OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Omon Muxtor. Shuhrat domla (esse)

Qo‘limda Shuhrat domlaning 1984 yilda olingan bir surati... Yuzida, ayniqsa, ko‘zlarida shunday azob-iztirob muhrlanganki! Ishonmaslik mumkin, hatto qalin tugik qoshlari uning og‘ir ichki holatini aks ettirgan.
Jussasi yirik, odatda, ishonch bilan ko‘ksini mag‘rur ko‘tarib bosiq, dadil yuradigan bu kishi yoshi oltmishdan o‘tib yetmishga borayotganida, shu Shuhrat akami, deydigan darajada bexos cho‘kib, charchab qolgan edi. U yana o‘n yildan ko‘proq yashasa-da, o‘shandayoq bir umrlik uqubatlar natijasida sog‘ligiga putur yetib, umr shami so‘na boshlagandi. Xasta jismini domla, keyin ma’lum muddat “tashib” yurdi, xolos.
Surat menga eslatdi... O‘sha yillar orasi bir kuni, Shuhrat aka xalq yozuvchisi bo‘libdi, degan xabarni eshitib, tabriklagani Oloy bozorining orqa tarafida, 2-tramvay yo‘lida joylashgan uyiga bordim. Uyda, dasturxon atrofida oqsoqol yozuvchilar — Hakim Nazir, Rahmat Fayziy, Turob To‘la, Asqad Muxtorlar o‘tirishardi. Dam o‘tmay, Hamid G‘ulom, Said Ahmad akalar kelishdi.
Kelib-ketayotgan ko‘p edi. Lekin men ustozlar suhbatini qizg‘anib sal tutildim. Butun adabiyot ahli Shuhrat akaga yuksak unvon berilishini anchadan buyon kutayotgandi. Uning o‘zi ham... Men, Shuhrat domlaning tengdoshlaridan yoshi kichik, xizmati kam ijodkorlargacha bu unvonga sazovor bo‘lishgani-yu, yozuvchi ham ojiz banda, e’tiborga muhtoj ekanligi, davr notantiligini hali tushunmay, hozir shu unvon Shuhrat akaga shart ekanmi, deb o‘ylar edim. O‘sha kuni tushundim... Domlaning yuz-ko‘zida sevinchdan ko‘ra ko‘proq qanoat ifodasi bor edi. Yana uning qiyofasida taskinga o‘xshash kayfiyat sezilardi. Gap shundaki, Shuhrat aka uchun bu unvon — bir umr halol yashab, ishlab, turli “o‘yin”lar tufayli Sho‘rodan nuqul dakki yeb, jafo chekkan kishining “oqlanish”i edi.
U bokschilarga o‘xshab qo‘llari ko‘ksi qarshisida musht bo‘lib tugilgan, ular goh-goh titrayotgan holatda, bir joyda o‘tirolmay hadeb o‘rnidan turib, o‘g‘illari shu yerda, xizmat qiladiganlar yetarli bo‘lganiga qaramay, o‘zi ham shaxsan nimadir qilishi kerakdek kuyunayotgan edi.

* * *

Shuhrat akani elliginchi yillar oxiri — oltmishinchi yillar boshlanishi, talabalik davrimdan bilardim. Dastlab u haqda eshitganimiz, yaqinda qamoqdan qaytgan yozuvchi, deyishardi... Eski san’at muzeyi binosi pinjida bir qavatli mo‘‘jaz imorat tiklangan, bu yerda “Yosh ijodkorlar klubi” tashkil etilgan edi. Erkin Vohidov, Husniddin Sharipov, Gulchehra Jo‘raeva, Razzoq Abdurashid, rahmatli Xayriddin Saloh, Yusuf Shomansur, Aziz Abdurazzoq, Anvar Eshonov, O‘ktam Usmonov va boshqalar hafta-o‘n kunda bu klubdagi mashg‘ulotlarda qatnashishardi. Mashg‘ulotlar, asosan, taniqli adiblar bilan uchrashib, ularning hayot va ijod tajribalarini o‘rganishdan iborat edi.
Bir gal ustoz Mirzakalon Ismoiliy bilan uchrashganimizni eslayman.
Ikkinchi gal Shuhrat domla bilan.
Hech unutmayman, Shuhrat domla:
— Shohning dushmani shoh, gadoning dushmani gado ekan, — deb so‘zini xalq iborasi bilan boshlagan. U ochiq-oshkor shaxsga sig‘inish siyosatining odamxo‘rligini aytib, o‘ttizinchi yillar ilk qatag‘on shamoli xurujiga uchrasa-da, qutulib qolgani, ammo urushga borib qon kechib qaytganidan so‘ng, yangi ko‘tarilgan shamol uni nohaqlik, birovlarning tuhmati oqibatida “uchirib” ketganini burro tilda, allaqanday yonib-jo‘shib gapirib bergani ham yodimda. Domla “shoh” va “gado” to‘g‘risidagi iborani boshqa ibora — zolimlar “pichoqning sopini o‘zidan chiqargan”, degan ma’noda keltirganini biz yoshlar uncha tushunmaganmiz. Keyin tushunib yetdim.
Yillar davomida bot-bot menga Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon, Usmon Nosirlar qamab yo‘q qilingach, ularda bo‘lgan xalq, millat ruhi “uzilib” qolgan, so‘ngandek tuyulardi. Ulg‘aya boshlab his etdim. Bu ruh ustoz Oybekda “davom” etib saqlangan ekan. Yana domla To‘xtasin Jalolov bilan Shuhrat domlada! Bular ikkisi — boshqa adiblarni aytolmayman, bilmayman — qamalganda ham shu ruh, xalq, millat uchun qamalgan... Shu o‘rinda aytay. Umuman, To‘xtasin aka bilan Shuhrat akani ajabki, bir necha “nuqtalar” yaqinlashtiradi. Bular ikkisining ham afti-angorida ko‘rgan birovda ishtiboh tug‘ilmaydigan olijanoblik barq urardi. Ikkisi ham atrofdagilarga yoshi, mavqei emas, odamiy xislatlariga qarab baho berardi. Jismi-jonida ma’rifat nurini tashigan va shiddatli qaysarlik bilan himoya qilgan g‘ayratli, jasur kishilar edi. Faqatgina o‘ylagani, bilganini, mehribonlik, xayrixohlik bilan, sal hayajonlanib, biroq erkakcha qat’iy gapirardi. Davr kamsitgan bu insonlarning odamlar orasida obro‘-e’tibori katta edi.

* * *

Shuhrat aka bilan yaqindan tanishib (u, keyinchalik men ham ko‘p yil ishlagan) “Sharq yulduzi” jurnali redaktsiyasida, adabiy davralaru yig‘inlardan tortib Navoiy ko‘chasidagi Mahmud akaning choyxonasigacha — har yerda, har xil sharoitda ko‘rishib yurib, bir kuni uning aytgan gapi xotiramda qattiq o‘rnashib qolgan.
— Hayotda inson har narsaga chidarkan. Chidashi kerak ekan! — degan edi Shuhrat aka. — Urushda qatnashganlar necha soatlab sovuq xandaqda o‘tirganini eslashadi. Xandaq nima?! Bir gal tun bo‘yi botqoqda tik turganmiz. Suv bo‘lsa go‘rda edi, bo‘g‘zimizgacha balchiq-loy, kishini ana-mana domiga tortib yutadigan holat...
Shuhrat domlani hayotdagi mashaqqatlar, kulfatlar o‘zi mard, matonatli qilib tarbiyalagan edi.
Adiblar orasida Shuhrat aka darajasida yoshlarga beminnat-beg‘araz mehribonlik ko‘rsatgan kam topiladi. Ijoddan boshlab hayotdagi jumboqlargacha unga bemalol suyanish, dardingni aytish, maslahat olish mumkin edi. Har qadamda, birovni ajratmay barcha yoshlarni qo‘llab-quvvatlar, izchil kuzatib borar, gohida ozor yetkazmay nasihat ham qilar edi.
— Kitob o‘qishga erinmanglar. Katta kitoblarga og‘rinib-zerikib qaramanglar, — degan edi bir kuni. — Men urushni ko‘rgan kishi “Shinelli yillar”ni yozishdan oldin baribir “Urush va tinchlik”ni to‘rt marta o‘qib chiqqanman. Adabiyotni o‘rganmay qo‘liga qalam olishning ma’nosi yo‘q.
Ko‘pincha yonida to‘planib qolganimizda, yoshlar qatnashgan yig‘inlarda:
— Bir-birlaringni suyanglar, asranglar, bir-birlaringga yordam beringlar. Eslaringda tursin! — deb ham nasihat qilardi.
Uning o‘zi iqtidori, mavqei, fe’l-atvori turlicha katta va tengdosh adiblarning barchasi bilan bir xilda, yaxshi munosabatda bo‘lardi... Vali G‘afurov Shuhrat akadan jilla yosh (to‘rt yosh kichik), lekin urushda qatnashib ko‘zini yo‘qotgan kishi edi. To‘la ishonch bilan aytamanki, agar Shuhrat aka “Vafodor” romanini jiddiy tuzatib-tartibga solib, “Igna bilan yozilgan roman” deb atab “Sharq yulduzi” jurnalida bostirmasa, Vali aka yozuvchi bo‘lib tanilmas edi. Bu adibga e’tibor berib, mehr ko‘rsatish menga Shuhrat akadan “yuqqan”.
Yoshi ulug‘ avlod-chi? Abdulla Qahhordek hayotga, ijodga talabchan kishi, ehtimolki, bu gaplarni bilganidan, umrining so‘nggi kunlarida boshqa biron adib emas, Shuhrat domlaga ishongan, suyangan edi.

* * *

Ba’zan adabiyotshunoslarga keskinroq e’tiroz bildirgan paytlarim bo‘ladi. Bundan men bu adabiyot zahmatkashlariga yomon ko‘z bilan qarayman, degan xayolga bormaslik kerak. Ustoz Hamid Sulaymonni ko‘rganim, ozgina so‘zlashib, menda shubha uyg‘otgan, tariximiz, jumladan, adabiyot tarixiga tegishli savollarga javob olganimni baxt deb bilaman. Bu ulug‘ inson menga olislanib borayotgan tog‘dek tuyuladi. Ustoz Izzat Sultonni — bevosita domlam Matyoqub Qo‘shjonov uzoq davr birga ishlaganidan — doim ko‘rib turar, bu odamning har bir so‘zini “tarozida tillaga teng” tortgim kelardi. Ustoz Abduqodir Hayitmetov bilan bir oz qadrdonligim bor edi, suhbatlaridan bahramand bo‘lgan, goho birga non-tuz totganman. Olimning umri oxirida “shunchaki havas” deb yozgan hayotiy g‘aroyib hikoyalari nashr etilishida ishtirokim bo‘lganidan mamnuniyat sezaman. Ustoz Ozod Sharafiddinov qo‘lida o‘qiganim, shogirdlaridan bo‘lganimdan faxrlanaman... So‘zni davom ettirib, yana aytishim shart. Ustoz Aziz Qayumovni har gal uchratganimda, bag‘rim qandaydir nurga to‘ladi. Betakror bu samimiy, xokisor inson timsolida adabiyotga chinakam shaydolik va bu tufayli butun hayotga oshuftalikni ko‘raman. Ustoz Suyima G‘anieva opamizga hurmatim cheksiz. To‘ra Mirzaev, Naim Karimov, Umarali Normatov, Abdug‘afur Rasulov, Yo‘ldosh Solijonovni, yoshlari mendan juda katta bo‘lmasa-da, domlalar qatoriga qo‘shaman. Mendan sal kichik yoshdagi Baxtiyor Nazarov, Ibrohim Haqqul, Suvon Meli, Qozoqboy Yo‘ldoshev, Nurboy Jabborlarni faqat qadrlab qolmay, o‘zimcha bir oz yaxshi ham ko‘rib yuraman.
Gap Shuhrat domla ustida borayapti.
Ko‘rkam olimlari bo‘lgan bir yurtda u qamoqdan qaytgach ham tugal himoyaga olinmagani (buni olimlar eplasholmagani) nima — beparvolikmi yoki “bir yoqadan bosh” chiqarolmaslikmi? Tushunmayman. Davrni ayblash, gunohni to‘nkash oson. Lekin buyuk Alisher Navoiy zamonidan, balki ilgariroqdan kelgan — ijodkor mehnatiga hurmat, uning hayotdagi o‘rnini bilish, yozganlarini anglashga urinish, lutf so‘nggi asrlarda yo‘qolib ketgani faqat davrga bog‘liq emas, asriy jaholat belgisidir. Mumtoz adabiyot tadqiqotiga nisbatan so‘nggi davr adabiyotiga baho berish (ayniqsa, Mustaqillikka erishguncha) ancha orqada qolgan, sayoz, aksar yolg‘onchi, adolatsiz va shafqatsiz namoyish kasb etgani menga alam qiladi. Sho‘ro davrida shakllanib “adabiy tanqid”ga aylangan adabiyotshunoslik HALOL va HAROMni ajratmaslik holiga tushgan edi. Ayrim adabiyotshunoslar to hamon hayot va adabiyotning aniq (real) manzarasini chizishga qobil emas ekan, bu — Kechagi ruhiy kasallikning asoratidir.
Shuhrat akaning she’rlaridan “Jannat qidirganlar”, “Oltin zanglamas” singari romanlarigacha — qaysi asari bosilmasin, albatta, biron adabiyotshunosning (himoyat qayoqda, aksincha) o‘z tazyiqini o‘tkazgancha, “aql o‘rgatib” pisillagani har qachon mening g‘ashimga tekkan. Ana, esimda, domlaning she’rlari bir gal bosilganida qaysidir adabiyotshunoslar “soch oqi haqida she’r ko‘p” deb ayb qidirishgan. “Badiiy mahorat” bobida uni “tarbiyalash”ga urinishgan. Bunday “olim”lar Shuhrat aka uchun “soch oqi” umrning zoe ketganidan O‘KINISh ramzi ekanligini tushunmaydi-da! Bu kichik bir misol... Adabiyot “nonini yegan” olim yozuvchining hayoti, qismati, yashagan muhitdagi sharoit, imkoniyatni o‘ylashi kerak.
To‘g‘ri, qamoqdan qaytganidan keyin, u tez va ko‘proq yozishga uringan. Bunga sabab, hayotidagi bardam yillar sovurilganidan, uning xayolida birgina ULGURISh degan so‘z turar edi.
Men aytmoqchiman, shu davrda Shuhrat domla urush va qamoq davridan kam azoblangani yo‘q. Bir tomondan, boshingdan kechirganingni qayta “yashab”, yozish mashaqqati. Ikkinchi tomondan, mehnating qadrsizligi, hujumlar. U bitta-yarimta “yaqinlar”ni aytmaganda, doim o‘zi-o‘zini himoya qilishga majbur edi.

* * *

O‘sha, unvon tekkan kun bir necha yozuvchilar safida, nihoyat, Shuhrat domlaning uyidan ko‘chaga chiqdim. Asr bilan shom orasi edi. Hamrohlarimdan birov:
— Shu pallaning nomi nima? Bilasizlarmi? — deb so‘radi va darhol o‘zi javobni ham aytdi: — Zavol payti...
Ko‘chada yolg‘iz qolgach, xayolga botganimcha bu gapga ramziy ma’no berib, qodir Xudodan yurtimiz, xalqimiz hayotida, qachondir tarixda qalqib, uzoq hukm surgan qaramlik, johillik, parokandalik (“pichoqning sopini o‘zidan chiqarish”) mangu barham topishini tiladim.
Yana qodir Xudodan yurtimiz, xalqimiz hayotida hech qachon zavol payti bo‘lmasligini tiladim...

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.