“Buxoroda ikki imom bo‘lgan ekan.
Deylik, Mulla Badriddin bilan Mulla Sadriddin.
Ular biri-birini otishga o‘qi, so‘yishga pichog‘i yo‘q — shunaqangi dushman ekan. Bunga sabab, Mulla Badriddin yengiltak, nodon, Mulla Sadriddin aksincha, bosiq, dono ekan.
Tasodifan qaysidir xilvat joyda Mulla Badriddin zino qilishda ayblanib, uni ham, yonidagi ayolni ham zindonga keltirib tashlashibdi. Ertasi kuni Qozikalon hukm chiqarishi, bularga toshbo‘ronmi, sazoyi shaklidami — o‘lim jazosi berilishi muqarrar holatga aylanibdi.
O‘sha kuni bu xabar butun Buxoroga tarqalibdi. Mulla Sadriddinning ham qulog‘iga yetib kelibdi. U darhol yillar davomida yiqqan uch-to‘rt tangani xaltachaga solibdi. Mulla Badriddinning uyiga kelib, xotiniga:
— Tez paranji yopinib bu yoqqa yuring, — debdi.
Zindon eshigida to‘xtab, zindonbonga:
— Mana shu zaifa imomning xotini. Behayolar yuziga bir marta tupurib chiqmasa, tutab yotibdi, — deb xaltachani uzatibdi.
Qisqasi, paranji ichidagi xotin ichkari kirib, begona ayol paranjida zindonni tark etibdi. Keyingi kun ishni tekshirgan Qozikalon:
— Mullaning yonida o‘z nikohidagi xotini ekan! Bu holda jazo berolmaymiz! — degan hukm bilan “qo‘lga tushgan”larni qo‘yib yuboribdi.
Mulla Badriddin bosh egib, Mulla Sadriddinning huzuriga kelibdi.
— Sen meni o‘limdan, muhimi malomatdan qutqarding. Biz dushman edik. Nega bunday qilding, tushunmayapman, — deb so‘rabdi.
Mulla Sadriddin unga o‘ychan tikilibdi:
— Senga o‘lim kam. Men seni malomatdan qutqarganim yo‘q! Sening kasringga xalq bizning hammamizdan yuz o‘girardi. Men imom degan nomni malomatdan qutqardim!”
* * *
“Eski shahar bog‘i”dagi choyxonada bir sinfda o‘qigan, har xil kasbdagi uch-to‘rt og‘ayni goh-goh to‘planib, oshxo‘rlik qilishar edi. Uchragan bitta-yarimtani boshlab kelishganidan, ayrim paytlar davra kengayib ketar edi. Kulishib, hordiq chiqarib uy-uyga jo‘nashardi.
Odatdagi shunday davraga oldin “tish do‘xtiri” bo‘lgan, endi sog‘liqni saqlash bo‘yicha idorada ishlayotgan gavdali-yo‘g‘on kishi qo‘shilib qoldi. Sinfdoshlardan Adabiyot muallimi Shavkatga avvaldan uning ismi Kalon ekanligimi, o‘zini tutishida ham sal kalondimog‘lik borligimi — “nimadir” yoqmadi. Bunday holatda bir kun bo‘lmasa-bir kun orada bexos charxga pichoq tekkandek, o‘t chiqadi. Dushmanlik paydo bo‘ladi.
O‘sha gal sinfdoshlar to‘planadigan davrada yot kishi ayniqsa ko‘paygan edi. Lekin bunga hech kim e’tibor bermay, shirin suhbatlashib o‘tirishardi. Shavkat Buxoroda o‘tgan turkigo‘y (ozroq forsiy merosi ham bor) bir shoirni eslab, uning:
Otashingdan kuymadi
ustim mening yoki barim,
Telba ummon ustida
uchmoqdadir xokistarim, —
deb boshlangan g‘azalini o‘qib berdi. Ko‘pchilik zavqlangandek bo‘ldi. Shu payt g‘isht qolipdan ko‘chdi. Haligi Kalon kulib:
— U bizning ko‘chamizda yashagan. Eshitganman! Bu odam hangi edi... — dedi.
Yayrab o‘tirgan davrada g‘alati holat ro‘y berdi.
Kim o‘zini qanday tutishini bilmayotgan edi.
Agar Shavkat adabiyot muallimi bo‘lmasa, ahmoq gapni balki qulog‘i ostidan o‘tkarib yuborardi. Mabodo Kalon shoirni “oz-moz sho‘xlik qilgan”, hatto “ayollarni yoqtirib, egri yurgan” desa, bunga ham Shavkat tishini-tishiga bosib chidardi. “Hangi” degan og‘ir so‘zdan birov yuziga tarsaki tortgandek qizarib, miyasiga qon quyuldi.
Albatta, o‘tgan-o‘tmagan barcha shoir (yozuvchi)ni bir qarichda o‘lchash qiyin. Avliyo-anbiyolardan tashqari, bandaga xos ojizliklar ularda ham bor. Yana aytaversa, bu toifa ichida qadimdan shoir (yozuvchi) degan nomni (dono imom singari) yuksak tutganlar qancha uchrasa, nomunosib yurgan (nodon imom singari)lar ham shuncha topiladi... Adabiyot muallimi-chi?! Unga bag‘ishlangan va ayni shu nom berilgan o‘nlab kitoblardagi hikoyalarda u ham goh ko‘rkam, goh xunuk tasvirlangan. Ana, bir ulug‘ adib “qahramon”i “sigirni hayvon” deydi. Yosh qarindoshi tushunmagan allambalolarni valdiraydi. (To‘g‘ri, bechora yozuvchi “to‘ra”larni tanqid qilolmay, Adabiyot muallimi, deb atab qo‘ya qolgan). Aslida, Adabiyot muallimi bunaqa emas. Boshqa fandan dars beradigan o‘qituvchilar aksar undan xayolparastligi, soddadilligi uchun kulib yurishadi. Ba’zan o‘zini mag‘rur, ba’zan o‘zini xokisor tutganidan, uni kamsitib, unga bepisand qarashga urinishadi. Adabiyot muallimlari orasida atrofdagilardan farq qilmaydigan, umrida kitob o‘qimagan kishilar ham ko‘rinadi. Ammo aqlliroq, ruhi tozaroq bo‘lganidan, maktablarda ular asosan, boshqalardan “bir kalla” yuqori turadi... Qisqasi, birinchi navbatda, muhim vazifani bo‘yniga olgan iymonli shoir (yozuvchi)lar o‘zi (dono imom singari) qaysi dargohga kirganini bilmaydigan sulloh “qalam ahli”dan Adabiyot degan muqaddas So‘z, Adib degan nomni himoya qilishga, malomatdan qutqarishga majbur. Adabiyot muallimi esa bu ishda ularning yonida turishga mas’ul. Yo‘qsa, darsxonaga kirib, ko‘zi ochilmagan o‘quvchiga nimani ham o‘rgatadi?!
Shavkat — oriq-ozg‘in, ko‘rimsizgina yigit, ajabki, kuchli ehtirosga, burgutdek shiddatga ega edi. U:
— Ey sen, og‘zingga qara! — dedi Kalonga sensirab. — U odam oldida sen soyadek bir narsa...
Kalon ham qizishib bir narsa degan edi, Shavkat oldidagi piyolani choyi bilan uning basharasiga otdi.
— Og‘aynilar, — dedi do‘stlariga. — Yoki har kim bu davraga kirmasin, yoki bunaqa davrani yig‘ishtirib qo‘ya qolaylik!
Shunday deb, laganda osh kelayotganiga ham qaramay, o‘rnidan sapchib, davradan etak silkib chiqib ketdi.
U ajdodlardan bir shoirni malomatdan qutqargan edi.