xshar, kiprik qoqishlari jon olar... nozining maqomi istig‘no... Faqat bu gal o‘sha go‘zaldan qolishmas bir barno yigit ham bor...
"Ajabo! Ularning jamoliga ko‘z tashlaganning ko‘ziga dunyo ziynatlari ko‘rinmas, — xayolga berildi Shayx Bahlul, — bular kimlar bo‘ldi?"
U bir eshikka va yana qo‘lidagi yoqut rangli ko‘zachada tovlanib turgan sharbatga qararkan, ikkilangan ko‘yi tavakkal qildi. Yana tanho Alisher. "Qiziq, men eshikni ochgan zahoti bul xilqatlar qayon g‘oyib bo‘lur? Yo Rabb!! Bu ne hol?!"
Alisher Shayx Bahlulni, xontaxta yonidagi joyga qarab qo‘yganini sezdi-da, miyig‘ida kulimsiradi. Bundan xijolat chekkan yigit bir zum lablarini tishlab, jim qotdi, so‘ng:
— Sh-shar-sharbat kelturib erdim, — dedi bazo‘r.
— Borakallo, sizning bul kibi zukkoliqlaringizni qadrlaymen, — chehrasi kunday yorishib dedi Alisher, — ajib sezgirsiz-da...
Yigit ko‘rgani haqida so‘ramoq uchun ogiz juftladi, ammo botinolmay gapni boshqa tomonga burdi:
— Bukun siz yoqtiradurg‘on taomni tayyorlab erdim.
— Palovni-ya, unda darhol kelturing.
Alisher sharbatni ko‘za rangidagi piyolaga quydi-yu huzur qilib simirdi hamda keltirilgan taomga ilkini cho‘zarkan, yigitga minnatdorona qarab qo‘ydi. Bu orada Shayx Bahlul taom ketidan ichiladigan ko‘k choy damlash maqsadida o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
* * *
Shayx Bahlul bu manzaraning takrorini besh-olti marotaba ko‘rgach, o‘zicha kengashdi: "Ehtimol, bu ishda manim yoshligim bordur. O‘z maylimcha ish tutmayin. Bunday ishlarda kattalar kattalarcha aql yurg‘izg‘uvchidir. Yaxshisi, bu sirdin do‘stini ogoh etqonim ma’quldur..."
Kechga yaqin Shayx Bahlul shohni sevintirmoq niyatida o‘rdaga qarab ketdi. Chunki Boyqaro qachondan beri Alisherning boshini juftlash orzusida ekani qulog‘iga tushgandi. Yasovullarga o‘zini tanishtirib, saroy a’yonlari o‘rtasida, oltin taxtda viqor bilan o‘tirgan Husayi Boyqaro qarshisiga peshvoz yurib keldi va o‘n qadamcha qolganda tiz cho‘kib, yer o‘pdi. Shoh bu yigitni anchadan beri Alisher xizmatida ekanidan ogoh edi.
— Xo‘sh, Alisherbek salomatmu? - so‘radi Boyqaro qiyiq, o‘tkir qarovchi ko‘zlari ila yigitga tikilib.
— Kelishimning boisi ham do‘stingizning‘ sog‘lig‘i xususindadur, olampanoh?!
— Xo‘sh-xo‘sh, sog‘ligi dedingmu?
Yigit bosh irg‘adi. Shoshib qolgan Boyqaro uch marta chalgan qarsagi ila barchaning diqqatini o‘ziga qaratdi:
— Bizni holi qoldirunglar?!
Bir zumda avrangxonada hech kimdan nom-nishon qolmadi.
— Xo‘-o‘sh, sog‘lig‘i dedingmu? - takror so‘radi.
Shayx Bahlul bor qo‘rgan-bilganlarini bo‘yoqsiz so‘zlab berdi. Ustozini rom etgan ul malakni esa bisotidagi jami go‘zal so‘zlar ila ta’rif etdi va oxirida qo‘shib qo‘ydi:
— Butun voqealar ko‘z o‘ngimda sodir bo‘layotir.
— Ie, shunday degin? Men ersam, bahorning kasbi gulfurushliq bo‘lg‘onidek, Alisherbekning ham ijod etmaqdin o‘zg‘a ishi yo‘q, deya xotirjam erdim. Hm-m, umrining eng ko‘rkam yoshi ham o‘tib borayotur... - dedi yigitga zimdan razm solarkan, - Oh, Alisherning to‘yini ko‘rar kun ham bor erkanmu? Sen yigit, boraver! Bul haqda do‘stim birla o‘zim gaplashurmen, - deya uni xursand holda kuzatdi.
Negaki, yigitni Alisher haqida bema’ni xayollarga borishini istamagan holda, o‘zi yigitdan shubhalandi. "Nahotki, - Shayx Bahlul ketidan o‘yga toldi, - nahotki, Alisher kishi bilmas... Yo‘g‘-e, u qorday pok, billurday toza jon. To‘xta, eshikdan kirishim bilanoq g‘oyib bo‘lur dedimu? Ha, ha, shunday dedi. Ehtimol yigitni jinmu yo shayton darib ketg‘ondur!" Shu payt xayoliga urilgan boshqa bir fikr yog‘dusidan yuzlari yashnab ketdi. Dorus saltananing xos tabibini qoshiga chorlarkan, xayoliga urilgan o‘sha fikr mazmunidan uni ogoh etdi va oxiri:
— Yigitni ranjitib qo‘ymayluk, zimdan tekshuringki, harakatlaringizni aslo sezmasun, - deya ta’kidladi.
* * *
— Yigit soppa-sog‘, — dedi shoh yoniga qaytgan tabib, — manim fikrimcha Alisher bir katta ishg‘a - kitobga qo‘l urg‘on. Shul ishidin bir shingil hikoyat, ya’ni "Shoh G‘oziy"ni so‘zlamushkim, ta’rifig‘a til ojiz, so‘z ojiz. Manman deyilmush shuarodin ham bul kibi hikoyat eshitmagonmen. Yigit shul ulug‘ kitobdin bir buyuk bayt ham yod aylamush nazarimda, olampanoh.
Tabib Shayx Bahlul o‘qigan satrlar mazmunini so‘zlab berdi. Ta’sirlangan Boyqaro:
— Alisherbekning iste’dodiga ta’rif yo‘q, — dedi o‘yga cho‘mib, — unda yigitning ko‘rg‘onlari nimadur?
— Bul sirni Pirdan so‘ramoq joizdur, olampanohim.
Boyqaroga bu taklif ma’qul tushdi. Chunki u Pirning karomatlariga ishonardi.
— Ammo, - dedi u ko‘zlari yonib, - bul haqda Pirimga og‘iz ochmoqdin oldin o‘zim ko‘rmog‘im, inonmog‘im shart!
— Albatta, olampanoh...
U yoniga eng sodiq sipohlaridan ikkisini olib, tezda o‘rdani tark etdi va Alisher chorbog‘ining darvozasi oldida ularni qoldirib, o‘zi do‘sti o‘tirgan uy tomon qushday yengil qadamlar bilan shitob yo‘naldi hamda yigit aytgan kabi astagina tirqishdan ichkariga mo‘raladi.
— Ajabo! — hayrat daryosiga g‘arq bo‘ldi.
Shift o‘rnida oliy binoning gumbazi qo‘rinar, uy jihozlari joyida osmon atlas yoygandek. Alisher qarshisida bir barno yigit va bir pariro‘y: "Vo ajabo! Bular kimlar bo‘ldi? Eh, Robbim!! Bu ne xilqatkim, shahzoda va malika Alisherg‘a nimalardur deg‘aylar. Do‘stim ersa, oq qog‘oz uzra olgun qalamini surmoqda... Ajabo!"
Eshikni ohista ochgan Husayn Boyqaro yolg‘iz Alisherning yozmoqqa mashg‘ulligini ko‘rib, garchand bu haqda Shayx Bahluldan eshitgan esa-da, biroz o‘zini yo‘qotdi: "Ular qani? Demak, yigit rost gapirg‘on". Fursat o‘tgach:
— O‘zingni qo‘lg‘a ol! — pichirladi lablari Boyqaroning, — axir, jangu jadallarda har xil voqealarni ko‘raverib, ko‘zi pishib ketg‘on shoh deb kim aytadur seni?! Qolaversa, bul kibilar haqida Pirdin ko‘p narsa eshitqonsan-ku?!
Shu topda miyasiga yashindek urilgan fikr, ya’ni Pirining bir gapi yodiga tushdi: "Zohiriyu botini pok bo‘lg‘on har bir inson Yaratqonning imdodi ila ulug‘ inoyatqa erishg‘usi va hamrohlari bir umrg‘a farishtayu maloyikalar bo‘lg‘usi hamda aning uchun xizmatda o‘tqusidur. Illo, alar har kimning ham nazarig‘a tushavermas, faqat pokiza ruhlarg‘ag‘ina qo‘rinish berg‘usidur..."
"Him, demak, do‘stim shunday sharafg‘a noil bo‘lg‘on". Do‘stiga hasadga qorishiq bir havas bilan termulganicha qarshisiga ohista yurib bordi. O‘girilib qaragan Alisher chaqqonlik bilan o‘rnidan turdi va qulochini yozgancha do‘stiga peshvoz yurdi:
— Oh, do‘stim! — ich-ichidan to‘lqinlanib ketgan Alisher Boyqaro bilan quchoqlashib ko‘risharkan, — tashrifingizdan kulbamizg‘a nurlar inmush, — dedi mehr bilan, — go‘yo falakdin quyoshning o‘zi kirib kelmush. Axir, xabar topqonimizda boshqacha qarshilog‘on bo‘lur erduk!
— Uzr! — Alisherning so‘zini bo‘ldi Boyqaro, — bemavrid kelmog‘imning boisi shoshilinch bir kengash xususinda erdi.
— Bosh ustig‘a! Qani, aziz do‘stim, to‘rga marhabo!
Ular bir-birlariga nafasi urilgudek yaqin o‘tirdilar. Boyqaro, kelmog‘ining asl maqsad mazmunini ifoda etgan kengash so‘zini qo‘llaganidan mamnun hamda bir qadar xotirjam bo‘lgan edi: "Qaysi biridin so‘z boshlasam erkan? Yaxshisi, asl muddaodin boshlag‘onim ma’quldur. Ul sir haqinda ersa suhbat asnosida bilib olurmen".
— Oh, do‘stim! Men dunyoda barcha gunohkorlardin ham gunohkorroqmen, — Boyqaro so‘zini olisdan boshladi, — shul sababdin ko‘nglumni g‘am lashkari bosmush. Ushbu kunlarda, faqat bir men ermas, magar dunyoning onasi bor ersa, ul ham siz uchun g‘amu g‘ussa yutmush! Ha, anduhda qolmush! Inonamen!!
Tamom hayratga cho‘mgan Alisher unga tikilib so‘radi:
— Nechuk, do‘stim?
— Chunki men o‘zini o‘ylaydurg‘on, do‘sti haqinda qayg‘urmaydurg‘on kimarsamen.
Alisher hamon uning gaplariga tushunmas, lolu hayronligicha turardi. Buni ko‘rgan Boyqaro gapning dangaliga ko‘cha qoldi:
— Axir, oila qurmoq, bola-chaqa ko‘rmoq vaqting‘iz o‘tib borayotur, Alisher?!
Endi tushunib yettan Alisher qizarinib, eshikka chiqmoq taraddudiga tushdi.
— Qo‘zg‘olmang‘iz bek! — Boyqaro uning yelkasiga qo‘lini qo‘yib, ohista bosdi, — qayta-qayta taom yemak, choy ichmak odatim yo‘qlig‘ini yoshlikdin bilursiz. Yaxshisi, siz boshingizni juftlash haqindag‘i orzumg‘a javob bering‘iz?
Bu xabar uning uchun aslo kutilmagan yangilik bo‘lib, bir turlik borlik-yo‘qlik aro qolgan Alisherga judayam g‘alati ta’sir qilgani shundoqqina yuz ifodasidan ko‘rinib turardi. Podshoning to‘y xususida gap boshlashiga va aynan shu masalada kelganiga sabab neligini o‘yladi.
— Oh, mehribon do‘stim, — ohista dedi Alisher, — men haqimda qayg‘urayotqoning‘izni eshitub, boshim ko‘kka yetmush. Axir aytarlarku, yaxshi libos tanga oroyish, yaxshi qo‘ldosh jonga osoyish, deb... Mundin behad minnatdormen, aziz do‘stim.
Boyqaro mamnun qarab, kulimsiradi.
— Aziz do‘stim! Chumoli nash’u namo istag‘onida, nega endi men baxt izlamayin. Bul haqda orzu qilmayin.
— Bale! Gap bunday bo‘libdur, do‘stim!
— Biroq hozirda men gulbargg‘a qalam surmoq birla ovoramen.
— Taajjub, gulbargg‘a?!
— Ha, do‘stim, — xokisorona bosh egdi u, — menga ishq deb atalmush oliy bir tuyg‘u yopishib olg‘on. Bul ishq o‘ti qalbimni zabt etib, jonimg‘a zo‘rliq qilayotur. Vafo istag‘on oshiqona ko‘nglumni ersa sha’m kibi eritmoqda. Uning zulmi olovidin xastadurmen...
Alisher indamay qoldi.
— Uning davosi visolg‘a erishmoq, buning uchun ersa to‘y qilmoqdur, Alisher?
Alisher ma’yus jilmaydi:
— Koshki erdi...
Boyqaro xayol girdobida: "Uylanishdan og‘iz ochsam, gapni burasiz. Ul holda qarshing‘izda o‘ltirg‘onlar kimlar erur?", deya so‘rashga tili aylanmasdi.
Nega? Ajab! Har nega va har bir yumushga qodir Boyqaro qani? U shu topda yana Pirini esladi: "Demak, Alisher botiniy ishq domida, lekin..."
— Maqsuding‘izni oshkor etmoqni ma’qul ko‘rmasmusiz?
— Nega endi, — shopshb qoldi Alisher, — axir do‘st do‘stdin sir yashirurmu?.. Men hozirda bir rangin kitob yaratmoq ishqidamen. Bul ish ersa nihoyatda ulug‘ bo‘lub, mendin juda katta aql va zakovat talab qilmoqda.
Podshoh ko‘zlaganidan nishona topolmagach, biroz xomushlandi. Shunday bo‘lsa-da, yana bir bor:
— Axir uylanishliq bul kibi orzungizg‘a to‘sqinliq qilmas? — deya yuzlandi.
Alisher o‘ylanib qoldi. Ha yoki yo‘qning o‘rtasida qolgandi. Negaki, xar ikkisi ham unga jabr keltirmakdan boshka ish emas edi. U biroz sukutdan so‘ng, katta bir faxr va dard bilan so‘z boshladi:
— So‘z shu qadar buyuk qudratqa egakim, xayolingda, asrlar osha bo‘lib o‘tqon voqea-hodisotlar haqinda tasavvur ko‘ylag‘ini kiydira olur, o‘zining majmuasidin tuzilg‘on kitoblar husnidin gul hadya etur va tanholig‘ingda ersa dardingg‘a sherik bo‘lur. Xullas, so‘z og‘iz qutisidag‘i duru gavharlardur.
— Ha, bul haqda ushbu: — Ko‘ngul durji ichra guhar so‘zdurur, Bashar gulshanida samar so‘zdurur, deya yozg‘on bayting‘iz xotirimda qolg‘on, Alisher?
— Minnatdormen do‘stim, — ta’zim qildi u, — mana shul gavharu durlar qadalg‘on ma’nolar tog‘ini yaratmoq ishqidamen.
Nihoyat Boyqaro do‘stini tushunganday bo‘ldi.
— Ey, yoqut o‘tining birovg‘a zarari bo‘lmag‘onidek, hech kimarsag‘a yomonlig‘i yetmog‘on do‘stim. Xilvatda yolg‘izliqni qo‘msab qolg‘oning‘izdin, fahmimcha, ulug‘ bir ish, ya’ni kitob yozmoq dardidasiz?
— Albatta, maqsudimg‘a yetkarmog‘ini tilab...
— Yetursiz! — gapni bo‘ldi Boyqaro, — albatta yetursiz. Chunki sizg‘a, ya’ni diling‘izni o‘rtayotqon ishq ta’rifini tavsiflamakka ilhom va kuch berg‘uvchi farishtalar ko‘makka kelsa ajab ermas...
Alisher bu gal entikib ketdi: "Evoh, yer tagida ilon qimirlasa sezadi-ya..."
Boyqaroning nazaridan bu hol chetlab o‘tmadi. Shuning ila maqsadga ko‘cha qoldi:
— Ey, gunohlar changidin pokiza bo‘lg‘on do‘stim. Bas, qanchadan-qancha ulug‘ ishlarg‘a qodir bo‘laturub, nega endi bu dardg‘a davo topmakdin cho‘chirsiz? Ne sabab?
Alisher yengilgina titrandi. U bir ishdan oldin nog‘ora chalishni yoqtirmagani bois ham dilidagini ochiq so‘zlashni ma’qul qo‘rmayotgan edi. Ammo do‘stini ranjitmaslik, ayniqsa: "Maqsuding‘izni oshkor etmoqni ma’qul qo‘rmasmusiz?, deya xafalanganidan so‘ng, ochiq aytmoqqa majbur bo‘lib qolgandi:
— Qalamim tig‘i ila ilmu urfon konini qazimoqchi va ana shul kondin chiqqon oltunlarni bir sandiqqa yig‘moqchimen, - dedi, — ammo bul ish majburiyati oldinda biroz cho‘chib, hayiqmoqdamen.
Boyqaro aniq sezdiki, uni juftlash haqidagi niyat atrofida ortiq aylanmoq, zulmdan boshqa ish emas.
— Manim bilgimcha, siz katta bir doston, ya’ni ustozlar izidin borub, o‘shal oltinu javharlar yig‘ilg‘on sandiq — "Xamsa"ni bunyod etmakchisiz, shundaymu?
— Albatta, — yuzlari yorishdi Alisherning, — lekin:
— Emas oson bu maydon ichra turmoq,
Nizomiy panjasig‘a panja urmoq.
Kerak sher ollida ham sher jangi,
Agar sher o‘lmasa, bori palangi...
— Ofarin Alisher! Boshlanishiyoq meni o‘zig‘a rom aylamush, do‘stim!
— Tashakkur, biroq bir istiholam bor.
— Nechuk? Ya’ni?!
— Do‘stim, — ko‘zlarini yerga tikib so‘z boshladi Alisher, — hazrati Nizomiy Ganjaviyni she’riyatning sheri bo‘lib o‘tqonini mendin yaxshi bilursiz. Ul zot nazmi maydonig‘a tushmoq uchun ersa sher, juda bo‘lmasa yo‘lbars bo‘lmoq lozim.
— Bale!
— Dag‘i, Xisrav Dehlaviyday ulug‘ shoir bilan bahslashmoq, aning birla do‘sh-bardo‘sh turmoq uchun ersa, nafis did va juda katta bilim hamda iste’dod zarurdur. Kamina, ul zotlar ruhlaridin uzr so‘rog‘on va ustozim hazrati Abdurahmon Jomiydin madad olg‘onim holda, ular yaratqon dostonlar mazmunig‘a biroz o‘zgartirishlar kiritmoq niyatidamen.
Boyqaro suhbat boshida Alisherning "bul ish nihoyatda ulug‘ bo‘lub, mendin juda katta aql va zakovat talab kilmoqda", — deya ayttan gapini eslarkan va hozirdagi istiholasi, ya’ni dostonlar mazmunini o‘zgartirmoq niyatini o‘ylarkan: "Hm-m, haqqasti, hikmat maob shuaro bila bellashmoq ham oson ermas", deya o‘yga cho‘mdi.
— Do‘stim, ne dersiz? Ustozimiz ko‘nglini ranjitib qo‘ymasmukinmen?
— Yo‘q, Alisher. Bul ishingiz bila guharrezlar olamini shod etqaysiz, ha, bung‘a iymonim komildur!
Alisherning yuzini tabassum qopladi va qo‘lini ko‘ksiga bosganicha minnatdorchiligini bayon etdi.
— Ha, do‘stim, - dedi Boyqaro, — siz albatta kelgusi bashariyat ko‘zi oldinda she’riyatning Nizomiyday sheri bila tenglashqon sher kibi qolgaysiz. Bung‘a shak-shubham yo‘qtur! Qani, omin! — deya duoga qo‘l ochdi.
Shu vaqt quloqlarita g‘oyibdan bir necha "omin" deguvchi nidolar eshitilganday bo‘ldi.
Allaqanday bir sir og‘ushida ko‘zlari porlagan Alisher ko‘z uchida tikilib turgan do‘stiga boqdi. Bir tarz o‘zgarib, so‘ng o‘nglangan Boyqaro asta yon-veriga qaradi, hech kim va hech bir narsa ko‘rinmagach, yuqoridagi gumoni rostligiga yana bir karra ishonch hosil qildi:
— Omin! Qalaming‘iz yomg‘ir bulutlari kabi behisob injular sochsun! — jon bag‘ishlovchi shirin so‘zlar ila davom etdi u, — o‘shal koshifi asror so‘zlarni yozishdin charchamasun! Tangri har bir istag‘ing‘izg‘a yetkursun va nimaiki tilasangiz olding‘izg‘a keltursun, omin!
— Sizni ham odil saltanating‘izni Alloh asrasun va yomon ko‘zlardin saqlasun, do‘stim.
Ikki do‘st birin-ketin tashqariga yo‘naldilar. Boyqaro sipohlari bilan turgan Shayx Baxdul qarshisiga kelganda esa:
— Yigit, tun uyg‘onib, tong ko‘zini ochqonida o‘rdamda bo‘lg‘aysen, — dedi va Alisher bilan quyuq xayrlashib, jo‘nab ketdi.
Shohning jiddiy turib bergan buyrug‘idan rangi quti o‘chgan Shayx Baxdulga Alisher zimdan razm solarkan, bukungi tashrif va kengash sababkori u ekanini darhol fahmladi. Shu bois, shohning nega yo‘qlaganini so‘ramadi, lekin xayoliga bir fikr bo‘ylab o‘tdi: "Yigit sirdan ogohmu? Hm-m..."
* * *
Bir kechada rangi qahrabo tusiga kirgan Shayx Bahtul subhidamda podshoh o‘rdasiga kirib bordi. Bu vaqtda Boyqaro taxtxonada Pir bilan kechagi bo‘lib o‘tgan voqea haqida mashvarat qilmoqda edi. Suhbatga xalal bermaslik niyatida poygakda bosh egib kutib turgan yigitta ko‘zi tushgan zahoti Boyqaro:
— Keldingmu? - deya so‘radi.
Shoh yuzidagi mamnunlik ifodasini ko‘rgan Shayx Bahlulning yuziga qon yugurdi va ta’zimlangan ko‘yi asta ularning qarshisiga yurib keldi-da:
— Assalomu alaykum, - deya salom berdi, so‘ng tiz cho‘kib:
— Amring‘izg‘a muntazirmen, - dedi.
— Muntazirsen?!
— Ha, olampanohim! Buyuring?!
— Hm-m, qani ayt-chi, yana kimlar bul sirdin voqif bo‘lg‘on?
— Zoti oliylari! Sizlar eng yaqin do‘st bo‘lg‘onlaring‘iz bois ham faqat sizg‘a aytqonmen! Boshqa hech kim ogoh ermas! Agar mendin xatoliq o‘tqon ersa, afu eting, olampanoh! — ko‘nglini vahima chulgadi Shayx Bahlulning, — bir qoshiq qonimdin keching?!
Boyqaro bir nafas jim qotdi, so‘ng:
— Musodaqatliqqa sodiqlig‘ing‘ va muruvvating, — dedi xiyol tabassum bilan, — tahsing‘a loyiq!
— Shahanshohim, lutfingizdan boshim ko‘kka yetmush! Minnatdormen!
— Qani o‘g‘lim, yaqinroq kelib o‘tir?! - lutf ayladi Pir. Shayx Bahlul asta turib borib, poygakka o‘tirdi.
— O‘g‘lim, — ohista so‘z boshladi Pir, — seni shul darajada saxiy va imon-e’tiqodli qilub tarbiyalag‘on ota-onang sha’nig‘a Alloh rahmatlar yog‘dursun.
— Minnatdormen, Pirim.
— Ha, o‘g‘lim, saxovat insoniyat bog‘ining bovar shajaridur, balki ul shajarning mufid samaridur. Saxovatsiz kishi ersa yog‘insiz abri bahordur. Shuni ham aslo unutmaki, baxil behishtqa kirmas, agar sayidi qurayshiy bo‘lsun va saxiy tomugqa bormas, agarchi bandai xabashi bo‘lsun!
— Hazratim, oltundin a’lo hikmatli o‘g‘itlaring‘iz quloqlarimg‘a qo‘rg‘oshinday quyulib, xotirimg‘a mixday qoqilib qolur! Aslo unutmasmen!
— To ulug‘lar xizmatida erkansen, pand ahli so‘zlarig‘a amal qilg‘aysen va alarg‘a sodiq qolg‘aysen!
— Albatta, davlatpanohim! Men sizlarni yeru ko‘kka ishonmasmen! Sizlarning soyang‘izda yurg‘onlig‘im va mundin behad masrurlig‘imni aslo unutmasmen!
— Ma’qul. O‘g‘lim, seni suhbatimizg‘a tortmog‘imizning boisi Alisherbek hayotinda sodir bo‘layotqon ba’zi asrorlar xususindadur.
— Yigit!
— Labbay, shahriyorim!
— Hazratimning bashoratlaricha Alisherbek katta bir kitob, ya’ni "Xamsa" yozmoqni boshlab yuborg‘on. Ayni bul haqda o‘zum ham guvohmenkim, Alisherbekning qarshisida o‘ltirg‘on ul barno yigit va pariro‘y - Farhod ila Shirin qiyofasig‘a kirg‘on farishtalar erkan.
— Far-Farhod ila Shirin? Axir, qanday qilib, ular...?
Shayx Baxlul tamom o‘zini yo‘qotgan edi.
— Ha, yigit, — dedi Boyqaro, — ular zohiran inson qiyofasida, aslida ersa...
— G‘oyibi nazarlardur.
Ikkisi ham Pirga savol nazari bilan yuzlanishdi. Gul shaydosi bulbul ishq olamini zabt etganidek, Pir ham g‘oyibi nazarlar sirlari haqida so‘zlab, hayrat dunyosini bezay boshladi:
— Mohiyatan olib qarag‘onimizda Allohning o‘zi buyuk ijodkordur. "Ilmi g‘ayb"da aytilishicha, bori olam, uning bir bo‘lagi bo‘lmish bizlar ham Alloh ijod etqon tajalliyotlarimiz. Yana ul zot (Alloh) shundayin shafiq va mehribonkim, ba’zi tajallilarini ilmul yaqinta qodir va ilhomi g‘aybni tavsiflashqa mohir qilib yaratqonlar. Bundayin ulug‘ ne’matni ersa zohiriyu botini poklarg‘a in’om qilg‘on va qilg‘ay. Shul kibi in’omatqa ega bo‘lg‘onlardin bir Alisherbeqdurkim, shuning bila yana uni zo‘r fitrat egasi va zihni solim qilib yaratqon... Endi ersa, Allohim Iso iafasining Jonbaxsh dami orqali xastalarg‘a shifo yuborg‘onidek, Alisherbekning ham ishq dardiga va shul ishqni tarannum etmak vositasi kitob - buyuk "Xamsa" yaratmoq dardig‘a ko‘makka farishtayu maloyikalarni yuborg‘on. Ular yuqorida aytqonimizdek, g‘oyibi nazarlar bo‘lub, bundayin xilqatlar yemaydi, ichmaydi, qulmaydi, uxlamaydi, tug‘maydi, o‘lmaydi-da, dunyo oxiratig‘acha bor bo‘lub, zohiran va botinan pok kishilar mushkulini oson qilub, dunyo turg‘uncha turadurlar. Pir bir nafas to‘xtab, so‘ng yana dedi:
- Ha, Alisherbekka farishtalar xizmat qilayoturlar. Bundin tashqari, bul kibi aziz xilqatlar, ruhi pokdomonlarg‘a ko‘rinush berib, ko‘rg‘on kishi bila so‘zlashmaydur va ozor ham bermaydur. Ular g‘oyibdan paydo bo‘lur, ham nihon bo‘lur.
Pirning oxirgi ganlari shohning kayfiyatini ko‘tarib yubordi: "ruhi poqdomonlarg‘a ko‘rinush berib..."
Hanuz hayrat og‘ushiga cho‘mgan Shayx Bahlul esa nimanidir xayoli bilan band.
- Ha, ustozimning, - dedi oxiri ko‘zlari chaqnab, - hozir Farhod va Shirin haqinda bitqon bir bayti yodimg‘a tushmush.
Shayx Bahlul Alisherni shikordan qay holda qaytgan holatini bayon qilarkan:
- Keliboq ushbularni yozg‘onini va erta tong xontaxta ustini tartibg‘a kelturayotib o‘qib erdim:
Yozib jon mushafidin ikki oyat,
Debon Farhodu Shirindin hikoyat...
Boyqaro Pirga ma’noli qararkan, xayol daryosiga g‘arq bo‘ldi: "Hm-m, shikordin bosh tortub, turli vaj-karsonlar ko‘rsatmog‘ining boisi shul erkan-da..."
- Kecha ersa, - yana so‘z boshladi Shayx Bahlul, - ustozim bir zarurat yuzasidin tashqarig‘a chiqqonida ijodxonasini yig‘ishtirub, supurmoq uchun kirg‘on erdim. Xontaxta chetidag‘i bir parcha qog‘ozg‘a bitilgon ushbu:
- Qalamkim rahnavardi tez taqdur,
Azaddin manzili favqul - falakdur,
baytini o‘qib, tamom hayratqa botdim.
- Oh Alisherbek! Allohning suyg‘on bandasisiz!
Pirning ko‘zlariga yosh sizib keldi.
- Ko‘rdingmu yigit?! — ta’kidladi Boyqaro, — biz bandai mo‘minlar biroz g‘ofilmiz-da... G‘ofillig‘ingdin ko‘rg‘onlaring haqinda noqis xayolg‘a bormushsen! Gar ehtiyotsizliq qilg‘oningda bormu, Alisherbek ko‘ngluni ranjitib qo‘yg‘on bo‘lur erding! So‘ng ko‘zig‘a qay yuz bila qararding?!
- Ul kibi nomaqbulliqdin Xudo asrasun, shahanshohim! - Shayx Bahlul yer o‘pib, uzr so‘radi.
- O‘g‘lim, - Pir asta so‘z boshladi, - sen o‘qig‘on satrlar mazmuni shuni aytib turibdurkim, qalam bir chopqir otdur. Ha, shundayin bir chopqir otki, uning joyi azaldin falakning ustidadur. Ul uchqur otning chavandozi ersa Alisherbek bo‘lub, aning uchun kuch-quvvat ilhom ato etadurg‘on "Ilmi g‘ayb"din erkani bu sirdir. Ha, ul sirlar ichida eng nodir, eng buyuk olmos sirdir.
- O, Pirim, - Boyqaro bosh egib, qo‘lini ko‘ksita bosdi, — koshifi asror mutabahhirsiz, hazratim.
- Alisherbek, farishtayu maloyikalar olamig‘a oshiq. Alarning ko‘magida "Xamsa"day bir ulug‘ kitob yaratayotqonidin voqif bo‘ldilaring‘izkim, bul olmos sirning yechimig‘a dalildur.
- Tasanno Pirim! Tasanno!
Shayx Bahlul sassiz bosh egib ta’zimlandi.
- Hazratim, - o‘rtaga cho‘kkan sukunatni buzib, so‘z boshladi Boyqaro, — kecha Alisherbek xonasida ko‘rg‘onlarim va ul bila suhbat asnosida do‘stimni yanada chuqur ashlag‘onim holda ushbularni bitib erdim.
Pir o‘qing, degan kabi bosh irg‘adi. Boyqaro shavq ila o‘qishga kirishdi:
— Erur so‘z mulkining kishvaristoni,
Qayu kishvaristoni, Xisrav nishoni.
Dema Xisrav nishonkim, qahramoni,
Erur gar chin desang sohibqironi.
- Alisherbek haqinda-ku? - hayajonlanib dedi Pir, - ... erur so‘z mulkining sohibqironi, ...Alisherbek istiqbolig‘a ishorat. Nihoyatda go‘zal, ta’sirli chiqmush, ofarin olampanoh!
- Qulluq hazratim.
"Ustozim iste’dodig‘a berilg‘on baho, - o‘yga toldi Shayx Bahlul, - go‘zal hamda nodir bayt chiqmush...".
- Alisherbek ijod paytinda muhabbat jomini farishtalar ila sipqorar erkan, demak, yer yuzidag‘i go‘zallarni ham farishtamisol tavsiflaydur. Shuning ila uning beqiyos, benazir ash’oru dostonlari bir jahon ersa, Alisherbekning o‘zi bir jahondur.
Ha, azizlarim! Uning farishtayu maloyikalar berg‘on ilhomi ila topqon kamoloti jahon ahlini oxiratqacha hayratqa solib o‘tqay! Olampanoh! Alisherbek so‘z mulkining sohibqironi deya tavsif aylamushsiz, tahsing‘a loyiq bahodur! Ha, albatta Alisherbek abadul-abad malik shuaro bo‘lub qolg‘aydur!